OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMixail Zoshchenko
Asar nomiNoma’lum doʻst (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Ukrain adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Mixail Zoshchenko
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonAbduvohid Umr (Ruschadan)
Hajm5KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Noma’lum doʻst (hajviya)
Mixail Zoshchenko

Pyotr Petrovich ismli kishi rafiqasi Katerina Vasilevna bilan Malaya Oxta shahrida istiqomat qilardi. Turmushi yaxshi, badavlat yashardi. Xoʻjalik, garderob, sandiqlar mol-mulk bilan liq toʻla... Uning ikkita samovari boʻlardi. Dazmollarning esa son-sanogʻi yoʻq – naq oʻn beshta edi oʻziyam.

Biroq shunchalik boy-badavlat boʻlishiga qaramay, uning turmushi zerikarli edi. Boyliklaridan koʻz uzmas, rafiqasiga tikilgancha hech qayoqqa jilmasdi. Ostona hatlab hovliga chiqishga qoʻrqardi. Uning yoʻqligidan foydalanib buyumlarini oʻgʻirlab ketishmasin tagʻin.

Bir kuni esa Pyotr Petrovich pochtadan xat oldi. Maxfiy xat. Kimdan ekanligi yozilmagan. Xatda shunday soʻzlar yozilgandi:

«Eh, sen, qari tuya. Yosh xotinchang bilan yashayapsan-u, lekin atro-fingda nimalar boʻlayotganidan bexabarsan. Xotinchang esa bir huzurtalab bilan aylanishib yuribdi, tentak. Noma’lum doʻsting boʻlganim uchun seni xabardor qilib qoʻyyapman: agar sen, aljigan chol, yigirma toʻqqizinchi iyul, shanba kuni kechqurun soat yettida Mehnatkashlar bogʻiga kelsang, rafiqang aysh-ishratga qanday oʻch ekanligini oʻz koʻzing bilan koʻrasan. Koʻzingni och, miyasi aynigan chol. Chuqur ehtirom ila, «noma’lum doʻsting»».

Xatni oʻqib boʻlgach, Pyotr Petrovich serrayib qoldi. Soʻngra nimalar boʻlganini eslay boshladi. Yodiga tushdi: Katerina Vasilevna ikkita maktub oldi, lekin kimdanligi haqida lom-mim demadi. Umuman olganda, oʻzini gʻalati tuta boshladi: onasinikiga serqatnov boʻlib qoldi va mayda-chuyda xarajatlar uchun pul soʻraydigan odat chiqardi.

«Ha, yaramas! – oʻyladi Pyotr Petrovich. – Qoʻynimda ilon saqlab yurgan ekanman-da... Hechqisi yoʻq, ustimdan kulishlariga yoʻl qoʻyib boʻpman. Ushlab olaman-da, abjagʻini chiqaraman – tamom-vassalom».

Yigirma toʻqqizinchi iyul, shanba kuni Pyotr Petrovich oʻzini kasallikka solib yotdi. Divanga choʻzilib, rafiqasini kuzata boshladi. U esa hech narsa boʻlmaganday uy yumushlari bilan band edi. Biroq kechqurun yorildi:
– Pyotr Petrovich, onamnikiga bormasam boʻlmaydi. Ogʻirlashib qolibdi.

Oʻzi esa yuziga oro berib, shlyapani kiydiyu joʻnadi-ketdi.

Pyotr Petrovich shosha-pisha kiyinib, chap qoʻliga tayoq oldi, oyogʻiga kalishini ildiyu xotinining izidan tushdi.

Mehnatkashlar bogʻiga keldi, odamlar tanib qolmasin, deb yoqasini koʻtargancha yoʻlka boʻylab u yoqdan-bu yoqqa yura boshladi. Birdan favvora boʻyida oʻtirgan koʻyi olislarga tikilayotgan rafiqasiga koʻzi tushdi. Soʻng unga yaqin keldi.
– Ha, – dedi, – assalomu alaykum. Jazmaningizni kutyapsizmi? Xoʻsh, Katerina Vasilevna, basharangizni yorsam ham kamlik qilar...

Xotini koʻz yosh qila boshladi.
– Pyotr Petrovich, Pyotr Petrovich! Boʻlmagʻur xayollarga bormang. Sizga aytmoqchi emasdim-u, endi aytmasam boʻlmas... – dedi xotini.

Shunday deb, yengining ichidan maktub chiqardi.

Xatda Katerina Vasilevna hayoti jar yoqasida turgan, halok boʻlayotgan odamni qutqarishi kerakligi yozilgandi. U kimsa yigirma toʻqqizinchi iyul, shanba kuni Mehnatkashlar bogʻiga kelishimni oʻtinib soʻragandi.
– Gʻalati, – dedi u. – Kim yozipti ekan?
– Bilmasam, – javob qildi Katerina Vasilevna. – Unga achinganimdan bu yerga keldim. Kim ekanligini bilmayman.
– Xoʻ-oʻsh-sh, – dedi Pyotr Petrovich, – kelishga kelding. Keldingmi, endi qimirlamay shu yerda oʻtir. Men, – dedi u, – favvora ortiga berkinaman. Koʻramiz, oʻsha nusxa kim ekan. Uning biqinidan darcha ochib qoʻyaman.

Pyotr Petrovich favvora ortiga berkinib, kuta boshladi. Rafiqasi esa qarshisida – rangi somonday, zoʻrgʻa nafas olardi... Oradan bir soat oʻtdi – hech kimdan darak yoʻq. Yana bir soat oʻtdi, hech kim yoʻq. Shunda Pyotr Petrovich favvora ortidan chiqib keldi-da:
– Mayli, – dedi, – piqillamang, Katerina Vasilevna. Bu, hoynahoy, kimningdir hazili boʻlsa kerak. Uyga qayta qolaylik... Shuncha yurganimiz yetar... Betayin akangizning ishi boʻlmasin, tagʻin.

Katerina Vasilevna boshini chayqadi.
– Yoʻq, buning tagida jiddiy bir gap bor. Notanish kimsa sizdan qoʻrqqanidan yaqin kela olmagan boʻlsa, ajab emas.

Pyotr Petrovich tupurdi, xotinining bilagidan tutdi, ular yoʻlga tushdilar.

Mana, er-xotin uyga ham yetib kelishdi. Ne koʻz bilan koʻrsinlarki, uy esa agʻdar-toʻntar boʻlib yotardi. Sandiq va javonlar ochilgan, dazmollar har tomonga uloqtirilgan, samovarlar yoʻq – talon-toroj. Devorda esa toʻgʻnogʻichga ilingan quyidagi yozuv osigʻliq turardi:

«Siz shaytonlarni boshqacha yoʻl bilan uydan chiqarib boʻlmadi. Tuxum bosganday oʻtirasizlar... Kostyumlaringning boʻyi esa, qari tuya, menga toʻgʻri kelmas ekan. Boʻy degan ham shunchalik beoʻxshov va pakana boʻladimi? Bu ishingga qoyil boʻlmadim. Rafiqangga esa chuqur ta’zim bajo aylaymiz».

Er-xotin yozuvni oʻqib «oh-voh» qilishdi, polga oʻtirib, yosh bolalarday yigʻlay boshlashdi.