OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMirmuhsin
Asar nomiRashk va ishonch (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Mirmuhsin
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm8KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Rashk va ishonch (hikoya)
Mirmuhsin

Adabiyot maydonida bir qadar koʻzga tashlanib qolgan yosh shoira Irodaxonning keksa adib bilan tanishib, ustoz sifatida aloqa bogʻlagani Amirga yoqmadi. Er va xotin oʻrtasida bir kimsaning, garchi otasi tengi boʻlsa ham, paydo boʻlgani qaysi erga yoqardi?! Shubhalar ketidan shubhalar... Iroda boʻlsa oʻziga nisbatan ishonchu erkinlikni gʻoyatda istardi. Adibning yoshlikda shoʻxroq boʻlgani koʻplarga ma’lum, bu yaqinlik faqat ijod yoʻlidamikan, yoki... Mabodo bu nooʻrin rashku shubhalar sezilib qolguday boʻlsa, sevikli yorining qattiq ranjishi ham turgan gap. Uning gʻururi tahqirlanmasligi kerak!

Erkinligu ishonch, haqgoʻyligu oʻta madaniyatli boʻlmoqlik Irodaxonning ezgu niyati. Amir ham u haqda shunday oʻylardi, ammo oʻrtada shayton bor, bu shaytonialayhula’na kimlarni yoʻldan ozdirmagan!? Taniqli adib hali Habibiy domla yoshlariga bormagan, qaddi-basti bir qadar kelishgan inson. Oʻz asarlarida muhabbatni goʻzal tarannum etgan san’atkorlardan hisoblanardi.

Irodaning fusunkor koʻzlari, ta’rifiga qalam ojiz qaddu qomati, hozirjavobligi har qanday yigitni maftun etmogʻi tayin. Bu goʻzal fazilatlar Amirni allaqachon mahliyo etgan edi. Iroda boʻlsa, biz oʻzbeklar hayoli, oriyatli insonlarmiz, ota-bobolarimiz, momolarimiz udumini sevamiz. Lekin ozgina ovroʻpocha erkinligu ishonch ham eru xotin oʻrtasida boʻlsa yomon boʻlmasdi, derdi. Hadeb Otello boʻlaverish jonga tegmaydimi!? Xotin kishi sevsa, sadoqatli boʻlsa, uni yoʻldan ozdiradigan hech qanday kuch yoʻq! Zebunisoyu Nodirabegimlar chin muhabbat va hurlik sohibalari edi, podshoh Umarxon hech vaqt qingʻir xayollarga bormagan. Dini islom nuri yuraklarga pok muhabbatu sadoqat bagʻishlagan. Kumush va Otabekning sevgisi-chi?.. Bular bari Irodaning xayolidan oʻtdi.

Oʻn yettinchi mart kuni, kutilmaganda, Toshkentda havo aynib, yogʻayotgan yomgʻir qorga aylandi. Tundagi izgʻirin novdalarni muzlatdi. Bodomu ertapishar oq oʻriklar chaman boʻlib gullagan, atrofda asalarilar gʻuvullab uchayotganda birdan tabiat oʻzgardi. Dunyo goʻyo muzladi...

Irodaning ustozi hovlisiga qatnashi Amirga yoqmagandi. «Ishqilib, bu ishlar bahordagi muzlash boʻlmasin-da!» — derdi oʻziga oʻzi Amir. Charchaganidanmi, nimadandir, bir kuni koʻchadan kelgan Irodaning qaboqlari tagi koʻkarganini, tezda uyqu bosganini koʻrganda yuragiga shayton vasvasa solib, yomon xayollarga borgani yodiga tushdi. Xayriyat, bu xayollar puch boʻlib chiqqandi.

