OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMirzapoʻlat Toshpoʻlatov
Asar nomiMaydon (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Mirzapoʻlat Toshpoʻlatov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm31KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/01/16
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Maydon (hikoya)
Mirzapoʻlat Toshpoʻlatov

— Hoy, odamlar! Aziz polvon oʻzini yiqitgan polvonga qizini berarmish!
— Qizining oʻzi ham shunday deb turganmish. Rozimish.
— Juda qiziq boʻpti-da. Xuddi ertaklarga oʻxshaydi-ya!

* * *

— Odamlar-o, odamlar, eshitmadim demanglar! Aziz polvonnikiga toʻyga-oov...

Hamma hayron: Aziz polvon qiziga qalliq tanlash uchun kurashli toʻy qilsa, oʻzi kurash tushsa...
— Asli, qizini erga bermoqchi boʻlgan ekan, qizi: «Unda kurashli toʻy qiling, kim meni yiqsa, oʻshanga tegaman», deb oyoq tirab olibdi. Otasi: «Koʻnsang ham, koʻnmasang ham, meni yiqitganga beraman», deb turib olgan ekan, qizi rozi boʻptimish.
— Lekin qiziyam oʻzi qizmisan-qiz-da. Koʻrganmisan, xurliqo, pari nusxa-da.
— Ha, kurashmisan, kurash boʻladi-da!
— Aziz polvonni yiqitadigan mard bormikan oʻzi.
— Uning bilan belashish uchun Farhoddek botir kerak.
— Xuddi, ertakning oʻzi-ya.
— Ertaklar bekorga toʻqilmagan-da, oshna.
— Zarjahon rivoyatini eshitganmisan?
— Yoʻq...

Aziz polvonning qishlogʻi-yu yon-atrof qishloqlarda shu taxlid gaplar aytilardi. Unut boʻlgan rivoyat yoddan koʻtarilganda shu polvonlarni eslashardi.
— Hamma biladigan Zarjahonni eshitmabsan-a. Eshit boʻlmasa, xumkalla, bu rivoyat ajdodlarimiz haqida. Ular kurashni sevishgan. Ayollari ham jasur boʻlgan. Oʻshal uchun ularga yov yaqin yoʻlamagan. Bilib qoʻy, bu rivoyat oʻzimizning ona Zarjahon haqida. Yaxshilab eshit. Balkim, bola-chaqangga soʻzlab berarsan. Bu rivoyatni «Ona botir», «Ona oqil» hakida qoʻshiq ham deb yuritishadi. Xatoga yoʻl koʻyma-ya, avlodlar qahriga uchraysan...

Nasaf qishlogʻi. Telba daryo — Qashqa. Saroy qabilasining sardori yorugʻ dunyodan koʻz yumdi. Ahli aholi bir hafta koʻk kiyib, sadr tepdi... Yigʻidan koʻzlari qizardi. Uning yaxshiligi uchun ham dildan yigʻlab sadr tepishdi. Mehr olamida beqiyosligini, mardlar maydonida tengsizligini, adolatparvarligini aytib yigʻlashdi. Ammo, u tirilib kelmadi. Shul bois, qabila ulugʻlari kengashga yigʻilishdi. Biri u, biri bu dedi. Bir qarorga kelolmay, uch kun tortishishdi. Axiri, «sardorning qizi Zarjahon kimni oʻziga loyiq topsa, oʻshal bosh boʻlsin», degan qarorga toʻxtashdi.

Zarjahonni chaqirishib, kengash qarorini aytishdi.

Qiz oʻylanib javob qildi:
— Ey ulugʻlar, agar sizlar shuni qaror qilibsizlar, men rozidurmen. Faqat shartim bor.
— Qani-qani, eshitaylik-chi, — deyishdi kengash ahli. Qiz ularga yana ta’zim qilib shartini aytdi.
— Otaxonlar, men tanlagan yigit el-ulusga bosh boʻlarkan. Unda aql-zakovat birlan uni sinamogʻim kerak.
— Xoʻsh-xoʻsh, qizim, — deyishdi oʻtirganlar.
— Shartim shu: meni yikib, ikki savolimga javob berganga xotin boʻlaman. Shart hammaga ma’qul tushdi.
— Ha, qizim, toʻgʻri gapni aytding. El boshida bosh boʻlib turgan odam zoʻr va oqil boʻlmogʻi kerak, — deyishdi-da, shu zahoti qizning shartini elga e’lon etishdi.

Elning manman degan polvon, mard yigitlari qur atrofidan joy olishdi. Zoʻrlarning zoʻrin, qizning kurash tushishin koʻrmoqqa tumonat tomoshabin ham qur atrofiga choʻkdi.

Qur oʻrtasida davra. Davraga sochini gurmaklab, jomakor kiyib olgan Zarjahon chiqdi. Goʻyo oymisol davrani yoritdi. Goʻzalligin koʻrgan bulbullar sayrab yubordi. Odamlar hayajondan «voh» deb, polvon boʻlmaganidan ming bir afsus tortishdi. Qiz kurash tushdi, manman degan polvonlarni boʻyi barobar koʻtarib otdi. Qiz bolaning shunchalar qudratliligidan, «yo tavba», deya yoqalarini ushlashdi. Tomoshabin koʻp, kurashadigan yoʻq. Bori ham tugadi. Boshi qotgan bakovul davra aylanib Zarjahonning choʻponi oldida toʻxtadi.
— Hoy yigit, kelbatingdan togʻ hurkadi, bir baxtingni sinasang-chi? — dedi.

