OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMixael Kryuger
Asar nomiOlti farzandim mening (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Olmon adabiyoti
Boʻlimlar
   - Falsafa
Mualliflar
   - Mixael Kryuger
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonZohir A’lam (Rus tilidan)
Hajm15KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Olti farzandim mening (hikoya)
Mixael Kryuger

Bolalarim ulgʻayarkan, bu kimga tortdi ekan, qanaqa boʻlarkin deb ularga sinchiklab tikilgan paytlarimiz koʻp boʻlgan. Shunda ularning yaqin sifatlarini tez topgan, shuningdek, mana bu fe’li qay biriga ulanarkin deb uzoq oʻylaganmiz. Bolalarimiz ana shunaqa kuzatuvlar ostida oʻsgan. Hayotimiz ham oʻtavergan. Mana shunday goh yaqin, goh yiroq boʻlib, ya’ni yashashimizga ortiqcha xalaqit qilmay oʻsishganki, bu bizdan koʻrgan mehribonchilikning oʻzimizga qaytarishlari kerak degan gap. Shubhasiz, er-xotin ikkimizga tuqqanlarimizdan irsiy bir nimarsalar oʻtgan, bizdan esa bolalarimizga-da yuqqan. Bunga qarshi fikr bildirib boʻlmaydi. Ammo bizning xotinga bu gap yoqmaydi. Ba’zi-ba’zidagi vahimaga tushuvchi kayfiyat, sir tutishga moyillik, da’vatchilikka xos koʻtarinki gaplar bularning bari, xotinimning fikricha faqat mendan oʻtgan emish, chunki uning ajdodlari bu kamchiliklardan bir necha avlod burun qutulib ketganmishlar.

Biroq, birmuncha vaqtdan beri er-xotinni tashvishga solgan oʻzgarishlar yuz bera boshladi. Bir boʻgʻinli ism qoʻyilgan oʻgʻillarim (Frits, Frans, Maks) ham, ikki boʻgʻinli nomga ega (Anka, Xanna, Ulla) qizlarim ham: «Sizlarning madaniyat degan an’anaviy tushunchalaringizni biz inkor etamiz, bundan keyingi hayotimizda undan foydalanmaymiz», deb hech ikkilanmay, ishonch bilan bayonot berdilar. Avvaliga bu oddiy maynavozchilik, ota-ona uyidagi ramziy kutubxona va royal boʻlgan mumtoz madaniyatning kuchliligiga qarshi norozilik qiligʻi sifatida tuyuldi bizlarga. Ammo keyin, hatto universitetni muvaffaqiyatli tugallagan kenjamiz Maks kitob sotuvchiga aylanib, gazetalardagi adabiyotshunoslik mavzularini inkor etib, faqat oldi-sotdi xabarlariga mukkasidan ketganda, soʻngra, kitoblarga estetik emas, sotilish raqobati va marketing nuqtai nazaridangina baho bera boshlaganda, suxandonligida kitob savdosining strategiyasi birinchi oʻringa chiqqach, biz unga qoʻl siltadik- qoʻydik.

Eng birinchi boʻlib bolalarimizdagi oʻzgarish toʻngʻich qizimiz Ankada sezila boshladi. Ilgari u raqs teatrining yuz foizli shaydosi, muxlisi edi. Raqs-teatrining premeralari qoʻyiladigan Vena, Vuppertal yoki Essen shaharlariga borib kelish uchun necha kunlab darslarini qoldirardi. Biz muxlisi boʻlgan an’anaviy drama teatrining «Hamlet»dan Xorvatning pesalarigacha qamragan repertuariga raqs teatrini qarama-qarshi qoʻyib bahs etar, jon-jahdi bilan uni himoya qilardi. Singlisi Xanka yangi sahnalashtirilgan «Torkvato Tasso»ga maqtov aytsa, Anka zaharli qah-qaha bilan mazax qilardi. Toʻgʻrisini aytish kerak, xotinim ikkimiz «Torkvato tasso»dan antrakt paytida qochib qolgandik. Bu voqeadan soʻng Ankaga hamxona boʻlib yashovchi Xanka, raqs teatri sha’niga aytilayotgan maqtovlar joniga tegib ketganini roʻkach qilib, Ullining xonasiga koʻchib oʻtishga ruxsat soʻradi. Singlisining xonani boʻshatishi esa Ankani xursand qildi. Chunki maydon kengaygandi. Endi maktabdan keliboq oʻz gavdasida raqs teatrining almoyi-aljoyi, tasqara holatlarini jonlantirishiga hech kim xalaqit qilmasdi. Uning bu mashgʻulotlari oilamizga yangidan yangi mojarolar tayyorlashi tayindek edi. Yoʻq, bir necha oy ichida qizimizning raqs teatriga qiziqishi sovidi-da, madaniyat sohasining iqtisodi va menejmenti xususida qaynay boshladi. Gaplarida raqs teatri mavzusi yoʻqolib, mabodo chiqib qolsa ham doimo oʻtgan zamon fe’lida aytilardi.

