OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMixail Lakerbay
Asar nomiJigargoʻshalar (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Abxaz adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Mixail Lakerbay
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonRustam Sharipov (Ruschadan)
Hajm15KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Kitob dunyosi» gazetasidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Jigargoʻshalar (hikoya)
Mixail Lakerbay

Bu voqea sodir boʻlgan kun ertalabdan yomgʻir yogʻdi. Togʻlarni oʻrab olgan bulutlar kechga boribgina tarqaldi.

Yomgʻirdan soʻng atrof shunday tiniqlashdiki, uzoqdagi toqqa qoʻl choʻzsang, yetgudek. Havo toza va shaffof. Bunday paytda togʻdagi har bir jonzot zavqqa toʻladi, kiyiklar oʻzlarining koʻz ilgʻamas goʻshalarini tark etib, pastda yastangan vodiyga koʻz tashlash ilinjida baland-baland qoyalar tomon shoshadilar. Bundan xabardor ovchilar ham vaqtni boy bermaslikka harakat qilishadi.

Uzoq-yaqinga dongʻi ketgan ovchi ogʻa-inilar Kozim bilan Sharax koʻk yuzini soʻnggi bulut parchasi tark etmasidanoq yelkalariga miltiqlarini ilib, yoʻlga ravona boʻldilar.
— Uzoqqa ketib qolmanglar, nan[1], kech tushib qoldi! — deya qichqirib qoldi ona oʻgʻillari ortidan.

Ammo ovchi zoti qancha vaqtga ketishi va qaysi yoʻl bilan qaytishini bilar ekanmi?
— Biz sizga eng semiz kiyikni otib kelamiz, onajon, bizga omad tilab qoling! — deb javob qildi kichik oʻgʻli Sharax, muyulish ortida qorasi oʻchar ekan.
— Omad sizlarga yor boʻlsin, nan! — degan onaning soʻzlari oʻgʻillari qulogʻiga yetib bormadi. Ular ancha yiroqlab ketib qolishgan edi.

Ogʻa-inilar oʻrmon oralab oʻtgan yoʻldan Abxaz oʻlkasining eng baland va tikka togʻlaridan boʻlmish Qonachxir tomon borishardi. U yer qushga moʻl, ammo shu bilan birga xatarli joy sanalardi.

Ovchilar togʻ etagiga tez yetib kelishdi. Aylanma va ancha uzoq, ammo bexatar yoʻldan yurmay, tikka yoʻldan toqqa koʻtarila boshlashdi. Bir necha bor xatarli soʻqmoq uzilib, qoyadan-qoyaga sakrashga toʻgʻri keldi. Tez orada ovchilar inson oyogʻi tegmagan, parqu bulutlar oʻziga makon qurgan baland qoyaga yetishdi.

Vahimali qoyalar yana ham balandga viqor bilan boʻy choʻzgan, oyoq ostida esa dahshatli jarlik yastanib yotardi. Ovchilar ensizgina soʻqmoq boʻylab ehtiyotkorlik bilan oʻta boshlashdi. Oyoqlari ostidan sirpanib chiqib, jar tubiga oʻqday uchgan toshlar besas va beiz yoʻqolardi. Axiyri ular tosh koʻchish natijasida paydo boʻlgan kichik maydonchaga yetib kelishdi. Tikka qoya boʻylab oʻtgan tor soʻqmoq yoʻl bu maydonchani kiyiklarning sevimli manzilgohi — togʻ yonbagʻridagi oʻrmon bilan tutashtirib turardi.
— Toshda izlar koʻrinmaydi, — dedi Sharax oldinga qarab. — Demak, kiyiklar hali kelishmabdi.
— Sen haqsan, — dedi Kozim. — Ammo ular tez orada kelib qolishadi.
— O’rmondan chiqishsa kerak, — dedi Sharax va yana bir bor yuqoriga koʻz tashladi.

Ammo oldinda koʻm-koʻk baland togʻ archalaridan boshqa hech narsa koʻrinmasdi. Sharax boshini koʻtarganida soʻqmoq yoʻl uzra qoya izining ba’zi bir joylarida elas-elas koʻringan qirrador toshlarni, pastga qaraganida esa uzoq-uzoqda Qonachxir qoyalarining etagini yuvib oʻtayotgan Kadar daryosining oppoq bulutni eslatuvchi suvlarini koʻrdi. Ovchilar turgan maydoncha dahshatli jarlik ustida osilib turardi».

