OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMehriniso Abdurahmonova
Asar nomiQizil olma (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Mehriniso Abdurahmonova
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm20KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qizil olma (hikoya)
Mehriniso Abdurahmonova

Bu gap bir zumda bolalar qulogʻiga yetib, koʻplari oshkora, ba’zilar pinhona pichir-pichir boshlashdi.

Emishki, bir-birini koʻrishga koʻzi yoʻq Mohira bilan Asqar sevishib qolishibdi. Asqarning bir dona olmani tirjayib Mohiraga uzatganini va qiz qurgʻur ham indamay uni olganini shu kuni navbatchilikka qolgan Zamira Gʻiybatnisa oʻz koʻzi bilan koʻrganmish. Oʻz gʻiybatlari bilan Gʻiybatnisa laqabini orttirgan qizning gapiga ishongan ishondi, ishonmagan ishonmadi. Har qalay bolalarning hangomasiga qiziqarli mavzu topildiki, bir necha kun ular maroq bilan shu mavzu atrofida uymalashishdi.

Darhaqiqat, shamol boʻlmasa daraxtning uchi qimirlamaydi deganlaridek, shamol boʻlmasa ham biroz shabada esgan va bir dona mevasini oʻz bagʻrida yashirib qolmoqchi boʻlgan dala shiyponi hovlisidagi olma daraxtining yaproqlarini silkitgan edi. Bu silkinish jarayonida hikoyamiz qahramoni boʻlmish dimogʻdor, ayni paytda fe’li gʻalati yigitcha Asqar oʻsha mashhur gʻiybatlarning sababchisiga aylangan bir qizil olmani koʻrib qolgan va uni uzib Mohiraga bergan edi. Bor gap shumi dersiz? Ha. Bor gap shu va faqat shugina emas.

Hamma gap shundaki, shu damgacha ularning har ikkalasi ham bir-birini koʻrishga koʻzi, otishga oʻqi yoʻq edi-da. Yaxshiyam oʻsha savil oʻqning yoʻqligi. Boʻlmasa ular bir-birini otib qoʻyib, bu dunyoda olmadan ham shirinroq muhabbatning mevasidan tatib koʻrishga ulgurmay dorilbaqoga rixlat qilib ketisharmidi. Bu ikkala sinfdoshning nima uchun bir-birini yomon koʻrishlarini tushuntirish uchun ozroq moziyga chekinmasak boʻlmas. Mohira sinfdagi eng a’lochi, eng jamoatchi va eng... eng... eng... qiz edi. Shoirtabiat bu qizning yoqimligina ovozi ham bor ediki, maktabdagi butun tashkiliy ishlar uning ishtirokisiz oʻtmas edi. Sinflaridagi Asqardan boʻlak barcha bolalar uni yaxshi koʻrib, hurmat qilishardi.

Asqar ham chiroylikkina boʻlib, koʻrkamligidan faxrlanar va boshqalarni mensimasdi.

Oltinchi sinfda oʻqib yurgan paytlarida Toyis laqabli matematika oʻqituvchisi (ruscha «toest» soʻzini koʻp ishlatardi) dars paytida bolalarga koʻz-quloq boʻlib turishni sinfboshi Mohiraga (sinfkomlik tugʻilgandanoq uning peshonasiga yozilganmi 1-sinfdan to bitirguncha shu lavozimda ancha ter toʻkdi) tayinladi-da, oʻzi tashqariga chiqib ketdi. Shu zahoti bolalar baqir-chaqir qila boshlashdi. Hukmronlik qoʻliga tegib qolgan Mohira qoʻlidagi daftar bilan bolalarni urib tinchita boshladi. Kaltak yeyish navbati ayni Asqarga kelganda, u chaqqonlik bilan Mohiraning qoʻlidagi daftarni yulib olib qizning oʻzining yuziga shartillatib urib yubordi. Hayotida salgina turtki ham yeb ulgurmagan qizcha alamidan yigʻlab yubordi va oʻshandan buyon Asqarning otiniyam atamay qoʻygan, goʻyo sinfda bunday bola uning uchun yoʻq edi.

