OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMirmuhsin
Asar nomi«Ona qabriga gul» (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Mirmuhsin
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm18KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/08/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





«Ona qabriga gul» (hikoya)
Mirmuhsin

...Deraza pardalari osha keng, koʻrkam xonaga tashlab qoʻyilgan qizil gilamlardagi oftob asta-sekin surilib, karavotdagi paryostiqchaga yetdi. Yumshoq toʻshakka choʻkib, pishillab uxlab yotgan toʻrt yashar Erkin har gal mana shunday, oftob yuzlariga tushmaguncha uygʻonmasdi.

Ammo bugun tong otmasdanoq choʻchib uygʻonib ketdi. Yonidagi oyijoni yotadigan karavotga erkalanib qoʻl uzatdi. Oyijoni oʻrnida yoʻq! U surilib borib oyijonini achomlamoqchi boʻldi. Topolmadi, karavot boʻsh edi. Erkinning kichkinagina yuragi shigʻillab ketdi. Vahima bosdi. Ha, oyijoni yoʻq, u oʻlgan. Erkin karaxt, u yoq-bu yoqqa atangladi. Pastda, koʻrpacha ustida buvisi uxlab yotardi. U oyijonining boʻm-boʻsh karavotiga, atlas koʻrpaga xomush tikildi. Oyijoni mana shu karavotda, oyoqlarini pastga tushirib oʻtirgancha tizzasidagi Erkinni bagʻriga bosardi. Qayta-qayta oʻpardi. Uning boʻynidagi tilla zanjirni Erkin oʻynar, yuzini oyijoni koʻksiga surkardi, pishillardi, qiliqlar qilardi. Hozir u oyijonisini juda ham sogʻinib ketdi. Nima qilish kerak? U oyijonisini koʻrmasa boʻlmaydi! U boʻgʻilib, yigʻlagisi kela boshladi. Yana xomush tortdi. Yana yigʻlagisi kelib qoʻllari bilan koʻzlarini ishqaladi. Bu dunyoda uning oʻzi yolgʻiz qolganday tuyuldi. U hozir oʻzini oyijonisi bagʻriga otgisi, uning tizzalariga boshini, yuzlarini surib, erkalangisi kelib ketdi. Ammo qani u oyijonisi? Qayoqqa ketdi? Qachon qaytib keladi? Muncha uni sogʻintirmasa?! Oyijonisi shu karavotda kasal boʻlib yotganida, uning boshini silab turib aytgan soʻzlari birdan yodiga tushdi: «Erkinjon, meni sogʻinganingda qabrimga gul olib borib qoʻygin. Men seni juda ham koʻrgim keladi. Men seni sogʻinaman... Gul olib kelib qoʻysang, men seni koʻrgandek boʻlaman.

Katta yigit boʻlib uylansang, albatta, xotining bilan birga kelgin. Men sening xotiningni ham juda koʻrgim keladi, tushundingmi?» Erkin oʻshanda bosh qimirlatib tushunganini bildirgan edi...

Nega uning oyisi oʻldi? Oʻlmasa nima qilardi? Nahotki, kasal boʻlgan odam oʻlib ketaversa! Boshqalar ham kasal boʻladi-ku? Nega uning oyijonisi bunday qildi? Bu toʻgʻri emas! U juda yaxshi oyijon edi. U hech kimni urishmagan. U hech kimni xafa qilmagan. Shundoq yaxshi oyijoni nega oʻladi?! Erkin bu voqeaga hech tushunmasdi. Oyijonisiz bu dunyoda yurishning unga nima keragi bor? Erkin juda xafa boʻldi. Uning kichkina yuragi vayron boʻlib, dardu dunyosi qorongʻi boʻlib ketdi.

Karavotda yolgʻiz, karaxt oʻtirgan Erkinjonning oʻpkasi toʻldi. U yana oʻzini tutdi: uning oyijoni har narsaga arillab yigʻlaydigan bolalarni yomon koʻrardi. U hoziroq oyijoni bagʻriga otib erkalanishni qoʻmsadi. Ammo, qani u oyijoni? Chiroyli karavotu gilamlar, devordagi palagu billur qandillar koʻziga juda yomon koʻrinib ketdi. Uning hech narsaga qaragisi kelmasdi. Unga hech narsaning keragi yoʻq! Unga faqat oʻzining oyijonisi kerak!

