OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMirzo Abdulqodir Bedil
Asar nomiGʻazal va ruboiylar
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Bengal adabiyoti
Boʻlimlar
   - Lirika
Mualliflar
   - Mirzo Abdulqodir Bedil
Uslub
   - She’riyat
Shakl
   - Kitoblar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm123KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/17
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


Nashr belgilari
Ruboiylar

1—439-ruboiylar. Sh. Shomuhamedov tarjimalari
440—441-ruboiylar. Gʻafur Gʻulom tarjimalari
442—471-ruboiylar. Jamol Kamol tarjimalari

Gʻazallar
«Boʻlibdi gʻamga oshyon...» E. Vohidov tarjimasi
«Zahm oʻldi yana chashmi...» E. Vohidov tarjimasi
«Parishon xotirim deb...» E. Vohidov tarjimasi
«Ishq dogʻi kabi...» M.Abdulhakim tarjimasi
«Yod etib shavqingni...» M. Abdulhakim tarjimasi
«To tugʻildim...» M. Abdulhakim tarjimasi
«Yoniq matlablarim bergay...» M. Abdulhakim tarjimasi
«Toki chaman tomonidan...» M.Abdulhakim tarjimasi
«Koʻzlaringga, tengsizim...» M.Abdulhakim tarjimasi
«Zor qanot qoqsamki...» M.Abdulhakim tarjimasi
«Ey fazlu kamoloti...» M. Abdulhakim tarjimasi
«Yoniqdil gavhari...» M. Abdulhakim tarjimasi
«Sensiz tashlansa bogʻga...» M. Abdulhakim tarjimasi
«Sharh etib mavj borligʻin...» M. Abdulhakim tarjimasi
«Ikki koʻz gavharingdan...» M. Abdulhakim tarjimasi
«Haq debon dil makrin...» M. Abdulhakim tarjimasi
«Chin kamolot ixtiyor qilmoqchiman...» M. Abdulhakim tarjimasi
«Gʻamlarimni oh, qilib ta’sir...» M. Abdulhakim tarjimasi
«Kibr ila mardlik gʻururin...» M. Abdulhakim tarjimasi
«Ishq ahli agar...» M.Abdulhakim tarjimasi
«Oh, jilvasini aning...» M.Abdulhakim tarjimasi
«Junun, ayt, qaydasan...» M.Abdulhakim tarjimasi
«Foniy boʻlsam-da baqo...» M. Abdulhakim tarjimasi:
«Koʻz. yoshlarimni mijjalarim...» M. Abdulhakim tarjimasi
«Oyna kabi necha...» A. Mahkam tarjimasi
«Ul» demagimiz ham menu...» A. Mahkam tarjimasi
«Qazo bosh xatiga...» J. Subhon tarjimasi
«Amal nayrangi bor...» J. Subhon tarjimasi

«Agarki dil mahvi...» J. Subhon tarjimasi



iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Gʻazal va ruboiylar
Mirzo Abdulqodir Bedil

Ruboiylar

1

Afv et xalqdan kelsa yaxshi-yu yomon,
Adovatdan qochib, rohat qil, inson!
Kibru hasad bermas kishiga orom,
Odamni mensimay quvildi shayton.

2

Yaxshilik, yomonlik mo‘lu ko‘l bunda,
Qilmishing holidan ogoh bo‘l bunda.
Ko‘ling olur ulkim, qo‘lini olding,
Barchaning foydasi qo‘lma-qo‘l bunda.

3

Yuz shukr tilmadi haq siynamizni,
Oshkor etmay shubha — dil kinamizni.
Borliqdan uyalib suv bo‘lmaguncha
Namoyon etmadi oina bizni.

4

Soch oqargach qo‘ydim dilim g‘ish-g‘ishin,
Yerga otdim havo-havas tashvishin.
Sham ravnaq topmagay otganida tong,
Pilik tortar bunda alanga uchin.

5

O’z shuuringdan bo‘l begona, Bedil,
Jaholat sozin chal devona, Bedil,
Dud ila g‘ubordir bu dunyo bari,
Ko‘z yum, sabil qolsin bu xona, Bedil.

6

Mansab, hasham emas, azobdir bunda,
Ayt, nima soflikka hisobdir bunda?
Eshak, ho‘kiz tagin tozalasinlar,
Mansabdan farroshlik savobdir bunda.

7

Oina ko‘rganda o‘zin beg‘ubor,
Shodlikdan ming rangda bo‘lur jilvakor
Inson mijozida gul ochdi bilim,
Gullasin deb sahro bag‘rida bahor.

8

Havas tarkin etmoq ko‘p mahol bunda,
Erkinlik faqat bir ehtimol bunda.
Nimaga boqmayin dil bo‘lur asir,
Ko‘ngil uzmoq esa, bo‘sh xayol bunda.

9

So‘zlaringda bo‘lsa yumshoqlik bo‘yoq,
Yov ham qilur do‘stlik ko‘zgusin porloq,
Qo‘pol gapdan fitna qo‘pgan chog‘ida,
Bo‘yin tomiringdur bu jangda tayoq.

10

Bu aqlsizlarki, mastu beimon,
Sezgisiz, qattiq jon, xarsang toshsimon
Chig‘anoq quruqlik va manmanlikdan
Na mag‘zu na po‘st bor, quruq ustuxon.

11

Bedil, o‘zni qancha sinab ko‘rmadim,
Lek kamol da’vosi damin urmadim.
Yuz shukrki odob iqboli kulib,
Hech kimdan ortiqman deya yurmadim.

12

Bedil, hamma vaqt ham iztirob bunda,
Tinchlik — xayolu tush yo sarob bunda.
Harakatsiz bo‘lmas hatto chang paydo,
Ildiz suvda, tuproq bir niqob bunda.

13

Ey aql javhari, bo‘l dunyo siriga hamdam,
Makrparvoz zuhdga sen rindona bergil barham.
Olam soqolu salla masxarabozligidir,
Bu xijolatdan qutul, ko‘nglingni uz, ey odam.

14

Bu bir dengiz, ishi bizlarni bo‘g‘moq,
Tig‘u shamshiringga ishonma har choq.
Har to‘lqin intiqom kamoni bunda,
Undagi har baliq o‘q to‘la sadoq.

15

Mantiqsiz afsona tutmish olamni,
Fahm etu o‘ylama hech ko‘pu kamni.
La’nat tavqin ilib shayton bo‘yniga,
Negadir jannatdan quvmish Odamni.

16

Zuhur oinasi jilo topgandan beri faqat
Har maxluq bir-biriga intilar, bo‘lar ulfat.
Hech kim nazar tashlamas o‘zining ahvoliga,
Bulbul bo‘ldi guldan mast, gulga havolash odat.

17

Tuban tabiatingdan chiq, ey bedor dil,
Lofning bezak pardasin aylama manzil.
Baxmal to‘shak na hojat kelmasa uyqu,
Tun matosin to‘quvchi korgohni tark qil.

18

Kim boylik fikriga asiru betob,
Tomchi may hididan xo‘p mastu xarob.
Bedil, mol jamg‘armoq zahmatin chekma,
Dur terilgan bilan ip bo‘lmas serob.

19

Har narsada ong-la asosu nisbat,
So‘ngra fahm et nadur ma’niyu surat.
Odam ho‘kiz emish, baliqqa mingan,
Baliq havodamish... Qani haqiqat?!

20

Bu xarobazorda istasang rohat,
Do‘stga qo‘shilib top dilga halovat.
Toki bir-biridan kipriklar judo
Uyqusiz ko‘zlarda iztirob, zahmat.

21

Besh kunlik umring bu notinch olamdan —
Tinch o‘tar sen o‘zing qilgan malhamdan.
Mazhabu millatdan izlagil odob,
Yaxshi xulq izlagil har ilmu fandan.

22

Kiprikdan qon to‘kib, lolazor topding,
Bulutdek yosh to‘kib, chin bahor topding.
Dardsiz ko‘ngil ochmoq maholdir, mahol,
Oyoq yarasida tikan — xor topding.

23

Bu eshak miyalar shodonlik sozin —
Tushunmay, ko‘rsatar shohona nozin.
Nafrat nog‘orasi kar qilmaguncha,
Fahm etmog‘i mushkul tarab ovozin.

24

Qarilikda xoli bir go‘sha top dilga,
Bedil, Daryo emdi loyqadi, qani chiq topib sohil.
Mana oppoq sochlarda kafan in’ikosi bor.
Yo‘lda ko‘zing yummasdan o‘z manziling topa bil.

25

Olam — xarob zimiston, bu zulmatda har odam
G’ururi shulasida kuyadi misoli sham.
Besh kundan so‘ng tal’ati safo nurin socholmas,
Tundagi yiltiroq qurt bundaylarning bari ham.

26

Ey, inson dil kabobi taftiga yopguvchi non,
Suv qilmasmi bu zulming xijolati shul zamon.
Bir yalam asal sening og‘zingga tekkunicha,
Yuzlab xonalar vayron, halokatda minglab jon.

27

Goh suv g‘amidan, goh bir donadan de,
Gohida aysh ila taronadan de.
O’lguncha shu gapdan qutulolmaysan,
Uyqu olguncha shu afsonadan de.

28

Ey xoja, hashaming zavoli yaqin,
Shu’lang asarining paymoli yaqin.
Qanchaga yetardi bir shamdek ziyong,
Ey, yiltiroq qurt, tong jamoli yaqin.

29

Yer tinmay tarqatar g‘ubori ibrat,
Umr hangomasi kulfatdir, kulfat,
Orom talab etmoq bunda behuda,
Ohular ortida quyuq chang qat-qat.

30

Dilning oinasi bor, boqmayin o‘tdi,
Ko‘z o‘ngida bahor boqmayin o‘tdi.
Bu tushunib bo‘lmas dasht g‘uboridan
Ko‘plar o‘zlari ham ko‘rmayin ketdi.

31

Har ko‘ngilda bordir umr taloshi,
Ko‘ngildan ishorat tomchi ko‘z yoshi.
Ko‘klamda ildizsiz o‘smas bir dona,
Bil, yaraning ham bor ildizi — boshi.

32

Mol-dunyo tashvishiga to‘liq bu cho‘l — olamdir,
Bu tashvishlardan ozod — shod yashagan odamdir.
Ko‘ngilga tugun solmay o‘tmas hech bir ma’raka,
Etikning torligidan oyoq qadoq, ko‘z namdir.

33

Barcha istagingni bersa gar taqvo,
Quruq tok bargidan qaynardi sahbo.
Bo‘sh xayoldan o‘tsa kishi ro‘zgori,
Qarg‘a tuxumidan chiqardi anqo.

34

Shom kelgach, osmonga chiqdi alangam,
Dilim qon bo‘ldi-yu, ko‘zdan oqdi nam.
Erta qanday umid bilan yashaymiz,
Bugun o‘tdi bizga bo‘lgan va’da ham.

35

Mast-alastligimiz asosi karam,
Baland-pastligimiz asosi karam.
Borliq o‘zgarishi derlar o‘limni,
Yo‘qlamasligimiz asosi karam.

40

Hayotni jon qiynog‘i, qon yutmoq deb bil,
Hayot-mamot ayshidan qutulmoq mushkul.
Xalq ichra yashab undan ajralmoq xato,
Odamzod tirigida suhbatga qobil.

37

Himmat ahli ta’bidan Bedilda ham bor,
Saxiylik turli rangda bo‘lur jilvakor.
Nodonlarga pandu muhtojga tanga,
Yoshga lutf, kattaga xizmati bisyor.

38

Bedil, tun qurtidek bilmasman tinim,
Ammo hech tarafga ochilmas yo‘lim.
Ka’ba tavofidan kishilar xursand,
Bu soyadan ogoh emasdir hech kim.

39

Ey shayx, insof bersa vijdonga pardoz,
Nechun ko‘zing to‘ymas, qanoating oz.
Hech kim sendan kammas bu anjumanda,
Ko‘zing mol-dunyoda, o‘ltirish mumtoz.

40

Inson daftaridan varaq bu jahon,
Odam kabobining tutuni osmon.
Ikki jahon ungan urug‘ni bilsak,
Kishi xayolidan yetishgan bir don.

41

Ketdik, bizdan qoldi g‘amli iz boqiy,
Qoldi parpiramoq, u hargiz boqiy,
Tanamiz tuproqda mahv o‘lsa hamki,
Qattiq jondan qabr toshimiz boqiy.

42

Ashyo—nazarimiz olg‘uvchi ko‘zgu,
Nomlar zikri ertak tinglamoqdir bu
Barchasi insondan qochirar uzoq,
Asli inson bo‘lmoq o‘zni bilmoq-ku.

43

Kishi tabiatin fosh etsa idroq,
Faqat yaxshilikka etar ishtirok.
Ilmdan bebahra qoladi ta’bi
Badfe’lidan kechib bo‘lolmasa pok.

44

Bedil, qay mijozda bo‘lmasa vafo,
Visol topganda ham topolmas hayo.
Qaydakim manzurdir do‘stlik huquqi,
Jon nisor et, o‘zga sheva yo‘q aslo.

45

Dili hasad to‘la, ichi qoralar
Doim tuhmat ila pokni qoralar.
Ship burchiga oppoq paxta ilib qo‘r,
Shamdondan barcha is shunga o‘ralar.

46

Bedil, yetmoqdadir so‘ngiga safar,
Parvozga bemajol emdi bolu par.
Qadamim hisoblab borar ko‘z yoshim,
Har tomchimdan shamta tong yaqinlashar

47

Parokandalikdir dunyoga asbob,
Oromga hamsaboq bo‘lmishdir simob.
Shu daryo mavjidan parishondirmiz,
Bunda xotirjamlik—gavhari noyob.

48

Mashhurliging nadur? Mastlik kulfati,
Vayronlik ne? Baland-pastlik illati.
Dilingni kuydirgan noyob orzular —
Aql bilan boqsang, hayot rag‘bati.

49

«Sen, mendan tashqari,—desa,—haqiqat»,
Bu so‘zga ishonma, bari jaholat.
Xoh yerda qanot qoq, xoh osmonda uch,
Anqoni topursan ertakda faqat.

50

Bu dunyoda ko‘pdan-ko‘pdir jaholat,
Kim aqlu ilm desa, chekar nadomat.
Har tomonda faqat ayiqlar raqsi,
Ustara ber, olam jun bosgan g‘oyat.

51

Bu dunyoda har dam yangilik havas,
Eskirib chiqadi har yangi nafas.
Shu suhbatdan qiziq dunyo bozori,
Aql qulog‘in tut, olam gapdir, bas.

52

Ishrat tuzog‘idir shisha kasofat,
Qul-quli yetkazar xabari ishrat.
Maxmurlik yulduzi har bir tomchisi,
Har mavji piyola manglayida xat.

53

Kuyuk dil tuguni ishkimga tumor,
O’rab dedim: «Buni yorimga yubor».
Shavqidan g‘unchadek ochilib ketdi,
Shodlikdan qiniga sig‘madi takror.

54

To‘lqinmiz menu sen hayot bahrida,
Havas qaynab yotar uning nahrida.
Ko‘pikdek fikr etsak, suv va havodan —
O’zga na don bor, na somon, qa’rida.

55

Betamiz bo‘ladi dardi yo‘q odam,
Undayga o‘limdan o‘zga ta’sir kam.
Soch va tirnoqlarga qarab ibrat ol:
Qon yo‘q joyda yo‘qdir his ham, tuyg‘u ham.

56

Qay dilga tushmasa ishqdan bir qaynov
Umri kuyib o‘tar, jabrga garov.
Ko‘zadan ibrat ol, suvga chidolmas,
Avval kuydirmasa uni to olov.

57

Uzluksiz shodlik ham keltiradi g‘am,
Haddidan ortiq bazm—misoli motam.
Har narsa me’yordan oshmasa yaxshi,
Boshdan oshsa o‘tdan battarroq suv ham.

58

To charx bisotida sobitu sayyor,
Gapning markazida xomushlik darkor.
Urug‘siz hech narsa ildiz otmaydi,
Ya’ni nuktasiz sayr etmaydi pargor.

59

Zeru zabar qilmoq, falak nomasi,
Boy berilar oxir yer xazonasi.
Jisming ziynatiga bo‘lma ko‘p banda,
Uni yechib ot, ul g‘aflat jomasi.

60

U dunyo deganing u dunyo emas,
Haq jamoli unda huvaydo emas.
Jannat ta’rifidan chiqar xulosa,
Qayda zaru gavhar—bu dunyodir, bas.

61

Bir olamdir kuyim sehru ohangi,
Tobora ochilur yangi va yangi.
Kalomim sayrida g‘aflatda qolma,
Bahorman, yangi har nafasim rangi.

62

Zohid derki, «taqvo manbai dindir»,
Shayx ko‘zgu tutib der «Sulukdan qidir».
Bu johillarga zid bizning devona
Yalang‘och bo‘lib der: «Chin mardlik budir».

63

Kimki past-balandga qaragay hushyor,
Iblis mal’unligin tushunar bisyor.
Kim qibla bilmasa hazrat insonni
O’sha la’natlanib bo‘lur sharmisor.

64

Sen rad etgan kichik bo‘lak bilan ham
Hisoblashmay bo‘lmas biriksa boham.
Bir tutam junni yel eltadi oson,
Birlashsa bo‘ladi namat ye gilam.

65

Faryodki, hech kim yo‘q biz bilan bul kun,
Hurramlikdan yo‘qdir hatto bir uchqun.
Doim birga bo‘lgan muvofiqdo‘stlar,
Borsa kelmas joyga ketdilar butun.

66

Hayotdan olmasa ibrat u ko‘z ko‘r,
Asalda bo‘lmasa shirinlik u sho‘r.
O’zgarib turmagan libos kafandir,
O’zgarish bilmagan xona — qaro go‘r.

67

O’zboshimchalikdan xurram bu dunyo,
Erksiz aylanmoqqa bo‘lmish mubtalo.
Iso yo Mahdiyning qaytib kelmog‘i
Tajribadan uzoq, quruq bir da’vo.

68

Bedil, quruq vaq-vaq bizga shon emas.
Amir, sulton madhi bizga jon emas.
So‘zlarim tinglab ko‘r, eng yaxshi onim
Do‘stlar xizmatidan o‘zga on emas.

69

Himmat o‘lchovimas faqat pul-dirham,
Pul sochmoq har kimda bordir ko‘pu kam.
Mumsiqdan hech kishi bahra olmagan,
Hasrat-la jon bersa shu ham zo‘r karam.

70

Toki ishq qissasi takrorga qobil.
Bu mato bozorin doim qiziq bil.
Majnun doim sochar boshiga tuproq,
Farhodning teshasi toshda muttasil.

71

Hayo tuxmin qo‘ldan bersa gar odam,
G’ayrat binosining qaddi bo‘lur xam.
Soqoldan lof ursa ishonma unga,
Nomus qo‘ldan ketgach, qolmas mardlik ham.

72

Bedil, befahmlik o‘smish naqadar,
Ahmoqlik palosi yoyilmish magar.
Oshno-begonalar butun bir umr
Faqat «tarix» yo «saj» talab etishar.

