OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMixail Prishvin
Asar nomiOʻrmon tomchilari (esdaliklar)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Rus adabiyoti
Boʻlimlar
   - Shoirona geografiya
Mualliflar
   - Mixail Prishvin
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Esdaliklar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonOygul Suyundiqova
Hajm116KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Oʻrmon tomchilari (esdaliklar)
Mixail Prishvin

Esimda, biz bolalikda oʻyinchoqlarimizni, sovgʻalarni, hatto soatlarni ham albatta buzib koʻrardik. Ichida nima borligini bilgimiz kelardi—da. Eski zamonlarda maktabdayoq bizni tabiat bilan xuddi shu yoʻsinda kirishishga, uni ichiga kirib borishga oʻrgatishardi. Dalaga olib chiqishardi, biz gullarni yulishga tushardik. Gulning barglari, gʻunchalari, tugunchalarini ham birma—bir erinmay yulib tashlardik, soʻngra endi bizga keraksizday otib tashlardik. Axir, oʻyinchoqlar bilan ham shunday boʻlmaganmidi—na oʻyinchoq bor, na gullar...

Biz endi tabiatni boshqacha oʻrganamiz — uni buzmasdan, hech narsani yulmasdan, toptamasdan, qanday boʻlsa, shundayligicha sevib, katta—kichik har bir tirik jon, toshlarga ham inson koʻzi bilan qarab, uni toʻldiramiz.

Men buni oʻzim oʻrgandim, har bir qadamimda yozib bordim, kuzatdim. Bu yoʻllarda qoʻlingizdagi «Oʻrmon tomchilari» nomli kitobim bitildi. Bu—mening shoir koʻzim, shoir qalamim bilan koʻrganlarim, bilganlarim, his etganlarim, anglaganlarimdir. Ularda tabiat bilan inson, butun borliq, mavjudotning uygʻunligini Sizga ham yetkazmoqchi boʻldim.

Borliq Bahori

Tabiatdagi oʻzgarishlarning har bir kunini kuzatib boruvchilar— fenologlar tili bilan aytganda, bahor bir qatim quyosh nurining tushishi, qoʻshilishi bilan boshlanadi. Xalq esa ayiq uyasida u yonidan bu yoniga agʻdarilayotganda quyoshning nurlari yoz tomonga buriladi, oʻsha damda qish ayozi charsillab tursa—da, loʻli poʻstinini sotadi, deydi.

Yanvar, fevral, martning boshi — barisi borliqqa bahorning kirib kelishidir. Osmondagi muzlarning erishi biz yashayotgan katta shahardagi baland ulkan tosh uylardan yaqqol koʻrinadi. Bu vaqtda men shaharda bitta oʻy bilan yashayman — koʻproq pul topishga kirishaman. Buning uchun doʻzax azobiga kirib ishlashga ham tayyor turaman. Atrofdagilarim bilan urushib—talashib boʻlsa ham, moʻljalimdagi pulni yigʻaman.Shundan soʻng pul ishlash mumkin boʻlmagan yerlarga chiqishga hozirlik koʻraman, oʻzimni baxtiyor sezaman.

Ha, borliqqa bahor kelishini shahardayoq sezib, koʻrib, soʻngra uni— tabiatda, borliqda suvlar,maysalar, oʻrmonlar, ehtimol , inson bahorini ham ona yer quchogʻida , tuproq hidlarini sezib koʻrishni, kutib olishni istagan odam chindan ham baxtli.

Qorli qishdan soʻng butun yer yuziga lopillab bahor kirib kelar ekan, odamlar uylaridan tashqariga, tabiat bagʻriga chiqadilar.Atrofga boqib, hayajonlanadilar, ularning har birini bitta savol qiziqtiradi— bu yil bahor qanday kelar ekan? Bahor esa hech qachon bir—birini takrorlamaydi, har biri —betakror. Bu yilgi bahor hech qachon bulturgisiga oʻxshamaydi.

Bu yil bahor bizni kuttirib qoʻydi, qorning yarqirashidan koʻz tinib ketadi, atrofda esa bitta sado yangraydi:
—Bu tezda oʻtib ketadi!

Chanalarda uzoqlarga yoʻl olishgan odamlarda xavotir bor— ishqilib, chanalarni biron—bir joyga tashlab ketishga, otlarni yetaklab, ortga qaytishga toʻgʻri kelmasin—da.

Yaxshiyamki, yangi bahor hech qachon eskisiga oʻxshamaydi.Shundandir chiroyli yashaging keladi bahorday ,bahorni hayajon bilan, ilhom bilan kutib olging keladi, uning qanotida xush kunlarni koʻrging keladi.

Bahorning Boshlanishi

Erta tongda havo harorati minus 20 gradus boʻlsa-da, kunning oʻrtasiga kelib, tomdan tomchilar tusha boshladi. Bu kun ertalabdan to tungacha billurday yaltirab gulladi, yoshardi. Qayinlar goʻyoki qor bilan naqshlanganday kechgacha goh binafsharang, goh moviy ranglarda nurlanib turdi. Osmonda oqish oyning oʻrogʻi uzoq vaqtgacha qalqib turdi, ufqda esa ranglar parchalanib-parchalanib ketdi. Borliqqa kirib kelgan bahorning birinchi kunida hammasi ajoyib edi. Biz bu kunni ovda oʻtkazdik. Kuchli ayoz boʻlishiga qaramay, quyonlar koʻp edi. Ularni nafaqat botqoqliklarda (odatda,ular qattiq sovuqlarda botqoqliklarda jon saqlashadi), balki dalalarda , butoqlarda, orol etaklarida ham uchratish mumkin edi.

Yoqut Koʻz

Achchiq ayoz jimligi. Kech tushmoqda. Yalangʻoch oʻrmonning butoqlari qorayib koʻrinadi. Oʻrmon tun ichiga butun fikru xayollarini, oʻylarini bir joyga jamlab kirmoqchiday salobatli. Butoqlar orasidan quyoshning yoqut koʻzlari — nurlari yonib oʻtardi, yarqirab—yarqirab ketayotgan bu koʻzlar odamnikidan katta emas.

Bahorgi Ayoz

Ayoz va shimol boʻroni quyoshning bor urinishlarini, kun boʻyi ter toʻkib qilgan mehnatini bir pasda chippakka chiqarishdi va hammasi ayqash—chuyqash boʻlib ketdi: hatto moviyrang gunafshalar ham billur qorga burkanib, ushlasang, sinib ketguday, quyosh ham bu holatdan uyalganidan turolmay, qoʻzgʻalolmay qolganga oʻxshardi.

Moviy Soyalar

Borliqqa ayozli va yorugʻ sukunat choʻqdi. Kechagi kungi birinchi qor yupqa muz ustida mayin upaday sepilib, yarqirab yotardi. Muzlar esa hali—veri eriy demas, aksincha, dalada ham, quyosh nurlarida ham soyadagidan koʻra yaxshiroq, tiniqroq jilvalanardi. Har bir eski shuvoq, maysa, qariqiz, oʻtpoyalar bu yarqirab turgan birinchi qorga— oynaga qaraganday qarashardi. Oʻzlarini shu koʻzguga solishardi, yanada moviy, yanada goʻzal koʻrinishardi.

Shoshilmay Kelar Bahor

Tunda ayoz turmadi. Kulrang kun, havo ham iliq emas. Bahor sekin—astalik bilan siljimoqda: hali muzlari erib bitmagan hovuzlarda baqalar boshini koʻtarishib, yarim ovozda vaq—vaqlashadi. Bu xuddi olislarda katta yoʻlda biz tomonga qarab kelayotgan aravalarning shovqiniga oʻxshab ketadi. Yer haydash davom etmoqda. Qorning soʻnggi boʻlaklari ham eriydi. Ammo hali tuproqdan issiq hovur koʻtarilganicha yoʻq. Suvlar iliqlashmadi hali. Bahor erta kelgan boʻlib koʻrinsa—da, u shoshilmay kelardi. Borliqda noqulaylik mavjudday .Qor yaqindagina yogʻdi, qish boʻyi yogʻmadi hisob.Endilikda esa vaqtidan oldin haydalgan yerlar ham bevaqt muzladi. Yongʻoq gulladi, ammo hali changlanmagan. Qushchalar qor uchqunlarini choʻqilab koʻradi, hali iliqlik sezilmaydi. Qorga burkanib olgan yaproqlar qalin, kulrang.

Kecha valdshpen mana shu barglarga tumshugʻini tiqib, undan urugʻliklarni olmoqchi boʻldi; shu payt biz kelib qoldik. U uchmoqqa chogʻlandi, ammo tumshugʻidagi bargga oʻralgan eski ari uyasidagi mayda meva urugʻlarini esa tashlab yuborishni istamadi. Men uni urib tushirdim, uning tumshugʻida esa oʻntacha eski ari uyasidagi barg parchalari osilib turardi.

Mart Oxiridagi Yoʻl

Kunduz kunlari bahor yoʻllarida yemak istab barcha bahor qushlari uchib oʻtadilar; tunda esa qulogʻiga qadar qotib qolmaslik uchun shu yoʻldan hayvonlar ham oʻtishadi. Bu kulrang va mallarang yoʻllarda muzlarda toyib, agʻanab ketmay deb chanalarda yuk ortib odamlar ham oʻtishadi.

Bu yoʻl asta—sekin bahor irmoqlari toʻlib borayotgan toʻgʻonga aylanib boradi. Odamlar yoniga bolalarini olib, chanalarda oʻtib ketishdi, xuddi shu payt irmoqlar birlashdi — yoʻlning bir tomoniga butun boshli koʻl oqib ketganday boʻldi. Suv toʻgʻonni bor kuchi bilan bosib kela boshladi, suvning oqimi kuchaydi — toʻgʻon bardosh berolmay, parchalanib ketdi va shovqinli oqim chanada ketayotganlarning yoʻlini kesib oʻtdi.

Bahor Irmoqlari

Suvning tortilib—tortilib oqayotganini tingladim. Jilvagar oʻtloqdan suv ovozsiz oqmoqda.Ahyon—ahyonda oqayotgan suvning koʻrinmas toʻlqinlari bir—biri bilan toʻqnashib, chayqalib ketadi. Men suvning oqishini tinglay turib, kelayotgan chayqalishini kuzatarkanman, oʻylayman—nega bunday? Osmondagi , balanddagi qorlardanmi bu, shu qorlarning ostidagi irmoqlardanmi bu... Agʻdarilib—agʻdarilib tushaveradi suvlar, bu hodisa irmoqlar hayotidagi oqimlarning toʻqnashuviga olib keladi. Nimalar boʻlmaydi deysiz bu hayotda! Agar hayotimizga bittagina boʻlsa ham bahor irmogʻini kiritsak, biz uni mukammal deb qarasak, shu mukammallikda hayotni anglashni urinsak, unda hayotni boricha borliq bilan birgalikda, avvalo,ruhimizdan,yuragimizdan oʻtkazib koʻrishimiz lozim.

Birinchi Jilgʻalar

Men yengilgina, qushlar qanotidan uchgan tovushlarni eshitdim va itimga qaradim—koʻrib, bilib kel-chi, chindan ham valdshpenlar uchib ketishdi-mikan? Ammo Kenta xotirjamlik bilan chopib borardi. Men yana suvning oqishini kuzatish zavqiga oshno boʻlish istagida orqaga qaytdim, qaytayotib, yoʻl—yoʻlakay yana oʻsha — qushlar qanotidan uchgan tovushlarni eshitdim, yana va yana...

Nihoyat, men bu tovushlarning toʻxtab—toʻxtab qolish sirini angladim. Yana tovushni eshitdim. Bu tovush borgan sari kuchaydi, tinmadi, shunda tushundimki, qaerdadir qorlar ostida eng kichik jilgʻalar shunday kuylashadi. Bu menga shunday yoqib tushdiki, men erinmay boshqa irmoqlarga ham quloq tutdim, hayratlandim — ular bir—biriga oʻxshamas tovushlarda kuylashardi.

May Izgʻirini

Tunda kuchli izgʻirin boʻlishi kutilmoqda. Oy koʻringan vaqtda men emanzorli oʻtloqqa keldim—bu yerda mayda, kichik—kichik qushchalar va birinchi boʻlib ochiladigan gullar koʻp. Bu ajib goʻshaga shuning uchun ham mitti qushlar va binafsha gullar mamlakati deb nom qoʻydim.

Tez orada gʻarb tomonni ham tong egallay boshladi, sharq tomon yorishdi. Tonggi shafaq enib kelar, ufqning koʻzga ilgʻanmas chiziqlari oʻziga ohangraboday tortardi. Ketayotgan tun jozibali edi. Men qadamimni tezlatdim, shu qadar qizib ketdimki, kuchli ayoz maysalar va bahorning birinchi gullarini muzlatib qoʻyganini sezmay qolibman. Tongga yaqin soatlarda esa ayoz yanada kuchlandi. Men bir dona binafsha gulni qoʻlimga olib, kaftlarimda isitmoqchi boʻldim.Ammo sovuqda muzlab, qotib qolgan gul qoʻllarimda sinib ketdi.

* * *

Limonzor, Tillarang kapalak buta barglarining ustida qanotlarini yigʻib oʻtiribdi. Endi u quyosh isitmaguncha qimirlamaydi, uchmaydi, uchib ketolmaydi. Unga tegay—tegay deb turgan barmoqlarimdan ham himoyalanishni, oʻzini saqlab qolishni istamaydi.

* * *

Qachonlardir qaerdadir oʻtloqda quyosh nurlarida eriyotgan muzni koʻrganmisiz? Kechagina juda boy edi bu irmoq: shundoqqini oʻtloqdan koʻrinib turardi. Tun iliq, u tonggacha irmoqdagi bor suvni katta suvga qoʻshishga ulguribdi. Qolib ketgan suvlarni tongga yaqin ayoz ushlab qoldi. Ulardan yaltiroq oynalar yasadi. Koʻp oʻtmay chiqib kelgan quyoshning oltin nurlari bu muz oynalarni parchalab tashladi, parchalaganda ham har birini erinmay parchaladi.

Kechikkan Irmoqlar

Oʻrmonda mayin havo. Maysalar yashillanmoqda, kulrang butoqlar yarqirab turibdi.Na sokin soʻqmoqlar! Na dilbar sukunat, oʻychanlik! Kakku birinchi may kunini boshlab berishga jazm ayladi. Teterovkalar ham kechki shafaq oldidan oʻz tillarida nimalardir deb gʻuldirashadi.Bahor irmoqlari har qancha yugurib, yelishmasin, baribir kechikib kelishdi. Endi ular yashil maysalar boʻylab oqishmoqda. Irmoqqa qayinlarning sindirilgan butoqlaridan oqayotgan sharbatlari tomchilaydi.

Suvlar Bahori

Qor hali qalin, qattiq, ammo dona—dona boʻlib turganidan yumshoq tuyuladi. Hatto quyonlar ham bemalol agʻanab, yergacha kirib boradilar, qorinlari, qoʻl—oyoqlari bilan qorni yuqoriga titib olib chiqadilar. Mazza!

Uzoq yoʻl bosib kelgan qushlar yemak istab, dalalarning qorayib—qorayib koʻringan ochiq joylariga uchib borib qoʻnadilar. Qayinlar yomgʻir ostida shodlikdan yigʻlayotganga oʻxshashadi — pastga enib tushadi tiniq tomchilar. Soʻngra bu tomchilar qorga singib ketadi va qor yanada qattiqlashib boraveradi.

Yoʻldagi soʻnggi muzlar charsillaydi, billurday tovlanadi — ular bosh suyaklariga oʻxshab yotibdi. Muzli koʻlmak ham yuvilib ketdi. Mana shu koʻlmakdan narigi tomonga sakrab oʻtgan quyonning izlari aniq—tiniq koʻzga tashlanadi.

Jilgʻalar Va Soʻqmoq

Qaragʻayzor yoqalab oʻtgan soʻqmoqda qorlar, muzlar erimoqda. Shovullab irmoq oqmoqda. Olislarda oftobning issiq nurida oʻrmon etagidagi irmoqlar va soʻqmoqlar yuguradi. Irmoq orqasida — shimoliy qiyalikda ninabargli daraxtlar orasida esa Sibir taygasining qoʻl urilmagan, iz bosilmagan, buzilmagan qorlari yarqiraydi.

Tiniq Tomchi

Quyosh va shamol. Bahorgi yorugʻlik. Chittaklar va klestlar oshiqona ohangda kuylashadi. Changʻilarda qolgan muz qobigʻi oyna kabi yaltirab, jaranglab uchib ketadi. Oʻrmon etagida qorayib koʻringan yosh, mayda qayinlar quyosh nurida binafsha rangda jilolanadi. Temir tomlarda togʻ muzliklariga oʻxshab koʻringan qotib qolgan qorlar quyosh nurida yaltirar, bu nurlar tagidan haqiqiy muzliklardagiday suvlar daryosi oqib oʻtar, oqibatda muzlik ortga tislanardi. Muzlik va tom chetidagi tobora qizib kelayotgan temir tasma yanada kengayib, qorayib borardi. Ayozda yarqirab turgan sumalakka tomdan tomchilar oqib tushadi. Bu suv tomchilari sumalakka urilib, yaxlab qoladi. Sumalak tonggacha yaxlab qolgan tomchilar sharofati bilan toʻlishib boradi.

Quyosh chiqdi. Tomdan oshib tushgan quyosh nurlari sumalakka yetgach, ayoz chekindi. Muz eriy boshladi, eriyotgan sumalakdan esa oltin tomchilar yarqirab yerga tusha boshladi. Kuzatsangiz, butun boshli shaharning har bir tomidan oqib tushayotgan oltin tomchilarni koʻrasiz.

Hali shom pardasi borliqni butunlay qamrab olmasidanoq, muzlash, ayoz achchigʻi sezila boshladi. Tom ustidagi sumalakdagi muzlar sezilarli darajada erigan boʻlsa—da, ayoz eriyotgan tomchilarni sumalakka yetar—etmas, yoki oqib tushishiga qoʻymay, yarim yoʻlda, sumalakning uch—uchlarida muzlatib qoʻymoqda edi.Sumalakning boʻyi kechgacha ancha oʻsdi. Yangi kunda esa quyosh chiqadi, yana muzlar eriydi. Sumalak ertalablari eniga, kechga borib esa boʻyiga oʻsib, toʻlishib, goʻzallashib koʻrinadi.

Quyuq Iliq Yomgʻir

Derazam oldida argʻuvon daraxti yashillanmoqda. Uning kattta-katta kurtaklarida shu kurtaklarday katta—katta tiniq tomchilar tovlanadi. Bir kurtakdan ikkinchi kurtakka urilib—urilib ketayotgan tomchilar, yerga tushadi. Daraxtning ulkan butogʻi poʻstlogʻidan balandda daryo oʻzanidan toshib ketganday butun boshli suv koʻzga koʻrinar—koʻrinmas boʻlib qalqib turibdi. Har qalqiganda mayda—mayda tomchilarga boʻlinib, novdalarga tushadi, yerga toʻkilayotgan tomchilar oʻrnini egallaydi. Goʻyo butun boshli daraxt tomchilar qurshovida — butun boshli daraxt tomchilayapti.