Erkinjon boshini quyi solib, karavotida indamay oʻtiraverdi. Devordagi oyijoni bilan dadajoni tushgan suratga qaradi. Unga bu surat ham kerak emas! Unga oyijoni kerak! Erkin beixtiyor xoʻrsindi. Hammayoq jim-jit, derazalar qorongʻi...

Hali yigirma yetti yoshga toʻlmagan Ra’no (u haqiqatan ismi jismiga monand juvon edi) ogʻir dardga mubtalo boʻlib, operatsiya qilindi. Bu, oting qurgʻur dard uning jismida paydo boʻlganini oʻzi ham sezmay qolibdi.

Ogʻriqlardan keyin u ikkinchi bor jarroh kursisiga yotdi. Bu ish uch-toʻrt oy ichida boʻldi. Oxiri u oʻz uyida yotajagini aytdi. Vrachlar ham shuni ma’qul koʻrishibdi. Keyingi kunlarda unga faqat ogʻriqni bosadigan, uxlatadigan doridan ukol qilishardi. U kun boʻyi karavotida taqdirga tan berib yotar, ba’zi kunlari yostigʻi tagidagi daftarchaga nimalarnidir yozib qoʻyardi. Shunday goʻzal Ra’no ozib-toʻzib ketgandi... Qani u koʻkraklaru, bellar! Xonatlas ustida yal-yal yonib, qanchalab koʻzlarni kuydirishlar qayoqda qoldi! Uzun sochi beliga tushib, kulgan dudoqlaru bodom qovoqlar, qanot qoqib turgan qaldirgʻoch qoshlar qani? U sarnigun, karavotda yotardi. Har qanday beqiyos husn ham vaqtincha ekanligini endi payqadi. Sal-pal tishi ogʻrib, isitmasi chiqqanida oh-voh qilib doktor ustiga doktor chaqirtirgan Ra’no, hozir beomon dard changalida taqdirga tan berib, oʻlimini kutib yotardi. Bu ruhiy holatni sezgan eri, ota-onalari uning yoniga kirganlarida ohu nadomatlarini sezdirmasalar ham tashqarida ich-ichlaridan ezilib, yigʻlashardi. Shundoq qizlari oʻlib ketaveradimi! Dod degilari kelardi. Ra’noni oʻlimi oldidagi favqulodda jasorati yetmish-saksonga kirganlarni ham oʻylatib qoʻydi. Yoki kishi oʻlim changaliga tushib, bundan chiqib ketish iloji boʻlmagach, shunday bahodir boʻlib ketarmikan? Bu hol hammada ham boʻlaverarmikan?

Ichib-chekib, vaqtida ovqatlanmay isqirt yuradiganlar emas, saranjom, ozoda, oʻziga qaraydigan Ra’no bu rak degan dardi bedavoga uchraganiga kishilar hayron. Bu oʻzi qanaqa dard? Vrachlar aytadigan hamma yomon narsalardan Ra’no qochar edi, u dono vrachlar oʻylagan sogʻlom kishi edi. Buni qarangki, bu dard shu gulga yopishib, uni xazon qildi.

Tashqarida tong otib, sal-pal kun yorishib kelardi. Bu payt ayvonda yurib, plitada unga sut pishirib keladigan oyijonisi birdan roʻparasidan chiqib kelayotganday, Erkin toʻxtab qoldi. «Erkinim, jonim bolam, oʻtir, mana bu sutni ich!» — degan ovoz qulogʻiga eshitilib ketganday boʻldi. U alanglab turib qoldi. Hamma uxlar, faqat u uygʻoq edi. Hoziroq paydo boʻlib qoladigan oyijonisini kutdi. Lekin oyijoni oshxonadayam, hovlidayam, ayvondayam koʻrinmaydi. Keyin u zinapoyalardan tushib, gulxonaga bordi. Hovli oʻrtasida ochilib turgan gullarning eng chiroylisidan ikkitasini uzib olib, koʻcha eshikka qarab yurdi. Uii hech kim payqamay qoldi. U bir oyogʻiga botinka, ikkinchisiga shippak kiyib olgan, har doim oyijoni kiygizib qoʻyadigan matroscha koʻylagini kiygan, yoqasi tugmasini ham solib ulgurmagan, doʻppisini ham qidirib oʻtirmagan edi. Shu ahvolda ikki dona gulni koʻtarib oyijoni oldiga joʻnadi. U na kiyim, na botinkani bilardi. U yuzini ham yuvgani yoʻq, uning hech narsaga qaragisi kelmasdi. U faqat oyijonini koʻrgisi kelardi. Unga boshqa hech narsa kerak emas edi.

