OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMas’uma Ahmedova
Asar nomiVidolashuv (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Mas’uma Ahmedova
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm5KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Vidolashuv (hikoya)
Mas’uma Ahmedova

«
Yaqinimiz Sonya xolaning porloq xotirasiga bagʻishlayman.
»

Atrof jimjit. Hovlidagi daraxtlar kuzgi shabadada asta chayqaladi. Chorpoyaga tutash olma daraxtidan gʻarq pishgan olma yerga «tap» etib tushadi.

Chorpoya chekkasida omonatgina oʻtirgan xola bu ovozdan choʻchidi, soʻng oʻrnidan chaqqon turib, yerdan olmani oldi. Sap-sariq olma choshgoh quyoshi nurlarida tovlandi.
— Ha-a, dunyo deganlari shu ekan-da, — Oʻzicha soʻzlandi xola.

U bu bilan pishib yerga tushgan, shu bilan oʻz umriga nuqta qoʻygan olma haqidami yo umuman, hayot haqida gapiryaptimi, uni kuzatgan odam buni dabdurustdan anglolmasdi.

Bir payt chorpoya roʻparasidagi uy eshigi ochildi. Ostonada yigirma yoshlardagi qiz koʻrindi.
— Rixsi xola, kirarkansiz, buvim soʻrayapti¬lar, — dedi qiz horgʻin.

Xola eshik oldiga bordi. Shu yerda bir oz turib qoldi-da, soʻng shahd bilan ostonadan hatladi. Uy ichkarisiga kirdi.

Xonadagi sukutni tashqaridan kirib qolgan pashshaning gʻingʻillagan ovozi buzardi. Uy toʻriga qoʻyilgan katta sim karavotda, agar choyshabdan chiqib turgan qoqsuyak qoʻllar boʻlmasa, birov yotganligi ham sezilmasdi. Xola asta karavotga yaqinlashdi.
— Oysha, tuzuk boʻlib qoldingizmi?

Shunda bemor «yalt» etib keluvchiga qaradi. Uning chehrasidan dard azobi sezilmas, ich-ichiga choʻkkan moviy koʻzlari, bir burda boʻlib qolgan oqarin¬qiragan yuzlari osoyishta koʻrinardi.

Bemor boshini asta irgʻadi. Nimadir demoqchi kabi qoʻshnisiga yuzlandi.
— Rixsi...

Xolaning xotirasida olis yillar voqeasi jonlandi...
— Mening ismim Ayshe, — dedi qiz tabassum bilan.

Qiz baland boʻyli, yelkasida sargʻish sochlari mavjlanib turganga oʻxshar, moviy koʻzlari charaqlab, kishini oʻziga tortib turardi.

«Turobning xotini koʻhlikkina ekan», degan fikr oʻtgandi uning xayolidan ilk bora Oysha bilan tanishganida.

Ha, oʻshanda «Turob ota-ona roziligisiz qrim-tatar qizga uylanibdi, kelin oʻrtogʻinikida emish», degan gap tarqaldi. Esida, oʻshanda mahallada ozmuncha shov-shuv boʻlmagandimi, e-he...

Axiri kelin ham keldi. Kelinni koʻrmasdan, bilmasdan mahobat qilganlar axiri tinchidilar. U ham oʻzlari qatori bir inson ekan. Yoʻq, kelin bu hayotga tez koʻnikdi, eplikkina, pishiq-puxtagina chiqdi.
— Keldingizmi...

Xolaning beixtiyor xoʻrligi keldi.

Eshikda qorasi koʻrinishi bilan uni Oysha shu soʻzlar bilan qarshi olardi.