Oʻshandan beri yillar oʻtib ular oʻninchi sinf boʻlishdi. Oʻninchi sinfda oʻqiyotgan kezlari maktabning yuqori sinf oʻquvchilarini qoʻshni tumanga paxta terimiga safarbar qilishdi. Mohiraning dadasi keksa oʻqituvchi boʻlib, qizini paxta terimiga chiqarmay, oshpaz qilib qoʻyishlarini iltimos qilgan ekan, uni borgandan oshpaz qilib tayinlashdi. Joʻrttaga qilganday Asqarning dadasi ham oʻgʻlini samovarchi qilib tayinlashlarini iltimos qilgan ekan.

Shunday qilib butun hasharchi bolalarning yeyish-ichishi ikki arzanda qoʻlida qoldi.
— Yoʻq, men u bilan kelisholmayman. Boshqa bola samovarchi boʻlsin, — dedi Mohira muallimga.
— Nega endi kelisholmaysanlar-a? Nimani boʻlisholmaysallar. Ayniqsa, senday a’lochi qiz boshqalarga namuna boʻlish oʻrniga arazlashib yursang hech toʻgʻri kelmaydi. Shu bugunoq yarashib olda, ishni boshlanglar. Yaxshi insonlar kechirimli boʻladilar, — dedi muallim unga javoban.

Mohiraga shu gapning oʻzi yetarli boʻldi va bu haqda boshqa ogʻiz ochmadi.

Asqar choy qaynatish bilan birga ovqat tayyorlash uchun oʻtin ham yorib berishi kerak edi. Dardi ichida boʻlgan Mohira oʻtin tayyor emasligini koʻrib Asqarni chaqib olishga bahona topilganidan ichidan suyunib, unga oʻshqirdi.
— Nega oʻtinni vaqtida yorib qoʻymading! Nima, bolalar kelib seni yeydimi? Boʻl, tez. Ovqat pishirishim kerak.

Asqarning jon-poni chiqib ketdi.
— Ey, qiz. Direktorning qiziman deb buyruq beradigan boʻp qoldingmi? Otangning davri oʻtib ketgan. Koʻp oʻzingdan ketaverma, xoʻpmi? Sinfkomligingni maktabda boshqalarga qilasan, menga bu numering oʻtmaydi.
— Voy-voy-voy. Kim boʻpsan, ja odamlarni mensimaydigan. Men uchun bir tiyinsan, bildingmi, bir tiyin. Bir tiyingayam olmayman seni. E, kekkaymay oʻl, — qizishib ketdi Mohira.

Shu payt muallim kelib qoldi-yu, har ikkalasi ham jim boʻp qolishdi. Asqar oʻtin yorishga, Mohira kartoshka artishga tushdi.

Katta qozonga ega boʻlib olgan qiz birda quyuq, birda suyuq qilib ovqat pishira boshladi.

Kechqurun oʻchoq boshi kosalarni taraq-turuq qilgan bolalarning shovqiniga toʻlib ketardi.
— Kartoshkasidan koʻproq sol.
— Menga piyozsiz quy.
— Voy-vuy, ovqat boʻtqa boʻp qopti-yu.
— Goʻshtini dadil-dadil solmaysanmi?
— Men bugina ovqatga toʻymayman, tagʻin berasan-da.

Kunlar bir maromda oʻta boshladi.