Erkin jim-jit, kichik koʻchadan katta koʻchaga oʻtib, asfalt yoʻlakda keta boshladi. Uning qoʻlida ikki dona gul, oyijoni oldiga borardi. U oʻsha kuni katta mashina ustida, oyijonini olib ketishayotganda shu koʻchalardan oʻtib, tramvay-trolleybuslar yuradigan katta koʻchalar boʻylab ketgan edi. U goʻyo hamma yoʻlni biladiganday, tongotarda asfalt yoʻl chetida borardi. Katta koʻchaga chikqaniga qadar uni hech kim koʻrmadi. Faqat burchakdagi teraklar tagida ikkita laycha chopib yurganini koʻrdi. Ular oʻz oʻrtoqlariniki ekanligini bilardi. Katta koʻchada supurgisini yelkasiga tashlab ketayotgan kishini ham koʻrdi. Bu odamni tanimadi. Undan soʻng, gʻizillagancha bir mashina oʻtdi. Tramvay ham oʻtdi. Erkin ularga bir qarab qoʻydi-yu, yoʻlida davom etaverdi. U charchaganiga ham qaramay oldinga intilardi, bir oyogʻida shippak boʻlgani uchun qadamini tezlatishga qiynalar, shippagi ba’zan oyogʻidan tushib qolardi. Asli shu ikkovini ham tashlab chiqsa boʻlar ekan. U tramvay yoʻlini kesib oʻtib, kattakon bogʻ, suv toʻla katta hovuz yoniga kelganida tong yorishib, yoʻlaklarda odamlar koʻpaya boshladi. Mashinalar ham gʻiz-gʻiz oʻta boshladi. Gul koʻtargan, yoqalarining tugmasi solinmagan, boshyalang bolaga koʻzi tushganlar hayron boʻlib kulib ketishardi. Sumka koʻtargan bir ayol jadal ketayotgan yoʻlida bir lahza toʻxtab, Erkinni kuzatdi, keyin yelkasini qisib, yana yoʻlida davom etdi... Erkin katta koʻprikdan oʻtib ketayotganda orqasida kelayotgan papka koʻtargan koʻzoynakli bir odam yonma-yon kelib, murojaat etdi:
— Oʻgʻlim, qayoqqa ketyapsan?

Erkin u kishiga boʻzrayib qarab turdi-yu, indamadi.
— Kimning bolasisan?
— Dadamlarni.
— Nega sening yoningda hech kim yoʻq?

Erkin indamadi. U odam ham, bu bola shu yerdagi koʻp qavatli uylardan chiqqan boʻlsa kerak, deb oʻyladi. U ham tez-tez yurib ketdi. Nariroq borib, gul qirqayotgan keksa kishiga uni koʻrsatib, bir nima deb ketdi. Yoqavayron, «mitti matros» chol yoniga yaqinlashganda u soʻradi:
— Hey bola, qayoqqa ketyapsan?

Erkin unga ham javob qilgisi kelmadi. Nima ishi bor? U tramvay yoʻliga tushayotgani yoʻq-ku! Agar u tramvay yoki mashina yoʻlida yurganida uni chaqirib olsalar boʻlardi. U qoʻlidagi ikki dona gulni ushlaganicha, boshini baland koʻtarib ketaverdi.
— He bola buyoqqa kel! Men senga gul beraman.
— Menga gul kerak emas, — dedi Erkin kattalardek. U qoʻlidagi gulni cholga koʻrsatdi.
— Meniki yaxshiroq, mana buni ham ola ket!

