OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMixail Zoshchenko
Asar nomiYomon odat (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Ukrain adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Mixail Zoshchenko
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonAbduvohid Umr (Ruschadan)
Hajm4KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yomon odat (hajviya)
Mixail Zoshchenko

Fevral oyida mazam qochib qolsa boʻladimi, birodarlar. Shahar kasalxonasiga yotdim. Shunday qilib, shahar kasalxonasida yotibman, deng, davolanyapman va dilim orom olmoqda. Atrofda osudalik va sukunat. Hammayoq saranjom-sarishta, hatto yotishga ham iymanasan. Tuflamoqchi boʻlsang – ana tufdon. Oʻtirging kelyaptimi – mana senga kursi. Burun qoqmoqchimisan – marhamat qilib yengingga qoq, choyshabga esa – zin-hor-bazinhor, bunga ruxsat berishmaydi. Bunaqa tartib yoʻq, deyishadi.

Nailoj, koʻnasan.

Koʻnmay ham koʻr-chi? Bundan ortiq gʻamxoʻrlik, lutfi karam yana qayerda bor? Faraz qiling, rasvogina bir odam yotibdi, unga tushlik ham keltirishadi, toʻshagini ham tekislab berishadi, qoʻltigʻiga issiq oʻlchagich ham qistirishadi, hatto sogʻligi bilan qiziqishadi ham.

Kim qiziqadi, dersiz? Muhimi, ilgʻor kishilar – shifokorlar, shafqat hamshiralari va yana oʻsha feldsher Ivan Ivanovich.

Bu xizmatchilarning bariga nisbatan shu daraja mehrim ortdiki, moddiy tashakkurnoma bildirishga ahd qildim.

Hammasiga bera olmaysan, xayolimdan oʻtkazdim, uyingni topa olmay qolishing mumkin. Bittasiga beraman, deya oʻyladim. Va kimga berishimni chamalay boshladim.

Qarasam, feldsher Ivan Ivanovichdan boshqa arzirlik odamning oʻzi yoʻq ekan. Koʻrib turibman, u kelishgan, basavlat odam va hammadan koʻproq harakat qiladi, ba’zan hatto oshirib yuboradi ham.

Mayli, unga bera qolaman, deya oʻyladim. Va uning choʻntagiga pulni qanday solish haqida oʻylay boshladim: qanday qilsam uning ham hamiyatiga tegmayman, ham tumshugʻimdan yemayman.

Tez orada qulay fursat ham tugʻila qoldi.

Feldsher karavotimga yaqinlashib, salomlashdi.
– Assalomu alaykum, tuzukmisiz? Ichingiz kelib turibdimi?

E-ha, oʻyladim men, ilindi.
– Ha, shukur. Keling, oʻtiring, otamlashamiz.

Feldsher karavotga choʻkkancha indamay oʻtiraverdi.
– Endi, – deyman unga men, – ahvollar qalay, nimalar haqida yozishyapti, maoshlar durustmi, ishqilib?
– Maoshlar-ku, uncha katta emas, lekin ziyoli bemorlar oʻlim toʻshagida ham choychaqa qistirish payidan boʻlishadi.
– Aybga buyurmaysiz-u, oʻlim toʻshagida boʻlmasam ham, berishga tayyorman. Buni hatto koʻpdan buyon orzu qilardim.

Pulni chiqardim va unga uzatdim. U esa minnatdorlik bilan oldi va qoʻllari bilan qulluq qilib qoʻydi.

Hammasi ertasidan boshlandi.

Kamina juda tinchgina va yaxshi yotgan edim, shu vaqtga qadar meni hech kim bezovta qilmagandi, endi esa feldsher Ivan Ivanovich moddiy minnatdorchiligimdan es-hushini yoʻqotgan edi goʻyo.

Mening karavotim yoniga kuniga oʻn yoki oʻn besh marta keladi-yov, oʻziyam. Bilasizmi, bir qarasangiz yostigʻimni toʻgʻrilab qoʻyadi, yana bir qarasangiz vannaga tortqilay ketadi, ichimni yuritishni taklif etadimi-ey. Birgina issiq oʻlchagichlari bilan qiynab yubordi meni, yashshamagur. Oldinlari kuniga bir yo ikki marotaba qoʻyardi issiq oʻlchagich oʻlgurni. Endi esa oʻn besh martalab qoʻyadi, oʻziyam. Avvallari vanna ham salqingina boʻlardi va menga yoqardi, endi esa vannani naq qaynoq suv bilan toʻldirib qoʻyadi, dodingni kimga aytasan.

Unaqasiga ham, bunaqasiga ham chap berib koʻrdim, hech ish chiqmadi. Men unga yana pul tiqishtirdim – meni oʻz holimga qoʻy, baraka topkur deb, u esa yana avvalgidan battar harakat qiladi, deng.

Bir hafta oʻtdi – qarasam, bu yogʻi endi boʻlmaydigan.

Holdan toyib, qattiq charchadim, oʻn besh funtcha vazn tashlab, ozib ketdim, ishtaham ham yoʻqoldi.

Feldsher esa harakat qilgani-qilgan.

Bir marta esa u koʻppak meni qaynoq suvda pishirishiga bir baxya qoldi, deng. Xudo haqqi. Yaramas, meni shunaqa issiq vannaga tiqdiki, oyogʻimdagi qavariq yorilib ketdi va terisi koʻchib tushdi.

Men unga:
– Odamlarni qaynoq suvda kuydirishga kim ruxsat berdi, ablah? Moddiy minnatdorlikni endi tushingda koʻr, – dedim.

U esa:
– Boʻlmasa – boʻlmas. Ilmiy xodimlar yordamisiz oʻlavering, – deydi.

Shunday deb, chiqib ketdi.

Endi esa hammasi avvalgi holiga qaytdi: harorat oʻlchagichni bir marta qoʻyishyapti va boshqa muolajalarni esa – ehtiyoj boʻlganda. Vanna ham ilgarigiday salqin, kaminani esa boshqa hech kim bezovta qilmay qoʻydi.

Choychaqalar bilan kurash olib borilayotgani bejiz emas ekan. Ha, birodarlar, bejiz emas ekan!