Yigit oʻylanib, istiholaga borib, davraga chiqdi. Zarjahon ham davraga chiqdi. Atrofda sukunat, butun borliq sukunatda. Uvillab, pishqirib esadigan boʻronlar ham jimgina tomoshabinga aylangan. Ular bel ushlashdi: togʻlar uchrashdi. Na’ra tortib osudalik bagʻrin tigʻlashdi. Ammo, bir-birini yiqolmadi. Kurash uzoq davom etdi. Qiz qoldan toydi: charchadi. Yigit chinordek, Alpomishu Farhoddek davrada turaverdi. Qizning jahli chiqdi.
— Hoy, yiqitadigan boʻlsang, yiqit-da, endi, — dedi.
— Goʻzallarning goʻzali, men seni qay yuz bilan yiqaman.

Zarjahon birdan yengil nafas oldi. Kengash yoniga borib yengilganini tan oldi.
— Unda savolingni ber, kechiktirib nima qilasan, — deyishdi. Qiz birinchi shartini aytdi.
— Gavhar ogʻirmi, yer?
— Gavhar yukini yer bosar.
— Toʻgʻri, — dedi Zarjahon. — Dunyoda eng aziz narsa nima?
— Yer bilan quyosh!
— Bu ham toʻgʻri, — deb oʻz hayotini yigitga chambarchas bogʻlabdi. Buni eshitgan olam dunyoga yangi bir tadbirni qoʻllabdi. Janglarda shohlar kurash tushisharkan. Qaysi yiqilsa, yiqitganga itoat etib, farzandi yoki aka-ukalaridan garov qoldirib qaytarkan. Aziz polvonning va qizining sharti toʻgʻri boʻpti, shunga qaragan-da, — dedi rivoyatini tugatayotgan kishi.

* * *

Aziz polvonning bogʻi etagidagi kenglikda tomoshabin qur tikib oʻtirdi. Moyli kunjara kallalari davrani yoritdi. Jumagulning otasi yakka-yu yagona qiziga zoʻrlarning zoʻridan kuyov tanlashga kirishdi. Davraga talabgorlar bitta-bitta yeng shimarib chikishdi. Aziz polvon aziz edi. Nomi elga mashhur edi. Odamlar uni Hasan koʻlvor deya atashardi. U tuyani yiqitgan, otni tishida koʻtargan polvon. Uning bilan olishish uchun Alpomish misol yigit kerak edi.

Aziz polvon qancha-qancha polvonlarni yiqitdi. Navbat Hut polvonga yetdi. Zoʻrlar bilan zoʻrlar kurashganda ularning shamolidan boʻron hurkar, deyishadi. Zoʻrlar tantiligi, sofligi, qudratliligi bilan zoʻr. Ular maqtanishmaydi, soʻzlaridan qaytishmaydi. Ikkalasi uzoq olishishdi. Odamlar Hutni Alpomishga, Azizni Hasan koʻlvorga kiyoslashib rosa tomosha kilishdi. Aziz polvon charchadi. Hut uni boʻyi barobar koʻtarib yiqitmay yerga tik qoʻydi.

Xut Jumagulga shunday uylangandi.

Jumagul polvon qizi. U qurni, polvonlar kurashini xush koʻradi. Ular bilan Zarjahon gʻururlangandek, gʻururlanadi. Ammo u ayol, ayollar koʻzlari yorigan xonadonni sevadilar. Ular bolalari-yu erlarini iloji boʻlsa yonlaridan yiroqlatmasalar. Ayollar osudalik, goʻzallik timsolidirlar! Jumagul ham oʻsha ayollarning biri: tanholikni yomon koʻradi.

Osmon betini qamrab olgan bulutlar kechga borib tarqadi. Koʻqtsa chaman yulduzlar porladi. Kuni bilan koʻz ochirmay yoqqan qor yer bagʻrini oppoq harirga burkadi. Havo musaffo. Qishloq sokin. Sovuqdan junjikkan itlarning hurishi ham eshitilmaydi.

Jumagul bolalarini uxlatib, hovliga chiqdi. Darvoza tirqishidan koʻchaga koʻz tashladi. Hech kim, biron jonzot yoʻq. Oʻchoqqa olov yoqib, qumgʻon qoʻydi. Namiqqan oʻtin buruqsadi. Nihoyat, sharqirab qaynadi. Jumagul iliq choyni toʻkib yangidan damladi. Uchinchi bor eriga atab choy damladi. Oʻchoqdagi qoʻrni sandalga solib, choydishni bir chetiga qoʻydi. Sandalga tashlangan choʻgʻdan iyaklari, burnilari ustidan ter rezalar yiltilladi.

Jumagulning fikri xayoli eri Hutda. Uning raqiblari bir necha bor Jumagulga: «eringga ayt polvonlikdan kechsin: boʻlmasa chuvrindilaring bilan chirqirab qolasanlar», deb poʻpisa qilishgan. Jumagul erining oyoqlariga yiqilib iltijo qildi, oʻtinib soʻradi. Lekin boʻlmadi. Qaysi ayol tul qolishni istaydi. Hech qaysisi. Erlar ular uchun hayot ustuni. Shu ustunga suyanib yashaydi. Qora kuchlar Jumagulni ustunidan ayirishmoqchi. Hut buni bilsa-da, davrani, kuchlilar, mardlar maydonchasini tark etolmaydi. Polvonlar uchun kurning havosi oʻzgacha, hayotlarining bir boʻlagi. Jumagul buni bilmaydi. Bilish uchun kurashib koʻrmogʻi kerak.

