OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMirkarim Osim
Asar nomiSandiq soat (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Mirkarim Osim
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm5KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Sandiq soat (hikoya)
Mirkarim Osim

Navoiyning kitoblari koʻpayib ketgandan keyin ularni tartibda saqlash uchun bir kitobdor kerak boʻlib qoldi. Unga Muhammad naqqosh degan bir kishini tavsiya qildilar.

Muhammad naqqoshning qoʻlidan kelmaydigan ish yoʻq edi. U tosh va yogʻochga oʻyib naqsh solar, chilangarlik, duradgorlik, muqovasozlik va hokazolarni bilar edi. U Navoiyning taklifini jon deb qabul qildi.

Bir kun shoirning uyiga yaqin doʻstlari kelgan edilar. Mehmonlardan Xoja Dehdor tokchaga tizilgan chinni lagan va koʻralarni tomosha qilib:
— Chinni asboblar yasamoqda hech kim xitoylarga bas kelolmaydur. — dedi. — Alarning hunariga qoyil qolmasdin iloj yoʻq...
— Rost, — dedi Navoiy unga boqib. — Xitoy fagʻfuri(chinnisi) olamgʻa mashhurdur, ammo hafsala qilsalar, bizning ustalar ham oʻshandogʻ chinni asboblar yasay biladurlar. Bizda chinni yasamoq uchun kerakli oq loy, ohaktosh va hokazolar bor.
— Odam yasagan narsani odam yasay biladur, — deb gapga aralashdi quyiroqda oʻtirgan Muhammad naqqosh.
— Borakallo, — dedi Navoiy kulib. — Men sizdin shul gapni kutgan erdim. Siz mohir bir kulol topib, shul ishga kirishsangiz, Xitoy ustalaridin oʻtkazib chinni idishlar yasay bilar erdingiz.
— Keling, hoji Muhammadgʻa oq fotiha berayik, Hirotning oq loyidin bizga fagʻfur idish-oyoq yasab bersin, — dedi Xoja Dehdor.

Doʻstlarning daldasi Muhammad naqqoshni gʻayratlantirib yubordi. U oʻziga oʻxshagan ishchan va mohir bir kulolni topib, ishga kirishib ketdi. Ikkovlon yeng shimarib, ohaktosh va allaqanday shaffof koʻk toshlarni hovonchada yanchib, elakdan oʻtkazdilar, ohanrabo yordami bilan uni temir zarralaridan tozalab, keyin suvga qorib, rosa pishitdilar. Soʻngra bu loydan kulol dastgohida lagan, koʻra, boshqa buyumlar yasadilar va ularni xumdonda pishirdilar. Muhammad naqqosh koʻkish toshlarni maydalab, elakdan oʻtkazdi va unga allanima balolarni qoʻshib, «sir» tayyorladi, idishlarni sirlab, shunday naqsh berdiki, ularni xitoy chinnilaridan ajratib boʻlmas, chert¬sangiz jaranglar edi.

Muhammad naqqosh shu ish bilan ovora boʻlib yurganda koʻngilsiz bir hodisa yuz berdi. U Navoiyga zarur boʻlib qolgan bir kitobni tokchadan olaman, deb uni devor tagidagi soat ustiga tushirib yubordi. Soat toʻxtab qoldi. Navoiy bundan xabar topib, qattiq xafa boʻldi-yu, lekin indamadi. Naqqosh uni tinchitish uchun:
— Ishlarimdin boʻshaganimdin soʻng soatni tuzaltib bergaymen, — deb va’da qildi.

Oradan bir necha kun oʻtgach, shoir naqqoshni chaqirib:
— Siz menga bir soat qarzdorsiz, — dedi hazil aralash. — Kecha men Muborizbek evida mehmon boʻlgʻon erdim. Farangistondin kelgan savdogarlar anga sandiq shaklidagi bir soat sovgʻo qilibdurlar. Ilgari arablar bundan yaxshiroq soatlar yasar ekanlar, keyin bul hunarni xotirdin chiqorgʻonlar. Ilmu hunar qoʻydek adashib, faranglar qoʻliga oʻtib ketibdur, emdi yoʻqolgʻon qoʻyni qaytarib olmoq lozim.

Navoiy «sandiq soat»ni batafsil tasvirlab, naqqoshga xuddi shunday bir soat yasashni taklif qildi. Muhammad naqqosh indamay yerga qarab qoldi.
— Ha, nega uningiz chiqmay qoldi? Bul ishga qoʻl urmoqqa yuragingiz dov bermayotirmi? Koʻz qoʻrqoq, qoʻl botir, deganlar.
— Agar yaxshi bir temirchi boʻlsa, yasay bilamiz, — dedi naqqosh oʻylaninqirab. — Bir usta bor, Sarbonali degan. Oʻzi temir, poʻlat, jezdan qilinaturgan jami buyumlarni yasay biladur, ammo oʻlgudek pulga oʻch odam...
— Biz puldin qochmaymiz, shul ish bitsa bas, — dedi Navoiy. — Boring, oʻshal temirchi bila kelishib, sandiq soatni koʻrib, andoza olib keling. Men sizga bir maktub yozib beray. Agar shuni uddalay olsangiz, tarixda nomingiz qolgʻay.

Navoiyning soʻzi naqqoshning gʻayratiga gʻayrat qoʻshdi. U bilagini shimarib, ishga kirishib ketdi...

Oradan ikki-uch oy oʻtgandan keyin temirchi bilan naqqosh ogʻir bir «sandiq»ni koʻtarib, Navoiyning mehmonxonasi toʻriga tik turgʻizib qoʻyishdi. Oʻsha kuni kechqurun Navoiy naqqoshning hunarini koʻrsatish uchun oʻzining yaqin doʻstlarini taklif etdi.

Soat roppa-rosa yetti boʻlganda sandiqning qopqogʻi jaranglab ochildi. Sandiq ichida temirdan yasalgan bir haykal tik turar edi, u qoʻlidagi temir tayoq bilan oldidagi yassi mis parchasiga yetti martaba urdi va eshik yopildi.
— Ofarin!
— Hoji Muhammad benazir usta, — deyishdi mehmonlar yoqalarini ushlab.

— Har soat sandiq ochilib, ichidagi haykal, masalan, soat ikki boʻlgʻonda ikki, uch boʻlgʻonda uch martaba jom chaladur va hokazo, — deb izoh berdi Navoiy xursand boʻlib.