OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Mirkarim Osim. Toʻmaris (qissa)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMirkarim Osim
Asar nomiToʻmaris (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Mirkarim Osim
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm6KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/05/31
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Toʻmaris (qissa)
Mirkarim Osim

Choʻl bahor kelinchagi oyogʻi ostiga chechaklar bilan bezalgan yashil poyandozini yoyib tashlagan. Toʻrgʻaylar havoda pirillab koʻklamga madhiya oʻqimoqda. Rango-rang kapalaklar chechaklarning xushboʻy hididan mast. Allaqanday uzun oyoqli qushlar oʻtlar orasida dumlarini likillatib, katta-katta bosib yuradi, toshbaqalar burishib ketgan xunuk boʻyinlarini oʻtlarga choʻzadi, qoʻngʻizlar esa orqalariga qarab yurib, tezakdan yasagan qumaloqlarini allaqayoqqa yumalatadi. Qizgʻish-qoʻngʻir bir ilon oʻt orasidan oʻrmalab kelib, atrofni tomosha qilayotgandek qaqqayib qolgan yumronqoziqqa tashlanadi, qushlarga oʻxshab chirqillab turgan kaltakesaklar qoʻrqib ketib oyoqlari bilan qumloq yerni ikki yonlariga chiqarib, tuproq ostiga yashirinadi. Ba’zan ovullar yaqnnidan koʻkraklari oppoq saygʻoqlar gala-gala boʻlib chopib oʻtadi, yer gumburlab ketadi.

Orol dengizining janubidagi shu bepoyon choʻllarning sohibi boʻlgan koʻchmanchi massagetlar kelin kutmoqda. Ularning qarorgohi bayram tusini olgan. Har yer-har yerga gulxan qalangan, kiyik va qoʻy goʻshti pishayotgan mis qozonlar goʻyo mehmonlarni sabrsizlik bilan kutayotgandek shaqir-shaqir qaynamoqda.

Qabila boshligʻi Toʻmaris oʻgʻli Siparangizni shak urugʻidan Zarina degan bir qizga uylantirmoqda. Massagetlar kelinni olib keladigan mehmonlarni kutib olish taraddudida.

Yoshlar mehmonlarga joy hozirlamoqda, ayollar ovqat pishirmoqda, yangalar oʻtov xizmatini oʻtaydigan uzun soyabon aravalarni bezatmoqda...

Charchab gulxan yonida oʻtirgan yoshlar uzoqdan ot choptirib kelayotgan choparni koʻrib, oʻrinlaridan sakrab turib ketdilar.
— Kelin... kelin kelayotir,— deb baqirdi u harsillab.— Qariyalar oldinda... darhol kutib olinglar.

Chopar sakrab egardan tushdi-yu, otini qoziqqa bogʻlab, bir chekkadagi katta gulxan yaqinidagi chollar oldiga borib oʻtirdi.

Butun qarorgoh oyoqqa qalqib, aziz mehmonlarni kutishga hozirlandi. Oradan koʻp oʻtmay uzoqda uchi ingichka namat qalpoq kiygan otliqlar koʻrindi. Massaget yoshlari shaklarga peshvoz chiqib:
— Xush kelibsizlar, qoʻnoqlar, poyqadamlaringizga hasanot,— dedilar va otlarini jilovidan ushlab, egardan tushishlariga yordam berdilar.

Shaklar otdan tushib, massaget qariyalari bilan koʻrishganlaridan keyin atrofi soyabon aravalar bilan qurshalgan sayhon joyga, guldor namatlar ustiga chordana qurib oʻtirdilar. Mezbonlar qoʻy terisidan qilingan supralarda pishirilgan goʻsht, meshlarda qimiz keltira boshladilar.

Kun botgandan keyin kelin va uning dugonalari tushgan uzun soyabon aravalar yetib keldi. Har yer-har yerga qalangan gulxanlarning olovi gurillab, osmonni yoritib yubordi, ashulalarning avji falakka koʻtarildi. Kelin bilan kelgan qizlar va yigitlarning yallasi, bolalarning qiy-chuvi, xursandlikdan terisiga sigʻmay qolgan kishilarning shovqiniga qoʻshilib ketdi. Osmon baravar koʻtarilgan gulxanlarning yorugʻida oʻyin-kulgi, ziyofat boshlandi.

