OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMixail Zoshchenko
Asar nomiBayonnoma (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Ukrain adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Mixail Zoshchenko
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonAbduvohid Umr (Ruschadan)
Hajm4KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Bayonnoma (hajviya)
Mixail Zoshchenko

Navbatchi militsioner peroni siyohdonga botirdi-da, dedi:
– Jim-m, oʻrtoqlar... bir boshidan gapiring... kim kimni turtdi?
– Uni manavi turtdi, – dedi bir kampir, odamlar oralab stol yoniga kelarkan. – Uni oʻsha turtdi... Hu-u, shaytoni la’in, – dedi.

Xola koʻrsatgan qop orqalagan kishi indamay turar va tez-tez pishillardi. Uning yonida jabrlanuvchi va bir nechta guvohlar turishardi.

Jabrlanuvchi yelka qisgancha xijolatli alfozda mingʻirlardi:
– Men nima qipman?.. Hech nima... Guvohlar...
– Uni oʻsha turtdi, – takrorladi xola. – Turtib, keyin nima deydi, deng: hu-u, iblisning modasi dedi. Men tramvayda qarama-qarshi oʻtirgandim, deng. Smolenskoye qishlogʻiga, jiyanimnikiga ketayotib edim.
– Jim-m... – dedi navbatchi, – birpas sabr qiling, xola.
– Sabr qil, emish, – ranjidi xola. – Nega sabr qilarkanman-a? Kuppa-kunduz kuni odamlarni turtadigan vaqtlar oʻtib ketgan. Turta-turta turtilib boʻldik.
– Birpas jim tursangiz-chi, – dedi navbatchi, peroni yana siyohga botirarkan. – Kimsiz oʻzi?
– Menmi? – soʻradi xola. – Guvohlarmiz biz... Jiyanimnikiga ketayotgan edik... Kunduz kuni turtkilashlariga chidab boʻlarkanmi. Qoʻyib bersang, oʻlgunicha turtgan boʻlarmidi...
– Sabr qiling, xola, – dedi militsioner, – sizni turtishmabdi-ku... Sizga savol berishadi. Hozircha birpas jim tursangiz.
– Meni turtishmagan boʻlsayam...
– Jim-m... Sizni turtishdimi? – soʻradi militsioner jabrlanuvchidan.
– Meni... – dedi jabrlanuvchi. – Xoʻsh, nima qipti... Hech nima. Xoʻp, turtishibdi. Shunga shunchami. Tramvayda boʻp turadi-ku. Guvohlarning talabi bu – militsiyaga oʻzlari boshlab kelishdi.
– Avf eting, pardon, – dedi guvohlardan biri. – Men ham koʻrdim... Bunga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi... Bayonnoma tuzish kerak...
– Aytyapman-ku, – yana bidirlay ketdi xola, – bayonnoma, albatta, bayonnoma tuzish kerak... Oʻrtoq militsioner esa menga oʻqrayadi... Naq markazgacha boraman... Kuppa-kunduz kuni-ya, bunga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi...

Militsioner uchinchi marotaba peroni siyohga botirdi-da, bayonnoma yozishga tutindi, familiya... jinsi... sobiq unvonlarni soʻrab oldi. Nav-batchi militsioner uzoq vaqt yozdi, harflarni dona-dona qilib qatorlashtirdi. Keyin soʻradi:
– Qayerda boʻldi bu voqea? Qaysi joyda?
– Tramvayda, – dedi xola, – tramvayda. Aytyapman-ku, tramvayda, deb, oʻrgulay... Smolensk qishlogʻiga jiyanimnikiga ketayotgan edim...
– Joyi, koʻchaning nomini ayting.
– Semyonovsk koʻchasidan ketayotgandik...
– Uf-f, – dedi militsioner, peroni qoʻyarkan. – Semyonovsk, dedingizmi? Bizning tuman emas bu. Bu, grajdanlar, ikkinchi tuman. Oʻsha yoqqa boringlar...
– Qanaqasiga? – savol bera ketishdi guvohlar. – Yozuv-chizuv qilib boʻlingan boʻlsa, nima farqi bor...
– Ikkinchi tumanga boringlar, dedim-ku.
– Agar meni oʻldirishganida-chi?
– Qayerda oʻldirishgan?
– Qayerda boʻlardi... Semyonovsk koʻchasida-da...
– Ikkinchi tumanga borishingiz kerak.
– Boramiz ham! – figʻoni falakka chiqdi xolaning. – Boramiz ham. Buni shunday qoldirib boʻlmaydi... Jabrlanuvchi qani?

Jabrlanuvchi koʻrinmasdi. U yuz bergan gʻala-gʻovurdan foydalanib, juftakni rostlab qolgandi. Shu vaqtgacha jim oʻtirgan qop koʻtargan kishi norozi ohangda gʻoʻngʻilladi.
– Sen-chi, sen, – dedi u, xolaga yuzlanarkan, – sen nega dumingni likillatasan?
– Kim likillatyapti? – nagʻmasini boshladi xola, savatini yana stol ustiga qoʻyarkan. – Kim likillatyapti, deyapman?
– Sen likillatyapsan. Shu gʻalvani oʻzing boshlading, iblisning modasi...

Xolaning vajohati oʻzgardi.
– Oʻrtoqlar, bu nimasi, – dedi u, – haqoryat qilyapti-ku, axir.
– Mana endi mumkin, – dedi militsioner, peroni toʻrtinchi bor siyohdonga botirar ekan. – Voqea bizning tumanda roʻy berdi. Bayonnoma yozamizmi?
– Ma’zur tutasiz, – mingʻirladi xola, – bayonnoma deganingiz nimasi? Oʻrtoq militsioner, xudo xayringizni bersin... Nima uchun... Biz tinchgina, jim suhbatlashyapmiz...

Xola savatini oldi-da, yoʻlak tomon yurdi. Guvohlar asta-sekin tarqalishdi. Qop koʻtarganning bir oʻzi qoldi. U zarurat boʻlmasa-da, ancha vaqtgacha militsionerdan ikkinchi tuman qayerda ekanligini soʻrab-surishtirdi, soʻng qoʻlini siltab, ma’yus pishillagancha chiqib ketdi.