OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMonika Maron
Asar nomiYoʻldagi qizil chiroq (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Olmon adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Monika Maron
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonAbduvohid Umr (Ruschadan)
Hajm12KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yoʻldagi qizil chiroq (hikoya)
Monika Maron

Agar Berlin shahrining fuqarolari ajnabiylar boʻlganida Passaudan Flensburggacha, butun Germaniyada tarqalgan yurimsik gaplarning bir ogʻiz soʻzini aytishga hech kim jur’at eta olmasdi. Ammo ular haqiqatan ham ajnabiy emas, balki poytaxt fuqarolari kabi oʻzlariniki, mahalliy, qoʻying-chi, kindik qonlari shu yerga toʻkilgan, qolgan hammasi, ularning sha’niga aytiladigan har qanday betgachopar gap-soʻzlar ham irqiy kamsitish yoxud kamsonli millatlarning haq-huquqini yoqlash deb hisoblanmas, aksincha nihoyatda haqqoniy va odilona deya qabul qilinardi.

Yaqindagina, poyezdda Ulmadan Berlinga qaytaturib, sakkiz soatlik yoʻl davomida haligacha biron marta Berlinda boʻlmagan va nihoyat, talaba oʻgʻlini koʻrgani birinchi marotaba ana shu – oʻzi uchun zerikarliroq sayohatga otlangan erkak bilan bir kupeda suhbatlashib qoldim.

Hamrohim koʻrinishidan hali ellik yoshga ham toʻlmagan edi. Egnida mayda-mayda katak gulli nimcha, jigarrang shim va jigarrang botinka. Eshik yonidagi ilgakda toʻqima astarli yengil kamzuli osigʻliq turardi.

Ma’lum boʻlishicha, Berlin qoʻshilgunicha, garchi GDR chegarachilari sabab va yana ularning hammasi oʻzlarini buyuk qahramonlar kabi koʻz-koʻz qilganlari uchun ham achchiq qilib, u yerga bormagan ekan. Berlinliklar shaxsan unga hech qachon yoqmagan va oʻzi aytmoqchi umri davomida bunaqalarning koʻpini koʻrgandi! Chunki, ular boshqa yerga emas, aynan uning vataniga, janubiy Germaniyaga dam olgani borishardi.
– Hamma dam oluvchilar ham farishta boʻlmasalar kerak,– nimanidir fahmlagandek boʻldim men.
– Boʻlishi mumkin, boʻlishi mumkin,– javob berdi u.– Faqat shu... berlinliklar ular orasida eng bema’nilari... bir soʻz bilan aytganda, baqiroq, sershovqin, qoʻpol, quyib qoʻygan prussaklarning oʻzi!
– Ha, balki, siz haqdirsiz,– dedim men.– Har qalay koʻpchilik shunday deydi.
– Lekin asosiysi bu emas. Faqat, iltimos, mendan xafa boʻlmang,– davom etdi hamrohim,– asosiysi, ularning hammasi qoʻrqinchli darajada qoʻpol, oʻgʻlim aytmoqchi – xalq orasidan chiqqan dagʻal odamlar. Shunga qaramay, u baribir Berlinga oʻqishga ketdi. Ularning oʻzlari haqidagi fikrlarini-ku, asti soʻramang! Birinchi marta Alpga borib qolgan berlinlik bola haqidagi latifani eshitganmisiz? Unga togʻlar xuddi pastqam tepaliklardek tuyulgan emish! Shunda unga «Sizlarning Berlinda shunaqasiyam yoʻq-ku», deyishsa, u: «Ha, lekin boʻlgandayam sizlarnikidan balandroq boʻlardi», – debdi. Qalay?
– Bu shunchaki hazil,–ehtiyotkorlik bilan javob berdim men.
– Hamma gap unga qanday qarashda,– javob berdi hamrohim.– Mayli, hazil-huzul ham boʻlaqolsin. Ammo u menga mutlaqo jiddiy aytilgandek koʻrinadi. Men negadir berlinliklarda yumor hissini haligacha payqamaganman.