Bir yarim kun, bir yarim kunduz tinimsiz yomgʻir yogʻdi. Koʻchalarda loygarchilik boshlandi.Men shu yoʻllarni suratga oldim. Yoʻl boshida yarqirab turgan tomchilarni suratga tushirdim: tomchilar gullayotganday koʻrindi. Men ularda osmonni koʻrdim. Yerga tushayotgan tomchilarni esa qalin oʻrmon fonida oldim, shunday qorongʻulikda ham tomchilar jilolanib koʻrinardi.Bu —bahorgi quyuq iliq yomgʻirning mitti moʻ‘jizalari.

Suvlar Qoʻshigʻi

Suvlar bahori bir—biriga qon—qarindosh tovushlarni bir joyga yigʻadi, ba’zan bularning barini birdaniga ilgʻab ololmaysan— bu nima? Suv biqirlayaptimi, yoki baqalar vaq—vaqlashayaptimi... Hammasi suvlar qoʻshigʻiga qoʻshilib ketadi. Bu qoʻshiqqa hamohang bekas oqarib koʻrinadi, sollanadi. Shu qoʻshiq ohangiga valdshpen xirgoyisi ham qoʻshiladi, sirli ravishda koʻlbaqa qushlari avjga chiqadi. Qushlarning bunday gʻaroyib kuylashi, avvalo, suvlar qoʻshigʻidan tugʻiladi, chamamda.

Tosh Asri Arfasi

Jarlik tubidagi daraxtlrning osilib turgn boʻlak - boʻlak uzun ildizlari, tomirlari qirgʻoqning quyuq gumbazlri ostida sumalaklarga oʻxshab koʻrinadi, tobora oʻsib, suvlikni qamrab olishadi. Shamol esadi, bahorgi mayin shamollar suvni toʻlqinlantiradi. Mayda - mayda toʻlqinlar jarlik tubidagi sumalakning soʻnggi uchigacha yetib boradi. Sumalaklar esa tebranishadi, bir-biriga xabar berayotgandek bir - biriga urilib, jaranglab ketishadi. Bu jarang bahorning ilk jaranggi - tosh asri arfasining ohanglaridir.

Birinchi Gul

Sargashta shabada eski barglarni yengilgina silkib oʻtdimi desam, birinchi kapalak uchib ketgan ekan. Koʻzim oldi nega mavjlanadi desam, bu boychechak— birinchi gulning qulf urib ochilishi ekan.

Suvlar Qoʻshigʻining Boshlanishi

Men shahardan unchalik uzoqlab ketganim yoʻq edi: hammasi eshitilib turibdi. Elektrovozlarning ovozi, turli - tuman taqir - tuqurlar, ammo muhimi bu emas. Chunki oʻrmonning oʻziga xos sukunati bor. Bu sukunat juda harakatchan, butun diqqat-e’tiborimni oʻzini qilib olgan. Shahar shovqinini menga umuman eshittirmaydi.

Men ketib borardim. Yomgʻir yonginamda boʻlsa-da, uni sezmasdim. Men birinchi marta yomgʻirni yosh qayinning oldiga kelganimda ilgʻadim. U samoviy ranglar bilan birinchi bor uchrashayotgandek qizarinib borar, rangsiz katta - katta tomchilar qayin butoqlarida osilib turar, bu butoqlarning kattaligi sambittollarnikiday koʻrinardi.

Qora koʻprikkacha yurib bordim. U yerda irmoqlar hali qalin qor uyumlari ostida jimirlayotganini koʻrdim. Faqat qaerlardadir suvga toʻlgan chuqurliklar koʻzga tashlanib qolardi. Men bugun bahor suvlarining birinchi qoʻshiqlarini tingladim.

Yoʻl

Muzli, zahmatli, otlar tuyogʻi va chanalar izlaridan toʻliqqan, yangilanib borayotgan yoʻl tiniq suvlar dengizi tomon shoshadi. Dengiz tomondan qarasangiz, bahor bulutlari tiniqlashib, yoʻl tobora yangi, tobora goʻzal koʻrinadi.

Tomchilar Nuri

Tunda oʻrmondan qaytish qiyin kechdi. Ammo hech qanday charchoqlik koʻtarinki ruhimni — ichimdagi tuygʻularni sindirolmadi. Negaki, men bugun gullar boʻyi va qushlar qoʻshigʻi qanotida shiddat bilan kirib kelayotgan qaynoq qonli bahorni koʻrdim.

Hali yashillanib ulgurmagan oʻrmonda yosh, ertagi majnuntollar billur qandillar singari gul xayollarga oʻranib tebranadi. Novdalarda esa zamburugʻlar, navroʻzgullar, anemonlar, boʻri poʻstlogʻi, kurtaklar nurlanadi, tomchilar tovlanib turibdi.

Shom

Kunning oʻrtasi. Issiq shamoldan hammayoq iliqlashdi. Kechga borib, kunning yelkasida bahorning yangi davri boshlandi. Ertagi tollar gulladi, sayroqi drozd - oʻrmon qushi bor ovozi bilan kuylab yubordi. Qurbaqalar shovqinidan hovuzning yuzasi toʻlqinlandi. Shom havosi turli-tuman ovozlar bilan toʻlib toshdi. Kech tushib kelishi bilan uzunburunchalar - sichqonsifat hashorathoʻrlar yerga kirib ketishdi. Osina daraxtining barglaridagi tabiiylik shu qadar jozibali ediki, xuddi suvga tushib ketgan baliqdek uzatsak, qoʻlimiz yetmasdi.

Muz Oyna

Yana quyoshli izgʻirin bilan keldi chehrasi ochiq kun. Yoʻllarda irmoqlar oʻz izlariga tushib olishdi. Qor bosib yotgan oʻrmonlarning qorli uyumlarida qizgʻin palla.Oʻrmon yalangliklaridagi qor uyumlariga kirib, kechib, sevimli irmogʻim oqib oʻtadigan joygacha bordim. Men qayinnning shundoq yonginasida tobora ochilib borayotgan suvlikni koʻrdim. Uni suratga oldim. U bahorning boshlanayotgan qoʻshigʻi singari edi.

Tunda sovuq shunchalik kuchli boʻldiki, muz hech qaerda sinmadi, yorilmadi. Ammo toyinib ketsang bormi, uning zarbini hech qachon unutolmaysan. Hozir ertalablari muzlarning ustidan yurib, oʻrmonning ichkarisigacha borsa boʻladi. Kunning yarmiga kelib esa oʻrmonda qolib ketishingga toʻgʻri keladi. Chunki eriyotgan muzlar ichidan kechib ham chiqib ketishing mushkul. Xullas, tungi sovuqdan muzlarning yana qotishini kutishingga toʻgʻri keladi.

Bahorgi Yigʻim – Terim

Bir necha kun, bir necha haftalar oʻtib, oʻrmonda aql bovar qilmas darajada koʻplar yumushlar boshlanib ketadi.Tabiat gullar, maysalar, hashoratlar, yangi nozik novdalar bilan oʻrmon yuzasini berkitadi. Buni kuzatishning oʻzi zavqli Tabiat yilida ikki marta gʻamhoʻr onaday oʻrmondagi Sargʻaygan, qurib, qotib qolgan suyaklarini yigʻib oladi. Birinchi marta -bahorda. Tabiat uni hali koʻzimiz tushib ulgurmagan gullar, oʻt-oʻlanlar bilan oʻraydi.chor-atrofni, Ikkinchi marta -kuzda qorlar bilan qoplaydi.

Tez orada yongʻoqlar va zirk daraxtlar - olxalar gullaydi. Ularning oltin baldoqlari hozirdanoq qushlarning nafasi, qanotlari tegib-tegmas potrab ketmoqchiday. Ammo hozir gap bunda ham emas. Ayni paytda bizni yam - yashil yulduzchali gullarning goʻzalligi hayratlantiradi bizni. Ahyon - ahyonda boʻri poʻstloqlari koʻzga tashlanib qoladi, havasingizni keltiradi.

Oʻrmon yoʻllarida muzlar eridi. Faqat chirigan goʻnglar qoldi, xolos. Shu goʻnglar ustiga joyini topganday archa va qaragʻay yongʻoqlarida qolib ketgan koʻplab Urugʻ donachalari uchib tusha boshlashdi.

Yongʻoq Dudlari

Barometr pastlab bormoqda. Xushboʻy iliq yomgʻir ortidan sovuq shamol ham sezinadi. Nima boʻlganda ham bahor qadamlari siljimoqda. Koʻlmaklar, irmoqlar yoqasi yashillandi. Bu yashillik qirgʻoq qiyaliklari, yoʻl chetlariga koʻchdi. Kechga borib, yer yuzini butkul yashillik qoplaganday. Haydalayotgan dalalardagi qatorlar toʻlqinlanib turibdi - naqadar goʻzal! - qop - qora tuproq bilan yashil rang qorishib ketgan. Bugun shumurt - oq gulli xushboʻy daraxt kurtaklari yashil libosga burkanishdi. Yongʻoq daraxtining baldoqlari poʻstini yorib, chiqishmoqdi. Har bir yorilishda dud hosil boʻlib, bu dudlar qushchalar kabi toʻrt tomonga uchib ketishdi.

Sevinch Yoshlari

Tunda Teribrovaga ketdik. Karqushlar makoniga tungi soat birlarda yetib bordik. Oʻrmonda toʻxtamay yoqqan yomgʻir ostida ertalabgi soat sakkizgacha yoʻl bosdik. Biron - bir qushning ovozi eshitilmadi. Qaytayotganda osina daraxtida boʻrtib turgan toʻliq kurtaklarni koʻrdim. Ular avvalgi tunda koʻrganim kabi izgʻirinda ham shunday xushboʻy taratib turardiki!... Yomgʻir esa ertalabgacha yogʻdi.

Kulrang tong turdi.Oʻrmonni yuvgan sevinch yoshlarimi, gʻam yoshlarimi edi- bilolmadik. Ammo devorlar ortidan ham qushlar ovozi eshitildi. Angladikki, deraza ortidagi qayin daraxtlarida gʻam koʻz yoshlari emas, sevinch tovlanib turardi.

Tirik Tunlar

Uch - toʻrt kun avval bahor qadamlarida ulkan va soʻnggi koʻtarilish roʻy berdi. Havo iliqlashdi, yomgʻirlar ham. Teraklar, qayinlar va gullayotgan qayinlarning yosh, chayir barglarining hidlari bilan toʻlib-toshdi oʻrmon quchogʻi. Chinakamiga haqiqiy tirik tunlar davri boshlandi. Bunday tunlarning baland qoyasidan turib, ortga qarash zavqlantirdi kishini. Shunda xayolingdagi noxush kunlar kunlar xotirasi oʻchadi, oʻylaringda ajoyib tunlar dunyoga keladi.

Quyon Poʻstini

Endi qor noyob narsaday koʻzga tashlanadi. Bahor yoʻllarida oppoq, tullangan, uzuq-yuluq quyon poʻstini qop-qora yerga toʻshalib yotibdi.. Bu qishda quyonlar serob boʻldi. Ularni hamma yerda osina daraxtlarining kulrang barglarida ham oq quyon poʻstinining parchalarini koʻrish mumkin edi. Yashil tusga kirib borayotgan maysalar buralib - buralib , osina daraxtzorlari, uzun Sargʻish salomalaykum va oqburunlarning supurgilarini oralab, yugurib kelmoqda edi. Mana shu birinchi boʻlib ochilgan yashil yoʻllarda rangi-roʻyi oʻchgan, ammo hali ham oppoq, parchalanib ketgan quyon poʻstinlari koʻrinib qolardi.

Bahorning Siljishi

Ninabarglilardan soʻng osina daraxtlari urugʻlashdi. Yalangliklar, oʻtloqlar ularning kapalak qurtlari bilan toʻlib - toshgan. Maysalar bulturgi poxol va gʻaramlardan qanday qilib chiqib kelayotganini , yam - yashil gilamlar qanday toʻqilayotganini kuzataman. Oʻrmonda turli hashoratlar va qushlarning ovozi balandlab borayotganini ilgʻayman.

Qayinlar Gullamoqda

Keksa qayinlar gullashsa, ularning oltin baldoqlari yuqorida nish urib, ochilgan kichkina barglar ichiga yashirinishsa, pastdagi manzara butunlay boshqacha - yomgʻir tomchilari kattaligidagi yosh, navqiron , tiniq barglarga koʻzingiz tushadi. Ammo oʻrmon haliyam kulrang yoki toʻq mallarangda. Yoʻllaringizdan chiqib qolgan shumurt daraxtlari sizni hayratga solishadi. Ularning katta-katta kulrang barglari juda toza va begʻubor! Shumurt daraxtlari shonaladi. Kakku toʻlib kuylaydi. Bulbullar sayrashga chogʻlanadi. Hatto «Shayton qaynona»day yovvoyi gul ham ajoyib koʻrinishda - chunki u hali tikonlarini koʻtarganicha yoʻq. Yerda katta yulduzga oʻxshab yoyilib yotibdi. Oʻrmon tubidan loyqa qora suvlar potrab chiqadi va shu ondayoq suv ustida zaharli yovvoyi sargʻish gullar ochilib ketadi...

Bahorgi Burilish

Kunduz. Osmonning bir chetida «mushuk dumi» koʻrinsa, ikkinchi burchida ulkan, son-sanoqsiz bulutlar suzmoqda. Oldindan nima boʻlishi noma’lum - kelayotgan tsiklonmi, antitsiklon?

Kechga borib barisi oydinlashdi. Aynan shu oqshomda hali butunlay kiyinib olmagan bahor yashillanib borayotgan bahorga aylandi, ya’ni uzoq kutilgan burilish koʻz oʻngimizda roʻy berdi.

Biz yovvoyi oʻrmonni koʻrish, tekshirish maqsadida ichkariladik. Archalar va qayinlar orasida, doʻngliklarda yotgan qamishlar, qoʻgʻalarning qoldiq-larini koʻrdik. Ular bizga nimalar quyosh nurlariga chidamli ekanligini koʻrsatdi. Oʻrmonda oʻtib boʻlmas xilvat goʻshalar yoz va kuzda koʻproq koʻzga tashlanadi. Ammo bu xilvat goʻshalar nimasi bilandir dilga yaqin, yoqimli tuyuladi.Oʻrmon iliqlashib borar, butun borliqda bahor nafasi seziladi. Birdan suv yuzasi yarqirab ketdi. Quvonib ketdik.Qirgʻoqqa yoʻl oldik.Oʻzimizni butunlay boshqa mamlakat, boshqa iqlimga tushib qolganday his etdik.

Bu yerda hayot qaynar, botqoqlik qushlari avj bilan charx urar, bekas, dupel singari oʻrmon qushlari daraxt tanalarini doʻqillatib, goʻyo hozir Bukur ot yelib kelayotganini bildirmoqqa urinishar, teterevkalar ham ularga joʻrovoz boʻlishar, hammayoqni turnalarning «qur-qur»lari bosib ketgan. Bu manzara bizga naqadar qadrdon va sevimli! Qushlar shundoq roʻparamizda oqayotgan tiniq suv boʻyiga tizilib olishdi.Na hushtak, na motorning gʻuvillashi, hatto inson tovushi eshitilmasdi.

Xuddi shu daqiqada burilish roʻy berdi,hamma-hamma narsaning oʻsish va ochilish pallasi boshlandi.

Birinchi Yashil Gʻuluv

Kechga borib gʻarb tomonni quyoshning tiniq nurlari yorishtirib yubordi. Boshqa tomondan esa qora bulutlar bostirib kelar, tobora kuchlanib, bugʻlanib borardi. Bulutlar koʻchib ketarmikan yoxud chaqmoqli tunga aylanarmikan - buni anglash qiyin edi. Bugʻlanish chogʻida xuddi arslonning koʻm-koʻk boʻgʻizlariday koʻplab shakllar gullab chiqadi. Oʻrmonda quyon karamlari va xushboʻy noʻxatlar qulf urib ochilgan. Smolaning xushboʻy hidi singib ketgan qayin barglari shom nurlarida yanada yarqirab koʻrinadi. Hammayoqda oq gulli daraxtning hidi anqiydi. Choʻponlar va turnalarning ovozi toʻrt tarafni bosib ketganday. Lyosh va karas baliqlari qirgʻoqqa yaqinlashadi...

Biz tomondan koʻrinib turgan yolqinga boqib, oʻyladik: «Bu yongʻin bizda emasmikan?» Ammo bu yongʻin emas edi, hayotda koʻrib turgan narsangni nima ekanligini tushunmaganingda, oʻzingdan qayta-qayta soʻraganing kabi biz ham bir-birimizdan soʻrardik: « Agar bu yongʻin boʻlmasa, unda nima?» Nihoyat oʻsha yalligʻlanib turgan aylana aniq-tiniq koʻrinish oldi. Bildikki, bu - qizil oy ekan. Uning shu’lasi koʻl ortida uzoq yarqirab turdi. Yengil shabadadan barglari shovullab turgan oʻrmonda birinchi marta yashil gʻuluv eshitildi.

Birinchi Ku–Kulash

Ochiq koʻl. Uning yonida turib,koʻnglimdan faqat bir oʻy oʻtadi - suv yoqalab, oʻrmonga kirish. Oʻrmon ichidagi Usole qishlogʻida qayiq ustalari yashashadi. Ularning oldiga borishim kerak.

Koʻlning oʻng tomonida baland qaragʻayzor shovullaydi, chap tomonda yovvoyi botqoqli oʻrmon yoyilib ketgan. Atrofni katta-katta botqoqlik kengliklari qamrab olgan. Qaragʻayzor. Quyosh nurining yuqlari oʻrnashib qolgan brusnikalar- mayda mevali buta oʻsimliklari boʻylab ketarkanman, koʻzimga harakatlanayotgan allaqanday soyalar chalinadi. Boshimni baland koʻtarib qarasam, ular - u qaragʻaydan bu qaragʻayga ovoz chiqarmay uchayotgan kalxatlar ekan.
— Ertalabki sovuq havo kechga borib oʻtib ketdi.- dedi bizga oʻrmonchi.
— Ha,tong, -dedim.- anchagina salqin edi.

-Tonglanoq qushlar qanday gumburlatib kuylaganini koʻrsangiz edi!

Xuddi shu damda qichqiriq yangradi, Shunda biz yiqilib tushgan qayinning ustiga oʻtirib dam oldik. Qarshimdagi ulkan shumurt daraxtiga qaradim. Ku-kulashni zoʻrgʻa ilgʻab oldik. Bu ovoz gumburlab qaragʻayzor boʻylab, suzib ketdi. Sayroqi qizilishtonlar, kichik-kichik qushlar ham sayrab, yayrab ketishdi - gumburlashtishdi. Butun qaragʻayzor gumburladi. Ammo hech kimning koʻzi tushmas baland-balandlarda u shoxdan bu shoxga uchib qoʻnayotgan vahshiy qushlar -kalxatlar qanotlarining soyalari hamon butoqlarga,maysa yuzlariga kelib urilardi.

Shumurt Daraxti

(oq gulli xushboʻy daraxt)

Yiqilib tushgan qayin daraxtining ustiga chiqib, dam oldim. Qarshimda - ulkan shumurt daraxti. Uni hayratlanib qarayman, xayolga choʻmaman. Shumurt - oq xushboʻy gulli daraxt koʻz oʻngimda yam-yashil gʻuluvdan tugʻilganday shaffof libosga burkandi. Atrofida esa hali yashillanib ulgurmagan, kulrang barglari shovullab turgan oʻrmon daraxtlari unga havas bilan qarayotganday. Uning ortidami, oraliqlaridami koʻzimga oq qayinlar ham koʻringanday boʻldi. Yam-yashil shumurt bilan xayrlashmoqchi boʻlib oʻrnimdan turdim. Biroq bu daraxtning ortidan koʻringanday boʻlgan oq qayinlarni koʻrmadim. Bu qanday hodisot? Balki bu tasavvurimda paydo boʻlgandir? Yoki shumurt ayni men dam olayotgan damda menga bildirmay kiyinib oldimikan...

