OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMashrab Boboyev
Asar nomiTuproq hidi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Mashrab Boboyev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm8KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Kitob dunyosi», 2013 yil 13 fevral 3 (150)- sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Tuproq hidi (hikoya)
Mashrab Boboyev

Ahmadbek koʻchasiga burilib oʻn-oʻn besh qadam yurdi-yu, muyulishda oʻtirgan odamlarni koʻrib, toʻxtab qoldi. Qovjirab qolgan maysa ustida kiyim-boshi va yuzlaridan qishloqdan kelgani bilinib turgan ikki ayol bolalarini emizgancha bir-birlariga nimalarnidir tushuntirib, ularning oʻrtasida esa, yoz boʻlishiga qaramay kitel kiyib olgan bir erkak boshini egib, qoʻlidagi choʻp bilan yerni tirnab oʻtirardi. Ahmadbekning yuragi odatdagidek shigʻ etib ketdi, koʻngli nimagadir orziqdi.

U har doim muyulishda oʻtirgan odamlarni koʻrganda shu holga tushar, yugurib borib oʻsha odamlarni quchgisi, changga belangan kiyim-boshlarini yuz-koʻziga surtgisi kelardi. Toʻyib-toʻyib hidlagisi kelardi ularni. Ha, hidlagisi kelardi. Chunki, Ahmadbek belana-belana ulgʻaygan tuproq hidi kelardi ulardan. Ahmadbek koʻpdan beri shaharda yashar, qishlogʻiga juda kam borar, borganda ham mehmondorchilikdan boʻshamas, shuning uchun ham bu hiddan benasib edi. U mana shu ziyofatlardan qochib, yalangoyoq boʻlib tuproqli koʻchalarni changitib yurgisi, yosh bolalar bilan chillak oʻynagisi, qamishzor kanal boʻyidagi maysada agʻanab yotgisi kelardi. Kattakon, buning ustiga shaharlik, yana buning ustiga olim odamning bunaqa yurishini hamqishloqlar ayb bilishardi. Oldingdan oqqan suvning qadri yoʻq deganlaridek, shu qishloqdan boshqa joyda, ayniqsa, shaharda uzoq yashab koʻrmagan odamlarga tugʻilgan yerni sogʻinish hissi begona edi. Ahmadbek shunday ziyofatlarda siqilib oʻtirgan kezlarida talabalik yillarini katta bir armon, ogʻriq bilan qoʻmsardi. U paytlar butun yozni oʻzi istagancha oʻtkazar, u nima qilib yursa ham, odamlar:«Ha, student-da!», deb qarab, hech narsa deyishmasdi. Xullas, oʻz erki oʻzida edi. Endi esa...

Ahmadbek institutni tugatar yili kursdoshi Dilfuzaga uylandi. O’zini orli-nomusli deb oʻylaganidan, dangʻillama hovliga ichkuyov boʻlib kirishni istamadi. Bir rus kampirning hovlisidan ijaraga bir xona olib koʻchib keldi. Dilfuza oʻziga toʻq oilaning qizi boʻlsa ham, shaharda oʻsgan emasmi, pulning qadrini bilardi. O’ziga nisbatan sodda va qoʻli ochiq Ahmadbekni ham pulni misqollab topish va misqollab sarflashga oʻrgatdi. Nihoyat, Ahmadbek dissertatsiyasini himoya qilganidan bir yil keyin, ketvorgan boʻlmasa ham, oʻzlariga yarasha bir hovli sotib olishdi.

Ularning mahallasida mashhur vrach Salim Akbarovich yashar, unikiga butun respublikadan shifotalab odamlar kelib turishardi. Salim aka ancha koʻngli boʻsh odam boʻlib, ishdan horib-charchab qaytsa ham, uyiga umid bilan kelib oʻtirgan odamlarni haydab yuborolmas edi. Ahmadbek deyarli har kuni ishdan qaytayotganida Salim Akbarovichning tor koʻchasi muyulishida oʻtirgan yoki uning uyini qidirib yurgan odamlarni uchratardi. U bunday uchrashuvlarning birinchisidayoq allaqanday notanish bir hisni kechirgan, lekin buning qanday his ekanligini bilmagan, uning ismini topolmagan edi.

...Ahmadbek ishdan qaytayotgan edi. Bolali uch ayol, ikki erkak koʻchada kimningdir uyini qidirib yurganini koʻrdi. Ular Ahmadbekdan soʻramoqchi boʻlishdi-yu, uning savlatidan iymanibmi, indashmadi. Shunda allaqanday boʻlib ketgan Ahmadbekning oʻzi gap ochdi:
– Kimnikini qidirib yuribsizlar?
– Assalomu alaykum, – dedi yoz boʻlsa ham telpak kiyib olgan, choʻqqisoqol, yoshi elliklar atrofiga borib qolgan chayir bir kishi. – Bizga haligi doʻxtirning uyi kerak edi, mullaka.

Ahmadbek Salim Akbarovichning uyini koʻrsatib qoʻydi. Ularning orqasidan birpas qarab turdi, keyin chaqirib soʻradi:
– Qayerda joylashdinglar?

Xotinlarni boshlab ketayotgan erkaklar toʻxtashdi. Bir-biri bilan nimalarnidir gaplashib olishdi.
– Poyezddan ertalab tushuvdik, hozir topib keldik bu yerni, – dedi haligi odam bu orada oldilariga yetib kelgan Ahmadbekka. – Biron joy topilar...

