OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbdunabi Abdiyev
Asar nomiMuallaq odam (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Abdunabi Abdiyev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Nashriyot«Sharq yulduzi» jurnali, 2010 yil, 4-son
Hajm53KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/09/02
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Muallaq odam (qissa)
Abdunabi Abdiyev

1

– Ayting, men kimman oʻzi, kimman?

Goho asov soydek pishqirib, ba’zan toshbaqadek sudralib oʻtayotgan umringiz mobaynida qulogʻingizga chalingan savollar silsilasida bundan koʻra mavhum va betayini ehtimol uchramas, bu savol ogʻrigʻini soʻroqqa tutguvchidan oʻzga kim ham bilsin. Binoyidek gurung berib oʻtirgan suhbatdoshim xotima tariqasida jazavaga tushib baqirishi har qanday odamni hayratlantirishi, yurakka gʻulu solishi, «aqli joyida emas» degan qat'iy qarorga kelish uchun asos boʻlishi mumkin edi. Faqat mengagina bunday hadik-xavotirlar allaqachon begonalashgan, men uning kayfiyati, qiyofasidagi zigʻirdek oʻzgarishni ham ilgʻashga qodir edim, boisi, soʻnggi bir necha kundirki, suhbatdoshim dil daftarini gʻaroyib kitob yangligʻ zoriqish, zerikish neligini bilmay varaqlayotgandim. Egilish, bukilish, vaziyatga muvofiqlashish yoʻlini qidirmay, koʻksidagi yolgʻizlik atalmish xudo quliga aylanib yashayotgan bu kimsa emranishlarini tinglar ekanman, oʻzim ojiz, notavon banda ekanligimga tobora iymon keltirdim.

– Bilmadim, – gʻulduragancha javob qaytardim.

Ukkinikidek chuqur botib chaqchaygan koʻzlar jussamga sanchilib, qalbimni parchin etdi, misoli bir qop etga doʻndim, jismimni sovuq ter qoplab junjikdim, tegramda qimirlagan jonzot yoʻqligini, gadoy topmas ovloqda oʻtirganimizni bilsam-da, baxtli tasodifdan umidlanib, kimdandir najot kutgandek chor tarafga olazarak nazar tashladim.

– Afsus, men kimga sir inondim, sizlarda his-hayajon nima qilsin, – dedi u afsuslangannamo, hatto vaqtini behudaga sarflagani uchun oʻzidan nafratlanayotganini anglatadigan ohangda. – Nahot shunchalik kaltafahmman, axir, bor-yoʻq tashvishingiz qorin boʻlib qolganini bilardim-ku, hayf-ey inson degan nom.

Vajohatidan basharamga musht tushiradiganga mengzardi, tilim tanglayimga yopishdi, bir yumalab rostakamiga u choʻtlayotgan behis, behayajon kimsaga aylanishni jon-dilim bilan orzuladim, hammasiga oʻzim, koʻpincha oʻzimga ham boʻysunmas sinchiligim sabab, uning oʻzgalarnikiga oʻxshamas xatti-harakatini mendan boshqa ilgʻagan banda yoʻqmidi, yuvilmagan qoshiqdek har narsaga tumshuq tiqquncha befarqqina yuravermaymanmi, quyushqondan chiqqan qiziquvchanligim tufayli ilgari biror marotaba yaxshilik qozonganmidim.

Suhbatdoshim qah-qah otib kulishi (balki nafratini shunday ifodalagandir), soʻngra hoʻngrab yigʻlashi dilimda oʻrmalagan hadigu xavotirlar qatini toʻzgʻitib, botinimda rahm-shafqat tuygʻularini qoʻzgʻadi, miskingina gavdasi koʻz oʻngimda yanada kichrayib, yelkalari silkinib-silikinib tushar, xastahol ovozida bir olam gʻussa jamlangan edi.

