OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMilorad Pavich
Asar nomiBuyumlarning asl holati (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Serb adabiyoti
Boʻlimlar
   - Simvolizm
Mualliflar
   - Milorad Pavich
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonGoʻzal Begim (Rus tilidan)
Hajm3KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Buyumlarning asl holati (hikoya)
Milorad Pavich

Urushning dastlabki yillarida Yugoslaviyada bir toʻp qochoqlar nemislar bosib olgan hududlardan chiqib ketishga urinishdi. Mamlakatning italiyaliklar zabt etgan qismida, hatto lagerlaridayam shimoli–sharqqa qaraganda ahvol birmuncha yaxshiligi koʻrinib turardi.

1942 yilning bahorida Albaniyaga qarab yoʻlga chiqqan qochoqlar orasida ikki nafar erkak va bir ayol bor edi. Ularning pasport va qolgan boshqa hujjatlaridagi rasmi, muhrlari risoladagiday boʻlsa ham yoʻl boʻyi koʻp qiyinchiliklarga duchor boʻlishdi. Erkaklardan biri – baland boʻyli, keksa kishini Prvud Balochevich deb atashardi. Yelkasida kabob sixiga oʻtkazilgan karamni koʻtarib, xayolchan va jim borardi. U yoʻl boʻyi daraxtlar bilangina hol-ahvol soʻrashdi. Ikkinchi qochoqning ismi sharifi pasport boʻyicha – Matiya Vrana, uning yoshini aniq aytish qiyin, beliga kamari ostiga ozroqqina baliq uni bogʻlab olgandi. Anastasiya Delyanovich ismli yosh va goʻzal ayolning yonboshida osilib tushgan ikkita uzun qoʻlqop bugʻdoy doni bilan toʻldirilgan. Uning pasportida homiladorligi qayd etilgan, bu koʻzga ham tashlanib turardi. Qochoqlar Rudnikdan oʻtib, Ibara vodiysi orqali Kosovoga qiyalab tushdilar. Dam olish uchun toʻxtashar ekan, bir dehqondan qaynagan suv olib, unga toʻgʻralgan karam, baliq unidan solib, shoʻrva tayyorlashdi. Qochoqlar Kosovodan olislashishar ekan, oyoq kiyimlarini yechib, orqasini oldga qaratib kiyishdi, moʻljaldagi yoʻlni yayov bosib oʻtishdi. Toqqa koʻtarilishsa, oyoq izlari togʻdan tushayotgan odamning izlariday boʻlib turardi. Biroq ularni tez orada qoʻlga tushirib, Italiyadagi uncha katta boʻlmagan suzish lageriga olib borishdi. Lagerni nemislarga xizmat qiluvchi mahalliy aholi qoʻriqlardi. Erkak va ayollarning hujjatlarini tekshirish uchun qandaydir markaziy nemis idorasiga joʻnatishdi. Bu lagerda qochoqlar oʻzlari koʻzlagandan ham uzoqroq qolib ketishdi, bu orada lager qutvoli, gornizondagi qoʻriqchilar bir necha marta almashindi.

1943 yilning oxirlarida ikki nafar erkak va ayolning lagerga kelishi haqidagi guvohnoma qoʻlga tekkanida ayol allaqachon farzand koʻrgandi. Balochevich va Vrananing hujjatlari Anastasiya Delyanovichnikiga qaraganda ancha vaqtli tayyor boʻldi.Italiyadan chiqib ketish vizasini erkaklar lagerdagi qolgan qochoqlarning katta qismi bilan birinchilardan boʻlib olishdi. Lagerni tark etarkan, Anastasiya va uning oʻgʻlini yonlariga olishdi. Hujjatlar tekshirilayotganda nomuvofiqlik yuz berdi: pasportda ayolning homiladorligi koʻrsatilgan, ayni paytda Anastasiya Delyanovich ogʻiroyoq emas, buning ustiga, pasportdagi sana ham chaplashib ketgandi. Nechogʻlik tushuntirishga urinishmasin, ayolni lagerda qoldirishdi, pasportdagi yozuv narsalarning asl holatiga toʻgʻri kelmasdi.

Bolani olib lagerni tark etgan ikki nafar erkak Vraj hududida qolgan ayolning sirli goʻzalligini uzoq vaqtgacha unutishmadi. Ayol pichoqni qanday ushlaganini, kipriklarining uzun va qayrilganini, kuylaganda ovozidan taralgan toʻlqinni eslab, takror-takror hayratlanishdi. Katta va yumshoq nonni qanday kesganini, issiq non haroratini koʻkragiga bosib issiq, mayin xoʻrsinganini, mahzunliklar ayol koʻksiga bir maromda singib ketganini koʻz oldiga keltirishdi. Soʻng har qaysinisi bir boʻlakdan non olishdi. Keyinroq shularni lagerda hech qanday non ham, pichoq ham boʻlmagandek xayolda jonlantirishdi.

Tasvir narsalarning asl haqiqatiga nomutanosib edi.