Ahmadbek biroz oʻylanib qoldi.
– Avval mehmonxona topib, joylashish kerak edi, – dedi keyin.
– E, bizga mehmonxona yoʻl boʻlsin, mullaka, – dedi erkaklarning yoshrogʻi, terdan dogʻ boʻlib ketgan shlyapa kiyib olgan yigit, avval oʻzining u yoq-bu yogʻiga, keyin hamrohlariga qarab, gunohkorona jilmayish bilan. – Til bilmasak...
– Boʻlmasa, biznikida mehmon boʻlasizlar, – dedi Ahmadbek. – Hoʻ, anavi muyulishdan chapga burilasizlar. Sakkizinchi uy.
– Endi... qulluq, mullaka, – dedi shlyapalik kishi. – Ovora boʻlmang, bir ilojini qilarmiz... – u yana hamrohlariga qarab qoʻydi.
– Iye! Bir ilojini qilarmizmish! – Ahmadbekning jahli chiqdi. – Bu bolalar bilan qayerga borasizlar?! – u bir pas turdi-da, jahlini yutib, jilmaydi. – Tagʻin... xavotir olmayapsizlarmi, tunaydi deb?
– Yoʻgʻ-e, nima deyapsiz mullaka... – deb yubordi telpakli kishi.
– Boʻlmasa, gap shu! Doʻxtirnikidan chiqib toʻgʻri boraverasizlar! Kutib oʻtiraman!

Ahmadbek yana ular e’tiroz bildirishmasin deb gapiga javob ham kutmay burildi-da, tez-tez yurib ketdi. Uyiga kelib, Dilfuzaga mehmonlarbop ovqat buyurdi. Uning«Kim?», deb bergan savoliga «Hali koʻrasan», dedi-da, Rustamjon bilan gulzorga kirib ketdi.

Dilfuza mehmonlarni ijirgʻanib boʻlsa-da, yaxshi kutib oldi. Ularning gaplari, yurish-turishlari, kiyim-boshi uning gʻashini keltirar, lekin u bor dardini ichiga yutib, jilmayib muomala qilar, har zamon-har zamonda butun nafratini nigohiga joylab, Ahmadbekka qarab qoʻyardi.
– Qayerdan topib keldingiz bularingizni? – dedi u ertalab mehmonlar ketgandan keyin Ahmadbekka soʻroqdan ham koʻra «ikkinchi bunaqa noma’qulchilikni qilmang!» degan buyruq ohangida.
– Muncha odamoxun boʻlmasang, – dedi Ahmadbek piching bilan. – Bular ham odam. Senga, menga oʻxshagan.
– He, odam boʻlmay... – Dilfuza gapning davomini ichiga yutdi. – Munday... kiyinishni bilmasa! Mehmonxonaga borsin!
– Mehmonxonada ham senga oʻxshagan madaniyatlilar joy berishmaydi bularga!
– Mening uyim mehmonxona emas! Bular bir kecha yotdi. Endi butun koʻrpa- toʻshakni yuvishim kerak.
– Muncha hazar qilasan?! – Ahmadbekning endi jahli chiqib ketdi. – Axir, odam-ku bular ham! Qoʻshnining kuchugini ham qanday erkalatasan yalaguday boʻlib! Bular mening avlodim. Men ham shulardaqa odamman! Menga nega xotin boʻlib oʻtiribsan boʻlmasa?!
– Boʻpti! – Dilfuza jahldanmi, yo tiliga kelib qolgan biror yomon gapni oʻtkazib yuborish uchunmi, birpas gapirmay turib qoldi. – Boʻpti! Lekin bundan keyin takrorlanmasin munaqa mehmondorchilik! Kim koʻp, Salim Akbarovichnikiga keladigan koʻp! Hammasini boshlab kelaversangiz...

Dilfuza Rustamjonni olib chiqib ketdi. Ahmadbek uning orqasidan qattiq bir oʻkinch bilan qarab qoldi.

Ahmadbek yuragini hovuchlagancha yana ikki marta shunaqa mehmon boshlab keldi. Dilfuza birinchi gal ham bir balo qilib chidadi, lekin ikkinchi marta mehmonlarni uyga kirgizmadi. Janjal boʻldi. Janjalga Dilfuzaning ota-onasi ham aralashdi. Ahmadbek gʻazabga minib ora ochdi qilmoqchi ham boʻldi-yu, lekin ishini, bolasini oʻylab, bema’ni fikridan qaytdi.

Ana shundan beri goh muyulishda oʻtirgan, goh koʻchada Salim Akbarovichning uyini qidirib yurgan odamlarni koʻrdi deguncha bir dam toʻxtab qoladi. Yuragida tugʻyon qilayotgan tuygʻular girdobida bir dam charxpalak boʻladi. Yugurib borib oʻsha odamlarni quchgisi, changga belangan kiyim-boshlarini yuziga, koʻziga surtgisi, toʻyib-toʻyib hidlagisi keladi. Lekin oʻzini tutadi. Negaki, ularning oldiga borsa, albatta, uyiga taklif qilishi kerak. Uyiga taklif qilmay oʻtib ketolmaydi ularning yonidan.

...Ahmadbek yuragida tugʻyon qilayotgan tuygʻular girdobidan chiqolmasa ham, oʻzini tutib oldi-da, goʻyo hech kimni, hech narsani koʻrmaganday, qaddini gʻoz tutib, yoʻlida davom etdi.