Hutning otasini raqiblari oʻldirib ketganini eslab, Jumagulning eti zirqirab ketdi. «Ey, xudoyim, balo-qazolardan oʻzing asragin», deb pichirlagancha, xayol ogʻushida uyquga ketdi.

Eri Hut bilan kechasi qaerdandir kelishmoqda edilar. Qarshisidan qora libosli kishilar chiqib, oʻrab olishdi.
— A-ha, qoʻlga tusharkansan-ku, bachchagʻar! — dedi otda turgan shopmoʻy-lovlisi. — Xotining oʻlja. Oʻzing quzgʻunlarga yem boʻlasan!

U bir imo qilgan edi, yonidagi sheriklari Hutga tashlanishdi.
— Dod!.. Voydod!..

Jumagulning jon achchigʻidagi qichqirigʻidan uxlab yotgan bolapar uygʻonib ketishdi. Toʻngʻichi Najim piyolada suv tutdi. Jumagulning vujudi koʻrqinchli tushdan dagʻ-dagʻ titrardi.
— Bosinqirabman, qoʻrqmanglar, bolalarim, — deya ularning ustiga koʻrpa tashlab, tashqariga chiqdi. Qora tunda, achchiq izgʻirin iliq harorat ustidan gʻolib chiqib, tantanavor vizillardi.

Vohaning hamma tomonlaridan nomi ketgan polvonlar kelgan. Kurash uchun ajratilgan maydonda odamlar qur atrofini toʻldirishgan. Toʻrt-besh joyda moyga shimdirilgan kunjara kalla yonib turibdi. Qur atrofidagi gulxanlarga yorilgan toʻnkalar qalangan. Tarafkashlarning: «Boʻsh kelma, Hut! Barakalla, Hut!» — degan qiyqiriqlari yangraydi.

Polvonlar sovuqni pisand qilmay raqibi ustidan gʻolib chiqish uchun bir-biriga hamla qilib, chalishga yeki yelka qilib yiqitish ishtiyoqida yonishadi. Ustlaridagi jomakorlariyam chidash bermay, shir-shir yirtiladi. Boyvachchalar pul chiqarib: «Hut yiqitadi, oʻzini tutishini qara, kelbatiga qara! Alpomishni oʻzi-ku!» — deb tikishadi. Tortishuv, tikishlar gʻolibni olqishlash bilan tugaydi. Hut raqibini dast koʻtarib otdi. Gurs etgan tovush yerni zirillatib yubordi-yov! «Balli Hut!», «Otaoʻgʻil!», «Halol!», — degan baqiriqlar yeru koʻkni tutdi.

Hut katta qoʻchqorni yelkasiga tashlab, qurni bir aylanib hamqishloqlari oldiga kelib oʻtirdi.

Yiqilgan polvon chamasi Hutdan yoshi katta edi. Oʻrnidan turib, uning oldiga kelib qoʻl choʻzdi.
— Qoyilman, polvon. Shu paytgacha yagʻrinim yerga tegmagandi, — deb Hutning qoʻlini xomush siqib orqasiga qaytdi.

Davra bakovuli:
— Hut, sen bilan bellashishga Gʻuzor begining oʻgʻli Safarniyoz polvon talabgor, — dedi. Hut davraga chiqib, qariyalardan fotiha soʻragancha tiz choʻkdi.
— Omin, Olloh omadingni bersin! — deya fotiha berishdi qariyalar. Hut qoida boʻyicha davrani uch aylandi-da, qaddini rostlab, zabardast, oftobdan qoraygan, ogʻir mehnatda qadoq boʻlgan qoʻllarini raqibi Safarniyozga uzatib bordi. Qur atrofi tinch, olam tinch. Goʻyo butun borliq sukunat-la tomoshabinga aylangan.

Safarniyoz ham ancha nom chiqargan polvonlardan. Faqat gʻirrom, shuhrat quliga aylangan polvon. Otasiga qarashli yerlarda boʻladigan kurashlarda birinchi tovoq zoti uchun kurashadi. Oladi ham. Bekning oʻgʻli, hamma-hamma narsa u tomonda. Shuning uchun ham oladi. Ha, birinchi zotni u oladi. Hut bilan ilk bor bellashmoqda. Hutdek dovrugʻi viloyatni tutgan polvon bilan olishib, olamga dovrugʻ solmoqchi. Qolaversa Hut Safarniyozga bek otasi yuz-xotiri uchun yiqilib berar, degan oʻy-xayol ham yoʻq emas. Ana, ushlashdi. Safarniyoz qoqma berdi. Hut buni kutmagan edi. Haqiqiy polvonlar birinchi qafasda kuchlarini chamalashadi, yiqitishga chiranishmaydi.

