OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMoris Leblan
Asar nomiQizil ipak sharf (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Fransuz adabiyoti
Boʻlimlar
   - Detektiv
Mualliflar
   - Moris Leblan
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonNe’mat Arslon (Rus tilidan)
Hajm37KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qizil ipak sharf (hikoya)
Moris Leblan

Odatdagidek uyidan barvaqt chiqib sud binosi tomon yoʻl olarkan, Pergolez koʻchasi boʻylab oʻzidan oldinroqda ketayotgan kishining quyushqondan tashqari xatti-harakatlari inspektor Ganimarning e’tiborini tortdi. Bu yoʻlovchining egnidagi kiyimlari juda nochor, dekabr oyi boshlanganiga qaramasdan poxol shlyapani boshiga bostirib kiyib olgan. Oʻttiz yoki qirq metr yurgach toʻxtar, shimini toʻgʻrilar, botinkasining ipini bogʻlar yo boʻlmasa egilib yerdan nimanidir olardi. Va har safar bir boʻlak apelsin poʻchogʻini yashirincha yoʻlak chetiga qoʻyardi. Balki bu gʻalati odamning oʻylab topgan oʻyini yoki bolalarga xos ermak boʻlib, hech kimni qiziqtirmasligi mumkin. Lekin Ganimar shunaqa kuzatuvchan, ziyrak, hamma narsaga e’tibor beradigan, toki mantiqiy javob topmaguncha tinchimaydigan kishilar jumlasidan. Shu bois Ganimar bu ajabtovur odamning izidan tushdi. Notanish yoʻlovchi Grane Armee koʻchasiga burilgach, yoʻlning narigi chetidan borayotgan bolaga sirli bir ishora qilganini payqab qoldi inspektor. Yoʻlovchi toʻxtadi va shimining poychasini toʻgʻriladi. Shu joyga bir boʻlak apelsin poʻchogʻi bilan belgi qoʻydi. Xuddi shu lahzada yoʻlning narigi chetidagi bola oʻzi yaqinlashgan uy devoriga boʻr bilan xoch rasmini chizdi va uni aylana ichiga oldi. Ular shu tariqa yoʻlda davom etishdi. Bir daqiqadan keyin yana toʻxtashdi. Poxol shlyapa egasi yerdan igna toʻgʻnogʻich topib oldi va bu joyga ham bir boʻlak poʻchoqni yashirib qoʻydi, bola esa oʻsha yerdagi uy devoriga xoch chizib, uni doira ichiga oldi.

"Yupiter haqiga qasam ichaman!– oʻyladi inspektor va uning yuzida shaytoniy bir kulgu zuhur etdi.– Bu juda qiziq va koʻp narsa va’da qiluvchi holat... Bu ikkovi nima qilmoqchi oʻzi?"

Gʻaroyib juftlik Fridland va Forburg – Sent-Onore koʻchalaridan oʻtishdi, lekin diqqatga molik bir holat roʻy bermadi. Vaqti-vaqti bilan ular qoʻshaloq belgi qoʻyishar va buni goʻyo beixtiyor bir harakat bilan bajarardilar. Shunga qaramay shlyapali odam uy devoriga xoch belgisi chizilganiga ishonch hosil qilmaguncha apelsin poʻchogʻi bilan belgi qoldirmasdi. Bundan koʻrinadiki: gʻaroyib yoʻlovchilar oʻrtasida qandaydir kelishuv bor, inspektor bunga qiziqib qoldi.

Bove maydonchasida shlyapali erkak oʻylangancha biroz toʻxtab turdi. Keyin xayolida qandaydir ayyorlikni oʻylab, shimining poychalarini ikki marta koʻtarib tushirdi. Shundan soʻng bola ichki ishlar boshqarmasini qoʻriqlab turgan soqchi roʻparasiga oʻtirdi-da, ikkita kichkina xoch shaklini chizdi. Yelisey saroyiga yaqinlashganda ular oʻsha holatni yana takrorlashdi. Faqat yoʻlak boʻylab u yoqdan bu yoqqa yurib turgan soqchi oldida endi ikkita emas, uchta xoch chizib qoldirilgan edi.
–Jin ursin! – gʻuldiradi Ganimar hayajondan rangi boʻzarib va sirli nayrangbozlarning harakatini kuzatarkan azaliy dushmani Lyupen uning yodiga tushdi.
–Jin ursin, bular nimaning alomati oʻzi?

Ikkalasining ham yoqasidan boʻgʻib olgisi keldi. Lekin u yetarlicha aqlga ega boʻlib, chuqur oʻylamasdan bir ishga qoʻl urmasdi. Keyin notanish odam sigaret chekdi, bola ham labiga sigaret qistirib, tutatib olish uchun uning oldiga keldi. Ular bir-ikki ogʻiz gaplashib olishdi. Bola yashin tezligida nimanidir unga oshirdi. Inspektorga bu revolver boʻlib tuyuldi.

Keyin ular shoshilgancha Syuren koʻchasi boʻylab ketishdi. Inspektor ularning diqqatini tortmaslik uchun ehtiyotkorlik bilan kuzatib borarkan, haligi gʻaroyib juftlikning uchinchi va toʻrtinchi qavatlaridan boshqa qavatlardagi derazalari yogʻoch eshiklar bilan berkitilgan eski bino darvozasi ortiga oʻtib ketganlarini koʻrib qoldi. Yuqoriga koʻtarilib ochiq turgan eshikka koʻzi tushdi. Shovqinga biroz quloq tutib turgach, nafasini ichiga yutib, ehtiyotkorlik bilan ichkariga qadam qoʻyarkan, stullar bilan polni urib taqillatayotgan haligi ikkovini koʻrdi. Shu lahza qoʻshni xonadan kimdir chiqib keldi. Bu 28-30 yoshlardagi koʻrinishidan ruslarga oʻxshash bakenbardli va moʻylovdor, koʻzoynak taqib olgan kishi edi. Egnida smoking.
–Xayrli tong, Ganimar, – doʻstona salomlashdi u va inspektorga sirli boʻlib tuyulgan odam bilan bolaga qaradi. – Rahmat sizga doʻstlarim, muvaffaqiyatli chiqqan ish uchun mening tabrigimni qabul qilinglar. Mana sizga va’da qilingan mukofot, – shu soʻzlarni aytarkan, ularning qoʻliga yuz frankli bitta banknot tuqazdi. Gʻaroyib juftlik pulni olib xonadan chiqdi. Ularning ortidan eshik yopildi.
–Uzr, yoshulli, – kechirim soʻradi navqiron kishi,– siz bilan gaplashmoqchi edim... –Ganimarning taajjublanib turganini koʻrib soʻzdan toʻxtadi u. – Siz nima gapligini tushunmadingizmi? Men boʻlsam, sizni oʻta aqlli deb hisoblagandim! Siz bilan uchrashish niyatida edim... Ayting-chi, endi nima qilsam boʻladi? – Yoʻq, yoʻq, yoshulli, yanglishasiz. Agar sizga xat yozganimda yoki qoʻngʻiroq qilganimda, hech shubhasiz, oldimga kelmasdingiz... Lekin sizni olib kelish uchun bir polk askar kerak boʻldi. Siz bilan yolgʻiz uchrashish niyatida ularni jalb qilib, apelsin poʻchogʻi va devorlarga chizilgan xoch belgilari yordamida e’tiboringizni tortishimga toʻgʻri keldi. Siz hamon sarosimadamisiz? Yoʻgʻ-e, meni tanimadingizmi? Men – Lyupenman... Arsen Lyupen. Xotirangizni titkilab koʻring... Nahotki, bu nom sizga hech narsani anglatmayotgan boʻlsa?
– Yaramas malun! – dedi tishlangancha Ganimar.