«Xuddi shu yerda Shoua Maf halok boʻlgan edi, — xayolidan oʻtkazdi Sharax. — U kiyik ortidan quvib, xuddi shu tor soʻqmoqdan jarga qulab tushgan, shu bilan nom-nishonsiz ketgandi».

Aka-uka enkayganicha jarni kuzata boshladilar.
— Jim! — hushyor tortdi Kozim.

Shamolning guvillashiyu kaltakesaklarning shitirlashi bilan birga kiyiklarning asta yurib kelayotgan tovushi eshitilganday boʻldi. Kozim qulogʻini yerga berib, bir daqiqa jim qoldi.
— Kelishyapti! — shivirladi u oʻrmon tomonga imo qilib.

Ovchilar qoyatosh ortiga bekinishdi. Bir necha daqiqa oraga ogʻir sukunat choʻkdi. Ov oldidan boʻladigan bunday bir lahzalik sukunat qaysi ovchining yuragida hayajon uygʻotmagan deysiz?! Shunday vaqtda tomirdagi qon qaynab, yurakning zarbi miyada aks-sado beradi, ovchi oʻzini ortiqcha harakatdan arang tiyadi...

Shu lahza maydonchada bir-biridan koʻrkam besh nafar kiyik paydo boʻldi. Ular oftobda tovlanayotgan jigarrang terilari bilan yelkalaridagi oq dogʻlarini osmonga koʻz-koʻz qilishayotganday edi.

Bir payt kiyiklar maydonning bir chetida gʻuj boʻlib yigʻilib olishdi.

U yerga yaqinroq boʻlgan Sharax oʻq uzib yuborishdan oʻzini arang tiydi. Chunki abxaz odatiga koʻra birinchi oʻqni yoshi katta odam otishi kerakligini u yaxshi bilardi.

Kozim oʻzining birinchi oʻqini ukasi Sharax moʻljalga olib turgan kiyikka qarab otdi. Kiyik bir sakradiyu jar yoqasidan gʻoyib boʻldi. Sharax otgan oʻq ham moʻljalga tegmadi — kiyiklar oʻzlarini oʻrmonga urishdi.

Kozim oʻzi urolmagan kiyik ortidan chopib ketdi. Bir ozdan keyin kiyiklar toʻgʻri yoʻl qolib, yovvoyi echkilar singari tikka qoyaga qarab chopishdi. Kozim ham ularning izidan yugurdi. Boshqalardan orqada qola boshlagan kiyikka yetay deganida, Sharax kunning botib, togʻlarga xos zimiston kechaning yaqinlashib kelayotganini payqab:

— Kozim, orqaga qayt, kech tushyapti! — deya ogohlantirdi.

Ammo akasi uning soʻzlariga e’tibor bermay kiyikni quvishda davom etdi.
— Qayt, Kozim! — yana qichqirdi Sharax. — Uyga qaytish vaqti boʻldi.

Yana javob boʻlmadi.

Lekin uzoqdan akasining:
— La’nati kiyik, shaytonga oʻxshab koʻzdan gʻoyib boʻldi-ya, – degan soʻzlari qulogʻiga chalindi.

Tovush uzoqdan kelar, Sharax yiroqdagi koʻlankani bazoʻr koʻrayotgan edi. Bir ozdan soʻng u ham koʻzdan gʻoyib boʻldi — koʻtarilgan tuman bir lahzada qoyalar uzra oʻzining sirli choyshabini toʻshadi.
— Shoshmay tur, Kozim! — tovushining boricha qichqirdi Sharax. — Tuman tarqashini kut. Yoʻqsa, toyib ketish hech gap emas.

U qoya uzra akasi oxirgi marta koʻringan joy tomon asta-asta yura boshladi. Tepadan mayda toshlar tushayotganini sezib toʻxtadi... Tuman tarqala boshladi chogʻi, boshlari uzra yulduzlar koʻrindi. Ammo koʻzlarining oldi hamon qorongʻu, hech narsani koʻrib boʻlmasdi.
— Kozim, hoy Kozim! Oyoq qoʻyishga joy bormi? — deb qichqirdi Sharax.
— Hech narsa koʻrmayapman... — degan javob keldi.
— Endi nima qildik?