Eh-he, shu soʻzlarga u qanchalik oʻrganib qolgandi. Hayotda nimalar oʻtmaydi. Yuragi siqilsa, gʻam-tashvishlardan ezilsa, shu qoʻshnisi bilan dardlashardi... Ha, yana roʻparada bogʻ qoʻshnisi Rohila boʻlardi. Uchalasi birinchi bor qahva ichgandilar. Ichlari yayrab, miyalari tiniqlashganday boʻlgandi oʻshanda. Shu-shu, ular Oysha yanchib, qaynatgan qahvaga ham sherik boʻldilar. Qahvaga ham shu Oysha oʻrgatgandi ularni. Rohila ham rahmatli boʻlib ketdi. Keksalik ekan-da, burnogʻi yili shundaygina zinadan yiqilib tushdi-yu, oʻldi-ketdi. Parvardigori olam, kim nima sabab bilan bu dunyodan ketadi — Oʻzi biladi.

Keyin ularning davralariga qoʻshni qishloqdan mahallalariga koʻchib kelgan Mamlakat ham qoʻshildi. Juda shaddod edi-da, tushmagur. Toʻy, aza, boringki, biron ma’raka uningsiz oʻtmasdi. Barini tinchitardi, Xudo yarlaqagur. Rohila oʻgʻlini uylantirayotganida toʻyda erkakcha kiyim kiyib olib oʻynagandi. Rosa toʻyni qizitgandi oʻziyam. Oʻshanda toʻylar qiziq boʻlardi-da. Hozirgilarnikiga sira oʻxshamasdi.

Qahraton qish, sovuqdan tishlar bir-biriga tegib, takillaydi. Axir qishloqda toʻylar qishda boʻlardi-da. Sababimi? Sababi — qishloq ahli dehqon, yozning har lahzasi gʻanimat. Hosilni yigʻib-terib, keyin qishda oyoqni uzatib, bemalol toʻy qiladi-da.

Oʻrtada gurillab gulxan yonib turadi. Doʻmbira, childirma, karnay-surnay sadolari avjiga chiqadi. Oldidagi olov choʻgʻlari soʻnayozgan doʻmbirachi zoʻr berib doʻmbirasini chaladi, surnaychi qip-qizil lunjlarini shishirganicha, surnay chaladi. Odamlar sovuq qotganlaridan ham davradan chiqmay oʻynayverardilar, oʻynayverardilar... Ha, oʻsha toʻylarga yetadiganini koʻrmadi. Risolat ham ketdi Uch-toʻrt yil boʻldi. Xolaning koʻngli oʻksidi. Ha, ular ketdi. U negadir oʻzini yolgʻiz sezdi. Koʻziga yosh keldi. Mana, Oysha ham...
— Rixsi...

Xola oʻziga keldi. «Yalt» etib, bemorga qaradi. Bemorning koʻzlari olazarak boʻldi.
— Yaxshi-yomon gaplar oʻtgan boʻlsa...
— Ie, Oysha, sira unday demang, hali yaxshi boʻlib ketasiz, ha...

Xolaning yuragi orqaga tortdi, shosha-pisha shunday dedi. Bemor indamadi. Oraga sukut tushdi.
— Rixsi xola, buvim toliqdilar... — qiz uning yoniga sekin keldi-da, shivirladi: — Endi dam olsinlar...

Rixsi xola tizzalariga suyanib, oʻrnidan turdi. U dugonasidan koʻz uzolmay, arang eshikka yoʻnaldi. Jim-jit hovlini tark etdi.

...Tashqari shovqin edi. Bolalar oʻyindan zerikmay, uyoqdan-buyoqdan chopishadi, kimdir chekkada mashina tuzatadi, kimdir devorga mingashib olgancha paxsa uradi.
— Boʻl, loyni uzat! — deb baqiradi hamrohiga.

Oldi qish, kun gʻanimat. Koʻcha boshida, ariq chekkasida qoʻshni kelinlar tizilishgan. Ular turib olganlaricha bir-birlariga gap bermay nimalarnidir muhokama qiladilar, bahslashadilar.

Xolaning koʻngli birdan yorishdi, boyagi mahzunligi picha tarqadi. U, Rohila, Mamlakat, Oysha... ular ham shunday edilar. Shunday yosh, shunday shaddod...