73

Bu bazm telbalik, yo‘q bunda idrok,
Bunda bilim sozi qilmas ishtirok.
«Men», yo «Biz»lariga tushunmoq bo‘lib,
Qancha quloq osma, u bangu taryok.

74

Nodonlik ovining o‘ljasi hasrat,
Nodonlik bahorin yomg‘iri kulfat.
Soch yulib dodlamoq bilimsizliqdir,
Ogohlik ko‘zgusi emas nadomat.

75

Ruxsoring chaqmog‘i niqobga tushdi,
Ko‘zlaring shu’lasi sharobga tushdi.
Zulfing qo‘ng‘irog‘i yuzing to‘sganda,
Go‘yoki soyasi oftobga tushdi.

76

Bizlarga hayotning hosili—havas,
Semurg‘ ko‘rinadi har pashsha—magas.
Boriga qanoat qilmay na chora,
Tekin havo bizga anjomi nafas.

77

Borliqda kulfatdan alomat bordir,
Ya’ni unda sozi nadomat bordir.
Haq-nohaq, soz-nosoz behishtu do‘zax,
O’zing kim? Bilolsang, qiyomat bordir.

78

Dev-jin nayrangiga to‘lmishdir jahon,
His va harakat-la qildik imtihon:
Qo‘rquvdan tug‘ilmish ajina, pari,
Vahimadan tarkib topmishdir inson.

79

Tahqiq yo‘li juda nozik, sersaboq,
Tushunish qiyindir yaqin bo‘lgan choq.
Tuproq ne? Bilmasang kechirish mumkin,
Xayol shamin tubi qorong‘udir, boq.

80

O’z ma’no qissasin ochgan ul dona,
Ildiz yorib otdi yer ichra shona.
Lek tahqiqi biror joyga yetmadi,
Yetilsa ham o‘zdan topmay nishona.

81

Qarilik harchandki yo‘qlik ersa ham,
Hosili bo‘ladi oq mo‘y bir tutam.
Olov yonib o‘tmas kul qoldirmayin,
Ko‘piksiz bo‘lurmi qaynab turgan g‘am.

82

Ey, Bedil, maqsading ovlamoq ko‘ngil,
Ammo dil oromi bo‘lmaydi hosil.
Ko‘zgu timsoliga tushganda yo‘li,
Odam yuz o‘girar, bu emas manzil.

83

Ko‘rsatib hunaru bilim shararin,
Kimlar ko‘z-ko‘z qilar hashamatlarin.
Oxiri bir yonib so‘ngan cho‘g‘ kabi
Bosh tushar yostiqqa to‘zg‘itib parin.

84

Yo‘qdan paydo bo‘lmish maktabi olam,
Har narsa qo‘zg‘aydi hayrat damo-dam.
Qalam tilida-ku kotib dil rozi,
Zero barchasidan ogohdir odam.

85

Mirkam ikki dunyo ahli-la maosh,
Va hisobkim to‘g‘ri kelmay, ko‘zda yosh.
Bugun shunday, erta bo‘lsa imkonim
«Bedil!» deb, tuproqdan ko‘targayman bosh.

86

Ey inson, ko‘lingda havas to‘la jom,
Vasvasadan tinmas, dil besaranjom.
Sen o‘sha-o‘shasan beshigingda ham
Tebratib turmasa, topmasding orom.

87

Bo‘sh kalla o‘ziga qo‘yadi bino,
Yuz xil puch xayollar unga jo-bajo.
Dardsiz dil havasdan topolmas chora,
Shisha bo‘shab qolsa bodasi havo.

88

Boyligin orttirmoq bo‘lib ohu voh —
Qilgan boy, bilsaydi tinchlik yo‘lin, oh.
Sham shodligi boshda qalpog‘idandir,
Bilmaski jonining yovi shu kuloh.

89

Poyonsiz bilim-ku senda mujassam,
Anqodan buyukroq oddiy pashshang ham.
Jahon tarkiboti birlikka ega,
Bu birlik shubhasiz, nafasingda jam.

90

Xalqda harakatdan o‘zga narsa bormi?
Yo‘q. Dunyodan qo‘l yuvsa, foyda unga yormi?
Yo‘q Xayol oynasin yuz ming jilvasi bordir,
Yo‘q.Ulardan bittasi unga vafodormi?

91

Bedil, ishoratning ko‘p tomoni bor,
Unda juda ko‘pdir eshigu devor.
Xoh «u» degil, xoh «sen» yoki «biz» deb yoz,
Haq ma’nosin ochar iborang bisyor.

92

Sendan yuz o‘girmoq, qaydadir, jonon,
Sendan ko‘z uzmoqlik qayda biror on.
«Meni yod etmaysan», dedingmi?
Hayhot, Hayotim sen bilan, unutay qachon?

93

Boylik orttirmoqqa hirs qilur g‘avg‘o,
O’z kuch-quvvatiga ega har siymo.
Shayx bo‘lur saltanat kuchi bo‘lmasa,
Kuch yetmagan joyda zolimlik paydo.

94

Nimaga ehtiyoj ta’bda bor ekan,
Gul ochsa, hamrohi bo‘ladi tikan.
Non yemak quroli bo‘lgan tishlaring
Tushar oson, chiqar qiyinlik bilan.

95

Ilm ko‘z-ko‘z qilmaslik kamoli o‘zga,
Lab ochmay so‘zlamoq maqoli o‘zga.
Yasanchoqlik, kibru noz olamida
Oina tutmaslik jamoli o‘zga.

96

Bedil, har bir ochiq ko‘zga mo‘y yo‘ldosh,
To‘g‘ri peshonada bordir egri qosh.
To‘lin oyga boqsang hilolga moyil,
Tizzasiz emasdir sen ko‘rgan har bosh.

97

Bul kunda azizlar davlat konidan
Saroy qurar, mag‘rur davlat shonidan,
Ko‘zing ochib boqsang peshonasiga,
Ajinlari timsol baxt narvonidan.

98

Har ildiz ortida shan chamanzordir,
Har qanotga yuksak uchmoqlik yordir.
Vahmdan yangi oy misoli ozma,
Eshiklar kalidi cho‘ntakda bordir.

99

Yaxshilik qilsang o‘z diling baxtga yor,
Yomonlik ko‘rguzsang ko‘ngilda g‘ubor.
Hali qiyomat kun kelgani yo‘q-ku,
Yaxshilik kilaver, hisob ne darkor.

100

Tokay so‘roqlaysan, ul yor qani deb,
Yuzlari niqobli dildor qani deb.
Kipriklar to‘smasa ko‘zint o‘ngini,
Oftob xonasida devor qani deb.

101

Bedil, aziz bo‘lsa osudalik dam,
O’zgaga yomonlik o‘zingga sitam.
Toptalgan dil ko‘rding, har yon sayr etib
Oyoq osting qadoq, asta bos qadam.

102

Yaxshi-yomon degan so‘zlardan, qarang,
Oxir haqiqat ham bo‘lmishdir berang.
Qulog‘ing ding qilib hayrat sirin top,-
Anqo xalq og‘zida par to‘kib, garang.

103

Hech telbalik kelmadi devonaga mos,
Hech bir aql tadbiri farzonaga mos.
Ko‘zlar tuproqqa botdi umr g‘uboridan,
Biror kishi kelmadi bu xonaga mos.

104

G’uborim yo‘qlikka yaqin bo‘lsa ham,
Juda tordir bilim va aql ko‘cham.
Soch oqim nur berdi pilikka, ammo,
Xiradir yo‘limni yoritguvchi sham.

105

Shisha qul-qulida ibrat muhayyo,
Gul xandasida bor noladan imo.
Bu chamanda paydo har tus va har rang
Qadam andozasi, oyoqdan sado.

106

Baxmalu mo‘ynalar istasang, Bedil,
Qanoat soyasin orombaxsh bilgil.
Tubanlar oldida to‘kma obro‘ying,
Hirs bo‘lsa tashnalik, hayoni suv bil.

107

Davrim odamlarin nafaslari sard[1],
Qo‘pollikda g‘ayrat ko‘rsatar bedard.
Bu pastlar to‘dasin e’tiqodidan
Bildimki tubanlik ko‘rsatar nomard.

108

Qayda haqu nohaq ajratilmaydi,
Kishilar ta’bida soflik bo‘lmaydi.
Bir pastga pastligin aytsalar dedi:
«Har kimga bu davlat nasib qilmaydi».

109

Afsus, ayshu ishrat zamonam o‘tdi,
Bosib changu g‘urbat, g‘am-alam o‘tdi.
Yo‘l-yo‘l oq sochimdan ravshan bo‘ldiki,
Yo‘q umrim yuz yo‘ldan yeb barham, o‘tdi.

110

Qilmish-qidirmishdan kimki boxabar,
Zaiflarga zulm qilmas, alhazar.
Keskir bir boltaga aylanur shisha,
Birdan o‘tda erib ketsa u magar.

111

Bedil, do‘st-dushmanni qilsang imtihon,
Ta’bi oinasin ayla namoyon.
Berahmlik bo‘lur zolim xilvatda,
Yalang‘och tig‘dir ggo‘st tashlagan ilon.

112

Qarilik g‘orati ayladi shiddat,
Tanda tob qolmadi, ko‘ngilda toqat.
Bizga hasrat bo‘ldi do‘stlar diydori,
Bizni ko‘rmak esa do‘stlarga ibrat.

113

Har bino xarobi o‘z obodligidir,
Dil navmedligi g‘amdan ozodligidir.
Sening qo‘ling ichra naqsh solgan cho‘g‘lar,
O’zga oy shu’lasin bunyodligidir.

114

So‘zdir aqyonuslar bekaronasi[2],
So‘zdir ma’no degan gavhar xonasi.
Oliy nazm mehnatu chidam istaydi,
So‘zning ham bor baland, past pog‘onasi.

115

Faqirlikda po‘sting yetsa suyakka,
Sir boy berma do‘stu dushman yurakka.
Ehtiyojing bilsin faqat shul kishi,
Hojating chiqara olsa u yakka.

116

Ey g‘ofil zohid, hech zikringda yo‘q haq,
So‘zlaring, qo‘shig‘ing ma’nosiz mutlaq.
Bema’ni zikringga mos tushsa tasbeh,
«Hay-hay» deganing ham ma’nosi taq-taq.

117

Borlig‘imdan asar—nafasi sardim,
Ko‘ray desang, ko‘zgu diddagi dardim.
Meni so‘rog‘lasang yodimga tashna,
Umrimdan qolgani bir hovuch gardim.

118

Shahidlaring xoki ko‘z yoshidan nam,
Isiriq dudida bul sadodir jam:
«Ishq da’vosi oson emas, ey g‘ofil,
Hanuz kuymokdamiz o‘lgan bo‘lsak ham».

119

Martabaning bo‘lsa jonga orasi,
Har tabiatning bor ibrat ziyosi.
Hushyor bo‘l, ochko‘zlar tabiatida
Bordir ko‘z ilg‘amas Shaddod binosi.

120

Bu dunyoda qanday naqshki jilvagar,
Tasavvur gulzori, behishti nazar.
O’zimizdan barcha yaxshi-yomonlik,
Ko‘zguda ko‘rganing o‘zingdan axtar.

121

Kim topolsa muxtoj bo‘lmaslik yo‘lin,
Fuqaro-yu shohga cho‘zmagay qo‘lin.
Har fursat g‘animat ekanin bilar
Kimki qanoatga to‘ldirsa ko‘nglin.

122

Hirs ahli vasvasadan tiyolsa qadam,
Ochko‘zlik shu ondayoqtopadi barham.
Ya’ni tama’ qo‘lin tortgani zamon,
Iltimosdan yumilar uning labi ham.

123

O’z vasfida olim guftori qiziq,
O’z ishqida majnun ash’ori qiziq.
Bu dashtning qumlari to‘zg‘ib bitguncha,
Lofu hangomaning bozori qiziq.

124

Tanho bekaslikni ko‘zlagan odam
Jamlagan narsasi faqat dardu g‘am.
Bizning xonamizda sening yuzingsiz
Tutab kuyar, ammo nur sochmagay sham.

125

Bu bog‘da o‘smishdir ming tur gul, tikan,
Ming hayfki tagiga yeta olmaysan.
Din, dunyo ishidan eshitganlaring
Yaxshi-yomonliging ta’rifi ekan.

126

Qisqarmoqlik bo‘lgach hayot o‘smog‘i,
Na hojat noz ila bezak bermog‘i.
Bu bazmda shamdek o‘ltirsa hamki,
Turmoqqa hassadir boshdan-oyog‘i.

127

Yana nigohimiz misoli chaman,
Yor vasli yuz ko‘klam—navro‘zcha ekan.
Bul kuni kulbamiz quyosh xonasi,
Ko‘zimizdan borliq chirog‘i ravshan.

128

Istak qo‘li doim talabda bebok,
Uni qisqartmoqqa qistaydi idrok.
Har gal yengdan qo‘ling chiqargan chog‘ing,
Har bitta barmog‘ing etar yoqang chok.

129

Faqir xonangda barqurmasa himmat,
Har qayda hamrohing xorlik, haqorat.
Shohga yaqinliqda iftixoring zo‘r,
O’z hazratlariga yo‘q-ku hech hurmat.

130

Osmon bo‘lsang yerga egilmoq yaxshi,
Tuproq bo‘lsang ko‘kka intilmoq yaxshi.
Notavon, bechora bo‘lmag‘il zinhor,
G’ayratda, himmatda bo‘l porloq, yaxshi.

131

Ramz gavharin pardasiz Bedil termas hech qachon,
Bahor chechaklariday yig‘ib, etmish u pinhon.
Ra’no gulin ming rangda ocha olgan bo‘lsa ham,
Tushunganlardan birin ayta olmadi hamon.

132

Fitrat afsungari ko‘p g‘ayrat etdi,
Xomlar ishonchiga nima naf yetdi?
Yuz shukrki Iso, Mahdiy qissasi
Imonining sustligin ko‘taryb ketdi.

133

Qayda muruvvatdan suv ichsa odam,
Vafodan boshqasin mevasi alam.
Faqirlikni bilma notavonlik deb,
Lab qurib qolsa, til unga berar nam.

134

Ildiz uzsang, urug‘ xayoli vatan,
Ildiz paydo bo‘lur yana urug‘dan.
Yangilanish eski osoridandir,
Yangi ravnaqiga eskisi maskan.

135

Ko‘k pargorida bosh-oyoq bajo—har ikkisi bir,
Shohlarning toji—hassoyi gado—har ikkisi bir,
Pastlik-balandlik farqin qilmog‘ing bexabarlikdan,
Oyoqda xalxolmi[3], bo‘yinda tavq yo—har ikkisi bir.

136

Kecha chamanim kuyi urdi boshimga,
Nargis kuyi ma’qul keldi qoshimga.
Zar og‘iz ko‘m-ko‘k nay nimalar dermish:
Bilolmay ketibman kelmay hushimga.

137

Roz olamida har kim borar ilm yo‘lidan,
Vazminligi guvohdir uning ilmi mo‘lidan.
Suvdan chiqqan har ko‘za bunga misol bo‘ladi,
Hajmiga loyiq olar og‘irlik suv qo‘lidan.

138

Yuz shevadir men yozgan ash’or,
Yozmadim uni men bir kunda, yakbor[4].
Tavrot emaski uning hammasi,
Tushsa osmondan bir yo‘la tayyor.

139

Mardlar «u yo‘q, bu yo‘q» demaslar aslo,
Orzu ko‘p g‘amidan qilishmas g‘avg‘o.
Mard bo‘lsang xoli bo‘l bo‘sh fol boqishdan,
Folga ishonolmas mard aqli raso.

140

Ta’bingda bo‘lsa gar shodlikdan asar,
Xulqing yaxshilashga yengingni shimar.
Sayqaltoshning o‘zi tekis bo‘lmasa,
Qilolmas oynani tekis, jilvagar.

141

Hurlik korxonasi asli bu dunyo,
Bunda past-balandni ajratmoq xato.
Bilsang agar boy kim, gado kim bunda,
Hech kimga beodob bo‘lmaysan aslo.

142

Sakrab bo‘lmas bo‘lsa oyoqda tikan,
G’am ketmasa aysh ham yetishmas ekan.
Ta’b erkinligini istaydi olam,
Nodon oyog‘ida mol-dunyo kishan.

143

Qay she’rda yirtilsa pardayi unvon,
Maktub ramzi bo‘lur yalang‘och-uryon.
Xayolga ne kelsa yopiq qolmagay,
Sir bo‘lmas, bo‘lmasa dilingda nihon.

144

Ey mastlar, quvnoqlik sha’mi o‘chmishdir,
Qaro kechada tong yoddan ko‘chmishdir.
Qahva ichib, shodlik ketidan yig‘lang,
Kayf motamida may qaro kechmishdir.

145

Goh Ka’bada qilding tavba-istig‘for,
Gohi butxonada bo‘lding otashkor.
Hech narsaga kuyding, o‘zing ham hechsan,
La’natlansin bunday tasbehu zunnor.

146

Vafoli, mast-alast kishidek taqdir,
Yumshoq tabiatni ko‘rsatib bir-bir,
Zohidlarga bog‘lab zohid soqolni,
Rindlar piyolasin rindga bermishdir.

147

Ey vafo axloqin asl javhari,
Jang emas, sulh bo‘lsin akling sarvari.
Dilingda birovga qo‘zg‘alsa nafrat,
Ranging o‘chmay, o‘gir yuzing, ket nari.

148

Xoja hirsin g‘alayoni doimiy bir hol,
Xotirjamlik undan yiroq, tinchimas xayol.
Kimning agar hirs-havasga ko‘zi to‘ymaydi,
Uning gado kosasini to‘ldirmoq mahol.

149

Bu hayot gulxanin dudi senu biz,
Kuymak, qovrilmoqdir ishimiz, esiz.
Osudalik gumon qilmangiz bunda,
Dilda olov, ammo sovuq ohimiz.

150

Shoh saroyidan obro‘ topmaydi odam,
Unda tubanliklarning hisobi yo‘q ham.
Izzat desang qanoat burchagida bo‘l,
Pastlarga tobelikka arzimas odam.

151

Pastda ko‘k ekinzor, ustida osmon,
Har ko‘kat bahori o‘zgadir ayon.
—Nega ko‘zing yumuq?—desam bug‘doyga,
—Jim, ko‘zim o‘ngida, —dedi,—tegirmon.

152

Bu dasht qorong‘idir, Bedil, sarbasar,
Har kim har yon ketdi, qaytmadi digar.
Men, sen ham ketamiz, o‘zgalar kelur,
Ko‘plar o‘tdilaru, yana ko‘p o‘tar.

153

Do‘stlar havas-la nafas oldilar bekor,
Ne mehnatu zahmatga bo‘ldilar duchor.
Na yo‘qlik bag‘rin, na borliq osmonin
Topolmay bekor yashab, o‘ldilar bekor.

154

Edik na dinga, na dunyoga muhtoj,
Na bugun, na erta — fardoga muhtoj.
Bahri mutlaq issiq mavj urdi shundan,
Bo‘ldik o‘zimizdek a’loga muhtoj.