Xut tizzada turib qoldi. Safarniyoz esa unga yopishib, yiqitishga urinadi. Polvon qahrlandi. Oʻrgimchakdek yopishayotgan raqibining ikki qoʻlini siqib ushlab, bir qop unni yelkasiga olgandek keng yelkasiga olib oʻrnidan turdi. Safarniyoz chillak oyoqlarini tipirchilatar, qoʻlini esa Hutning qadoq barmoqlari ostida, goʻyo boylangandek sezardi. Zoʻrning zoʻri — zoʻr boʻladi. Qahri kelsa — sher boʻladi. Buni bilmagan Safarniyoz qaytanga oʻzga xayollarga borar, tan berishni esa istamas, gʻijinib, koʻzlari xonasidan chiqib ketgudek boʻlib: «Qoʻyvor, yalangoyoq», deb tipirchilardi.

Hut uni yelkasiga koʻtarib davra aylantirdi-da, qurning oʻrtasiga tosh irgʻitgandek itqitib yubordi.

Safarniyozning malaylari uning koʻnglini ovlash bilan ovora: Biri changini qoqardi, biri issiq choy tutardi, oddiy tomoshabinlar ofarinlar aytardi.

Davraga tovoq keltirildi. Bakovul tovoqlarning zotini chiranib ayta boshladi:
— Birinchi tovoq — nortuya, ikkinchi tovoq — hoʻkiz, uchinchi tovoq - qoʻchqor, yonida ikki kiyimli olachasi bilan. Zoʻr oladi, yiqilgan keyingasida olar. Hoy talabgorlar, qani yuragida oʻti, belida quvvati toshganlar, zoti gʻolibniki, tomoshasi bizniki, olinglar!

Davrada jonlanish boshlandi. Ammo Hut nomidan tovoqni olib keladigan tarafkashlari jim edi. Tarafdorlaridan biri tovoqni polvon nomidan olishi kerak. Hozir Hut uchun tovoq olib keladigan Hamro bobo ham jim. U bek oʻgʻlining dushmaniga aylanib qolishidan hadiksirab jim oʻtirardi.

Ikkinchi tovoqni Hamro bobo Nazirqulga, uchinchisini Toʻychining hamqishlogʻi Qodir polvonga oldi. Nazirqul zotni halollab oldi. Qodir esa Temir polvonga boy berdi. Birinchi tovoq hali ham yetimcha boʻlib turavergach, chorjoʻylik Tanti polvon tarafdorlari oldi. Tanti davrani uch aylanib, oʻrniga borib oʻtirdi. Hech kim davraga chiqavermagach, bakovul oʻrtaga chiqib:
— Talabgor boʻlmasa, nortuyani Tanti polvonga beramiz! — deya e’lon qildi. Tomoshabinlar birinchi tovoq zotini shunday berilishini istashmaydi. Birinchi tovoq kechaning yulduzi, bahodiri. Uning qanday olinishini orziqib kutishmoqda. Agar hozir bakovul: «Zotni ber Tantiga, talabgor yoʻq» desa bormi, hamma alamzada boʻladi. Kurashning oxirigacha oʻtirishganiga ming afsus chekadilar. Oʻzlari olisholmaydi, lekin olishadiganlarni: «Nega palonchi chiqmadi, koʻrqdi, bachchagʻar. Oʻsha ham polvon boʻlibdimi. Kelib-kelib, chorjoʻylik polvonga berib yuborishdi-ya zotni enagʻarlar-a», deb soʻkinisha-soʻkinisha uylariga qaytishadi. Hozir ichlarida soʻkinib, ich-ichidan oʻzlarini polvon boʻlmaganliklariga ichikib oʻtirishibdi.
— Talabgor boʻlmasa, zotni keltir, Aliqul! Ho, Tanti polvon, tuyani keltirgunlaricha davrani yana bir aylanib qoʻying!

Qoidaga muvofiq, Tanti polvon davrani yana bir gʻolibona aylanishni bajo keltirishi kerak edi. Odamlar oxiri, soʻnggi umidlari bilan Hut polvon tomonga boqishmoqda.

Tanti davrani aylanmadi. U davrani tik kesib oʻtib, Hut oʻtirgan joyga bordi: uning karshisida toʻxtadi.
— Hormang, Xut polvon, sizning dovrugʻingizni eshitib Chorjoʻyday joydan kelgandim, bellashmoq uchun. Nahotki shuncha yoʻl bosib kelganim havoga uchsa, oringiz kelmaydimi? Sizni oriyatli polvon, deb eshitgandim...

Tantining oxirgi soʻzlari Hutga qattiq botdi shekilli, oshiqmaygina jomakorini kiyib beliga belbogʻini boylab, oʻrtaga chiqdi. Tomoshabinlar jonlanishdi. Dillari yorishdi. Ikkala polvon ham dovrugʻ solgan polvon. Hut voha polvoni. Tanti, zoʻrlarni eshitib, topib olishadigan — sayyor polvon. Ular sekin ushlashishdi: sinashda boʻlishdi. Birinchi qafas tugab, ikkinchi bor ushlashishdi. Tanti ichkaridan chalib qayirmoqchi boʻldi. Hut uning chilini qayirib, qoʻshpoycha usulini qoʻlladi. Kurash qiziganda-qizirdi. Oltinchi qafas ushlashishdi, charchashdi. Tanti tezkorlik, tuya chil qoʻlladi. Tomoshabinning butun vujudi diqqatga aylangan, hech birining yiqilishini xohlamasdi. Zoʻrlarning yiqilishi yomon — qaygʻuli. Ularning olishishi shuning uchun yoqadiki — mardona olishishadi. Mardlar nomard boʻlmaydi. Shu boisdan ikkisining ham yiqilishini istashmaydi. Mayli, ikki polvon olishaverishsin, tong otib, kun botguncha, haftalab, yillab olishishsin, kur atrofidagilar tomoshadan horishmaydi, oʻtiraverishadi. Faqat, davrada polvonlar — mardlar boʻlishsin. Tomoshabin horimaydi: faqat oʻrtada polvonlar boʻlishsin! Ikkalasi ham hunar va quvvat bilan belashishmoqda. Tomoshabin hayajonlar toʻlqiniga garq. Tanti yelka kilmoqchi boʻldi, boʻlmadi. Hut eng oddiy usul — qayirmadan uni yiqitdi. Eh, qanday koʻrgilik, shunday polvon yiqilsa-ya...