Arsen Lyupenning peshonasi tirishdi va dedi:
–Jahlingiz chiqayaptimi? Ha, men buni koʻzlaringdan payqab turibman. Oʻsha Dagrival ishi tufaylida-a? Lekin bu suhbatimizga soya solmasligi kerak emasmi? Avallari sira bunday boʻlmasdi. Ishontirib aytamanki, bundan keyin...
– Sen qabih odamsan! – gʻazab sochdi Ganimar.
– Men esa quvonchdaman! "Bu uchrashuvlar yoshulli Ganimarning ham quvonchiga sabab boʻladi", deb oʻylagandim. Axir biz juda uzoq vaqt uchrashmadik.

Ganimar hamon oʻzini oʻnglab ololmagan va sarosimalangancha atrofiga alanglardi, keyin Lyupenga qaradi, oʻzini chimchilab koʻrdi va tushundiki, tushida emas, oʻz dushmanini hushida koʻrib turardi.
– Gapir, – dedi u. – Vaqtimni olma, bekor qolgan vaqtim yoʻq.
– Bu juda soz, – javob qildi Lyupen. Gaplashib olamiz. Suhbat uchun bu yerdan tinchroq joyni topolmagan boʻlardik. Bu qadimiy uy gertsog Rishelega qarashli. Gertsogning oʻzi bu yerda yashamaydi, rassom va bezakchi sifatida menga tashlab ketgan. Tinch joy. Men sobiq vazir mse Debreyl nomida yuraman. Tushundingizmi? Odamlar e’tiborini tortishni xohlamayman...
– Bu safsatalarga meni ishondi deb oʻylaysizmi? – uning soʻzini boʻldi Ganimar.
– Juda soz. Gapni qisqa qilaman. Siz shoshilmoqdasiz, meni kechiring. Sizni uzoq ushlab turmayman... Besh daqiqa va tamom. Shunday qilib boshladim... Sigaret chekasizmi? Yoʻqmi?

U stolga oʻtirarkan barmoqlari bilan uni cherta turib hikoyasini boshladi:
– 17 oktyabr 1599 yil. Kuzning iliqqina kuni... Eshityapsizmi? Bilmadim, Genrix IV hukmronligi toʻgʻrisida va Pont-Nef qurilishi haqida sizga gapirib berishning hojati bormikan? Oʻylaymanki, Frantsiya tarixidan xabardor emassiz, bu hikoyam bilan sizni chalgʻitaman, xolos. Kecha tunda yuk kemasida suzib kelayotgan bir odam Pont-Nef koʻprigi ostidan oʻtayotib chap sohildan nimadir suvga tashlab yuborilganini payqagan. Nimanidir Sena daryosi tubigi tashlab yuborishgan. Kema bortidagi it oʻzini suvga otib, daryodan qandaydir tugunni koʻtarib chiqqan. Haligi kishi tugunni olgan, itni suvdan chiqargan va tugun ichida nima borligini aniqlash uchun kayutaga kirgan. Topildiq uni qiziqtirib qolgan va u menga odam yuborgan. Oʻsha kuni ertalab men tugundagi sirli narsaga ega boʻldim va ba’zi bir narsalarni aniqladim. Mana ular.

U stol ustidagi gazeta boʻlaklariga ishora qildi. Oʻsha yerda katta shisha siyohdon boʻlib, unga bogʻlab qoʻyilgan bir boʻlak sharduz koʻrinib turardi. Shisha siniqlari, gʻijimlangan karton, latta boʻlaklari ham bor. Va nihoyat, stol ustida qizil rangdagi bir parcha shohi matoh.
– Koʻryapsizmi, bizning topildigʻimizni, yoshligimning doʻstu hamrohi, – dedi Lyupen. – Shubha yoʻqki, it tugunni suvdan olib chiqayotganda narsalarning bir qismi tushib qolgan, aks holda bu topishmoqni osongina yechsa boʻlardi. Ammo oʻylaymanki, masalaning tubiga yetish uchun shularning oʻzi ham yetarli. Faqat bunga sizning aqlingiz va qobiliyatingiz boʻlsa bas. Sizni qiziqtirayaptimi bu ish?

Ganimar holatini oʻzgartirmadi. U masxaraomuz soʻzlar bilan Lyupen ustiga tashlanishga tayyor edi, ammo oʻzini bosdi.
–Shunisi ayonki, biz bir xil fikrlaymiz, – dedi Lyupen inspektorning sukutiga e’tibor bermay. – Men mana bu narsalarga tayanib, oʻz fikrimni qisqagina bayon etmoqchiman. Kecha soat toʻqqiz bilan oʻn ikki oraligʻida yosh va latofatli bir ayol pichoq bilan yarador qilingan va koʻzoynakli yosh, gʻoyat kelishgan hamda sport bilan shugʻullanadigan janob tomonidan boʻgʻib oʻldirilgan. Ana shu janob bilan haligi ayol yemakxonada oʻtirib, uchta ekler yegan va kofe ichgan.