Javob boʻlmadi.
— Qanday qilib pastga tushasan? — yana ham balandroq tovushda qichqirdi Sharax.
— Bilmadim.

Sharaxning yuragiga qoʻrquv oraladi.
— Mahkam turibsanmi? — qichqirdi u, qoʻrquv va hayajon uning tovushida yaqqol aks etardi.

Oraga yana uzoq jimlik choʻkdi. Sharax soʻzlarini shamol uchirib ketdi degan xayolga kelgan ham ediki, tepadan Kozimning tovushi keldi:
— Oyoq ostida kichik bir doʻnglik... faqat bitta oyoqni qoʻyish mumkin... ikkinchisi osilib turibdi.

Soʻzlar uzuq-yuluq holda yetib kelardi. Ularni ham bir-biridan tubsiz jar ajratib turganday.
— Qoʻllaring-chi? — soʻradi Sharax. — Mahkam ushlab turibsanmi?
— Faqat bir qoʻl bilan...

Shu zahoti Sharax akasining ogʻir nafasini his qilganday boʻldi.
— Kozim! — qichqirdi u. — Ertalabgacha turib berasanmi?
— Bilmadim... kuchim yetarmikin...
— Kuch topish kerak, aks holda...

Sharax gapini tugatish uchun oʻzida mador topmadi.
— Harakat qilaman, — dedi akasi. — Faqat qoʻshiq aytib bersang... Mening sevimli qoʻshigʻimni...

Sharax uni tushundi. Kozim hayoti qil ustida turgan bir vaqtda koʻngli oʻzining sevimli ashulasi — omadli ovchi O’zbakya haqidagi qoʻshiqni tusagan edi. Qoʻshiqda aytilishicha, kunlardan bir kun omad ovchidan yuz oʻgirdi. U otib oʻldirgan oʻn olti shoxli bugʻu qoyadan yiqila turib, O’zbakyani ham oʻzi bilan birga tubsiz jarga tortib ketadi. Ovga qiziqib ketgan ovchi yigit oʻlimni xayolga ham keltirishga ulgurmagan edi.

Bu qoʻshiq bilan Kozim oʻz ruhini koʻtarmoqchi edi. Sharax qoʻshiqni ayta boshlashi bilan akasi unga joʻr boʻldi.

Aka-ukalar qoʻshiq aytar ekanlar, Qonachxir togʻi ustidan tun qushi uchib oʻtdi. Ovchilarning tovushini eshitgan qush bir lahza toʻxtab, gʻaroyib manzaraning guvohi boʻldi: tubsiz jarlik uzra qad koʻtargan togʻning eng baland yerida ikki kishi bagʻrini qoyaga berib yotadi. Biri qoya turtib chiqqan ensizgina yolgʻizoyoq soʻqmoqda turibdi, ikkinchisi esa xuddi uning tepasida toshni mahkam ushlaganicha osilib qolgan. Kichigi xavotirli koʻzlarini tepaga tikkanicha, kattasi esa qoya toshiga betini erkalangandek bosib, ikkisi ham qoʻshiq aytish bilan band. Shamol kiyimlarini tortqilab, qoʻshiqlarini uzoq-uzoqlarga olib ketmoqda.

Sharax qoʻshiqni uzoq aytdi. Bir mahal Kozim jimib qolgan edi, Sharax qahramonlar qoʻshigʻini boshlab yubordi.

Kozim unga yana joʻr boʻldi, ammo avvalgidan ham tezroq jimib qoldi. Sharax akasidagi charchoq va orom olish istagini sezdi — bu oʻlim bilan barobar edi.
— Kozim, yana bir qoʻshiq aytmaymizmi? — akasini chalgʻitmoqchi boʻldi u, ammo javob boʻlmadi.

