OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMehriniso Qurbonova
Asar nomiMuhabbat dorisi (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Mehriniso Qurbonova
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm7KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Muhabbat dorisi (hajviya)
Mehriniso Qurbonova

Dorixonaga oʻttiz yoshni qoralagan, barvasta, yuz-koʻzlarida, ochiqrogʻi, butun avzoyida karaxtlik, uyqusizlik alomatlari yaqqol sezilib turgan bir yigit kirib keldi.
— Xoʻsh, xizmat? — dedi dori sotuvchi ayol.
— Iltimosimni rad etmang. Menga oyogʻimni tinchgina uzatib oʻlishim uchun biron dori bersangiz. Qiynalmasdan jon beray...
— Siz mabodo jinnixonadan qochmaganmisiz?
— Yoʻgʻ-e, Xudo asrasin. Qaysi dorixonaga kirsam, shu savolni berishayapti.
— Iltimos, dorixonadan chiqing, — dedi ayol boshiga qattiq ogʻriq kirganini his qilib. — Soʻng navbatdagi mijozga yuzlandi. — Mana, onaxon, sizga oshqozon dorisi. Kuniga uch mahal ichasiz. Qaytimini oling. Arzimaydi. Xayr! Chiqing, deyapman. Siz bilan valaqlashib oʻtirishga sira toqatim yoʻq.
— Sizga hech qanday zararim tegmaydi. Olaman-u, koʻzdan gʻoyib boʻlaman.
— Qaysi ahmoq sizga bizning dorixonada odam oʻldiradigan zahri qotil bor, deb aytdi?
— Yoʻgʻ-e, nimalar deyapsiz, singlim. Hech kim, hech qachon bunday demagan. Iltimos, quloq soling. Sizlarda qandaydir... hm, shunaqa dori topilmaydimi?.. Bir zamonlar tabiblarda boʻlgan-ku, masalan, Zaynab Kumushbibining ovqatiga zahar qoʻshib ichirgan, deyishadi. Ichasan-da, darhol barcha zamzamalardan qutulasan...
— Essiz?!
— Ha?
— Qodiriyni oʻqigan odam hayotning arzimas tashvishlariga chidash bera olmay, oʻlim chorasini izlab yursa? Hah, essiz odam-a... Otaxon, mana, sizga bosh ogʻrigʻi dorisi. Kuniga uch mahal ichasiz. Xayr!
— Xoʻp, men ketdim. Sizdan biron yorugʻlik chiqmas ekan.
— Hoy, shoshmang, nahotki oʻlim dorisini topishingizdan yorugʻlik chiqsa? Oʻlimning boshqa chorasi yoʻqmi? Oʻzini oʻldiradigan odam hech qachon dori izlab, shahar kezmaydi. Sizga oʻlim yoʻq! Oʻlim sizdan qochayapti! Siz oʻlimga kerak boʻlganingizda, allaqachon oʻzi kelib, olib ketar edi...
— Balosiz! Sizga ochigʻini aytaqolay, ba’zan shunday boʻlib qoladi, hech qaerga sigʻmayman. Hech kimsani koʻrgim kelmaydi. Keyin... Mana shunday dorixonalarni izlab, dori axtaraman. Kimdir kuladi, kimdir achinadi, yana birovi koʻnglimni koʻtaradi.
— Siz yengiltak, takasaltang odamsiz!
— Rahmat!
— Siz qoʻrqoqsiz!
— Yashang, besh ketdim!
— Siz baxtsiz odamsiz!
— Kechirasiz...
— Chiqing bu yerdan! — dedi ayolning figʻoni falakka koʻtarilib. — Siz bilan valaqlashishdan boshqa ishim yoʻqmi?

Yigit ayolga bir zum sassizgina termulib turdi-da, soʻng eshikni qarsillatib yopib chiqib ketdi. Ayol mijozni xafa qilib qoʻygani uchun oʻzidan ranjidi va joyiga oʻtirayotib, dorilar solingan quti ustida qora charm qoplangan erkaklar sumkasini koʻrdi. Boyagi yigit unutib qoldirgan. Ha, ana oʻzi kelayapti! U, oynavand derazadan oʻng-soʻliga qaramay, dorixona tomonga shoshib yelardi. Shu chogʻ ayolning xayoliga nogahon bir fikr keldi-yu, uni tavakkaliga amalga oshirish mumkinmi-yoʻqligi, haqida oʻyladi.
— Mana, sumkangiz, — dedi ayol. — Unutib qoldiribsiz. Kechirasiz-u, siz bir ayolni baxtli qilishga qodir, kelishgan erkaksiz. Lekin oʻlim dorisini axtarib yurganingiz sira aqlga toʻgʻri kelmayapti.
— Yoʻq, men uni baxtli qila olmadim, — dedi yigit afsus bilan bosh chayqab. — Xotinimni aytayapman. U bilan uch oy ham yashamadim. U: «Siz bilan umrimni oʻtkazsam, jinni boʻlib qolaman», — dedi.
— Nega?
— Men afgʻon urushi qatnashchisiman. Urushda koʻplab odamni oʻldirishga toʻgʻri keldi. Urush olib qolganida... yoʻq, u men bilan birga qaytdi. Vafodor xotindek har kuni bagʻrimga boshini qoʻyib yotadi, tushlarimga kiradi, kechalari uyqu yoʻq. Dori izlab, tunlari shahar kezaman. Bu dori hech qaerda yoʻq. Oʻsha yoqlarda oʻlib ketganim yaxshi edi, lekin oʻlim ham mendan qochdi. Menga otilgan oʻqlar boshqalarga tegdi, menga qazilgan chohlarga oʻzgalar yiqildi. Shoʻrlik onam mening dogʻimda oʻldi, otam toʻshakda kasal, suygan xotinim tashlab ketdi. Ketganida ham barcha aybni oʻz boʻyniga olib ketdi. Koʻr boʻlib, choʻloq boʻlib qaytganimda ham chidab yashar edi. Lekin oʻlim dorisini izlab yurishimga sira toqat qilolmadi.