Erkin nariroq yurib, oʻylamsirab toʻxtadi. Cholning guli yaxshi boʻlsa, uni ham olish kerak. Oyijoniga eng yaxshi gullardan olib borishi kerak! Erkin orqasiga qaytib, bogʻbon chol yoniga keldi.
— Ma, ol, bolam! — chol Erkinga darhaqiqat yana toʻrtta ajoyib «prezident» atirgulidan berdi. Ikkitasi qizil, ikkitasi oq. Chol Erkinga boshdan-oyoq tikilib, yana soʻradi:
— Erta-saharlab qayoqqa ketyapsan, bolajonim?
— Oyijonimning yonlariga.
— Oyijoning qayoqdalar?
— Oʻlganlar...
— E, bundoq degin, — bogʻbon chol yuziga fotiha tortdi. Bu bola onasini qidirib, ichikib, tentirab yurganini payqadi. Tentakroqmikan, degan xayolga ham bordi. U sogʻinch achangasida ketayotganini sezdi. Nahotki shundoq bolaning tentirab koʻchaga chiqib ketayotganini hech kim payqamagan boʻlsa!
— Oʻgʻlim, u yer uzoq, hozir uyingizga qaytib keting! Ertaga dadangiz bilan birga borasiz!

Erkin boshini sarak-sarak qildi.
— Adashib qolasiz, bolam! — chol atay «siz»lardi.
— Oyijonimning oldilariga boraman!
— Yoʻq, qayting!

Chol ushlab qolishdan qoʻrqib, qushdek uchishga tayyor turgan Erkin birdan chopib, oʻzini odamlar ichiga urdi. U yana yoʻlida davom etaverdi. Odamlar ichiga kirgach, bir oyogʻiga botinka, bir oyogʻiga shippak kiygan «matros»ni koʻplar payqashmadi. U katta hovuz va koʻkka otilib turgan favvoralar yoniga keldi. Bir lahza uning xayolini maydondagi kaptarlar tortdi. Ularga angrayib turdi-da, yana birdan xayoliga oyijoni keldi. U yana gulini ushlaganicha odamlar orasiga kirdi. Oyijonining ovozi qulogʻiga eshitilgandek boʻldi. U yoq-bu yoqqa alanglab, yoʻlida davom etdi. Bir muddatdan soʻng yoʻl chetidagi magazin oynalari ichiga terib qoʻyilgan sut shishalariga qaradi. Ichkisi kelib yutindi. Gastronom ichkarisiga kirib, sut, pishloq sotayotgan oq xalatli semiz, doʻmbillagan xotinga tikildi. Sotuvchining qoʻli qoʻliga tegmas, chek olib odamlarga sut, kefir berardi. Semiz xotinning koʻzi Erkinga tushdi. «Onasi bilan kelib, bu yerda adashib qolgan...» bolaga oʻxshatdi.
— Hey bola, nima qilib yuribsap?

Erkin indamadi. U koʻzini sut-pishloqdan uzmasdi. Sotuvchi ayol matroscha kiyinib, dildirab turgan doʻmboq bolachaning boshdan-oyogʻiga razm soldi:
— Oying bilan kelganmiding, dadang bilan kelganmiding? Adashib qoldingmi?

Erkin boshini sarak-sarak qildi.
— Nima kerak senga?

Sotuvchi xotin oq bulochka ustiga ikki boʻlak yaproqlangan pishloq qoʻyib Erkinga uzatdi. Yarim stakan sut ham berdi. Erkin stakanni olib, sut ichdi-da, ochiqib non bilan pishloqni yeya ketdi. U juda mamnun, oq xalat kiygan yaxshi xotinga iljaygandek boʻlib gastronomdan chiqdi. U non chaynab, yana yoʻlida davom etdi. U yana koʻprikdan, tramvay, trolleybuslar boradigan chorrahadan oʻtib, keng asfalt yoʻlda qadam tashlay boshladi. Uning qorni toʻydi. Lekin oyoqlari chalishib, charchagandek boʻldi. Shu orada yoʻlka chetidagi oʻrindiqqa oʻtirib, bir lahza dam olgisi keldi. U oʻtirib orqasiga suyandi. Katta yoʻlda gʻiz-gʻiz oʻtayotgan mashinalarga, yoʻlakdagi odamlarga tikildi.

