OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMixail Zoshchenko
Asar nomiXoʻjalik hisobi (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Ukrain adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Mixail Zoshchenko
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonAbduvohid Umr (Ruschadan)
Hajm5KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Xoʻjalik hisobi (hajviya)
Mixail Zoshchenko

Bayramga hisobchi Goryushkin uyida ziyofat uyushtirdi. Taklif etilganlar koʻp emasdi.

Mezbon qandaydir koʻtarinki kayfiyatda yoʻlakda mehmonlarga peshvoz chiqar va poʻstinlarini yechishga yordamlasharkan, taklif etilganlarni ichkariga boshlardi.
– Bu kishi, – derdi u, mehmonni rafiqasiga tanishtirarkan, – mening eng yaqin doʻstim va xizmatdoshim.

Keyin qoʻli bilan oʻgʻlini koʻrsatib, derdi:
– Bu esa, e’tibor bering, mening tentakvoyim... Lyoshka. Uchiga chiqqan shumtaka, men sizga aytsam.

Lyoshka tilini chiqardi, mehmon esa oʻzini bir oz noqulay sezib, dasturxon atrofidan joy oldi.

Hamma yigʻilgach, mezbon birmuncha tantanali ohangda dasturxonga taklif qildi.
– Oʻtiringlar, – derdi u koʻtarinki kayfiyatda. – Oʻtiringlar. Dasturxonga marhamat... Bagʻoyat xursandman... osh boʻlsin...

Mehmonlar qoshiqlarni baravar jarang-jurung qila boshlashdi.
– Ha-a, – dedi bir ozdan soʻng mezbon, – bilsangiz agar, hamma narsa qimmatlashib ketdi. Nimani olmang – narxi chaqadi. Narxlar osmonda.
– E, nimasini aytasiz, – dedi rafiqasi gʻamgin qiyofada, shoʻrvani simirarkan.
– Xudo haqqi, – ilib ketdi mezbon, – haqiqatan ham toʻxtovsiz oshmoqda. Aytaylik, manavi shoʻrvani oling. Shuyam gapmi? Arzimas narsa. Suvdan boʻlak hech nima yoʻqday. Qani, chamalab koʻring-chi, shu suyuqlik qancha turadi?
– H-ha, – deb qoʻya qolishdi mehmonlar.
– Haqiqatan ham, – davom etdi mezbon. – Boshqa narsa – tuzni oling. Arzimagan mahsulot, ahamiyatsiz narsa, qani, yana chamalab koʻring-chi, u qancha turarkin?
– Ha-a, – choʻzdi tentakvoy Lyoshka, aftini burushtirarkan, – birorta mehmon tuzlab qolsa bormi...

Hozirgina shoʻrvasiga tuz sepgan pensne taqqan yoshgina yigit qoʻrqa-pisa tuzdonni nari itardi.
– Sepavering, sepavering, – dedi uy bekasi, tuzdonni uning yoniga surarkan.

Mehmonlardan sado chiqmasdi. Mezbon ishtaha bilan shoʻrva ichar va mehmonlarga muloyim qarab-qarab qoʻyardi.
– Ikkinchi ovqat ham keltirildi, – e’lon qildi u koʻtarinki kayfiyatda. – Yoki boʻlmasa, janoblar, ikkinchi taom – goʻshtini olaylik. Ijozatingiz bilan sizdan soʻrasam, shu goʻsht qancha turadi? Ayting-chi, qani? Bu yerda necha funt goʻsht bor?
– Sakkizdan toʻrt-besh, – ma’yus axborot berdi xotini.
– Hisobga toʻgʻri boʻlishi uchun besh deb hisoblaymiz, – dedi mezbon. – Oltin hisobida ellik tiyindan toʻgʻri kelyaptimi? Kishi boshiga shunchadan... Necha kishimiz?..
– Sakkiz kishi, – hisobladi Lyoshka.
– Sakkiz kishi, – takrorladi mezbon. – Yarim funtdan... Har bir ogʻizga kamida choraktadan.
– Ha-a, – deb qoʻydi xafa boʻlgan koʻyi Lyoshka, – ba’zi mehmonlar goʻshtni xantal qoʻshib paqqos tushiradi.
– Ha-ya, – dedi mezbon, muloyim jilmayarkan, – xayolimdan koʻtarilayozibdi – xantal... Qani, umumiy hisobga xantalni, uni-buni, anavini ham qoʻshib xomchoʻt qilib koʻring-chi. Kishi boshiga bir rubldanga borib qoladi...
– Ha, bir rubldan, – dedi Lyoshka, – Pal Yeliseyevich tirsagi bilan koʻzguni turtib yuborganida bir soʻmdanga toʻgʻri kelgandi-yov...
– Eh-ha! – qichqirib yubordi mezbon. – Tasavvur qiling, bir gal mehmonlar uyimizga kelganda ulardan biri, albatta bilmasdan koʻzguni turtib yuborsa boʻladimi. Oʻshanda tushlik rosa qimmatga tushgandi. Biz atayin hisoblab chiqqandik.

Mezbon xotiralarga choʻmdi.
– Sirasini aytganda, – dedi u, – bu tushlik ham ancha-munchaga aylanadi. Buni xomchoʻt qilish qiyin emas.

U qalam oldi va yeyilgan taomlarni bitta qoldirmay yozib, xarajatni hisoblay boshladi. Mehmonlardan sado chiqmas, hech kim qimirlamasdi, faqat shoʻrvasiga ehtiyotsizlik bilan tuz sepgan yosh yigitgina daqiqa sayin terlagan pensnesini yechar va uni sochiq bilan artardi.
– Eh-he, – dedi nihoyat mezbon, – besh rubldan koʻproqqa toʻgʻri kelyapti...
– Elektr quvvati-chi? – gʻamgin qoʻshib qoʻydi ayoli. – Uyni isitish-chi? Mariyaga toʻlanadigan xizmat haqi-chi?

Mezbon qoʻlini sermab, peshanasiga shapatilab urdi va kulib yubordi.
– Haqiqatan ham, – dedi u, – elektr, isitish, xizmatkor haqi... Ijara puli-chi? Ma’zur tuting, janoblar, rost-da, xonaning ijara puli! Qani, sakkiz kishi, toʻrt sarjin kvadrat... Har sarjiniga toʻqson tiyindan... Bir kunga, demak, uch tiyin... Hm... Buni qogʻozda hisoblash kerak...

Pensne taqqan yosh yigit stulda gʻimirlab qoldi va birdan yoʻlak tomon yoʻnaldi.
– Qayoqqa ketyapsiz? – qichqirdi mezbon. – Qayoqqa ketyapsiz, azizim, Ivan Semyonovich?

Mehmon hech nima demadi va birovning kalishini kiyib, xayr-ma’zurni nasiya qilgancha chiqib ketdi. Uning ortidan qolganlar ham tar-qala boshlashdi.

Mezbon stolda qoʻlida qalam tutganicha yana uzoq vaqt oʻtirdi, ke-yin dedi:
– Har bir kishiga oltin hisobida beshdan bir miqdorida tiyin.

Buni u xotini va Lyoshkaga aytdi – mehmonlardan esa asar ham qolmagandi.