Odamlar «halol», «halol» deb baqirishmadi.
— Halol... — deyishdi oʻkinchli ohangda. Axir ular hech birining yiqilishini istashmagan-da... Nachora, buni kurash deydilar. Mardlar qudratini maydon koʻrsatur!

Yiqilgani Safarniyozga juda alam qildi. Shu yiqilishda, bekning oʻgʻli degan nom ham obroʻ, hurmat taxtidan yiqilib, tuproqqa qorishib ketgandek tuyulaverdi. Dili xufton boʻlib uyiga qaytdi. Ich-etini yeb oʻzini qoʻygani joy topa olmadi. U shunday chora izlardiki, bu bilan polvonlik obroʻsini, bekning oʻgʻliligi obroʻsini saqlab qolishi kerak edi. Lekin Hutning dovrugʻi atrof-viloyatni tutgan, yiqita olmasligiga aqli yetardi, ammo chora topishi kerak!..

* * *

...Kurashdan soʻng uzoq yoʻl bosib charchab horib kelgan Hut, uyida bek va boyvachchalarning zulmidan Toshkentga qochib ketgan Ermatni koʻrib charchogʻi ham esidan chiqib, dasturxon oldida gaplashib turardi.
— Obbo Ermatjon-ey, rosa dunyo kezibsizda-a, erta-indin hurlik boʻladi, degin. Yelkamizga quyosh nuri tushadigan boʻptida-a.
— Ha, Hut aka, shunday. Yaxshi kunlar boshlanadi...
— Aytganing kelsin, uka. Bosh omon boʻlsa, koʻrarmiz. — Hovlidagi ot tuyoqlarining dupurini eshitib, oʻrnidan turdi. — Hozir, Ermatjon, bir qarab kelay-chi, kim ekan, — deb yelkasiga toʻnini yelvagay tashlab tashqariga chiqdi. Hovlida saman otli, beliga xanjar taqqan Safarniyozni koʻrarkan, nimaga kelganini darhol sezdi, lekin bosiqlik bilan soʻradi:
— Xush kelibsiz, xizmat, boyvachcha.
— Gaplashgani keldim.
— Xoʻsh-xoʻsh, boyvachcha?

Safarniyoz qoʻynidan oltinga toʻla hamyonni olib, Hutning oldiga irgʻitdi.
— Ol! Bir umr yeb yotasan. Lekin bilib qoʻy, evaziga ertangi kurashda yiqilib berasan. Birovga ogʻzingdan gullasang, koʻrasan!
— Arpa doʻgʻingni enangga qil, bachchagʻar! Puling oʻzingga buyursin! Polvonlar ahli kuchini, insof va vijdonini pulga sotishgan emas. Sotishmaydi ham, boyvachcha!
— Tanangga oʻylab koʻr, bir marta yiqilsang, osmon oʻpirilib yerga tusharmidi! Tagʻin boshingga otangning kuni tushmasin.
— Er yigitning gapi bitta boʻladi!
— Voy yalang oyoq. Tiling burro-ku itvachcha!
— Nima deding haromtomoq, — deb yubordi. Uning qahri qoʻzgʻagandi. Kuch-qudrati etiga sigʻmay ketdi. Zoʻrlar — bahodir. Ularning qahri toshmasin, toshgandan keyin...

* * *

Qishloqliklar yozning ne’matini yigʻishtirib, yelkalaridan togʻ agʻdarilgandek, yengil tortishdi. Toʻylar boshlandi. Koʻchalarda aytuvchilar koʻrinib qoldi.
— Odamlar-ov, odamlar, eshitmadim demanglar, Valinikiga toʻyga-ov. Jappi-jamoa toʻyga-ov...
— Zoʻr kurash boʻlarkan, Valining toʻyiga Tanti polvon kelganmish. Hut bilan yana bir bor kuch sinashmoqchi boʻp kelganmish...
— Polvon degan ana shunday boʻlsin-da. Qandini ursin. Shuncha yoʻldan kepti-ya.
— Asl polvonlardan ekan-da, hammaning ogʻzida shu gap.