Ayol dorilar qoʻyilgan uzun ustolni aylanib oʻtdi va yigitga bir piyola choy uzatdi. Xayolidagi rejani amalga oshirish payti tobora yaqinlashayotgan edi.
— Men sizga yordam berishim mumkin, — dedi ayol xushmuomalalik bilan. — Bizda oʻlim dorisi sotilmay qoʻyilganiga koʻp yillar boʻldi. Siz oʻlim dorisini izlab, behudaga vaqtingizni oʻtkazayapsiz, yaxshi yigit. Axir, bu yerga har kuni umrni uzaytiradigan, qomatni saqlaydigan, ajin tushirmaydigan, ozish, semirishga qarshi dorilarni soʻrab, oʻnlab odamlar kelishadi. Istasangiz, men sizga kamyob bir dori topib beraman. Bu dori hayotingizni butunlay oʻzgartirib yuboradi. Urush sizni tark etadi, otangiz tuzaladi, xotiningiz bagʻringizga qaytadi va baxtli hayot kechira boshlaysiz.
— Rostdanmi? — yigitning koʻzlariga uchqun indi. — Sizga ishonsam boʻladimi? Qanday dori ekan u?
— Bu — «muhabbat dorisi», — dedi ayol ishonch bilan. — Siz meni birpas kutib turing, xoʻpmi?

Ayol shoshib ichkari xonaga kirdi. Dorilar hidi gupirib turgan xona oʻrtasida bosh changallab, bir zum serrayib turdi. Nima uchun shu ishni qilayotganiga sira aqli yetmas, birovni koʻr-koʻrona ishontirishga urinayotganidan oʻzi sarosimaga tushayotgan edi. Biroz oʻziga kelgach, doridan boʻshagan boʻsh shishani olib, sovuq suvga toʻldirdi. Bolalarning shirin hapdorisidan ikkitasini qogʻozda yaxshilab ezib, shishaga soldi. «Uni faqat shu yoʻl bilan davolash mumkin, — dedi ayol ichida. — Ey Xudo oʻzing kechir, uning dardiga davo ber», — deya tavallo qildi.
— Mana, sizga oʻsha dori, — dedi ayol yigitning yoniga qaytib. — Har kuni uyqudan oldin ichasiz.
— Men sizga qanday minnatdorchilik bildirsam ekan? — dedi yigit kalovlanib. — Bahosi necha soʻm?
— Uyqudan oldin dorini ichayotganingizda, hamma narsani unuting, — dedi ayol. — Koʻz oʻngingizda faqat suygan ayolingiz namoyon boʻladi.
— Xoʻp, — dedi yigit. — Bahosini ayting.
— Urush qatnashchilariga tekinga beriladi, — dedi ayol qat’iyatlik bilan. — Esingizda boʻlsin, faqat bir marta beriladi.

Yigit oʻjarlik qilib: «Bepul olmayman», — deb turib oldi. Shundan soʻng ayol ogʻziga kelgan arzimas bahoni aytishga majbur boʻldi.

Bir haftadan soʻng dorixona eshigi yonida «muhabbat dorisi»ni sotib olgan yigit paydo boʻldi. Qoʻlida chiroyli guldasta. Yigit hayajonini bosishga urinib, ichkariga kirdi va peshtaxta ortida unga «muhabbat dorisi»ni taqdim etgan lobar ayol oʻrnida yuzlarini ajin qoplagan, sochlari oqarib ketgan keksa xotinga koʻzi tushdi. Ayol boshini egib, nimadir tikibmi, oʻqibmi oʻtirgancha, loaqal yigitga razm ham solmadi.
— Kechirasiz, onaxon, bir hafta ilgari kelganimda, bir yosh ayol bor edi. U — bugun kelmadimi?
— Yoʻq, — dedi ayol bosh koʻtarmay. — U endi kelmaydi.
— Boʻshab ketdimi? — dedi yigit astoydil kuyunib. — Manzilini bilmaysizmi?
— Yoʻq! — dedi ayol yana bosh koʻtarmay.
— Agar u kelsa, iltimos, manovi guldastani unga bering. Bir hafta mobaynida «muhabbat dorisi»ni ichib boʻlgandan soʻng... xotinimni emas, faqat uni oʻyladim. Unga ayting, oʻzimni juda yaxshi his qilayapman. Unga... uni yaxshi koʻrishimni va izlayotganimni ayting. Aytasizmi?

— Aytaman, — dedi ayol titroq ovozda. — Albatta aytaman!..