– U sarson izlardi oʻzini-oʻzi... Farang shoiri Artyur Remboda shunday misra bor – oʻqigan boʻlsangiz kerak. Bilsangiz men oʻshaman, ha, na oʻliklar, na tiriklar safida oʻrnasholgan, oʻzini-oʻzi zir qaqshab izlayotgan muallaq odam men boʻlaman...

2

Inson yaratganning eng ojiz mavjudoti, na yaxshilik, na yomonlikka shukrona keltiradi, oʻzgalar emas, yolgʻiz men boʻlsam deydi, bequsurlik xoliqqa xos xislat ekanligini tan olgisi kelmaydi, ayniqsa, iqtidorsizligini e’tirof etish hech kimga yoqmaydi, men – gʻoʻza unib chiqqani, qator oralariga ishlov berilayotgani (yozmay qoʻysam shu ish toʻxtab qolarmidi?) haqida uch-toʻrt qator xabar yozib yurgan oʻrtamiyona muxbir ham bunga jur'at etolmasdim. Oʻzimni salkam tan olinmagan daho choʻtlab yurgan kezlarimda nogoh uni uchratdim-u, butun muvaffaqiyatsiz odimlarimni bosib tushadigan asar yozishga chogʻlandim.

Ehtimol, oʻzingiz ham allaqachon fahmiga yetgandirsiz – bu charxi dunda tugal haqiqat topish dargumon, mayda, xashaki haqiqatchalar esa oʻtkinchi, shu bois qogʻozga tushirayotgan hamma narsamga koʻr-koʻrona ishonishingiz shart emas, buni talab etishga haqdorman degan bemaza fikr yetti uxlab tushimga ham kirmagan, ushbu koʻrinish uchun hadeb bosh silkitib bechora boʻyinga jabr etayotganingizni anglab turibman. Meni kamsitmoqchi boʻlayapti deb oʻylamang, birov gapirayotganida ma’qullash, hech qursa jim turish ta’limoti qon-qonimizga singdirilgan, hammamiz yaqin-yaqingacha huquqlarni chegaralovchi, fikrlarni yagona qolipga jamlovchi qizil firqa hukmronlik qilgan ta’zim-tavozelar mamlakatining xokisor fuqarolari boʻlganmiz. Koʻrimsiz holatimiz gʻururimizni oʻldirib boraveradi, oxir-oqibat oʻzimizni hukmi zoʻr gapirganda qoʻlimiz koʻksimizga yetib, boshimiz beixtiyor beshiktervatar yangligʻ tebranishga tushadi. Aslida har kimning oʻziga yarasha fahmi-farosati boʻlgani maqbul, bugun boshqa birov, ertaga oʻzganing aytganlariga quloq qavartirib «mana shu aynan haqiqat» deb qabul qilaversak alloh yorlaqagan Odam-Ato qavmiga mansubligimiz qaerda qoladi. Ehtimol, aytib berishga chogʻlanayotgan hikoyam yangilik emasdir, balki oʻquvchida ortiqcha qiziqish ham uygʻotmas, shunday ekan, xoh ishoning, xoh ishonmang, ixtiyor oʻzingizda. Ammo umrim bino boʻlib, u kabi gʻalati, u singari chekishga mukkasidan ketgan bandani uchratmaganimni ozroq boʻrttirishga haqim bordir deb oʻylayman, axir, men ham nimadir bilan ovunishim kerak-ku. Aftidan gap urish ohangim almoyi-jalmoyidek koʻrinib, telba kimsaning diydiyosini oʻqish shartmi degan xulosaga kelayotgandirsiz. Xavotiringiz bekor, men savdoyi emas, bir oz odamoviman, xolos. Haqiqiy jinni u, aqli but banda shirin jonini azobga qoʻyib bunchalik chekmaydi, ha-ha, ishonavering, arzimagan bir-ikki soatga choʻziladigan gurunglarimiz asnosida ogʻzi nafaqat gap, balki papirosdan ham biron daqiqa boʻshamadi hisobi, bosib-bosib, izini uzmasdan ishtaha bilan tamaki soʻrgani, onda-sonda gezargan labidan papirosni ayirganida ham tirnoqlarigacha sargʻaygan qaltiroq qoʻllaridagi soʻnishiga fursat berilmaginidan uchi qip-qizil choʻgʻga doʻngan papirosni gʻaroyib topilmadek avaylab aylantirib oʻynagani, pechkaning dud bosgan moʻrisi kabi ogʻiz-burnidan sitilib chiqayotgan tutunni mahliyo boʻlib kuzatgani, koʻkish halqachalardan yosh boladek zavq olgani, uzoq jim qolsa hikoyasini tinglashdan voz kechishim mumkindek shoshib hikoyasini davom ettirgani, moʻmin-qobil oʻquvchidek qoʻl qovushtirib oʻtirganimni koʻrib beozor, sabr-bardoshli quloq topganidan ogʻzining tanobi qochgani – bari-bari hayratga molik edi. Tasodif uchrashtirgan odamni shuncha ezmalik bilan ta’riflashga nima hojat deya ajablanmang, hali bu oz, ta’rif-tavsifning boshlanishi: qisqa muloqotlar chogʻida bu kimsani kuzatib olgan taassurotlarimni bayon qilishga bisotimdagi soʻzlar ojizlik qilayotganini poyintar-soyintar gapirishim ehtimol oshkor etayotgandir. Xullas, u qariyb qirq yil umrim mobaynida men uchratgan, yaqin munosabatda boʻlgan son-sanoqsiz odamlarning birontasiga mengzamasdi. Hech bir taqdir oʻzgasi takrori boʻlolmaydi. Avj qish chillasida falakdan toʻkilayotgan qor zarrachalarini kuzatganmisiz, biri-ikkinchisiga sira oʻxshamaydi, faqat yerga qoʻnganidan soʻng bir-birini toʻldirib oppoq momiq koʻrpachaga evriladi. Odamlar ham shunday, ularni inson degan atamagina bogʻlaydi, «falonchi umri farzandlari timsolida davom etyapti» degan ibora nisbiy, har bir inson oʻz umrini oʻtaydi, birovnikiga hukmronlik qilolmaydi. Rosti, u ham men uchun qiziqarli, oʻziga nihoyatda zerikarli koʻringan umrining soʻng manziliga shitob bilan intilayotgan bir banda edi, xolos.