Ganimar sigareta chekdi va Lyupenning yengidan ushladi.
–A-ha, bu sizga yoqmadi inspektor. Jinoyat qidiruv ishlari faqat politsiyaga taalluqli, boshqalar uchun bu imkonsiz deb oʻylaysiz-da?! Toʻgʻri emas, azizim! Siz, Lyupen faqat aldashga qodir deb oʻylaysizmi? Mening xulosalarim juda hayrotomuz va juda oddiy, – dedi u va stol ustidagi narsalarni navbatma-navbat qoʻlga olib hikoyasini davom ettirdi.
–Aytganimday, bu voqea kech soat toʻqqizdan keyin roʻy bergan. Mana, gazetaning kechgi soni. Uning tepasida esa "Kechki nashr" deb yozilgan. Mana bunga qarang. Sariq qogʻoz izlarini koʻrdingizmi? Bu odatda obunachining manzili yoziladigan, narsa oʻrash uchun ishlatiladigan qogʻoz boʻlakchasi. Gazetaning kechki soni qoidaga koʻra, soat toʻqqizdagi pochta bilan keladi. Men: "kelishgan erkak" degandim. Mana bu shisha sinigʻiga qarang, bu yerda bor-yoʻgʻi bir xil shisha. Demak, bu lornet (dastali koʻzoynak, izoh bizniki), mana dastasining izi ham bor. Yuqori tabaqa kishilaridan boʻlak kim lornet olib yuradi. Olifta kiyingan erkak pishiriqlar doʻkoniga kirgan. Karton boʻlaklari pirojniy qutisiniki. Mana, ekler kremidan qolgan izlar ham bor.

Ana shu paketni qoʻltiqlab olgan bizning lornetli yosh aslzodamiz qandaydir ajoyib bir xonim bilan uchrashadi. Bu xonimning ajoyibligi shundaki, u alvonrang sharf oʻrab yurardi. Ayol bilan uchrashgandan keyin – bizga hozircha noma’lum sabablarga koʻra – unga pichoq uradi va soʻngra mana shu sharf bilan boʻgʻib oʻldiradi. Diqqat bilan qarasangiz, inspektor, sharfda qoramtir-qizgʻish dogʻ borligini koʻrasiz. Mana bu joyiga pichoqni artgan, bu joyini qonli panjalar gʻijimlagan. Jinoyat sodir etilgach, qotil izini yoʻqotishga uringan. U choʻntagidan gazetani ( darvoqe, xuddi shu gazetada ot sporti haqidagi xabarlar bosiladi) va ipni oladi. Bu uning sportga qiziqishini koʻrsatmaydimi? Keyin u sharfni qaychi bilan qirqadi. Sharfning ikkinchi boʻlagi murdaning qoʻlida qoladi. Sharfdagi qonli izlar, hech shubhasiz, qurbon boʻlgan ayolniki. Keyin ularni karton boʻlagiga oʻraydi, hozir Sena tubida yotgan pichoqni ham uning ichiga soladi. Tugunchani ip bilan bogʻlab, kema oʻtayotgan paytda suvga tashlab yuboradi. Umuman, hammasi – shu! Fu! Ogʻir ish. Nima dedingiz?

U hikoyasi qanday taassurot qoldirganini bilish uchun Ganimarga qaradi. Inspektor hamon jim edi.

Lyupen kuldi.
– Koʻrib turibman, bu voqea sizni hayratga solyapti va zardangizni qaynatyapti. Siz: "Qanday shayton chalib Lyupen qotilni oʻzi topmasdan va undan katta pul undirmasdan bu ishni menga tiqishtiryapti?" deb oʻzingizga savol berayapsiz. Oʻrinli savol. Lekin, masalaning bitta "lekini" bor. Gap shundaki, mening vaqtim yoʻqroq.

Hozirgi paytda ishim boshimdan oshib-toshib yotibdi: Londonda, keyin Lozanada qulfbuzarlik roʻy bergan, Marselda yosh bola oʻgʻirlangan. Buning ustiga ayni paytda bir qizning hayoti oʻlim xavfi ostida turibdi. Umuman, aytadilar-ku, baxtsizlik qoʻsha-qoʻsha yuradi deb. Shularni oʻylab: "Bu ishni qadrdon doʻstim Ganimarga topshirsam-ku boʻladi, hammasini u aniq va osongina hal qiladi. Qarang, men unga qanday yordam beryapman! Bu ishda Ganimar oʻzining nimalarga qodirligini namoyish etadi!" dedim oʻzimga-oʻzim. Va ertalab soat sakkizda yigitlarni safarbar etdim. Va mana, siz mening huzurimda turibsiz!

Lyupen oʻrnidan turdi, inspektorga yaqinlashdi va dedi:
– Boʻlgani – shu. Endi sizga hammasi ma’lum. Jasadni darhol topa olasiz. Taxminimcha, u birorta kontsert zalining oʻyinchisi yoki qoʻshiqchisi. Jinoyatchi esa mening taxminimcha, daryoning chap sohilida, Pont-Nef koʻprigi yaqinida yashaydi. Va nihoyat, sizga manavi ashyolar. Ular sizning ixtiyoringizda. Ishni boshlang. Faqat men mana bu bir boʻlak sharfni olib qolaman. Agar sizga uning zarurati boʻlsa, jasad boʻynida qolgan qismini olib kelarsiz. Bugun 29 dekabr, soat 10. Roppa-rosa toʻrt hafta kutaman. Bemalol ishonavering, hech qayoqqa ketmayman. Qoʻrqmang, qasam ichib aytaman-ki, bular hammasi jiddiy ish, yoshligimning doʻsti-hamrohi. Hazil qilayotganim yoʻq. Sha’nim haqi, soʻz berman.

Endi boravering. Ha, darvoqe, agar oʻsha odamni qoʻlga olish zarurati tugʻilsa, ogoh boʻling, u chapaqay.

Koʻrishguncha xayr, doʻstim, omad sizga yor boʻlsin!