* * *

Kecha shumurt gulladi, butun shahar uyiga oʻrmondan oq xushboʻy gullar bilan qaytdi. Men oʻrmondagi bir daraxtni bilaman: necha yildirki, yashash uchun kurashadi. Balandga intiladi. Sindiruvchilar, oʻrmon kesuvchilar qoʻlidan omon qoldi. U uzoq yashashni uddaladi. Hozir shumurt butkul yalangʻoch.- palmaday..Bittayam novdasi qolmadi. Unga endi chirmashib ham, tirmashib ham chiqib boʻlmaydi. Qoʻl yetmas eng balanddagi novdalari esa qiygʻos gulladi. Uning yonidagi boshqa daraxtlar esa bu ishni eplay olishmadi- zaiflashishdi. Endilikda ulardan faqat qurigan shoxlar qoldi, xolos.

Tasmadagi Hayot

Biz oʻtgan yili oʻyilib qolgan joyni belgilab qoʻyish uchun bittagina qobiq tasmasiga osilib, yiqilay-yiqilay deb turgan yoshgina qayinni agʻdarib tashlagan edik. Men bu yil yana oʻsha joyga bordim. Hayratdan qotib qoldim. Agʻdarib tashlangan qayin daraxti yam-yashil, yashnab turardi. Oʻyladimki, ehtimol, uzilib tushmagan qobiq tasmasi qurib bitayotgan novda, butoqlarga sharbat - jon yetkazib turgan koʻrinadi.

Zargʻaldoqlar

Qaragʻaylardagi yorugʻlik uzoq-uzoqlardan ham koʻrinib turardi. Javdari bugʻdoylar tizzaga uradi. Daraxtlar, baland boʻyli oʻt-oʻlanlar, gullar yastanib olishgan. Erta bahorning qushlari ham jim qotib turishibdi: ota qushlar erinchoqlik bilan oʻzlariga qulay joy tanlashmoqda, ona qushlar esa uyalarida roʻza tutmoqdalar. Oʻrmon hayvonlari bolalariga yemak axtarib topish gʻamida. Dehqonning oʻyida esa - bahor yumushlari, yer haydash, Urugʻ qadash.

Zargʻaldoqlar uchib kelishdi, uzunqanot qushlar, qirgʻoq boʻyi qaldirgʻochlari sayray boshlashdi. Tungi yomgʻirdan soʻng tongni qalin tuman qopladi. Birozdan soʻng quyosh chiqdi, tiniq havo yoyildi. Quyosh botish oldidan yana togʻdan koʻlga havo oʻzgarib, oqib keldi. Koʻl hamon mavjlanib turardi. Quyosh moviy bulutlar ortiga yashirindi, oʻrmon uzra osilib turgan ulkan yoyiq nursiz sharga aylandi.

Zargʻaldoqlar oʻzgaruvchan, beqaror havoni yaxshi koʻrishadi. Ular quyosh goh charaqlab, goh bulutlar orasiga yashirinib olishidan, shamol barglarni toʻlqinlatib oʻynatayotganidan zavqlanishadi. Zargʻaldoqlar, qaldirgʻochlar, uzunqanot qushlar, baliqchi qushlar shamol bilan qon-qarindoshday.

Gʻira-shira tong.Birdan havo dimib ketdi. Katta-katta qora bulutlar bosib kela boshlashdi. Shamol turdi. Zargʻaldoqlarning nay navolari va qaldirgʻochlarning qiy-chuvi ostida bulutlar parchalanib ketdi. Zazerening ortigami, oʻrmongami koʻchishdi, ammo tezda yana kuchayishib, shamolga qarshi qop-qora, ulkan va shiddatli bulutlar qaytib kelishdi.

Koʻl hayajonlandi. Shamol shamolga, toʻlqin-toʻlqinga urilib, qushlar qanotining soyasiday qop-qora dogʻlar koʻlning u uchidan bu uchiga shitob bilan borib kelishardi. Qirgʻoqda chaqmoq chaqnadi, momoqaldiroq gumburladi. Zargʻaldoq kuylashni toʻxtatdi, uzunqanotlar ham qoʻnishib olishdi. Faqatgina bulbullar boʻgʻziga katta-katta iliq tomchilar urilmaguncha sayrashdi. Osmondan chelaklab suv quyila boshlashdi.

Asal

May oyining sovuq havolari iliqlashdi. Shumurt daraxtlari tovlana boshladi. Oʻrmon anjirlari gʻunchaladi, nastarinlar gulladi. Anjirlar gullasa, bahor, qizil tusga kirsa, yoz tugashidan nishona. Shunda kuz boʻyi ov mavsumi ochiladi va biz qishgacha oʻrmon anjirlarining qirmizi mevalaridan bahramand boʻlamiz.

Shumurt daraxtining hidi qanday ekanligini birdan bilish juda qiyin. Uni hech narsa bilan qiyoslab ham, tenglab ham boʻlmaydi. Bahor chogʻlarida birinchi marta uni hidlaganimda, bolaligim yodimga tushib ketdi. Qadrdonlarim, qarindoshlarimni esladim. Nazarimda, ular ham men kabi bu daraxtni hidlab koʻrishganu, undan nima anqiyotganini bilishmagan. Bobolarim,bobokalonlarim, hamma-hammasi - Igor jangi haqida kuylagan-lar ham, uni yaratib oʻtganlar ham, undan oldin yashaganlar ham, hatto esimizdan chiqib ketgan qadim zamonlarda ham shumurt daraxtlari boʻlgan, bulbullar sayrashgan, turli-tuman oʻt-oʻlanlar oʻsgan, turfa qushlar turli tomonlarga uchishgan. Ularning hammasida oʻziga xoslik, oʻziga xos ovoz va rang, tuygʻu va mazmun boʻlgan. Mana shular birlashib, uygʻunlashib, Vatan hissini uygʻotgan qalbimizda.

Mana u gullab boʻldi. Men soʻnggi bora uning gullarini oʻzim uchun olib ketayapman. Shunda ham soʻnggsiz oʻylar qurshovidanman - bu daraxtdan nimaning hidi keladi oʻzi?!Nihoyat, birdan anglab yetaman, hayratlanib, his etamanki, uning gullaridan asal hidi anqirdi. Ha, mana shu soʻnggi daqiqalarda tushunib yetdimki, biz oʻrganib qolganimizdek, shumurt daraxti oʻzi bilan oʻzi anqimaydi, aksincha, undan asl hidi keladi. Buni menga uning gullari aytdi. Mayli, ular endi toʻkilsa toʻkilsin, evaziga qanchadan-qancha asal yigʻiladi-ku!

Daraxt Tepasidagi Gʻoʻshsha

( goʻshsha - oʻsimlikning tepasida bir joyda toʻp -toʻp boʻlib oʻsgan barglar, gullar yoki novdalar)

Kechagi qor tongda ham oqarib turardi. Quyosh koʻrindi. Shimoldan esgan sovuq shamolda kun boʻyi ogʻir bulutlar osilib turdi. Ular quyosh yuzini goh bekitishadi, goh ochishadi, goh poʻpisa qilishadi.

Bagʻri shamolga toʻla oʻrmonda hech narsa boʻlmaganday bahor hayoti davom etadi. Oʻrmonda qanday ertaklar boʻlmaydi deysiz! - ular oʻrmonning hamma qavatlarida osilib, tortilib turishadi, bir-biriga duchlanishadi, chirmashishadi, bir-biri bilan doʻstlashishadi. Hali yashil libosga burkanishmagan, toʻla gʻunchalab ulgurishmagan boʻlishsa-da, tizilib turgan qator-qator kurtaklar koʻzni quvontiradi.

Yam-yashil shumurt daraxtlarining xipchinlari, marjon daraxtlarining toʻlqin-toʻlqin novdalari soch kabi yoyilib yotibdi. Ertagi tolning toʻlqin-toʻlqinli poʻstloqlari orasidan mayda Sargʻish gullar boʻrtib chiqmoqda. Ular borgan sari toʻq sariq rangga kirib, hozirgina tuxumdan chiqqan joʻjalarga oʻxshab ketishadi.

Hali unchalik qarimagan archalarning tanasi ham yashil ninabarglar - poʻstinga oʻrandi. Daraxtlarning eng yuqori qismida joylashgan goʻshshada esa yangi tugʻilib kelayotgan goʻshshalarning boʻgʻin-boʻgʻinlari yaqqol koʻrinib turadi.

Soʻz bizlar - katta, murakkab odamlar bolalikka qaytganimiz haqida emas. Aksincha, oʻzimizni shu daraxtlarga oʻxshatgim, ulardan oʻrnak olishishimiz zarurligini aytgim keldi. Shu daraxtlar kabi har bir bolamizni avaylab saqlashimiz, ular haqda hamisha oʻylashimiz, ular oʻz yoʻlini topib olishlarida yelkadosh boʻlishimiz lozim, demoqchiman. Daraxtlarning eng yuqori qismida joylashib olgan goʻshshalar goʻdakday quyoshga yaqin, nurga intiladi. Daraxt esa unga kuch-qudrat bagʻishlaydi. Daraxtlar - aslida, bizlar - katta odamlar emasmi!

Uchrashuv Va Xayrlashuv

Men katta ichki hayajon bilan oqimning boshlanishini kuzatdim. Qarshimdagi qirda juda baland boʻyli archa turardi. Yomgʻir tomchilari butoqlarda yigʻilib, daraxt tanasiga tushar, u yerda mustahkam joylashib olib, yana yoʻlida davom etar, daraxt tanasidagi gʻadur-budurlardan sirgʻalib tushib, tanani oʻrab olgan qalin tiniq yashil rangdagi qurbaqa oʻtlariga singib ketardi. Daraxtning eng pastki qismi egilgan, qayrilgan boʻlib, yomgʻir tomchilari qurbaqa oʻtlarning orasidan sizib chiqib, shu yerdan toʻppa-toʻgʻri xotirjamlik bilan pufakchalari jimirlab turgan koʻlga yoʻl olishardi.

Koʻz oldimda daraxt tagidagi bu kichkina koʻl parchalanib ketdi. Qor tagidagi oqim uni yoʻlga olib chiqdi. U toʻgʻonga aylandi. Yangi oqim shunday kuchga toʻldiki, yoʻl - toʻgʻonni boʻlib tashladi. Suv pastga - zagʻizgʻonlar oʻlkasi boʻylab daryoga yugurdi. Daryo boʻyidagi zirk daraxtzorlarini suv bosdi. Har bir shoxdan aylanmaga tomchilar tushar, ular son-sanoqsiz pufakchalarga aylanishar, pufakchalar asta-sekinlik bilan aylanma boʻylab, oqim tomon suzar, u yerda har bittasi har tomonga sochilib, daryo boʻylab toʻngaklar bilan birga suza boshlashardi.

Tumanda qandaydir qushlar uchib oʻtganday boʻlishdi, Men ularning qaysi qushlar ekanligini bilolmadim. Qushlarning qiy-chuvi daryoning shovqinlariga qoʻshilib ketdi. Ularning qichqiriqlarini toʻliq anglay olmadim. Ular daryo boʻyidagi qatorlashib, uyulishib turgan daraxtlarga qoʻnishdi. Men ham oʻsha tomonga yoʻl oldim. Biz tomonlarga issiq oʻlkalardan shunchalik erta tashrif buyurgan qushlarni bilgim, koʻrgim keldi.

Oqim shovqini va tomchilar ohanggi ostida men insoniyat musiqasini tinglagan kezlarimdagi kabi oʻzim haqida oʻyladim. Yuragimning ogʻriqlarini sezdim. Qadrdon joylarimni qoʻmsadim...Men qiziltoʻshlar - oʻrmonning sayroqi qushlarining ovozidan oʻzimga keldim. Quloqlarimga ishonmadim, ammo tezda shuni angladimki, tumanning ichidan uchib, erta tashrif buyurgan mehmonlarning hammasi - qiziltoʻshlar edi. Minglab qiziltoʻshlar charx urib uchishar, tinmay sayrashar, daraxtlarga qoʻnishar, toʻp-toʻp boʻlib kuzda shudgorlangan yerga yoyilib ketishardi. Shunda men birinchi marta tushundimki, bu qushlarning nomi «zyablik»(ruschasi.-tarj.) - «zyabi» («kuz hayda» - tarj.) soʻzidan olingan. Qizigʻi, men bu ajoyib qushlar bilan uchrashganimda salgina qoʻrqdim ham. Yana oʻyladimki, agar ular ozchilik boʻlishganida, ularni qoʻyib yubormasmidim...

Shunday boʻldi - bugun men qiziltoʻshlarni qoʻyib yubordim. Deylik, ertaga qarshimdan qushlar emas, balki yaxshi bir odam chiqib qolsa-chi? Uni ham qoʻyib yuborsam, mening e’tiborimdan chetda qolsa, koʻmak berolmasam yo bermasam, halok boʻlib ketishi ham mumkin-ku. Nima boʻlsa hamki, ruhimda turli oʻylar bir-biri bilan bahs boylashardi.U holat qiziltoʻshlarning, minglab qiziltoʻshlarning toʻxtatib boʻlmas chugʻur-chugʻurlariga oʻxshab ketardi...

Noma’Lum Doʻstga

Nurli,shabnamli tong.Bu xuddi ochilmagan yerga oʻxshaydi. Osmonning koʻz ilgʻamas parchasiday, bu tong - butunlik. Hali hech kim uygʻonmagan, oʻrnidan turmagan. Hech kim hech narsani koʻrib ulgurmagan. Faqat sen hammasini birinchi boʻlib koʻrib turibsan.

Bulbullar bahor qoʻshiqlarini boshlab yuborishgan. Xilvat goʻshalarda momoqaymoqlar barq urib turishibdi. Qaydadir namxush qora soyalar ostida marvaridgullar oqarib koʻrinadi. Bulbullarga jasur yoz qushlari -podkravniklar qoʻshilishdi, Ayniqsa, zargʻaldoqlarning nay ohanglari borliqni eritib yubordi. Atrofni betoqat oʻrmon qushlari - drozdavkalarning shovqin-suroni tutib ketdi. Qizilishtonlar ham oʻz polaponlariga yemak tashishdan charchashdi, shekilli, biroz dam olish uchun ulardan uzoqroqdagi butalarga oʻtirib olishdi.

Oʻrningdan tur, doʻstim! Taram-taram boʻlib turgan baxting nurlarini terib ol, dadilroq boʻl, kurashni boshla! Quyoshga koʻmaklash! Eshit, kakku ham senga yordamga shoshilmoqda. Qara, boʻktargi - yirtqich qush ham suvda suzmoqda. U oddiy qush emas. Bu tongda u birinchi boʻlib suvda suzmoqda. Mana, zagʻizgʻonlar ham shudringlarda yaltirab, yoʻlga chiqishdi. Ertaga ular xuddi bugungiday tovlana olishmaydi, ertangi kun ham bugungiga oʻxshab kelmaydi. Ertaga bu zagʻizgʻonlar butunlay boshqa joylarda boʻlishadi. Bu tong - yagona. Uni hali yer yuzi boʻylab biron-bir kishi koʻrmadi -faqat sen va sening noma’lum doʻsting koʻrib turibdi.

Insonlar yer yuzida oʻn ming yillab yashashdi, uni qazib, boyliklar izlashdi, boyliklar toʻplashdi. Bir-biriga quvonchlar ulashishdi. Sen ham bir kuni dunyoga kelishing, shu baxtni koʻrishing, shu nurlarni terib olishing va quvonishing uchun qilishdi bularning hammasini. Dadil boʻl,doʻstim!

Yurak kengayib ketdi - archalar, qayinlar na ajib! Men qoʻzlarimni qaragʻaylarda tovlanib turgan yashil nurlardan va archalarning qizil gʻuddalaridan uzolmayman. Archalar, qayinlar - mukammal goʻzallik!

Birinchi Bulbul

Daryodan koʻlga koʻchib oʻtishda, bu gʻuvillashda, bu novda-butoqlarda birdan suv buqasi bor ovozi bilan qattiq boʻkirib yubordi. Bu - katta kulrang qush hayvon kabi butun tanasi bilan boʻkirardi. Gippopotomaga oʻxshab ketadi. Koʻl yana butunlay tinchlandi, tiniqlashdi. Shamol kun boʻyi koʻl suvini yuvib chiqdi. Suvdagi eng nozik tovush ham olislarga eshitilardi.

Suv buqasi oʻzini suv ichiga tortdi. Soʻng butun sukunatni buzib, «Ux! « tortib yubordi. Bir, ikki, uch, oʻn daqiqalardan soʻng yana oʻsha - «Ux!» Har bir «Ux!» uch martadan olti martagacha takrorlandi.

Usole qishlogʻida eshitgan hikoyalarimni esladim. Bir baliqchi koʻl boʻylab suzganida uni toʻlqinlar aylantirib, vodiy boʻyidagi soyning girdobiga tortib ketibdi. Men qirgʻoq soyalari tushib turgan joylar yoqalab suza boshladim. U yerda bulbullar sayrashardi. Uzoqlardan turnalar ovozi keldi. Koʻldagi tiq etgan tovush ham qayigʻimizga eshitiladigan darajada atrofni sukunat bosdi. Kutilmaganda bir tomondan hushtakchi qushlar shovqin solishar, bir tomondan, qoraliklar - oʻrmon qushlari bir-biri bilan urishishar, bir tomondan turli-tuman oʻrdaklarning xori boshlangan edi.

U yerda ham, bu yerda ham xuddi har joyga qoqiladigan qoziqday suvda gagarlar - katta suv qushlari va baliqchi oʻrdaklarning boʻyinlari yuzaga qalqib chiqar, zum oʻtmay shoʻngʻib ketishardi. Binafsharang suvning mavjlarida mayda choʻrtanbaliqlarning oppoq qorinlari koʻrinib ketar, kata-katta boshlari ularni yanada ulkanlashtirib koʻrsatardi.

Osmonni bulutlar qopladi. Men qorayib turgan chap tomondagi qirgʻoqqa qarab suza boshladim. Suv buqasi har gal «Ux!» tortganida bu tovushdan sehrlanganday u necha marta «Ux!» lashini sanay boshladik. Bu tovushni ikki chaqirim naridan ham eshitish mumkinligi hayratlanarli edi. Soʻngra uch, hatto yetti chaqirimgacha bu tovush eshitilib turdi. Nihoyat, Gremyachiy togʻlariga yaqinlashganimizda atrofni son-sanoqsiz bulbullar qoʻshigʻi bosib ketdi.

May Qoʻngʻizlari - Buzoqboshi Qoʻngʻizlar

Hali shumurt daraxtlari butunlay gullab, gulini toʻkishmadi. Ertagi tollarning kurtaklari ham butkul ochilganicha yoʻq. Ammo bu bahorda bir-birini quvib yetishga ahd qilishganday bab-baravariga olmalar, akatsiyalar va chetan daraxtlari gullashdi.