Ilgari san’atkorlarga, ayniqsa, sarvqomat raqqosalarga tez-tez tosh otadiganlar boʻlardi, boʻrining ogʻzi yesa ham qon, yemasa ham... Endi yosh shoiralarga ham ba’zida malomat toshlarini otadiganlar paydo boʻldi. Bulardan Irodaning mutlaqo xabari yoʻq, deb boʻlmaydi. Oqsoqol adibning bola-chaqalari borligi, baobroʻ kishi ekanini Amir yaxshi biladi. Qolaversa, oʻz otasi bilan tanishligi, tarixchi professor keksa adib ijodiyotini doimo yuksak baholagani, javonida uning koʻp kitoblari turgani ham esida. Ammo, baribir, seviklisini undan rashk qilar, bu fe’lidan qutulolmasdi.

Bir kuni Iroda yana ustozi xususida toʻlqinlanib soʻzladi, ayniqsa, uning yangi nashrdan chiqqan kitobiga dastxat yozib bergani Amirni oʻylantirdi. Irodaning sevinchiga sherik boʻlganday koʻringani bilan aslida xayolan fikri mujmalroq edi. Shu xayoli keyingi paytlarda koʻp namoyish etilayotgan Lotin Amerikasining davomli kinofilmlariga ketdi: bir-birini zulukdek soʻrish, oʻpichlar, quchoqlashishlar va boshqa holatlar me’yoridan ortiq, hatto jonga tegadigan darajada.

«Ha, oz-moz rashk qilmoq ham kerakdir-ov, — derdi Amir, — shu ham boʻlmasa inson kesakka aylanib qolardi». Ammo oʻsib kelayotgan navqiron ijodkor uchun ishonchu erkinlik ob-havodek zarur. Buni ham bilardi. Yosh ijodkor erkin qanot qoqmogʻi lozim. «Yoshlikda toʻyimli ovqatlanib, iligi baquvvat boʻlmogʻi uchun erkin boʻlmogʻi, koʻp narsalarni koʻrmogʻi kerak», — derdi ustozlar. Qancha-qancha iste’dodli oʻzbek qizlari yarim yoʻlda qolib ketgani bizga ma’lum-ku!

Mukarramxon, Halimaxon, Soraxon opa, Oydin opalar iste’dodu jasoratlari bilan buyuklik shohsupasiga chiqa olgan san’atkorlardir. Ba’zan bu fikrlar Irodaning qalbidan ham oʻtardi.

Ertaga ustoz hovlisida mushoira boʻlishi, unga Iroda ham borajagini, boshqa yosh qalamkashlar-da toʻplanajagini eriga ma’lum qildi. Bu gapni eshitgan Amir gʻalati kulib, xotiniga qarab qoʻydi, bu Irodaga uncha yoqmasa-da, bir nima demay, jim qoldi...

U joʻnab ketdi. Shu kuni Amir ham shahar markaziga borib, adib hovlisi atrofidagi bogʻda, bir oʻrindiqda gazeta oʻqib oʻtirdi. «Ishqilib, uni shayton yoʻldan ozdirmagan boʻlsin!»

Mushoira qizib ketdimi, yosh qalamkashlar ancha kech tarqalishdi. Biroq ular orasida Iroda koʻrinmadi. Amirning yuragiga gʻulgʻula tushib, «gurs-gurs» ura boshladi. Hatto adibning hovlisiga kirib chiqmoqchi ham boʻldi. Oradan yarim soatlarcha vaqt oʻtgach, Iroda domlaning kichik qizlari bilan darvoza yonida paydo boʻlgach, uning yuragi taskin topdi. «Nega bunday boʻlib qoldim? — derdi oʻziga oʻzi. — Nega xotinimga ishonmayman? Bu oʻzi nima?»