Mohiraning pishirgan boʻtqa ovqatlari-yu, Asqarning chala qaynagan choyiga butun bolalar jamoasi koʻnikib qolganlariday oshpaz qiz bilan samovarchi yigitcha ham bir-birlariga koʻnikib, urishmay qolishdi. Qop-qora gʻayir sochlarining ustidan oppoq durra tangʻigan yoqimtoygina oshpaz qiz bilan bir stolda ovqat yeyishga oʻtib olgan yigitcha uchun oʻtin yorishdek mashaqqatli ish ham maroqli tuyula boshladi. Nega maroqli boʻlmas ekan, oʻtinni Mohira yoqadigan boʻlgandan keyin albatta maroqli boʻladi-da. Keyingi paytlarda Asqarning yuragini allaqanday yoqimli hislar chulgʻay boshladi. «Nega uning shunchalar yoqimtoyligini avvaldan payqamabman-a. U hammadan chiroyli», — deb oʻylay boshladi u. Kechagina koʻziga baloday koʻringan qizning har bir xatti-harakati har bir soʻzi yigitchaga jozibali koʻrina boshadi. U Mohirani xursand qilish uchun atrofdagi polizlardan kechki pomidor, bodringlar terib kelardi-da, qizning qoʻliga tutqazardi. Oqkoʻngilgina Mohira bu mehribonchiliklarga ba’zida hayron boʻlsa-da, ortiqcha e’tibor bermadi.

Har kuni kechki ovqatdan keyin bolalar mashina baloni topib kelishib, uni yoqib kontsert uyushtirishardi. Yetakchi xonanda albatta Mohira, dugonasi paqirni toʻntarib chalib unga joʻr boʻlardi. Bolalarning oʻyin tushishni bilganiyam, bilmaganiyam davradan chiqmay ularning ashulasiga oʻynashardi, qiziqchilik ham qilishardi. Muzaffar jagʻjagʻ gapni opqochadi-da toza.

– Bilasizlarmi, bolalar. Mening zarbdorlik togʻam KamAZi bilan Marsga borib kelgan, — deydi u.
— Ol-a yolgʻonniyam yamlamay yutasanqa. Mars qayoqda-yu, Zarbdor qayoqda. Qolaversa, u yoqqa raketa yetolmaydi-yu. KamAZga yoʻl boʻlsin. Va-ha-ha oʻzimizning shu katta betonka yoʻl bilan borganmi togʻang Marsga. Oʻla-oʻla, qasamxoʻr, oʻtrikchi.

Bolalar har yoqda Muzaffarni mayna qilib kula boshlashdi.
— Oʻlay agar, togʻam oʻz ogʻzi bilan gapirib bergan. Bilasizlarmi, zarbdorlik KamAZchilarning oyogʻi yetmagan yer qolmagan. Odam arqon bilan osilib chiqolmaydigan choʻqqilarga ham ular KamAZ bilan bemalol chiqib ketaverishadi. Orqasidan quvgan melisalarning birontasiyam ularni ushlolmaydi. Zarbdorlik KamAZchilarning bari boy boʻp ketgan. Gapimni boʻlmalaring, hozir men senlarga buning qanday boʻlganligini aytib beraman.
— Aytsin, jim turinglar.
— Balki rostdanam borgandir.
— Aytaver, yoqmaganlar qulogʻini bekitib olsin. Biz eshitamiz gapingni.
— Eshitsak eshitaveramizku-ya, ammo muallimimizning aytishicha eng zoʻr kosmik kemaning ham Marsga borib kelishi uchun yuz yil ham yetmasmish.
— Obbo, bu yerda ilmiy munozara boʻlmayaptimi? Ha, eshitaylik endi. Gapiraver, Muzaffar. Qulogʻimiz senda.

Bolalar tinchlangach Muzaffar hikoyasini boshladi.
— Bir kun togʻamning oldiga Ergash fermer kelibdi-da, oʻn tonna piyozni Tojikiston yoqqa ortmoqchi ekanligini aytibdi. Shunda togʻam u tomonlarga oʻtish juda qiyinlashib ketganligini, organ bilib qolsa ish rasvo boʻlishini tushuntiribdi. Ammo Ergash fermer bu dunyoda bilmaydigan ishning oʻzi yoʻqligini, faqatgina zarbdorlik KamAZchilargagina ma’lum boʻlgan aylanma yashirin yoʻllar orqali olib borish mumkin ekanligini eshitganini aytib, katta «dolya» berajagini ham ishora qilib oʻtibdi. Oʻsha kunlari togʻamgayam klientlar kelmay ishsiz oʻtirgan ekan, nima boʻlsa boʻlar deb tavakkal qilib piyozni KamAZga ortadi.

