OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMavluda Ibrohimova
Asar nomiKayfiyat (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Mavluda Ibrohimova
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm9KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Kayfiyat (hajviya)
Mavluda Ibrohimova

Yozuvchining ikki koʻzi muharrirda. U esa jiddiy, goʻyo hozir mahbus ustidan hukm oʻqiydigan sudyaday, qovoqlarini uyib hikoya oʻqirdi.
— Lekin, yomon emas, chyort! — tantanali e’lon qildi muharrir. — Syujet yaxshi. Ammo... — bir zum sukut saqladi u. Yozuvchi naq uning ogʻziga kirib ketguday boʻldi. — Nimadir yetishmayapti... Shu, bilasizmi? — Uning koʻzlari qisildi. Oʻzicha nimanidir chamalagan boʻldi. — Imm... holat kerak... manzara! — Bir nimani kashf qilganday portladi u. Keyin qulochini yozib, manzarani tasvirlagan boʻldi. — Masalan, qarang, hozir bahor-a! Daraxtlar gullagan, bir qarasangiz quyosh charaqlab chiqadi, bir qarasangiz gumbir-gumbir yomgʻir quyib beradi. Siz esa sevishganlar haqida yozyapsiz. Sevgi bu... Bilasizmi! — muharrir endi gʻazal oʻqiyotganday toʻlqinlanib gapirdi. — Yurakning momaqaldirogʻi! Guldir-guldir, gumbir-gumbir... — u yanada qizishib ketdi. Jala boʻlib tarnovlardan oqib tushdimi-ey, keyin oʻrnidan turib, bir-biriga yaqin joylashgan koʻzlarini olaytirib:
— Tushundingiz-a! — dedi. — Kayfiyat kerak. Asosiysi — manavi yerda, — qogʻozga sharaqlatib urdi u.

Yozuvchi garchi hech baloga tushunmagan boʻlsa-da, bosh silkidi. Yana muharrir tutaqib ketsa, ora buzilmasin dedi-da!

U avtobusda ham muharrirning aytganlarini oʻylab ketdi. Bahor manzarasini qaerga tiqsa ekan?! Endi bu muharrir bahorsiz hikoyasini bostirmaydi. Aytdimi — qonun! E, ha! Uyiga yetay deb qolganida, deyarli darvozani ochayotganida, miyasiga bir fikr urildi. Hikoyada yigit yigʻlab muhabbat izhor qiladigan joyi bor-ku, shu yerga jalani qoʻshsa, uh, dahshat ketadi!

Yozuvchi eshik ochib, uyga kirishi bilan xotini uni:
— Uyda non yoʻq! — deya kutib oldi.

Yozuvchi tabiiyki, buni eshitmadi. Yechinmayoq yozuv stoliga yopishdi. Hikoyada yigit qizga avvalgi mahbubasi oʻlganini aytadi. Shu paytda osmon qarsillaydi-yu, jala quyib yuboradi... uh! Adib ishtaha bilan qoʻlini qoʻliga ishqab qoʻydi-da, yozishga kirishdi: «Osmonni qora bulut qoplagandi. Qaerdandir olis-olisdan boʻgʻiq gumbirlash eshitilar, tramvayning simidan olov chiqqanday, atrof birdan yorishib ketardi. Bulutli osmon esa...»

Shu payt hikoyadagi yomgʻir yogʻib ham ulgurmay, xonaga bulutday boʻlib xotini kirdi. Vajohati ob-havodan battar:
— Non yoʻq! — dedi u chertib-chertib. — Gramm yogʻ qolmagan! Bu kishimning oʻtirishini qarang. Ovqat qilaman desam na un bor, na guruch! Tureeng, doʻkonga chiqib keling! Foyda boʻlsaykan bundan! Pul bersa ham mayli edi! — dahlizdan vaysadi xotini.

Yozuvchi kayfiyatini asrab qolish uchun indamadi. Sumka, pul olib zipillab doʻkonga chiqib keldi-da, hujrasiga shoʻngʻidi. Qaerga kelgan edi. E, ha, yomgʻir!