3

Aslida meni 3. shahridagi atrofi baland devor bilan oʻralgan bu oromgohga ixtiyorimga zid tarzda yuborishmaganida balki oʻsha gʻalati insonni uchratmagan, qimmatli vaqtingizga chovut solib, ushbu hikoyani sizga ilinmagan boʻlarmidim. Alhol ishxonamda surunkali muvaffaqiyatsizlikka (ehtimol omadsiz odamdirman) duch kelib, ishlarim xurjun boʻlavergach, nafrati yoki hurmatini sir tutguvchi boshligʻim xonasiga taklif etib, yasama takalluf bilan dedi:

– Asabingiz charchabdi, ogʻayni, siz uchun yaxshigina oromgohga yoʻllanma toptirib qoʻydim, bir oz dam olib qaytsangiz.

Gap urish ohangidan masala allaqachon uzil-kesil hal etilgani, e’tirozlarim foydasiz ekanligi yaqqol sezilib turardi, shunday qilib xazonli kuz faslida shu fasl oʻzidan-da hazin shu oromgohga kelib qoldim. Kechirasiz, malol kelmasa bir savolim bor – sizning ham oʻz sevimli, yolgʻiz oʻzingiznikiga aylantirishni astoydil istaydigan mashgʻulotingiz bormi? Men xazonrezgi bogʻda sayr etishni (na yosh, na keksaga qoʻshiladigan la’nati qirq yoshda balki oʻzgalar ham shunday kayfiyatga tushishar), qovjiragan yaproq bargidan ayro tushgan novdalarning unsiz faryodini qalbim koʻzida koʻrib, qulogʻida tinglashni sevaman, hazin oʻylar miyamni titkilaydi, hatto chinakam ilhom menga begona boʻlsa-da, oʻz iztiroblarimni qogʻozga toʻkaman:

