OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMirmuhsin Shermuhamedov
Asar nomiBefarzand Ochildiboy (roman)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Mirmuhsin Shermuhamedov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Romanlar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm22KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/11/14
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Sharq yulduzi» jurnalidan olindi.


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Befarzand Ochildiboy (roman)
Mirmuhsin Shermuhamedov

Mundin necha yil muqaddam shahrimizni ...mahallasinda Ochildiboy nomli bir odam boʻlur edi. Ul Ochildiboyni farzandi boʻlmay, kecha va kunduz dogʻi farzandgʻa oʻrtangan edi. Ochildiboy oʻzi shunday sarvatdor ediki, hamasrlarindagi boylardin hech qolishmas edi. Ketba-ket uch-toʻrt xotun olib yubordiki, ul xotunlardin biri na qiz va na oʻgʻul tugʻdi.

Aning kasbi dehqonchilik boʻlub, butun Turkiston viloyatigʻa nomi tarqalgʻan edi. Aqchasi ham juda koʻp boʻlub, muhtojmand boʻlgan odamlargʻa yuz soʻm uchun har oygʻa ikki soʻmdin ijoragʻa qoʻyar edi. Afsuski, shuncha mol-mulk, dunyo sohibi boʻlgan ila maktab yuzin koʻrmagan boy ilmi qup-quruq edi.

Toʻrt xotun olib bir dona farzand koʻrmaganigʻa ich-ichidin achinub, goho oʻz-oʻzigʻa bekorchi xayolni qilub: «Agar manim oʻgʻlum boʻlsa, oʻzim tinchgina uyda yotib ani <ng> daladagi dehqon mardikorlarimgʻa bosh qilib, ostigʻa yaxshi otlardin mindurub qoʻyar edim», deb zolim falakni dastidin bir oh tortib yuborur edi. Oʻzini avomligi uchunmi, xudo agar oʻgʻul bersa, yaxshi maktablarda oʻqitdurub, zamona munosibincha tarbiya topdurur edim, degan xayol ani diligʻa mutlaq kelmas edi.

Kecha-kunduz oʻylagan oʻyi «dehqonlarimgʻa bosh qilur edim» edi. Har zamonda oʻzum bilan boʻza ham ichushar edi, deb iljayib qoʻyar edi.

Ochildiboyni oʻzi shaharni moʻ‘tabar odamlari bila gap yeyib, hamma vaqt gapxonada bolasi yoʻq uchun joʻralaridin mulzam boʻlub oʻtirur edi.

Ittifoqo joʻralaridin biri bir kun qiziqchilik qilib dediki, – «Ey, Ochildiboy, agar sizgʻa xudovandi taolo oʻgʻul bersa nima qilur edingiz?». Ul joʻrasin qiziqchilik soʻzidin Ochildiboyni rangi qib-qizarib, nima deyishni bilmay, – «bilmadimki, xayoligʻa kim keltirdi, masholloh», daf’atan joʻralariga qarab, – Ey, hurmatlik ulfatlar, sizlar guvoh boʻlingizkim, alhamd (xudo taolo) manga oʻgʻul bersa, man aning hozirgi zamonaning xohishiga muvofiq maktablargʻa berib oʻqitdirur edim. Andin keyin ehtimol, borki oʻlmasdin katta boʻlsa, dorilfununlargʻa ham yuborur edim, – dedi. Ochildiboyni oʻzi oʻqish nima va ilmdin qanday foyda hosil boʻlurin bilmagan bir avom boʻlsa ham, lekin ilm toʻgʻrisigʻa bul kabi ahamiyati nazari ila gapurgʻonligi uchun ulfatlari taajjubda qolub hammalari birdan ulfatxonada Ochildiboygʻa farzand talab qilib, hazrati vojib taolo dargohida qoʻl koʻtarishib dedilarki, «Ilohi, parvardigoro, bul bandai ojizlaring ushbu damda senga yolborub munojat qilamizki, bul joʻramiz Ochildiboyni toʻrt xotuni boʻlub, bir dona ham farzandi yoʻqdur. Emdilikda ushbu duomizni dargohingda qabul va mustajob etub, bul bechorani aqrigan (aslida matn talabiga koʻra qarigan boʻladi, harf terilishida xatolik oʻtgan boʻlsa kerak – A.D) chogʻinda lutf-marhamating bila birgina oʻgʻul ato qilib, davlatin ilm yoʻligʻa oʻshal oʻgʻli uchun nasib etgaysan omin», deb barchasi qoʻlin yuzigʻa tortushdi.