Inspektor hushini toʻplab olishga ulgurmay, Lyupen ortiga oʻgirildi va xonadan chiqib ketdi. Inspektor uning ortidan otildi va angladiki, eshik unga ma’lum boʻlmagan qandaydir usul yordamida qulflanib qolgan edi. U uydan chiqqunicha yigirma daqiqa oʻtdi. Arsen Lyupenni qamoqqa olish toʻgʻrisida endi oʻylab oʻtirish befoyda. Buning ustiga hozir qamoqqa olishni istamasdi ham. Lyupen uni ruhlantirib yubordi va inspektor oʻzining sobiq dushmaniga nisbatan yangi bir hissiyot tuydi. Qoʻrquv, koʻrolmaslik, qoyil qolish hammasi aralashib ketgandi. U ishiga yoʻl oldi va yoʻl boʻyi boʻlib oʻtgan voqeani mulohaza qildi. Qizil sharf voqeasi uni qiziqtirib qoʻygandi. Bu juda qiziq va odatdan tashqaridagi voqea boʻlib tuyulardi. Arsen Lyupenning xulosalari qat’iy mantiqqa asoslangani bilan inspektorni qoyil qoldirdi.
– Yoʻq, u hazillashmayapti, – dedi oʻziga-oʻzi.

* * *

Ganimar Sohilboʻyi Orfevrdagi politsiya mahkamasiga qadam qoʻyganida ham boʻlib oʻtgan voqea toʻgʻrisida oʻylardi.
– Siz shefni koʻrdingizmi?–soʻradi undan inspektorlardan biri.
– Yoʻq.
– Sizni yoʻqlashtirgan edi.
– Shundaymi?
– Yaxshisi, uning huzuriga boring.
– U qaerda oʻzi?
–Berni koʻchasida. U yerda tunda qotillik roʻy bergan.
– Jabrlanuvchi kim ekan?
– Anigʻini bilolmadim. Qanaqadir qoʻshiqchi qiz?
–Voy, xudoyim-ey! – gʻuldiradi Ganimar.

Oʻldirilgan qiz san’at sohasida dunyoga tanilgan va Jenni Safir degan sahnaviy nom olgan qoʻshiqchi edi. U odatdagi uylarning birida, ikkinchi qavatdagi kichkina xonada yashardi. Politsiyachi katta inspektorni yuqoriga boshlab chiqib xonani koʻrsatdi. Ikki xonali kvartira allaqachon hukumat namoyondalari va mse Dyudui boshchiligidagi jinoyat qidiruv organi xodimlari bilan toʻla edi.

Ganimar xonani taaajjub ichra koʻzdan kechirdi, keng va yumshoq divan ustida qoʻliga qizil sharf bogʻlangan yosh ayolning jasadi yotardi. Uning koʻksida pichoq zarbidan qolgan va qoni qotgan ikkita yara, yuzida dahshat ifodasi.

Xirurg tekshiruvni tamomladi va dedi:
–Birinchi xulosa aniq. Unga ikki marta pichoq urilgan, keyin sharf yordamida boʻgʻilgan. Oʻlim boʻgʻish oqibatida roʻy bergan.
– O, xudoyim-a! – yana gʻoʻldirab qoʻydi Ganimar Arsen Lyupenning gaplarini eslab.
– Lekin boʻynida barmoq izlari koʻrinmaydi, – luqma tashladi izquvarlardan biri.
– Uni sochiq yoki qoʻl roʻmolcha yordamida boʻgʻgan boʻlishi ham mumkin, – taxminladi vrach.
– Albatta, shunday boʻlgan, – bu fikrga qoʻshildi shef va qoʻshimcha qildi: oʻsha sharfdan foydalangan boʻlishlari ham mumkin. Koʻrayapsizmi, qoʻli sharfning bir boʻlagi bilan bogʻlangan, ikkinchi boʻlagi uni boʻgʻish uchun ishlatilgan shekilli.
– Lekin nima uchun sharfning faqat bir boʻlagi qolgan? – soʻradi magistrat a’zosi. –Ikkinchi boʻlagi qaerda?
– Ikkinchi boʻlagida qon izlari qolgan boʻlsa, qotil uni oʻzi bilan birga olib ketgan. Qarang, u sharfni qaychi bilan shoshilinch tarzda kesgan.
– Yo parvardigor! – gʻuldiradi Ganimar. – Lyupen, hatto jinoyat sodir boʻlgan joyni koʻrmasdan ham hammasini biladi.
– Jinoyat nima uchun roʻy bergan? – soʻradi magistrat a’zosi. –Bu yerda hamma narsa agʻdar-toʻntar qilingan. Bu haqda siz biror fikr bildirmoqchi emasmisiz, mse Dyudui.
– Men xizmatkor ayolning tushuntirish xatiga asoslanaman. Yaxshi qoʻshiqchi sifatida tanilgan bu qiz ikki yil avval Rossiyadan saroy a’yonlaridan biri sovgʻa qilgan ajoyib zumrad toshni olib kelgan. Jenni hech qachon uni taqmagan boʻlsa-da, bunday sovgʻadan juda faxrlanib yurgan. U hatto oʻziga shu toshga uyqoch ism ham tanlagan –Safir. Agar biz jinoyat ana shu zumrad tufayli roʻy bergan deb xulosa chiqarsak, haqiqatga yaqin borgan boʻlamiz.
– Xizmatkor ayol bu toshning qaerda saqlanishidan xabardor boʻlganmi?
– Yoʻq, buni hech kim bilmagan. Xonadagi tartibsizlikdan koʻrinadiki, jinoyachi toshning qaerdaligidan xabarsiz boʻlgan.
– Xizmatkor ayolni soʻroq qilamiz, – xulosa qildi magistrat a’zosi.