Kuz. Daraxtning novdalaridan
Yerga qochar eng soʻnggi yaproq.
Xazonrezgi bogʻ orasidan,
Oʻtib borar daydi ruh titroq.
Qulogʻiga chalinar tinmay,
Oltin bargdan taralgan faryod.
Dovdiraydi netarin bilmay,
Endi kimga soladi u dod.
Dardlarini eshitar kim ham,
Tabiatning alami tetik.
Barglaridan ayrilgan novda,
Bayozining choʻgʻi yoʻq bitik.
Xoʻrsinadi yolgʻizlik ogʻir,
Jasadsiz ruh fanoda sagʻir,
Baqogacha hali manzil bor.
Oʻy suradi, xayol parishon:
«Motamsaro bogʻlarga maza,
Qish bahordan kelgan ilk nishon,
Ochishmasa boʻlardi aza.
Faqat unga yasharish yoʻqdir,
Yolgʻiz unga umidlar abas.
Tanho unga hayot soʻlgʻindir,
Tasodifga koʻngil tikmam, bas».
Tesha tegmagan tashbeh topdim demoqchi emasman. Lekin, e’tirofimki, negadir yashillik aldamchi libos boʻlganda bogʻlar asl qiyofasiga qaytganday, yuzi gʻijimga doʻngan quruqshagan daraxtlar umr oʻtkinchiligidan saboq berayotganday, «Ey vaqtincha navqironlikdan masrur odam, oʻtayogan har bir daqiqa umrning intihosi – kuziga yetaklayapti, ogoh boʻl!» deyayotganday tuyuladi. Shunday iztirobli xayollar ogʻushiga tushgan kezlarim qaysidir pistirmadan turib, har bosgan odimini hisoblayotgan ajalning sovuq tirjaygan mash'um aftini koʻrgandek boʻlaveraman, ehtimol, u qaerga qoʻnishini bilmay shildirab uchayotgan zahil yaproqning yagʻir yelkasida oʻrnashgandir, har holda vaqti soati yetmaguncha uni tasavvur etish, tashrifini quchoq ochib kutib olish biz – bani odamga xos xislat emas.

