OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMilorad Pavich
Asar nomiToʻrt shamol yoʻlidagi qabriston (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Serb adabiyoti
Boʻlimlar
   - Simvolizm
Mualliflar
   - Milorad Pavich
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonGoʻzal Begim (Rus tilidan)
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Toʻrt shamol yoʻlidagi qabriston (hikoya)
Milorad Pavich

Ter tomchilarining ikkinchi koʻrinishi haqida mulohaza yuritish ancha qiyin. Oilamiz, nasl-nasabimizning tub tomirlariga borib tutashuvchi yomgʻirpoʻshni uzoq izladim. Unda mening shaxsiy hayotim sirli tabassum qilayotganini his qilib turardim. Ajdodlarimning qilgan ishlaridan menda qoʻrqinch tuygʻusi, toʻgʻrirogʻi, vahimasi koʻproq edi. Bobomning ayanchli vafot etganini, onamning yetim-esirlikda, koʻngli yarim holda katta boʻlganini bilaman. Men sizga aytmoqchi boʻlgan tarixiy hikoyani bobomning oʻlimiga qadar Shabats shahri harbiy gornizonida xizmat qilgan shifokor buvimga hikoya qilib bergan. Bobomning iqrornomasi nimaga aynan shu koʻrinishda bizga yetib kelganini hech tushunolmasdim.

Kechqurun, 1929 yilda – shunday boshlangan edi bu voqea – men Shabats gornizonidagi bemorlarni koʻrib chiqqach, uyga otlandim. Kechki ovqatga qovurilgan jigar tamaddi qilib olgandik. Tepalikka bormay foytunga oʻtirdim. Qattiq sovuq boʻlganidan burnim ostidagi moʻylovlarim ustida muzlagan qush oʻtirgandek edi. Qushning xoʻl patlari yuz va burnimda vijirlayotgandek, qoʻllarim esa uni olib tashlashga urinayotgandek tuyulardi. Issiq shinel kiyib olganman, foytunning tepa qismi koʻtarilgan, shamol bir yoqdan-ikkinchi yoqqa oʻzini urar, sovqotgan butoqlar ichkariga kiritishni soʻrab yalinar, foytun poliga toʻkilgan muz parchalari goʻyo restoranning singan oynasiga oʻxshab, etik ostida gʻichirlardi. Izvoshchi menga adyol berdi. Adyolga oʻranib, pinakka ketibman, hatto terlabman, shinelimdan esa kazarma, oshxona va sharobning qorishiq hidi anqirdi. Qovurilgan jigar hididan uygʻondim. Manzilga qachon yetib kelishimizni bilish uchun tashqariga qaragan edim, foytun tepasida kimningdir qoʻlini koʻrib qoldim. Shubhasiz, kimdir qochishga, shamolga qarshi yurishga urinardi. «Bunday yogʻingarchilikda kim boʻlishi mumkin?»–deya oʻyladim, shu payt qulogʻim tagida qorongʻulik qa’ridan boʻgʻiq tovush eshitildi:
— Meni olib ket, koʻcha judayam sovuq! Uygacha yetib borolmayman.
— Izvoshchiga toʻxtashni buyurdim. Otlar toʻxtashi bilan tashqaridan yopirilgan qoʻllar bittasi bilan mening qoʻllarimni, ikkinchisi bilan shamshirni ushladi. Tik turgan koʻyi kamarini taqib oldiyu, ichkariga otildi. Mavsumga mos libosda kiyinmagan bu qiz judayam sovqotgandi.
— Nega bunday kiyingansan? – soʻradim, qiz sovuqdan titrab-qaqshab javob berdi:
— Yil fasllari oʻzgarayotgan payt tashqarida qanday havo boʻlishini bilib boʻlmaydi.

Uni odeyalga oʻrab qoʻyish istagi tugʻildi, odeyal oyoqlarim ostida changga belangandi. Qiz sovuqdan menga yaqin surildi, biroq bundan men negadir oʻngʻaysizlandim.

Shinelimni yechib, qizni oʻrab qoʻydim, birozdan soʻng oʻziga keldi. Undan soʻradim:
— Kimning qizisan?
— Ismim – Despina, ota – onam Koy va Dragina Lazarevlar, shu yerga yaqinroq Ilerovo tor koʻchasi 7-uyda yashaymiz.

Foytundagi qisqa jimlikni buzib, qorongʻulikni barmoqlari bilan koʻrsatdi:
— Koʻryapsizmi, Laylak quduqni[1] (shunday rasvo havoda kim ham suvga kelardi, oʻyladim men), shu yerda toʻxtating.

Biz toʻxtadik, qiz shinelni yechmoqchi boʻlgan edi, ertaga gornizonga ketayotib, oʻzim olishimni aytdim. Izvoshchi otlarni uyiga haydadi, qiz oyoqlarini yerga qoʻyar-qoʻymas tashakkur bildirdi, hovlidan ichkariga yoʻl oldi.