«... bulutli osmon esa naq toʻkilay deb turardi. Shu payt birov shundoq tepasida katta xarsangni qars etib ikkiga boʻlganday ovoz keldi-yu, olov xivchin osmon bagʻrini tilib oʻtdi. Oʻsha zahotiyoq osmon hoʻngrab yubordi...» Manzara dahshat chiqdimi? U oʻz-oʻzini «chinakam talant» deb maqtab qoʻydi ichida. Endi yigit bilan qizning dialogini yozmoqchi boʻlib turgandi, yana oshdan chiqqan toshday boʻlib xotini keldi.
— Manavi kishini oʻtirishini qarang! Ha-a?!
— Nima, ha? Obkeldim, ana!
— Nimani obkeldingiz? Obkelgan narsangizni bir koʻrdingizmi oʻzi? Nima bu?
— Nima boʻlardi, momaqaldiroq!
— A?!
— Yoʻgʻ-e, un!
— Toʻgʻri, un! — boshini tahdidli likillatdi xotini.
— Guruch uni deng, sechka! Shundan ovqat qilib boʻladimi? Qani, shu guruchdan oʻzingiz bir ovqat qiling-chi, men koʻray... Turing, turing! Tura qoling!

Er indamay oshxonaga oʻtdi. Kayfiyatni saqlash kerakmi, axir. Boshqa payt boʻlganida boʻralatardi-yu... sabzini bir pasda toʻgʻrab tashladi. Apil-tapil goʻsht-piyozni qovurib, sabzini bosdi. Chaqqonlik bilan qozonga suv solib, sechkani ivitdi-da, pildirab uyga kirib ketdi. Yozishda davom etdi:

«Yomgʻir qizning yuzlarini yuvib tushardi. Yuzidan u yigʻlayaptimi-yoʻqmi, bilib boʻlmasdi.
— Meni tashlab ketma, Madina? — oʻtindi yigit. — Tushun, axir, u oʻlgan, u endi yoʻq. Sening muhabbating meni hayotga qaytardi. Azizam, dilbarim...

Yomgʻir sharillab quyar, uning zarbidan giyohlarning boshi egilar, goʻyo shu oʻt-oʻlanlar ham Madinaga «qol, qol!» deyayotgandek tuyulardi. Qiz koʻzlarini jovdiratdi. Nima deyishini bilmay kalovlanib qoldi. Samandarning iltijoli koʻzlari yuragini oʻrtab yubordi...» Eshikda esa qoʻlini beliga tiragancha jangovar kayfiyatda xotini paydo boʻldi.
— Ovqat tagiga ob ketibdi-yu! Qaramaysizmi? Hech boʻlmasa, bir ogʻiz aytmaysizmi, sabzi-piyozni bosdim, deb!

U oshxonaga chopdi. Hartugul, ovqat tagiga olmabdi. Essiz-e, suvi bugʻlanib ketibdi-da! Yozuvchi shosha-pisha guruchini soldi, oshni damlab, yana oʻzini uyga urdi. «Asosiysi kayfiyatni buzmaslik!» — oʻz-oʻziga dalda berdi u. Ammo yozganlarini oʻqib ensasi qotdi. Hayotiy chiqmabdi-da! Yigitni qarang, yigitmi — lattami? Namuncha yalinadi. Ketsa ketavermaydimi! Xotinlarning hammasi bir goʻr! U behafsala yozishga tutindi: «Samandar qizga ilk bor sinchkov nazar tashladi, — deb yozdi u xotinidan oʻch olayotganday. — Uning goʻzal chehrasini doim nimadir buzib turganga oʻxshardi. Endi topdi: burni qanqaygan ekan! Oʻzi ham qorachadan kelgan. Bahor boʻlib, battar moʻndisi chiqib ketibdi. Avvallari zulukday qoshlarini koʻrsa, etlari jimirlab ketardi. Endi esa qizning qoshlarini chuvalchangga qiyosladi. Biram mijgʻov qiz ekanki... ikki yildan beri oʻlgan Sayyorani gapiradi. Oʻlgan desa ham tushunmaydi.

Qiz kaftlari bilan yuzini toʻsdi. Yomgʻir esa beayov savalardi. Goʻyo oʻchakishganday, yurakdagi soʻnggi choʻgʻni oʻchirmoqqa chindan-da ahd qilganday, sharros quyardi.
— Yanami?! — jerkidi Samandar. — Yana yigʻimi?
— Sizni qanchalar sevmay, lekin Sayyora...
— Nima, Sayyora?...

Shu payt eshik taraqlab ochilib ketdi-yu, ostonada xotini paydo boʻldi. Qor malikasiday sovuq.
— Nima, ochlik e’lon qilganmisiz? Bir marta ovqat qilganingizga arazmi? Ha, oʻlmagan mening jonim. Boshqalarning xotiniga oʻxshab bersang yeyman, bermasang oʻlaman, deb oʻtirganim yoʻq-ku! Rahmat deng menga! Uyda xotin, koʻchada erkakman, — xotini yigʻlaguday boʻldi. — Hech boʻlmasa dasturxonda birga oʻtiring bolalaringiz bilan. Yo bularni koʻchadan ergashtirib kelganmanmi?!