May qoʻngʻizlarining gala-gala uchishi boshlandi.

Erta tongdan sokin koʻl gullayotgan daraxt va maysalardan sochilib tushgan Urugʻliklar bilan toʻlib-toshgan. Men qayiqda suzib ketayapman. Qayigʻimning izlaridan koʻlda yoʻl ochilganday koʻrinadi. Bu yoʻldan oʻrdak oʻtsa, aylana, baliq suzib, shoʻngʻigan boʻlsa, teshikcha paydo boʻlardi.

Oʻrmon va suvlik bir-birini quchishdi.

Men smolali daraxtlarning hididan huzurlayin deb qirgʻoqqa chiqdim. Qirgʻoqda boshdan-oyoq tozalab tashlangan katta qaragʻay daraxti yotibdi. Biron-bir shox, butogʻi qolmagan. Shoxlari har tomonga sochilib ketgan. Ularning ustida zirk va osina daraxtlarining shox-butoqlari, barglari ham aralashib yotibdi. Mana shularning hammasi - daraxtlarning boʻlak-boʻlaklari bilinar-bilinmas chiriyotgan, ich-ichidan tutayotgan boʻlsa-da, oʻzidan shunday hid taratardiki, yashaganda ham, oʻlayotganda ham hushboʻy hid taratish qandayligini, nimaligini tirik, vahshiy va beozor jonivorlar ularchalik bilishmas, tushunishmas, chamamda...

Momoqaldiroq

Tushga borib, kuchli shamol koʻtarildi. Hali yashillanib ulgurmagan osina daraxtlarining tanalari bir-biriga urilib ketguday qasirlardi.Buni eshitish juda hayajonli edi. Kechga borib kuchli momoqaldiroq boshlandi. Lada - sadoqatli itim yonimga yugurib kelib, krovatim tagiga kirib oldi. U juda qoʻrqib ketdi. Bu qoʻrquv dahshati uni tonggacha tark etmadi. Momoqaldiroq tingan boʻlsa-da, u butun vujudi bilan qaltirardi. Ertalab soat oltilarda men uni hovliga olib chiqdim. Qanday toza tong havosi! It birdan oʻziga keldi.

Shumurt Daraxtining Guli Toʻkildi

Qariqizlar, qichitqi oʻtlar, yam-yashil oʻt-oʻlanlar ustini oppoq gulbarglar qoplagan. Shumurt daraxtining guli toʻkildi. Marjon daraxtlari, undan pastroqlarda zemlyankalar ( qulupnayga oʻxshash oʻsimlik mevasi.-tarj.) gulladi, momoqaymoqlar, osina daraxtining qoramtir barglari tiniq yashil tusga kira boshladi. Qoramtir dalaga mayin junli qoʻylar tarqalishdi. Botqoqliklarda baland qiyoqlar qad kerishdi, ular tim qorongʻu tubsizlikka yashil soya solib turishardi. Qop-qora suv ustida qoʻngʻizchalar - maynavozlar gir aylanishar, yashil qiyoqlar orolida u yoqdan bu yoqqa moviy ninachilar uchib yurishardi.

Oppoq qichitqizorlar boʻylab ketayapman. Dimogʻimga ularning oʻtkir hidi uriladi. Badanlarim qichishib ketadi. Drozdlar - oʻrmon qushlarining bezovta qichqiriqlari olislarga ketadi, hatto vahshiy qargʻalarning uyasigacha borib yetadi. Bu yerda ming-minglab oʻt-oʻlanlarning hayotidagi har bir daqiqa butun yer yuzidagi doimiy harakatning uygʻunligini anglatib turadi.

Shox-Shabbali Xoda

Oʻrmon daryosini gullayotgan oʻt-oʻlanlarning changlari shunday tutib ketdiki, hatto qirgʻoqdagi baland daraxtlar va bulutlar ham koʻrinmay qoldi. U qirgʻoqdan bu qirgʻoqqa olib oʻtuvchi shox-shabbali xoda balandlikda osilib turardiki, unga tirmashsang, shu onda yiqilib, jarohatlanishing hech gap emas.

Bu xoda - dolon hozir hech kimga kerak emas. Daryoni oddiy, katta, mayda qayroq toshlar ustidan yurib ham kechib oʻtish mumkin. Shu payt olmaxon oʻsha tomonga yugurdi. Ogʻzida uzunchoq nimadir bor. Yemagidir balkim... U xodaning eng oxirgi uchiga yetib keldi. Men uni choʻchitsam, u yemagini tashlab qochar deb oʻyladim. Qarasam, u osina daraxtiga sakrab chiqib oldi. Hurkib ketgan olmaxon tishidagi oʻljasini mahkam qisib, balandroqqa sakradi. U yerda ham uzoq turib qolmadi. Bor kuchi bilan otilib, eng baland shoxdan oʻljasini tashlab yubormay, archaga uchib oʻtdi va uning qalin barglari orasiga yashirindi.

Osina Daraxtining Parlari

Osina daraxtining xipchinlari daraxt tanasida yoyilib ketadigan parlarni uchirib yubordi. Quyosh, shamolga peshvoz chiqib uchayotgan arilar momiq qor parchalariga oʻxshab ketadi. Uzoq kuzatib tursang, ularni nimaga oʻxshatishga ham qiynalib qolasan - parlarmi bu yoki arilar? Boʻy choʻzayotgan Urugʻlikmi yoxud uchayotgan maysami? Yo hashoratlar yemak istab charx urishmoqdami?

Atrof tinch. Tun boʻyi osina daraxtining uchayotgan parlari yoʻllarni, zavodlarni, xullas, bari-barini oppoq qor bilan qoplab olganday.Koʻz oldimda osina daraxtzorlari, oʻtloqzorlari, u yerlarda yotgan qalinq-qalin par qatlamlari yastandi. Biz ularni yoqib yubordik. Olov oʻtloqzor boʻylab yalligʻlandi. Parlar kuya-kuya qoraydi.

Osina daraxtining parlari - bahorning ulkan hodisasi. Bu paytda bulbullar, kakkular va zargʻaldoqlar sayrashadi. Ular yoz qushlari - podkravniklar joʻr boʻlishadi.

Har bahorda har gal osina daraxtining parlari uchayotganda yuragimni nimadir tirnab oʻtadi. Bu yerga toʻkilgan - urugʻlar. Ular baliqlarda urugʻ ochish mavsumidan ham koʻp yerga toʻkiladi, isrof boʻladi. Shu meni tashvishga soladi.

Keksa osina daraxtlaridan parlar uchayotgan damlarda yosh daraxtlar bolalikdagi mallarang liboslarini yashiliga almashtiradilar. Ular bu davrda yilda bir marta boʻladigan bayramga, sayilga chiqqan qishloq qizlari kabi hali u koʻylagini, hali bu koʻylagini koʻz-koʻzlayotganday.

Yomgʻirdan soʻng chiqqan quyoshning qaynoq nurlari oʻrmonni qizitib yubordi. U goʻyoki ulkan issiqxonaga aylandi.Unda insonni aqldan ozdiradigan darajada hidlarning burqsishi va sekin yonishi boshlandi. Bir tomonda qayin kurtaklamoqda, yosh maysalar, xushboʻy oʻt-oʻlanlar boʻy choʻzmoqda. Boshqa tomonda esa - bulturgi barglarning chirishi, ulardan kelayotgan hid. Eski pichan, poxollar, pushtadagi Sargʻish poʻstloq tolalari yashil maysalarga chirmashib ketgan, goʻyoki u bilan oʻsayotganday. Qayin daraxtlarining baldoqlari ham yashillandi.

Osina daraxtidan urugʻlik - gʻumbaklar uchib tushishar, duch kelgan narsaga yopishib qolishardi. Bu yerda oʻtgan yilgi baland boʻyli qalin oqburunning tolalari osilib turardi; ular ehtimol, tebrana-tebrana quyon va qushlarni ham choʻchitib yuborgandir. Osina daraxtining kapalak qurti bu tolalar ustiga tushib, ularni butunlay parchalab tashladi. Ular esa toʻgʻri yashil maysalarning ustiga borib tushishadi, yashil maysalar esa ularni koʻrinmas narsaga aylantirib qoʻyishdi. Ammo bungacha hali ancha bor. Bu keksa sariq daraxt tanasi shoshilmay uzoq kiyinadi. Yangi bahorning yashil ranglarini erinmay terib oladi.

Uch kundirki, shamol osina daraxtining Urugʻlarini sochib chiqmoqda, yer esa charchamasdan koʻproq talab etmoqda. Shamol kuchaydi. Osina daraxtining Urugʻlari yanada moʻlroq sochildi. Yer yuzi osina daraxtining chuvanchang qurtlari bilan qoplandi. Yerda millionlab Urugʻlar yotibdi, shu millionlar orasidan judayam ozginasi unib chiqadi. Yosh va navqiron osina daraxtlari shunday qalin shox-shabbali boʻlib oʻsib chiqadiki, uni yoʻlida uchratib qolgan har qanday quyon qochib ketadi.

Mayda bargli quyuq osina daraxtlari orasida koʻp oʻtmay hayot uchun kurash boshlanadi: tomirlar chuqurroq borish uchun yerga, shoxlar esa balandroq oʻsish uchun nurga talashadilar. Yosh osina daraxtlari siyraklashib boradi. Endi quyonlar bemalol ularning poʻstloqlarini kemira boshlaydilar. Nurlarni sevguvchi osina daraxtzorlari, oʻrmonlari oʻsib borar ekan, uning soyasida bagʻriga kirguday boʻlib, quyuq soyali archalar oʻsadi. Bilib-bildirmay osina daraxtlariga boʻylashib olishadi. Ular osina daraxtlarini hamisha titrab turuvchi barglari, soyalari bilan goh ajib hidga toʻldiradi, goh boʻgʻib tashlaydi ...

Osina daraxtlarining guli va barglari butkul toʻkilib, sibir shamollari archa taygalarida hukmronlikni boshlashganida yolgʻizgina osina daraxti vodiydan uzoqdan yaxlit koʻrniib turardi. Uning tanasidagi koʻplab tugunlar, kovaklar yaqqol koʻzga tashlanadi, qizilishtonlar uni taqillata boshlashadi, ular teshgan kovaklarga chugʻurchiqlar, yovvoyi kaptarlar, koʻk qushlar oʻrnashib oladilar. Olmaxon va savsarlar u yoqdan bu yoqqa yelib-yugurishadi. Qachonkim, bu ulkan daraxt yiqilib tushsa, shu yerlik quyonlarga uning poʻstlogʻi qishdan omon olib chiqquvchi oziqqa aylanadi. Quyonlar ortidan esa tulkilar izgʻiydi. Shu osina daraxtiga tikilib, uni kuzatib, butun oʻrmon olami bir-biri bilan nechogʻli uzviy bogʻlanganligini tasavvur qilish, idrok etish qiyin emas..

Nimadandir Norozi Qurbaqa

Suvlar ham hayajonlanib ketishdi - qurbaqalar toʻlqinlandi. Soʻngra suvdan chiqishdi va turli tomonga tarqab ketishdi. Kech tushdi. Qadam bossang, oyoq ostingda - qurbaqalar.

Bu iliq tunda hamma qurbaqalar, hatto nimadandir norozi qurbaqalar ham bir maromda sekingina qurillashdi. Tunning ajibligi nimadandir hamisha koʻngli toʻlmay yuradigan qurbaqaga ham zavq bagʻishladi chogʻi, oʻzini unutgan koʻyi bor ovozi bilan qurillab yubordi.

Birinchi Qisqichbaqa

Momoqaldiroq gumburladi, yomgʻir quyib berdi. Yomgʻir tomchilarida quyosh nurlandi. Osmonning u uchi bilan bu uchigacha kamalak belbogʻi bogʻlandi.Shumurt daraxtlari xushboʻylandi, quloch yozib, kerishdi. Yovvoyi qoragʻatlarning yam-yashil shoxlari suv ustida sollandi. Shunda qisqichbaqalar oʻchogʻidan boshini koʻtarib, moʻylovini qimirlatib, birinchi qisqichbaqa oʻzini koʻrsatdi.

Quvnoq Tong

Jarangdor, xushnud tong. Ilk haqiqiy shudring. Baliq bir sakrab, yana suvga shoʻngʻidi. Togʻ tomondan ikkita bedor xoʻrozning qattiq ovozi eshitildi. Ularga oltita teterovkalar qoʻshilishdi. Jayronlar sardori oʻz mulkini aylanib chiqqanday birinchi xoʻroz aylanib yurdi. Yoʻlidan chiqqan ikkinchi xoʻrozni quvib yubordi. Yana aylanib chiqdi, yana urishishdi. Kulrang oʻrmonlarda ertagi tollar kurtakladi - tollarki, gullari sariq rangli momiq joʻjalarday, hididan asl ta’mi keladi.

Gullar Daryosi

Kechagina bahorgi oqimlar yugurib-elib yurgan joylarda bugun gullar oqmoqda. Bu gulga toʻla

Oʻtloqzorlardan aylanib oʻtarkanman, yayrab ketaman. Oʻylayman: «Demak, bahorgi loyqa suvlar bejizga emas ekan».

Oʻrmonning Quyoshli Etagi

Tong yorishgan chogʻlarda ham, yilning ayni gullagan davrida ham oʻrmonning quyoshli etagi hayot uchun muhim makon hisoblanadi.

Quyosh koʻtariladi, uning nurlari qaerga tushmasin, oʻsha yerda hamma narsa uygʻonadi, pastlikda, qop-qorongʻu,tubsiz jarliklardagilar, nazarimda, soat yettigacha uxlashadi.

Oʻrmon etagining chetida baland boʻyli zigʻirpoyalar koʻrinadi, poyada - qirqboʻgʻinlar. Mana buni sharqona moʻ‘jiza desa boʻladi - qirqboʻgʻin - minora! U shudringlarda, koʻtarilayotgan quyosh nurida tovlanib turibdi.

* * *

Qirqboʻgʻinlar qurib bitganda esa ninachilar minoraning soqchilariga aylanishadi, aytganday, ular soyalardan judayam qoʻrqishadi.

Oʻrmon Irmoqlari

Agar oʻrmonning yuragini tushunmoqchi boʻlsang, uning irmoqlarini topib ol va irmoqlar qirgʻogʻi boʻylab, past yoki balandliklarga yoʻl ol.

Men oʻzimning sevimli irmogʻim boʻylab, erta bahordan yoʻlga tushaman. Qarang, nimalarni koʻrayapman, eshitayapman, tinglayapman va oʻylayapman!

Koʻrayapman - oqib ketayotgan suv kichkina joylarda archa ildizlarining toʻsiqlariga duch keladi, shu topdayoq ildizlar haqida shivirlaydi. Bu shivirlar pufakchalarga aylanadi, soʻngra yoyilib ketadi. Ammo ularning hammasi ham birdan yoʻqolib, yoyilib ketmaydi. Oldga intiladi, olislarda koʻrinib turgan oppoq qorli uyumga yetib olish uchun yoʻlidagi toʻsiqlarni oshib oʻtadi.

Suvning yoʻlida yangidan-yangi toʻsiqlar paydo boʻlaveradi, ammo bu unga hech kor qilmaydi, irodasini sindirmaydi. Aksincha, jilgʻalarga aylanib, muskullarini qisib olganday, bu kurashda nima boʻlsa ham yengib chiqmoqchiday oqaveradi.

Suv tomchilaridagi titroq quyoshda yarqirab, archaning soyalarida akslanadi, maysalarda yarqiraydi. Soyalar daraxt tanalari, poyalari boʻylab yuguradi, bu titroqlarda jarang tugʻiladi va tuyuladiki, maysalar mana shu musiqa sadolari ostida oʻsmoqda, soyalar ham uygʻunlashmoqda.

Suv mayda-maydalab, ammo keng quloch yozib jilvalanadi, torgina jarliklarga singib ketadi. Mana shu shovqinsiz yugurishda, talpinishda suvning muskullari qattiqroq qisilganday koʻrinadi. Quyosh esa uni ushlab oladi, tarang tortilgan irmoqlar soyasi daraxt tanalari va maysalar boʻylab yuguradi-eladi.

Bu esa - katta uyum, tiqin. Suv goʻyoki zorlanadi, Bu nola - shildirash uzoq-uzoqLarga ham eshitiladi. Ammo bu zaiflik emas, Suv bunday insoniy his-tuygʻulardan yiroq. Har bir irmoq katta va erkin oqayotgan suvga albatta yetishishiga ishonadi, agar uning yoʻlini togʻlar, aytaylik, Elburs togʻlari toʻssa ham, togʻni ikkiga boʻlib yuborib, ertami-kechmi oʻz manziliga yetib oladi.

Suv quyosh nurida jimirlab ketdi, soyalar esa tutunday daraxtlar va maysalar boʻylab yugurgilab oʻtadi. Irmoqlar jaranggi ostida kurtaklar xushboʻylanib ochiladi, qirgʻoqlarga yoyilib ketadi.

Koʻrinishidan tinch tuyulgan girdob yiqilib tushgan daraxtlarning ich-ichida aylanadi, shu yerda ham satang qoʻngʻizboshilar suv yuzini toʻlqinlatib oʻtadilar. Xotirjam oqayotgan irmoqchalar sobitlik bilan jildiraydi va bunday quvonchni ular qoʻyib yuborishmoqchi emas. Ular oʻz quvonchlariga befarq emaslar: katta-kichik jilgʻalar bir-biriga qoʻshiladilar, bir-biriga urilayotib, tillashadilar va bir-birlarini chorlaydilar. Bu chorlovlar kelayotgan va ketayotgan barcha jilgʻalarga tegishlidir.

Suv yangi tugʻilayotgan sariq gullarning kurtaklariga, butoqlariga tegib oʻtadi. Suvda gullardan sachragan titroq paydo boʻladi. Shu tariqa irmoqlar hayoti pufakchalar va kundalar , quvonchli chorlar, gullar, raqs tushayotgan soyalar ichida kechadi.

Bu daraxt qachonlardir irmoq yoʻliga gʻov boʻlib yotib olgan, koʻkarib ham ketibdi. Ammo irmoqcha daraxt tagidan oʻziga yoʻl ochib, ildam oyoqlari bilan titranayotgan soyalar qurshovida oldga intiladi, shildirab oqadi.

Maysalar allaqachon suvdan boshlarini chiqarib olishibdi, ular endi oqimga egilib qaraydilar. Hammasi bir boʻlib, soyalar titrogʻi va jilgʻalar oqishiga javob qaytaradilar.

Mayli, yoʻllar toʻla tiqin boʻlsin, uyum boʻlsin! Toʻsiqlarni hayotning oʻzi qoʻyadi: agar ular boʻlmaganda edi, suv his-tuygʻsiz, oʻlikday ummonga borib qoʻshilgan boʻlardi - oʻlik tanadan mavhum hayot oʻtib ketganday.

Yoʻlda keng , chuqur pastqamlik paydo boʻldi. Irmoqlar qizgʻonmasdan u yerni ham suvga toʻldirdilar va yana oldga intildilar. Ortda qolgan koʻlmakni esa oʻz hayoti bilan yashashi uchun qoʻyib berdilar - tashlab ketdilar.