155

Olma yod shaxmatdan, ey shoh, taxtga minmoq san’atim,
Bo‘lma mag‘rur sen ko‘rib shaxmat sipohi savlatin.
Kimki muhtojlarga odob birla boqsa, shoh erur,
Bul o‘yindan «shah» deganda ol hayiqmoq ibratin.

156

Ey taxtu baxt xayolidan tutgan limmo-lim qadah,
G’ururdan to‘ldirma hech xunga betinim qadah.
Bunda kayf bermaydigan mayga faqat bo‘l taslim,
Yerga peshona urib, ko‘targil taslim qadah.

157

Bizdan na ishq, na havas qolajak,
Ohimiz to‘lgan bu qafas qolajak.
Fikrimda abadlik lek nafasim der:
«Umr karvonidan jaras[5] qolajak».

158

Zohid tabiati sovuq misli yax,
Uni isitolmas hattoki do‘zax.
Shaklga kirmagan ona qornida,
Issiqda ham qotar tuxumdek, ablah.

159

Sabrimiz g‘orati ul sho‘xi mahtob,
Tanholikda bizni ayladi kabob.
Ko‘z qorachig‘imiz oyog‘in naqshi,
Qadamin gardidan ko‘zimiz oftob.

160

Bedil, ishga kishilar bo‘lsalar yaqin,
Soyadek oyog‘ingda bo‘lur sarnigun[6].
Sening so‘zlaringni fahm etolsalar,
O’zlari bo‘larlar ma’no-yu mazmun.

161

...

162

Ko‘plar gerdayib o‘z holidan, o‘ynar,
Mavj urgan ko‘pik xayolidan o‘ynar.
Hayajonsiz emas bahor gul gashti,
Tovus ham shodlanib bolidan[7], o‘ynar.

163

Bu hayot maydonida bardoshli inson o‘zga,
Havas otiga minib, qiluvchi javlon o‘zga.
Tekshirib bil ma’nisin, bo‘lgil taqliddan uzoq,
Soqolliklar o‘zga-yu odami mardon o‘zga.

164

Bu dashtda intilish karvonlari bor,
Yo‘lovchi shiddatin nishonlari bor.
Kamolga bir yo‘la yetib bo‘lmaydi,
To‘lin oy yo‘lida narvonlari bor.

165

Nechog‘lik bo‘lmasin inson kamoli,
Ko‘kda Iso, yerda Ilyos misoli.
Hayol halqasidan hech kim chiqolmas,
Bari sirlangan tos ichra chumoli.

166

Ko‘piksiz, mavjsiz bu hayot ummoni,
Har tomonda qaynar ko‘ngil to‘foni,
Falakning avjidan yer qa’rigacha
Kuydirib qaynaydi insonning qoni.

167

Ming qatla to‘lqinni mahv etar to‘fon,
To bo‘lguncha dona, bir dur namoyon.
Odam umri bo‘yi havas ketida,
Toki odob olib bo‘lguncha inson.

168

To fazlu hunar-la bezanmay inson,
Biron baxt eshigi ochilmish qachon?
Javhar bilan temir bo‘ladi po‘lat,
Ilmsiz o‘z jinsidan chiqmog‘i gumon.

169

Do‘stlar gar meni sendan judo ko‘rishar,
Lekin u bexabarlar xato ko‘rishar.
Soya uzoq tushsa ham o‘z egasidan,
Oyog‘in ostida jo-bajo ko‘rishar.

170

Molu hol yo‘lingga ekilgan tikan,
Undan qutulib tur osonlik bilan.
Etakka yopishib yig‘ilib qolsa,
Terib tashlamoqlik ko‘p zahmat ekan.

171

Umrim olib ketgach yo‘qlik karvoni,
Omon qo‘ydi dunyo janjal-taloni.
Sham kabi qidirsam tinchlik kovagin
Qadamim tagida ekan nishoni.

172

Yo‘lbars ila sherni yenggan mard kishi,
Bo‘yin egib tursa, bu hayo ishi.
Tayoq urmoq bo‘lsa agarda mardlik,
O’tardi savag‘ich cho‘pin savashi.

173

Do‘stlik tushunchadan qolmadi asar,
Vafodan nishon yo‘q, riyo jo‘sh urar.
To yaxshilik haqqin qilmay muqarrar,
Ifodaga qashshoq har she’riy asar.

174

Bu chamanga kimning tushibdi yo‘li,
Bordir bu bahordan orzular mo‘li.
Ma’yus dil bilan ham shodmen yodingdan,
Siniq ko‘zguning ham bor o‘ngu so‘li.

175

Qaysi boshda boylik g‘ururi ayon,
Fazlu kamol zavqi kamdir begumon.
Bunday aqlsizlar ma’ni anglamas,
Zar chiziqni ko‘rar varaqlab «Qur’on».

176

Shoshmoq, inkor etmoq xudnamoga xos.
To‘g‘rilik, yeog‘lomlik benidoga xos.
Jahon talab etgan olam xabari,
Paxta tiqqan quloq bedavoga xos.

177

Qarilik gullaydi misoli bahor,
Bezakka boydir bu fasli intizor.
Ketmak payida bo‘l soqol oqargach,
Bu paxta tagida uchquni ham bor.

178

Qabri toshdan bo‘lur boy bo‘lsa nobud,
Mozorin qilishar siymu zarga but.
Faqirlikda o‘lsa donish egasi,
Oddiy bir taxtadan yasashar tobut.

179

Karam dasturxoni yoyilgan nafas,
Baxillik dilingdan yiroq bo‘lsa bas.
Ta’bingda bor esa insof javhari,
Dimog‘ingda bo‘lsin hasadmas, havas.

180

Har ishda o‘ziga yarasha ko‘shish —
Bo‘lsa poyoniga yetadi har ish.
G’urur haddan oshsa his-tuyg‘u qolmas,
Tirnoq o‘ssa qiyin tugunni yechish.

181

Bu dardisarlarki, g‘arazga bobo,
Jinnilik javharin qilishar ifsho.
Badhazm luqmadek marazdir bular,
Qochib qutulmasang, topmassan davo.

182

Mumsik boy oldida o‘lim naqd bo‘ldi,
Zaridan bir tabib qisimi to‘ldi.
Tillosi sarf bo‘lib ketganidan boy
Sihat topgan choqda qaytadan o‘ldi.

183

Qayda qilcha zidlik ko‘rsa gar mardum,
Shunda bo‘lur olam do‘stlik ipi gum.
Bir tomchi sirkadan achiydi bari,
Agarda toza sut bo‘lsa ham yuz xum.

184

Bu dunyo zahmatga arzimas bir ish,
U dunyo — asossiz xayolga yumush.
Bu ikki ma’nosiz so‘z tahririga
Siyoh bo‘lmasmikin qorong‘i bir tush.

185

Qanchalar Simoku[8] samak[9] bo‘ladi,
Yo ul yoqda mulki malak bo‘ladi.
Har qachon o‘zingga nazar tashlasang,
Joying doim zeri falak bo‘ladi.

186

Zohid yeru suvga bo‘lmoqchi hokim,
Gah tahorat nozi, gohi tabassum.
Sallasin pechi-yu soqoldan o‘zga
Birar narsasi yo‘q, bu eshakka dum.

187

Deydilar yangi soz va shodlik boham,
Tun ketsa, tong otsa, kelsa safid dam.
Bizga yiroq bunday nozik xayolot,
Sen kelsang, shu zamon biz uchun bayram.

188

Har neki tingladim—sening bayoning,
Har nimaki ko‘rdim—sening nishoning.
Qayda boshim urib, qildim sajdalar,
Ko‘zim ochib ko‘rsam, sening ostoning.

189

Tokay visolingdan o‘zga bo‘lur shod,
Raqib vayronasi sen birla obod.
Mushtoqing jigari «oh»dan qog‘ozdek
Yonmasin, yo‘l qo‘yma, elitmasin bod.

190

Kechagi shohdedi: «qirilsin soqol»,
Bunisi «qirmang» deb amr etdi darhol.
Zohiran nazar qil bular ishiga,
Yo bir tuk ko‘paydi, yo topdi zavol.

191

Qasd ayla, hech kimni ranjitma fikran.
Kudurat urug‘i bo‘lmasin xirman.
Agar dushmaningni do‘st qilolmasang,
Shunday qilki, do‘sting bo‘lmasin dushman.

192

Ish ko‘ngildagidek, ey voh, bo‘lmadi,
Dil qon bo‘ldi, baxtdan ogoh bo‘lmadi.
Tasbehdan cho‘zilib yotar umr ishi,
Oyoq qabardi, yo‘l ko‘tah[10] bo‘lmadi.

193

Qul bo‘layin ul kishiga, bo‘lmasa u gar nomard,
Sovutmasa hayo, odob hangomasin aylab sard.
O’zi xunob bo‘lganda ham yopishmasa birovga,
O’zi gard-gard to‘zganda ham yuqtirmasa dilga gard.

194

Har yurak tepishin bor o‘z navosi,
Har boshning shu’lador bordir havosi.
Ne so‘raysan nafas asirlaridan,
Har zanjir halqasin bor o‘z sadosi.

195

Bu g‘amgin nafasning ta’bi xo‘p mavzun,
G’uncha to‘la bahor bu dili purxun.
So‘z parisin oson emas sehrlash,
Faqat kuygan nafas ko‘rsatar afsun.

196

Kimki g‘animat deb vatandan ko‘char,
Boshqaga ham ko‘ngil qo‘yolmay o‘tar.
Uchqun toshdan ajrab chiqqanidan so‘ng,
Qancha ardoqlama, bari bir o‘char.

197

Hez yonida mard ham nomard bo‘ladi,
Behimmat, beg‘ayrat, bedard bo‘ladi.
Gar otash yuz yilcha shu’la sochsa ham,
Bir dam suvga botsa shul on o‘ladi.

198

Bu do‘stlar bir-biriga qulluq qilishar,
Bir-biriga bosh egar ham bo‘ysunishar.
Bir nafas ajrasa bir-birlaridan —
Kesilgan bo‘g‘indek xunuk kulishar.

199

Zabt etayin desang sen ilmu hunar,
Insof, kamolni et o‘zingga rahbar.
Bedildek puxta she’r yozayin desang,
Po‘lat qalam bo‘lsin, siyoh esa zar.

200

Yuz hayfki mullo shoshmoqqa moyil o‘ldi,
Olim bo‘laman dedi-yu, johil o‘ldi.
Ya’ni bilim lofi orada qo‘pgach,
Ma’naviy ozuqa behosil o‘ldi.

201

Qaydaki mavjuddir lutf ila karam,
Ul kishi ta’biga iliqlikdir zam.
Yaxshilik istamang sovuq kishidan:
Muzlagan chechakning isi juda kam.

202

Xurramlikda qashshoq bizning bu kishvar,
Rohati ham motam bilan barobar.
Yangi chaqaloqqa ichirishar sut,
Hayot havosida bor ekan zahar.

203

Go‘zallar dunyoda qulf urgan bahor,
Xoh xitoylik bo‘lsin, chigil yo totor.
Ammo farangining husnidan bildim:
Bu do‘zaxiylarda o‘zga jannat bor.

204

Bu biyobon ichra har tup chakalak,
Majnunga ko‘rinar Laylo uyidak.
Ishq ahli qabriga ziyoratda bo‘l,
Besh kun oldin edi osmonu falak.

205

So‘zing avji jununlikka tashlar kamand,
Ko‘p qizishib, kishylardan kulma harchand.
Zinhor jim bo‘l, siqim tuproq ko‘kka uchsa,
Chang bo‘lsa ham chiqa olur juda baland.

206

Ko‘z yoshim kipriklar besabot o‘ynar,
Ohim qoqib jigardan qo‘sh qanot, o‘ynar.
Yoding bilan raqs tushadi dilim,
Noming bilan tilim g‘amga yot, o‘ynar.

207

Qarilikdan hayot asosi barham,
Bo‘g‘inlar qurqshadi, kiprik esa nam.
Qosh uyulib tushdi ko‘zlar ustiga,
Eski uy peshtoqi bo‘lganidek xam.

208

Shunday ramz borkim, dog‘ bor oyda ham,
Bundan ibrat olur haqiqiy odam.
Oyog‘i ostida qora soya bor,
Hatto u falakka bo‘lsa hamki sham.

209

Tokay firibi changu nay g‘amin yeysan,
Yo ishvayi bahoru day[11] g‘amni yeysan,
Qomat xam bo‘ldi-yu, ayshdan darak yo‘q,
Qadah to‘nkarilgan, may g‘amin yeysan.

210

Hirs yukini qachongacha ko‘tarar inson,
Ehtiyojdan forig‘ bo‘lsa, sof bo‘lsa vijdon,
Jahdu jadal, himmat, karam ketmas edi hayf,
Hirs gardini bosib o‘tsa, supursa oson.

211

Bu kurash olami tajribasida
Har narsani yechar himmat aslida.
Bunda inson jahdi qo‘shilmas har on,
Qo‘shilsa osmonni ko‘r yer ostida.

212

Haqiqatni to‘ssa shubha, afsona,
Ko‘nglimiz band etar dayru butxona.
Haqiqatni sezgach chekinar ular,
Kunduzi kelarmi shamga parvona?!

213

Javhari qudrat bor til-zaboningda,
Haqiqat, sadoqat bor bayoningda.
Ming hayfdir xatolar manbai bo‘lsang,
Jabroil parvozi oshyoningda.

214

Kim uyqu, ovqatga bo‘larkan banda,
Mardliqda sustkashu faqir, sharmanda.
Nafsin yengmoq uchun sabot kerakdir.
Qilich kesmas dasta bo‘lmasa anda.

215

Tabiatingdan g‘urur ko‘tarsa gar bosh,
Sof ko‘ngilda ham bo‘lgay nadomat yo‘ldosh.
G’urur ofatidan sog‘ qolmoq qiyin,
Avval o‘zin kuydirar alanga avbosh.

216

Fitna qo‘zg‘atadi kina, adovat,
Oqillardan chiqsa battar qabohat.
Eng ravshan chiroqdan ko‘tarilgan dud —
Boshqa hamma duddan qoradir albat.

217

Yuz tugun, yuz yechim bo‘lmishdir boham,
Toki o‘z rangiga kirguncha olam.
Diltang bo‘lmang, ko‘kda hilol misoli
Kaliti osig‘liq har eshikning ham.

218

Bukun butun olam suxanvar bo‘ldi,
She’riyat fahmi ham mushkultar bo‘ldi.
She’riyat rivojdan qolsa ne ajab,
Shoirlar tovushidan quloq kar bo‘ldi.

219

Fitratingdan judo bo‘lmasin hayo,
Oyoq ostingga boq, bo‘lma beparvo.
Bunda yalang‘ochdir yaxshi-yu, yomon
Ko‘zgu bo‘lma, shuni istaydi ibo.

220

Qaysar ta’biga rang berolmay hayron,
Tiliga zo‘r berar aqlsiz inson.
Yog‘i tamom bo‘lgan chiroq piligin
Ko‘tarilib turgan singari har on.

221

Past kishiga yordam berma, arzimas,
Tarbiyaga loyiq emasdir nokas.
Faqat adovatga xizmat qilsa tig‘,
Qilma unga sayqal bermoqni havas.

222

Inson tanasini aylab imtihon,
Qaygakim qarama tugun namoyon.
Qazo shuncha bo‘g‘in-tugun solgankim,
O’lmay qutulmoqqa qolmabdi imkon.

223

Ranjimni ko‘zlashar bir to‘da bekor,
Umr bo‘yi ranjda bu dili bemor.
Sendan yiroqdeya bu oshiqi zor
Bedilga berishar tinimsiz ozor.

224

Falak gardanimizga ortgan yukni boq,
Himmatimiz ko‘tarar, ammo toqat toq.
Sham shu’lasi boshidan tushar oyoqqa,
Ishi xoh nur sochmoqlik, xoh bo‘lsin yonmoq.

225

Umrimga nadomat bo‘ldi hamohang,
Yuz bilim, yuz junun menga ko‘ndalang.
Umr bo‘yi nolam yirtar nafasim,
Kim hayot libosin tikmish buncha tang.

226

Neki go‘zallikka egadir jahon
Hinduston diyori bariga makon.
Qoracha jononlar bari marg‘ubmas,
Lek Laylo vatani shaksiz Hinduston.

227

Istak dimog‘iga bahs olmishdir yo‘l,
Hakiqiy boylikdan, dedi ogoh bo‘l.
Qo‘l qovushtirgandim talab sharmidan,
Har ikki dunyodan birdan yuvdim qo‘l.

228

Xalqqa ibrat sozi sozlanmadi, oh,
Yaxshi-yu yomondan bo‘lmadi ogoh.
Har joyda so‘qirlar yig‘ini ekan,
Surma bo‘ldik, ravshan bo‘lmadi nigoh.

229

Bu dunyoda ne-ne fitna surdilar,
Nafs uchun har qanday yo‘lga yurdilar,
Odob nima bilmay bir-birin so‘kib,
Mazhab binosiga asos qurdilar.

230

Qachon axloq sharmandalik keltirar yalang,
Unda hayo qofiyasin holi bo‘lur tang.
Suv ham ko‘rsa havoning sovuqligini,
Nafasini tortib ichga bo‘lar muz-xarsang.

231

Yor keldi, afsun-la oldi hushimni,
Hayronlikdan bilmay qoldim ishimni.
Yorga har mo‘yimning arzi bor edi,
Oyog‘iga unsiz urdim boshimni.

232

Qachon dilim ilmu fanga yor emas edi,
Qing‘ir-qiyshiq yurmak menga or emas edi.
Ikki jahon ogahligi soldi dilga g‘ash,
Qanotim yo‘q ekan—qafas tor emas edi.

233

Kimki nokaslarga qaram bo‘ladi,
Nomard oldida ham mulzam bo‘ladi.
Agar sher kuchukka bo‘ysunar ekan,
Obro‘si mushukdan ham kam bo‘ladi.

234

Aybdor o‘z aybin qilganda izhor,
Uyatsiz kulgisin boshlar nobakor.
Kishilar aybiga kamroq ko‘z yumib,
Ko‘proq og‘zin ochar bunday sharmisor.

235

Seni pastga urgan hirsing emasmi,
Folingni bad ko‘rgan hirsing emasmi?
Shoh, amir eshigida itoat bilan
Qo‘ling qovushtirgan hirsing emasmi?!

236

Qaysi kaltabinki, xalqidan judo,
Amal deb bo‘lgandi dalqidan[12] judo.
Oyog‘i ostida ne bor ko‘rmagan —
Havoyi bu boshdan bo‘ldi tan judo.

237

Ey, terakning bargi kabi titrab turgan chol,
Ham toqatdan o‘zga umid topmog‘ing mahol.
Umr vidosi nomusini yelga uchirma,
El eshigin supurmasin bu oppoq soqol.

238

Baland martabaga minsa past kishi,
Falak aql bermas, pastlik qilmishi.
Oyoqda qabarchiqular kallasi,
Ko‘pchib chiqsa fasod yig‘moqdir ishi.