Xotinimning fikricha, qizimizning raqs teatriga butun vujudi bilan berilganlik davri oʻtgandi. Toʻgʻrisini aytsam, ilgari Ankaning gʻayrioddiy siltanishlari, polda yotib qiyshanglashi, notanish odamlar yonida turib ham vahshiyona qichqirib yuborishlaridan qutulganimga xursand boʻldim. Oʻshanaqa vaqtlarda qizimning teatr va raqs-ning bu gʻayrioddiy qorishuviga butunlay berilib ketsa-ya, deb dahshatga tushardim. Lekin hozir, batamom diqqat boʻlib, madaniy-menejment darsiga borguncha bitirishi lozim boʻlgan biznes-rejalar ustida qiynalib oʻtirishlarini koʻrib, oʻsha vahshiyona qiliqlari ham tuzuk edi shekilli, deb oʻylab ham qolaman. Nima boʻlgandayam hozir u, rosmana madaniyat menejmentiga san’at bilan bevosita aloqada boʻlish zararlidir degan gaplarni ishonch bilan aytib, raqs teatrisiz yashab yuribdi. San’atsiz yashash mumkinligi xususida Maks ham u bilan hamjihat. Ikkovi madaniy-menejment loyihalari agentligini tuzib, ikki-uch yil ichida uni agentlik aksiyadorlik jamiyatiga aylantirib, uni birjaga kirgizib, oʻzlari umrlarining qolgan qismini Oʻrta dengizning bironta orolida rohat farogʻatda oʻtkazmoqchilar. Erfurtda uch yuzta shoir. Zulsbaxda xor konkursi, Tyubingenda «Badan va madaniyat» koʻrgazmasi. Madaniyat haqida an’anaviy tasavvurlarga ega xotinimni ularning bu kabi loyihalariyu gaplari dahshatga soladi. Nega endi orol? Nimaga orollarga intilishadi?– deb soʻraydi mendan.– Kattakon qit’ada jimgina oʻtirsalar boʻlmaydimi?

Xonamizdagi dramatik teatrga boʻlgan muhabbat ham havoga uchib ketdi. Yaqinginada butun olamda Hamlet, Tasso, Richard, Lir gaplaridagi ehtiroslar, pafoslar, sahna nutqining madaniyati, axloq, xomxayol orzular, chiroq rejissurasi, aktyorlarning sahnada xudbinlik bilan oʻzlarini tiqishtirish, koʻrpani oʻzlariga tortish hollariga qarshi kurashdan boshqa narsa yoʻq edi. Uning ahvoliga qarab qizimizni aktrisa boʻlmoqchi deb xotinim sarosimaga tushgandi. Xankaning kosmetika, grim anjomlarini ishlata turib hiringlab kulishlari, Vinniga[1] oʻxshatib peshonasidagi soch tutamini silkib qoʻyishlari, ovqatlanib boʻlib talinkani surib qoʻyishlari, xullas, barcha-barchasi tez orada qizimizni sahnada koʻrib qolishimiz mumkinligidan dalolat berardi. Ehtimol yalangʻoch Dezdemona[2] boʻlib chiqar hali, deb poʻngʻillardi xotin.