Keng qulochli butoq qish qorlari ogʻirligini koʻtarolmay, egilib, qayrilib tushdi. U hozir irmoqchaga oʻzining koʻplab shoxlarini tashlab yuborgan, xuddi oʻrgimchakka oʻxshab yotibdi. Buning ustiga, u kulrang, irmoqchaning ustiga oʻzining uzun oyoqlari - shoxlarini bemalol silkitib yotibdi.Archalar va togʻteraklarining urugʻlari ham suzib oʻtmoqda. Oʻrmon oralab oʻtayotgan irmoqning yoʻli uzoq davom etadigan kurash yoʻlidir. Shu yoʻlda bu yerda vaqt tugʻiladi. Bu kurash davom etar ekan, bu davomiylik hayotni tugʻdiradi, ongimizga singib boradi.

Ha, agar mana shu toʻsiqlar boʻlmaganida edi, suv oʻsha zahotiyoq oqib ketar, va umuman, vaqt-hayot tushunchalari ham dunyoga kelmagan boʻlarmidi…

Irmoqlar kuch bilan, ishtiyoq bilan kurashadilar, oqimlar xuddi muskullarday eshilib-eshilib oqadi. Bu oqimlar qachondir vaqti kelib, ertami-kechmi ummoning erkin suvlariga qoʻshilishiga shubha yoʻq. Xuddi mana shu «ertami-kechmi» - Vaqtning, Hayotning oʻzginasi emasmikan! Oqimlar bir-birini chorlayotib, siqiq qirgʻoqlardan oshib oʻtadilar, oʻzlarining qadimiy - «ertami-kechmi» qoʻshiqlarini tinmay takrorlaydilar. Kun boʻyi, tun boʻyi mana shu qoʻshiqni shivirlab aytishadi. Soʻnggi tomchi oqib oʻtmaguncha, bahorgi irmoqlar qurib bitmaguncha suv toliqish nimaligini bilmay : « Ertami-kechmi biz ham ummon suvlari bilan qoʻshilamiz! - deya ta’kidlayveradi, ta’kidlayveradi…Qirgʻoq orti boʻylab oqayotgan bahor suvlarini kema borti boʻlib yuborgan, bu yerda esa boʻgʻozdagi choʻrtanbaliq asirga tushibdi.

Shunday tinch va osoyishta joylarga kelib qolsang, butun oʻrmon boʻylab snegir ( chumchuqsimon oʻrmon qushlari)larning qurillashini va qiziltoʻshlar choʻqilayotgan eski barglarning shildirashini eshitasan. Ulkan oqimlar , qiya burchaklar boʻylab chopayotgan juft-juft oqimlar irmoqda birlashib, qoʻshilib ketadilar. Ular butun kuchlari bilan tikkalikka, jarlikka uriladilar, jarlik esa koʻplab, balki asrlar boʻyi yerga tomir otib ketgan archalarning ildizlari bilan mustahkamlanib yotibdi.

Men shu tomirlar ustiga oʻtirib oldim-da, rohatlandim - pastlikda, jarlikda bir-biriga urilib, bir-birini chorlashib, oʻzlarining « ertami-kechmi» qoʻshigʻini aytib, otilayotgan ulkan oqimlar qanday zavqli, ularni koʻrib turish, tinglash, eshitish undan-da zavqli edi!...

Togʻteraklar atrofida suv raqsga tushib oqardi, u bora-bora koʻlga aylandi, bir burchakka yigʻildi. Jarlikdan bir metrlar balandlikdan pastga oqib tusha boshladi, uning ovozasi olis-olislarga tarqalib ketdi. Suvning qattiq shildirashi oshgandan oshdi. Koʻl yuzasi esa jimirlar, mayda-mayda jimirlar, bir-biriga zich joylashgan togʻteraklar esa suv bilan qurshab olinib, ilonday toʻlgʻonishar, ammo oʻzlaridan - oʻzlari hech qayoqqa ketisholmasdilar.

Irmoq meni bogʻlab oldi. Men hech qayoqqa ketolmayman, ketsam, nimanidir yoʻqotib qoʻyaman goʻyo…

Oʻrmonning qaysidir yoʻlidan chiqdim, koʻzim kichkina, endi nish urayotgan yam-yashil maysaga tushdi. Deylik, zaharli boʻlishi ham mumkin. Uning yonginasiga ikkita gʻildirak izi tushgan, izlar ham suvga toʻlgan.

Eng yosh qayinlar yashillanmoqda, tiniq rangda tovlanayotgan kurtaklardan xushboʻy hid taraladi, ammo oʻrmon hali yashil libosga burkanmagan. Yalangʻoch oʻrmonga kakkuning uchib kelishi yaxshilik alomati emas. Oʻn ikki yildirki, men ertagi, hali kiyinishga ulgurmagan bahor bilan birgaman. Endigina boʻri poʻstloqlari, anemonlar, navroʻzgullar gullayotir, kovaklarga qarab oʻtaman. Butoqlar, daraxtlar, hatto kundalar menga shunday tanishki, yovvoyi kovaklar ham menga bogʻday koʻrinib ketdi: har bir butoq, har bir qayragʻoch, har bir archani mehr gʻilan silab oʻtaman, ularning hammasi - meniki boʻldi, ular men ekkan, oʻstirgan boqqa aylandi.

«Bogʻim»dan yana irmogʻimga qaytib keldim. Oʻrmonda roʻy bergan ulkan voqealarga guvoh boʻldim: katta, ulugʻ yoshli archa, uning atrofidan irmoq oqib oʻtmoqda. Irmoq ustiga oʻzining barcha - eski va yangi gʻuddalarini sochib yuborgan, koʻplab shoxlari irmoq yoqasida sollanib turibdi. Har bir shoxning yonidan oqimlar shildirab oqayotib, bir-birini chaqirib oʻtardilar: «Ertami-kechmi…».

Irmoqlar oʻrmon ichkarisidan yalangliklarga chiqib ketishar, bu yerda ularni ochiq, iliq quyosh nurlari kutib olar, beminnat toʻkilar, bundan ular tobora jilvalanib, mavjlanib borardi. Shu yerda birinchi sariq gul suvdan qalqib chiqdi. Suv yuzasida xuddi asalari iniday qurbaqa urugʻlari sochilib yotar, ularning hali koʻzi ochilmagan , yaltiroq tuxumlaridan qora boshchalari yaltirab koʻrinib turardi.

Shu yerning oʻzida - suvning tubida kattaligi xuddi mayda hashorotlarnikiday keladigan koʻplab koʻm-koʻk pashshalar osilib turardi. Ular, nazarimda, qaylardandir uchib kelib, suvga tushib qolishgan, shu bilan oʻzlarining qisqa umrlariga nuqta qoʻyishgan edi. Suv yuzasida misday yarqirab qoʻngʻizlar aylanib yurishar, bu chavandozlar har tomonga ot choptirishar, ammo suvning yuziga qanotlarini ham tegizishmas, uni qoʻzgʻatishmas edi. Katta va tiniq rangli limon kapalagi tinch oqayotgan suv boʻylab uchib oʻtdi. Suvning burilish joylaridagi kichik koʻlmakchalar atrofi maysalar va gullar bilan burkangan, ertagi tolda esa muloyim tizimgullar gullamoqda. Ular uzoqdan koʻzga sariq momiq kichkina joʻjachalarga oʻxshab koʻrinadi.

Irmoqqa nima boʻldi? Suvi ikkiga boʻlinib, ikkita oqimga ajralib, ikkisi ikki tomonga ketishdi. Ehtimol, birinchisi oʻz e’tiqodi - «ertami-kechmi»ga sodiq qolib, bu kurash yoʻlini tutgandir, u shu yoʻl toʻgʻri maqsadga olib boradi, deb oʻylagan boʻlsa, ajab emas.Ikkinchi oqim esa qisqa yoʻlni koʻrib, oʻz yoʻlini tanlagandir. Oqibatda, ular ajralishdi va aylanani aylanib oʻtib, oraliqlarida katta orol paydo qildilar. Yana birlashib, quvlashib, anglab yetdilarki, suvlar uchun ayri yoʻllar boʻlmaydi.Hamma yoʻllar – ertami-kechmi albatta ummonga olib keladi.

Koʻzlarim yashnab ketdi, quloqlarimga aniq chalinmoqda: « ertami-kechmi» kuyi, tollar va qayin kurtaklaridan anqiyotgan xushboʻylik birlashdi. Men shunday rohatlandimki, shu yerdan boshqa joyga ketgim, siljigim kelmasdi. Men tomirlab ketgan daraxtlarni oralab, pastga tushdim, daraxtlarga suyandim va yuzimni quyosh tomonga burdim - saodatli onlarnimni tuydim.

Mening irmogʻim ummonga qoʻshildi.

Moychechak

Naqadar ajoyib! Oʻrmondagi oʻtloqzorda yoʻlimdan moychechak chiqdi, juda oddiy va sodda moychechak - «sevadi-sevmaydi». Bu quvonchi uchrashuvdan shuni angladimki, oʻrmon unga qondosh-qarindoshday boʻlganlargagina bagʻrini ochadi, oʻzi-da ochiladi. Bu ilk moychechek ham oʻtayotganlarga razm solib, oʻz savoliga oʻzi javob topishga harakat qiladi, izlaydi: «sevadi-sevmaydi?»

«Koʻrmay oʻtdi, koʻrmasdan oʻtib ketdi, demak, faqat oʻzini sevadi. Yoki koʻrdimikan-a… Qanday yaxshi ! U sevadi! Bu chindan ham yaxhi, hamishadagiday yaxshi: «sevsa, meni qoʻliga oladi, axir. Shunday emasmi!»

Qirmizi Gʻuddalar

Muzday shudringlar va tiniq shamol yozning qaynoq taftini bosadi. Faqat shu paytlardagina oʻrmonni kezsa boʻladi, aks holda, issiq. Dim kunda ertalabdan uygʻongan va kechgacha tinmaydigan chivinlar sizni tinch qoʻyishmaydi. Butun borliqni unutib, ot choptirib yelsang, chinakamiga huzur qilasan.

Tiniq quyoshli tongda men dalalar oralab, oʻrmonga kiraman. Hali ishchilar xotirjamlik bilan dam olishmoqda. Oʻrmondagi koʻlmak muzday shudringlar bilan toʻlib-toshgan, hashoratlar uyquda, hali koʻplab gullar lab ochishmagan. Faqatgina togʻterak barglari shitirlaydi, balanddagi yaproqlari esa qurib boshlagan, pastlaridagi baxmal shudringlar mayda taqinchoqlarday yaltiraydi.
— Assalom, ey, qadrdon archalarim, qanday yashayapsizlar ? Olamda nima gaplar?

Ular hammasi judayam yaxshi deb javob qaytarishadi. Bu paytda qirmizi gʻuddalar chinakamiga toʻlib, butun daraxt tanalarini bezab borishardi. Eskirgan boʻm-boʻsh gʻuddalar yonida yosh, toʻliq gʻuddalar yashnab turishibdi.

Archazorlarni oralab, quyoshli oʻrmon etagiga oʻtaman. Yoʻlda - koʻzga koʻrinmas joyda marvaridgullarga koʻzim tushadi, ular hamon jozibali, faqatgina biroz sargʻayishibdi, ular endi xushboʻy hid taratishmas edi.

Gullayotgan Maysalar

Dalalardagi, oʻtloqzorlardagi kuzgi javdari bugʻdoylar kabi barcha boshoqli don oʻsimliklari ham gulladi. Ularni turli hashoratlar silkitib oʻtishar, shunda ular tillarang bulutday changlarga burkanishardi. Hamma-hamma gullar, hatto otquloqlar ham gulga kirdi - oppoq taqinchoqlarini taqib olishdi.

Yupqa poyalardagi qisqichbaqa boʻyinlari, medunitsalar, turli-tuman boshoqchalar, tugmagullar, gʻuddalar qarshilamoqda edi bizlarni. Ularning qanchadan-qanchasi qurib bitgan, bilmadim, buni bilib ham boʻlmas. Nazarimda, ular - oʻsha eski va qadrdon doʻstlarim edi - oʻsha boʻyinlar, oʻsha boshoqchalar, oʻsha gʻuddalar. Assalom, azizlarim!

Na’Matakning Gul Chehrasi

Na’matak, balkim bahor kelishi bilan yoshgina togʻterakning tanasiga chirmashib bordi, mana hozir togʻterak oʻzining yangi tugʻilgan farzandini - na’matakni tugʻilgan kuni bilan qutlamoqchi boʻldi, shekilli, hammayoqni qip-qizil , xushboʻy yovvoyi atirgullar bosib ketdi. Asalari va arilar gʻoʻngʻillaydi, shovqin solishadi, tukli arilar doʻrillaydi. Hamma na’matakning tugʻilgan kuni bilan tabriklashga, shunday kunda shudringlardan toʻyib-toʻyib ichmakka, uyiga asal bilan qaytmoqqa shoshiladi.

Archa Va Qayin

Archa faqat kuchli quyosh nurlarida yanada goʻzallashib ketadi. Shunda uning odatdagi qora tanasi eng quyuq, juda koʻplab yashil ranglar bilan tovlanib ketadi. Qayin esa quyosh nurida ham, kulrang kunlarda ham, yomgʻir ostida ham hamisha yoqimli va jozibasini yoʻqotmaydi.

Mening Qoʻziqorinim

Qoʻziqorinli oʻrmonda bir yalanglik ikkinchisiga butoqlar orqali qoʻl berib koʻrishishadi, mana shu butoqlardan oʻtsang, yalanglikda seni qoʻziqorining kutib oladi. Uni izlab yurma: u hamisha senga qarab turadi.

Anyutkaning Koʻzlari

Qanotlari qop-qora, yengil nafis oq hoshiyali kapalak oʻtiradi-da, toʻxtab qoladi - uchburchak deysiz. Manna shunday kichkina kapalaklar orasida hammaga juda tanish boʻlib qolgan koʻm-koʻk kapalak bor. Agar u choʻpga oʻtirsa, gulga oʻxshab qoladi. Kapalakning yonginasidan oʻtib ketasan, uni kapalak deb oʻylamaysan ham: gul bu, gul - Anyutkaning koʻzlari.

Ivan Choy

Mana, yoz ham keldi. Salqin oʻrmonda oppoq chinniday tun goʻzali xushboʻy taratadi. Kundaning oldida oftob tigʻida oʻrmonlarimizning xushsurat, xushqomat Ivan choyi oʻzining bor mahobati bilan qaddini kerdi.

Yirtqich Jonivorlar

Yirtqichlardan kim qoʻrqmaydi, deysiz. Ularni hammayam birdek suymaydi ham Hatto El orasida»u - haqiqIy yirtqich» degan ibora ham yuradi. Lekin manna shu yirtqich jonivorlarda ham tubsiz, hadsiz mehr tuygʻusi yashirinib yotibdi. Tabiatda qancha mehr-muhabbat borligi onasidan ayrilgan yirtqich bolalarini koʻrganda,ularning yashash joyi oʻzgarganda koʻrinadi.

Kichkina, hali koʻzi ochilmagan tulki bolasini uyasidan olib chiqishdi-da, uni yaqinda bolalagan ona mushuk tarbiyasiga berishdi. Mushuk uni beqiyos darajada yaxshi koʻrib qoldi, u ham mushukka erkalanar, xuddi onasiday koʻrardi.

Mushuk yana bolaladi, bolalarini olib qoʻyishdi. Boshqa mushuk oʻsha yerda - qoʻlsavatda tezda bolaladi, unga bitta bolasini qoldirishdi. Shunda ikki ona mushuk bitta mushuk bolasiga onalik qila boshlashdi. Bittasi ketsa, ikkinchisi sakrab, savatga chiqib oladi-da, onalik tuygʻusi bilan mushuk bolasini erkalaydi, toʻygʻazadi. Nafaqat boʻrilar, hatto yoʻlbarslar ham odamning koʻziga shunday mehr bilan qaray oladiki, qachonkim, unga kichikligidan inson ham onasi kabi tarbiyalagan, mehr-muhabbat berolgan boʻlsa, bu - haqiqat.

Itlarda esa barcha yirtqich jonivorlardan farqli oʻlaroq insonga mehr-muhabbat juda kuchli boʻladi. Bu muhabbat ularning qoni, xarakteriga hali koʻzlari ochilmasidan, tugʻilganlari zahotiyoq kiradi, namoyon boʻladi. Yovvoyi tabiat bagʻridan olingan itlar, balkim ona-tabiatga boʻlgan his-tuygʻuni unutganu, insonga xudi onasiday yaqinlashib, singishib, butun sadoqatini baxshida etadi. Itlarda hamma jonivorlarda va yovvoyi tabiatda mavjud boʻlgan neki muhabbat bor boʻlsa, barisi yaqqol koʻrinib turadi.

Oʻrmon Qabristoni

Oʻrmonning bir pallasini oʻtin uchun kesishga kesishdi-yu, nimagadir hammasini ham olib ketishmadi; kesilgan boʻlak-boʻlak daraxtlar qolib ketdi. Ayrim-ayrim joylarda yosh togʻteraklarning barglari yoki archalarning bir qismigina koʻrinib turardi. Kimki oʻrmon hayotini yaxshi bilsa, tushnsa, bunday kesishdan ham qiziqarliroq narsa yoʻqligiga amin boʻladi. Chunki oʻrmon - urugʻlar, donlar muhrlangan kitobdir, kesish esa - kitobning ochilgan sahifasi. Qayragʻochlarni qirqishgach, oʻrmonga quyosh bor nurlari bilan otilib kirdi, xiyol oʻtmay, ulkan oʻt-oʻlanlar boʻy koʻrsatdi. Shu paytgacha ularni qayragʻoch va archalar quyosh nuridan toʻsib turar, oʻsishiga yoʻl qaymasdi. Mayda, quyuq va shalpangquloq togʻteraklar yoʻlidagi har bir maysa, oʻt-oʻlanlarni yengib, hech narsaga qaramay, avj olib oʻsaveradilar. Togʻteraklar maysalarni qurshab olishganida, soyaparvar archa togʻteraklar qurshovida oʻsa boshlaydi, undan ham balandlab boraevardi, shuning uchun ham odatda archalar qayragʻochlarning oʻrnini bosa oladi.

Bu kesishdan soʻng oʻrmon aralash-quralash boʻlib ketganday koʻrinadi koʻzga. Ammo eng muhimi, bu yerda botqoqlangan mogʻor, poʻpapaklar bosgan dogʻlar paydo boʻlib, ular tezda jonlanib ketishadi, ular shu yerni kesishga qadar quvnoq hayot kechirishdi.

Shu kesilgan oʻrmonda hamma narsani oʻqib-uqib olsa boʻladi, uning turli - tumanligi yaqqol koʻrinadi: bu yerda oʻzining koʻm-koʻk va qip-qizil mevali moxlar, qizil va kichik yulduzchali moxlar, qip-qizil burusnikalarga sepilgan kam uchraydigan oq dogʻli yagenlar va yerniklar…

Hammayoqda qari toʻnkalarning qorongʻu joylarida ham quyosh nuri yarqirab ketdi, yosh qayragʻochlar, qayinlar, archalar yayradi. Urugʻlarning joʻshqin hayoti umidlarga toʻldi, qop-qora kundalar - qachonlardir baland va navqiron boʻlgan daraxtlarning yalangʻoch qabristonlari oʻz koʻrinishlarini zarracha oʻzgartirishmadi, ular xuddi odamlarning qabristoniga oʻxshab turishadi.

