OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMengziyo Safarov
Asar nomiTogʻlarda gulxan yonadi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Mengziyo Safarov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm12KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/11/15
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Togʻlarda gulxan yonadi (hikoya)
Mengziyo Safarov

Yilqilar choshgohga borib holdan toydi. Ular yolgʻiz oyoq yoʻldan boshlarini egganicha, bir-bir qadam tashlab borishardi. Ertalab uzoq safarga otlanishayotganda ancha-muncha nagʻma koʻrsatgan ikki yosh aygʻir ham hovuridan tushgan, ba’zan biron yilqi yaqin kelib qolgandagina gʻujuri koʻtarilib, soʻqmoqdan chiqar, boshini koʻtarganicha bor ovozi bilan kishnashardi. Aygʻirlar hushyor kelayotgan Azimning amirona qichqirishidan soʻnggina tinchlanishardi. Uning yordamchisi Samad ham charchagan boʻlib, otlarni qistamas, ularni oʻz holiga qoʻyib, egarga bir yonbosh boʻlib oʻtirganicha Azimning toʻngʻich oʻgʻli Kamol bilan gap tashlashib kelardi.

Kamol oʻtgan yili maktabni tugatib, oliy oʻquv yurtiga kirmoqchi boʻlib, Termizga borgan edi. Biroq u tavakkal ish tutmadi, oʻz imkoniyatini chamalab koʻrib, qurilish texnikumiga hujjat topshirdi. Oʻgʻlining qanday kasbni tutishi, qaysi oʻqishga kirishi Azim uchun bari bir edi. U oʻgʻlining xohish-istagi bilan qariyb qiziqmasa ham butun erkni uning oʻziga berib qoʻydi. U faqat, oʻgʻlim oʻqishni istabdimi, oʻqisin, boʻyinsalaridan ortda qolib, koʻngli oʻksimasin, deb oʻyladi. Shuning uchun ham Kamol oʻqishga kirib, uyga xursandchiligidan terisiga sigʻmay kelganida ham pinagini buzmadi. Aksincha oʻgʻlini yengiltaklikda aybladi. Kamolning mamnun va baxtiyor koʻzlariga tik qarab:
— Hey, oʻgʻlim, nimasiga muncha sevinasan, oʻqishga kiribsan, yaxshi. Lekin oʻqishning togʻ odamiga nima nafi bor? — dedi oʻsmoqchilab. — Ota-bobong, inchunun, men ham oʻqimay bir kunimizni koʻrib yuribmiz.

Otaning bu gaplari Kamolning hafsalasini pir qildi. U to shaharga qaytguncha oʻzini otasidan olib qochib, yotsirab yurdi.

Bu yil yozgi ta’tilga kelgan Kamol Azimning koʻziga boshqacha koʻrindi. Boʻyi choʻzilgan, yuziga husnbuzarlar toshganidan uyalib, oʻzini noqulay sezishi, koʻzlarida ilgarilari payqamagan qandaydir parishonlik otaning koʻnglini yumshatdi. U endi ich-ichidan qishloqdagi yigitlardan kiyinishi, yurish-turishi bilangina emas, balki xulq-atvori bilan ham alohida ajralib turadigan oʻgʻliga koʻpchilikning havasi kelayotganini sezmasdan iloji yoʻq edi. Kecha esa yaylovga, men bilan borasanmi, deb soʻraganida oʻgʻlining ikkilanmasdan rozi boʻlganini koʻrib, unga boʻlgan ixlosi va mehri yana oshib ketdi. U ortda Samad bilan hangomalashib kelayotgan Kamolga oʻgʻrincha nazar tashlarkan, qalbida otalargagina xos gʻururli hayajon toshganini his etardi.