Ul kuni duolar ta’sir qilib, Ochildiboyni koʻngli ma’yus boʻlub, yuragi ezildi. Hattoki koʻzidin muldur-muldur yosh oqa boshladi. Oʻshal kuni ulfatchilikda oʻlturolmay koʻzidin yosh toʻkilgancha uyigʻa ketmakgʻa majbur boʻldi. Koʻchalarda yigʻlay-yigʻlay koʻzi shishib chiqdi (Na lof). Yigʻlagani shul darajada boʻldiki, esi ogʻib oʻz eshigin topolmay, boshqa eshiklargʻa kirub, uy egalarin tayogʻin yeb quvalandi. To namozi shomdin xuftangʻa qadar koʻcha-koʻchada adashib yurub, bir vaqtda havlisin topib bordi. Eshigindin havli ichkarisigʻa qadam qoʻyishi hamon qulogʻigʻa qattigʻ yigʻi ovozi eshitildi. Ul yigʻi ovozin eshitgach, andak toʻxtab, yana sarosima boʻlub, qadamin tashqarigʻa tortdi, yohu, manga nima balo boʻldi. Davom yanglishurman. Bul ham manim eshigim emas, nechuk uyimdin yigʻi ovozi kelsun, – deb yanadin orqasigʻa qayta ketdi. Shunda ham koʻzidin yoshi tinmay davom etmakda edi. Necha koʻchalarni kezib oʻz havlisin topolmay hayron boʻlubroq, «toʻxtachi, manim aqlim bir joygʻa yigʻilsun», deb koʻzidin oqib turgon yoshini roʻmoli ila artib, bir oz oʻsha yerdagi masjidni eshigin oldindagi supachada oʻlturub, oʻz havlisin qaysi koʻchada ekanligʻin esigʻa kelturaman, deb fikrgʻa bordi. Shul fikrgʻa ketib koʻzi uyqugʻa ketib bir nimani tush koʻrdi.

Alloh taolo lutf-marhamati birla ikkinchi xotunigʻa bir oʻgʻul ato qilibdur, oʻshal oʻgʻlini beshikgʻa soladurgan kuni emish. Ochildiboy oʻz mahallasidagi masjidni imomidin oʻgʻlumni ismini nima qoʻysam, deb soʻrab turgan emish.

Koʻrgan tushin asnosi shul joygʻa kelib ediki, xuftangʻa azon aytmak boʻlib, birdan masjid soʻfisi besh-olti odam bila kelub masjid eshiginda Ochildiboy uxlab yotganin koʻrub, tushin etmomigʻa yetkuzmay, «kimsan, hoy tur» deb qoʻli birla turtib uygʻotdi. Ochildiboy ham birdan choʻchib turib, uyqu gʻalabasi ila ham, taqsir, oxiri oʻgʻlimni otini nima qoʻyay, aytmaysizmi, deb shovqun qilib yubordi. Ani bul holda koʻrgach, xuftan oʻqumak uchun kelgan odamlar xaxolashib qattiq ovozda kulushib yubordilar. Bularning kulishganiga Ochildiboy koʻzi ochilib, uyqusi oʻchib, munday qarasa, atrof qop-qorongʻi. Masjid eshigida odamlar kulushib turur.