Sharaxning butun vujudi quloqqa aylanib, uzoq javob kutdi. Oxir-oqibatda tepadan madorsiz, koʻproq ingroqni eslatuvchi tovush keldi:
— Sharax! Sharax... Agar men halok boʻlsam, onamizni ehtiyot qil... ancha munkayib qolgan... Endi yolgʻiz sen ularga suyanchiq boʻlasan...
— Kozim, sen boʻsh kelmasliging kerak! — gapni boʻldi ukasi. — Hamma kuch va irodani toʻplab, albatta, eshityapsanmi, albatta, tonggacha chidashing kerak. Tong otishi bilan men novda kesib kelib, senga uzataman.
— Eh, qaniydi... Qoʻllarim qotib qoldi, hatto oyoqlarimni ham almashtirishga majolim yoʻq.
— Chidash kerak!.. Ana tong yulduzi ham koʻrindi! Bardam boʻl, Kozim!

Shu vaqtda tun qushi ikkinchi bor Qonachxir togʻi ustidan uchib oʻtdi. Bu oʻlim darakchisi boʻlajak mudhish fojia haqida atrofga xabar berayotgan edi. Birinchi marta uni aka-ukaning qoʻshigʻi bosib ketgandi. Endi esa uning tovushida oxirgi ogohlantirish ohanglari yaqqol sezilib turardi.

Sharaxning tungi qush haqidagi oʻylarini Kozimning tovushi boʻldi:
— Tamom, Sharax, hammasi tugadi!.. Boshqa kuchim qolmadi. Ikki barmogʻimda osilib turibman... Endi foydasi yoʻq...

Shunda Sharaxda qanday oʻzgarish yuz berganini kim bilsin deysiz. O’zganing koʻnglidagini uqish qiyin. Nima boʻlganda ham, Sharax oʻzgardi-qoldi.
— Shu gap rostmi? — qichqirdi u. — Xudoga ming qatla shukur. Demak, sen jarga qulab tushasanu suyaklaringni ham topa olishmaydi! Juda soz. Endi baxtimga erishadigan boʻldim.
— Hoy, toʻxta, bu nima deganing? Aqldan ozdingmi? Nimaga xursand boʻlasan?
— Nimaga deysanmi? Sening oʻlimingga! Endi umidim roʻyobga chiqadigan boʻldi. O’zing kuchim qolmadi deding-ku, demak, yashirishga hojat yoʻq. Sen halok boʻlsang, Habiba meniki boʻladi, ha, meniki!..
— Nima?! — qichqirib yubordi Kozim. — Nima deding? Qani qaytar-chi! Men yanglish eshitganga oʻxshayman.
— Yoʻq, hammasini toʻgʻri eshitding. Qalligʻing Habiba mening xotinim boʻladi, Sen doimo oramizda gʻov boʻlib turarding. Katta boʻlganing sababli, muhabbatimni yashirishga toʻgʻri kelardi. Mana endi umidlarim roʻyobga chiqadigan boʻldi...
— Jim boʻl! — hayqirib yubordi Kozim. — Bir kechada aqldan ozganga oʻxshaysan.

Shu tariqa aka-uka tongga qadar soʻkishib chiqishdi. Tuman tarqab, togʻdagi soʻqmoqlar koʻrina boshlagach, Kozim ukasining:
— Ushla, Kozim! — degan tovushini eshitdi.

Boshini koʻtarib, Sharaxni koʻrdi: ukasi soʻqmoq yoʻldan yuqoriga koʻtarilib, xavfsiz yerda turib, bir uchi katta toshga bogʻlangan uzun novdani akasiga uzatardi.

Kozim novdani itarib yuborib, boshqa yoʻl qidira boshladi. Ammo boshqa yoʻl yoʻq edi.
— Ushla, Kozim! — qaytardi Sharax.

Ikkinchi marta ham rad javobi boʻldi. Sharax uchinchi bor novdani uzatganidagina Kozim unga tirmashib, yuqoriga chiqib oldi.

Aka-uka yuzma-yuz kelganida Sharax akasiga shunday dedi:
— Kozim, gaplarimni toʻgʻri tushungandirsan. Madorsiz qolayotganingni koʻrib, Adzin Hojarot aytgan soʻzlar yodimga tushdi. Jahlingni chiqarish kerakligini tushundim...

Ammo Kozim ukasining gaplariga quloq solmadi — uning nazarida izzat-nafsi qattiq haqoratlangan edi.
— Insofing yoʻq ekan! — dedi u. — Jim boʻl! Gaplaringni tushunishni ham istamayman! Tushingni suvga ayt.
— Yaxshi, yaxshi, jim boʻldim, — ogʻir tin oldi Sharax.

