OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMaqsud Qoriyev
Asar nomiQaldirgʻochlar bahorda keladi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Maqsud Qoriyev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm8KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/17
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qaldirgʻochlar bahorda keladi (hikoya)
Maqsud Qoriyev

Bu voqea Toshkentda yer qimirlagan oʻsha dahshatli unutilmas yilda boʻlib oʻtgandi. Biz, yer qimirlashning qoq markazida, mashhur Qashqar mahallasida istiqomat qilardik. Yuz bergan tabiiy ofat tufayli uyimizning hamma yogʻi buzilib-yorilib ketib, bunday qaraganda xonalar but-butun turgan boʻlsa-da, lekin yashash uchun mutlaqo yaroqsiz holga kelib qolgandi. Yaxshiyam, baxtimizga oʻsha kezlari iliq-issiq kunlar boshlanib ketdi, chodir tikib hovliga chiqa qoldik.

Albatta, odatdan tashqari bunday yashash sharoiti romantikaga ishqiboz bolalarga juda qoʻl keldi. Ayniqsa, koʻch-koʻronlarimizni yigʻib hovliga chiqib olganimiz qizimiz Nodirada alohida qiziqish uygʻotdi. Lekin qizigʻi shundaki, endigina oltinchi sinfga oʻtgan, har turli sarguzasht hikoyalarga qiziquvchi, biror gap boʻlsa tagiga yetmasdan tinchimaydigan bu sersavol qiz avvaliga hazil-huzul qilib yurdi-yu, keyin el boshiga chinakamiga katta tashvish tushganligini tushunib, oʻzini xuddi kattalardek jiddiy tutadigan boʻlib qoldi. Buning boshqa sabablari ham bor ekanki, unisi bizga keyin ma’lum boʻldi.

Esimda, uyimizning oʻrtadagi katta xonasining shiftiga qaldirgʻochlar uya qoʻyishgandi. Bu ajoyib qushchalar har yili bahor faslining ma’lum kunlarida biznikiga uchib kelishar, oʻzlari qurgan inlarining u yoq-bu yogʻini «tuzatib», keyin oʻsha uyada yoz boʻyi bemalol «istiqomat» qilishardi. Biz butun oilamiz bilan qaldirgʻochlarga judayam oʻrganib qolgandik, ayniqsa, yakka-yu yagona qizimiz Nodira ularni juda sevar, bahor boshlandi deguncha qaldirgʻochlar kelishini orziqib kutardi. Ba’zan qish choʻzilib ketsa, kechikib qolayotgan vafodor doʻstlarini qoʻmsab, havoning tezroq yurishib ketishini oʻzicha iltijo qilardi. Yer qimirlab, hamma narsa hovlida ochiq-sochiq yotgan, oilada besaranjomlik hukm surgan bir sharoitda Nodira oʻz qaldirgʻochlarining taqdiri haqida oʻylayotgan boʻlsa ham ajab emas.

Mana, hamma narsani qish uyqusidan uygʻotib, elga olam-olam gul, chechak, goʻzallik hadya etib koʻklam boshlandi. Bahor uchun turli tabiiy ofatlar, yer qimirlash degan narsalar baribir, aloqasizdek...

Bir kuni tong bilan toʻsatdan bahor jarchilari — qaldirgʻochlar ham paydo boʻlib qolishdi, goʻyo xonadonimiz toʻlib ketgandek, boshimizdagi tashvish biroz boʻlsa ham kamaygandek tuyuldi bizga. Nodiraning esa quvonchi cheksiz edi.

Qaldirgʻochlar kela solib shoshilgancha oʻz xonalariga kirib ketishdi, keyin tezda qaytib chiqib nimalardir deb chugʻurlasha boshladi. Goho eshikdan, goh ochiq derazadan kirib, butun xonada girdikapalak boʻlib aylanishar, nima uchundir bezovta boʻlib vijirlashardi. Xullas, oʻzaro «muhokama» bir necha daqiqa davom etdi-da, keyin qaldirgʻochlar birpasda qayergadir gʻoyib boʻlishdi, xonadonga jimlik choʻkib, hamma yoq suv quygandek huvillab qoldi.

Biz, qaldirgʻochlar tezda qaytib kelar, deb oʻyladik, ammo bir necha daqiqa oʻtgan boʻlsa-da, ulardan darak boʻlmadi. Nodiraning ruhi tushib ketdi, quvonchi tugab, koʻngli buzildi. Axir, shuncha yillardan beri bir xonadonda turib, bir-birovlariga oʻrganishib qolgan vafodor «doʻstlari» ketib qolgandi-da. Qiz qalbi ezilib, ginaxonlik qilgandek ham boʻldi: «Nahotki, boshimizga tashvish tushib, uylarimiz buzilib yotgan sharoitda qaldirgʻochlar bizni tashlab ketishsa», oʻyladi Nodira. Oshxonada ovqat tayyorlayotgan onasining yoniga borib, arz-dodini ayta ketdi:
— Oyijon, menga qarang, axir endi nima qilamiz-a, qaldirgʻochlar ketib qolishdi-ku...
— Voy qizim-ey, qayerga ham ketishardi, hozir qaytib kelishadi, — dedi onasi beparvo.
— Yoʻq, kelishmaydi, soʻzlashganlarini oʻzim eshitdim... — qizming gapiga onasi birdan xandon tashlab kulib yubordi:
— Voy qizim tushmagur-ey, gapiga qarang-a, qaldirgʻochlar soʻzlashgan emish. Xoʻsh, ularning gaplarini qanday tushunding?
— Tushundim-da, oʻzim bilaman, ilgarigi yillardagidan ancha boshqacharoq chugʻurlashdi. Bilasizmi, oyijon, ular juda bezovta boʻlishdi, ha, ishonavering...
— Uylarimiz ahvolini koʻrib achinishgandir, qushlar juda ham sezgir boʻlishadi.
— Balki shundaydir...