Samad esa uzoq safarda hamroh topilganidan xursand boʻlib, Kamolni savollarga koʻmib kelardi.
— Ayt-chi, shahar yaxshimi, togʻ?
— Kimga qanday. Bu — Oʻrganishga bogʻliq.
— Men sendan soʻrayapman.
— Mengami? Albatta, togʻ yaxshi.
— Ana koʻrdingmi? — derdi Samad ma’nodor boqib, suhbatdoshining nozik joyidan tutgan kishidek. — Hech yer toqqa kelmaydi...
— Lekin shahar ham oʻrganganga yaxshi.
— Aytaylik, sen oʻrganding. Oʻsha yerda qolasanmi?
— Yoʻq.
— Ana shu-da, — ta’kidlaydi Samad.

Kamol qamchi dastasi bilan yelkasini qashiydi. Koʻzlarini pirpiratib olgʻa, suruvni boshlab borayotgan otasiga qaraydi. Samad yana uni gapga tutadi:
— Oʻqishni tugatganingdan keyin kim boʻlasan?
— Kuruvchi.
— Nimalar qurasan?
— Binolar... — Kamol mujmal javob beradi. Hamsuhbatining ezmaligi uni zeriktiradi. Otni qistaydi va dam oʻtmay gap mavzuini oʻzgartirish uchun soʻraydi:
— Kechalari togʻlarda sovuq boʻlsa kerak?
— Oʻzing bilasan-ku.
— Soʻrayapman-da.
— Togʻ shamolidan hali lablaring tars-tars yorilib ketadi.

Kamol beixtiyor lablarini yalaydi:
— Kechalari gulxan yoqamiz, rosa gurillatib.

Oradan chorak soat oʻtgach, archazor oʻrmon boshlandi. Kamol uzalib, archa pyuxini sindirib olib, hidlaydi.
— Hoy, Samad aka, archa solib tandir kabob qilib berasizlarmi?
— Otang rozi boʻlsa biz hamisha goʻshtxoʻrlikka tayyormiz.
— Senga yotib yeyish boʻlsa bas, Samad, — dedi Azim yon tomondagi archa shoxlarini koʻllari bilan yorib, otda chiqib kelarkan. — Yeganlaring kabob boʻlsin.

Kamol otasining tantiligidan sevinib ketdi.
— Otlarni ildamroq haydanglar, — dedi Azim yigitlarga, — qosh qorayguncha Zarkosaga yetib olaylik. Oʻtin-poʻtinni kun yorugʻida termasak, momolaring tayyorlab qoʻygani yoʻq u yerda. — U shunday dedi-da, otini yoʻrttirib, oldingga oʻtib ketdi.

Zarkosa — togʻning eng baland choʻqqisi. Uning etaklari ancha tekis boʻlib, yilqilarni yozda boqish uchun juda bop yaylov edi. Yilning hamma fasllarida bu yerda kuchli shamollar boʻlib turadi. Yozning oʻrtalarida ham uning yonbagʻirlaridagi baland archazorlar tagida qor erimaydi. Shamol turgan paytlarda esa chor-atrofdagi oʻrmon vahimali shovillaydi. Qordan endigina boʻshagan soya-salqin yerlarda ba’zan boychechaklar koʻzga chalinib qoladi. Boʻtakoʻzlar esa butun sayhonlik, archalar orasidagi ochiq maydonlarda gilamdek sargʻayib yotadi. Bu yerda qish bilan saraton qoʻshni yashaydi. Kunduzi yoz boʻlsa, kechasi qish. Kunduzi koʻkragini shamolga berib maykachan chopib yurgan kishi, kechasi poʻstinda sovqotadi. Kamol shaharda yurib ana shu tez oʻzgaruvchan manzara va daqiqalarni sogʻingan edi. U hali uzoqdan Zarkosa choʻqqisining qoʻrgʻoshin rangli yelkalariga koʻzi tushishi bilan bolaligidan aziz boʻlib qolgan shu yovvoyi tabiat quchogʻiga qaytganidan shodlanib ketdi.

Otasi bilan Samad qoʻshxona tiklashga kirishib ketishganda, Kamol archazor oralab yurardi. Usti sargʻayib, gard va barglar bilan qoplangan qorni gʻarch-garch bosib borarkan, archa va boshqa turli giyohlarning hidini huzur qilib sipqorardi. Quyuq oʻrmonzor ichiga kirgach, qalin qor ustiga choʻkkalab oʻtirdi va qorni kovlab, toza yeridan bir changal olib kappaladi.