239

Yor suhbati tun, gul sayri sahar istaydi,
Har soz o‘zga taronayi dilbar istaydi.
Qarisam-da ajralolmam la’li lablardan,
Tishsizligim oq sut birla shakar istaydi.

240

Menga boqib kimning ko‘zi bo‘lmas nam,
Holimga, afsuski, kimlar yemas g‘am?
Do‘zaxga tushsam gar, mendan uyalib,
Kavsardan ortiqroq terlar olov ham.

241

Qayda iqbol agar ofatga yondash,
Avval aqlsizlar dilin bosar g‘ash.
Davlat chiqisholmas nokaslar bilan,
Xoru xasga tushsa yondirar otash.

242

Uyat-ku, qalbingdan ketmasa da’vo,
Boshingdan chiqmasa g‘urur va savdo.
Nam tuproqni shamol qo‘zg‘ata olmas,
Hayo ahli bo‘lmas amalga shaydo.

243

Kimningki rahbari bo‘libdi hayo,
Uni mahv etolmas ofat va balo.
Oyog‘in ostiga boqqan ko‘zlarga
Bu havas dashtida chang tushmas aslo.

244

Dil binosin umr taboh[13] qiladi,
Bizlarni na gado, na shoh qiladi.
Olgan nafasimiz qo‘ldan kelgancha,
Xat tortib varaqni siyoh qiladi.

245

Bedil, orom havasi berdi ko‘p ozor,
O’zni tiyaverish qildi ko‘p bezor.
Dilga farog‘at ham keltirar kulfat,
Umr ipi chuvalib bo‘ldi tugundor.

246

Yopilmadi hirsning hayosiz labi,
Bedil, yo‘qolmadi uning talabi.
Orqa-o‘ngi ko‘milib ketsa hamdonga,
Og‘zi hech yopilmas tegirmon kabi.

247

Do‘stlar, ibrat gulin eting etaklarga jam,
Har motamda yig‘layvermang, bo‘ling xotirjam.
Men yorimdan olisdaman, o‘lim mana shu,
Gar ko‘zingiz bo‘lsa menga tutingiz motam.

248

El aro odobdan afsona qoldi,
Na xeshni bilish, na begona qoldi.
Shaxmat donasidek bir-birin qirish,
Oxiri na bir g‘isht, na xona qoldi.

249

Agar ishqtabibi topolsa darmon,
Quruq taskin kerak emas begumon,
Har kuyganga bordir o‘zin tuzlig‘i,
Issiq kul to‘zg‘isa cho‘g‘ chiqar oson.

250

Do‘stlar, na yoru, na ag‘yorg‘a yig‘lang,
Na vafot etgan, na bemorga yig‘lang.
Ulfatlardan ayrildim, mening dardim zo‘r,
Barchani qo‘yingu, men zorga yig‘lang.

251

Ko‘zlarim yig‘larmi biror odamdan,
Yo dilim qurshagan qayg‘u-alamdan.
Sham kabi har nafas ko‘z yosh to‘kaman,
Yig‘larman o‘zimga tutgan motamdan.

252

Do‘stlikdir ittifoq bo‘lib yig‘ilish,
Bir-birdan ajralmay soyadek yurish.
Bu vafo bazmida unday do‘stdan kech,
Keyin kelib, oldin ketsa misli tish.

253

Har bir ramz sen bilan menda, ey inson,
Nozik fahmlarga bu sirlar ayon.
Yoqub dimog‘idek nigoh paydo qil,
Yusuf o‘z ko‘ylagi bo‘yida nihon.

254

Eshak keriladi, to‘qimi zarrin,
Aslida na odob bor unda, na din.
Sulton amalidan kerilgan odam
Kamolga yetkazar o‘z qabohatin.

255

Kelganida erta qiyomat zamon,
Osiylarga rahmat yog‘ilur chandon.
Bedil hazil-huzul yozgan bo‘lsa-da
Malaklarga tasbeh bo‘lur u hamon.

256

Chaman shavqi uydan chiqordi bir kun,
Gulda sehr ko‘rdim, lolada afsun.
Nargis jigarimga o‘t tashlab, qildi
Ko‘zimni bahoru, o‘zimni majnun.

257

Bog‘man, yuz xil rangu bo‘ ko‘rsataman,
Dengizman, yuz nahru suv ko‘rsataman.
Ey sir izlaguvchi, meni unutma!
Oxir undan ham belgu ko‘rsataman.

258

Dengiz mavji qatra oddiy suv aksar,
Durga qo‘shildi-yu bo‘ldi u gavhar.
So‘z asli shamolu shoir nazmida
Mavzun bo‘lgach o‘ldi Saddi Iskandar.

259

Bukun o‘zgarishga uchradi zamon,
Hatto ayollarda mardlik namoyon.
Shunday ketaversa bola emizmoq
Erkak zotiga ham bo‘ladi oson.

260

Bu qavmni falak sulton der ekan,
Huzurida suring yumshokroq suxan.
Muso qo‘rqmasa ham hech Fir’avndan,
Haq so‘zin yetkazar xo‘p odob bilan.

261

Dashtu rog‘ havasi qiynamish bul kun,
Yo bog‘ savdosiga dil bo‘lmish tutqun.
Bog‘u rog‘da parokanda dilingni
Jamlasang topursan farog‘at mulkin.

262

Gado libosida keldingiz, ammo
Asil makoningiz yuksak ul samo.
Mehribonlik qiling bir-birintizga,
Osmon edingiz-ku, bo‘lmang zeri po.

263

Shayxu zohid haddan ortiq ko‘p bo‘ldi,
Kamolot varog‘i riyoga to‘ldi.
Zuhdu taqvo edi insonlik faxri,
Nodonlar dastidan sharm ila so‘ldi.

264

Bedil, bu urinish to abad nima,
Bu havasda ayt-chi xubu bad nima?
Qidirib-qidirib ketdilar ko‘plar,
Hech kimga ma’lummas ki maqsad nima?

265

Bu qavmki, bo‘lmish madrasaga jam,
Bilasanmi qaydan bo‘lmish mukarram.
Egar-to‘qim lozim eshaklar uchun,
Shularni topmasdan bo‘lmishlar odam.

266

Agar qiyomatga yetolsa yo‘lim,
Ko‘rardim jannatning gullarin so‘lim.
Do‘zax otashining butun yolqini
Arzirdi bir bora chekmakka chilim.

267

Mardum aro kibru hasad ko‘p ekan,
Bilmoq kerak barin kim hadya etgan.
Shayton murda edi, e’tiqod ahli
Sham yoqib mozorin etdilar ravshan.

268

Ibrat bog‘i jismi uzra ertalab
Ochilmishdi motam gullari yuzlab.
Ammo bu tabassum yo yoqa yirtish—
Ekanin so‘rashga hech kim ochmas lab.

269

Boshimga tosh tegdi, oyog‘imga xor,
Yurak xun bo‘ldi-yu, lablarimda zor.
Hayhot, qayga boray, nimalar qilay?
Sendan uzoqda men oxir bo‘ldim xor.

270

Ishimiz ibrati rahnamo qachon?
Dil nechun behuda urinar haryon?
Yuring, qayga eltar nafas mazhabi,
Bu silsila qayda topajak poyon?

271

Samimiy so‘zlamoq bo‘ldi boy birpas,
Darveshliksiz kam-ko‘st hech to‘liq bo‘lmas.
Qorin to‘lalikdan kelur kekirik,
Me’da bo‘shaganda bir tekis nafas.

272

Nafas xun bo‘ldi-yu, labda yo‘q faryod,
Murodga yetmadi bu dili noshod.
Umr mavhum o‘tdi faromushlikda,
Hatto o‘zimizni qilolmay kushod.

273

Bedil ruboiyotin san’ati bordir,
Haqu nohaq jahonning surati bordir.
Ba’zan qasru hurlarga bo‘lur oina,
Ba’zan kishan, zanjirda holati bordir.

274

Na yomonlik ko‘rding may, rubobdan,
Bedil Tavba nechun istading mehrobdan,
Bedil. Rahmatimdan yumibsan umid ko‘zini,
Qo‘rkibsan-da, gunohu azobdan, Bedil.

275

Baland-pastlar qo‘shilib qolsalar agar,
Past tabiati g‘olib kelar har safar.
Toza suv tindirolmas loyqa suvni hech,
Loyqa suv tiniqni zumda loyqatar.

276

Ko‘p o‘yin ko‘rgazar bu charx binosi,
Alvon-alvon izdir chamanorosi.
Goh yoshlik, yigitlik, gohi qarilik...
Umr o‘taru bordir xo‘p tamoshosi.

277

Ba’zilar kelishar deb ilmu hunar,
Ba’zilar kelishar istab simu zar.
Xayol qasri ichra havas narvonin
Qay poyasidalar, shuncha olishar.

278

Ba’zilar xayolda tolibi jannat,
Bukun halok etar ertangi ishrat.
Tabiatlarida tamiz bo‘lmagach,
Bejo xayollarga asir, beuyat.

279

Baski dilim sening xayolingga band,
G’am qanoti solmish soyasin harchand.
O’lgach, to‘zg‘ib ketsa hamki, kipriklar
Sendan umid uzmas chang bo‘lsa garchand.

280

Borliqning tahlili naqd nazar bo‘lur,
Shubha vayronu haq muqarrar bo‘lur.
Ali bunday qildi, Bubaqr bunday...
Bular din, afsona, ertaklar bo‘lur.

281

Dunyo ibratidan didda g‘am bunyod,
Koshki bo‘lolsak bu hasratdan ozod.
O’ldik hech quloqqa yetmay ohimiz.
Faryod, bu bedavo g‘ashlikdan faryod.

282

Bir insonman, dilim tinmas tepishdan,
Qondagi orzu deb tinmam chopishdan.
Sham kaby bir joyda turganimda ham,
Yo‘lim ipi aniq menga ko‘p ishdan.

283

Gar satru so‘z bilan kitob xush kelur,
Hariflar desa: «gul», «sharob», xush kelur.
Bodasiz ne foyda faromushlikdan,
Afsona uyquda savob, xush kelur.

284

Saxiylik lofini urar badavlat,
Shayx rahnamolikni qilar qiroat.
Bu bog‘ ichra bizlar besamar gulmiz,
Bizdan talab aylar xushbo‘ylik faqat..

285

Ibrat ko‘zi birla ko‘rib zeboni,
Xunuk nuqson, kamol, lafzu ma’noni,
G’am asiri ko‘rib mardu dononi,
«Mal’un» deb ketishdi ushbu dunyoni.

286

Bilki, tuzalmoqchi bo‘lsa ham olchoq,
Makruhligi asti bo‘lmagay adoq.
G’usul, tahoratdan unga ne foyda,
It ho‘l bo‘lsa tani yana iflosroq.

287

Bedilning bo‘lsa ham ko‘z yoshi ravon,
Har qadamiga dil-jigari qurbon.
Alam moyasidir har bir judolik,
Vido ohangini jon saqlagay, jon.

288

Seningsiz Bedilning nadomati bor,
Yolg‘iz bo‘lsa hamki qanoati bor.
Unday hosildan hech yuborma, yo Rab,
Donasida zarra gar minnati bor.

289

Kamol ahli ketdi, qadrdon yig‘lar,
Yod etib fayzlarin bul zamon yig‘lar.
Suxandonlar ketdi, ammo so‘zlarin
Mag‘zin chaqib qalam qora qon yig‘lar.

290

Qay dil sezar ojiz toqat navosin,
Qay hush bosar ertak-ibrat havosin.
Kimga yetar poymol qumursqa dodi,
Muruvvat qo‘lidan topar davosin.

291

Ba’zilar benishon yurtdan jar soldi,
«Qayga?» «Qachon?» «Men...», «Sen...» deb, shoshib qoldi.
Oxiri bildiki, ketar yo‘qlikka,
Uyatdan kafanga berkinib oldi.

292

Alam kabi bosmishlar oq sochlar boshda,
O’lim seli boshimdan oshgudek qoshda.
Ey nodon, issiq jonga umid bog‘lama,
Taft bo‘larmi kuldek qor bosgan otashda.

293

Fazlingdan o‘zingga naf tegmasa agar,
Tirishganing bilan hech qilmagay asar.
Ko‘zlaring och kattaroq, har tomon ibrat,
Ildizdan chiqadi-ku har qanday samar.

294

Ne keltirar bo‘lsa senga xijolat,
Hech narsa qoldirma gar o‘lim qismat.
Agar pok, mard bo‘lsang bola-chaqangga
Mol-dunyo qoldirma, qoldirgil ismat.

295

Bunda tikansiz gul topilmas zinhor,
Ishrat xayolidan chekma ko‘p ozor.
Mashaqqatsiz bo‘lmas mardum oromi,
Bu ganj muhrida, bil af’i ilon bor.

296

Bu ichi qarolar barisi bir tan,
O’ldilar naf ko‘rmay diddagi nurdan.
Kafan ichra yotar go‘yo qurbondek,
Lekin farqi yo‘q kul bosgan ko‘mirdan.

297

Bir xil bo‘lur imdod, haqning zuhuri
Turlicha tushunar odam shuuri.
Yoqutu billurda rang iste’dodi,
Quyosh chashmasidan barisin nuri.

298

Kimning dili topsa oromdan xabar,
Kishi suhbatidan aylagay hazar.
Nafas tinmay ko‘ngil rohati dushvor,
Ip o‘tsin deb ko‘ksin teshdirdi gavhar.

299

Bedil sirli she’rin o‘qi, yaxshi boq,
«Bekorchi nukta ko‘p juda yiltiroq»,
Deb meni ayblama, oliy bir vujud
Insonda ham bordir hissiz mo‘y, tirnoq.

300

Inson yaralganda lab, kiprik paydo —
Qilib, so‘z, ko‘z yo‘lin yopibdi qazo.
Zaruratsiz ochma ko‘zni yo labni,
Bunisi dil vahmi, u boshga balo.

301

Har kim o‘z rizqini terishga tayyor,
Itga it, xarga xar bo‘lmas xizmatkor.
Bu uyat ish faqat odamlarga xos,
Bor imkondan qilmish shuni ixtiyor.

302

O’z loyidan oxir bo‘lsalar mulzam,
Raqib davosidan o‘zga qalqon kam.
Harifi qanoti ostiga boshin
Yashirar jangda lat yegan xo‘roz ham.

303

Zohid, jannat, rizvon savdosini qo‘y,
Kufr ta’nasin, imon da’vosini qo‘y.
Xalqqa ehson ayla, xudo nazarda,
Majhul toat — shayton g‘avg‘osini qo‘y.

304

Boshga tashvish tushib qilsa betoqat,
Qabr ahlini borib ayla ziyorat.
Seningdek sertashvish edi ular ham,
Oxir tuttroq bo‘ldi, tashvish ne hojat.

305

Senga orom, benishonlik bo‘lsa manzur,
Faqirlarga oshnolikdan topgil huzur.
Dimog‘ingda shuhrat zavqi bo‘lsa paydo,
Shohu amir oshnoligi bo‘lgay zarur.

306

Xalq ichinda sen zolimlik nomin olma,
Ojizlarga zulm ko‘rsatib, jonin olma.
Ochligingdan o‘lganda ham zinhor, zinhor,
Chumolining og‘zidagi donin olma.

307

Ey ohim, dilimdan uchdingmi oxir,
V-ey nolam, ko‘ngildan ko‘chdingmi oxir?!
Ko‘zim xonasida topolmay tinim,
Ko‘z yoshim, tuproqqa tushdingmy oxir?!

308

Sertashvish bu olamda jahd ayla takror,
Ta’bingda qo‘pollikdan qolmasin osor.
Bir-ikki tosh bo‘lsa ham oyoq ostida,
Toydirar tekis yo‘ldan, unutma zinhor.

309

Judo bo‘lgan do‘stlar topishib takror,
Qonli ko‘z yoshlarin tiysa ham yak bor,
Ammo sirli do‘stlik vafo mazmuni
Hijron damlari, deb yig‘lashadi zor.

310

Hasad gar bilinmay ketmish nogahon,
Baribir kishilar ta’bida pinhon.
Tuproq ostida ham qaynab yotadi:
Mo‘ylar bo‘lib ilon, suyaklar chayon.

311

Izzat desang, pastni yo‘ldosh etmagin.
Joy tanla ulug‘vor soyasi tagin.
Durga yetolmassan ariqsuvidan,
Ey qatra, mahkam tut daryo etagin.

312

Bedil, kimning aqli nimaga qodir,
Faqat shuncha ibrat oladi oxir.
G’ofil dili jahon g‘amidan xoli,
Uy qorong‘i bo‘lsa, ko‘rga baribir.

313

Dunyo ishlaridan bo‘lolsang ogoh,
Ranjima goh izzat, xo‘rlik ko‘rsang goh.
Dunyo ishi xuddi pargor chizig‘i,
Oyoq bosh bo‘laru bosh—oyoq, evoh!

314

Bir tabib yoniga kelib bir inson,
Demish: «Qornim qur-qur qiladi chunon.
Hazm bo‘lmaydi hech yegan ovqatim».
Dedi: «Hazm qilib, so‘ng ye-da, nodon».

315

Ko‘z yoshim ham ketdi ojizlik sari,
Hech joyga yetmadi tomchilar bari.
Ipdan nari yo‘l yo‘q tasbeh donaga,
Ashkim chiqolmadi kipriqdan nari.

316

Bukun viqor ahli behayo, badkor,
Ta’biga qolmadi nomusdan osor.
Shaxmat taxtasidek har taraf boqsang,
Yuz xona bor, bari bedaru devor.

317

O’zgaruvchan olam, bunda ko‘p nayrang,
Shavkatingdan bilma baxtingni bashang.
Bunda pastu baland tafovuti yo‘q,
Oyoq ostdan chiqib, boshga qo‘nar chang.

318

Qildim ko‘p imtihon, qarz ola ko‘rma,
Bersalar senga jon, qarz ola ko‘rma.
Qarz adosi mahol, ochdan o‘lsang o‘l,
Odamlardan bir non, qarz ola ko‘rma.

319

Bedil, sol shikasta sozingga quloq,
Hamda bekas diling tomirin ushlab boq:
Bunda yiqilganlar bisyoru bisyor,
O’zingga rahm ayla, qo‘ling tut har choq.

320

Voiz, afsun bilan dilga berma tob,
Toza mayga bekor qo‘shma namakob.
Mijozim tuzalmas sovuq damingdan,
Issiq shishaga sen urma sovuq ob.

321

Afsus, jahon o‘zi moyasiz, bul kun,
Karam poydevori poyasiz, bul kun.
Himmat ham pastlikka qarab sozlangan,
Barchaning devori soyasiz, bul kun.

322

Oxir mahv bo‘lurmiz, olam fusunsoz,
Oq sochlarda qolmas ra’noligu noz.
Otash ibratgohi kul emasmi, kul,
Qanot singach yerga ko‘milur parvoz.

323

Ey qasr ahli, kulba ahlidan kulma,
Baxting yosh, chollarni masxara qilma.
Fir’avn nima ko‘rdi oxir Musodan,
Ey boy, yo‘qsullarni notavon bilma.