Yozuvchi indamadi. Boʻynini qisib tamaddixonaga oʻtdi. Kayfiyatni asrash kerak-ku! Bolalari ovqat yeyishni allaqachon boshlab yuborishgandi. «Bismilloh»ni aytib, yarimlab qolgan laganga qoʻl uzatdi. Ammo shu ham xotiniga yoqmadi-da! Tavba-ey!
— Nima, mum tishlaganmisiz? — kesatdi ayoli chuvalchang qoshlarini chimirib. — Nega gapirmaysiz?
— Nima dey, axir?! — baqirib yubordi u. — Ovqatimni ham tinch yeyolmaymanmi?!
— Shunchalik bizdan begonalashib ketgansiz. Gapirgani soʻz topolmaysiz. Sizga nima yomonlik qiluvdim?! Boshqasini topgan boʻlsangiz ayting, qiynamang... — xotini shunday deb yigʻlagancha chiqib ketdi. Yozuvchi angrayib qoldi. Bir balo boʻlganmi, bunga?! Qachon qarama buniki asar topshiriladigan paytda qoʻziydi. Hamma diydiyosini bugunga tiqqan! Hikoyani esa ertaga topshirish kerak.

Yozuvchi qoshiqni otib oʻrnidan turdi.
— Ovqatmas, zahar boʻldi! Padaringga... yoʻq yerdan ayb qidiradi, — u vaysay-vaysay xonasiga ketdi. Ichkarida xotini ingichka ovozda bir narsalar deb, izillab chunon yigʻlardi. Bundan asab tarang, dili xun boʻlsa-da, yozishga kirishdi. Endi u hikoya yozmayotgandi, albatta. Goʻyoki xayolida xotinidan oʻch olmoqqa kirishgandi.

«Madinaning ingichka lablari titradi. Yomgʻirdan hoʻl boʻlib ketgan sochlari peshonasiga yopishib qolgan, sovuqdanmi, alamdanmi, koʻkarib-gezarib ketgandi.
— Siz baribir uni sevasiz... umrbod. Men esa ... men shunchaki bir ermak...
— Yana eski xarxashani boshladingizmi? — chidayolmay dedi Samandar. — U desam — bu deysiz, bu desam — u deysiz. Yana nima deb ovutay, yana nima deb oqlay oʻzimni?! Ogʻzingizdan chiqqanini ham, chiqmaganini ham miq etmay muhayyo qilsam. Nima qilay yana?

Madinaning qoshlari ilonday bilangladi:
— Ho, shunaqami hali? Qadim zamonda oshiqlar mahbubasining bitta xoliga ikkita shaharni berib yuborishgan ekan. Siz nima qilib qoʻyibsiz?
— Qaysi kallavaram bitta xolga ikkita shahar beradi? Hozirdan shahar talab qilsangiz, ertaga nima boʻladi? Tinch okeani kerak emasmi, mabodo?!
— Voy, savil. Hali olib bermasdan dagʻ-dagʻani qarang. Avtobusga chiqsak, yoʻl chiptangiz bormi, deb turasiz-ku, Tinch okeani emish. Gʻirt masxaraboz ekansiz-ku!
— Hammasining urugʻi bir, — mingʻirladi Samandar qanday alam olishni bilmay, — chap qovurgʻadan boʻlgan!

Madinaning koʻzlari olayib ketdi. Shu dam chindanam zanjirli portlash yuz berdi:
— Oʻzing kimsan-a, oʻzing kimsan? Xotinboz! Kazzyol... Eshshak, — dedi qiz. Samandar chiday olmadi. Qizning yuziga shapaloq tortib yubordi...»

Shu payt shapaloqqa hamohang eshik sharaqlab ochildi-yu, ostonada koʻzlari qizargan xotini paydo boʻldi.
— Hmm! — qoʻlini beliga tiragancha tahdidli im qoqdi u. — Oʻrningizni boshqa qilib yotmoqchimisiz? Bekorlarni aytibsiz! Qani oldimga tushing-chi! Mening birovlarga berib qoʻyadigan erim yoʻq!

Shu dam quloq-chakkasining tagida bir narsa qars etib ketdi...