Mse Dyudui oʻgirilib qarab bosh inspektorni koʻrib qoldi.
–Horgʻin koʻrinasiz, Ganimar. Nima gap? Birovdan shubhangiz bormi?
– Yoʻq, shef.
-Afsus. Biz bu ish yuzasidan shov-shuv koʻtarsak departamentda shuhrat qozongan boʻlardik. Bu eng noyob jinoyatlardan biri. Biz zudlik bilan jinoyatchini topishimiz zarur.
– Bu oson kechmaydi, shef.
– Topishimiz kerak. Quloq soling, Ganimar. Oqsoch ayolning aytishicha, Jenni Safir hayotdan lazzat olib yashashni yaxshi koʻrgan. Bot-bot mehmon qabul qilgan. Oʻsha kecha u kontsert zalidan oʻn bir yarimda erkak kishi bilan qaytgan. Yarim tungacha birga boʻlishgan. "U aslzodalardan. Menga uylanish niyatida", der ekan Jenni. Aslzoda odam deganlari oʻta ehtiyotkor va sezgir kishi boʻlgan. Shunchalik ehtiyotkor ekanki, darvozabon oldidan oʻtayotib paltosining yoqasini koʻtarib, shlyapasining chetlarini tushirib olarkan. U kelishidan oldin Jenni Safir oqsoch ayolni joʻnatib yuborarkan. Ana shu odamni qidirishimiz kerak.
– Undan biror belgi qolganmi?
– Hech narsa. Koʻrinib turibdiki, u yaramas juda aqlli, jinoyat qilishdan avval uni rosa pishiqtiradigan va hech qanday iz qoldirmaslikning yoʻlini biladigan odam. Uni qoʻlga olish bizning muqaddas burchimiz. Bu ishni sizga ishonaman, Ganimar.
– Nahotki, menga shef? – dedi inspektor, – yaxshi, oʻylab koʻramiz... Biz oʻylab koʻramiz... Men aytmoqchi emasdim... Faqat...

U juda hayajonlanardi. Bu holat mse Dyuduining ensasini qotirdi.
– Faqat, –davom etdi Ganimar, – qasam ichib aytamanki, shef, men qasam ichamanki...
– Nimaga qasam ichasiz?
– Hech narsaga... Biz oʻylab koʻramiz, shef... Oʻylab koʻramiz...

Ganimar yolgʻiz qolarkan, uzoq vaqt oʻziga kelmadi. Soʻngra shefiga ta’kidlagan oʻsha gapning davomini aytdi.
– Faqat osmon haqi qasam ichamanki, uni qoʻlga olish mening vazifam edi, axir bu ishning kalitini yaramas Lyupen menga tutqazgandi. O, lekin bunday qilolmayman!

Ganimar Lyupen tomonidan taklif etilgan masalani yechishga uzoq bosh qotirdi.

Endi hammasi uning aytganini tasdiqlab turibdi, shunga qarmay, Lyupen dalillar boʻshligʻidan qanday qilib bu darajada aniq xulosa chiqara oldiykin. Har holda agar Lyupen haq boʻlsa, gʻalaba inspektorning qoʻlida.

Ganimar yemakxonada shosha-pisha tamaddi qildi-da, koʻchaga chiqdi, ammo yoʻlda ajablangancha toʻxtab qoldi. U Lyupen tomonidan aldab olib borilgan oʻsha Syuren koʻchasidagi chogʻroq uyning darvozasi oldida turardi. Bu yerga uni irodasidan tashqari qandaydir kuch yetaklab kelgan edi. Sirning kaliti shu yerda, faqat shu yerda. Taxminlar va ehtimollar aniq va haqiqatga shu qadar yaqin hamda shu qadar gʻaroyibu bexato ediki, xuddi bu oʻzining odatdagi xususiy ishiga oʻxshardi.

Inspektor barcha shubhalarga qoʻl siltab uyga kirdi-da, zina boʻylab yuqoriga koʻtarildi. Xona eshigi ochiq edi. Haligi narsalar joy-joyida turardi. Inspektor shoshqin bir tarzda ularni choʻntagiga tiqdi-yu, chiqib ketdi. Oʻsha lahzada inspektor qandaydir koʻzga koʻrinmas kuch ta’sirida fikrlar, beixtiyor harakat qilar, unga qarshilik koʻrsata olmas va unga boʻysunardi.

Pont-Nef koʻprigi yaqinida yashaydigan noma’lum kimsani qidirishdan avval oqshom payti ishlaydigan shiravorlar doʻkonini topish kerak edi. Bu koʻp vaqtini olmadi. Sen-Lazar vokzali yaqinidagi qandolat doʻkonida unga daryodan topilgan tugundagiga oʻxshash karton quti berishdi. Buning ustiga sotuvchi qizlardan biri oʻsha oqshom mavsumiy paltosining yoqasini koʻtarib olgan bir janob doʻkonga kelganini va uning lorneti ham borligini koʻrganini aytib berdi.
– Mana, muammoning kaliti, – xayoldan oʻtkazdi inspektor, – demak, u lornet olib yuradi.

Keyin inspektor matbuot tarqatuvchiga gazeta boʻlakchasini koʻrsatdi. U gazeta parchasi "Terf Illyustre"dan olinganini aniqlab berdi.

Ganimar tahririyatga kirib, obunachilar roʻyxatini soʻradi. Pont-Nef koʻprigidan uncha uzoq boʻlmagan joylarda yashovchilarning nomlarini yozib olarkan, Lyupenning soʻzini eslab, chap sohilda yashovchilarni alohida belgiladi. Shundan soʻng mahkamaga qaytib, bir guruh xodimlarni chorlab, ularga kerakli koʻrsatmalar berdi. Xodimlardan eng soʻnggisi kech soat yettilarda xushxabar bilan qaytdi. Mse Prevale ismli "Terf" gazetasini oluvchi kishi Avgustchilar sohilidagi kvartirada yasharkan. Uning egnida mavsumiy paltosi boʻlgan, darvozabonning xotinidan xat va gazetasini olib chiqib ketganicha yarim tunda qaytgan. Uning lorneti ham boʻlgan. U ippodromning doimiy mijozi boʻlib, oʻzining oti ham bor ekan. Otini gohida oʻzi minar, gohida ijaraga berarkan.

Qidiruv uzoq choʻzilmadi, olingan ma’lumotlar esa Lyupen aytgan hikoyaning aynan oʻzi boʻlib, izquvarlar bergan ma’lumotlar esa Ganimarni ham charchatdi, ham zeriktirib yubordi. Shuncha yil jinoyat qidiruv ishida ishlab bunchalik aniqlikka duch kelmagandi.

Bosh inspektor mse Dyudui huzuriga yoʻl oldi.
–Hammasi tayyor, shef, ruxsatnoma berasizmi?
–Nima?
–Qamoqqa olish uchun hamma narsa taxt deyapman, shef.
–Siz Jenni Safirni oʻldirgan kishining ismini aniqladingizmi?
–Ha.
–Qanday qilib? Qay yoʻl bilan? Tushuntiring!