Shunday qilib ikkovlari kechki payt yoʻlga tushishibdi. Togʻam «dolya»ning choʻgʻi uchmasin deb shopir sherigini olmabdi. Ergash fermerning orzulari katta ekan. U «eson-omon piyozni sotib kelsam, yolgʻizgina oʻgʻlimga sunnat toʻyi qilaman. Toʻyga Yulduz Usmonovani olib kelaman» deb niyat qilgan ekan.
— Yulduz Usmonovani toʻyga opkelib nima qiladi? Yulduzni koʻraman deb butun xalq toʻyxonani ostin-ustun qilib tashlashadi-ku. Toʻy qilgan tugul qoʻshnilarning ham tomi teshik boʻlib ketadi, — luqma tashladi bolalardan biri va hammaning oʻziga norozi boʻlib qarab qoʻygani uchun darhol jim boʻldi.
— Shunday qilib aylanma, oʻng-chap qilib, hangomalashib borishayotsa shunday pana joydan mashinalarning chirogʻi yonib melisalar chiqib qolib toʻxtashga buyurishibdi. Togʻam, dunyoda melisadan yomon odam yoʻq deb yurgan togʻam shartta yoʻldan chiqib, yoʻlsiz tepaga qarab mashinasini haydab qolibdi. Melisalar quvibdi, bular qochishibdi. «Ollo xudo, Ollo xudo» deb.

Togʻam qiziq ustida togʻning tepasiga qanday qilib chiqib ketganini bilmay qolibdi. Keyin aytib berishicha, oʻsha daqiqalarda sira qoʻrquvni sezmagan emish, butun fikr-u xayoli qochib qutulishda boʻlib fermerning, ajalimdan burun oʻldirasanmi, toʻxtat moshindi, degan gaplariyam qulogʻiga kirmasmish. Bir payt oʻziga kelib qarasa katta jar yoqasida turganmish. U darhol tormozni bosibdi. Jarga qulashlariga sekund qopdi. Shunda fermer: «Ey, xudo. Oʻzing bandam de, oʻzing asra, yolgʻiz oʻgʻlimning orzu-havasini koʻrmay oʻlib ketaveramanmi?» deya Ollohga iltijo qilaveribdi. Nima boʻlibdi deng? Moʻ’jiza roʻy beribdi. Jar ustida yaraqlagan tilla koʻprik paydo boʻlibdi. Togʻam «Yo qudratingdan» deb hayratdan ogʻzi ochilib qopti. Fermerning esa tili kalimaga kelmay qopti.

Muzaffar shu yerga kelganda toʻxtab bolalarga vahimali qarab qoʻydi. Bolalarning butun vujudi quloqqa aylanib uni tinglashardi.
— Togʻam hali-hanuz yangamning qulogʻidagi tilla isirgʻasiga ishora qilib «koʻprik shunaqa yarqirab turgandi» deb qoʻyadi, — davom etdi Muzaffar. — Xullas, moʻ’jiza roʻy beribdi. Birozdan soʻng togʻam oʻziga kelib moshinani toʻgʻri koʻprik boʻylab haydab qolibdi. Bir zumda qip-qizil qum barxanlari choʻzilib yotgan, bironta tirik jondan asar sezilmagan biyday dalaga chiqib qolishibdi. Sovuq, izgʻirin shamol esib yotganmish. «Tovba, bu Xorazmning Qizilqumimi? Biz Tojikistondan chiqishimiz kerak edi-ku?» — deb togʻamning boshi qotib qolibdi. Fermer boʻlsa oʻzining sovqotgani bilan ishi yoʻq «piyozlarimni sovuq urib ketsa, nima qilaman?» degan tashvishda emish. Togʻam «boʻldi, endi kelgan yoʻlimiz bilan orqaga qaytamiz» deb KamAZini bursa haligi koʻprik ham, jar ham goʻyo hech qachon boʻlmaganday yoʻq boʻlib qolganmish. Ana, endi koʻring hangomani. Toʻrt tomon biyday dala. Tirik jondan nishon yoʻq. Ikkovining ham boʻgʻinlari boʻshashib nima qilishini bilmay oʻtirishsa, qattiq shovqin koʻtarilib kosmik kemaga oʻxshagan bir jism ulardan nariroqda kelib qoʻnibdi. Soʻng uning ichidan toʻrt-besh odam tushib xursand kayfiyatda bir-birini quchoqlab chulchitcha bir narsalar deb baqirisharmish. Ularning bittasi videokamera bilan suratga olayotganmish. Togʻamlar kosmik kemaning quyruq tomonida turishgani uchun ular togʻamlarni koʻrmasmish.