324

O’chmishdir madrasa chirog‘i, bul kun,
Qaynar bema’nilik bulog‘i, bul kun.
Behislik eshagin qoqmoqda mullo,
Ko‘p baland nodonlik dumog‘i, bul kun.

325

Dilim chaman ichra xurramdir, bul kun.
Jannat aksi ko‘zga malhamdir, bul kun.
Bizning koshonaga diddor keladur,
Bayram, qara, qanday bayramdir, bul kun.

326

Tokaygacha bu hirs o‘tida yonmoq,
Joning tahlikada, sen molga inoq.
Piligu xashakning haqiqatin ko‘r,
Ikkov ham og‘ochsiz yonolmas uzoq.

327

Men ketdim, davrada davron jom hanuz,
Boshlarda havo-yu havas xom hanuz.
Quloqda tosh tekkan shisham jarangi,
O’tgan hayotimdan bo‘sh payg‘om hanuz.

328

Notavon g‘ubormen, misoli nafas,
Faqat lofga bormen, misoli nafas.
Badu nek zahmati yag‘rinimda yuk,
Sitamdan abgormen, misoli nafas.

329

Ishqu havas vodiysining tunida, Bedil,
Har kimsaning shan maqsadi biror-bir manzil.
Ma’zur tuting, mening yo‘lim so‘z yo‘li bo‘ldi,
Umrim undan yaxshiroqqa bo‘lmadi moyil.

330

Kishi to tamizdan ajralmasa gar,
Tillo-kumush kayfi unga beasar.
Odamzod hamma vaqt qo‘yganda xino,
Behis tirnoqlarga yaxshiroq yuqar.

331

Osmon xuddi nayrangbozning qo‘lida qafas,
Faqat g‘ofil qilur undan to‘g‘rilik havas.
Afsun ila to‘liq naqshi — pargor chizig‘i,
Qay bo‘lagin olib boqma egrilikdur, bas.

332

Bu noz olamidur, bunda har bir kas
Boshqani tushunmas, o‘zni bilsa bas.
Anqo ma’nisiga yetmaydi chibin,
Anqo ham pashshaga hech yaqinlashmas.

333

Bayram kelib, bahor gul ochdi qat-qat,
Ishqu havas bilan qaynar tabiat.
Qay tarafga ko‘zim ochib boqmayin,
Aylanishar sening boshingdan faqat.

334

Ey aqlim qo‘li, so‘z deb balo yozma,
Haqiqatsiz biror-bir navo yozma.
Agar haqshunoslik bo‘lsa ta’bingda,
Yorkin quyosh nomin qop-qaro yozma.

335

Ey jaholat bandasi, turmushi g‘aflat,
Kamolotdan ko‘p uzoq va noqis fitrat.
Bir umr boqiylikdan bema’ni bahsing,
Nasabnomantni endi qilma qiroat.

336

Mayda tashvishdan kech, bo‘lsang barkamol,
Aql salladamas, bu fikrdan qol.
Odamlikdan bir mo‘y bo‘lsa kifoyat,
Ayiqdek bosh-oyoq bo‘lmagil soqol.

337

E’tibor olamida shohmi yo darvesh,
Ishlari ehtiyotlik devorin qurish.
Tadbirsizlar doimo ofatga nishon,
Toshga bosh urar kimda bo‘lmasa es-hush.

338

Sirlar olamida darvesh, badavlat,
Qidirmoqchi bo‘ldi qayda haqiqat,
Necha vaqt yolqindek qanot qoqdi-yu,
Kul bo‘lib nafasi o‘chdi oqibat.

339

O’zing-chun may xumidek qayna hamisha,
O’zgalarga xomushlik aylagil pesha.
Zarar ko‘rmayin desang badu nek so‘zdan,
Quloqda tiqinli bo‘l misoli shisha.

340

Meni dog‘ ayladi borliqdard g‘ashi,
Umr issiq-sovug‘in ayqash-uyqashi.
Subhi azal chekdim tang dildan bir oh,
Hanuz o‘chmas o‘shal ohim otashi.

341

Ey hayot mazmunini izlagan odam,
Har bir kitob satrin dilga aylama malham.
Bedil «Ruboiyot»in sayr et, topursan
Dardu ibrat, tasavvuf, umr tadqiqin ham.

342

Hind markazida to xatti Multon,
Ham Iroqdan tortib to Yazdu Koshon,
Qay bir shaharniki, ko‘rib o‘tmadim,
Avval ko‘z ko‘rgani—qaro go‘riston.

343

Shohmi, darveshmi bu jahon ahbobi,
Har birin orzusi—ko‘ngil sarobi.
Iskandar istadi obi hayot, lek
Topgani oina va chashma obi.

344

Shohu darvesh to‘liq bu zeri osmon,
Bir yoqda boyligu faqirlik bir yon.
Qanchalik balandga ko‘tarilmasin,
U qasrda bo‘lmas ikkita narvon.

345

Yuz shukrki, turli dinu turlicha millat —
Odamlari uchraganda ko‘rsatdim hurmat.
Soya kabi har tarafga bo‘lsam-da ravon,
Yo‘l ozig‘im kishilarga bo‘ldi muhabbat.

346

Ul nusxaki, boshdan-oyoq purma’no,
Har xatda nuqtalar birligi paydo.
Ko‘pchilik birlashib azim xalq bo‘lur,
Dengizda sanoqsiz tomchi muhayyo.

347

O’z bilimsizligan bilsin, deb Olloh,
Yuz hunarga diling ayladi hamroh.
Igna kabi yuz xil kiyimdan o‘tsang,
Yalang‘ochligingdan bo‘lursan ogoh.

348

Ey aql, jahlga sen bob bo‘lmagil,
Mol-dunyo yig‘ishga asbob bo‘lmagil.
Ildizing bulutdan serob chog‘ida,
Suv markaziga intil, hubob bo‘lmagil.

349

Zolim ustidagi shohi, baxmali
Berkita olmaydi ta’bi dag‘alin.
Sinovdan juda ko‘p o‘tganki shamshir
Usta qo‘lin kesar sayqal mahali.

350

Surgalmoq bo‘larkan qay ishga yo‘ldosh,
Tartibga solajak sabr ila bardosh.
Bino qurish fikri gul ochar ekan,
Me’mor qalbin bosar avvalgi zil tosh.

351

Shohlikdan, boylikdan aylama so‘roq,
Dunyo mashmashasi qalbida buloq.
To boshdan kulohin uchirmasa yel,
Shamdek otash ichra ul boshdan-oyoq.

352

Bedil, vahshatnok dil sochmoqda sharar,
Sarguzashtim aytsam dengizga agar,
Baliqlar tanasi cho‘g‘dek qizigay,
Tangasi o‘t tushgan qog‘ozdek yonar.

353

Ey olam holidan bexabar odam,
Baland martabangdan kerilma har dam.
Boshing uzra soya solgan bu devor,
Ertaga toptalib topadi barham.

354

Aql mushti ichra kalit bor, biroq
O’z mushkullarin u yechmoqdin yiroq.
Hayronlik yengadi bunda tadbirni,
O’z barmoq tugunin yecholmas tirnoq.

355

Ba’zilar bu dunyoda o‘zidan masrur,
Ta’bi havasidan rozi-yu mag‘rur.
Bekor ko‘tarmadik biz ham boshimiz,
Faxrimiz moyasi bizdan uzoqdur.

356

To charx aylanmoqqa bermasa barham,
Ta’siri to‘xtalib qolmag‘ay bir dam.
Jim yotgan toshlar ham aylanur la’lga,
Doim ishdadur tinch ko‘ringan tosh ham.

355

Ba’zilar bu dunyoda o‘zidan masrur,
Ta’bi havasidan rozi-yu mag‘rur.
Bekor ko‘tarmadik biz ham boshimiz,
Faxrimiz moyasi bizdan uzoqdur.

356

To charx aylanmoqqa bermasa barham,
Ta’siri to‘xtalib qolmag‘ay bir dam.
Jim yotgan toshlar ham aylanur la’lga,
Doim ishdadur tinch ko‘ringan tosh ham.

359

Bedil, gum bo‘lganmen paydolig‘imdan,
Kuyganman jununu shaydolig‘imdan,
Demakim oh-nolam yaktolig‘imdan.
Yig‘laydurman hamon tanholig‘imdan.

360

Yaxshi kiyim-boshing qilma pisanda,
Bo‘lma faqat tomoq, qoringa banda.
Senga o‘qtalmasin barcha barmog‘i,
Zulm-ku bu shuhrat, bo‘lma sharmanda.

361

Mard kasbu koriga bo‘lsa axloq yor,
Qindan tig‘ chiqarmoq uning uchun or.
Tabassum bilan ish topsa saranjom,
Tirishtira ko‘rma peshonang zinhor.

362

Chang ko‘targan-chun yer bosilib yotar,
Uyat, gar dimog‘ing osmonga yetar.
Ta’bing qabul etmas xayolda borin,
Bu puch xayolda na halvo, na shakar.

363

Kimdaki dag‘al fe’l bo‘lmish namoyon,
Bilimdon bo‘lsa ham, nafratga nishon.
Olamni zabt etar go‘zallik, bilsang,
Axloqiy husndir, shuni de har on.

364

Umring to‘la haryon g‘araz nayrangi,
Yaxshi, yomoni ham shu g‘araz jangi.
«Kufru din» degan so‘z ma’nosin chaqsang,
Barcha sozin kuyi g‘araz ohangi.

365

Bedil, bu ne harflaru ne nuqga izi,
Mutlaq ma’ni bo‘lmasa, chirik ildizi.
«U-bu» deb o‘ylayverish diling tirnaydi,
Xatosiz bo‘lmas ekan hech varaq yuzi.

366

Xumor tonggi sharob ne’matidan shod,
Zohid tayammumu tahoratdan shod.
Ba’zilar izlanish zavqidan xursand.
Bedil orzulari g‘oratidan shod.

367

Bedil, qara, qanchalik kuygan bu jon misli sham,
Kuymak shavqida qanot qoqdim har yon misli sham.
Bunda o‘zimni ko‘rib, tinmay yosh oqizmoqqa
Ustuxon ichra ko‘zim bo‘lmish pinhon misli sham.

368

Kim bo‘lsa hasadchi, yuragi qaro,
Ko‘rmas yaxshilarga yaxshilik ravo.
Humo holini tang ko‘rmoq qasdida
Qarg‘a ustuxonni ko‘mar xok aro.

369

Dayru Ka’ba qayda deb bunda halok
Ba’zilar jonidan kechishar bebok.
Har kim paydo qildi chidam boyligin,
Boshin toshta urib, oxir bo‘ldi xok.

370

Bedil, imkon bog‘idan istama rohat,
Sarvu suman oyog‘i loydan omonat.
Ham lolasi qo‘lida xun to‘la qadah,
Ham g‘unchasi bag‘rida alami qat-qat.

371

Ul badmast sanamning ishqida ko‘ngil,
G’amin ko‘tarolmay bo‘ldi-ku chil-chil.
Bir umr o‘ltirdik vafo bazmida,
Uning qo‘lida jom, biznikida dil.

372

Yangi oyni tomdan qilay istiqbol,
Deb tomga chiqdi ul bahori iqbol.
Husni tobonidan sharmanda bo‘lib,
Quyosh botib ketdi, xam bo‘ldi hilol.

373

Dunyo ayshin maloli bordur bag‘rida,
Sho‘xlikning bir ishkoli bordur bag‘rida,
Bo‘lma g‘ofil xino rang haqiqatidan,
Bul otashning zo‘g‘oli[14] bordur bag‘rida.

374

Mansab, boylik g‘amiga to‘lib-toshsa dil,
Faqir notavonlarga xizmatda bo‘lgil.
Senga qimmat bo‘lgan u durri yatim
Qum ila bir yotar, kezib boq sohil.

375

Umr o‘tgan joyimiz Ka’ba, butxona,
Ba’zan obod shahar, ba’zan vayrona.
Jinnilik tugaydi kiprik yumilgach,
Axir ming gajakka urdik bir shona.

376

Goh kumush-tillo deb, iltijo ovoz,
Gohi gul, sharob deb havasga pardoz.
Tuproqdan chiqib, to tuproq bo‘lguncha
Tuproqda yuz nayrang qilamiz og‘oz.

377

Maktabda yuz saboq biz goho ko‘rdik,
Ham yaxshi-yomonu band zebo ko‘rdik.
Oxir hayrat qildi savodni ravshan,
«Oina» yozdik-da, tamosho ko‘rdik.

378

Mayparastlar siriga maxram bo‘lganim zamon,
Kufru din zanjiridan ozod bo‘ldim men oson.
Idish rangin oluvchi maydek bo‘ldim yalang‘och,
Hamsuhbatlarga moyil, mayli yaxshimi, yomon.

379

Havas ham ba’zida attangdan chiqmas,
Barcha oina ham chang, zangdan chiqmas.
Har dil ishq kayfidan xabar berolmas,
Bunday shu’la hecham xarsangdan chiqmas.

380

Gullab turgan bog‘ ham yer xazon g‘amin,
Sham nur socha tortar kuymoqalamin.
E’tibor gulshani ofatsiz emas,
Bedil, yasha ko‘rmay hech o‘lim damin.

381

Garchi aql bilan ming mahfil ravshan,
Komil savod topmoq ko‘p mushkul, ravshan.
Ishq yolqini agar bo‘lsa manqalda,
Ming ko‘zni qiladir bitta dil ravshan.

382

Qo‘lingdan chiqsa ham ne’matu matlab,
Hasisdek dod solma, saxovat tilab.
Bu qavmda kumushu zar bo‘la turib,
Dod, hasrat ila jon bermog‘i ajab.

383

Tokay bu olam yo ilohi g‘ami,
Qachongacha oqu qora alami.
Qay rangda bo‘lsa ham xushvaqt bo‘l bul kun,
Ey borliq-yo‘qlikning gumroh odami.

384

Tokay chopish, ey sho‘ri qiyomat, o‘tir,
Qachon tinasan, bir dam et rohat, o‘tir,
Oyog‘ingga sanchilgan tikan deydiki:
«Ey behuda harakat, bir soat o‘tir».

385

Tokay parishonlik suradi kalom,
Havas darsimizga javob notamom.
Donish lofi g‘aflat oromin buzdi,
Safsata uyqumiz ayladi harom.

386

Xulosasiz mendan aslo so‘z ochma,
Shikoyat tumorim o‘zgaga yechma.
Nomim ko‘tarilsin yodingdan, mayli,
Yod etib, bosh og‘riq urug‘in sochma.

387

Ey tez pishar meva, bir dam eskirma,
Yangilanish o‘zi karam, eskirma.
Yashnab turgan bog‘san, tikanzor emas,
Ey sen, yangi ma’no, hecham eskirma.

388

Sozdan ovoz chiqmas tegmasa mizrob,
Ishga dur tegilmas berilmasa tob.
Fonus yo sham bo‘lmoq emasdur oson,
Qonga aylanmayin yoqut bo‘lmas ob.

389

Daryo suvi boshi asli jo‘yi[15] dil,
Sahro g‘uborining joyi kuyi dil.
Bu to‘ngan qon qachon hushga kiradi,
Hatto Bedildan ham kelur bo‘yi dil.

390

Har o‘rmonning bo‘lsa o‘z arsloni,
O’z nahangi makon etsa daryoni.
Taslim bo‘lgan boshda qilich o‘ynatma,
Egilgan kamonning bor tir-parroni.

391

To kishi la’l kabi dilxun bo‘lmagay,
Vafo mulkida narxi afzun bo‘lmagay.
Tabiatda har tosh yoqut bo‘lolmas,
Har qatra suv durri maknun bo‘lmagay.

392

Badavlatdan umid qilmagil oson,
Kattalikdan o‘zga libosi gumdon.
Bulardan himoya orzusi puchdir,
Soya bermas tomi ko‘k o‘par ayvon.

393

O’zgalar haqida yomon so‘z so‘zlash,
Hasad jilovini tutmoqni ko‘zlash.
Og‘zingga tosh sening, ey otashzabon,
Benavo uyiga tashlama otash.

394

Insho havas qilma, ayo puch odam,
Goh mirzo bo‘lsang, goh sultoni a’zam.
Bir zumlik umringda qolma uyatga,
Erta ne bo‘lursan, shu bo‘l bugun ham.

395

Sababsiz firoqdasen, visol kun aksar,
Ma’no kayfidan yiroq, qo‘lingda sog‘ar.
Ham quyosh haqiqatu ham xok zarrasi,
Ma’zur tutaylik ko‘zing ko‘r bo‘lsa agar.

396

Jununim soziyu uchqur hay’atim[16],
Oshufta ayladi olti jihatim.
Otash ko‘rgan mo‘ydan qilsin qalamin
Rassom agar chizmoq bo‘lsa suratim.

397

Ey ashkim, do‘st ko‘chasiga topa bil yo‘l,
Ey ko‘z, nigoh tashlasang-chi, hasrating mo‘l.
Alif qomat esga tushsa, siynam ohi,
Sen ham tikka chiqib ko‘kka, alifdek bo‘l.

398

Kecha yo‘lda ko‘rdim ko‘zgu parchasi farang,
Ishq dardida chil-chil oyning aksi bu, attang.
Uning navo pardasidan chiqadir ovoz,
«Ey xudbinlar, men tomonga bir bora qarang!»

399

Mard bo‘lsang, vahima yo‘lini quvma,
Ko‘zgudagi gulning isini tuyma.
Bunda qancha ertak jam bo‘lib yotur,
Ko‘rinmagan suvga qo‘lingni yuvma.

400

Bu mukofot mulkin past-balandi bor,
Tajriba kilmishlar donolar bisyor.
Derlar qudrat chog‘ing hech kimga zulm —
Kilma, zaiflikda ko‘rmaysan ozor.

401

Qo‘ldan ketganinki qaytarmoq oson —
Emas ekan, chekma do‘st minnatin, jon.
Adolat chidami kamayganda ham
Zinhor qabul etma birovdan ehson.

402

Bedil, olamda bor yaxshi, yomon deb,
Millatu mazhabdan tilga berma zeb.
To qiyomat ma’lum bo‘lib turadi
Tuxming shunda o‘sib, topganing tartib.

403

Ojizni ezmoqqa zolimi irkit
Qonli libos kiyar bir qonxo‘r taxlit.
Tosh yurakka dahshat bo‘lsin shioring,
Qizigan temirni temir-la irg‘it.

404

Turar joying Soviy va yoki Ganja,
Tavakkaldan berma o‘zingga ranja.
Pand yema, sababsiz bo‘lmagay hech ish,
Tirnoqsiz bir tutun yecholmas panja.

405

Ey xoja, taskin top dil bo‘lsa noshod,
O’z or-nomusingdan so‘ragil imdod.
Xodimingdan o‘tgan bo‘lsa xatolik,
Sobiq xizmatlarin yod aylagil, yod.

406

Bedil, yovga kamtar, benishon bo‘lma,
O’q-nayza bo‘lmasang ham, kamon bo‘lma.
Ojizlarni toptash bu olam ishi,
Bu maydonda zinhor notavon bo‘lma!