Biroq, bir necha oydan soʻng Xanka uchun teatr oʻldi. Gapiga qaraganda, teatrning rivojlanish kuchlari soʻngan emish. Endi Xanka rekrutyor, ya’ni ishga kirayotgan kishilarga maslahatchilik qilarmish. Oʻlib boʻlgan san’at, ya’ni teatr bilan umrni bogʻlashning zarurati yoʻq emish. Eng muhimi oʻz rolingni yaxshi bajarib, oʻzingni yaxshi koʻrsatib, yaxshi sotish emish. Xullas, Xanka juda kelajagi ravnaqli ish beradigan «Kasblar menejmenti» bilim yurtiga oʻqish-ga kirdi. Xotinim rekrutyor nimaligini yaxshi tushunmasa-da, sal koʻngli joyiga tushdi: hech boʻlmasa yechinmasa kerak bu ishida, deb oʻyladi u.

Kenjatoyimiz Ulla oilamizda ilgaritdan mashmashali bir a’zo edi. Koʻp oʻylaydigan, indamas bir qiz boʻlib, ovqatni kam yer, kam uxlar, ammo negadir koʻp suv ichardi. Maktab uning uchun deyarli yoʻq narsa edi. Soatlab rasm chizar, ularni tomosha qilar hamda uzoq termilib oʻtirardi. Syurrealizmning almoyi-aljoyi erotikasi qiziqtirardi uni. Qizimning akvarellaridagi mavjudotlarni oyogʻi osmondan kelib ishlashganiga qaramay, xotinimga u tasvirlarda jinsiy aloqa koʻrinishlari bordek tuyulardi. Rasmlarni goh ostin, goh ustin qilib koʻrishimizga qaramay, oʻzimiz chiqargan mazmunlarga oʻzimizning ishonchsizligimiz ortib boraverardi. Qizimning «Tugʻilayotgan va la’natlangan» deb atalgan bir tasviri menga ayniqsa yoqardi. Nima chizilganligini anglamasak-da, hozirgacha oʻsha surat nazarimda juda antiqa tuyulardi. Buning nimaligi haqida soʻraganimizda qizimiz: «Koʻrib turgan narsangiz tasvirlangan» deb javob berdi. Xotinim uning javobini surbetlik deb atadi.

Ulla tarbiyasi ogʻir bola edi-yu, odamlar bilan til topishishi oson kechardi. Oʻtgan yil bahorining boshlarida uni gimnaziyadan haydashdi. Ammo may oyidayoq uni badiiy akademiyaga qabul qilishdi. Sababi, unga ustozlik qiladigan professor Karshga qizimning erotik akvarellari ma’qul tushgan ekan. «Xuddi shu ruhda davom etaver» degan maslahati noyabr oyigacha davom etdi. Sababi shundaki, professor oʻz ishlarining koʻrgazmalarini tashkil qilishdan vaqt orttirolmasdi. Dekabr oyining boshlarida Ulla professorning Regensburgda oʻtkazilayotgan koʻrgazmasini tashkil etishda yordam berish sharafiga muyassar boʻldi. Uning yordamida atay olib kelingan qizil qumni Galereyaning burchaklariga chiroyli toʻp-toʻp qilib qoʻyib chiqishdi. Bu qizil qum Peruning seysmik jihatdan xavfli yerlaridan keltirilgan edi. Regensburgga yetib kelgunicha qumoq-qumoq qotib qolgani uchun uni maydalash va elaklashga toʻgʻri keldi. Koʻrgazmaning katalogida Ullaning nomi tilga olinib, minnatdorchilik bildirilgandi. Biroq, Isoning tugʻilish bayramiga yetmay, Ulla badiiy akademiyadan ketib bir aslzoda ayolning San’at Menejerligi agentligiga ishga kirib oldi. Bu agentlik yirik-yirik firmalarga ofislarining devorlarini bezash uchun san’at asarlari sotarkan. Hozir qizimning maoshi menikidan ikki baravar oshiq. Xotinim xursand, qizim Regensburg koʻrgazmasida ishlatilgan qumni mashina ishlab chiqaruvchi yirik biznesmenga sotvorishni epladi. Biznesmen qumni oʻz majlislar zalining burchaklariga sepib, keluvchilarning uni ushlab koʻrish istaklaridan ehtiyotlab chegaralab qoʻygan. Davrimiz ishbilarmonlarining zamonaviy san’atga boʻlgan hurmatlarini koʻrib qoyil qoladi kishi. Ulla esa xuddi mana shu sohada odamlarga yordam beradi, lekin bu yordamida qoʻlini sovuq suvga urmaydi.