Ganimar biroz vijdoni qiynalayotganini sezdi, biroz xijolat tortdi. Shunga qaramay davom etdi.
– Mutlaqo tasodif, shef. Senaga tashlangan narsalar vositasida qotilni topdik. Tasodifiy bir holat tufayli suvga tashlab yuborilgan tugunchani topgan kishi uni menga olib kelgan edi.
– Kim?
–Uni olib kelgan kishi noxush holat roʻy berishidan choʻchib nomini aytishni lozim koʻrmadi. Lekin sirning kaliti mening qoʻlimda. Bu men kutganimdan ancha oson roʻy berdi.

Inspektor boʻlib oʻtgan voqeani soʻzlab berdi.
– Siz shunday ishni tasodif deysizmi? – ta’sirlanib gapirdi mse Dyudui. – Yana buni oson koʻchdi deysiz-a! Axir bu sizning eng yorqin ishingiz!

Ganimar ishni nihoyasiga yetkazishga otlandi. Uning odamlari Avgustchilar sohili boʻyidagi uyni oʻrab oldilar. Uy egasi u odamning yegulik olib kelish uchun ketganini ma’lum qildi. Ganimarning odamlari kutib turishdi. Kech soat toʻqqizlarga yaqin uy egasi inspektorga palto kiygan baland shlyapali kishini koʻrsatdi. U sohil boʻyi tomon tez-tez yurib kelardi. Ganimar qat’iyat bilan u tomonga yurdi.
–Bilishimcha, siz mse Prevalesiz?
–Ha. Oʻzingiz kimsiz?
–Sizni qoʻlga olish uchun menda...

U soʻzini tugata olmadi. Qorongʻulikdan bir toʻda odamlar chiqib kelishdi. Mse Prevale oʻzini binoga urdi-da, yelkasi bilan doʻkon eshigiga taqaldi.
– Keting! – qichqirdi u – men sizni tanimayman!

Mse Prevale oʻng qoʻlida ogʻir trosni mahkam changallab turar, chap qoʻli bilan orqadagi eshikni paypaslardi, uning eshikni ochmoqchi boʻlayotgani aniq edi.

Ganimar Prevalening qandaydir yashirin yoʻl orqali qochib ketishidan qoʻrqib, unga yaqin bordi.
– Bas qiling, – qarshilik koʻrsatishingiz befoyda, – dedi Ganimar va uning qoʻlidagi trosga qarab Lyupenning ogohlantirishini esaladi: "jinoyatchi chapaqay". Ganimar birdan yerga egildi, Prevale chap qoʻli bilan pistoletni koʻtarib ulgurmay unga tashlandi va mushti bilan jagʻiga zarba berdi. Prevale yerga quladi. Va koʻp oʻtmay oʻzini qamoqda koʻrdi.

Ganimar azaldan oʻz ishining mahoratli ustasi edi, ammo bu ishning tezkorlik bilan ochilishi unga shuhrat keltirdi.

Barcha ochilmagan jinoyatlar ham darhol Prevalening boʻyniga ilindi, gazetalar esa bir-biridan oʻtkarib Ganimarni maqtardi.

Bu ish katta shovqin-suronga sabab boʻldi. Eng avvalo, Prevalening aslida Tomas Drekligi ma’lum boʻldi. Birgina shu faktning oʻzi hayratlanarli edi. Ammo uning xonasi koʻzdan kechirilganda jinoyatga doir hech narsa topilmadi. Oradan sakkiz kun oʻtgach hamma narsa oʻzgarib ketdi. Shu paytgacha soʻroqlarga javob berishni istamay jim turgan Prevale, advokatning maslahati bilan tilga kirdi va ishonchli alibi koʻrsatdi. Jinoyat roʻy bergan paytda u Foli-Berjer teatrida oʻtirganligini aytdi. Haqiqatdan ham uning kostyumi choʻntaklaridan topilgan chipta va teatr dasturida oʻsha oqshom sanasi turardi.
– Alibi avvaldan hozirlab qoʻyilgan, – e’tiroz bildirdi sudya.
– Buni isbotlang, – talab qildi Prevale.

Shunda uni guvohlar bilan yuzma-yuz qilishdi. Qandolat doʻkonida ishlaydigan qiz "tanigandayman" dedi. Berje koʻchasidagi darvozabon ham Jenni Safir bilan keladigan odam "shu deb oʻylagandim" dedi, lekin hech kim aniq gap aytishga jur’at qilolmadi.

Tergov ishlari boshi berk koʻchaga kirib qolganligi sababli sudya Ganimarni chaqirib olib, unga roʻy berayotgan qiyinchliklar haqida gapirdi.
– Boshqa imkonim yoʻq. Qoʻyilgan aybni quvvatlab turolmayman.
– Oʻzingiz oʻylang, sudya, agar Prevale gunohsiz boʻlsa nima sababdan qoʻlga olinishiga qarshilik koʻrsatdi?
– U qaroqchilar hujum qilayapti deb oʻylagan, ayblanuvchi shunday koʻrsatuv berayapti. Shuningdek, u Jenni Safirni umrida koʻrmaganligini aytmoqda. Uning e’tirozlarida nooʻrin hech narsa koʻrmayapmiz. Yoʻqolgan sapfirni, biz Prevalening xonasidan izladik, ammo topolmadik.
– Boshqa biror joydadir, – qat’iy turdi Ganimar.
– Mumkin, ammo bu uning aybdorligiga isbot boʻlolmaydi. Sizga aytib qoʻyishim kerak, mse Ganimar. Qizil sharfning ikkinchi boʻlagini topish kerak. Qancha tez topilsa shuncha yaxshi.
– Ikkinchi boʻlagini?
– Ha. Agar qotil uni ushlagan boʻlsa, barmoq izlari qolgan boʻlishi kerak.

Ganimar indamadi. Necha kundirki, bu ishning oxiri "voy" boʻlishi toʻgʻrisida oʻylardi. Sharfning ikkinchi boʻlagini topish va uni sudyaga koʻrsatish kerak, boshqa biror dalil yoʻq. Agar dalil keltira olmasa, Prevale ozodlikka chiqadi va Ganimar kulgiga qoladi. Baxtga qarshi sharfning ikkinchi boʻlagi Lyupenda. Uni qanday qilib olish kerak?

Ganimar ayblov ishini qayta boshdan koʻrib chiqdi, Prevalening hayotiga doir hamma narsaga aniqlik kiritish uchun odam yubordi. Ammo barchasi behuda edi.

