OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMehriniso Qurbonova
Asar nomiDunyo goʻzal (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Mehriniso Qurbonova
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm7KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Dunyo goʻzal (hikoya)
Mehriniso Qurbonova

Bahorning ilk kunlari edi. Atrofdan pushtirang, oppoq boʻlib gullagan daraxtlarning muattar hidlari taralib turardi. Har kuni ikki tomoni chinor, akatsiya daraxtlari soya tashlagan yoʻlakdan yurib ishga ketaman. Boshqa yaqin yoʻllardan oʻtib borishim, vaqtimni biroz boʻlsa-da tejashim mumkin. Ammo aynan men uchun qadrdon boʻlib qolgan yoʻlagimdan oʻtib, manzilga yetish osonroqdek tuyuladi, tinch, sokin, odam kam yuradigan yoʻlakdan avtobus bekatigacha ovoz chiqarib oʻzing bilan oʻzing bemalol suhbat qilishing mumkin.

Birinchi boʻlib yoʻl chetida mudrab oʻtiradigan etikdoʻz boboni koʻrardim. Endi uning joyi boʻm-boʻsh. U yaqinda bu yorugʻ dunyoni tark etgan.

Bugun ham yoʻlakdan shoshilib, tez-tez yurib borardim. Koʻm-koʻk oʻtlar ustida yotgan erkak kishiga koʻzim tushdi. «Birontasi ichib olib dumalab yotgandir-da» desam, yoʻq... yuragini changallab ixrab yotgan chol ekan. Yoʻlakda birpasda odam toʻplanganligidan taajjubga tushdim. Inson zoti qiziq, hayotning yo shodon, yo gʻamboda kunlarida darrov toʻplana qoladi. Lekin ularning koʻpchiligi shunchaki tomoshatalablar edi.

«Tez yordam» chaqirish kerak! — Chap tomonda qator boʻlib saf tortgan toʻrt qavatli uylar tomon yugurib ketdim. Yaqinrogʻining yoʻlagiga kirib toʻgʻrimdagi xonadon eshigini jon-jahdim bilan taqillata boshladim. Koʻz oʻngimdan yuragini changallab yotgan odamning qiyofasi ketmas, «tez yordam» kelgunicha oʻlib qolmasin-da, deya eshik ochilishini kuta boshladim.

Xayriyat, qadam tovushlari eshitildi. Eshikni ochgunlaricha otam zamon vaqt oʻtib ketgandek boʻldi. Shu payt eshik zanjiriga qoʻllar tegdi. Va shunday asabiy tarzda ochildiki, hozir tamom boʻlaman, deb oʻyladim. Tizzasigacha kalta ishton kiygan, koʻzlari xiyol qizargan qirq besh yoshlardagi erkak roʻparamda vajohat bilan qomatini kerib turardi. Nazarimda, biroz kayfi bor, oʻqrayib tikilganini koʻrib oyogʻimdan majolim qochdi. Ammo uning roʻparasida qad rostlamay ilojim yoʻq edi.
— Odam oʻlyapti! — dedim hovliqib. — Yuragi kasal shekilli... «tez yordam» chaqirish kerak. Iltimos, telefon qiling!

Xonadon egasi eshigini qanday vajohat bilan ochgan boʻlsa, oʻsha tarzda yuzimga taraqlatib yopdi. Men boshqa xonadon eshigini taqillatishga majbur boʻldim. Hayriyat, insofli kishilar ekan, darhol qoʻngʻiroq qilishdi.

Ortimga qaytib kelsam, chol olamdan oʻtibdi. Yuragim gup-gup urib, «Xudo rahmatiga olgan boʻlsin», deya ohista pichirladim. Peshonasida koʻchada oʻlib qolish yozigʻliq ekan-da. Toʻplanganlar afsus bilan bosh chayqashar, kimdir melisani chaqirish kerak, desa, yana kimdir choʻntagidan hujjatini olib yashaydigan manzilini aniqlash kerak, derdi.

Hassasini toʻqillatib shu joydan oʻtib ketayotgan bir moʻysafid biz tomonga keldi, zoʻrgʻa choʻkkaladi. Oʻlikning ochilib qolgan yuzlarini siypalab yopdi. Yosh yigitlardan biri marhumning ancha narida yotgan sumkasini olib keldi.

Chalqancha yotgan marhumga bir zum termulib qoldim. Qoplama tishlari yonginasida yotar, yuzi, lablari koʻkara boshlagan edi. Kimdir achinyapti, koʻzlari bejogina yigit bechora cholning choʻntagini kovlab hujjat qidirish bilan ovora, kimdir ishga kechikayotgani uchun xuddi oʻlik aybdordek nimalarnidir toʻngʻillaydi, lekin bir qadam joyidan jilgisi yoʻq.

Cholning choʻntagidan hujjatlari chiqdi. Koʻzlari bejo yigitning nimanidir choʻntagiga solganiga koʻzim tushdi, nimaligini esa bilolmadim. Ammo tillarimga mix qoqib qoʻyilgandek ogʻiz ocholmasdim. Kimdir sergak tortdi, kimdir piqillab yigʻladi, yana kimdir marhumning yaqinlarini izlab ketdi.