Xoʻsh, bu yoqda endi Frits bilan Frans qoldimi? Ikkoviyam madaniyat desa burnini jiyirib, Frits falsafa bilan, Frans esa musiqa bilan shugʻullanardi. Frits oʻzi aslida ham oilamizda daho hisoblanardi. Sinfdoshlari Mikki-Mauslarni tomosha qilib yurganda u «Ruh fenomenologiyasi»ni oʻqiyapman deb aytardi. Gim-naziyani a’lo baholar bilan bitirdi. Evaziga unga «Nemis xalqi fondi» va «Frausengof nomidagi nemis jamiyati»ning stipen-diyalari berildi. Soʻngra talabalar almashuvi shartnomasiga tushib, Garvard universitetida oʻqib keldi. Falsafa jurnallarida maqolalari, taqrizlari bosildi. Shuncha muvaffaqiyatlarga qaramay Fritsning bir ishkali borligi sezilib turardi. Buni xotinim birinchi boʻlib sezib, dalil sifatida Frits oʻzining tugallanmagan «Falsafa tarixining tugashi» nomli doktorlik dissertatsiyasi qogʻozlarining orqasini qora ishlar yozuviga ishlatilayotganini aytdi. Nihoyat bir kuni yemakxonada yigʻilib oʻtirganimizda Frits kelib, «Lingvistik burilishni»[3] qoʻldan chiqarganini e’lon qildi.

«Qanday qilib bunga yoʻl qoʻyding?» deb kuyunardi xotinim. Biroq boʻlar ish boʻlib, boʻyogʻi singandi. Yana oyning oʻn beshi qorongʻi, oʻn beshi yorugʻ degandek, Frits Internetda oʻziga shaxsiy sayt ochib olib, u orqali odamlarga hayotiy masalalarda maslahatlar bermoqda. «Hech qanaqa nazariya-pazariya yoʻq. Loʻnda aniq ish», deb qoʻydi xotinim koʻngli joyiga tushib. Bu yogʻini aytsam, Frits universitetda «Lingvistik burilish» xususida ishlayotgan professorning uchta oyligiga teng maosh oladi. U, yashashining mazmuni nimaligini yoʻqotgan odamlarga kechasiyu kunduzi maslahat berish bilan shugʻul-lanadi. Biz uni deyarli koʻrmaymiz. Kompyuter tugmalarining shiqirlab turishidan uning hali ham tirikligidan xabardor boʻlamiz, xolos. Kechalari ba’zan baqirib, hayqirib ovoz chiqaradi. Bunisiga koʻnikib ketarmiz, degan umidimiz bor.