Shunda birdan fermerning rangi oqarib ketibdi. Togʻam nima gapligini soʻrabdi.
—Biz Mars sayyorasiga kep qopmiz, joʻra, — debdi Ergash aka arang. – Anovi kema Amerikaniki ekan.

Ular Yerga signal berishyapti. «Biz odamzodning asriy orzusini roʻyobga chiqarib Mars sayyorasiga qadam qoʻyib turibmiz», — deb xabar joʻnatishyapti. «Marsni biz amerikaliklar birinchi boʻlib zabt etdik», deyishyapti», – desa hangu-mang boʻlib qolgan togʻam «voy, qizigʻarlar-ey ulardan oldin biz zarbdorlik KamAZchi va dehqon zabt etib qoʻydik-ku Marsni», — dermish. Bular nima qilarini bilmay turishsa, sovqotib qolgan amerikaliklar kemalariga chiqib ketish taraddudiga tushib qolishibdi. Sal hayallasa kechikib qolishini bilgan togʻam KamAZini zingʻillatib kema eshigining oldiga uchiribdi. Ichkarida hamon Yerga xabar uzatib yotishibdi. «Biz Marsni zabt etdik! Biz birinchi boʻldik!» va hokazo va hokazo deb turishsa kemalarining eshigi taqillab qopti. Ular «Marsda hech jonzot ham, hayot ham yoʻq edi-ku», — deb hayron boʻlib eshikni ochib qarashsa «Piyoz olasilarmi?» — deb ikkita yerliklarga oʻxshagan odam turganmish. Oʻz-oʻzidan ma’lumki, bular mening togʻam bilan fermer edi. Fermer ham anoyimas ekan. U inglizchani suv qilib ichib yuborgan ekan, birpasda amerikaliklar bilan til topishibdi. Amerikaliklar ularni oʻzlari bilan olib ketib, har ikkalasiga ham bittadan «Mersedes» moshin mindirib yuborishlarini, evaziga esa ular Marsda boʻlganliklari haqida churq etib ogʻiz ochmasliklarini iltimos qilishibdi. Zarbdorliklar bunga rozi boʻlishibdi. «Mayli, Marsni amerikaliklarga berdik», — deb eson-omon qaytganiga shukur qilishibdi. Piyoz-miyozi bilan Marsda qolib ketgan KamAZini eslab togʻamning ichi kuyib-kuyib qoʻyadi. Har qalay «Mersedes» zahar bosdi boʻldi-ku.

Fermerga kelsak, u uyiga qaytgandan soʻng «Mersedes» mashinani sotib yakkayu-yolgʻiz oʻgʻliga kattakon qilib sunnat toʻy qilib beribdi. Toʻyga Yulduz Usmonova kelibdi. Boya, sen Ergash toʻgʻri aytuvding. Yulduz kelsa toʻychining ham, qoʻshnilarning ham tomlari ilma-teshik boʻladi deb haqiqatdan ham Yulduz Usmonovaning daragini eshitib ham, toʻyxona tugul qoʻshni tomlariniyam bosib ketibdi. Shiferlar singan, devorlar koʻchgan. Lekin fermer mard odam ekan. Toʻy oʻtgach, qoʻshnilarining toʻy boʻlmasdan oldin ham oʻzi hilvirab turgan tomlarini yangi shiferlar bilan yoptirib beribdi. Hamma xursand boʻpti, deb hikoyasini tugatdi Muzaffar.