Hut polvon kenja oʻgʻilchasini koʻtarib, non yopayotgan xotini Jumagulning atrofida uymalashadi. U hayajonda, oʻzini qoʻygani joy topa olmaydi. Yuragi tez-tez uradi. Nega? Yuragiga taskin axtaradi. Axir bugun yana oʻsha Tanti bilan bellashadi. Hazil gap emas. Tanti qudratli, oriyatli polvon. Oriyatli boʻlmaganda, Chorjoʻyday joydan kelarmidi. Albatta, bu kurash ogʻir koʻchadi. Tantini eshitishsa, odam ham tumonat kelsa kerak. Boʻlari-boʻlar. Endi maydon koʻryaptimi. Qolaversa, avval yiqitgan, kuch sinashta boʻlgan. Lekin bir yil ichida qanday oʻzgarish boʻlishi mumkin, shunisi qorongʻi. Tanti bir yil huzur-halovatini, tinchini yoʻqotib yashagan. «Yelkam yerga tegmagandi, qoyilman», deb tantilik qilib tan berganu... Boʻlmasa, birinchi kurashdayoq yetib kelarmidi. Mayli, koʻrsin. Hutning bilaklari hut sovugʻida qotgan. Yelkalari, yagʻrini xutning korida ishqalangan. Hut — hut oyining qori ustida tugʻilgan, u Hut. Hech narsani pisand qilmaydi. Hali uning qoni qaynaydi. Kuchini sigʻdirolmaydi. U sigʻdirolmaydi. U bugun bellashadi, yulduzlar charaqlab, oy chiroy ochganda, ogʻzidan bugʻ hovurini purkab olishadi. Qorongʻi tushdi, yulduzlar miltirab, oy qiyo boqtsi.
— Boʻp qoldingmi, xotin. Bunchalik kamsuqum boʻlmasang, — dedi Hut.
— Hozir, otasi. Uchta non qoldi. Pushti sovutlik qip turibdi. Biroz kizarsin. Sizga mana bu nonni ataylab singa qilib pishirdim, bolalar bilan suvga boʻktirib yeb turing, quvvat boʻladi.
— Bor ekansan-ku, xotin. Shu bir ogʻiz soʻzingai qachondan beri atrofingda uymalashib, intiq boʻlib kutib turgandim-ku.

Hut polvon xotinidan biron bir iliq soʻz eshitmasdan koʻchaga chiqolmaydi. Unga ham qiyin, unga erining davru davroni, keltirgan zotlari kerakmas. Kechqurunlari uyda oʻtirishini xohlaydi. Hut boʻlsa, toʻyma-toʻy yuradi. Shu bugun oxirgi marta kurash tushishi, zotini xudoyi qilib beradi-da, davrani tark etadi. Hut shu xayollarni dilidan bir-bir oʻtkazib, toʻyxonaga yoʻl oldi. Ana qur: qur atrofida tumonat tomoshabin, davrani yoritib turgan moyli kunjara kallalar, tumonat tomoshabin... Uni davra ahli intizorlik bilan kutishmoqda. Balki kechikib kelganini qoʻrqoqlikka yoʻyganlar ham oz emasdi. Qurga yaqin otdan tushdi. Kimdir yugurib kelib:
— Polvon, kuttirib qoʻydingiz-ku. Odamlar «kelmaydi», deb turishgandi. Kelganingiz xoʻp yaxshi ish boʻldi-da. Otning jilovini menga bering, boylab kelaman.
— Yangangiz non yopayotgandi, sal qarashib hayalladim. Tovoqlar qoʻyildimi?
— Yoʻq, endi.

Hut odamlarni oralab qurning bir chetiga choʻqdi. Davrada shivir-shivir boshlandi.
— Ana, kelmaydi deganding, keldi-ku!
— U qochadiganlardan emas!
— Zotni Tanti olarmikin, Hut?
— Albatta, Hut oladi-da!
— Tanti ham uzoq yoʻldan bekorga kelmagandir.

Hut miyigʻida kulib qoʻydi. Davrada olishayotgan yigitlarni kuzatayotgan boʻldi. Lekin odamlar davrada chiranib olishayotgan oʻspirinlarni emas, unga qarab turishganini sezib, xijolat boʻldi. «Nega bu ahvolga tushdi, hech qachon yuragi bunchalik tez urmagandi-ku! Oʻzi nimalar boʻlmoqda, xuddi birinchi marta davra koʻrayotganga oʻxshaymana-a», deb oʻzini-oʻzi koyigan boʻldi.

Qur bakovuli tovoqlarni qoʻya turib:
— Birinchi tovoq, — Oʻng qoʻlidagi tovoqni baland koʻtardi. — Besh yashar novvos, bir arabi gilam bilan. Ikkinchi tovoq — uch yashar novvos, uchinchi tovoq — bir qoʻchqor, yigirma chervoni bilan.

Ikkinchi-uchinchi tovokni olganlar davrada kurashni boshlashdi. Oho, biri halolpadi. Uchinchi tovokni ham olishdi. Tanti oldi. Tanti polvon belbogʻini yelkasiga tashlab davrani uch bor aylanib joyiga borib oʻtirdi.

Tanti ozgan, sochiga oq oralagan, «bechoragina odamga oʻxshab qaribdi», — xayolidan oʻtkazdi, Hut. — Bir yilda shuncha-ya, — deb bilinar-bilinmas pichirladi. Tantiga, rahmi kelganday boʻldi. — Ammo, buni kurash deydilar. Davraga polvonlar, yuragida oʻti borlar chiqadi. Qolaversa, u mening rahm-shafqatimga muhtoj emas. U olishadi. Ha, olishadi». Hut yechina boshladi. Hammaning koʻzi unda. Goʻyo uni endi koʻrishayotganday. Hut davraga chiqdi, qomatini kerib, togʻdek soya solib aylana boshladi.