Turgan gap, bularning hammasi, sekin-asta mening gʻashimni keltira boshladi. Chunki men Berlinda yashaydigan ayol, bunaqa, bizning unchalik xushmuomala emasligimiz haqidagi bema’ni gaplarni jimgina eshitishga koʻnikmagan edim. Toʻgʻri, biz oʻzimizning qoʻpolligimiz, ayni chogʻda koʻngilchanligimizni juda yaxshi bilardik va shu bois hech nimaga xomtama ham emasdik. Lekin, duch kelgan «dono» bizda yumor hissi yoʻqligini aytib turtkilayversa – endi bunisi haddan tashqari! «Qolaversa, yana bizning shevamizni eslash ham yetmay turuvdi»,– oʻyladim va boʻshliqqa tikilgandek jim boʻlib qoldim.
– ... soʻzlarni buzib talaffuz qilishlari-chi,– dedi hamrohim xuddi koʻnglimdan oʻtganlarni sezgandek.– «Hozir» oʻrniga «hoze» (uning oʻzi ham shunday dedi), «yana» oʻrniga «yanna» (oʻzi ham shunday dedi), yoki «nima» oʻrniga «nema» deyishadi...
– Nafasingizni yel olsin,– dedim men va paltomni olib kupemni almashtirish uchun eshik tarafga yurdim.
– O, yoʻq, iltimos,– oʻrnidan sapchib turdi u.– Qayoqqa? Nahotki, sizni shunchalik qoʻrqitib yuborgan boʻlsam? Ketmang!

U shunday deya paltomni tortib olib yana ilgakka osib qoʻydi va qoʻyarda-qoʻymasdan meni joyimga oʻtqazdi.
– Mana koʻrayapsizmi, aytdim-ku sizga, berlinliklarda umuman yumor hissi yoʻq,– dedi u.
– Qanaqa kulgili gap aytdingizki...– dedim men oʻzimni arang bosib.

Hamrohim quvonchdan qarsak chalib yubordi.
– Men yumor hissinglar yoʻq, oʻz ustinglardan kula olmaysizlar,– dedim, xolos.

U zimdan norozi qiyofada nazar tashladi va men uning koʻzlari kulgidan yoshlanib ketganini sezdim.
– Siz oʻzingiz ham oʻz ustingizdan emas, mening ustimdan kulayapsiz,– e’tiroz bildirdim men.
– Agar siz meni oʻz ustimdan qanchalar ochiqdan-ochiq kulishimni bilganingizda edi. Ana, xotinimdan soʻrang. Bizning janub tomonlarda butunlay boshqacha madaniyat, siz berlinliklar esa juda oʻz-oʻzinglarni avaylaysizlar. Hatto dotatsiyalarga shunchalar koʻnikkansizki, bugungi ijara haqinglar uchun toʻlovlaringiz biz oltmishinchi yillarda Ulmada toʻlaganlarimizga toʻgʻri keladi. Yana koʻz yoshi qilasizlar.
– Kim koʻz yoshi qiladi?
– Siz berlinliklar-da, kim boʻlardi?
– Yetar,– toqatim toq boʻlib ketdi. – Endi menga quloq soling. Biz hozir Gannoverdamiz, demak, Soogacha qolgan yoʻl davomida gaplarimga quloq solib ketishingizga toʻgʻri keladi. Xuddi men sizni qanday tinglagan boʻlsam, siz ham shunday eshitasiz. Mayli, yumor hissi yoʻq deganingizni ham kechiraman. Shunday qilib, agar oʻn yil avval Ulma, Myunxen yo Haydelberg fuqarolari agar qolgan butun umrlarini qurilishlarda oʻtkazishlari e’lon qilinsin deyilsa, ular, sizningcha, nima qilgan boʻlardilar?«Bas, shunday ekan, nimayam qilardik. Bundan beshbattar boʻlishi mumkin edi-ku?» Toʻgʻrimi? Berlinliklar esa aytardilarki, endi ular xudoning bergan kuni markaz atrofidagi yangi aylanma yoʻllarni izlardilar va u sizning Ulmangizdagiga qaraganda koʻproq norozi boʻlardilar. Mabodo, qandaydir rus mafiyasi tasodifan Ulma shahriga kirib qolsa, mahalliy gazetalar uchun uch haftaga yetarli material vujudga kelar va bu xavfsizlik xizmati savdogarlari uchun tillaga arzigulik kunlar boʻlardi. Bizga, rus mafiyasidan tashqari, vetnam, rumin, alban, yana xudo biladi, polyakmi, bolgarmi, xayriyatki moʻgʻullarniki yoʻq, bordir-u, hali bizga yetib kelmagandir. Oʻylaysizki, har bir soʻzga yumshatgich soʻz yasovchi qoʻshimchalar osib qoʻyilaversa, ular boshqa hammasidan koʻra samimiyroq boʻladi deb oʻylaysizmi? Xuddi buldog qoʻlga oʻrgatilgan laychaga aylangani kabi hammasi itvachcha deyilaveradimi? Mana berlinliklardagi bolalarcha toʻgʻrilikni, koʻngilchanlikni siz his qilmayapsiz va ularni yumor hissidan mahrum deyapsiz... Lekin berlinliklar «Biz butun shahringizni agʻdar-toʻntar qilib tashlaymiz, sizlarga esa oʻnqir-choʻnqirliklarni koʻrish uchun ajoyib tomosha maydonchasi qurib beramiz», deydilar. Ular doʻstona tarzda yuqoriga chiqib oladilar va u yerdan barcha vayronagarchiliklarni kuzatadilar, bunday manzaradan lazzatlanadilar. Agar berlinliklarga, Reyxstag minorasi tiklandi, endi unga bemalol qarash mumkin deyishsa, ular ertasigayoq uch soatlab navbatga turadilar, keyin minoraning borligidan hayajonga tushib atrofida uzoq aylanadilar. Berlin muzeylari tomoshabinlarni kechqurun kiritishni boshlasa, ular gʻing demay boraveradilar va u yerda oʻzlarining biron tanish-bilishlarini uchratib quvonadilar. Mabodo, berlinliklar,– dedim men Ulmalik janobga,– ertaga keyingi besh-oʻn yil mobaynida eng kuchli yomgʻir yogʻadi desam, ular xuddi kelishgandek rezina etiklarini kiyib, soyabonlarini koʻtarib, bu gʻaroyib hodisani oʻtkazib yubormaslik uchun koʻchaga chiqadilar, ayrimlari, balki oyoqyalang va soyabonsiz ham kelishlari mumkin. Ana shunaqa!