Birov uyiga ketar, birov ishiga shoshilar, yana birov esa «tez yordam» yoki melisa kelmayotganligidan nolishga tushdi. Shu chogʻ odamlarni kuzata turib, eng ortda turgan ayolga koʻzim tushdi-yu, seskanib ketdim. Oʻttizlarga ham yetmagan bu xonim ikki koʻzi oʻlikda-yu, zoʻr berib muzqaymoq yalardi. Uning shu tobda muzqaymoq yalashidan jirkandim va yuzimni chetga burdim. Ayol haqida «oʻz yaqinlarining oʻlimini ham shu tarzda shirinlik yalab kutib olsa kerak», degan xulosaga borib qoʻya qoldim.

Hammayoqni larzaga keltirib «tez yordam» mashinasi yetib keldi. Chol endi ularning yordamiga muhtoj emas. «Bilganlaringni qilinglar» deyayotgandek bemalol yotardi.

Cholni olib ketishdi, shundan soʻng hammamiz tarqalib ketdik.

Kunlar oʻtdi. Bu yoʻlakdan har kuni oʻtaman. Goh ishga, goh bozorga... lekin chol olamdan oʻtgan joyni bosib oʻtishga sira haddim sigʻmaydi. Hamisha sal nariroqdan oʻtishga harakat qilaman. Oʻsha joyni bosib toptab oʻtayotganlarni koʻrib, «sal nariroqdan oʻtinglar» deb yuborishdan oʻzimni zoʻrgʻa tiyaman. Ularda ayb yoʻq. Bu yerda nima voqea boʻlganligini bilishmaydi ham.

Ichimda bir sado bor: «Sening nima ishing bor? Bu joy sening shaxsiy mulkingmidi? Xoʻsh, shu bir parcha joyda odam oʻlgan boʻlsa nima boʻpti? Ilgari ham oʻlgan, bundan keyin ham oʻladi. Bu dunyoda odamning joni uzilmagan joy bormi oʻzi? Indamay yoʻlingda davom etaver!»

Botinimdagi hissiyotlarga qarshi bosh koʻtara olmas edim, izmidan yurishga majbur edim. Kimdir bu yoʻldan gul koʻtarib oʻtadi, kimdir pul koʻtarib oʻtadi, kimdir muhabbatga sarxush boʻlib oʻtadi, yana kimdir bolaligini, yoshligini eslab ogʻir nafas olib oʻtadi. Kunlar, faqat kunlargina yer yuzidagi barcha holatu manzaralarga xotirjam alfozda loqayd nazar tashlab turaveradi.

Odamlar oʻtaveradi, kunlar-da oʻtaveradi. Men boʻlsam, bu oʻtmishlarning har birida oʻziga xos taqdirlarni koʻrardim. Ayniqsa, oʻsha kungi voqea ong-shuurimga allaqachon oʻz muhrini bosib boʻlgan, oʻlgan odamning choʻntagini kovlayotgan koʻzlari bejo yigit, muzqaymoq yalayotgan yashil durrachali xonim, marhumning manzilini izlab ketayotgan odamlarning chehrasi — birma-bir namoyon boʻlaverar edi. Har gal shu joydan oʻtayotganimda, chol bandalikni bajo keltirgan bir parcha joyga xayrixohlik nazari bilan termular edim. Kim edi u? Yuragi kasal, ancha keksa boʻla turib ogʻir sumka koʻtarib yurishga tirikchilik majbur qildimi? Farzandlari bor edimi yoki yakkayu yolgʻizmidi? Qabri tepasida «otam-ov» deb yigʻlab turadigani bormidi, yoʻqmidi?..

Yomgʻirlarni goh shivalatib, goh sharros quydirib koʻngilsiz xotindek bahor ham oʻtib ketdi. Kimdir boyagi joyda mast boʻlib dumalab yotdi, yana kimdir charchab dam olgani oʻtirdi. Kimdir qiz quchoqlab oʻtdi, kimdir qovjiragan oʻtlarni supurib-sidirdi.

Yoz kunlarining birida meni jimgina tinglaydigan yoʻlagimdan oʻtib borar ekanman, koʻzim aynan oʻsha joyda yigʻlab turgan toʻrt-besh yoshlardagi bolaga tushdi. U ovozini baland qoʻyib yigʻlayapti. Qoʻlida shirin makkajoʻxori qalamchalari toʻldirilgan quticha. Bolakay tinimsiz yigʻlar, quyosh quyuq daraxtzorlar orasidan uning boshiga bor boʻyicha yogʻdularini tushirib olgan, atrof allaqanday rango-rang nurlardan yorishib ketgandek edi. Oʻynab yurib adashib qolgan bolakay tomon yaqinlashdim, chol oʻlib qolgan parcha joyni bosishga majbur boʻldim. Bolaning koʻz yoshlarini artdim, yupatdim, u jim boʻldi. Qoʻlchalaridan ushlab u yashaydigan uy tomon yurib ketdik. Oʻsha kungi voqeadan soʻng oʻzimni birinchi marta yengil his qildim.