Bir muddatdan keyin boshi qiyshayib, uxlab koldi. U juda ham charchagan ekan, mashinalar shov-shuvini sezmay, koʻlidagi gullarni mahkam ushlagancha qotib uxlab yotardi. Saldan keyin oʻz karavotida yotgandek oyoqlarini uzatib choʻzildi. Yoʻlovchilar gul ushlab uxlab yotgan bolaga tikilishar, birov iljayib qoʻyar, birov bezovtalanardi. Ehtimol, bechora bola betob boʻlib qolgandir, a? Betob boʻlsa pishillab uxlamasdi. Shu atrofdagi shopmoʻylovli militsioner ham bola yotgan skameyka yoniga kelib unga tikildi. Bolani daf’atan uygʻotib yuborgisi kelmadi. U sekin skameykaning bir chekkasida undan koʻzini uzmay, qoʻriqlaganday oʻtirdi. Allaqanday ekskavatorning shaldirab, yerni larzaga solib oʻtayotgani Erkinni uygʻotib yubordi. U koʻzini ochib, tepasida militsioner turganini koʻrdi. Uyalinqirab, boshini koʻtardi.
— Ha, oʻgʻlim, adashib qoldingmi? Kimning bolasisan?

Erkin nima deb javob berishini bilolmay, serrayib turardi.
— Uyingga olib borib qoʻyaymi? Uying qayoqda?
— U yoqda, — dedi Erkin koʻchani narigi tomonini koʻrsatib.
— Yur, olib borib qoʻyay.
— Yoʻq. Men oyijonimning oldilariga ketyapman.
— Oyijoning qayoqda?
— Oʻlganlar.

Militsioner oʻylamsirab, bolaga tikildi. Bolaning ichikib uydan chiqib ketganini fahmladi. — Nima qilish kerak? — deb labini tishladi. Erkinga gap kotdi:
— Yur, men ham oʻsha tomonga ketayotgan edim olib borib qoʻyaman. Mening ham sendek oʻgʻlim bor.

Ular oʻn besh daqiqa yoʻl yurib, militsiya idorasiga kelishdi.

Erkin bu yerdan ham juftakni rostlamoqchi boʻlgan edi, iloji boʻlmadi. Uni navbatchi militsioner yonidagi stulga oʻtqazib qoʻydi. Oradan yarim soat vaqt oʻtar-oʻtmas otasi mashinasini eshikda qoldirib, xonaga hovliqib kirdi. Oʻgʻlini koʻrib uni dast koʻtarib bagʻriga bosdi. Koʻziga yosh olib:
— Oʻgʻilginam, — deya oldi.

Erkin ham yigʻlamsirab unga tiqilinch qilishga tushdi.
— Adajon, oyijonimning oldilariga boraylik.
— Boʻpti! Oʻgʻlim, boʻpti boramiz, — dedi u oʻgʻlini bagʻriga qayta-qayta bosib, keyin xijolat aralash militsionerga murojaat etdi:
— Men erta bilan barvaqt aeroportga, mehmonlarni kutgani chiqib ketgan edim, buvisi bilan qolgan edi. Yaqinda boshimizga baxtsizlik tushgan... Kechirasiz... — dedida, unga tashakkur aytib chiqib ketdi.

Ular mashinalarida uyga qaytib kelib, bunda «tugʻib oʻtirgan» buvini tinchitishdi. Ota Erkinga ham tasalli berdi. Birpasdan soʻng oyijoni yoniga olib borishini aytdi. Otaning gaplariga Erkin itoat saqlab, oyijoni yoniga borishga boshqatdan tayyorgarlik koʻrdi. Yuzlarini yuvdi, yangi kiyim, botinkalarni topib berishdi. U qornini ham toʻydirib, eshikda turgan mashinalariga hammadan avval chiqib, oʻtirib oldi. Uning barcha harakatlarini kuzatib turgan otasi koʻzlariga yosh oldi... Kichik bola uchun onaning oʻlimidan ogʻir baxtsizlik yoʻq, derdi ota oʻziga oʻzi.