Shu vaqt qaldirgʻochlar qaytib kelib qolishdi. Endi ular uyga kirmay, ayvonda aylana boshlashdi. Keyin bilsak, ular oʻz rejalarini oʻzgartirib, uy masalasini boshqacharoq hal etishgan ekan. Katta tashlab, birdaniga ayvonnirig shiftiga in qurishga kirishib ketishgandi. Qarabsizki, «qurilish» ishlari tez sur’atlar bilan boshlanib ketdi, mohir «quruvchilar» charchash nimaligini bilmay, tong sahardan to kech qorongʻisigacha tinimsiz ishlashardi, arxitektor ham, quruvchi ham, shuvoqchi ham oʻzlari... Qaldirgʻochlarning shunchalik jafokash, mehnatkashligiga tahsinlar oʻqiysan, kishi. Xullas, jafokash qushlarning igna bilan quduq qazigandek, oʻz uylari poydevorini asta-sekin qurayotganliklarini doimiy kuzatib borayotgan Nodira tabiiy ofatdan chetda qolmagan qushlarga rahmi kelar, «imorat»ning tezroq bita qolishini orziqib kutardi.

Shu orada shahar markazida moskvaliklar barpo etgan koʻp qavatli yangi uy binosi bitdi-yu, bizga undan uch xonali kvartira berishdi. Nima ham qilardik, blr necha yillardan beri yashagan, yoshlik yillarimiz oʻtgan qadrdon xonadonimizni tashlab ketishga toʻgʻri keldi. Yangi uyga koʻchib ketayotgan boʻlsak ham, harholda, yuragimiz uyushdi, ayniqsa, Nodira judayam boʻshashib qoldi. Hamma-hamma bilan-ku, qiz tushmagur: «Qaldirgʻochlar nima boʻladi», — deb turib oldi.
— Jon adajon, qaldirgʻochlarni yangi uyga olib ketaylik, — deb koʻziga yosh oldi.
— Oʻzing koʻrib turibsan. Ular uy qurishyapti, shu yerda yashashlari kerak, — dedim uni yupatib.
— Axir biz ketsak, quruvchilar uyni buzishadi-yu, unda shoʻrliklar nima qilishadi?

Nodirantng savollariga javob bera olmaymiz, keyin yana uni yupatishga harakat qilamiz:
— Uy hali-beri buzilmaydi, ungacha qaldirgʻochlar bemalol bola ochib, ularni katta qilib olishadi.
— Hammasidan xabarim bor, qoʻshnimizning qizi aytdi, bu yerlarga katta imoratlar tusharmish, qishga qadar bitar emish!..
— Unday emas, harholda, kuzga qadar buzilmaydi.
— Mayli, kuzgacha buzilmasin deylik, xoʻsh, yanagi yil bahorda qaldirgʻochlar qayerga kelishadi?
— Koʻrib turibsanki, qaldirgʻochlar judayam aqlli qushlar, mana ular oʻzaro maslahatlashib, nurab turgan uyga kirmay bizni hovlida yashayotganimizni koʻrib oʻz inlarini ayvonga qurishdi, bas, shunday boʻlgach, yanagi yil bahorda yana qaytib kelishsa, albatta, oʻzlariga yarasha joy topib olishadi.
— Qayerdan topisharkin-a? — taajjublandi Nodira.
— Balki bizning koʻp qavatli uylarimizga borishar.
— Rostdanmi-a, adajon, qani endi shunday boʻlsaydi... — sevinib dedi Nodira.

Shunday qilib, oradan bir hafta oʻtgach, koʻchlarimizni ortib yangi uyga koʻchib ketdik. Eson-omon yangi uyga joylashib oldik. Keng, shinam qilib qurilgan, barcha sharoitlari, qulayliklari boʻlgan qutlugʻ xonadonimiz hammamizga judayam yoqib tushdi. Hayotimiz oʻz iziga tushib ketdi.

Kunlardan bir kuni Nodira bilan birgalikda ba’zi bir zarur mayda-chuydalarni olib kelish uchun Qashqar mahallasidagi eski uyimizga yoʻl oldik. Hovliga kirishimiz bilan men ham, Nodira ham ayvondagi qaldirgʻochlar qurayotgan uyaga qaradik. Qaldirgʻochlar yoʻq edi, biz avvaliga hovli oʻrtasida turgancha, qaldirgʻochlar «qurilish materiallari» tashiyotgan boʻlsa kerak, hozir kelib qolishar, deb biroz kutdik. Lekin qushlardan darak boʻlmadi, aftidan, ular «yangi uy» qurilishini chala qoldirib, allaqachon uchib ketishgandi...

Nodiraga qaradim, koʻzlarini yerga tikkancha sukut saqlab turardi. Nodira ham qarab turganimni bildi-yu, koʻzlaridagi namni bildirmaslik uchun yuzini chetga burdi. Ota-bola indamasdan huvillab yotgan boʻsh hovlidan tezda orqamizga qaytib chiqib ketdik. Nima uchundir yuragim uzilib ketgandek tuyuldi, koʻchib ketayotganda ham bunchalik xafa boʻlmagan edim...