28 dekabrda sudya uni odil sud saroyi yoʻlagida toʻxtatdi:
– Xoʻsh, mse Ganimar. Qanday yangiliklar bor?
– Afsuski, hech qanday.
– Unda men ishni toʻxtataman.
– Yana bir kun sabr qilsangiz.
– Nima oʻzgaradi bu bilan. Bizga sharfning ikkinchi boʻlagi kerak. U sizdami?
– Men uni erta ertalab olaman.
– Erta?
– Ha, faqat menga uning topilgan boʻlagini bering. U sizda boʻlishi kerak?
– Sizning iltimosingizni qondirsam biror oʻzgarish boʻladimi?
– Agar shunday qilsangiz. Men sizga butun sharfni taqdim etardim.
– Juda soz.

Ganimar sudya bilan uning xonasiga bordi va bir boʻlak qizil shohi sharfga ega boʻldi.
– Lyupen pand bermasa ertagayoq sharfning har ikkala boʻlagini qoʻlingizga tutqazaman.

U Lyupendan shubha qilmasdi, faqat Lyupen nima sababdan uni uchrashuvga chorladi? Sharf unga nima uchun kerak edi? Shuni oʻylab Ganimarning boshi qotdi.

Qiziqish va chidamsizlikdan sabri tugagan Ganimar tong otishi bilan Lyupen huzuriga yoʻl oldi. Bu paytda uning odamlari oʻsha mavzeni oʻrab olishgan edi.
– Agar men uchinchi qavatning derazasida koʻrinsam yoki uy ichidan bir soat ichida chiqmasam uyga bostirib kirib, u yerdagi kishini qoʻlga olasizlar, deb topshiriq berdi u odamlariga.

Soʻngra choʻntagidagi pistoletini paypaslab qoʻyib, uy tomon yurdi.

Hamma narsaning avalgidek joy-joyida turganini koʻrib Ganimarning hayrati oshdi. Derazaga bir koʻz yugurtirib olib, xonalarni bir-bir qarab chiqdi. Jon asari yoʻq.
– Lyupen qoʻrqibdi, – deya ishonchsizlik bilan gʻuldiradi u.
– Bema’ni gaplarni gapirmang, – degan ovoz eshitildi ortidan.

Inspektor chaqqonlik bilan oʻgirilib qarab, kombinzon kiyib olgan keksa ishchini koʻrdi.
– Hayajonlanmang, – dedi ishchi, – men Lyupenman. – Ertalabdan beri ishlayotgan edim, endi nonushta qilishim kerak.

U ajabtovur jilmayish bilan Ganimarga qaradi va xitob qildi:
– Oʻz vaqtida hozir boʻldingiz, yoshulli! Hayotingiz men uchun aziz. Sizni qanchalar sevishimni bilasiz-ku! Bu haqda fikringiz qanday? Hammasi oʻylaganimdek boʻlib chiqdimi-a?! Boshlanishidan menga ma’lum boʻlgan ekan-da! Xoʻsh, bunday ishlarni qay darajada eplar ekanman? Qanday sezgir aql, Ganimar. Voqea qay darajada tiklandi! Qanday topqirlik! Hayrotomuz darajada koʻra bilish! Sizga sharf kerakmi?
– Ha, ikkinchi boʻlagi. U sizdami?
– Albatta. Ikkovini birga qoʻyishingizni soʻrayman.

Ular qizil matohning ikkala boʻlagini yonma-yon qoʻyishdi. Qirqimlar biri-biriga toʻla mos edi, rangi toʻgʻrisida gapirib oʻtirmasa ham boʻladi.
– Biroq, men oʻylaymanki, bu yerga faqat sharf uchun kelmagansiz, – dedi Lyupen, – siz qon izlarini koʻrmoqchisiz. Deraza oldiga boraylik, bu yer qorongʻu, Ganimar.

Ular qoʻshni xonaga oʻtib, deraza oldiga borishdi. Lyupen sharfni deraza tokchasiga yoyib qoʻydi.
– Qarang, –dedi u Ganimarga boshi bilan imo qilib.

Inspektor sharf ustiga egildi. Besh panjaning izi aniq koʻrinib turardi. Rad etib boʻlmaydigan dalil. Qotil Jenni Safirning sharfiga iz qoldirgan edi.
– Bu chap qoʻlning izi, – dedi Lyupen. – Yodingizdami, sizni ogohlantirgan edim, meni jodugar deb oʻylashingizni istamayman.

Ganimar shohi matoh boʻlagini darhol choʻntagiga urdi. Lyupen ma’qullab bosh silkidi.
– Hammasi joyida, yoshulli. Meni juda mamnun etdingiz! Bu yerda hech qanaqa tuzoq yoʻqligini koʻrib turibsiz... Men eski oshnam bilan yaqin boʻlishni istagandim, xolos. Lekin sharfning sizdagi boʻlagiga juda qiziqyapman, uni diqqat bilan bir koʻzdan kechirsam... Qoʻrqmang... Oʻzingizga qaytaraman... Faqat bir daqiqaga...

Lyupen sharfning ikkinchi boʻlagini olib koʻzdan kechira boshladi, Ganimar uning mingʻirlashiga quloq tutdi:
– Bunday ishlarni naqadar hayrotomuz bajarishadi ayollar! Siz oqsoch ayol bergan guvohlikning bor jihatiga e’tibor qildingizmi? Jenni Safir oʻziga koʻylak va shlyapa tikib kiyishni mahorat bilan bajargan. Koʻrinib turibdiki bu sharfni ham uning oʻzi tayyorlagan... Buni birdan payqadim. Men haqiqatdan ham juda qiziquvchanman, choʻntagingizdagi boʻlakni diqqat bilan tekshirib. Uning uchida, poʻpaklariga yaqin chetida bechora qiz oʻz qoʻli bilan tikib qoʻygan kichkina tumorchani topgan edim. Bechora shu tumor baxt keltirishiga ishongan. Bu ta’siralanarli emasmi, Ganimar? Ammo kichkina tumorcha bizning xonimimizga unchalik foyda bermadi.