Frans oʻgʻlimiz esa oʻzining uzun sochlari, qotma qomati, oʻtkir koʻzlari, doimo kiyadigan qora paltosi bilan hamisha koʻzimizga san’at olamining tipik vakili boʻlib koʻrinardi. Karnay va ikki fortepyano uchun yozilgan musiqa asari Barida mukofot olgan, «I – XII kompozitsiya»sining premerasi Leypsigda boʻlib oʻtgan, soʻngra esa Nyurnbergda oʻynalgandi. Dirijyorlik supasida Fransning oʻzi turgandi. «IX Kompozitsiya»sida doʻl ustida burab yurgiziladigan oʻyinchoq – oʻrdakni sakratib qoʻygani uchun uni yengil-elpi samara ketiga tushishda ayblashdi. Ammo u oʻz ijodiy topildigʻidan qaytishni istamadi. Xullas, u san’at bilan yashardi. Aytishicha, anglab yetib boʻlmas narsalarni eshittira oladigan yagona narsa – musiqa san’ati edi. Har bir nota – sukunatning sovgʻasidir. Bu kabi bayonotlari bizni hayratga solardi. Biroq, bir yarim oy burun haqiqatan ham tunushib boʻlmaydigan voqea yuz berdi. Nonushta paytida «Kimda-kim bittagina boʻlsa ham musiqa notasi yaratgan boʻlsa uni jinni deb hisoblash kerak», deb «bayonot» berdi. Xotinim yum-yum oqayotgan yoshini yutib, oʻziga kelguncha oʻgʻil yemak-xonadan chiqib ketdi. Hamma musiqa asboblarini pulladi, sochlarini kestirdi, «Armani»dan kostyum, soʻngra «roleks» soat sotib oldi. Keyin xususiy televizion kanalga musiqa tahri-riyatining rahbari boʻlib ishga kirdi. »Musiqa konserva»larini boshqaradi. Hozir men ushbu satrlarni yozarkanman, televizorda oʻgʻlimning «Jahon ovozi» degan dasturi ketayotir, unda toʻrt yashar bolakay, duxoba ayiqchasini ushlagancha «Ayo, Maryam»ni kuylamoqda. Xotinimning ogʻzi qulogʻida.

Isoning tugʻilish bayramiga Fritsdan boʻlak barchamiz yigʻilganmiz. Fritsda ayni shu kunlarda saytiga bogʻliqligi koʻpayib qolgandi. Dasturxonga tortilgan gʻozni tugatganimizdan keyin hammasi oʻzining kichkina kompyuteriga yopishib oldi. Biri elektron pochta orqali tanish-bilishlari ila xat yozisha boshladi, ikkinchisi mayda-chuyda narsalarni xarid qilishga tushib ketdi. Hayot davom etardi. Isoning tugʻilish bayrami bilan yangi yil orasida, xotinim ikkimiz oʻttiz yildan beri adabiyotdagi yangiliklar bilan quvontirib keladigan kitob klubiga bir marta kirib chiqdik, xolos. Bolalarimizning fikriga koʻra, hozir «books on demand» tizimi bilan hamkorlik qilish foydaliroq emish: kitoblarni uyga keltirib berish tekin ekan. Frans bizga kompyuter orqali musiqalarni «koʻchirib olishni» oʻrgatib qoʻygach esa, filarmoniya konsertlariga oladigan abonentlardan voz kechdik.

Teatrni umuman unutish kerak, deb tinmay uqtirardi Xanka qizimiz. Raqs teatridagi yangiliklarni bilib qoʻysak boʻlardi, degan fikrimizni aytgandik, Ankamizni kulgi jinisi tutib bosib anchagacha qoʻyvormadi. Ulla esa uyimiz devorlarini Bazelits rasmlaridan koʻchirma qilingan videoproyeksiya bilan bezatishni maslahat berdi. Yoqmasa istagan paytda oʻchirib qoʻyish mumkinligi bilan qulay ekan. Oilaviy ziyofatimizning oxiridagi shirinlik-kagina chiqqan, ozib ranglari oqarib ketgan Frits esa, oddiy madaniy ma’naviyat yetishmovchiligidan tugʻilajak ehtimoli bor tanglik kelsa maslahat uchun unga murojaat qilishimiz mumkinligini aytdi.

Xullas, bolalarimiz gʻamxoʻr, har narsani ta’minlab turishadi. Shunga qaramay, xotinim unga nimadir yetishmayotganligidan shikoyatlanib turadi. Kechqurunlari men pianino chalishga oʻtiraman, xotinim nayda joʻr boʻladi. Ikkalamiz bolalarimiz haqida uzoq-uzoq miriqib suhbatlashamiz.


  1. Vinni – aftidan gap teatr, kino, teleseriallarda koʻp rollarni oʻynagan atoqli va taniqli aktrisa Vinni Markus (1921–2001)haqida bormoqda.
  2. Berlindagi «Fraye folksbrone» teatrida janjal va bahslarga sabab boʻlgan «Otello»ning sahnalashtirilishiga (1977 y.) shama.
  3. Gap yangi falsafiy olamga asos solgan Amerika faylasufi Richard Rortining «Lingvistik burilish» asari haqida ketmoqda.