Tanti ham davraga chiqdi. Bir aylanib Hut bilan koʻrishdi.
— Omonmisiz, polvon?
— Shukr. Oʻziz omonmisiz?
— Shukr.

Ular uzoqlashishdi. Uch marta qurni aylanishib, bir-biriga yaqinlashishdi. Havasmand polvonlardek jilpanglashmadi. Sekin ushlashishdi. Hammasi burungi kurashdek boshdan qaytarila boshladi. Bir-birini silkishib qoʻyvorishdi. Ikkinchi bor ushlashishdi, bel siqishishdi, qayirib koʻrishishdi, natija bermadi. Uchinchi bor ushlashishdi. Hut oʻrama chil qidtsi. Tanti qayirib tashladi. Atrof suv sepganday jimjit. Yulduzlar-da, oy-da, tun-da, jim: butun borliq tomoshabin. Qayta-qayta ushlashishar, ammo natijasiz. Tun yarimdan oqqan. Ana, Hut yana, yana qushpoycha usulini qoʻlladi. Buni raqibi kutayotgandi. Chunki Tanti xuddi shu usuldan yiqilgan. Shul bois bu usulga imkon tugʻdirgandi. Tanti qarshi hujumga oʻtdi. Raqibni ikkala qoʻlini yonboshga olib oʻng tomondan chaldi. Hut chinor qulaganday quladi. Tanti uning koʻkragidan bosib oʻtirib ham olmadi. Turgʻazib, changini qoqib qoʻydi. Hutni peshonasidan sovuq ter chiqib, yoʻldan adashgan yoʻlovchidek joyini topolmasdan boshqa tarafga borib qoldi. Gurra kulgi koʻtarildi. Boshi aylanib, atrofni koʻzlari ilgʻamasdi..

* * *

Hut magʻlublikning achchiq alamini yutib, tarkidunyo qilib, uydan chiqmay yotib oldi. Toʻy-ma’rakalarga ham chiqmay qoʻydi. Uyning zanjirband quliga aylandi-qoʻydi. Hech kim bilan koʻrishishni istamaydi. U faqat oʻzidan-oʻzi koyindi. Axir Hut kurash atalmish maydondan tantana bilan chiqib ketmoqchi edi-ku! U axir zotini xudoyi toʻy qilib berib, maydon atalmish kurash maydonini gʻoliblik toʻyi bilan tark etmoqchi edi-da. Boʻlmadi... Axir u yiqilishini xayoliga ham keltirmagandi-ku! Yotish-turishida-da halovat yoʻqolgan. Koʻziga shunday yorugʻ jahon tor koʻrinsa-ya. Bu qanday koʻrgilik. Shu alfozda ancha kunlarni halovatsiz oʻtkazdi.

Yurtga bahor shabadasi epkin-epkin esa boshladi. Sekin-sekin kunlar iliy boshladi. Oʻt-oʻlanlar asta-sekin yer yuzini qitiqlab chiroy ochdi.

Daraxtlar oʻzgacha bir libos toʻqiy boshlagan kunlarning birida Ermat pirqa kirib keldi.
— Hormang, polvon.
— Keling, Ermatjon, keling. Ammo, kesatmang, polvonligimning nimasi qoldi. Polvon deysiz.
— Ie, hali siz, bir yiqilib boʻldi bizniki, deydiganlar turidanmisiz? Hayf sizga-ey, yerlarni ham chopmabsiz. Boʻldi qiling endi tuxum bosib yotishni. Ana, Tantini polvon desa boʻladi. Sizdan yiqilgandan keyin tinim bilmay past-baland joylarni ketmonlab tekislab yer ochib, odamlarga beribdi. Yozi bilan yangi uy qurayotganlarga loyini tashib beribdi. Ana, chiniqish qanday boʻladi, bilib qoʻying, — deb chiqib ketdi.

Hut oʻtirib oʻylab-oʻylab, belni olib yer chopishga tutindi. Kechgacha yerini yumshatib chiqdi. Ertasi yana qayta chopib chiqdi. Ishtahasi ochilib bir lagan oshni koʻrdim, demaydigan boʻldi. Ekin ekdi. Hovlida ish tugadi hisob. Mayda-chuyda ishlarga uning toqati toq boʻladi. Ikki-uch kun yana tajang boʻlib yurdi.
— Otasi, uyda buncha siqilib oʻtirmay, koʻcha-kuylarni ham aylanib koʻysangiz-chi, — deb pingʻilladi xotini.
— Ha, badingga urib qoldimmi? Oʻzing xohlarding-ku, uyda oʻtirishimni. Mana, oʻtiribman. Niyatingta yetding.
— Niyat qilmay ketay. Sizni rangazga qarayverib, ziq boʻp ketdim. Qaytam kurashib turganingiz yaxshiykan, otasi.

Hut xotini bilan ortiqcha tortishmadi, yelkasiga ketmon bilan qopni tashlab qishloqdan uncha uzoqda boʻlmagan toʻqayzorga yoʻl soldi. Yetib kelib, aylanib chiqdi. Ketmon bilan qopni bir chetga qoʻyib, bilakday-bilaqtsay yulgʻunlarni sugʻurib koʻrdi: qudrati yetarkan. Bu ish uning har kungi mashgʻulotiga aylandi. Ertasi bilakdan yoʻgʻonini, indini undan yoʻgʻonini...