Inspektor hayratlangan koʻyi Lyupendan koʻz uzmay qarab turar, u esa davom etardi:
–Shunda men oʻz-oʻzimga: "Politsiyaning qoʻlidagi ikkinchi boʻlakni tekshirib koʻrish juda qiziq boʻlardi", deb oʻyladim. Mendagi boʻlagida tumorcha bor edi va men oʻyladimki, "ikkinchi boʻlagiga ham shunga oʻxshash narsani yashirib qoʻyishning nimasi yomon". Siz nima deb oʻylaysiz, qadrdon doʻstim? Masalan, sapfirga oʻxshash qimiatbaho tosh yashirilgan boʻlsa-ya?

U soʻzini tamomlaganda qoʻlida lojuvard tosh yaltirab koʻrindi.
– A-ha! Aytmaganmidim sizga, yoshlikdagi qadrdon doʻstim?

U boshini koʻtarib inspektorning koʻzlarida yovvoyi bir ifodani koʻrdi. Inspektor topildiqqa iztirob ichra qarab turardi.
–Yaramas, – gʻuldiradi inspektor, – haromi!

Yuzma-yuz turishardi ular.
– Uni menga bering, – buyurdi inspektor.

Lyupen unga sharf boʻlagini uzatdi.
– Feruzani ham, – qat’iy talab qildi inspektor.
– Axmoqlikni yigʻishtiring.
– Qaytarib bering yoki...
– Nima yoki, tentak! – hayqirdi Lyupen. – Nahotki, meni tekindan-tekinga yordam beradi, deb oʻylagan boʻlsangiz?
– Darhol qaytarib bering, – oʻz soʻzida turib oldi inspektor.
– Siz nimani ham bilardingiz, men toʻrt hafta davomida xuddi ohuday ehtiyotkorlik bilan harakat qildim, siz boʻlsangiz... Qoʻying, yoshulli. Toshni suv tagida qolgan deb hisoblang. Oʻtiraylik! Sigaretga tobingiz qalay?

Ganimar oʻzining izquvarlari kelishini kutib Lyupenga gʻazab bilan qarab turardi. U turgan xona hovli tarafda edi, shunday boʻlsa-da derazadan oʻzini koʻrsatishni oʻyladi.
– Men sizni toʻnka deb hisoblaganda haq edim. Sharf qoʻlingizda edi, siz boʻlsa uni paypaslab koʻrishni ham xayolingizga keltirmagansiz. Qizgina nima uchun bu sharfni har doim bogʻlab yurgani toʻgʻrisida oʻzingizga savol berib koʻrmagansiz.

Lyupen ortiga oʻgirilganidan foydalangan Ganimar oʻzini eshikka urdi. Ammo eshik qulf edi. Lyupen uning ortida xoxolab kulardi.
– Bugun ham sizning fahmingiz yetmadi. Menga tuzoq qoʻydingiz, men bu haqda bilib qolishim mumkinligini oʻylab ham koʻrmadingiz. Hatto eshikning qulfini tekshirib ham koʻrmay ichkariga kirdingiz. Endi oʻzingizni nima deb oʻylaysiz?
– Nima deb oʻylayman? –qichqirdi Ganimar pistoletini chiqarib Lyupenga toʻgʻrilarkan.- Qoʻlingni koʻtar! Mana men nima deb oʻylayman!

Lyupen yelka qisdi.
– Hech oʻzgarmabsiz.
– Qoʻlingni koʻtar!
– Uni chiqindixonaga tashlab yuboring.
– Nima?
– Qariya Katrin, sizning oqsochingiz, koʻpdan beri mening xizmatimda. Siz kofe ichayotganingizda u pistoletingizdan oʻqlarni olib qoʻygandi.

Ganimar pistoletni choʻntagiga solarkan Lyupenga vahshiyona nazar bilan qaradi.
– Xoʻsh, – dedi savolomuz ohangda Lyupen inspektorning roʻparasida turib.

Ular bir-birlariga ancha vaqt tikilib qolishdi.

Ganimar oʻtmish tajribasidan bilardiki, Lyupen bilan olishish aqlsizlik. Qoʻlidan hech narsa kelmasligini his etdi inspektor.
– Siz sari ham boraylik, – davom etdi Lyupen, – Ganimarning jim turganiga e’tibor qilmay, – yaxshisi, bu ishni oʻz holicha qoldiring. Oʻylab koʻring, yoshlikdagi doʻstim. Agar shunday qilsangiz bu sizga shuhrat keltiradi. Xizmatda davom etish va qariganingizda yaxshi yashash imkonini beradi. Oʻylaymanki, siz bechora Lyupenni qamamaysiz va undan zumrad toshni tortib olmaysiz. Axir Lyupen hayotingizni asrab qoldi... Ha, mse! Bu qilgan ishingiz sizning shuncha yaxshilikka bildirgan minnatdorchiligingizmi? Prevalening chapaqayligini kim aytib berdi sizga? Men sizdan rozi emasman, Ganimar.

Shu gaplarni aytgancha, Lyupen xona boʻylab kezinardi. Eshik yaqiniga borib uni ochdi. Va Ganimar angladiki, u qochmoqchi. Dunyodagi hamma narsani unutib Ganimar unga tashlandi, lekin qorniga berilgan kuchli zarbadan uchib borib devor ostiga yiqildi. Yopilgan eshik ortidan Lyupenning kulgusi eshtildi.

* * *

Ganimar oradan yigirma daqiqa oʻtib, oʻzining odamlari bilan uchrasharkan, ulardan biri shunday ma’lumot berdi:
– Bundan biroz avval uydan bir ishchi chiqdi. Qoʻlimga xat tuqazib: "Boshliqqa ber" dedi. "Qaysi boshliqqa?" deb soʻragunimcha ishchi koʻzdan yoʻqoldi.
– Xatni bering.

Ganimar xatni ochdi. Unda qalam bilan shosha-pisha tirnab yozilgan shunday soʻzlar bor edi:

"Bu haddan tashqari ishonuvchanlikka qarshi ogohlantirish, doʻstim. Har qanday gapga ishonavermaslik kerak, agarda suhbatdoshingiz, hatto Arsen Lyupen boʻlsa ham. Sizning birinchi qilgan xatongiz shuki, pistoletda oʻq yoʻqligiga ishondingiz. Ikkinchisi, siz qariya Katrin meni sotibdi degan xayolga borib, uning sadoqatiga shubha qildingiz. U esa juda rostgoʻy va tartib-intizomli ayol. Bir kun kelib u bilan tanishishdan umidvorman. Hozircha sizga sadoqat bilan,

Arsen Lyupen".