Hikoya ta’siriga berilgan bolalar bir nafas jim qolishdi-da, soʻng munozaraga berilib ketishdi. Ular ota-onalaridan uzoqda, uylarini, yaqinlarini sogʻinganliklarini hisobga olmaganda kunduzlarni mehnat, kechqurunlarni esa mana shunaqangi hangomalar, oʻyin-kulgular bilan oʻtkazishardi. Ular Mars haqida, moʻ’jizalar haqida soʻzlasha-soʻzlasha uyquga ketishdi. Yana bir mehnat kuni shu tarzda nihoyalandi.

Muzaffarning ogʻziga anqayib men ham asosiy mavzudan chiqib ketganim bois aziz oʻquvchidan uzr soʻrayman-da, yana sinfdosh mavzusiga qaytaman.

Ertasiga odatdagi mehnat kuni boshlanib shiyponda bizning asosiy qahramonimiz qolishdi.
— Qanday ajoyib va gʻaroyib sarguzasht! Mashina bilan Marsga borishsa-ya, — dedi hamon kechagi hikoya ta’sirida yurgan xayolparast Mohira.
— Shuning gapiga ishonib oʻtiribsanmi? Gʻirt yolgʻon-ku hamma gapi. Togʻasiyam Muzaffarga oʻxshagan lofchi ekan. Togʻa-jiyanlarning tuprogʻi bir joydan olingan ekan chogʻi, — dedi Asqar beparvogina.
— Men moʻ’jizalarga ishonaman. Aytishlaricha, har bir narsaning tayanch nuqtasi boʻlarkan. Oʻsha tayanch nuqtani topsa hatto yer shariniyam koʻtarish mumkin. Fantastik asarlarda insonlar oʻtgan asrlarga yoki kelajakka oʻtib qolish hollari hikoya qilinadi. Ba’zi olimlar vaqtni orqaga qaytarish mumkin deb hisoblasharkan. Buning uchun esa Yer oʻqining markazini topish kerak ekan. Ikkinchi jahon urushi paytida Germaniya qoʻshinlari magʻlubiyatga uchray boshlagan vaqtlari Gitler olimlarga vaqtni orqaga, gʻalabalar nashidasini surib yurgan davrga qaytarish uchun Yer oʻqi joylashgan nuqtani topishni buyurgan ekan. Buning uchun olimlar oʻsha joy Hindistonda boʻlishi kerak deb ekspeditsiya uyushtirgan, ammo noma’lum sabablarga koʻra ekspeditsiya halokatga uchragan ekan. Balki Muzaffarning togʻasi sayyoralar aro qoʻyilgan samoviy koʻprikka duch kelib qolgandir. Mening shunga ishongim kelyapti. «Xudoyi yoʻli» degan turklar ishlagan kinoni koʻrganmisan. Undagi qahramonlardan biri Ollohning inoyati bilan bir kunda Makkayu Madinaga borib haj ziyoratini bajarib qaytadi. Ha, Asqar, bu dunyoning biz bilmagan sir-sinoatlari koʻp. Biz aqlimiz deymizmi, yoki tafakkurimizmi idrok etolmaganligi uchun bu sinoatlarni «gʻirt yolgʻon» yo boʻlmasa «Fantastika» deb qoʻya qolamiz-da, ortiqcha bosh qotirishni istamaymiz. Mana, anuv «togʻa»ni olaylik, u oddiygina shofyor boʻlsa ham, mayli, lofchi, yolgʻonchiyam deya qolaylik, ammo baribir bolalar ongida allaqanday bir ajib iliqlikmi, hayratmi, shunga oʻxshash taassurot uygʻotoldi-ku, axir. Endi bolalar ancha vaqt oʻsha kayfiyat ta’sirida yuradilar, sir-sinoatlardan hayratlanadilar, bu sinoatlarni yechish orzusida tafakkurini ishga sola boshlanadi, deya gapini tugatdi Mohira.
— Qoyil! Olim boʻp ketarsan-a, — chapak chaldi Asqar. – Men esa real hayot bilan yashashni istayman. Mana men, sen, mana bu qoʻlimdagi pichoq bular bari bor narsalar. Hozir pichoqni qorovulga oʻtkirlatishim va sen ovqat pishirishing, men esa choy qaynatishim kerak. Pichoqni qayratib kelgunimcha orzularing bilan yashab tur, — deya kulib nari ketdi u.