Izvosh joyidan siljidi, ertasiga ishga ketayotib, Ilerovo tor koʻchasi 7-uy eshigini taqillatdim.

Ajoyib quyoshli kun boʻlsa-da, uning uchqur ignalari qoʻlqop va sochlarimizdan tishlab tortqilayotgandek edi. Eshikni ochgan moʻysafidga ismini aytib murojaat qilarkanman, chol tarsaki yegan odamday sapchib tushdi, oʻz ismidan qoʻrqqan odamni ilk marta koʻrganimdan hayratlandim. Kecha uning qizi Despinaga bergan shinelimni ola ketmoqchiligimni aytdim. U hech nima demasdan oʻgirilib, ichkaridan kimnidir chaqirdi. Orqasidan keksa bir kampir koʻrindi, soch oʻrimining biri oq, ikkinchisi qora edi.
— Afv eting, janob, Despinamizning yorqin xotirasini asrab-avaylab yashayotganimizga yaqinda uch yil boʻladi. Siz qanday qilib qizimizga oʻz shinelingizni berib turishingiz mumkin?

Ular meni kalaka qilishyaptimi, deb oʻyladim. Qariyalar indamay qizining oʻlimi haqidagi guvohnomani qoʻlimga tutqazishdi: guvohnomada uning ismi, berilgan sanasi, suvrati hamda 97-qabr maydoni qayd etilgan edi. «Nima qilish kerak - oʻyladim men, - bu yerni izlab topaman, shinelim bu hangomaga arzish-arzimasligini bilishim kerak». Chol-kampir bilan xayrlashib, kazarmaga tushkun kayfiyatda kirib bordim. Kechqurun uyga qaytayotib kechagi quduq yonidan oʻtmadim. «Toʻrt shamol yoʻnalishi»da qad rostlagan mehmonxonaga burildim, u qabriston roʻparasida joylashgan. Mehmonxona restoranida ovqatlanmoqchi, biroz isinmoqchi, shu bilan birga oʻlim guvohnomasida koʻrsatilgan joyning bor-yoʻqligini aniqlamoqchi boʻldim.

Ichkariga kirdim. Zobit Iliya Verkovich bilan kapitan Mark Vranesh domino oʻynab oʻtirganiga koʻzim tushdi. Ularning yoniga oʻtirib, buyurtma berdim va ovqatlandim. Stol ustida pul solingan etik, yonida likopchalar turardi. Tamaddi qilib boʻlgach, ular nimaga shinelsiz kirganimni soʻrab qolishdi. Boʻlgan voqeani gapirib berdim. Kapitan Vranesh iljayib shunday dedi:
— Ikki yarim kumush tanga tikaman, shunday qorongʻi va tumanli havoda qabriston darvozasiga ham yaqin borolmaysan.
— Garov oʻynayman, janob kapitan, qoʻrqmaydi, - xijolatomuz e’tiroz bildirdi podporuchik Verkovich. – Bu voqeada ajablanadigan gʻayritabiiylik yoʻq, deb oʻylayman.

U meni kichik lavozimda deb oʻyladimi yo tushkun kayfiyatda koʻrib ruhlantirmoqchi boʻldimi, tushunolmadim.
— Boʻlmagan gap, – dedim ularga, – qancha bahslashmang – sizning ishingiz, meni faqat bir narsa qiziqtiradi – shinel. Shu uchun bu yerga keldim.
— Oʻrtoq kapitan, – tinchlanay demasdi Verkovich, – sizning u yerda boʻlganingizni qayerdan bilamiz?
— Bu – sizning ishingiz, – dedim. Qolaversa, xohlasangiz maydonga 97 shamshir suqib chiqing, keyin oʻzingiznikini izlab toping. Ertalabgacha ularni tozalab menga qaytarishingizni kutaman.

Biz bir-birimizning qoʻlimizni siqdik, restorandan chiqdim. Qoʻlimda oʻlim haqidagi guvohnoma, qabriston tomon ildam yurib ketdim. U yerda qabrlar bir-biriga tegib, zich joylashgan, boʻsh joy yoʻq edi. Bosh xiyobondan chapga burildim. Maydonlarni raqamlar boʻyicha izlay boshladim. Mana, nihoyat, 97-qabr joylashgan maydon. Hushim oʻzimda emas, qoʻrquv va hayajonda dagʻ-dagʻ titrardim. Oʻlim guvohnomasini yeng manjeti orasiga tiqdim, shamshirni gʻilofdan olib, yerga sanchdim. Qabrlar orasidan sal uzoqroq ketishga shaylangandim, kimdir shinelim baridan tutib, qattiq siltadi. Baqirib yubordim, biroq tovushim oʻzimga eshitilmadi. Yotgan koʻyi menga yaqinlashgan fonar nurlarini ilgʻadim, aralash-quralash tovushlar eshitildi. Bularning hammasi menga juda yaqin joyda, yonginamda roʻy berdi. Menga yaqinlashgan odamlar engashib, toʻlqinlanib gapirishardi:
— Bechora, — dedi harbiy zobit oʻz hamrohiga, - qarang, oʻrtoq kapitan, hammasi kaftdagiday ayon, bu yerda gʻayritabiiy hech nima yuz bermagan. U shamshirni yerga suqayotib, shinelining ham yarmini qoʻshib sanchganini payqamagan chogʻi. Oldinga harakat qilganida shamshir esa uning baridan mahkam ushlab qolgan, qoʻrqib, oʻz zarbiga yiqilgan. Inson – finjon kabi. Bu juftlikka xulosa yasab boʻlmaydi. Afsus, gʻalaba qozonishimni bilgan edim.