* * *

Kuz keldi. Daraxtlar barg toʻkib, oʻtlar kuridi. Uy moʻrilaridan tutun oʻrladi. Suv yuzasi muzqaymoqdan toʻn kiydi. Hut polvon kurash — maydon ishtiyoqida yona boshladi. U tushi-yu oʻngida Chorjoʻyda Tanti bilan olishayotganday. Tanti uni kutib, «Eh, kdnaqa polvonsan-a, yiqilib ham oring kelmaydimi», deb Chorjoʻy toʻylarida Hutni yoʻqlatayotganday boʻlib tuyulaverardi. Uyqusida yana oromi yoʻqoldi. Xotiniga gap solgandi, rozidek koʻrindi. Qishloqning ikki polvonini kabatiga olib Chorjoʻy qaydasan, deb otlarini gʻirotdek yeldirib, qomat kerib yoʻl oldilar. Uch kunda Chorjoʻyga yaqin bir qishloq choyxonasiga kelib tushdilar. Choyxonada keksa-yu yosh choyxoʻrlar iliq-issiq choy sipqaradilar. Uch musofirni koʻrishib, yonlaridan joy berishdi. Piyolada choy tutishdi:
— Yaxshi yetib keldinglarmi, mehmonlar? Bemalolroq oʻtiringlar, bolalarim, — dedi moʻysafid chol uchovini qoʻyarda-qoʻymay yoniga oʻtqazarkan. — Uzoq yoʻl bosganga oʻxshaysizlar. Qaydan boʻlasizlar?
— Qarshining yonidagi Saroy degan qishloqdanmiz, otaxon, — atrofdagilar Qarshini eshitib mehmonlarga yaqinroq surilishdi.
— Mehmon, unda siz Hut polvonni bilasizmi?

Hut choy icha turib:
— Ha, — dedi. Sheriklariga jim oʻtiringlar, ma’nosida qarab koʻydi. Savollar yomgʻiri boshlandi.
— Mehmon, shu rostmi, otlarni yelkasida koʻtarib oʻynatadi, deyishadi.
— Odamning soniday daraxtlarni bir tortishda sugʻurib olarmish. Hut davrada devdek kelbatli boʻlib ketarmish.

Hut polyun migʻiyida kulib qoʻydi. Choyxonachi cholni yoniga chaqirib, oynadan koʻrinib turgan tanasi uch yashar bolaning beliday keladigan daraxtni koʻrsatib:
— Otaxon, oʻsha tutni menga berolmaysizmi? — dedi.

Choyxonachi, buning aqli joyidami, tomdan tarasha tushganday daraxt soʻraydi-ya, deb ijirgʻanib aftini burishtirdi.
— Kerak boʻlsa olaqol, mehmon.

Hut tashqariga chiqib ketdi. Choyxonachi Hutning sheriklariga yuzlandi:
— Uning akli joyidami?
— U Hut polvonning oʻzi, — deyishlari bilan gurr etib oʻrinlaridan turishdi: tashqariga otilishdi. Hut tut daraxtini yaxshilab quchoqlab ushladi.
— Yo pirim! — deya na’ra tortdi. Goʻroʻgʻlidek hayqirdi, Alpomishdek tashlandi, Farhod tusiga kirdi. Ana kuch, ana qudrat! Hut polvon daraxtni tag-tomiri bilan sugʻurdi...
— Balli-ey!
— Hut polvon degancha bor ekan!

Polvon nafasini rostlab, kaftini qoqib, joyiga kelib oʻtirdi. Choyxonachi chol:
— Oʻgʻlim, kechir meni. Jinday ogʻir gapirdim, — deb kechirim soʻradi.
— Hechqisi yoʻq, otaxon.

Oʻtirganlardan ba’zilar uylariga borib, bolalarini olib kelib, polvonga silatishdi — polvon boʻlishini niyat qilishdi. Birovlar shunday polvon ajdodidan boʻlmaganidan ichikishdi. Havas bilan boqishdi. Alpomish, Goʻroʻgʻli, Farhodga qiyoslashdi. Ular ham boʻlgan boʻlsa, Hutchalik boʻlgandir-da, — deb xayollaridan oʻtkazishdi.
— Aybga buyurmaysiz, polvon, qaerga yoʻl tutasiz? Agar bemalol boʻlsa, qoling. Bugun qishlogʻimizda katta kurash boʻladi. Polvonlarga xat bitilgan. Sizga ham, — dedi bir moʻylovdor dehqon.
— Akaxon, men jon deb qolardim. Men Chorjoʻyga Tanti bilan bellashgani borayotirman. Undan yiqilganman oʻtgan yili. Mabodo u kelsa, men ham qolaman.
— Ha, polvon, Tanti polvon Chorjoʻy oʻlkasini faxri. Kamtar edi, mard edi, yetim-esirlar boshini silardi. Xudo koʻp koʻrdi. Rahmatli yomonlarning oʻqidan oʻldi, — dedi yigʻlashdan beri boʻlib.

— Eh, attang, rahmatli boʻldi deng-a. Eh, attang-a! Bu yorugʻ dunyo beozor boʻlib koʻringani bilan shafqatsiz ekanda-a? Eh, attang, Tanti doʻstim-a...