Ochildiboy ham oʻzin uyqusin ekanin bilib, tepasindagi odamlardin juda xijolatmand boʻlib, nima qilarin bilmay, ularga boqib angroyib qoldi. Ul kulub turganlardin biri boyni tanib, rangi qum-qut oʻchib, payrav kela boshladi. Chunki bul mahallaning naryogʻindagi ...mahalla Ochildiboy mahallasi edi. Ul tanib payravlashgan odamni Ochildiboydin ikki yuz soʻm qarzi bor edi. Ul kulushgan odamlarni hammasi ham tanur edi-ku, lekin qarzdor uchun Qulahmad degan ilgariroq tonudi. Qulahmad qirq yoshlarda boʻlib, bechorahol bir odamdur. Kulganigʻa yuz pushaymonlar qilib, «nokastadin qarzdor boʻlsang ham yoʻlda tutar, ham goʻrda» degan soʻz yodigʻa tushub, xudo koʻrsatmasin, mandin hozir masjid eshigida kulganigʻa qahrlanib, pulin talab qilsa, bularni ichida nima degan odam boʻlaman, degan xayol boshidin oyogʻigʻa qadar boʻshashtirub yubordi.

Qulahmadni Ochildiboydin qarzdor boʻlganin sababi budur. Andin ikki yil muqaddam oʻgʻlini toʻy qiladurgan boʻlganda, Ochildiboyga ming soʻmlik veksil berib, besh yuz soʻmdin yuz soʻmi uchun har oygʻa ikki soʻmdin ijoragʻa qarz koʻtarib olib edi.

Qulahmad oʻzi zargarchilik kasbi bor bir bechorahol odamdur. Aning ikki oʻgʻli boʻlib Ernazar, Shernazar ismila borgan sari yoshi ulgʻayub xatna qilinadurgan darajaga yetushdi. Qulahmadni oʻzi dadasi hayotlik vaqtida aning davlati ila uylanib qolib edi. Yigirma besh yoshda uylangan boʻlsa, shul 14-15 yil ichida roʻzgʻoridin ajratib ikki oʻgʻlin toʻyi uchun jamlagan yetti yuz soʻm aqchasi bor edi. Bul pulni albatta oʻgʻlumni toʻyigʻa sarf qilaman deb niyatlab qoʻygandur. Oʻturgan havlisi ham oʻziniki boʻlmay, qayin otasidan qolgan vurusaxoʻrlarni oʻrtasindagi 27 sarjincha keladurgon imoratlari eski bir havli edi.

Oʻgʻullariga kelsak, Ernazar toʻqquz yashar, Shernazar yetti yashar edi. Ikkisi ham mahallasidagi usuli qadim maktabda oʻqur edi.

Qulahmadni oʻzi yaxshigina mullo boʻlmay, chalasavod uchun chindan ilmni qadrigʻa yetmasa kerak. Katta oʻgʻli Ernazar Qur’oni karim oʻqusa, kichigi haftiyak sharif oʻqur edi. Bularni muallimi usuli qadim ila oʻqutsa ham, tarbiyai atfol uchun ijtihodi yaxshi edi. Chunki toʻqquz yoshdagi bolani Qur’on oʻqumagi albatta muallimni parvarishi ila boʻladur.