Bahsga kirishganlarning ikkinchisi – kapitan Vranesh sukut saqlab, javob berdi:
— Siz ikki tomonlama gʻolib boʻldingiz. Gʻayritabiiy hech nima yoʻq, deganmidingiz? Shamshirni shunchaki shinelimga qoʻshib yerga sanchganman, deyapsizmi?
— Ha, shinel. Koʻrmayapsizmi, shamshirning uchi shineldan chiqib turibdi.
— Men-ku, koʻrayapman, sizning koʻzingiz qayerda? Kapitan qabristonga otlanganida egnida hech qanday shineli boʻlmagan. U shinelsiz edi.

* * *

Uchinchi – eng asosiy qatlam – ter tomchilari yoki yomgʻirpoʻsh astari mening qoʻlimda boʻlgan asos va uydirmani baribir topolmadim. Uzoq vaqt, aniq xulosaga kelolmay ma’yus boshimni egdim. Bu esa yomgʻir-poʻshning eng muhim, eng «eski» qismi, agar askarning soʻzlarini aniq eslolgan boʻlsam – uning tashqi koʻrinishi boʻlmagan, badanga yopishib turardi. Aynan bizning «qahramonimiz»—yomgʻirpoʻsh haqida aytilganday: oʻz koʻylaging — vujudingning yaqin sirdoshi. Biroq uchinchi qatlam hech qayerda yoʻq edi. Kunlarning birida dengiz toʻlqinlari rangidagi yomgʻirpoʻsh yana tushimga kiribdi. Toʻyib ichibman-u, karavotga choʻzilib, koʻzim ilinibdi. Hushimga kelayotgan lahzalar ham tushimga kirganmish. Hech qachon yurib koʻrmaganim – Istriya yarim orollari boʻylab poyezdda sayohatga chiqibman. Bu yoʻllardan hecham oʻtmagan boʻlsam-da, tinimsiz yogʻingarchiliklardan soʻng uning toʻsatdan oʻzgarganini his qilibman – dengizni, orollarni, Triyest, Alpni, hatto tikilib qaray olmaganim – Dvogradni koʻribman. Uyga emas, Italiyaga ketayapman, deb oʻylayotganmishman. Bir-biriga oʻxshamaydigan holatlarda hushimga keldim, uygʻondim. Shularni esladimki, ortimda nimalar qolayotgani, oldimda nimalar kutayotganini aniq va ayon tushda koʻribman. Shunda tushundimki: dengiz toʻlqinlari tusidagi yomgʻirpoʻsh—qachonki biz xarid qilolmagan – uchinchi, eng soʻnggi ter tomchilari edi. Toʻgʻrirogʻi, yomgʻirpoʻshimning astari, yanayam anigʻi unda astar yoʻq, biz uni topa olmagandik. Hech nima menga haqiqiy ter tomchilaridek ta’sir qilgan emas. U esa mavjud.

Bugungi kun havosidan toʻyinib fikrlayotganlaridek, yaxshi ki-yinish – badanning koʻrinmas qismini toʻldirishi yoki himoya qilishiga ishonmayman. Oʻsha paytlari mening mohiyatimga bekinib olgan sirli borliq: yelkalarimning mukammal orzulari, qalbimning tirsak va tizzalariga mos kiyim topilmagani – natijada ularning bir umrga taqdir zoʻravonliklarida yalangʻoch, himoyasiz, tashlandiq bir ahvolda qolganini tushunib yetdim. Ular mening hayotimda asosiy oʻrin tutishi, yashash tarzimga ta’sir etishi mumkin edi. Mavjud boʻlmagan kamzulning tushimga kirishi – oʻzimda bir umr tarbiyalay olmagan barcha yovuzliklarday qahraton sovuqdan asraydigan tuygʻuning ismidir balki...

Agar oʻsha mahalda biz dengiz toʻlqinlari tusidagi yomgʻirpoʻshni topganimizda edi, yelkalarim uzra boshqa qushlar kuy chalar edi, demoqchimasman.

Kimningdir bir xil tushni qayta-qayta koʻrishini oddiy hol deb boʻlmaydi. Bu bekorga emas.


  1. Laylak – quduqdan suv chiqaradigan richag shaklidagi moslama.