Daraxtlar turlicha - har biri oʻziga xos oʻladi. Qayin ichidan yemrilib boradi, shuning uchun uzoq vaqtgacha , qulab tushmagunicha uni oq daraxtga oʻxshatib yuramiz. Uning ichidan esa faqat chirindidarni topasiz, xolos. Bu yogʻoch labigacha suv bilan toʻlgan, ogʻir.Bu daraxtni qoʻzgʻatmoqchi yoki yonboshga yotqizmoqchi boʻlsang, balanddagi qurib qolgan daraxt boʻlaklari - shoxlari pastga qulab tushib, senga jarohat yetkazishi, hatto oʻldirishi ham mumkin. Koʻp hollarda qayin kundalari guldastaga oʻxshab turadi: faqat yolgʻiz qayin poʻstlogʻigina oq yoqaga oʻxshab ketadi, faqat ugina chirimaydi, daraxt ichida - chirindilar ichidan gullar va yangi butalar oʻsib chiqadi. Archa va qayragʻochlar qurib bitishgandan soʻng , eng avvalo, poʻstloqlarini tushirib yuboradilar, ular pastga parcha-parcha boʻlib tusha boshlaydilar, xuddi koʻylaklarday, daraxt bagʻrini toʻldirib yotadilar. Soʻngra daraxtning uch-uchlari , novdalar, va nihoyat kundaning oʻzi ham qulab tushadi.

Koʻplab gullar, qoʻziqorinlar, qirqquloqlar qachonlardir ulkan boʻlgan daraxtlarning qulashi - yoʻq boʻlib ketishiga tovon toʻlashga shoshiladilar goʻyo - uni chir aylantirib oʻrab oladilar. Ammo ulardan ham avval daraxtning oʻzi shundoq kundaning yonida yosh daraxtga aylanib, oʻsishda davom etadi. Tiniq yashil rangli , katta-katta yulduzchali , boʻlaklarga boʻlingan shoxlar daraxtning yalangʻoch tizzalarini yopmoq boʻladi, daraxt bu tizzalari Bilan qachonlardir yerga mahkam chirmashib olgan edi; manna shu shoxlar ichidan koʻpincha qoʻziqorinlar koʻrinib qolardi. Och yashil qirqquloqlar , qip-qizil zemlyanka, brusnika , koʻm- koʻk brusnikalar bu xaroba joyni qurshab oladilar. Ba’zan chirmoviqday klyukvalar ham shu kundani oralab oʻtishga harakat qiladilar, uning toʻq qizil rang olgan mevalari ingichka novdalaridagi mayda-mayda barglarga osilib, qulab tushgan toʻnkaning atrofini yanada goʻzallashtirib yuboradi.

Qorongʻu Oʻrmon

Qorongʻu oʻrmon kuyoshli yorugʻ kunda chiroy ochadi. Salqin havo, ranglar jilosi, moʻ‘jizasi. Drozd yoki oʻrmon toʻrgʻaylari jannat qoʻshiklarini aytishadi. Ular quyosh nurlarida qanotlarini yarqiratib, nurlarni kesib oʻtib, soddagina chetan daraxtlarini yashil ranglar bilan purkab oʻtishayotganda Shahrizoda ertaklari yodga tushadi .Oʻrmon chakalakzorlaridan pastga enib, daryo tomon tushganing sari oʻrmon qalinlashib boradi, salqin havo quyuqlashadi.Zarang daraxtlarning hidlari bilan toʻlgan yoʻllar oralab suv yarqirab koʻrinmaguncha, qirgʻoqda namxush qumlarni koʻrmaguningcha yullar ochib boraverasan. Yulda jimgina ketishing kerak,.chunki suv ichayotgan musichalarni choʻchitib yuboroshing mumkin. Qumlarda oyoqchalardan qolgan mitti chuqur- chuqur izlarni koʻrib zavqlanasan. Yonginangdan uchib, oʻrmon ertakchilaridan biri - tulki oʻtib ketdi…

Shuning uchun ham bu oʻrmon qorongʻu oʻrmon deb ataladi,chunki quyosh unga derazaga qaraganday qaraydi. Hamma narsalar ham birday koʻrinmaydi. Bu yerdagi boʻrsiqlar uyasi va uya oldida qattiq qoʻmilgan qumni maydalashib ,maydon qilib yuborishadi. Shundan boʻrsiqlar ham tezda koʻzga tashlanmaydi .Bu yerda ularning uyasi judayam koʻp,buni tulkilar kovlab tashlashgan koʻrinadi. Ular shu uyalarga joylashib , oladilar – da, oʻzlarining badboʻy hidlari va isqirtligi bilan boʻrsiqlarni siqib chiqaradilar.Ammo bu yer ajoyib,uni oʻzgartirishni hech kim istamaydi. Qumli qirlar,har tomonda jarliklar, ular shu qadar quchoq chakalakzorga aylanganki, hatto uni quyosh oʻzining kichkina oynasidan ham koʻrolmaydi.

Chumoli Kundasi

Oʻrmonda eski shunday kundalar borki,ular Shveytsariya qishloqlaridagi teshik-teshikli toshday oʻzlarining koʻrinishini saqlab qolgan. Biroq bunday kundalar ustida oʻtirib qolsang ,teshiklarini oʻrab turgan qalin devorlar buzilib ketadi.Oʻzingni kunda ustida osilib turganday his qilasan.Shunda asta -sekinlik bilan oʻrningdan tur, .har bir teshikning ichidan koʻplab chumolilar chiqib kelishini koʻrasan.Kavakli kunda boshdan - oyoq chumoli uyasi -chumoli kundasiga aylanib qolishiga guvoh boʻlasan .



Oʻsayotgan Oʻtloq

Oʻrmon oʻtloqlari.Qayinlar tagiga choʻkdim - nimalar koʻrinmadi ,deysiz.Bir- biriga yondoshgan archalar shu qadar qalinlashibdiki,kutilmaganda qamishli katta oʻtloqni qoplab olishibdi. Oʻtloqlarning boshqa tomonida ham shunday manzara. Archalar bir joyga toʻplanib olishib,boshqa joyga siljishni ham oʻylayotgani yoʻq. Xullas , oʻtloqlarni qalin baland boʻyli archalar oʻrab olishgan ,har bir archazor oldida -qayinlar .Katta oʻtloqlar yam-yashil doʻngliklar bilan qoplangan . Bu yerlar qachonlardir koʻrsichqonlar tomonidan qazib chiqilgan,oʻt-oʻlanlar bilan qoplangan. Koʻrsichqonlar haydab ketishgan qirlarga urugʻlar sepilib, qayinlar oʻsib chiqqan. Qayinlar ostida esa soyasevar archalar oʻsib ketmoqda. Ularni qayinlar onalik mehri bilan ayoz va jaziramadan saqlab boradi. Baland boʻyli archalar oʻzlarining farzandlari - archalarni ochiq holda oʻtloqzorlarga qoʻyib yubormay ,qayinlar qurshovida olib chiqdilar va aynan qayinlar himoyasida oʻtloqlarini yetishtiradilar.

Oʻrmon Oʻylari

Biz eski qizilishton uyasi bor togʻterakni topdik. Unda bir juft maynalar uya qurishibdi. Yana bitta eski kvadrat shaklidagi kavakni koʻrdik. Bu daraxtda uzun boʻyli yirtqichga koʻzimiz tushdi,u otilib chiqdi.

Archalarda ikkita olmaxon uyasini koʻrdik. Gullar pastga shu qadar chirmashib ketishganki,hech narsani koʻrib boʻlmaydi. Ikkita olmaxon uyasi ham archaning oʻrtasida joylashgan,shundan bilsa boʻladiki, olmaxonlar – oʻrmonning oʻrta qavatlarida. Olmaxonni pastda ham koʻrib qoldik, unchalik baland boʻlmagan daraxtga chiqishini kuzatdik.Olmaxon qish libosda edi.

Daraxt tanasida chigirtkalar ,qumursqalar aylanishar, aftidan ,bu yerda ularning uyasi bor edi. Qorovul qoraqargʻa oʻz uyasidan yarim kilometr narida qichqirib, aylanib uchib yubordi. Shitob bilan uchayotgan teterka uning izidan kelayotgan qirgʻiy yoʻlini kesib oʻtdi. Yoʻldan adashdi ,shekilli ,noxush kayfiyatda daraxtning quruq shoxlariga oʻrnashib oldi. U boshi oppoq edi.

Qizilishtonlar uyasini qoʻziqorinlarni izlagandek izlashga toʻgʻri keldi. Koʻzing,koʻz qiring yetgan joylargacha butun etiboring bilan qaraysan,hamma yoqni diqqat bilan kuzatasan- pastga va balandga. .Albatta, qizilishtonlar uyasi hamisha balandda boʻladi.Pastdan ham qizilishtonni izlash sababi -xuddi shu paytda qizilishtonlar oʻzlariga uya yasashga kirishadilar. Oʻt- oʻsayotgan yerdan koʻrinib , yuzaga chiqib turgan ochiq daraxtlarning tomirlarini choʻqilab koʻrib boshlaydilar - shundan qizilishton oʻzi uchun qayin daraxtini tanlab olganini bilib olish mumkin.Qizilishton oʻziga kerakli boʻlgan daraxtni darrov topolmaydi, mashaqqat chekadi. Biz uchratgan bu uyalar bir -biridan katta boʻlib,ular togʻterak ostida, qoʻziqorinlar moʻl-koʻl joyda boʻlardi .Buning qizilishtonga qanday foydasi bor - uni yomgʻirdan saqlaydimi yoki qoʻziqorinlar ustida daraxtni teshishi, choʻqillashi osonmi, bunisini bilolmadik hali.

Unchalik katta boʻlmagan ,qulayotgan ,chiriyotgan qayinlarning tanasidagi uyani koʻrish yanada qiziqroq tuyuladi. Uyaning balandligi toʻrt metrcha bor. Bittasi - eng tepalikda , ikkinchisi - pastroqda, qoʻziqorinlardan sal balandda edi . Bu daraxt tanasi yonida uning qulab tushgan eng baland qismi - qurigan , chirigan. Uning ichiga suv toʻlibdi .Uyani ushlab turgan daraxt tanasi mustahkam edi.Lekin silkitsang, qulab tushadiganday. Qizilishton uni uya, yashash uchun teshmagandir, ehtimol…

Xoʻjayin

Momoqaldiroqdan soʻng kutilmaganda havo sovib ketdi. Kuchli shamol boshlandi. Qaldirgʻoch va uzun qanotli qushlar uchmay qoʻyishdi ,qaylargadir gala -gala tarqalib ketishdi.

Olislarda ,turnalar balandlab -balandlab uchayotgan joyda odamsiz,eshkaksiz va yelkansiz qayiq suzib yurardi .Bittagina qayiq-kimsasiz,shu qadar vahimali koʻrinardiki , jilovdorsiz ot jarlikka borayotganday. Biz uchun xatarli koʻrinsa-da , oʻsha yerga borishga qaror qildik,. Nima roʻy berishini bilishga oshiqdik. Unga yaqinlashganimizda esa qayiqning ichidan bizga koʻrinmay turgan xoʻjayin - qayiqchi oʻrnidan turdi-da ,eshagini eshib ,toʻlqinlarni kesib suzib ketdi.

Biz xursandchiligimizdan qichqirib yuborishimizga oz qoldi. Shunday toʻlqinli dunyoda bizdan boshqa odam ham borligiga quvondik.Bu -toliqqan baliqchi edi.Uning kimligi biz uchun ahamiyatsiz, muhimi,uni koʻrish edi. Biz bunga erishdik.

Kakku

Qulab tushgan qayin ustida dam olib oʻtirgan paytlarda mening borligimni bilmay,menga yaqin joyga,kakku kelib oʻtirdi. Biroz gʻuldirib oldi-da: «Qani ,urishib koʻray-chi,nima chiqarkin?»-deganday, ku-kullashga tushdi.
-Bir! - eski odatimga koʻra,yana necha yil yashashimni bilmoqchiday sanay ketdim.
-Ikki!

U oʻzining ikkisini aytdi-yu, men oʻzimning «Uch»imni aytishga endi chogʻlangan ham edimki:
-Kuk! - dedi-yu,uchdi-ketdi.

Oʻzimning «Uch!»imni aytolmadim - nasib qilmadi. Yaxshiga oz vaqt ajratilganday tuyuldi menga. Ammo bundan xafa emasman,men yetarlicha yashadim.Achinarlisi shuki,qandaydir yillarni oʻzida qamrab turgan mana shu «Ikki»da katta,ulkan ishlarni boshlasang-u,birdan , «Kuk» - kesib yuborsa…Hammasi tugaydi! Shuning uchun yangi ish boshlash shartmikin? «Shart emas!» - deb oʻyladim hatto…

Ammo oʻrnimdan turib,qayinlarga qaradim. Koʻnglim birdan yorishib ketdi. Qulab tushgan bu ajoyib qayin umrida soʻnggi yangi bahor uchun kurtaklarini gullata boshladi.

Oʻrmon Malikasi

Shamolli, salqin va ochiq kun.Oʻrmonda «oʻrmon gʻuvillaydi». Bu shovqin -suronda pastlab, balandlab uchayotgan qushlarning oʻtli, toshqin yozgi qoʻshiqlari aniq eshitiladi.

Oʻrmonning faqat yuqorisi gʻuvillaydi. Oʻrtalikda esa yosh togʻterakzorlardan yaproqlar toʻkiladi. Mayin Yum-yumaloq barglar titraydi, shitirlaydi.Maysalar jim, atrofda - sukunat, faqatgina tukli arilar gʻoʻngʻillaydi.

Qurgʻoqchilik

Katta qurgʻoqchilik davri davom etmoqda.Daryo butunlay qurib bitgan.Qachonlardir suvga qulab tushgan, suv ustidagi koʻpriklarga aylangan daraxtlar qotib qolishgan. Qirgʻoqboʻyida oʻrdak ovlovchilar koʻrinishmaydi. Qumlarda qush va jonivorlarning yangi izlari koʻzga tashlanadi,ular bu yerga suv izlab kelishgan. Topisholmasa,boshqa joydan albatta suv topishadi.

Javdar Toʻlishmoqda

Javdar toʻlishmoqda..Jazirama. Kechga borib , quyosh nurining tolim - tolim sochlari javdarga yoyilib ketadi. Shunda har bir javdar etatlari par toʻshaklarga oʻxshab ketadi. Buning sababi -egatlarni oralab oʻtayotgan suv yoʻli tekis,ravon boʻlib ,suv hamisha mavjlanib suzardi.Shunday par toʻshakli javdarlar qiyalikda yanayam jozibali koʻrinadi.

Koʻtarilib kelayotgan quyosh nurida etatlar - par toʻshaklar shu qadar ajib ediki ,uning har biriga yetib olsang ,unga oʻxshab, mavjlanging kelardi.

Musicha

Gʻuldirayotgan musichaning sokin tovushlari oʻrmon ahliga - yaxshilikdan alomat. Hayot davom etmoqda.

Yil Oxiri

Yoz endigina boshlandi, bizda esa - yil oxiri. Agar javdar gullagan ,pishayotgan boʻlsa,oʻrim-yigʻim davri qachon boshlanishini aytish qiyin emas.

Tonggi quyosh nurlarida oq qayinlarning koʻzni qamashtiruvchi qomatlari marmar ustunlaridan ham chiroyli , oppoq koʻrinadi.Qayinlar ostida itshumurt oʻzining berakror gullarini koʻz-koʻz qilib turadi. Chetan daraxtlari chalkashib yotibdi. Malina, smorodina-qoragʻatning barglari kuchli ,toʻliq, katta -katta yashil mevalar bilan toʻlib turadi.

Kundan -kunga oʻrmonda «ku-ku»ovozi kamroq, yanada kamroq eshitilib bormoqda .Yozning xotirjam va osoyishta sukunati koʻproq va yanada koʻproq onalar va bolalarni chaqirishlariga ,chorlashlariga toʻladi. Eng kamyob hodisa - qizilishtonning gumbur -gumbur qoʻshigʻi. Uni yaqindan eshitsang qalqib tushasan va oʻylaysan «Kimdir bormikin?» Butun oʻrmondagi yashil gʻuluv ichida drozddan oʻtadigan sayroqi qush topilmaydi. U shunday ajoyib kuylaydiki ,u shu qadar yolgʻizki…Ha u hamisha butun dunyoni unutib,bir oʻzi kuylaydi. Uning qoʻshiqlari yanada jarangdor eshitiladi bizga, hammaga,borliqqa - chunki oldinda ajib kunlar ,yozning boshlanishi kutib turibdi. Biroq baribir nimalardir yoʻqday va ularni izlab topolmaysan ham. Oʻtgani oʻtdi, axir,yil tugab bormoqda.

Junjikkan Togʻteraklar

Kuzning quyoshli kunida archazorlar etagida yosh va navqiron togʻteraklar toʻplanishdi.Ular bir-biriga shunday yaqin, shunday qalin edilarki ,goʻyo archazorda sovqotib qolishganday. Shuning uchun ham oʻrmon etagiga chiqib,isinishardi - qishloq odamlari quyosh chiqqan kunlarda nurab tushgan joylarda isinishga chiqqanlari kabi!

Kuzgi Shudringlar

Kuz kirib keldi.Pashshalar shiftga uriladi.Chumchuqlar gala-galashadi.Boʻm–boʻsh dalalarda - quzgʻunlar.Zagʻizgʻonlar yurgan yoʻllariga urugʻ qadab ketishmoqda. Shudringlar muzday,kulrang.Boshqacha koʻringan bu shudring kun boʻyi bir yaproqning boʻm- boʻsh bargida yarqirab turadi.

Kuz

Erta tongdan quvonchlari ichiga sigʻmay gʻozlar tumshuqlarini taqillata boshlashadi - daraxt poʻstloqlaridan paypoqlar toʻqiy boshlashadi.

Qoʻziqorin balandlagandan balandlaydi.

Xazonbarglar

Quyuq archazor ichidan qayin tagida turgan quyon chiqib ketdi va toʻxtadi, u katta oʻtloqzorni koʻrib qoldi. U tomonga toʻgʻridan-toʻgʻri borishga jurat etolmadi, butun oʻtloqzorni aylanib ,qayindan- qayinga oʻtib bordi.Mana u yana toʻxtadi,quloq soldi…Kimki oʻrmonga kirishdan qoʻrqib tursa, yaxshisi kirmasin, ayniqsa, barglar toʻlishib,bir-biriga shivirlayotgan damlarda.Quyon tinglamoqda. Albatta ,qoʻrqoq quyon ham oʻzida kuch topib ,orqaga qaramaslikka harakat qiladi, ammo bu yerda boshqacha hodisa roʻy berishi ham mumkin. Demak,sen qoʻrqmading, toʻkilayotgan yaproqlar aldoviga uchmading,ishonmading. Xuddi shundan foydalanib, kimdir orqangdan keladi-da,shovqin ichida seni tishlari bilan mahkam ushlab oladiganday...

Ketayotgan Kuz

Kelayotganimizda javdar tillanayotganini koʻrdim.Ortga qaytayapman. Javdar pishib, odamlar dasturxonini toʻldirdi .Yangilari esa yashillanib kelmoqda.Oʻshanda oʻrmon daraxtlari yam-yashil rangga kirgan boʻlsa,endi har biri oʻzga olamga aylangan. Ha,kuz hamisha shunday.U hamma daraxtlardan birdaniga emas,birma bir yaproqlarini terib oladi. Har biriga biroz boʻlsa-da, oʻzi bilan oʻzi qolishga ,oʻzi bilan oʻzi zavqlanishga imkon beradi.