... Xayrli kunlardan bir kun Qulahmad doʻkonida xayol dengizigʻa gʻarq boʻlib oʻz-oʻzigʻa aytur ediki, «emdi nima qilsam ekan, oʻgʻlilarim boʻlsa, kattakon boʻlib, toʻy qilinadurgan boʻldi. Oʻzimda yoʻq emas bor, alhamdulillah, toʻy qilsam ba’zilar kabi qarzdor boʻlmasdin oʻz yonimdagi aqcham ila qilishga quvvatim yetar. Hozir yonimda yetti yuz naqdina bordurkim, xudo xohlasa, hech kimgʻa muhtojligim yoʻqdur», deb bul xom xayolni oʻylab qoʻydi. Shul xurofot xayol birla kichkina doʻkonda oʻlturub, kech boʻlgʻach, havlisigʻa qaytub doʻkonda oʻylagan fikrini xotunigʻa maslahat tashladi. Xotuni ham bul xayolni koʻp vaqtlardin beri oʻylab erigʻa aytishga istihola qilur edi. Emdi erin oʻzidin bu soʻzni eshitub xursandligi ham ichiga sigʻmay oʻshal on qarindosh-urugʻlariga xabar tarqatti. Qulahmad katta oʻgʻli Ernazarni maslahatboshi boʻladurgan qayin ogʻasiga yubordi (esiz bul toʻyni koʻrolmasdin qayin ota, qayin ona oʻlub ketgandur). Ul kuni kechasi ham qarindosh-urugʻlari Qulahmadni uyigʻa yigʻilib toʻyni maslahatinda har qaysi oʻz fikrin soʻzlasha boshladi. Shularni ichinda mahalla xodimchasi, dasturxonchi oyim ham bor edi. Biri aytur, «agar iloji boʻlsa, ertaga xotunoshi qilib, indinga biratoʻlasi katta oshni ham berib yuborish kerak». Biri aytur, «yoʻq, toʻxta, hali bir-ikki kun sabr qilaylik. Hozir hech kim bul toʻydin xabar topgan emas. Toʻy teyushlilikniki, qarindosh-urugʻ, oshna-ogʻaynilar eshitsun».

Oxir maslahatda bolalarni togʻasi turib, ey, qarindoshlar, jim turinglar. Man hammangizni otangiz oʻrniga ota, onangiz oʻrniga onadurman. Nima qilmakchi boʻlsangiz, barchangiz manim maslahatim birla qilursiz. Hozirgi har qayungizni oʻylagan xayolingiz boʻsh bir xayoldur. Charoki – hozirda toʻyni vaqti emas. Toʻy boʻlsa, mana, hayitga toʻqquz kun qolibdur. Omon-eson hayitga yetamiz, ba’daz hayit qilamiz, dedi. Aning bul maslahati barcha qarindoshlarga xush kelib, yana Qulahmad bila xotuniga ham ma’qul boʻldi.

Filvoqe’ oʻshal kuni iydi qurbon oyi edi. ...Hamma hayit harakatida edi. Ul togʻani soʻzin hammalari ma’al mamnaniyat qabul etub, janobi haq muvaffaq etsun, toʻyni hayitni oltinchi kunigʻa jazm qilishub, ul maslahatchi mehmonlar oʻzlari uchun pishirulgan shirqaboq (sut) oshini bir kosadin ichushib, birma-bir uylariga joʻnadilar. Mahalla xodimchasi ham bir dona qotgan kulcha birla sahal kam bir tabaq sut oshini koʻtarub, ul yerda ichmasdin uyiga kelturdi.

Ul xodimchi Qulahmadni mahallasidagi masjidni (ng) soʻfisin xotuni edi. Aning uchun oʻzi ichmay bir tabaqni toatga quvvat, aylana qolay, man ichmasam ham goʻrga, soʻfi bobongiz icha qolsin, sahar turub, masjidga borib, «la iloho illalloh» deydurlar, deb oʻzidin burun erin qornini toʻydirmakgʻa tushti. Soʻfi bobom xuftanni oʻqub kelib erta sahar turaman deb vaqtlikroq uxlagan edi.

Xotunlaridin bul iltifotni koʻrgach, oʻrnidin sachrab turub, ayvonni labidagi Hayitvoy akamni janozasidin kelturulgan burni pachaq safol obdasta ila qoʻlini yuvib, koʻzini bir yumib, bir ochib, tokchadin yogʻoch qoshiqni olib, xoʻrillatib sovigan sut oshini haligi qotgan kulcha bilan icha boshladi. Ul kuni soʻfi bobomni qorni juda och, juma axshomi boʻlsa ham hech kim xudoyiga taklif qilgan yoʻq edi. Ul shirqaboq ila qorni toʻymasa ham muhim kifoya boʻldi. Xotuni xodimchi Qulahmadni uyinda toʻy toʻgʻrisidin boʻlgan maslahatlarni sar to po soʻfiga soʻzladi.