Kozim soʻqmoq boʻylab pastga tusha boshladi. Sharax uning ortidan ergashdi. Kozim toʻxtab, oyogʻiga botayotgan mayda toshlarni olib tashlash uchun chorigʻini yechishga tutindi. Sharax oldinga oʻtib, yoʻlida davom etdi. U pastga yastanib yotgan qishlogʻini, qadrdon uyi uzra koʻtarilayotgan tutunni, hovlisidagi katta chinor daraxtini koʻrdi. Shu chinor ostida yoshlik chogʻlarida aka-uka oʻyin bilan oʻtkazgan vaqtlari koʻz oldiga keldi. Quyoshning ilk nurlari koʻzlarini qamashtirib, dilini yayratdi. Sharax qayrilib, akasiga qaradi.

Kozim uning chehrasidagi quvonchni oʻzicha yoʻyib, kechasi roʻy bergan voqeani esladi. Qahr va gʻazabdan boʻgʻilayozdi... bir daqiqada miltigʻini oʻqlab, ukasiga toʻgʻirladi... Tutun tarqalgach, Sharaxning yuragini changallaganicha jarga qulaganini koʻrdi.

«Hayot boʻhtondan iborat, — deb oʻyladi Kozim uyi tomon yoʻl olar ekan. — Habiba sevaman derdi — aldadi. Ukam bor edi, endi yoʻq. O’zim ham nobud boʻlishimga oz qoldi. Hayot deganlari shu ekan».

Uy ostonasini hatlab oʻtishga Kozimning yuragi dov bermadi.
— Kozim, nega uyga kirmay turib qolding? — dedi uni koʻrgan onasi.

Bu soʻzlardan Kozim seskanib ketdi. Ogʻir qadamlar bilan u uyga kirdi.
— Sharax qani? Birga emasmidinglar? — soʻradi ona.

Kozim boshini qoʻyi solganicha jim turib qoldi. Onaning har bir soʻzi yuragini xanjardek tilardi.
— Unga nima boʻldi? Nobud boʻldimi? Gapirsang-chi!
— U haromi koʻrnamak ekan! Men uni oʻldirdim.

Ona yuzlarini timdalab faryod chekdi. Uning ovoziga qoʻni-qoʻshnilar yigʻilishdi. Habiba ham keldi.

Kozim kechasi boʻlib oʻtgan voqeani roʻy-rost gapirib berdi.
— Sharax nima sababdan bunday deganini bilmayman-ku, — dedi Habiba, — ammo men haqimda yomon fikrda ekansan. Endi toʻyimiz boʻlmaydi!

U shunday dedi-yu, hovlidan yugurib chiqib ketdi.
— Sen oʻzing haromi koʻrnamaksan! Qotil! Yoʻqol bu yerdan! — dedi gʻazabdan boʻgʻilgan ona. Uning koʻz oldi qorongʻilashib, hushidan ayrildi.

Shunda Kozimning koʻzi tumonat ichida turgan Adzin Hojarotga tushdi. Uning esiga Sharaxning oxirgi soʻzlari kelib, «Ukam nima uchun uning nomini esladi ekan?» — deb oʻyladi.

Shu zahoti moʻysafid Adzin Hojarot odamlar orasidan ajralib chiqib, shunday dedi:
— Bechora Xanjak! Shoʻring qurib qolibdi. — Keyin hammaga yuzlanib, Sharax nazarda tutgan maqolni qaytardi: «Katta qaygʻu odamni kuchdan qoldirsa, gʻazab unga tengsiz kuch baxsh etadi».

Bu soʻzlardan Kozim seskanib ketdi. Haqiqatan u endigina tushunib yetgandi. Kozim oʻrnidan turib, hovlidan chiqib ketdi. Uni hech kim kuzatib qolmadi.

Shu ketganicha u toqqa, Sharax halok boʻlgan joyga bordi.

Shu atrofda echki boqib yurgan choʻponlar oʻq tovushini eshitib, tepadan nimadir qulaganini koʻrishdi. Yugurib kelishganida Kozim jonsiz yotar, yonidagi miltiq esa hali sovib ulgurmagandi.


  1. Nan — bolam (Abxaz ayollari oʻzidan yosh erkaklarga shunday murojaat etadilar)