Shudring

Dalalar, oʻtloqlar, suvlardan tuman koʻtarildi va samoviy ranglar suzib oʻtdi,biroq oʻrmonda tuman uzoq vaqt ushlanib qoldi.Quyosh balandlab boradi,uning nurlari oʻrmon tumanlari ichidan changalzorlarning eng qalin, eng olis joylariga ham kirib boradi.Ular shu chakalakzorlardan aniq koʻrinib turadi,ularga tik qarash ham mumkin.

Tuman oʻrmonning yashil soʻqmoqlarida dadil suzmoqda, tuman hamma yerda kezmoqda.Suv pufakchalari barglarga, ,archa ninabarglariga,oʻrgimchak uyasiga,gelegraf simlariga oʻrnashib olgan.Quyosh koʻtarilib borgan sari havo iliqlashadi va telegraf simlaridagi tomchilar birdan sizib tushib ketmaydi.Daraxtlardan tomchilar sizib tushmoqda.

Nihoyat ,quyosh telegraf simlarini qizdira boshlaydi. Katta-katta kamalak tomchilar yerga tushadi. Oʻrmonda ham shunday boʻldi - yomgʻir emas, balki sevinch yoshlari shovullab toʻkilyapti.Ayniqsa, togʻteraklarning hayajoni oʻzgacha - balanddan tushayotgan har bir tomchi barglarda jaranglab ketar, pastga tushgan sari tovlanib,shamolsiz kunda ham togʻteraklar titranib-titranib ketishadi.

Baland - balandda oʻrgimchak uyalari koʻrinadi, oʻrgimchaklar oʻzlarining soʻnggi signal beruvchi iplarini sudrashadi.Qizilishton archani taqillata boshlaydi,drozd esa chetan daraxtlarini choʻqilaydi.

Shamolli Kun

Mayin shamol ovchilar bilan tillashishni qiyinlashtiradi. Ovchilar bir-biri bilan quvonchli voqealarni sezib yashayotganday suhbatlashishadi. Gapirsa ham, sukut saqlasa ham boʻladi: suhbat va sukut ovchilarda yengil kechadi. Ba’zan ovchi nimanidir hayajonlanib soʻzlab ketayotganida osmonda nimadir yilt etib koʻrinadi va ovchining xayoli oʻsha tomonga ketadi.Soʻngra : «Men nima haqda soʻzlayotgandim?» -deydi. Hech narsa esiga kelmaydi. Hechqisi yoʻq, boshqasidan boshlasa boʻladi. Kuzgi shamoli ham shunday-doimo nimanidir shivirlab boshlaydi-da, oxiriga yetkazmay turib,yangisidan soʻz ochadi. Yosh teterevkalarning gʻuldirashi eshitildi-yu, tindi. Turnalar qur -qurlari avjiga chiqdi.

Yangi Maysalar

Osmon ikki tusga kirdi, bulutlar turli tomonga tarqalib, ikki kunlik yomgʻirga aylandi .Biroq quyosh ertalabdan nur socha boshladi.U osmonning bunday qiliqlariga parvo ham qilmaydi.Men ovga kamera bilan chiqdim, yerdan chiqqan javdarning maysalari askardek tizilib turardi. Har bir askar boshdan-oyoq qirmizi rangda, qoʻlidagi qalqoni - yashil, har bir qalqonda yum-yumaloq tomchilar tovlanar, ular quyoshda kamalak tus olar, olmosdek yarqirardi .Men kamerani olib,olis - olislarni,har bir askar maysani kuzata boshladim.Koʻz oldimda yashil qalqonli qirmizi koʻylakli askarlar quyoshga tik qarab turishar,ulardan koʻz uzolmadim-naqadar ajoyib manzara! Zavqim oshib,erga yonboshlab oldim-da, maysalarni suratga ola boshladim.

Biroq suratga olish koʻngildagidek chiqmayotgan edi.Axir ,qizil koʻylakli askarlar toʻq rangda chiqishi, yer bilan uygʻunlashib ketishi,brusnikadagi shudringlar esa oxirgi planga turishi kerak edi. Men yerga yotib, yonboshlab suratga olmaganimda, yangi maysalar - yashil qalqon qirmizi koʻylakli askarlarni koʻrmagan boʻlardim.

Eng Soʻnggi Gullar

Ayozli tun. Tongda dalada omon qolgan qoʻngʻiroq gullar uyumini koʻrdim. Ularning birini ustida tukli ari oʻtirardi.Men qoʻngʻiroqgulni sugʻurib oldim,ari uchib ketmadi.Arini silkitgan edim ,u yerga tushdi.Men uni quyosh nuri tushib turgan ochiq yerga qoʻydim,jonlandi Oʻzini oʻnglab oldi – da, .uchib ketdi.Qisqichbaqa boʻynida ham oʻsha tunda qizil ninachi yopishib qolgan ekan. Mening koʻz oʻngimda quyosh nurlaridan jonlanib,oʻziga kelib, uchib ketdi.Oyoq ostidan koʻplab chigirtkalar oʻrmalab chiqa boshlashdi,ular orasida koʻringan treskunalar moviy va och-qizil ranglarda tovlanib,shiddat bilan osmonga koʻtarildi.

Pahlavon

Chumolilar haydab tashlagan yerning yuzasi brusnikalar bilan qoplangan, oʻt-oʻlanlar orasida qoʻziqorin tugʻildi.U yumshoq shlyapasini boshiga qoʻndirib,boshi uzra bir oʻram brusnikani ozod koʻtardi va yorugʻlikda oppoq boʻlib koʻrindi.

Qayinlar

Qishda qayinlar ninabargli oʻrmonlarda chirib ketishadi.Bahorda esa barglari yashnab, shitirlab, qorongʻu oʻrmondan oʻrmon etagiga chiqishadi.Bu manzara qayin barglari qoraymaguncha davom yetadi va nina barglilar bilan rang talashmaydi.Kuzda qayinlar biz bilan tilla ranglarda xayrlashadi.

Parashut

Sukunat.Maysalarga chiqolmagan chigirtkalar bir-birlarining quloqlariga tanbur chertishmoqda: Baland archalarning oldini kesib oʻtgan qayinlardan sap-sariq yaproq uchib tushdi.U sukunat ichidan sirgʻalib tushdi,holbuki,togʻterak barglari qimirlamay turishardi. Nazarimda,bargning shitirlashi hammaning etiborini oʻziga tortdi va archalar, qayinlar va qayrogʻochlarning barglari, shox-shabbalari, butoqlari ostidagi oʻt-oʻlanlar ham hayratga tushib ,soʻrashdi: «Shunday sukunatda u qanday qilib joyidan qoʻzgʻaldi va uchib tushdi?» Barg oʻzi istab qoʻzgʻaldimi - yoʻqmi bilish uchun bargning yoniga bordim va bilib oldim. Yoʻq, u oʻzidan-oʻzi uchib tushmagan ekan. Oʻrgimchak pastga tushib unga yopishib olibdi-da, parashyutiga aylantiribdi. Koʻp oʻtmay, unchalik katta boʻlmagan oʻrgimchak uyasi osilib tushdi.

Qizarayotgan Chetan Daraxti

Shudringlari siyrak tong. Kesilgan daraxtlarda oʻrgimchak uyalari koʻrinmaydi. Jimjitlik. Drozdlar, jelkalar ,toʻrgʻaylar ovozi keladi.Chetan daraxtlari toboro qizarib ,qayinlar sargʻish tus olmoqda. Maysalar uzra oppoq,kichkina kapalaklar uchib yuribdi.

Ilk Yoz

Tiniq oy nurlariga choʻmilib,tun ham oʻtdi. Tongning ilk ayozi boshlandi.Hamma yoq kulrang,ammo koʻlmaklar hali muzlamagan.Quyosh chiqib,chor - atrofni isitgandek daraxtlar va maysalarga shudringlar shiraday qalin yogʻildi. Qorongʻu oʻrmondagi archalarning shoxlari ham yarqirab koʻrinar ,bunday olmoslarni yer yuzidan topish amri maholday.Ayniqsa, malika qayrogʻoch boshdan-oyoq olmoslarga koʻmilib turibdi.Bunday goʻzallikdan borligʻimga zavq yoyildi.Sadoqatli itim ham bagʻrimga otildi-sevinchdanmi,hayratdan….

Hayot Uchun Kurash

Qayinlar soʻnggi oltin barglarini archalar ustiga koʻmayotgan payt.Men soʻqmoqlarda oqayotgan xazonlar ovozini ham kuzataman ,ularni quyosh nuri erkalab oʻtmoqda.Zavqlanib, adogʻi yoʻqday koʻringan oʻrmon soʻqmogʻidan ketaveraman.Shunda oʻrmon menga -dengizday, etaklari - qirgʻoqday,oʻtloqzorlari –orolday boʻlib tuyuladi.Shu orolda bir-biriga yaqin oʻsayotgan archalarning butun hayoti,nazarimda,yuqorida kechmoqda edi.U yerda - gʻuddalarga koʻmilib,olmaxonlar, klestlar davr surishmoqda, Yana menga nomalum qanchadan-qancha jonivorlar ham gʻimirlab yurishibdi. Archa tagida - pastda esa qorongʻu yoʻlaklar,zim-ziyo.Yursangiz,faqat poʻstloqlar ichini koʻrasiz.

Har bir jonivorga mehr hissi bilan boqsang,bu yerda qiziqarli kitobni oʻqishing mumkin.Hech boʻlmaganda, klestlar va olmaxonlar tishlarida pastga olib tushayotgan archa urugʻlarini oling.Qachonlardir shunday urugʻlardan biri qayin va ulkan yalangʻoch ildizlar orasiga toʻlish qolgan. Archa qayinlar qurshovida quyosh olovi va ayozlardan oʻzini saqlab,oʻsa boshladi.Qayin ildizlarini oralab,pastga tushib bordim.U yerda yangi qayin ildizlariga duch keldim, qarasam,uning oʻsishi uchun joy qolmabdi.Shunda u oʻzining tomirchalarini qayin ildizlaridan ham balandga koʻtaribdi va ulardan oʻzib ketibdi. Boshqa tomirdan oʻtib,boʻy choʻzibdi.Hozir bu archa qayinlarni ham ortda qoldirib, u bilan yonma-yon ildizlarga chirmashib ketib turibdi.

Olmaxonlar

Tongdan archalarning turli tomonlaridan chiqib kelayotgan olmaxonlarni izlaymiz.Osmon shu qadar ogʻir va pastki,goʻyoki ularni shu archalar ushlab turganday.Yashillik oʻrmonni, gʻuddalarni egallab olgan, agar ularda hosil moʻlmi ,demak, olmaxonlar ham yoʻq.

Archazorda shunday archalar ham borki,goʻyo ularning tojlarini kimdir ataylab tarab qoʻyganday,jingalak sochlilari ham uchraydi. Navqiron va yosh archalar yonida keksayib qolganlari soqollarini silkitib turishibdi. Judayam qartayib ketgan bu archa joyidan qimirlamaydi.Har bir shoxida och yashil rangli soqoli bor ,ammo uning tepasidagi mevalarga butun bir ombor toʻladi. Uning bir shoxi titrab ketdi.Olmaxon meni koʻrdi,shekilli ,qotib qoldi.Men kuzayotgan ,yonida turganim-qari daraxtning bir tomoni kuyib ketgan, chuqur idishday keng Yum-yumaloq oʻrada turibdi.Men parli barglarni qazib oldim. Qop-qora ,kuya bosgan yer koʻrinib qoldi.Men shunda daraxt tomirlarining pastki qismi kuyib ketganini angladim va men oʻra -idishning kelib chiqish sabablarini tushundim.Oʻtgan yili qishda bu oʻrmonda ovchi suvsar izidan yoʻlga tushgan.Suvsar esa balandda yurganga oʻxshab,daraxtlarni tagiga sakrab oʻtgan,oʻzidan shoxlarida qorli izlar qoldirgan. Qimmatbaho suvsarni ovlash ishtiyoqi ovchini tinch qoʻymadi,kech tushdi va ovchi oʻrmonda tunashga qaror qildi.

Men hozir yonida turgan daraxt tagida ulkan chumoli uyasi boʻlgan,ehtimol ,shu oʻrmondagi eng boy chumolilar saltanati ham shu uya boʻlgandir.Ovchi daraxt tagini qorlardan yaxshilab tozalagan va oʻt yoqqan. Undan issiq kul qolgan.Ovchi shu issiq joyiga oʻrnashib olibdi-da,uyquga ketibdi va tong bilan yana suvsarning izidan yoʻlga tushibdi.

Bahorda bu chuqurlikka suv, qayinlardan uchib tushgan yaproqlar toʻldirgan. Ustidan olmaxon

Gʻuddalarining urugʻlari unib chiqqan. Men ana oʻsha olmaxonni izlab keldim.

Olmaxonning chiqishini kutarkanman,kitobimga chumolilar uyasi haqida nimadir yozmoqchi boʻldim.Ovoz chiqarmay ,asta-sekinlik bilan sumkamdan kitob va qalamimni oldim .Bu chumolilar uyasi shu oʻrmondagi eng katta saltanat - xuddi Xitoy singari! - boʻlganini yoza boshladim. «Xitoy»soʻzini yozishim bilan kitob ustiga balanddan gʻuddalar urugʻi sochilib tushdi.Yuqorida -boshim uzra archa gʻuddalari ustida olmaxon turardi.U yashirinib olgan, men tirikmanmi -oʻlikmi bilish ishtiyoqi qiynardi uni.Men goʻyo daraxtga oʻxshab qimirlamay turar,unga xavfsizday edim.Ehtimol, u urugʻlarni men tomonga ataylabdan otib yuborgandir.Uning qiziqishi ortib borar , hech narsani bilmas,hech qayoqqa ketmasligi aniq. Men oʻsha ulkan saltanat haqida yozishni davom ettirardim, bu saltanat chumolilarning katta mehnati tufayli yuzaga kelgan edi,axir! Nima boʻldi?Katta maxluq keldi-yu, hammasi tugadi va butun saltanat kulga aylandi. Shu payt olmaxon men tomonga gʻuddalarni otib yubordi. Qoʻlimdagi kitobni tushirib yuborishiga sal qoldi.Men olmaxonni koʻz qirim bilan kuzata boshladim.U asta - sekin shoxlardan - shoxlarga tushar ,menga tobora yaqinlashar ,elkam osha qarab turganday, nima qilayotganimni koʻrmoqchiday.Jinnivoy, mening satrlarimda bir maxluq chumolilar saltanatini siqib yuborib ,ustiga tuproq tortib, butun bir saltanatni yoʻq qilib yubordi-ku!

Oʻtgan safar ham men olmaxonga qarab oʻq uzganimda yonma-yon turgan uchta archalardan gʻuddalar shovdirab yerga tushgan edi, natijada olmaxonlar oʻzlarining qaerda ekanliklarini sezdirib qoʻyishganini anglash qiyin emas edi.

Biz «Moskva chekkalaridagi tayga»da olmaxonlar ortidan noyabr oyida soat ikkidan to kech tushgacha oʻn bir kun davomida quvib yuramiz. Bu soatlarda ular daraxtdan - daraxtlarga koʻchishadi, sakrashadi.Soat ikkiga qadar esa olmaxon shoxlarga yaxshilab oʻrnashib oladi - da ,bizga koʻrinmas qalin joyda qoʻllari bilan oʻzini yuvadi, tozalaydi.Bu paytda biz ovga chiqmaymiz.

Odam Soyasi

Gʻira -shira tong. Oy atrofni yorishtirib turibdi.Hali Sharq qorongʻu.Baribir,quyosh nurlari koʻtarilib ketgani sari oy ostida moviyrang yalangliklar yoyilib ketadi.

Koʻl muzlik bilan qoplanganday,ammo gʻalati va asabiy ruhda tarqaldi tuman.Qishloq tomonlarda xoʻrozlar va oqqushlarning qiyqiriqlari eshitiladi.

Men uquvsiz musiqachiman, ammo ,nazarimda, oqqushlar ovozi baland oq tovus, baland uchgan turnalar qiyqiriqlariga juda oʻxshadi.Ular tong yorishishi bilan botqiqliklarga ham nur chorlashayotgandek. Oq tovusniki pastroq, gʻozlarnikidek -gʻuldir-gʻuldir,gʻala-gʻovur.

Ehtimol,oy nuridan yoki tong yogʻdularidandir,moviy yalangliklarda, balandda butun osmonni qoplab olgan quzgʻunlar va zagʻchalarni koʻrdim.Quzgʻunlar oldindan moʻljalni olib borishar, zagʻchalar ularning izidan qolishmasdi.Nima uchun zagʻchalar quzgʻunlar izidan qolmay uchishlarini qanday bilsa boʻladi? Men dunyodagi hamma narsa aslida malum -u,faqat men bechora hech narsani bilmayman,deb oʻylagan paytlarim ham boʻlgan.Keyinroq anglashimcha, tirik tabiatning eng oddiy sirini olimlar ham bilmasligi mumkin ekan.

Biz yaqindagina bildikki,bizning ayrim qora qargʻalar ham koʻchmanchi ekan. Nima uchun zagʻchalarning ayrimlari quzgʻunlar bilan birga uchib ketisholmaydi? – deb oʻylayman hamon…

Tonggi shamol turdi va u mening archamni yiqitdi. U dalaning oʻrtasida boʻlib, u orqali gʻozlar suzib oʻtishi mumkin edi. Men archani yana tiklab qoʻymoqchi boʻldim, ammo shu payt - men ishimni tugatdim hamki, gʻozlar koʻrindi. Men archani aylanib oʻtdim-da, gʻozlardan berkindim. Biroq ular bir necha marta aylanib oʻtdilar-da, archaga shubha bilan qarashganday yaqin kelishmadi. Uzoqqa uchib ketishdi. Dubovets yaqiniga oʻrnashib olishdi. Men ularga dala oʻrtasidagi tolning katta-katta butoqlari oralab, yaqinlashmoqchi boʻldim. Oʻrim-yigʻimdan boʻshagan dalada oppoq ayoz hukmron, mening soyam shu yupqa muzliklarga tushib, mendan oldinga siljir, men esa buni ancha vaqtgacha sezmabman ham. Birdan mendan oldinda ketayotgan ulkan, qoʻrqinchli nimadir gʻozlarga yaqinlashib borardi. Odamning qoʻrqinchli soyasi oppoq ayozda - muzlikda titrab ketdi, gʻozlarda sarosimalik boshlandi. Kutilmaganda ular - ikki yuzta ovoz - Urra! dan kam emas! - hujumga otilganday men oʻtirgan butoqqa tashlanishdi. Men butoqning ichiga kirib olishga, oʻzimni yonimda turgan daraxt tanasi bilan yashirishga zoʻrgʻa ulgurdim…

Boʻrsiq

Oʻtgan yili shu paytlar yer oppoq edi, bu yil esa kuz uzoq turib qoldi. Qop-qora tuproqda oppoq quyonlarning yurgani, yotganlari uzoqlardan ham koʻrinib turadi. Mana, hozir kimlarga ogʻir! Faqat kulrang boʻrsiq hech nimadan qoʻrqmasa ham boʻladi. Nazarimda, boʻrsiqlar shu atrofda yurishibdi.Ular qanday semirib ketganini koʻrsangiz edi! Ularning uyalarini kuzatishga harakat qilaman. Bunday qorongʻu damlar archazorlarda hamisha ham oʻzing istagan sukunat va oromni topa olmaysan. Bizning devor bilan oʻralgan xonalarimizda topilmaydigan goho gʻamgʻin , goho zavqli mavsumlar bu yerda tinim bilmay harakatlanadi. Bu harakat borliqqa rang va quvonchlar olib keladi.