Qulahmadni qarindosh-urugʻlari bari ketub, yolgʻiz qayin ogʻasin olib qoldi. Ikkisi tong otguncha toʻy toʻgʻrisidin ta’yin maslahatlashib taajjubi aqillar topushdilar.

Kechasi oʻtib tong otdi. Erta bilan turib choy icharga tutindilar. Togʻasi toʻy boʻladurgan bolalarga qarab ayturki, ey, jonlarim, mana emdi xudo nasib etsa, sizlarni toʻyingiz yaqindur. Man borib necha arroba qayroq buyursam. Irjayib qah-qah kulishib, ul bolalarni uyalturub, ozgina yigʻlatib ham oldi. Bular shu gufti goʻda oʻltururlarki, eshik zanjiri sharaq-shuruq sadosi eshitdurdi. Qulahmad tezdin chiqub qarasa, domla imom soʻfini ergashtirib kelgan va, assalomu alaykum, ha, Qulahmadboy, barchamizga muborak boʻlsun. Ya’ni oʻgʻullaringizni xatna qilmakchi emishsiz. Borakalloh, mana himmat, deb sekingina yer tegidin soʻfiga koʻz qisib qoʻydi. Mahalla ...soʻfisi ham soʻzga tushib, ha, taqsir, mana emdi Qulahmadboy yaxshi gʻayrat qilibdurlar. Masalan, ya’ni har qancha kuchlari boʻlsa koʻrsatadurgon vaqtlaridur. Qani xudo oʻgʻil bersa, hamma ham shunday harakat qilib koʻrar edi. Bul kabi yaxshi toʻyni odam farzandi butun umrda bir martaba yo koʻrur, yo yoʻq. Davlatlariga kelsak, alhamdulilloh, Qulahmadboy kambagʻal emas. Bir mahallada oʻziga yaxshi obroʻ hosil etgandur. Ya’ni albatta bul kori xayr toʻyigʻa pulni ayamasa kerak. Kori xayrni xudoni oʻzi yetkazaman degandur (Qulahmadga qarab). Man sizni toʻy harakatigʻa tushganingizni kechasi xotunimdan eshitub, janob domullomga aytub edim. Domullom bul xayrlik soʻzni manim ogʻzimdin eshitub shundogʻ suyundilarki, shu kunga bemalol shoshilmasdin oʻqiydurgan avrodi fathiyani bugun tez-tez oʻqib, sizni xursandligingiz uchun muborakbodlik¬gʻa kelduk. Mana emdi nima qilasiz, ixtiyor oʻzingizda, dedi. Mundin bul soʻzni eshitub bechora Qulahmad xayol daryosigʻa tushib nima qilurin bilmay, bul moʻ‘tabar aziz mehmonlarni oʻlturgʻuzishga mehmonxonasi yoʻq, gardanin yergʻa solgancha toʻy qilaman deb ovoz chiqarganigʻa ming pushaymon qilib havlisigʻa kirib xotuni bila qayin ogʻasigʻa qarab dediki...

Qulahmad sandiroqlab uyga kirib ketgach, domullo imom birla soʻfi ikkisi eshik oldida qolib, bir-birlariga fosh qilmasdan xayolga borib, oʻz-oʻzicha domullo imom aytur: «Bugun kechasi (masholloh) nega uyqum kelmadi ekan, ayogʻimda non farcha yotgon yo kitob-mitob qolibdurmi desam, yoʻq, xayriyatchilik muakkillarim Qulahmad(ng) toʻyidin voqif qilmak uchun uxlatmagan ekan. Mana bizlar xudo degan bandamiz. Bir kecha uyqudin qolib chekgʻon riyozatimizgʻa mana bugun hozir ajrini koʻraman. Shoir bilib aytgandur:

Yaxshilik Dajladaki qil jondin,
Ajrini Haq berur biyobondin.