407

Shayx bo‘lsang hech kimga sen hukm qilma,
Odob sarrishtasin aslo gum qilma.
Xalq huzuriga bor to‘g‘ri va halol,
Ters borma, soqolni misli dum qilma.

408

Ey, tog‘sabot, lof so‘z, beimon bo‘lma,
Xotirjam qil ko‘ngling, parishon bo‘lma.
Aqling otganicha bilib olaver,
Fahming nuqsonidan pushaymon bo‘lma.

409

Ishqing imtihoni afsundir, afsun,
Telbalik g‘uborin taratar Majnun.
Kulda o‘t yallig‘i sezilmas, ammo,
Suv ursang undan ham chiqadir tutun.

410

Borliqning bunyodi bemador nafas,
Hayot ko‘rinsa-da e’tibor nafas.
Sahar shabodasin shamolga yozsang,
Bu kitobga ham ip hamda tor nafas.

411

Tokay qizitayin bozori hasrat,
Tokay afsona-yu ozori hasrat?!
Koshkiydi bu g‘amdan suv bo‘lolsam, suv,
Poyingga to‘kilsa ne bori hasrat.

412

Hamkorlik topmadi falak, osmondan,
Libos kiyolmadim amnu omondan.
Ey don, sen rozi bo‘l, qutulolmaysan —
Un bo‘lib yanchilmay bul tegirmondan.

413

Majnun ishqda kuymish avvalida ham,
Sozi kuyar nola-nag‘ma qilgan dam.
Ishq lofini urib yashamoq xato,
Qanot kuysa, uchish kuyadir boham.

414

Oyoqlaring naqshi ikki ko‘zimiz,
Kelishingga mushtoq bunda o‘zimiz.
Ko‘zimizdan ketding misoli nigoh,
Ammo bo‘shamadi sendan ko‘zimiz.

415

Ishq yo‘liga kirsa oqilu majnun,
Butxona, machitda chalishar qonun.
U dunyoda pinhon ishq va ulug‘lik,
Bunda hatto toshdan chiqarar uchqun.

416

Ezilgan har tuproq sirlar makoni,
To‘zg‘ib tushgan har pat uchish bayoni.
Bog‘ qizil, sarig‘in inkor etmagil,
Har bargu har ko‘kat rangu noz koni.

417

G’azabdan ogohlik o‘tmasdir senda,
Adovatdan rostlik butmasdir senda.
Qilmishing o‘zingga keltirar balo,
So‘zingdan xunuklik ketmasdir senda.

418

Orif zahmat tortib yurmas qarasang:
«Bu ne jilvasozu, unda qanday rang?»
Har daraxt mevasi, har gul rangi bor,
Hayot nimaligin agarda bilsang.

419

Moldorlarga qara, fikrlari xom,
Kibru g‘ururlari o‘zlariga dom.
Bunday toshbag‘irlar uzuk ko‘ziga
Manglay ajiniday yozdiribdi nom.

420

Mumsik nonu suvin tergaydi tejab,
Ammo oshiyoni buzilar ajab.
Ko‘zlarin yog‘ bosib, yumilsa mayli,
To‘ymaydi to‘plagan moliga qarab.

421

May kosasi emas, chashmi fattoning,
May sening nigohing, obi hayvoning.
Mayxona eshigu, devoru xumi —
Kipriging soyasi, qora mujgoning.

422

Zohid mayxonadan istab haqiqat,
Tasbihdan ham kechdi, qoldi may faqat.
Soqolu yolu dum, sallani demas,
Oxir inson bo‘ldi bu eshaksifat.

423

Bul kun nasimi dildorim kelur,
Bo‘yi guli ko‘p intizorim kelur,
Vaqtida olayin jilvasidan rang,
Ko‘zgudek ko‘rsatay, bahorim kelur.

424

Bedil, bunda shoir-suxandon ko‘pdir,
Biz kamu begona noshoyon ko‘pdir.
Bizdan eshitgilu, bizdan ibrat ol,
Maddohlik g‘ururi ming chandon ko‘pdir.

425

Vahm majlisida yo‘qdir ma’nosi,
Kimning ko‘nglida gar ilm da’vosi.
Mast devona urdi ko‘zasin toshga,
Boshda ham qolmadi sharob savdosi.

426

So‘z lutfin tuyolmas har qanday quloq,
Dilimdan o‘tkazay sezsin yor shu choq.
Bulbuldek nolam bir gulga atalgan,
Ammo uni tinglar bog‘ boshdan-oyoq.

427

Ittifoq bo‘lsa bir-biriga yo‘ldosh,
Adashmay borishar mag‘rur tutib bosh.
Qayda ittifoqlik topadir zavol,
Tep-tekis yo‘lda ham paydo bo‘lur tosh.

428

Himmat kamarini bog‘lasa faqir,
Yuz aybu nafs itin bog‘lagay zanjir.
Manmanlik eshigin berkitar ehson,
Baxil tabiati bo‘ladi dilgir.

429

Muhabbat o‘rnini bossa gar shahvat,
Havasga aylansa gar ishqiy suhbat,
Ming hayfdir xashakka intilsa otash,
Jahon boyligidan ne olur himmat.

430

To so‘z qolipiga tushguncha mazmun,
Uni o‘ylayveryb diling bo‘lur xun.
Dilga tugun solar yuzlab saktalik
To nola misrasi bo‘lguncha mavzun.

431

Inson xayolidan yig‘lamaydimi?!
Yuksak kamolidan yig‘lamaydimi?!
Gardun bir dam ko‘rsa o‘zin tuproqda,
Ayting, bu holidan yig‘lamaydimi?!

432

Bunda haqiqatdan nishon ko‘rmaysan,
Ishqda havas, shavqni oson ko‘rmaysan.
Tuproq oyna emas, qancha nur sochma,
Soya ko‘rasenu inson ko‘rmaysan.

433

Bedilning na kulfat, na ranji bordir,
Xursandlik ta’bida gul, changi bordir.
Erta sahar barbod etsalar xokin,
Husni hangomasin nimrangi bordir.

434

Kim o‘z maqtovida ochar ekan lab,
Ko‘zlarim ko‘rsatar bizga surmalab.
Bukun oyog‘imiz ostidagi qum
Kecha og‘izlarda xo‘p chaynalgan gap.

435

Mazax, vaqillashdan toq bo‘lsin yurak,
Har so‘zing arzanda bo‘lmog‘i kerak.
Odob bisotimas masxarabozlik,
Har gal og‘zing ochsang kulgi bo‘lajak.

436

Fuqarodan xabar olmas boy olchoq,
Kibridan ko‘ziga ko‘rinmas oyoq.
G’ururdan shunchalar ko‘tarar boshin,
Hademay bo‘ynidan ham ketar uzoq.

437

Kishilar yumtanmi ko‘ngil qo‘zini,
Kipriklar ochig‘u tuymas o‘zini.
Ko‘p haq gap aytildi, Bedil ham aytdi,
Lek tushunmadilar uning so‘zini.

438

So‘z aytmoqqa og‘zin ochsa gar yor,
Masih nafasida ajoyib bo‘y bor.
Qalampir munchoqdir yo mushki Xo‘tan,
Yo atir ufurmish rayhonu gulzor.

439

Mozorim uyatli, beparvo o‘tma,
Nechuk halok bo‘ldim, benavo o‘tma.
Xijolatdan terlab o‘tdi bor umrim,
Mard bo‘lsang xokimdan mosuvo o‘tma.

440

Zavqsiz, lazzatsizdir toatlarimiz,
Kekirdak qayg‘usi rag‘batlarimiz.
Kech — yemak qistog‘i, kunduz — ochu lanj —
Shudir ro‘za kuni himmatlarimiz.

441

Zohid kekkayishdan shunchalar qotgan,
Do‘zax ham eritish evin yo‘qotgan.
Chaynalgan chala go‘sht, tuxum singari,
O’tga tushganda ham muzlagan, qotgan.

442

Har koʻzki, agar olmasa ibrat, koʻrdir,
Har luqma agar bermasa lazzat, shoʻrdir.
Har toʻn, agar oʻzgarmasa, toʻnmas, u kafan,
Har xonaki, birdek turaversa, goʻrdir...

443

Faryodki, menga jafoyi gʻaflat oʻtdi,
Jomimga qiyomati xijolat oʻtdi.
Dedim necha koʻz ochib shu dunyoni koʻray,
Dunyoni to koʻrganimcha muddat oʻtdi...

444

Ne kelsa, sabr ayla, tamoshodir bu,
May ichki, koʻngil dardiga davodir bu.
Qul ersang, oʻzingga bilgil olamni qafas,
Qoʻy, yurma bu anduh sari, sahrodir bu...

445

Dil sozida nagʻmayu navolar koʻpdir.
Aybu hunaru rangu safolar koʻpdir.
Koʻpik tilagingmu yo gavharmi murod?
Daryoda bahoyu bebaholar koʻpdir...

446

Ey mardi sabot, shikasta paymon boʻlma.
Jam ayla koʻngilniyu parishon boʻlma.
Har neki zarur ersa, chuqur angla, tushun,
Yanglish tushunib, keyin pushaymon boʻlma...

447

Ildiz gulu boqqa yetkazarmish oʻzni,
Ham boda dimoqqa yetkazarmish oʻzni.
Parvonani koʻrki, talpinib misli hilol,
Oxir chiroqqa yetkazarmish oʻzni...

448

Gʻampesha dilimga to nazar solgaysen,
Oqkoʻngil esang, koʻnglim aro qolgaysen.
Otash koʻtarib oʻtma yana biz sari, hoy,
Naq olti tarafdin oʻt olib, yongaysen...

449

Bedil, bilarmisanki, ahli himmat,
Qimmat etadir elga necha bir suvrat:
Gʻofilga nasihatu fuqaroga diram,
Yoshlarga lutf, yoshi uluqqa xizmat...

450

Ey oyina, manziling muborak boʻlgay,
Ul husni muqobiling muborak boʻlgay,
Yor qaytdi safardanki, dilim unda edi,
Bedil, senga bu diling muborak boʻlgay.

451

Sen kun bila tun holini aflokdin soʻr,
May boʻlmasa xumda, sen uni tokdin soʻr.
Kim oʻtdiyu kim ketdi — soʻrarsan tokay?
Doʻstlar bari shunda muntazir, xokdin soʻr...

452

Chun oyina begʻubor koʻrgay oʻzni,
Yuz rangga dagʻi shikor koʻrgay oʻzni.
Inson mijozi ila ilm gul ochmish,
Tuproq gahi gulbahor koʻrgay oʻzni...

453

Shodlik boʻlaversa, qaygʻuga uyqashdir,
Bayram sira bitmasa, yuraklar gʻashdir.
Har narsada mezon va me’yor kerak,
Suv oshsa boshingdan, suv emas, otashdir...

454

Yuz charx boshimizda ovora emish,
Yuz subh bizni deb jigarpora emish.
Oy birla quyosh shu’lasi bizga ne pisand,
Koʻz yoshi oʻzi sobitu sayyora emish...

455

Dersanki mudom: maqomi dildor qayda?
Koʻzlarga koʻrinmagan u ruxsor qayda?
Koʻzingga magar parda emish mujgoning,
Oftob uyida, degilki, devor qayda?

456

Dunyoki, parokandaligi asbob emish,
Orom bu jahonda, oʻylakim, simob emish.
Dengiz emish u, mavji — parishonligimiz,
Osuda koʻngil — bir gavhari noyob emish...

457

Faryod ila oʻylakim nafaslar doldir,
Ammo netayin, zaboni jur’at loldir.
Koʻngil oʻti birla misli bir shamdirmen,
Ul nola labimga yetsa gar — tabxoldir .

458

Har kimsaki to shikasta, dilxun boʻlmas,
Ul mulki vafoda qadri afzun boʻlmas.
Dunyodagi har tosh boʻlavermas yoqut,
Har qatrayi suv gavhari maknun boʻlmas...

459

Mulloki mudom jadalga moyil boʻldi,
Olim sanadi oʻzini, johil boʻldi.
To oʻrtaga tushdi u, bilim lofi ila,
Topgan bari ma’nolari botil boʻldi...

460

Esmoqda nasimi yor, yorim kelgay,
Gul hidi taraldi, intizorim kelgay.
Vaqt yetdiki, jilva, rangga men yetgaymen,
Ul oshinomu ul bahorim kelgay...

461

Foydang yiqitib bizni, ziyon boʻlgusidir,
Har chandki bahor erur, xazon boʻlgusidir.
Oyinaku ul zamon qoʻlingdin tushdi,
Aksing dagʻi koʻzdanam nihon boʻlgusidir...

462

She’rim menga necha yuz zabondin keladir,
Koʻpdan beri, koʻp vaqtu zamondin keladir.
Tavrot emaski ul, to taxmin etsam:
Bir yoʻla magarki osmondin keladir.

463

Suhbat tunu sayri gul sahar istar emish,
Har soz taronai digar istar emish.
Pirlikda goʻzallar labidin kechmasmen,
Tishsiz kishi shir ila shakar istar emish...

464

Gar forigʻ erur ushbu jahondin havasim,
Yoʻq ushbu jahon ichra tuzogʻu qafasim.
Har onda chaman ziynati men birla emish,
Chun rangi tarovati bahordek nafasim...

465

Bul kecha koʻngil toʻla surur etgaymiz,
Dildorga termulib, huzur etgaymiz.
Koʻz ravshanimiz ravshan oʻlur, kam boʻlmas,
Shaming ila diydalarni nur etgaymiz...

466

Sen ketdingu men asiri manzil qoldim,
Bu dardu gʻamu alamga mashgʻul qoldim.
Bedil ekanimnn sal unutgan erdim,
Koʻngil senga boz kechdiyu bedil qoldim...

467

Ey senkn vahim ila mudom majbursen,
Goh oʻt tilaging, gohi gadoyi nursen.
Ustingda kiyim bila yalangʻochdirsen,
Ma’zur emassen, vale magʻrursen...

468

Koʻrdim necha dardu gʻam, davoyim sen oʻzing,
Chekdim necha oh-voh, havoyim sen oʻzing.
Ashkimni faqat sening yoʻlingda toʻkdim,
Har nechaki chorladim, sadoyim sen oʻzing...

469

Oxir dili noumid muztar boʻldi,
Bekasligidin yerga barobar boʻldi.
Mujgoni boshimga soya solgaymu, dedim,
Qayrildi, koʻring, soyasi ham qayrildi...

470

Ul madrasa ichra pechanim jam boʻlmish,
Bilganmisen, nechun mukarram boʻlmish.
Arqonu toʻqim va jul istardi eshak,
Nochorligi kor etmishu odam boʻlmish.

471

Gardun oʻzi — necha sobitu sayyor emish,
Daryo oʻzi — necha chashmayu anhor emish.
Dunyo ishidan hamisha voqif boʻlkim,
Sen bilganing ul bitta emas, bisyor emish.