Men tinimsiz gapirardim. Hamrohim esa hadiksirab jim boʻlib qoldi, ikkinchi toifa oromkursisining yumshoq suyanchigʻiga yopishib oldi va aytarimni aytib, yuragimni boʻshatib olmagunimcha hayrat toʻla koʻzlarini mega tikkancha (kim bilsin, qoʻpol, hamisha azmoyish qiladigan kimsalar bilan suhbatlardan asabiylashgan paytlarimda oʻzim ham shunaqadirman) oʻtirdi.
– Yana,– dedim men ulmalik janobga, – berlinliklar oʻz maydonlarini musiqachilarga, yuguruvchilar, velosipedchilar, bolalar, gullar koʻtargan namoyishchilarga, milliy liboslar kiyib olgan yaramas kimsalarga boʻshatib beradilar, chunki, berlinliklar aslida ham koʻngilchanlar,– qoʻshib qoʻydim men va bir lahza hovlidagi ijaraga beriladigan xonalarni oʻngu tersiga qaramay sotib yuboraveradigan traktir xoʻjayini kabi Berlin senatini tez-tez ayblashimni esladim.

Sezdim, hamrohimga mening maqtovga loyiq nutqimni eshitish yoqmasdi. Bu uning qahr toʻla koʻz ifodasi, vaqt oʻtgani sayin tundlashib borayotgan yuzida zohir boʻldi. U mening kutilmagan tanaffusimdan foydalandi, holbuki biz tashabbusni qoʻlga kiritish uchun hali Berlin hududiga yetib bormagan edik.
– Bu, berlinliklarning oʻz vaqtida natsistlar va kommunistlar yuksak baholagan mehmondoʻstligi emasmi?– dedi u va chuqur nafas olgandi, burun kataklari kerilib, turqi oʻzgardi va tuyqus ayanchli tovushda baqirdi: – Buyuk Germaniya yoʻq, diktatura yoʻq!
– Ana,– dedim men,– siz bu gaplarni xuddi oʻqituvchilar kabi aytayapsiz, kasbingiz ham hoynahoy oʻqituvchidir-a? Sizga yaxshi ma’lum boʻlsa kerak, Gitler Berlinda hech qachon koʻp ovoz ololmagan. Kommunistlar esa, koʻp ovoz olish uchun shaharga sakslarni joylash-tirganlar. Leypsigdagi namoyishlar ham, agar ularda berlinliklar faol ishtirok etmaganlarida bunchalar darajaga yetmasdi.