Mana bir kecha alloh taologʻa oʻz manfaatim uchun yaxshilik ila riyozat qilib edimki, hay-hay, emdi bilmadimki, Qulahmad qarimtasin qanday qaytarur».

Soʻfi oʻz xayoli bila boʻladi. «Lekin xotuning boʻlsa, shundogʻ boʻlsa ekan. Bul toʻyni manga xotunim aytmaganda, kimni xabari boʻlur erdi. Uyimga borub Rixsiboyni onasin yettisidin keltirulgon qattigʻ non birla choy ichar edim. May quyib nurhol munda bu kun qorunni silab, yelkani qichugʻin bosdurub chiqamiz. Uydagi qora qumgʻonla domullo non chaynagani erta-merta yoʻlda boshqa ovqat uchrasa keyin icharman, nima boʻldi. Kecha roston ham Boltay Muhammadi masjidni qiziga qudasinikidin barkashda osh keladi, degan edi. Kecha panjshanba kuni kelmadi. Yo kelsa biza bilmadimki, toʻxta, domullodin soʻraychi». Domla imomni turtadi.

– Taqsir, kecha panjshanba kuni Boltay Muhammadni qiziga qudasin uyidin osh qiladurmish, degan edi. Man oʻshaning uchun uyimda qazon qaynatdurmay, oz boʻlmasa och qolgan edim desangiz. Qulahmadni uyidin bir tabaq oshni manim birla kulcha olib borgan ekan. Toatga quvvat deb shuni ichib yota qoldim. Nima uchun ani qudasi osh yubormadi? Siz bildingizmu?

Domla:

– Ey, soʻfi, sizni hali xabaringiz yoʻqmu? Ul Boltayboyni qudasin mahallasida xilofi sharr’ maktabxona bor. Nomi usuli jadid degan. Ul maktabni domlasi Boltay Muhammadni qudasin qarindoshi ekan. Ul toʻxtatgan emishki, quda, haftama-hafta osh berish kelishmagan ish deb. Va ham isrofchilik boʻlmagan narsaki, pul chochguncha ortuqchasin jamiyati xayriya yo maktablarni foydasi uchun bering, der emish. Mana shunloq ya’juj-ma’jujlar chiqib, bizlarni rizqimizni boʻlmakchi boʻlib turur.

Soʻfi shoshilib qoladi.

– Taqsir, taqsir, nima dedingiz? Hali ul usuli jadid domlasi bu boʻlmakchi boʻlsa, ertaga yoki bozor kuni ham yubormasmukun?

Domullo:

– Albatta, shundogʻ.

Soʻfi:

– Oh, shoʻrimiz qursin! Ul munofiqlar jinsi odamdin biri boʻlib, kelub yozgan qoidalarni yoʻq qilaman deydurmi? Xudo saqlasun, oʻshani uchun zamona oxir boʻlub boradur. Ey, taqsir, aytganingizdek, man bir kun oʻshal mahalladin oʻtub ketayotib edim. Zahar tang qilib, usuli jadid oʻqitadurgan masjidga kirib tahorat ushatmoqchi boʻldim. Maktabni ichigʻa mundogʻ qarasam, oʻrus oʻtiradurgan ustallar qoʻyilgan. Maktab bachalarni ikkita-uchtasi ul ustalda ayogʻin cholishtirub, oʻrusni popirusini chekib turur. Yana maktabni eshigida oʻrusni minadurgan ikki gʻildiraklik shayton arobasi turubdur. Man shuni koʻrub oʻzumga iymon oʻgurub qochib chiqdum. Oʻshal kundin beri ul maktab bolalaridin birini koʻrgandek boʻlsam, darov iymon kelturaman. Xudoyo tavba qildim, oʻzing kechurgin emdi. Ularni oʻzin munofiqligi kamlik qilib toʻyda boʻladurgan qoidalarni ham yoʻk qilaman deyurmi? Aning ichida oʻrus tilini biladurganlari ham borga oʻxshaydur, –deb choʻnchagidin tasbehin olib usuli jadidchilardin omonlik tilab astagʻfirulloh, astagʻfirulloh deb oʻgura boshladi. (Kelayluk emdi Qulahmadga)