Gʻazallar

Boʻlibdir gʻamga oshyon maskani dil,
Shu bois gʻam kelur, soʻrsam: qani, dil?
Koʻzim maqsudi vasling-u, qani koʻz,
Dilim yodi gʻaming, ammo qani dil?
Adashgan korvonga qoʻngʻiroqcham,
Na kuylar kuylamasdan nolani dil?
Kishi yoʻqdir kishiga zoru muhtoj,
Vale dil tutganidir domani dil.
Qadam qoʻyganda xoki turbatimga
Boʻl ogohkim, oyogʻing bosgani dil.
Agar-chi suvratim Bedildir, ammo
Qilur boshdin-oyoqashkim mani dil.
* * *
Zahm oʻldi yana chashmi purob oʻldi, bizim dil,
Rangin qadah ichra qon sharob oʻldi, bizim dil.
Gulbogʻu chaman faslida tosh oʻlsa u koʻngil,
Dasht uzra gʻubor oʻlsa-da, ob oʻldi, bizim dil.
Vasl anjumani ichra hayo jom boʻlibdur,
Ob oʻlsa agar bodai nob oʻldi, bizim dil.
Ne hosil, ayo nola, bul otash nafasingdan,
Qon boʻl, seni deb boʻyla kabob oʻldi, bizim dil.
Bir chashma-ku toʻfoni xayol ichra bu olam,
Bedil, na iloj, emdi sarob oʻldi, bizim dil.
* * *
Parishon xotirim deb gʻam yaralmish,
Yana chashmim tufayli nam yaralmish.
Qilur mavj gavharu oina javhar,
Ajab, beorzu dil kam yaralmish.
Atarlar gʻuncha poymolini gul deb,
Ne hol, shodlik aro motam yaralmish.
Sabo toʻzgʻitgudek bir kaft tuproq
Qoʻshilgach qon ila, odam yaralmish.
Qoshimga kelsa gar farmoni taslim,
Egilgum, qoshim asli xam yaralmish.
Agar xeshlik uchun paydo bu olam,
Mening koʻnglimga koʻnglim ham yaralmish.
Dilning dardiga yoʻqdir chora, Bedil,
Boʻlib sohibmuhr Hotam yaralmish.
* * *
Ishq dogʻi kabi nurga niqobdir, yuragim,
Oyina kabi dard ila sofdir, yuragim.
Har lahza bir uxlab yana tez uygʻonadur,
Har dam ishi rohat va azobdir, yuragim.
Mavjlanganidan kim ani sarchashma demish,
Sarchashma emas, asli sarobdir, yuragim.
Paymonasi lim toʻldi boʻlib paydo shahd,
Mulkingda umrdoshi hubobdir, yuragim.
Kel!.. Oʻt ber, alangamni tomosha ayla,
Lov yonmasa, umri ne hisobdir, yuragim.
Sen soʻrading, berdim yulib koʻksimdan,
La’ling bu savol, unga javobdir, yuragim.
Shabnam kabi suv olamidandir gohi,
Goh misli qadah ichra sharobdir, yuragim.
Umrim necha dam? Tinmay urar bilmakka,
Chin kasbi sanoq, kori hisobdir, yuragim.
Umrimni xayol etsam, hech yoʻqdir samari,
Yongʻin nafasim, shunga kabobdir, yuragim.
Koʻz-koʻz qiladir daryo pufaklarni necha,
Vasl koʻzgusiman, ammo hijobdir, yuragim.
Tosh oyinavu, tomchi guhar boʻldi, biroq
Afsus, hamon xonaxarobdir yuragim.
Ming tomir ila chirmadi gʻaflat, garchi,
Bedil, necha hikmatga kitobdir, yuragim.
* * *
Yod etib shavqingni, singan xasta dillar shoddir,
Shisha dillarga bu chil-chillar muborakboddir.
Oh va koʻz yoshim egiz, men bir ajib mirobman,
Shu shamol, bu suv bilan dard bogʻlarim oboddir.
Gʻaflat ichra men hayotni mehribon bildim gʻalat,
Har damim qoʻsh tigʻli xanjar, umr esa jalloddir.
Hayratim ogʻzi metin, yumshoqdir undan toshtuxum,
Folboqar oynam sinib, bundanki u zuryoddir.
Umr qushim parvozi tindi shisha koʻnglim ichra, oh,
Tip-tiniq ushbu qafasning sohibi sayyoddir.
Zoru muhtojmiz agar-chi, biz qanoat bir-la boy,
Tashna dil qongʻaymu hech, dunyo saroboboddir.
Boʻldi bulbul nozga tutqun, holbuki, bir ursa par,
Koʻrkidanmas gul, oʻzidan ham oʻzi ozoddir
Aqlu hush jomi siniq, undan salomatlik oqar,
Telbalik rohat yaratmakda ajib ustoddir.
Vasl oqshomida isfandlar ne xush charsilladi,
Ishqni madh aylab kuyibdurman, bu — bir isbotdir.
Koʻp ulugʻ tushlarga loqaydmiz, nechunkim, oʻngda ham
Uxlagudek damda bir dunyo, axir, bunyoddir.
Biz Xito — naqsh oʻlkasin kezsak, oyoqning izlari
Moʻyqalamdir goʻiyo, surgan ajib Behzoddir.
Surmalar baxtlar qarosindan nishon kiprikdagi,
Ishqni kokillar sezib toʻlgʻandi — jim faryoddir.
Keksa bu jonimni kovlab, baxt yoʻlin ochdim, ne baxt
Qomati yoy, chunki Bedil, teshai Farhoddir.
* * *
To tugʻildim, har qulogʻimga mudom afsun kerak,
Dil til olgancha choʻkib yotmoqni istar — xun kerak.
Ishq balosi husn baxtiga hamisha zordir,
Laylining noz bazmiga albatta bir Majnun kerak.
Ehtiyoj bor etdi yoʻklikdan jahonni, doʻstlar,
Qilgali jo dilga himmat, yangragan qonun kerak.
Ketmagay dud hech yolingdan, kulga gulxan doʻnmayin,
Goʻiyo yuvmoqqa ust-boshim kirin, sobun kerak.
Vahmga taslim akl bor-yoʻqni farqlab bilmagay,
Nokeraklar kecha oʻrtab, boʻldilar bul kun kerak.
Toʻkmasinlarmi yulib marjonlarin kipriklarim,
Oh, yoshurmoqqa nahot shunday goʻzal mazmun kerak.
Tong bu — borliqning jahonda bir damidir bedaxl,
Bir nafas diydor uchun borliqqa bul gardun kerak.
Ehtiyoj insho etib ja’m qildi tarqoq soʻzimiz,
Harfi nomavzunimiz, chun boʻlmogʻi mavzun kerak.
Benafaslikka giriftor Bediling qabr ahlidek,
Chun oʻlim zanjirdur, zanjir uchun majnun kerak.
* * *
Yoniq matlablarim bergay olovga dostonlarni,
Boʻyar qongʻa murod-maqsadlarim barcha bayonlarni.
Asl manzilga yetmasdan, qolib ketding, boʻlib man-man,
Jaranglardan topib kirgay qaroqchi korvonlarni.
Shovullab turgan oʻrmon sirlarinda, ayt, ne hasrat bor
Ki, qushlar koʻzyoshi girdobgʻa bergʻay oshyonlarni.
Yurakdan gardlaring art, to tiriksan, intizom baxsh et,
Axir, fayzi boʻlak tartibga solmoqning doʻkonlarni.
Labing dilni olib, mendan miyiqlar jon soʻraydirlar,
Yomon oʻrgatdi oʻgʻring poraga bul posbonlarni.
Sen olgan har zaif damdan umr boʻyi soʻnib keldi,
Mozorlarga sha’m etma vaqt yelinda ustixonlarni.
Yutib kelmoqda sen turgan qirgʻoqni ajdaho toshqin,
Qayiqni sindiru, sogʻ ket, yoʻqotding bu makonlarni.
Koʻzingning yoshlari yulduzlarin yanchib kuningni koʻr,
Tegirmon aylab aylantirdi ohing osmonlarni.
Gʻazab ahlin tiyib turgʻil sehrlab sen odob birlan,
Ki, oʻqlar qoshida koʻr ta’zim etgan bul kamonlarni.
Jahondir xomxayol oshxonasi, armonni yeb toʻydim,
Nechun tinglay sovuqtandirdan oqqan boshqa nonlarni.
Men ojiz sajdaman, aylab tavof, soʻng manglayim birlan
Naqsh qildim shamolga xoki birlan ostonlarni.
Qarab yor, tinglay bir kun, yetar, bas, jim boʻl, ey Bedil,
Men oyna bagʻriga jo ayladim faryod-figʻonlarni.
* * *
Toki chaman tomonidan boʻyi bahor, yetib kelar,
Oʻzni netib yod etayin, nomai yor, yetib kelar.
Ikki koʻzu bitta labin juft etadir qaddima yor,
Toʻrt beadab raqam bilan ming iftixor, yetib kelar.
Shodligu gʻam dogʻlarini masxara qilgali kulib,
Bagʻrida dogʻ, xanda qilib, u lolazor, yetib kelar.
Ochdim aza, yoʻqoldi yoʻl dashti adam quchogʻida,
Tong, yoritish uchun yoʻlim, siynafigor, yetib kelar.
Kuydi yurak sipand boʻlib, chiqdi nafas baland boʻlib,
Sen yoʻnilib, soʻngra qoʻlim senga, dutor, yetib kelar.
Jim oʻqigil bu ma’rifat kitobini, ayo, aziz,
Qilsang ovozingni baland, boshinga dor, yetib kelar.
Tang bu tiriklik ichra xalq yupandi soʻzu soz bilan,
Yoʻq esa har nafasda bu dilga fishor1, yetib kelar.
Shodligu baxtimizga qoʻl yetmagi koʻp qiyin bizim,
Chiqsa agar xumordan u, tagʻin xumor, yetib kelar.
Dagʻdagʻa qilma qudratu husnu tarovatingni hech,
Tonggacha sha’m soʻnar, axir, faxringa or, yetib kelar.
Singan oyoq qachongacha haqtalabin qilar ado,
Ikki koʻzim yuzimga, oh, topib mador, yetib kelar.
Ohi hazini qaqratib qoʻysa azizlar labini,
Bering xabar, yosh toʻkibon Bedili zor, yetib kelar.
* * *
Koʻzlaringga, tengsizim, boʻlsin fido mayxonalar,
Goh qurib, goh toʻlgʻusi imong bilan paymonalar.
Oshiq oʻz qalbini yoqmoq payti chaqmoq oldi oʻt —
Sha’m alanga olgani payt kuydilar parvonalar.
Ishq-junun sahrosida esdi dovullar aylanib,
Sochlarin bir hilpiratsinlar debon devonalar.
Ishqimizning qadri yoʻqdildan chiqib boʻlgan bayon,
Boy berib ganjin, huvillab qoldilar vayronalar.
Mehrimiz berdi olovga bir taroqdoʻkonlarin,
Sochlarin qandoqtarar endi bizim jononalar?!
Sha’mga dil dardimni aytib turganim payt keldiyu,
Uyqu uxlab qoldi, tinglab tonggacha afsonalar.
Qahr qah-qahlab tishin qayrar hasading betida,
Sabr etar tishsiz qilich jim-jit, boʻlib mardonalar.
Nomuvofiq boʻlsa ahli anjuman boʻlgay xarob,
Jam emasliqdan sochilgaylar boshoqdan donalar.
Sharmi boʻlsa, bir-birovga koʻz olaytirmasdi el,
Suq kirib, shatranj oʻyin maydoni boʻldi xonalar.
Toki bor imkoni, Bedil, qil zamon ahlini tark,
Tutmagay odamni doʻst hech bu hayobegonalar.
* * *
Zor qanot qoqsamki, bexudlik ayon, boʻlgʻusidir,
Bu bilan isyon emas, holim bayon, boʻlgʻusidir.
Bir qadam ham behuda ketmas agar hush izlasak,
Yoʻqsa, tosh, gʻaflat bosib, bizdan nishon, boʻlgʻusidir.
Boʻl faqir sen xokisorlik birla, oxir bir kuni
Bir hovuch xokingga yel taxtiravon, boʻlgʻusidir.
Gar xudosizlarga qolsa ushbu ummonlar kuni,
Parchalangan barcha yelkan, kema qon, boʻlgʻusidir.
Vahmu tuhmat gʻam balosi birla har koʻk barhayot,
Bolu parning koʻlkasi togʻ deb gumon, boʻlgʻusidir.
Qanchalik hurkitmangiz, baxt qushlari mijjamdadir,
Ming qanot bir kiprigim ichra nihon, boʻlgʻusidir.
Gar ayon aylay desam ojizligim, ojiz tilim,
Koʻzlarim faryod chekar, bu ne figʻon, boʻlgʻusidir.
Avjlanib vahshatli suhbat boʻldi har til bir olov,
Ahli korvon yoqqan oʻt ham korvon boʻlgʻusidir.
Mangu bir rohat shudir, ja’m boʻlsa ummid-ixtiyor,
Toʻplasa qush parlarin gar, oshyon, boʻlgʻusidir.
Har nedan kechmayusa, Bedil, arzigaydir haq yoʻli,
Bir yuking boʻlsa bu yoʻlda ming dovon, boʻlgʻusidir.
* * *
Ey fazlu kamoloti ayonlar va nihonlar,
Mani nafas mahv etadi, soʻzni — zabonlar.
Tuzmakchi edim shoda qilib gavhari vasling,
Shart uzdi nafas torini yongan u figʻonlar.
Xok boʻldi, biroq boʻlmadi hech mahrami diydor,
Koʻz koʻzgusiga toʻldi shu boiski toʻzonlar.
Yohu deya toʻkmakchi edim oʻzni qadahga,
Lov yondi nafas, qaynadilar qalbdagi qonlar.
Sajdangni koʻrib shiddat ila toʻxtagan oʻqman,
Otgan edilar, holbuki qudratli kamonlar.
Har moʻy boʻlib til sening vasfingni oʻqir shod,
Har harfing ila xattu savod chiqqan hamonlar.
Yoʻqlik changining toshqinimiz, obi baqomas,
Suv loyqasimiz, bizni degish[17] olgani onlar.
Maydon uza ne tilni tilib yeldi qalam, ayt,
Ming yoʻrtsa-da u, noqis erur barcha bayonlar.
Uchqun kabi osmonga uchib soʻndimu bildim,
Kenglikka samo zor, fursatga — zamonlar.
Yongʻin nafasing, Bedil, uni sotsa boʻlurmi,
Hayratda qotib, taxta boʻlib qoldi doʻkonlar.
* * *
Yoniqdil gavhari yo qatra-qatra nob, shabnamlar,
Yo koʻzyoshdek jahon sirri nihon, noyob, shabnamlar.
Ki gʻaflat zulmatin ogohlik nuriga jam qilmas,
Sahar bedor yonar milt-milt, yutib zardob, shabnamlar.
Qayerga bormayin, koʻzyoshlarim menga vatan boʻldi,
Jahonni qatralardan ayladi selob, shabnamlar.
Oʻzingdan ketma dardingga boʻlib magʻrur, koʻzim yoshi,
Ki sutdek nurlarin qildi bu tun mahtob, shabnamlar.
Ajabmas koʻzyoshim boʻlsa agar jononima manzur,
Ne yangligʻ, oh, charaqlar, koʻrsa gar oftob, shabnamlar.
Tizildi minglagan koʻz gavhari ruxsori oyimga,
Qatorlashgan kabi gulbarg uza shaffof, shabnamlar.
Zulumot pardasin olgʻay sigʻib haddi, ulardan tong,
Meni dilxastani qilgʻay batar betob, shabnamlar.
Yuzi gullar visolida koʻrinmas baxt nishoni hech,
Shu bois lolalar bagʻridadir xunob, shabnamlar.
Zaiflik tavqi boʻynimda, ki yuksaklikka daxlim yoʻq,
Oyoq ostida ming yulduz kabi serob, shabnamlar.
* * *
Sensiz tashlansa bogʻga, koʻzyoshli nigoh, suvda,
Men bir oyina yangligʻ... qolgan kabi bogʻ, suvda.
Husningdan hijob aylab koʻzgu boʻlmasam boʻlmas,
Quyoshga boqib boʻlmas ul boʻlmasa, oh, suvda.
Inju-inju ter terlar bahor tongi chamanda,
Yutib barin bosh eggan gullar begunoh, suvda.
Tabassum qilganigda oʻgʻrilar koʻrdi la’ling,
La’ling — Zuhro, qoʻl yetmas, shundan jigar dogʻ, suvda.
Ey omonlik istagan, oldingdadir ming ofat,
Sohilda oʻt lovullar, kemang-chi qirogʻ — suvda.
Olamning har ashyosi bir dilga doʻnsam deydi,
Har qatra orzu aylar bir kun dur boʻlmogʻ, suvda.
Dunyodir cheksiz ummon, durrin junbushda izlar,
Bilmaski dur oʻzinda, bilmaski dur, oh, suvda.
Istarsan dahr ichinda lochin misoli parvoz,
Kech bu havasdan, gʻofil, sen boʻkkan bir zogʻ, suvda.
Sharm ahlining faryodi kelmakda qulogʻingga,
Niqoblari yirtilgan pufakdir, andogʻ, suvda.
Ruhni oʻlimdan oʻzga poklantirguvchi yoʻkdir,
Shundan yulduzlar milt-milt, shundandir saboh, suvda.
Nadomat birla terlab bormoqdadirmiz oldga,
Misli suvdek goh yerda, misli toʻlqin goh, suvda.
Gʻaflat ahli beqaror, fe’linda hech sabot yoʻq,
Misli sha’m tolesidek alangada, yogʻ, suvda.
Bedil, seni oʻylamay ishqqa gʻarq ikki dunyo,
Kim ham qaygʻurar tuzni choʻkib borar chogʻ, suvda.
* * *
Sharh etib mavj borligʻin, daryoda tugʻyon, har nafas,
Jam ruhim fosh, goʻiyo qoʻynimda rayhon, har nafas.
Chiqsa gar qanday dovon yoʻlingda, shart oʻtmak oshib,
Aylasin ertangni bu kun, mayli, payhon, har nafas.
Matlabingga yetmaganlik dardidan sen toʻkma yosh,
Toʻksang ham hattoki ter, xijlatda, ul qon, har nafas.
Ushbu borliq bir kitob, sen ayla band sherozasin,
Tongga boq, yoʻqlikni jam ayladi har on, har nafas.
Dard erur ishq, otashinda bir boʻlak iksir bor,
Sen bu oʻtda, borligʻim, boshdan-oyoq yon, har nafas.
Senga qurbon xoklar gar cheksam oh, toʻzgʻib ketar,
Bir oyoq bossam figʻon tortguvchi ming jon, har nafas.
Oʻz-oʻzingdin qilmayin vahm, jur’at et, oʻtgil kechib,
Sen oʻzingga sen oʻzingsan misli ummon, har nafas.
Gullaridan parlarimga nusxa gar olmas esam,
Ustidan uchmoqqa qoʻymas ushbu boʻston, har nafas.
Bevatan majnun erurman, boʻlmisham sahro aro,
Ohularning koʻzi ichra zoru sarson, har nafas.
Bor nazokat, bor sehr billur qadah ichra nihon,
Qoʻy, xalal berma tamosholarga, mujton, har nafas.
Doʻndirar oʻz kulfatin tolega, Bedil, ahli dard.
Surma qilgum senga dildogʻimni, jonon, har nafas.
* * *
Iki koʻz ga'haringdan kom olurman,
Iki dunyoga juft bodom olurman.
Gadodirman gʻarazsiz, shafqatingdan
Yalinmasdan tilib, in’om olurman.
Sening bazmingda uxlabman, bu ham baxt,
Oyoq qoʻy boshima, ilhom olurman.
Boʻlib majnun mashrablarga ulfat,
Urarman toshga shisha, jom olurman.
Musaffolik har qatra teringdan
Sahar shabnam kabi andom olurman.
Ayiq nafsimni bogʻlab, ovlab anqo,
Oxir men xomxayol deb nom olurman.
Sadoqat va mehr maydoni ichra
Shahid boʻldim, abad... orom olurman.
Ayonsan, hech qiyo boqmaydi olam,
Xavotir bundan har ayyom olurman.
Solib, Bedil, oʻzimni bilmaganga,
Hama vasl istasa, paygʻom olurman.
* * *
Faxr etarlar sajda aylab shundayin ostonaga
Bosh qoʻyib manglay terin chin ahli inson toʻksalar.
Yoʻqlik hamyonidan hech tushmas umr naqdi, dalil —
Yitmagay, uydan neni eltib biyobon, toʻksalar.
Chok-chok Bedilning har chokin qilib ming chok, ne tong,
Gulfurushlar subhidam xandon-xandon toʻksalar.
Haq debon dil makrin el borincha imkon toʻksalar,
Tomchidek gavhar uchun, mayliga, ummon toʻksalar.
Jilvardgar toʻrt fasl gulshan, agar bulbullari
Tinmay har chah-chahda bir-bir qatradan qon toʻksalar.
Toʻldirib tashlar tikanga intizorlik bogʻini
Yosh etib kipriklaring gar ahli hijron toʻksalar.
Lolalar qotil boʻlib tuhmatga qolmay deydilar,
Har bahorda sachratib qonimni har yon toʻksalar.
Nega ishq me’morlari ta’mir etar dil qasrini,
Oʻzlari qurgan zahot vayron-vayron toʻksalar.
Ahli ishq boʻlgʻay musaffo ishq oʻti-la, choʻgʻlarin
Gar etaklarga hayiqmasdan-ki bir on toʻksalar.
Ayb boʻlar ayb etsangiz andishasi yoʻqlarni gar
Oʻzlari obroʻsin aylab abri nayson, toʻksalar.
Sajdagohdir himmati ahli fanoning, bosh qoʻying,
Yerga tuproq aylab oʻzni, har mahal jon toʻksalar.
Shabnamin bermas tekin ushbu chamanda koʻzlarim,
Sarf boʻlar minglab nigoh, bir durri gʻalton toʻksalar.
Dard qushing uchdi vujuddan, bosh-oyoq yongʻin koʻrib
Oʻt qoʻyib misli qamishzorlarga giryon toʻksalar.
Qaltirar qoʻl tiygʻ tutishga qatl uchun, bergay madad
Qonlarimni pirpirab har bitta mujgon, toʻksalar.
Faxr etish-chun qayda loyiq bosh, qoʻyib ostoniga,
Oʻtganida terlarin gul yuzli jonon toʻksalar.
* * *
Chin kamolot ixtiyor qilmoqchiman,
Ya’ni yoʻqlik oshkor qilmoqchiman.
Koʻp chigal borliqoʻrish-arqoqlari,
Men nafas-la tor-tor qilmoqchiman.
Ham olib qancha sifr yoʻqlikdan, oh,
Bir oʻzimni, chun, hazor qilmoqchiman.
Hech kishi bermas javob, soʻrsam savol,
Togʻ aro faryodi zor qilmoqchiman.
Dard dogʻidan bahor boʻlgʻaymu deb
Lolazorga e’tibor qilmoqchiman.
Oʻtsa oʻtsin, mayliga, gul fasli, yor,
Bir qadahdan ming bahor qilmoqchiman.
Topmaguncha dilda mushtoqlik kamol,
Men visolni intizor qilmoqchiman.
Farqi yoʻq, doʻzaxmi-jannat manzilim,
Yod Sizni, gul’uzor, qilmoqchiman.
Bir gunohim afv etishga arzimas,
Arzitay deb, qayta bor qilmoqchiman.
Oʻtdi yuz qat osmondan orzu,
Unga oʻzni men duchor qilmoqchiman.
Boʻlmasa ibrat dalili davramiz,
Sha’m yoqib, sayri mozor qilmoqchiman.
Oʻz tanim tuprogʻini yoʻqyaikka xat
Bitgali men bir gʻubor qilmoqchiman.
Vasl yoʻq, chun, ikki olamdan kechib,
Endi uzlatni qaror qilmoqchiman.
Osmon bir yuztuban bechoradir,
Men ne chOra; men ne kor qilmoqchiman.
Yetdi vaqt, Bedil, oʻzimdan men qochib,
Suhbatimdan endi or qilmoqchiman.
* * *
Gʻamlarimni oh, qilib ta’sir, ravshan aylagay,
Sha’m torin tunlari taqdir, ravshan aylagay.
Tong shamolidan yonibdur bogʻ aro yuz ming charogʻ,
Har yaroni shundayin shamshir, ravshan aylagay.
Bu jahonning nazmu nasrin yoritar tong shu’lasi,
Soch qarosini oqartib piyr, ravshan aylagay.
Motam ahlin davrasi jim qaddin etgan halqadek
Sha’m chekib dod, koʻrsatib zanjir, ravshan aylagay.
Ahli ishq gʻavgʻo solib yoqqan baland gulxan bilan
Koʻzlarin oʻrmon ichinda sher, ravshan aylagay.
Misli toʻlqin yoʻqligʻimdan borligʻim bunyoddir,
Ma’nilar vayroniman, ta’mir, ravshan aylagay.
Kechgil ovning matlabindan, chun umid sahrosini
Bil, chaqin, kezsin debon, naxjir[18], ravshan aylagay.
Chaqnashing, ey uchqunim, sogʻliq-omonliq jilvasi,
Borligʻim, borliqtolib tadbir, ravshan aylagay.
Bul yaro — fonusda yoʻq, Bedil, omonliq nuri hech,
Sha’m — boshoq oʻqin etib taqrir, ravshan aylagay.
* * *
Kibr ila mardlik gʻururin yuki barham boʻlgʻusi,
Toki manmanlik ziyod, sharmu hayo kam boʻlgʻusi.
Xom sut emgan, na iloj, el ogʻziga tutmang elak,
Mulzam etmak istaganlar elni, mulzam boʻlgʻusi.
Oʻtdi ayyom, etmagay or endi xalqtaqliddan,
Sal qoʻyib bersang-chi, har tosh Iso, Maryam boʻlgʻusi.
Nish urar majnun xayol, ildiz yoyib nayrang qilar,
Tortsa bosh bugʻdoy agar jannatdan, odam boʻlgʻusi.
Sha’m yonib kuymak bilan ham ravshanu ham dogʻdir,
Dilda ham shodlik va gʻam, toʻy hamda motam boʻlgʻusi.
Izlamang ishqni quruq gap — soʻzdan hech, ogoh boʻling,
Birga tugʻyon qilsa juft dil, ikki olam boʻlgʻusi.
Teng tarozudir adolat, ey faqir, qoʻl urmagʻil,
Hurmatingga ogʻsa bir yon, ne’mati kam boʻlgʻusi.
Misli tasbih shodasiman, kechsa bir donam agar,
Boshqadonam oʻtmagining navbati ham boʻlgʻusi.
Fe’li poklar xislatin oʻzgartar, aynitmas fano,
Paxta ham kuygach, jarohatlarga marham boʻlgʻusi.
Ishq aro diydor hayosi bunchalar zalvorlidir,
Koʻzlar ochilgan zahoti, mijjalar xam boʻlgʻusi.
Koʻp gʻanimat anglabon gul vaslini tong dastidan,
Barcha shabnam dod chekib, koʻz yosh kabi nam boʻlgʻusi.
Haq-adolatdan kechib, nafs yoʻliga kirgan kishi
Behuda ichgan qasam bir kun kelib sam[19] boʻlgʻusi.
Tiymasang tilni, zamon maddohlarining madhidek,
Bir sovuq yel tarzida, Bedil, soʻzing jam boʻlgʻusi.
* * *
Ishq ahli agar tasbihu zunnor, yozurlar,
Har dilni debon dona, giriftor, yozurlar.
Haq fahmini takror qilish shart emas aslo,
Purkabki olov safhaga, yakbor, yozurlar.
Kipriklar ila tahrir etib, bizga pinakda
Maktublarini, oh, necha dildor, yozurlar.
Chok-chok bu yurak sharhini keskir u qalamlar
Bil, zor yozurlar, ki ne miqdor, yozurlar.
Bilmam, shoshilib doʻstga ne eltgusi choparlar,
Koʻzgumidi maktub, nega diydor, yozurlar!
Ming moʻ’jizadan daftar ochar umri abadlar,
Yor, sarvi qadingdan tokay raftor, yozurlar.
Zulfingdan umid maktubidir qon bu yurakka
Xatlarni tugun birlaki, gulnor, yozurlar.
Chun, ajzga panoh qancha zaif qomati birla
Xok uzra necha harfni alifvor, yozurlar.
Sahfam-ku gʻarib, unga sharaf naqshini ammo
Kim yozmadilar ham yana bisyor, yozurlar.
Peshtoqi parixonaga manglay bitigimni
Sir deb koʻchirib, buncha ulugʻvor, yozurlar.
Faryodi tinib ahdi qafas uchsa falakka
Minqorlar ila sharhi dilin zor, yozurlar.
Afv etguchi pokiza qalamlar qilibon sharm
Ne qilsam agar, oni nigunsor, yozurlar.
Dardimni bayon aylaguchi, ayt bu ne hujjat,
Qabrimga mening, deb, dili bemor, yozurlar.
Tosh ostida minnat cheksa yotgum to qiyomat,
Ustimga agar soyai devor yozurlar.
Tun misli peshonang qaro, Bedil, ki bu sirni
Bil, kun kabi ravshan deya, oshkor, yozurlar.
* * *
Oh, jilvasini aning niqob, sotar,
Bir rohatga oʻxshagan ming azob, sotar.
Koʻz-koʻzlama koʻlmak uzra pufagingni,
Kissamda dengiz bor mening, hubobsotar.
Hadiksirab titrar shabnamlar milt-milt,
Bogʻ, ularni qilib gulob, sotar.
Koʻzlarim goh gʻaflat, goh hayratdan yumuq,
Baxt toʻlasang, jahon iztirob, sotar.
Ming hunar birla toʻqigan ipaklarimni
Olib u, bir qatra sharob, obsotar.
Yonib-yonib turar gʻamsevar bu yurak,
Koʻp tashna boʻldi xaridoring, obsotar.
Jigarlar dogʻi qadrini ne yerdan bilursan,
Bor, doʻkoningdan qolma, ey kabobsotar.
Maftun boʻlib erdim bir quyoshchehraga,
Meni yer qilib ul, oftob, sotar.
Baxtiga qaro rang singidi Bedilning,
Boʻyoqfurush unga sarob, sotar.
* * *
Junun ayt, qaydasan, vayrona qayda,
Quruq choʻpman, bir otashxona, qayda.
Charaqlatding, ki, zorlarning charogʻin,
Qani, kul boʻlgʻuchi parvona, qayda.
Uyalding oʻzgadan, qoʻrqding oʻzingdan,
Oʻzingdan kech... keyin begona, qayda.
Quruq dovruq taratmish vahm — choʻpchak,
Oʻzing afsonasan, afsona, qayda.
Jahondir bir yumurtqa, magʻz—oʻzinda
Ani izlashga oʻzga xona, qayda.
Qafas koʻksimda bir qush bor, iloj ne,
Yurakdan suv tutarman, dona, qayda.
Oʻyingda manzilu, Bedil, yoʻling yoʻq.
Xayol qil, Ka’bayu butxona, qayda.
* * *
Foniy boʻlsam-da baqo, shul yerdadir,
Baxtu kulfat mutlaqo, shul yerdadir.
Oʻz dilimni tark etib ketgum qayon,
Bor umid: bor muddao, shul yerdadir.
Gʻam matoimdir, doʻkonim sajdagoh,
Ketma sargardon, ziyo, shul yerdadir.
Boʻlma gʻofil yoʻllaringning changidan,
Koʻzlarimga toʻtiyo, shul yerdadir.
Gʻuncha dilni etma tark, eng xushchiroy,
Eng muattar oshno, shul yerdadir.
Pokdil, xurram yasha borliq aro,
Garchi husni bevafo, shul yerdadir.
Yoʻq buningdek fazlu nuqson, izla ming,
Ming saodat, ming balo, shul yerdadir.
Tong yeli toʻzgʻitdi xok... sen behuda
Boʻlmagil magʻrur, havo, shul yerdadir.
Zorman, diydorga eltar korvon,
Qoʻngʻirogʻidan sado, shul yerdadir.
Ketdi doʻstlar, oʻp oyogʻi izlarin,
Assalomu alvido, shul yerdadir.
Yetgali vaslingga Bedil dod etar,
Dodiga yetgil, nido, shul yerdadir.
* * *
Koʻz yoshlarimni mijjalarim shitob, toʻkar,
Hayo dardi yuzimga mening gulob, toʻkar.
Umr oʻtkinchidir, qolmabu saboqdan bexabar,
Har lahzada bir varagʻini bu kitob, toʻkar.
Dogʻ boʻlgan dilning zorlaridan gʻam yema,
Suvlarin nafasing bu oyinaga behisob, toʻkar.
Jahon jilvalarin gʻubor bilgan bir gul
Qonimni gʻuncha kabi, kiyib niqob, toʻkar.
Chaman gulbunlari uyqu aralash boqib goʻyo,
Xayolimga nigoh — gullarini, berib azob, toʻkar.
Chaqnoq nigohu koʻzyosh ila bayon boʻldi yongan dil,
Ummon yashin hamda yomgʻirlari bilan iztirob, toʻkar.
Oʻzdan ketmak ila navbahor boʻlur oshiqdili,
Koʻrinmay, tong nurlarini oftob, toʻkar.
Omonliq mayini tama qilma falak shishasidan,
Fitna toshlarini yogʻdirar, desang serob, toʻkar.
Beqarorligʻimdan oʻz borligʻim seliman oʻzim,
Koʻz yosh ham oʻzini oʻzi ravonu purob, toʻkar.
Pufakdek yorilarsan oʻz nafasingdan oʻzing, Bedil.
Soʻz aytmaslik gunohingni sening, berib azob, toʻkar.
* * *
Oyina kabi necha tabu tobdir dilimiz,
Chun dogʻi junun shu’laniqobdir, dilimiz.
Koʻzgu kabi bir umr xayol bazmi ichinda
Hasrat koʻzida bir mija xobdir, dilimiz.
Bizmiz va nafas mavji firibgardiru botil,
Sarchashma[20] demangizki sarobdir, dilimiz.
Paymonamiz toʻlgusi oʻshal lahzaki shodmiz,
Bazmingda bir hamzarfi[21] hubobdir, dilimiz.
Otash qoʻyu betobligimizni kuzatib tur,
Kuymakdin uza oxir ne bobdir, dilimiz.
La’ling chu jon oldi, koʻngil ketdi ilikdan[22],
Ya’niki savolingga javobdir, dilimiz.
Sarshor[23] olov sogʻarining jur’akashimiz[24],
Suv olamida shabnamu sofdir, dilimiz.
Nedur bu nafas soʻngi — saranjomi nihoyat?
Bir umr tamomila hisobdir, dilimiz.
Behosil urinmak ila hasrat samaramiz,
Andoqki nafas kuydi kabobdir, dilimiz.
Daryoki hubob[25] birla necha jilva sotardi,
Vasl oinasimiz, hijobdir[26], dilimiz.
Yuz tosh oʻlib oyina — ul yuz qatra guhardir,
Afsuski hamon xonaxarobdir, dilimiz.
Afsonanigordir to nafas torida titroq,
Bedil, bu kamand domida xobdir, dilimiz.
* * *
«Ul» demagimiz ham, menu ham senga zarurdir,
Andisha qilib yurma. U bul oʻrtada yoʻqdir.
Tanhizu[27] kadar[28] oyinasi, ayt, nechuk oʻy bu?
Qay yerda butun[29] munfail[30] oʻlmishki, zuhurdir[31].
Afsonalaring tutdi haqiqatni bilishdan,
Gʻaflat va jaholat asari — otashi Turdir.
Yorlar, meni majhulning[32] taloshidan qulingiz,
Ul men ila, men — darbadar, oh, bu ne shuurdir?
Ijod chamani subhidami birla quvonmang,
Zero bu tabassum uyi hangomasi shoʻrdir.
Yorlar dami sovuqligini necha yashirdik,
Dandonniki sovuq uradir, oʻrtasi oʻrdir.
Shaxsdan necha timsol ila sen topma tasalli,
Ranj chekmasa sayqalda agar, oyina koʻrdir.
Xomush esa kim — bosh ila barg anda salomat,
Har gah agar til bol yozadir, yonida moʻrdir[33].
Koʻp kibr nechun? Necha bu tahqiqu bu taqlid?
Bul hammasi hech hosili yoʻq ishqi gʻayurdir.
Bedil, senga yoʻl topmadik hech kavnu makonda,
Oyina sarob erdiki, timsoling chuqurdir.
* * *
Qazo bosh xatiga ufqningki qaysi kun raqam urdi,
Dedim: ne manglayimga yozilibdurki, qalam urdi.
Olovdagi taqa nafasidan siz gʻofil oʻlmangiz,
Qadamiga, ki shamning bosh to bazm ichra qadam urdi.
Nigohingga sening zulf singari qattiqtegib qaytdim,
Bu bogʻ favvorasi gʻalvirga misli bir alam urdi.
Bu shodlik sozi iqbol majlisida boʻldi chilparchin,
Tanish jomni falak-da Jam boshiga chindanam urdi.
Ahli darvesh shohi boʻlgan bu xiyra bizning nigohkim,
Haqqoniy koʻz oʻngi paydosi — gardlarga hasham urdi.
Hech takalluflarga mastlar zahmatin bermagil, voiz,
Jom labi istamas demakniki, maydan qasam urdi.
Yuz shukrki, tong kabi hech qilmadik isrofchilik biz,
Garchi bizda ham nafas bor, lek oinaga kam urdi.
Jahonda bor ajib uyqu, ne hosildir lekin bundan?
Qildi shunday dil junun, to nafasniki adam urdi.
Faryod-ey, bu dilga bir topingani yoʻl topolmasmiz,
Hama koʻr eshigida, boshini dayru haram urdi.
Somonidan hubobimning boʻlibdi jiqqa hoʻl iqbol,
To koʻs shuhrat uchun yangrarki, bil, uyatda nam urdi.
Ne rohat deb damidan pirni kiprik bogʻlayin, yo Rab,
U devor goʻshasi besoyadir, qiyshaydi — xam urdi.
Nadomatdan, Bedil, mujgonlaringdan oʻqni yogʻdirgil,
Etagingdan tutay deb istaganlar qoʻlni ham urdi.
* * *
Amal nayrangi bir guli baqo boʻldi,
Bahor umidlari chin muddao boʻldi.
Emas bizga e’tibor mahrami u kas,
Oinamiz xayoli beriyo boʻldi.
Hama joyda hayrat navo yondiradir,
Oinamiz va aksi bir navo boʻldi.
Shodman, chunki mening shahid gʻariblardan
Zaxmning kulgani-ku, xunbaho boʻldi.
Oyogʻing ostiga shundoq toʻkkanim qon —
Hayratlardan oʻzi poymol xino boʻldi.
U rangni men oshkoro izlagan edim,
Gʻunchani pardadek toʻsgan hayo boʻldi.
Boʻlmadi isboti tahqiqning dilim ham,
Oina oʻz aksi bilan oshno boʻldi.
Boʻlib jilvang mahrami gar yurolmadim,
Nigohing qultumi zaifnamo boʻldi.
Faryod, bizning bismillomiz fayzi ila
Mavjdagi bor intilish noraso boʻldi.
Ashkning gul sochishida qon isi mavjud,
Xoki bu tasbihimning Karbalo boʻldi,
Bu havas sharhining har harfida bordur,
Nimaki menda yoʻq, daxli bajo boʻldi.
Dunyo murodining boshidan, ey Bedil,
Kishi topginki, degil: beaso boʻldi.
* * *
Agarki dil mahvi muddao aylar,
Maqsudimizni-chi, dil davo aylar.
Dard tama’si yetsa maqsadlikka to,
Humolikka har chivin da’vo aylar.
Zulfi asrorin uning mahv etgani
Gul tomiri domi muddao aylar.
Gar vido etgum desa hirsu havas,
Gavharin dil tuguni ado aylar.
Vahm zanjirin kuzatsa gar havas,
Hama sahroyu togʻni havo aylar.
Kasalmand ohimiz ehromi bugun
Havomiz gardini aso aylar.
Agar vosvos solar boʻlsa tugunin,
Osuda dil domlikni hatto, aylar.
Bedilimiz kamoli barq urar gar,
Oy gardishin yudduzga ato aylar.