Vaqt alla-palla boʻlganda kuyov bilan kelinni ular uchun belgilangan soyabon aravaga chiqarish oldidan kurashtirib koʻrishdi.

Boʻychan, bugʻdoyrang, sochlari timqora, koʻzlari chaqnab turgan Zarina oʻzining sahroyi goʻzalligi bilan boshqa ayollardan ajralib turardi. U gulxanlar yorugʻida davra qurib oʻtirgan yigpt-qizlarga bir qarab oldi-da, toʻrda, obroʻli kampirlar va chollar qurshovida savlat toʻkib oʻtprgan Toʻmarisga ta’zim qildi, soʻngra qarshisida kurashga shaylanib turgan choʻzinchoq yuzli, koʻzlari katta-katta Siparangizga tikildi. Qiz sochlarini roʻmolcha bilan mahkam tangʻib, belini kamar bilan bogʻlab olgan edi. U bexosdan kelib, yigitni belidan oldi-da, chirpirak qilib uloqtirib yubordi, yigit ancha yergacha gandiraklab borib tizzalab qoldi. Kelin tomondan kelgan yigit-qizlar xursand boʻlib qiyqirib yubordilar.

Kuyov bilan kelin payt poylab, bir-birlarining atrofida anchagacha aylanib yurishdi. Zarina epchillik bilan Siparangizga chang solib uni chalib yubordi, yigit yonboshi bilan qattiq yiqildi-yu, lekin orqasi yerga tegmadi, darhol sakrab turib yana olisha ketdi.

Bir-birlarini yitsita olmagandan keyin ular oʻzlarini sovutish uchun aylanib yurishdi. Siparangiz tetiklangandan keyin toʻsatdan qizning oʻng qoʻliga yopishdi-yu, bir siltab tortib, xipcha belidan mahkam qisganicha koʻkragiga koʻtarib oldi. Qiz chap tomonga tashlaydi, deb moʻljallab turgan edi, yigit uning koʻnglidagi gapni anglaganday, tizzasi bilan qayirib, oʻng tomonga tashladi. Shu mahalgacha nafaslari ichlariga tushib ketgan kuyov tomon yigitlari qiyqirib yubordilar. Qizning yagʻrini yerga tekkan edi, u qizarib-boʻzarib oʻrnidan turgach, yangalar «Yarash-yarash»,— deb baqirib, kelin bilan kuyovni aravaga chiqarib qoʻydilar.

Ertasi kuni tongotar paytida havo aynib, qum boʻroni boshlandi. Hamma jonivorlar sahrodan kelgan qum uyurmalaridan oʻzlarini saqlash uchun in-inlariga berkindi, choʻl huvillab qoldi. Qum toʻzonidan osmon qorongʻilashdi, koʻchmanchilar aravalarining hammayogʻini berkitib oldilar. Boʻron bir soat davom etdi, soʻngra qanday bsxosdan boshlangan boʻlsa, shunday tez tindi. Soyabon aravalarning oldi ochildi, odamlar namat ustiga yoyilgan qumlarni qoqib tushira boshladilar. Toʻrgʻaylar hech narsa boʻlmagandek, yana chuldirab qoʻshiqlarini aytishga kirishdi. Oftob yana jilmayib, choʻl kelinchagi ustidan yana oltin tapgalar socha boshladi. Bahor naqqoshi yana qoʻliga moʻyqalamini olib, tabiat qoʻyniga zebo naqshlar sola boshladi.

Oʻgʻli bilan keliniga qarab Toʻmarisniig sevinchi ichiga sigmas edi. Biroq oyning oʻn beshi yorugʻ boʻlsa, oʻn beshi qorongʻi, deb bekorga aytmaganlar. Baxt osmonida bir parcha bulut paydo boʻlib, choʻl malikasining yuragini gʻash qila boshladi. Mamlakat chegarasidan kelgan choparlar uning huzuriga Eron shohining elchisi kelayotganidan darak bergan edilar.