4

Rosti, oromgohdan unchalik koʻnglim toʻlmasa-da, tegradagi ruhiyatimga mos mahzunlik uchun dam olishimning ilk kuniyoq saxovatpesha boshligʻimga gʻoyibona rahmatimni yogʻdirdim. Egizak kunlarning bilmadim nechanchisidir (bu yerda aniq hisob yuritish mushkul), tun qorongʻisi arib ulgurmagan palla nogoh uni bogʻ oralab yurganida uchratdim. Sirli tuyulgan hamma narsa – kattami-kichik kishida bir xil qiziqish uygʻotadi. Bir siqimgina jussa, pildirab tashlangan odimlar, sharpamni ilgʻaganidan oʻzini panaga tortishi yuragimni muzlatdi: bemahalda men kabi bedor bu sharpa kim, nega oʻzgalar bilan yuzma-yuz kelish, yakkama-yakka qolishdan choʻchiydi. Oromimni oʻgʻirlagan savollarga javob olish besh-olti kun nasib etmadi, goh u oʻzini nigohimdan chetga olar, goh nonushtaga chorlayotgan zang urilib qolardi. Bu yerdagi tartib-intizom oʻzga oromgohlardagiga sira mengzamas, zang chalinganidan soʻng oshxonadagi oʻrning boʻsh qolsa boshliqning shaxsan oʻzi binoyigina tanobingni tortib qoʻyar, surunkali tartibbuzarni ichki qonun-qoidalarga boʻysunmaslikda, oʻzgalarni boshboshdoqlikka da’vat etishda ayblab, ogʻir tan jazosi tayinlashdan ham qaytmasdi. Ixchamgina qora kaltak koʻrar koʻzga unchalik vahshat solmasa-da, boshing uzra havoni kesib oʻtgancha shuvillab yagʻriningga tushganda jismingni qaqshatib yuborar, tanangga qonli izlar tushirardi. Qanchalik azob boʻlmasin, dastlabki zarbalarga dosh berolsang keyingilari asta-sekin oʻtmaslashib boraverardi, qizigʻi, ayrimlar allaqachon ignaga oʻtirgan giyohvand misol kaltakni tez-tez qoʻmsaydigan boʻlib qolishar, ular tanasiga urilgan zarba kuchidan dod-voy solib orom olishsa, jabrlanayotgan kaslarni tomosha etib lazzatlanuvchilar ham uchrab turardi. Bundaylar yangi kelganlarni jazolashga olib chiqishganida old qatorda joylashib, kaltakka koʻnikmagan tanadan tomchilayotgan qonni koʻrib koʻzlari quvnar, «oh, qanday qizil», «badaniga naqsh solingandek boʻldi» deb jazolovchini ham, jazolanuvchini ham ragʻbatlantirishardi. Jazolanuvchi namoyish etadigan iroda, jazolovchining koʻzini qon tutib, qutirgancha insoniy qiyofasini qay darajada tez yoʻqotishi marosimlarga oʻziga xos bezak berardi. Jazo guruhi a’zolari alohida tayyorgarlikdan oʻtkazilgan zobitlardan tarkib toptirilardi, odamlar orasida «bu guruhga yollanish uchun faqat tashqi qiyofang insonga mengzashi kifoya, botining maraz illatlardan toʻlib-toshishi kerak» qabilidagi gap-soʻzlar yurardi. Har holda mazkur oromgohga yollangan zobitlar oʻz vazifasini a’lo darajada bajarishardi shekilli, marosimlar juda hayajonli boʻlar, yangidan-yangi jazo usullari ishqibozlar koʻzi oldida muvaffaqiyatli sinovdan oʻtkazilar, aytish mumkinki, jazo maydonchasi oromgohning eng gavjum tomoshaxonasi unvoniga raqobatsiz da’vogarlik qila olardi.

5

Nima boʻlganda ham qiziqish qoʻrquvdan ustun keldi, surunkali tartibbuzarlar safiga tushib qolishni-da unutib, tungi sharpani ochiqdan-ochiq ta’qib etishga astoydil kirishdim. Bu gʻalati kimsani topib olish unchalik mashaqqat tugʻdirmas, sira qoʻlidan tushmaydigan papirosidan taralayotgan qoʻlansa hid (ehtimol, butun jismiga ham shunday hid oʻrnashgandir), boʻgʻiq ovoz, tez-tez qoʻzgʻaydigan yoʻtal xuruji ming bir azobda qidirib topgan eng ovloq goʻshalarini fosh etib qoʻyardi. Biroq u juda sezgir, shirt etgan sharpani oʻn-oʻn besh odimdan payqar, yoniga yetib kelganimda ezgʻilab tashlangan papiros qoldiqlarinigina koʻrardim, chap beravergani sayin oʻjarligim ortib borar, uni kimsasiz joyda ushlab olishning yangidan-yangi usullarini izlay boshlardim, inson irodasi tosh emasligi, tinimsiz ta’qibim uni qachondir muvozanatdan chiqarishiga ishonardim, natija kutganimdek boʻlib chiqdi.

– Sizni ham «nur yoʻlakchasi» dan olib oʻtishganmi?

Taxta oʻrindiqda muqim joy turib, xayol tuzogʻida oʻtirganimda qulogʻim ostida yangragan xirqiroq ovoz, berilgan savolning gʻalatiligi vujudimni seskantirib yubordi, yalt etib qaradim, qarshimda yerdanmi, osmondanmi paydo boʻlgani noma’lum oʻsha darveshnamo tamaki-odam (oʻzimcha unga shunday laqab qoʻyib olgandim) turardi, ajabo, uni tumshugʻim tagiga tiqilib kelguncha payqamabman, eng mashhur josuslar ham havas qilsa arzigulik chapdastligiga ichimda qoyil qolib, yonimizda uchinchi kimsa boʻlmasa-da, oʻzimni goʻllikka oldim:

– Menga gapiryapsizmi?