Birozdan soʻng pichoqni qayratib kelgan Asqar qizning xomushligini koʻrib hazillashmoqchi boʻldi.
— Oʻtkirligini qara, Mohi. Naq odam soʻyadigan pichoq boʻptida.

Kayfiyati tushib ketgan Mohira jahldan qizarib ketdi.
— Nima! Hali odam ham soʻysang kerak, gaping bunaqa boʻlsa?
— Yoʻq, yoʻq. Nega endi? Xudo saqlasin. Shunchaki hazil qilib gapiruvdim, — kalovlandi Asqar.
— Haziling qursin!

Mohira shunday deya tez-tez yurib shiyponga kirib ketdi.

Voqeaning bunday tus olishini kutmagan yigitcha birdan ma’yuslanib, oʻz-oʻzini yomon koʻrib ketdi.

«Endi u yana qaytadan meni yomon koʻrib qoldi». U qoʻlidagi koʻziga baloday koʻrinib ketgan pichoqni oʻchoq boshiga otib tashladi, xuddi hammasiga pichoq aybdorday. Soʻng koʻngil gʻashligini ketkazish uchun shiypon yonidagi bogʻda tentiray boshladi. Allaqachon mezon kirib qoʻyganiga qaramay bogʻ hali yam-yashil edi. Yengilgina shabada yaproqlarni ohista tebratar, qushlarning chugʻur-chugʻuri bogʻning osoyishtaligiga biroz rahna solib turardi. Haliyam bolaligi qolmagan Asqar choʻntagidan rogatka chiqarib daraxtdagi qushlarni nishonga ola boshladi. U endi nishonga otaman deb turganda qush pirr etib uchib ketdi-yu, quyuq barglar orasidan bir dona qip-qizil olma koʻzga tashlanib qoldi. Asqar daraxtga chiqib shuncha bolaning koʻzidan yashirinib qolgan bogʻdagi soʻnggi mevani avaylab uzib oldi.

Bolalar bogʻning tit-pitini chiqarib yuborishgan edi. Qandaygina bu olmani koʻrmay qolishdiykina? Yana yashil barglar orasida qip-qizil boʻlib turgan boʻlsa. Shu oʻylar bilan u olmani yengi bilan artib tozalab yemoqchi boʻldi. Ammo u darrov fikridan qaytdi. Mohirasiz tomogʻidan olma oʻtmasligini his qildi va birdan miyasiga kelgan fikrdan suyunib ketdi.

«Balki bu olma Mohira aytgan moʻ’jizalardan biridir. Faqat oddiyroq, balki juda oddiy moʻ’jizadir. Men bu moʻ’jizani unga olib boraman». Uning vujudini allaqanday bir tushunarsiz shodlik egallab oldi va shiyponga qarab yugurdi.
— Mohira, Mohi. Manavini qara.
— Vuiy, muncha chiroyli. Qaerdan olding?
— Anavi daraxtdan. Barglar yashirib turgan ekan. Ol. Bu senga.
— Oʻzing yemaysanmi?
— Yoʻq. Yegim kelmadi. Chiroyli olma ekan. Olaqol.

Oq sariqqa moyil qizning yuzlari qoʻlidagi olmaday qizarib ketdi. U olmani aylantirib koʻrarkan: «Ha, chindanam juda chiroyli ekan. Yeyishga odamning koʻzi qiymaydi-ya», — dedi va mayin jilmayib yigitga qaradi.

Bu jilmayish shunday begidir, shunday ma’sum, shunday pok ediki, inson qalbini-da bunday chuqur samimiyat bor ekan, Yer kurrasi oʻz oʻqidan chiqib ketmasligiga, begʻubor osmonda quyosh mangu porlab turaverishiga ishona boshlaysan kishi.