Domlaning qizlari xayr-xoʻshlashib, ichkariga kirib ketgach, Iroda bilan Amir bir-birlariga noqulay vaziyatda roʻbaroʻ boʻlishdi. Amirning tiliga kelgan gap shu boʻldi:
— Sogʻindim... Nima qilay, kelib oʻtiribman... Uzr!..
— E, qoʻysangiz-chi! — dedi rangi oqarib ketgan Iroda oʻzini biroz qoʻlga olib. — Eski kasalingiz tutibdi-da? Yana oʻsha rashku shubhami?!
— Uyda yolgʻiz oʻtirolmadim. Ishoning! Eringiz oz-moz jinniroq... Majnun qilib qoʻydingiz! Ayb menda emas... — Amir zoʻrma-zoʻraki kuldi.
— Ishonch kerak, janob! — dedi Iroda biroz ginador ohangda va saldan soʻng qoʻshib qoʻydi: — Mushoiramiz keyingi safar Samarqandda boʻlarkan...
— Biz ham Samarqandga borarkanmiz-da!
— Albatta, borasiz! — dedi Iroda. Shundan keyin u buyuk hind adibi Rabindranat Tagor oʻzi tugʻilib oʻsgan Kalikata (Kalkutta) shahrida yosh qalamkashlar maktabini ochgani, ingliz mustamlaka siyosati ta’sirida boʻlgan koʻplab iste’dodli qalamkashlar shu maktabda kamol topganini hikoya qildi.
— Uzoqqa bormaylik, — dedi u hayajonlanib, — oʻzimizning buyuk ustozimiz Gʻafur Gʻulom ham qirqinchi, elliginchi, oltmishinchi yillarda Beshyogʻochdagi hovlisida qanchalar yosh qalam sohiblariga ustozlik qilganini bilamiz-ku! Bu maktabda saboq olgan shoiru adiblarning ba’zilari hozir ham barakali ijod qilmoqdalar!..
— Gaplaringiz rost, Irodaxon, isbotlab berdingiz. Siz bilan bahslashmoqqa ojizman.

Mushoirada «Jannatda turib, yurtimni sogʻindim» nomli she’ri ustozga gʻoyat yoqqanini faxrlanib soʻzladi Iroda. Ustoz Irodaning shu she’rini tinglab, «She’r — shoir qalbida yaralguchi dur» — dil tugʻyoni ekanini ta’kidlagani uni ruhlantirib yuborgandi. Iroda oʻzida yoʻq shod, she’rini yoʻl-yoʻlakay Amirga ham oʻqib berdi:

Ey, dengiz sohillari, men keldim tolib,
Jannatsimon iqlim oldi bagʻriga.
Yurakka dam berib, dardimni olib,
Umring oʻxshash boʻlsin, dedi, bahrga.
Asablar yumshadi, yurak joyida,
Issiq saratonning vahshati sindi.
Tetiklik, hayajon-ilhom poyidor,
Buloqlar billuriy shifo suv sundi.
Toʻyib-toʻyib nafas oldim, begʻubor.
Ey, dengiz, ey, togʻlar, ey, javohir qum...
Nimaiki koʻrdim — bu maskanda bor,
Jannat boʻlsa boʻlar shunchalik, dedim.
Shu jannatda turib sogʻindim seni,
Ey, mening qizigan tanti tuprogʻim,
Issiq koʻchalarim, olis qishlogʻim,
Jilov uzar soylar va joʻshqin oqim...
Hammasidan kechib, ayshu safodan,
Oʻzbekiston — yurtim, senga chopaman.
Mening koʻzim bilan koʻrsinlar seni!
Ey, Ona — diyorim, doim boʻl omon!

Vatan tuygʻusi yoshlikdan tugʻilgusidir. Shoirlik — oshiqlik demak. Chinakam shoirlar birinchi galda Vatanni sevadilar, mutasavvuf tariqatida aytilganidek, jonidan ortiq el-yurtni sevganlar komil inson darajasiga yetadilar. Chin muhabbat esa insonga berilgan ilohiy ne’mat. Agar u boʻlmaganda ulugʻ Navoiy Layli-yu Shirin, Farhodu Majnunlarni yarata olmas edi.

Er-xotin yonma-yon borishar va shu haqda oʻylashardi. Yakkachoʻp koʻprikka yetganda Amir tisarilib, yoʻl berdi.
— Yoʻq, aka, Siz oʻting avval, yoshingiz katta, — dedi Iroda.

— Yoʻq, siz oldinga oʻting, sizlarni hazrat Navoiy duo qilganlar. Biz aqlu qoʻlimiz bilan bino quramiz, sizlar esa qalb bilan ruhiyat imoratini barpo etasizlar.