Boʻrsiqlar yashaydigan chuqur jarlik shu qadar tikki, u yerga chiqmoqchi boʻlsang, qumliklardagi boʻrsiq izlari yonida sening ham qoʻllaring izlari qolishi aniq. Men eski archaning tanasida oʻtirgan kuyi asosiy uyani kuzata boshlayman. Olmaxon qishga tayyorgarlikni boshlab, daraxt poʻstlarini taxlamloqda. Shu payt atrofni sukunat qopladi. Bu sukunatni eshitgan har qanday ovchi boʻrsiqlar uyasini soatlab kuzatib oʻtirishdan zerikmaydi, aksincha, ishtiyoqi oshadi.

Archalarga osilib turganday koʻringan bu ogʻir osmonda quyosh hali-veri chiqay demaydi. Biroq boʻrsiqlar quyosh qachon chiqib, qachon botishini uyasida oʻtirib, uyasidan chiqmay ham biladi. Ular quyosh botgach, oʻzining qorongʻu uyasidan chiqib, atrofga qaraydi va oʻta ehtiyotkorlik bilan tungi ovga chiqadi. Bir necha bor atrofni hidlab, pishqirib, birdan yashirinib oladi va odamni hayratga soluvchi epchillik , chaqqonlik bilan sakrab, oldga intiladi. Ovchi uni ilgʻab ham qololmaydi. Shuning uchun tong otishi oldidan chiqqan ma’qul - boʻrsiq ovdan qaytmoqda. Bunday paytda u shunchaki yurib keladi, shovqin-suron koʻtarmaydi. Biroq qish yaqinlashib kelayotgan paytda boʻrsiqni har doim ham koʻrib, tutib boʻlmaydi. Negaki, u har kuni chiqmaydi. Kechasi bilan behuda kutganing, kun boʻyi uyquga ketganing qoladi, xolos.

Daraxtlar tanasi yumshoq emas, oʻtiraverib, oyoqlaring, tanang qotib qoladi. Biroq boʻrsiq koʻrinishi bilan barcha ogʻriqlaring unutiladi, atrof yorishib ketganday tuyuladi. Uning tumshuqlari bir koʻrindi-yu, yana yashirinib oldi. Yarim soatdan soʻng yana chiqdi va oʻylab koʻrdi-da, uyasiga butunlay kirib oldi.

Shu kirganicha qaytib chiqmadi. Men oʻrmonchinikiga yetmay turib, oq pashshalar uchib oʻtishdi. Nahotki boʻrsiq uyasidan chiqmay ham, faqatgina tumshugʻini chiqaribgina ularni hidini olgan boʻlsa?! Ishonging kelmaydi, lekin bu -haqiqat.

Ivan Va Mariya

Kech kuz havosi ba’zan ertagi bahorga oʻxshab ketadi: bir tomon - oppoq qor, bir tomon - qoraygan tuproq. Faqat bahorda hammayoqdan tuproq hidi, kuzda esa qor hidi ufuradi. Bu oʻzgarishlarga biz birdan va tabiiy koʻnikamiz, shunday boʻlishi kerakday- qishda-qorga, bahorda - yer hidiga, yozda - tuproq taftiga, kuzda - yana qor hidiga.

Quyosh har zamonda bir koʻrinib, shunday zavqli onlarni in’om qilib ketadiki, tasavvur qilish qiyin! Shunda koʻzlarimizga shamollardan omon qolgan tol barglari yoki shundoq oyogʻimiz ostida jilmayib turgan koʻm-koʻk gullar urinadi,dilimizni nurlantirib yuboradi.

Koʻm-koʻk gulga qarab, hayratlanaman. Unda Ivanni koʻraman. Yolgʻiz shu Ivangina tirik qolibdi. Bu bizning ma’lum va mashhur gulimiz - Ivan va Mariya!

Toʻgʻrisini aytsam, Ivan haqiqiy gul emas. U juda koʻplab mayda-mayda jingala bargchalardan iborat.Haqiqiy gul bu - onalik va otalik gullari sargʻish tus olib, tovlanib turgan oltinrang Mariya. Bu aynan Mariyadan tushgan kuzgi urugʻlar, ular yana yil boʻyi yerni qoplab olishadi. Mariyaning yumushi ogʻirroq. Shuning uchun ham u Ivandan avvalroq yerga tushadi.

Menga esa Ivanning ayozlarga dosh berib, koʻm-koʻklashib ketgani yoqadi. Kech kuzning moviyrang gulini nigohlarim bilan kuzatar ekanman, ohista soʻrayman:
— Ivan, hoy, Ivan! Mariyang qaerda?

Tuman

Yulduzli va kamdan-kam uchraydigan iliq tun. Tong yorishay-yorishay deganda eshik oldidagi zinapoyaga chiqdim. Yolgʻiz tomchini tomdan yerga tushganini eshitdim. Quyosh nurlari chiqar-chiqmas hammayoqni tuman bosdi va biz cheki yoʻq tuman dengizining qirgʻoqlariga kelib qoldik.

Ilk yorugʻlik nurlari tarqalishining bebaho va sirli damlarida bargsiz daraxtlar taram-taram boʻlib turishadi, qayinlar boshdan-oyoq, togʻterak va zarang daraxtlarining eng baland joylari taralganday. Men ayozning tugʻilishiga guvoh boʻldim. U qanday qilib sargʻaygan, qurigan daraxtlarni sovurib, oppoq rangga boʻyaganini, koʻlmaklar yuziga yupqa oynalar tortganini koʻrdim.

Quyoshning chiqib kelishida bulutlarda oʻsha qirgʻoq qiyofasi koʻrindi va osmonda osilib qoldi. Quyosh nurlarida tumanni sizib oʻtib, nihoyat koʻl koʻrindi. Nur bilan toʻlib turgan tumanda hamma narsa boʻrtgan holda koʻrinardi: yovvoyi oʻrdaklar hujumga shaylangan armiyaday saf tortib, oqqushlar esa ertaklardan chiqqan suv ichidagi oppoq toshli shaharga oʻxshab toʻplanib turishardi.

Uyasidan chiqib, balandlarga muhim ishi borday sayroqi qush uchib keldi, bu tasodif emas ekan. Boshqa tomonlardan ham shu yoʻnalishda qator-qator yoʻldoshlari kelib boshladi. Men koʻlning yonidagi botqoqlikka yetganimda ularning katta galasini koʻrdim. Ba’zilari daraxtlarda oʻtirar, koʻpchiligi doʻngliklarda yugurar, sakrashar, bahordagiday bir-birlarini chaqirishardi.

Faqat mana shunday tiniq koʻm-koʻk ayozli kundagina erta bahorning ilk kunlarini farqlay olish mumkin edi. Yuragingning tub-tubida hali bahorgacha uzoqligini his etib turasan, uning sevinchlarini xotirjamlik bilan kutasan. Nimadir yuragingni, ruhingni, borligʻingni ogʻritib oʻtsa-da, bu ogʻriqlar seni quvontiradi - oʻtib ketdi-ku, deysan! Shunda gʻamgʻin oʻylarga botasan. Axir dard emas, hayot, Vaqt oʻtib ketdi-ku…

Kirib kelayotgan ulkan ayozli kunda koʻl butunlay muzli oynaga aylandi. Har kun oynadagi qora suvlar siqilib-siqilib, oppoq qirgʻoqlarga singib bordi. Endi koʻl tip-tiniq, oʻzi-da bundan quvondi. Togʻlardan bahordagiday oqimlar shovqin-suron solib tushishdi. Biroq quyosh yuzini bulutlar toʻsgach, uning nurlari tufayligina suv ham, yovvoyi oʻrdaklar ham armiyasi ham , oqqushlar shahari ham yaqqol koʻrindi. Tuman yana hamma narsani yopib tashladi, koʻl ham koʻrinmay qoldi. Yana osmonda osilib turgan oqimlar qoldi, xolos.

Kuzgi Yaproqlar

Quyosh chiqishi oldidan oʻtloqzorga birinchi ayoz tushdi. Yashirinib, bir chekkadan kuzatsang, nimalar roʻy bermaydi oʻtloqzorda! Gʻira-shira tongda bu yerga koʻzga koʻrinmas oʻrmon jonzotlari kelishadi va butun oʻtloqzor boʻylab oppoq boʻz matolarni yoyib chiqishadi. Quyoshning ilk nurlari bu matolarni yigʻib oladi va oppoq ranglarni yashillik egallaydi. Oqlik asta-sekinlik bilan yoʻqola boshlaydi, faqat daraxtlar soyasida va doʻngliklardagina bu oppoq qiyiqlar ancha vaqtgacha saqlanib turadi.

Moviy osmon bilan oltinrang daraxtlar oʻrtasida nimalar roʻy berayotganiga tushunmaysan. Shamol barglarni olis-olislarga olib ketadi yoki mayda qushchalar gala-gala yigʻilishadi-da, uzoqdagi issiq oʻlkalarga yoʻl olishadi.

Shamol - gʻamhoʻr xoʻjayin. Yoz boʻyi tinmaydi - hamma joyni kezib, koʻrib chiqadi. U tanimagan, bilmagan bargning oʻzi qolmaydi. Kuzda esa bu gʻamhoʻr xoʻjayin hammasini yigʻib oladi.

Barglar toʻkiladi. Shivir-shivirlarida - vido, abadiy vido. Ularning hayoti shunday qurilgan: qadrdon, tugʻilgan makoningdan ayrildingmi, vidolash, jon bermoqdasan, axir!...

Kechikkan Kuz

Buralib-buralib borayotgan tor yoʻlday kuz uzayib bordi. Hali ayoz, hali yomgʻir. Birdaniga qishdagiday qor, ortidan izgʻirin hammayoqni supurib, muzlatib ketadi. Yana quyosh, yana iliqlik va yashillim boshlanadi. Olislarda, oʻrmonning chetida qayin oltin barglarini tovlantirib turibdi. U muzlab qolgan, shu koʻyi qimirlamaydi. Shamol uning barglarini bitta qoʻymay yulib olibdi.

Kechikkan kuz. Chetan daraxtlari ayozdan tirishib turishibdi - «shirinlashib ketishgan».Kechikkan kuz erta kelgan bahorga shu qadar oʻxshashib ketadiki, ularning farqini bilib olgach, oʻylayman: «Bu qishdan chiqsam, koʻklamga yetsam, armonim qolmasdi».

Shunda hayotda hammasi qanday boʻlsa, shunday boʻlishi kerakligi haqida oʻylab qolasan; oʻzingni oʻzing anglab, toblab borishing, ter toʻkishing , shundan soʻnggina quvonishga haqli ekanligingni sezishing, his qilishing kerak. « Ninachi va chumoli» masali esga tushadi, chumolining qat’iyatli soʻzlari jaranglaydi quloqlaring ostida: « Qilgan ishing kuylash, endi borib, oʻz kuyingga oʻzing raqsga tush». Erta bahorda ham yana shunday beminnat quvonchlar kutasan; bahor kelib, u bilan birga tirilasan, ninachiday chumoli haqida, aytganlari haqida oʻylab ham oʻtirmaysan.

Ildam Oyoq

Ikki soy oraligʻidagi bu yalanglikda yaqindagina oppoq qoʻziqorinlarni koʻrgan edim. U hozir oppoq. Har kuni ustiga oppoq dasturxon yoziladi; hattoki qip-qizil chetan daraxti ham ayoz bilan qoplangan. Katta sokin irmoqlar muzlagan, kichkina ildam oyoq irmoqchalar esa tinim bilmaydi.

Oʻrmon Daraxtlari

Birinchi qor. Oʻrmon qanchalik tinch va iliq boʻlmasin, erimaydi. Daraxtlar oppoq qor bilan burkangan, qoʻllari osilib turibdi. Qayinlar qaddini bukib, yerga qadar egilib turishibdi va yumaloq arklarga oʻxshab qolishgan. Daraxtlar ham odamlarga oʻxshaydi. Archa qancha ogʻirlik boʻlsa, sinib ketsa ketadiki, koʻtaradi, ammo egilmaydi; qayinlar yelkasiga ogʻirlik tushdimi, tamom, darrov qadlarini bukishadi. Archa boshida savlat toʻkib turgan gʻoʻshshalari bilan oʻzini shohday sezsa, qayin koʻz yosh toʻkadi.

Oʻrmondagi qorli sukunatda qor ichidan koʻrinib turgan figuralar shunday aniq koʻzga tashlanadiki, gʻalati boʻlib ketasan: « Nimaga ular bir-biriga hech narsa deyishmaydi, faqat meni koʻrib, mendan tortinib turishibdimi?» Qor uchqunlayotganda qorli uchqunlarning shiviri eshitasan, ular oʻsha gʻaroyib figuralar bilan sirlashayotganday…

Asir Tushgan Daraxtlar

Daraxt boshidagi gʻoʻshshalar kaftday ochilib, yogʻayotgan qorlarni terib olardi, shundan shunday guvala paydo boʻladiki, qayin tepasi mayisha boshlaydi. Iliq havoda ham qor yogʻdi, hammayoqqa singdi. Boshida gʻuvala koʻtarib, daraxtlar arklari bilan enkayib qolishdi. Guvalalar qor bilan shu qadar qalin qoplanishdiki, qor yer bilan bitta boʻlib, bahor kelgungacha qimirlamadi. Bu arklar tagiga ham qish boʻyi jonivorlar va ahyon-ahyon changʻidagi odamlar kelib-ketib turishardi. Magʻrur archalar yonidagi boshlari egilib turgan qayinlarga odamlarga oʻxshab, qoʻl ostidagilarga buyruq bermoqchiday qarab turadi.

Bahorda qishdan omon chiqqan qayinlar yana archalar bilan yonma-yon tik turishar, qaddi bukchayib qolganlari qishda ham , yozda ham archalar orasida qolaversa boʻlardi-yu ammo bukildingmi, hammasi tamom! Yengilgina qorga ham dosh berolmay, yildan-yilga arklari kichrayib, yerga tortib, maysalar ustiga qulab tushib boradi.

Qorli qishda yosh oʻrmonga kirib borish vahimali; kirib ham boʻlmaydi. Yozda men yurgan oʻsha keng yoʻllarga egilgan daraxtlar yotib olishgan, ular shu qadar pastki, u yerdan faqat quyonlar chopib oʻta olishadi. Biroq men bu yerdan oʻtishning oddiy va ajoyib yoʻlini bilaman, shunda bemalol belni bukmasdan ham oʻtsa boʻladi. Qoʻlimga mustahkam xipchinni olaman-da, u bilan qarsillatib, egilib turgan daraxt shoxlarini uraman. Shoxlardagi qorlar toʻkilib, shoxlar birdan koʻtariladi, daraxt menga yoʻl beradi. Asta-sekin qadam tashlab ketarkanman, koʻplab daraxtlarni sehrli tayoqcham bilan yuklaridan xalos etaman.

Olmaxonning Qishki Gʻami

Olmaxonlarni oʻylayman: agar qishga yigʻib qoʻyganlari yetib ortsa, yaxshi - yengil tortasan, ammo hozir biz izma-iz borayotgan olmaxon qor oralab shoxning ichiga kirdi. U yerdan kuzda yashirib qoʻygan ikkita yongʻogʻini topdi. Oʻsha zahotiyoq yedi-qoʻydi. Oʻn metrlarcha yugurib bordi-da, yana bir shoxni qazib koʻrdi: Yana yeb qoʻydi. Bu holat uchinchi marta yana takrorlandi. Albatta, uni qor ostida yerga koʻmilgan yongʻoqlarning hidi olib kelgan deb oʻylash xato. Demak, u kuzda oʻzi qoʻyib, shoxlar ichiga yashirib ketgan yongʻoqlarini, yemaklarini archalardan qancha-qancha masofa narida qoʻyib ketganini eslagan, demak, olmaxonlar ham oʻz xotirasiga ishonib, qish gʻamini yeydilar, yashaydilar. U har bir yemak koʻmilgan joyni koʻzi bilan shunday aniq qoʻyganki, oraliqdagi masofalar tengligi odamni xayron qoldiradi, hayratga soladi.

Oyning Tugʻilishi

Tiniq koʻk. Kun chiqar tomon sukunat ichida yanayam mahobatli, hashamatli. Havo harorati - minus 12. Karnaychi qush qorli soʻqmoqda yengil kayfiyatda yelib bormoqda.

Oʻrmon kun boʻyi tillolaib turdi, kechga borib , osmonning bir chetida shafaq yalligʻlandi. Bu - shimol shafagʻi edi - qirmizi-olovrang, archalarga osilgan oʻyinchoqlarday. Toza qogʻozday. U orqali dunyoga qarasang, chor-atrof ol rangga boʻyalganday. Biroq osmonda bitta ham qizillik koʻrinmaydi: osmon oʻrtasida qalin moviy kamonli yoʻl, qizil shafaq ustiga zanjirday oʻralgan; chetlariga turli-tuman nozik chiziqlar tortilganday, ular asosiy rangni toʻldirib turishibdi.

Tong chinakamiga yalligʻlanib, ochilguncha qadar chorakam soat oʻtdi. Yangi oy moviy osmonda qizil shafaq roʻparasida turar, u bunday manzarani birinchi marta koʻrayotganday hayratga tushdi…

Tarjimondan

«Tabiat tilga kirib, uning sirli hayotiga kirib borgan, goʻzalligini kuylay olgan insonga oʻz minnatdorchiligini bildira olganida, avvalo, bu baxtga M.M.Prishvinga sazovor boʻlgan boʻlardi». -deb yozgan edi Konstantin Paustovskiy.

M.M.Prishvin hayotining yoʻli ikkiga boʻlindi-birinchisi, boy savdogar oilasida kechgan bolaligi, yoshligi, muhit, gimnaziya, oliy tahsil, Klin va Lugadagi agronomlik faoliyati, shu sohaga oid birinchi kitobi va... u kutilmaganda ikkinchi yoʻlni tanladi. Prishvin xizmatdan boʻshadi-yu, butun Shimol va Kareliyani qoʻlida ov quroli, qalam va daftarlar bilan piyoda aylandi. Shimol taassurotlaridan «Yovvoyi qushlar oʻlkasi» nomli kitobi dunyoga keldi va Prishvin yozuvchi sifatida tilga olindi. U sayohatini davom ettirib, butun Oʻrta Rossiya, Shimol, Qozogʻiston va Uzoq Sharqni kezib chiqdi.

Prishvin tabiatni juda sevdi, ardoqladi. Har bir zarradan tortib, ulkan hodisalargacha uni hayratga soladi. Yozuvchi ijodida tabiat jonli, aziz, sevimliki, uni kuylaganda, shunday samimiy, shunday sodda va shirali tilda dilidagi, koʻrganlarini, bilganlarini xalqqa yetkaza olganki, oqibatda uning barcha asarlari bugungi kunda ham sevilib oʻqilmoqda.