Qulahmad bul ikki zotni oldilaridin ketub, havlisigʻa kirib, xotuni bila qayin ogʻasigʻa qarab:

– Ey, aziz maslahatgoʻylar. Toʻy qilaman deb ogʻiz ochib yurguncha, avval toʻyga sarf boʻladurgan aqchaga bir mehmonxona solib, andin keyin toʻy harakati qilish kerak ekan. Mana kechasidagi toʻy toʻgʻrisida qilgan maslahatimiz domullamiz ila eshon soʻfiga mahalla xodimchasi aytibdur. Bular shul daraja xursand boʻlubdurlarki, shul kuni kun chiqgʻanda oʻqiydurgan ishroq namozlarini bugun oʻqumay kaminani koʻnglini olgani kelishibdur. Emdi man nima qilurimni bilmaydurman, – dedi.

Qayin ogʻasi Qulahmadga qarab, – ey, yazna ul domullo imom birla soʻfi boʻladurgan boʻlsa, koʻnglingizni ovlagani kelmay, balki yelkalarin qichugʻin qondurgani kelishgandurlar, – dedi.

Xotuni Qulahmadga boqib, – aylanay, er, – siz nima uchun xafa boʻlasiz? Mehmonxona solaman deb, toʻyni maslahatin buzub mani qavmu qarindoshimni ichida subutimni ushotib odamgarchilikdin chiqarmaqchimisuz? Domullo pochchamdan aylanay, kirsalar mana joy. Man uyga qochib turaman, – deb uy ichiga kirib ketdi.

Qulahmad xotunin bu aqlidin xursand boʻlub, yugurgancha eshikgʻa chiqib, domulla ila eshoni soʻfini taklif qildi. Soʻfi usuli jadidchilardin panoh tilab boshin uyon-buyonga siltab tashlab tasbeh oʻgurmakda edi. Ul janoblar bajonidil taklifga izhori tashakkurlar aytub ichkari havliga kirishdilar. Xatna boʻladurgan bolalarni peshonasidin oʻpushub, togʻasi birla koʻrushub, choyni tepasiga oʻlturdilar. Qattigʻ ovoz birla fotihaga qoʻl koʻtarub, toʻyni duosini uzundin-uzoq choʻzub oxir duoda xudo taolo koʻkragingizda oʻylab yurgan talab maqsudingizga yetkarsun, omin, allohu akbar, deb duoni tamom qildilar.

Nashrga tayyorlovchi: Adiba DAVLATOVA


Dastlabki Dadil Qadam<

Mirmuhsin Shermuhamedov – 1895 yilda Toshkentning Mahsidoʻzlik mahallasida tugʻilgan. Akasi Mirmulla koʻmagida zamonaviy ilm-fanlar bilan tanishadi. 1916 yilda davrning peshqadam yoshlari qatorida Ufaning mashhur Oliya madrasasida tahsil oladi. Oʻqish jarayonida dunyoda sodir boʻlayotgan ijtimoiy-siyosiy, madaniy hodisalar, shuningdek, jahon adabiyoti bilan chuqur tanishadi. Turkistonga qaytib kelgach, badiiy ijod bilan shugʻullandi. Fikriy, Muhsiniy taxalluslari bilan she’rlar yozdi. Shuningdek, mohir publitsist sifatida qator maqolalarida jamiyatdagi turli muammolarni qalamga oldi. Adiblik faoliyatida esa «Adabiy parchalar» nomli nasriy asar, «Juvon va juvonboz», «Eski tabib» nomli dramalar yozgani va matbuotga topshirgani ma’lum. Lekin bu asarlar nashr etilmagan chamasi, bizgacha yetib kelgan emas.