Qoʻshxonaga qaytib kelganida Samad uning qoʻlidagi qorni koʻrib:
— Hoy, nodon, qor yema, bu yerda tomogʻingni davolaydigan doʻxtir xolang yoʻq, — deb kalaka qildi.
— Nima, shaharda yurib noziklashib ketgan, deb oʻylayapsanmi bizning oʻgʻilni, — dedi Azim brezent chodirning uchidagi ipni qoziqqa tortib bogʻlarkan.

Kamol bu hazil gaplarga ham, atrofini oʻrab turgan archalarga ham; choʻqqilar, allaqachon yaylovga yoyilib, bosh koʻtarmay koʻkat kavshayotgan yilqilarga ham boqib toʻymasdi. Kamol xurjundan arqon va boltani oldi-yu, chopqillaganicha oʻrmon ichkarisiga kirib ketdi.

Kech kirdi. Atrofdagi archalar qorongʻilik ta’sirida kichraygandek, yarim beligacha togʻ bagʻriga kirib ketgandek, endi esa togʻ oʻrkachlari va ular ustida osilib turgan yulduzli osmon sadobatli boʻlib qoldi. Kamol oʻrmon ichidan qurigan shox-shabbalarni orqalab tashidi. Soʻngga marta otasining: «Bas, yetar», degan e’tiroziga ham qaramasdan Samad bilan borib katta archa shoxini sudrab keldi. Shundan soʻng ochiq joyda gulxanga oʻtin qaladi. Samadning toqati toq boʻldi.
— Yoqsang, yoq-da, — dedi zorlanib.
— Hali barvaqt, soat toʻqqiz boʻlsin. — Kamol tunda raqamlari yonadigan soatiga qaradi.

Kamol roppa-rosa toʻqqizda gulxanni yondirib yubordi. Nonushta qilishayotgan Azim bilan Samad dastlab dasturxon boshida bamaylixotir oʻtirishdi. Keyin alanganing qizgʻish tillari tobora yuqoriga oʻrlagach, dasturxonni sudrab orqaga chekinishdi. Birpasda atrof yorishdi. Qorongʻida kichrayib koʻringan archalar yana salobatli boʻlib koʻrindi.
— Oʻrin solinglar, men yilqilardan xabar olib kelay, — deb qoʻzgʻaldi Azim nonushtadan soʻng.

Kamol gurillab yonayotgan gulxanga oʻzini toblar va yiroqlarda, archalar ortida koʻrinayotgan vodiydagi son-sanoqsiz chiroqlarga tikilar edi.
— Hoy, bola, nega qaqqayib qolding, — Samad uning yelkasiga turtdi.
— Mana, bu uchqunlar anavi chiroqlarga oʻxshaydi-ya, — dedi talmovsirab Kamol. — Samad aka, Denov shahri qaerda, bir koʻrsating?
— Denovnimi? Hu ana, gʻujja chiroqlar yonyapti-ku, oʻsha. Nima edi?
— Oʻzim, shunday.
— Menga qara, — dedi sinchkovligi tutib ketgan Samad shahar nomini eshitib gumonsirab. — Shahardan birontasini topdingmi, deyman?

Kamol yalt etib qaradi va Samadning nigohiga tob berolmay koʻzlarini olib qochdi.
— Ha, bolasi tushmagur, — Samad koʻrsatkich barmogʻini bigiz qilib oʻdagʻayladi. — Hali shunday de. Aytchi, ismi nima?
— Nimalar deyapsiz?
— Gapir, boʻlmasa otangga aytaman!
— Keyin... Ana, otam kelyapti...
— Boʻpti, lafzingda turasan-a?
— Xoʻp.

Samad zoʻrma-zoʻraki yoʻtalib, oʻrin sola boshladi.
— Men charchadim, uxlayman. Sizlar otlardan xabardor boʻlib turinglar, — dedi Azim va yechinmasdan sholchaning chetidagi oʻringa kirib choʻzildi.