Soʻnggi jumlani men ochigʻi, allanechuk ishonchsizlik bilan, ammo xuddi shunday boʻlgandek ohangda aytdim.
– Agar siz Prussiya va munkillagan Frits haqida suhbatlashmoqchi boʻlsangiz, – davom etdim men,– avvalo oʻylab koʻring, bizning Fridrix (xuddi shunday, «bizning Fridrix» dedim) Volterning yaqin doʻsti edi, mamlakatga kartoshka olib kirgan va yahudiylarni himoya qilgandi.

Men irod etayotgan nutqimning shu yeriga kelganda poyezdimiz «Berlin–Vannzeye» bekatiga kirib keldi. Hamrohim suhbatimizdan bezgandek, deraza tarafga qarab oldi. Endi xulosaga oʻtishim kerak edi.
– Mana nega sizga bularni aytayapman,– dedim men.–Aslida, hammamiz yaxshimiz. Bizdan qoʻrqmang. Mabodo sizga kimdir, aytay-lik, siz yoʻl-yoʻlakay chiqqan yuk mashinasining haydovchisi yoki siz biron nima xarid qilish oldidan uzoq oʻylab qolayotganingizni sezgan sotuvchi ayol qoʻpollik qilsa, xafa boʻlmaslikka harakat qiling, bundan janjal chiqarmang, shunchaki xotirjamlik bilan «Siz, nega soʻkinayapsiz?» deb soʻrang!
– Endi shunisi yetmay turgandi,– burnini jiyirdi u.
– Siz urinib koʻring. Balki, oʻshanda «E-e-e, ogʻayni, bunaqasi har kuni necha marotaba uchrashini bilsang edi», degan javobni eshitasiz. «Yoʻq, sen qara, qaragin, yana jim boʻlib qolding, u beoʻxshov boʻlaqolsin, sen esa bir kunda yuz marotalab aytasan, men esa, qariyb oʻn ikki yildan beri bunaqa hodisalar qancha boʻlganini hisobiga yetolmayman» deydi... Va shundan keyin oʻsha hodisani aytib beradi va oxirida: «Shunaqa, sen esa gapirasan. Mayli, omon boʻl, qariya, lekin aytganlaring esingda tursin», deydi. Sotuvchi ayol bilan ham taxminan shunday boʻladi. Shu taxlit qarshingizda bir qancha hayot muammolari paydo boʻladi. Chunki, koʻngil toʻlmaslik ortida hamisha oddiy xohish turadi, ishoning menga, men buni bilaman. Balki siz, suhbatimizni shu asnoda davom ettirishingiz mumkin va oʻshanda siz bu odamlardan oʻzingizni qiynagan savollarga javob topasiz, buni esa «oʻz-oʻzidan roʻyobga chiqadigan gʻoya» deydilar. Aslida esa, biz hammamiz yaxshimiz, bunisi rost. Toʻgʻri, oʻzingizning berlinliklar haqidagi tasavvurin-gizga mos keladigan kishilarni topa olishingiz mumkin, ammo ular bilan istaysizmi-yoʻqmi, biringiz ikki boʻlmaydi. Ana oʻshanda ularning berlinlik emas, brandenburglik ekanligi ayon boʻladi. Taassufki, koʻpincha bizni ular bilan adashtiradilar. Branden-burgliklar haqiqatan ham siz aytganingizdek odamlar...
– Yoʻgʻ-e, nima deyapsiz?– xitob qildi hamrohim va uning ovozida allanechuk soxtalik sezildi.

U eshik oldida ham uzrxohlik qildi, mening saboq boʻlgulik suhbatim uchun minnatdorchilik bildirdi.

«Ana xolos, pishdi gilos, surbet!» – kulgim qistadi va ayni chogʻda unga Berlinda koʻngilchogʻlik tilab xayrlashdim.

– Qizil chiroq yonib turganda koʻchani kesib oʻtishdan uyalmang,– qichqirdim uning orqasidan, ammo aftidan, u meni eshitmadi...