Mirmuhsin Shermuhamedovning e’tiborli xizmati shundaki, u roman janriga birinchilardan boʻlib qoʻl urdi. Uning «Befarzand Ochildiboy» romanidan parchalar 1914 yil sentyabr oyida «Turkiston viloyatining gazeti»da bosilgan. Asar bu janr¬dagi ilk ijodiy mahsul ekanligi bois badiiylik mezonlari talabidan bir oz pastroq. Lekin ushbu roman keyinchalik «Yangi saodat», «Uchrashuv» (Hamza ) singari asarlarga yoʻl ochib, romanchilikning oʻtish yoʻllarini bosib, nihoyat, «Oʻtkan kunlar»¬dek muazzam asar yaralishida bir tajriba boʻlganini ta’kidlash joiz. Mirmuhsin Shermuhamedovning atigi 34 yillik umri davomida qoldirgan adabiy merosidan bir parchani oʻquvchilar hukmiga havola etishni lozim topdik. Quyida dastlab muallifning «E’tizor» nomli maqolasini oʻqiysiz. Bular muallif tavalludining 115 yilligiga kichik bir tuhfadir.

E’tizor

Afvularingizni talab qilaman ey, muhtaram qorilar. Janobi oliylaringizgʻa ma’lum oʻlsinki, manim bul tubandagi boʻsh-boʻsh soʻzlarim uchun albatta izhori naf¬rat etmaklaringiz tabiiydur. Shunday taqdirda ham usuli roʻmonni har kim tushunib oʻqiydurgan darajada oson boʻlushligi kerak.

Iborat oro soʻzlar ila roʻmon yozmak manga hech nima emas. Lekin koʻb odamni tushunmay, foydasiz qolmaklarigʻa sabab boʻlinadur. Shuning uchun hozirgi tayyorlagan bul roʻmoncha kitobni oʻz ona lisonimizgʻa yengil qilinub bitirdum. Bitdirubki, juda bitgan emas. Alhol ham chalasi bordur. Hozir yuz varaqgʻa yaqin yozilgan. Inshoolloh, yana yozurman. Oramizda boʻladurgan qoidaga xilof va bid’at ishlarimizni maqola ila yozib bitdurub boʻlmasligigʻa koʻzum yetub, shul odatlarimiz uchun roʻmon yozib, el koʻzigʻa vositasi-la koʻrsatishga majbur boʻldum. Shoyad muhtaram oʻqugʻuchilarga malol kelmasa, agar malol keladurgan darajada boʻlsa, gazet orqali prutest chiqarsinlar. Chunki ikkinchi yozilmasdin toʻxtatiladur. Soʻzimni zoʻrlab oʻqitmakchi emasman. Ibrat uchun yozilgan edi. Inshoolloh, bekorga qolmasa kerak, deb bir tarafdin umidim ham bordur. Bul soʻzlarni demakdin murod, manim bul roʻmon uchun qalam tutganimdin bir zot boʻlub, huzurigʻa chaqirib aytadurki, gazetlarda aylagan mazammating sob boʻlub, emdi bebismilloh shayton kitobni bitmakgʻa tushdingmi? Na dunyo va na oxiratgʻa foydasi yoʻq narsagʻa urunib doimo rangingizni koʻknori kabi sargʻayturub yurasan. San gʻiybatchini jabringdin qachon qutulamiz, axir? (mana soʻz). Xoʻb toʻxtang, boy aka, qutulmoqingizni mundin buyon gazet koʻrsatib berur.

Binoialayh, shul qabila soʻzlar bosh ogʻritmak, koʻngil aynitmakdin boshqa foyda kelturmagay. Koʻzi ochilib, zamonadin ibrat olmagan har kimsa nima desa desun, ammo man oʻz maslagimda davom etaman.