Bir soatlardan keyin ular yana hovlidagi gullardan qirqib, kattagana guldasta yasab, mashinada qabristonga joʻnashdi.

Hali marmartosh qoʻyilib, atrofi panjara bilan oʻralmagan, tuproq uyilib, ketmon bilan tekislab qoʻyilgan yangi bir qabr tepasiga borib, ota-bola bosh egishdi. Qabr ustiga guldastani qoʻyishdi. Erkin dadasi yonida yangi qabrga tikilib turardi. Qani uning oyijoni? Nahotki uni atlas koʻylaklari bilan shu tuproqqa koʻmishgan boʻlsa? Axir uning paltosi etagiga ozgina tuproq tegsa ham choʻtka bilan erinmay tozalardi. Uning chiroyli yuzlari, oltin ziraklari, nozik oppoq qoʻllari nahotki shu tuproq tagida yotgan boʻlsa? Erkin xomush turardi.
— Oyijonim buyoqqa chiqmaydilarmi? — Erkin dadasiga murojaat etdi.
— Yoʻq, — dedi dadasi gʻamgin. U oʻgʻlini ovutish niyatida yolgʻon gapirmadi. Ota-bola qabristondan chiqib, uyga qaytib kelishdi. Lekin ertasiga u shamolladimi, isitmalab kasal boʻlib qoldiyu tepasiga kelgan dadasiga ham, buvisiga ham, boshqalarga ham oyijon, deb qoʻl choʻzib talpinar edi. Isitma ichida qoʻlida atirgul, oyijonini qidirardi.

Erkinning dovdirab, ichikib yurgani Humoyunlar xonadonini larzaga soldi. Buvasiyu buvisi, ammalari Erkin atrofida girdikapalak boʻlib qolishdi. Xotini qazosidan keyin, «etti»ni oʻtkazib Humoyun xizmatga bordi. Ilgari xushomad qilib yuradigan ba’zi juvonlarga ham ortiqcha soʻzamollik yoʻq, qaragisi ham kelmasdi. Uning koʻz oldida oyijonini yoʻqotgan ma’yus Erkin turar, bu mitti bolaning dardu dunyosi qorongʻi, hech narsasi qolmaganday koʻrinishi yuragini ezardi. U na ota va na buvisi, hech kimning gapiga quloq solmasdi. Unga oʻzining oyijoni kerak. Oyijonini topib berishlari kerak! Qani uning oyijoni?! Nahotki uning oyijonini koʻmib kelishdi! Nahotki oyijoni uni bagʻriga bosmaydi! U, Humoyunning koʻziga oyijonisiz yashay olmaydiganday koʻrinardi.

Advokat Farrux Doʻstmuhamedovlar oilasi motamsaro, bir kichik jon butun bir xonadonni larzaga solardi.

Oradan uch yil oʻtdi. Erkin ham maktabga bordi. Ammo hamon Humoyun uylanmay yurardi. Uning koʻz oldida hamon oʻsha Ra’no... Yer sovuq, kishi qazo qilgach, qolgan qadrdonlari yuragida uning mehri sekin-asta soviydi, derdilar. Bu toʻgʻri emas ekan. Humoyun yuragida Ra’no muhabbati hamon yashardi. U, Ra’noni ancha vaqt ketidan yurib, yaxshi koʻrib olgan edi. Nazarida yana bir boshqa kishini Ra’nochalik sevishga qurbi yetmaydigandai tuyulardi. Biron kimsa yuragida gʻalayon uygʻotolmasdi. Humoyun uch yildan soʻng birinchi marta Onaxonni koʻrib, yuragi jiz etib ketdi. Uning roʻparasida Ra’no turganday boʻldi. Uning bir yeri Ra’noga oʻxshashib ketardi. Ovozi oʻxsharmikan? Humoyun oʻylanib qoldi.