  1. Sard —sovuq.
  2. Bekaronasi — cheksiz-chegarasiz
  3. Xalxol — raqqosa oyog‘iga taqiladigan kumush yoki oltin halqa.
  4. Yakbor — birdaniga.
  5. Jaras — qo‘ng‘iroq ovozi.
  6. Sarnigun — teskari.
  7. Bolidan — qanotidan.
  8. Simoku — Asad burjidagi yulduzning nomi.
  9. Samak — baliq.
  10. Ko‘tax — qisqa.
  11. Day — qish.
  12. Dalqi — darveshlarning jun kiyimi.
  13. Taboh — buzuq, vayron.
  14. Zo‘g‘oli — ko‘mir.
  15. Jo‘y - ariqcha.
  16. Hay’atim — kishi folini munajjimlar aytib beradigan yulduzlar turkumi.
  17. Degish — kuchli suv oqimidan daryo oʻng qirgʻogʻining mutgasil oʻpirilib turishi.
  18. Naxjir — qulon, kiyikning otga oʻxshash bir xili.
  19. Sam — zahar.
  20. Sarchashma — buloqboshi
  21. Hamzarf — idishdosh, hamtovoq
  22. Ilik— qoʻl
  23. Sarshor —limmo-lim
  24. Jur’akash — qultillatib ichuvchi
  25. Hubob — suv yuzidagi qoʻngʻiroqchalar, pufakchalar (koʻpik)
  26. Hijob —parda, toʻsiq, chimmat
  27. Tanhiz — poklik, soflik;
  28. Kadar, kudurat — xiralik, tiyralik;
  29. Butun — yashirin;
  30. Munfail — xijolat, sharmisor;
  31. Zuhur — oshkora;
  32. Majhul — e’tiborsiz;
  33. Moʻr — chumoli.