Kamol bilan Samad gulxan atrofida oʻtirishar va Azimning uyquga ketishini kutishardi. Nihoyat, uzoq choʻzilib ketgan jimlikni birinchi boʻlib Samad buzdi:
— Qani, endi ayt.
— Sekin, eshitib qoladi, — shivirladi Kamol.
— Eshitmaydi, aytaver.
— Nima qizigʻi bor sizga?
— Ah-ha, hali aytmaysanmi?
— Aytaman dedim-ku. Hech kimga ogʻzingizdan chiqarmaysizmi?
— Odam emasman.
— Boʻpti... Ismi Oyxol.
— Oyxol? Yaxshi ism ekan. Oʻziyam oyga oʻxshaydimi?
— Kim biladi deysiz.
— Sevib qoldingmi?

Kamol yelkasini uchirdi.
— Ota-onasi yaxshi odamlarmi?
— U yogʻini surishtirganim yoʻq.
— Shaharning oʻzidanmi?
— Ha.
— Bechora ukam, shaharlik boʻlsa, tagʻin laqillatib yurgan boʻlmasin.
— Yoʻgʻ-e. Biz xayrlashayotganda kelishganmiz: men besh kun togʻda gulxan yoqaman, u esa qaraydi. Gulxanni koʻrib, mening yoqqanimga ishonadi.
— Ey, sodda ukam. Gulxaning nimasi? Nima, togʻda sendan boshqa kishi gulxan yoqmaydimi?
— Mening gulxanim hammasinikidan katta. Oʻzi aytgan: gulxan yoqasiz, men gulxanni koʻrib sizni koʻrganday boʻlaman, degan.
— Hozir mana, sen gulxan yoqding. Oyxol shunga qarab turganiga ishonasanmi?
— Ishonaman.
— Qiziq... Men ishonmayman.
— Siz siz-da. Men ishonaman. Xuddi hozir ham men bilan birga, meni kuzatib oʻtirgandek. Hu, chiroqlar koʻrinyapti-ku, shu chiroqlarning yorugʻida u ham men toʻgʻrimda xayol suryapti.
— Aynibsan, uka. Yoshing nechada?
— Oʻn sakkizda.
— Chindan ham goʻdak ekansan.
— Nega unday deysiz? — izzat-nafsi ogʻringan Kamol Samadni jerkib tashladi.
— Hali sirkang suv koʻtarmay qoldimi. Otangga aytsam-ku, mulla kilib qoʻyadi.
— Aytsangiz aytavering, qoʻrqmayman, — dedi Kamol.

Azim esa ikkalasining gurungini boshidan oxirigacha tinglab yotardi. Oʻgʻlining toqqa chiqishidan otasining koʻngliga qarab ish qilishidan oʻzga ham sabablari borligini endi anglagan boʻlsa-da, lekin bu sabablardan ranjimadi. Aksincha u oʻgʻliga nisbatan ilgarilari juda shafqatsiz boʻlganini his etdi. Kamol bugun uning koʻz oʻngida balogʻatga yetgan, oriyati kuchli, ajoyib yigit boʻlib gavdalandi. Demak, bir zamonlar oʻzini band etgan hayotning katta tashvishlari endi oʻgʻliga koʻchibdi. Bu hayot tashvishlarining ilk shabadalari shu yovvoyi togʻ choʻqqilariga oʻgʻli bilan hamroh boʻlib kelibdi. Samad bilan suhbatda ilk daf’a yolqinlangan oriyat oʻti uning koʻzlarida porlab turibdi. Ana shu oriyatni birinchi bor dadil turib himoya qildi. Oʻgʻlining dadilligi va jur’ati Azimni quvontirib yubordi.

— Samad, gaplaring muncha sovuq-a? — dedi u oʻrnidan turarkan. — Kamol, oʻgʻlim, gulxanga oʻtin tashla, gurillab yonsin, — Azim vazmin boʻlishga urinardi. — Sovqotdim...