– Boshqa kimga boʻlardi.

– Tushunmadim, «nur yoʻlakchasi» nima deganingiz, tagʻin meni kimgadir oʻxshatayotgan boʻlmang?

– Nega adashar ekanman, necha kundirki bosgan qadamimni josuslardek nazardan qochirmayotganingiz ham yolgʻonmi?

Galdagi e’tiroz oʻrinli edi, tayinli javob qaytara olmasligim tufayli qisqagina rad etib qoʻya qoldim:

– Hecham-da.

– Garangsimang, meni inonayapti deb oʻylasangiz xato qilasiz, «nur yoʻlakchasi»dan oʻtmagan boʻlsangiz menga bunchalik qiziqmasdingiz, aftidan taqdirdoshmiz shekilli, bilmadim, yoʻlakchadan oʻtishni oʻzingiz ixtiyor etganmisiz yoki sizni ham hushingizdan ayirib olib ketishganmi?

– Azbaroyi xudo, ishoning, qandaydir yoʻlakcha haqida ilk bor sizdan eshitayapman.

– Talvasaga tushmang, gunohkorlardek oʻzini oqlashga harakat qiladigan kishilarni jinim suymaydi, yoʻlakchaga kelganda menga ularning uslubi qoʻlimdagi besh barmoqdek ayon, dastlab imo-ishora qilib koʻrishadi, chap bermoqchi boʻlsangiz uxlatib jismingizni olib ketishadi.

U ma’shum sirni ochayotgandek koʻzlarini odatdagisidan ham olazarak etib, chor tarafga oʻgʻrincha nazar tashladi, shubhali nimarsa ilgʻamadi shekilli, ogʻzining tanobi qochguncha irshayib, barglar tong nasimida shildirab oʻynayotgan yoʻlkaga oyoq bosdi, men esa hadikli yashash naqadar ayanchli qismat ekanligiga iymon keltirib, suhbatdoshimni telba-teskari muomalasidan shubhaga tushdim: nahot savdoyi boʻlsa, birdaniga tutqanogʻi qoʻzib ustimga tashlanib qolsa-ya! Ammo sinch¬kov nazar, ichki ovoz shiviri uning dunyo koʻrgan, ancha-muncha narsadan xabardor odam ekanligini ta’kidlardi.

– Kitob oʻqish sevimli mashgʻulotingizmi? – soʻradi u ermak uchun koʻtarib chiqqan kitobchamga ishora etib.

– Onda-sonda varaqlayman, vaqtni oʻldirish uchun.

– Yomon, koʻproq mutolaa qiling, huda-behuda davralardan shu afzal.

– Boʻsh vaqtim yoʻq.

– Bahona qidirmang, hafsalangiz kam.

– Ehtimol.

Nonushtaga chalingan zang suhbatimizni boʻldi, ertaga vaqtliroq uchrashishga kelishib, xayr-xoʻshladik, u qarshimda qanday paydo boʻlgan boʻlsa shunday koʻz ilgʻamas tezlikda butazor orasiga singib ketdi.

U bilan xayrlashdimu ruhiyatimga azob berguvchi ogʻirliq va javobsiz savollar iskanjasida qoldim: odamoviligi boisi nimada, dilidan oʻzi singari insonlarga nisbatan bunchalik nafrat oʻrin olishiga nima turtki berdi ekan, «nur yoʻlakchasi» savdoyi bandaning toʻqimasimi yoki voqelik... Tuni bilan kiprigim ilinmadi hisobi, ozgina mizgʻidimmi, bas, qaysidir burchakda chaqchayib turgan koʻzlar nogoh xonani zabt etar, ustimdan zil-zambil qora koʻlanka bosib tushar, boʻgʻzimga nimadir tiqilib nafasim siqilar edi – endi tungi sharpani men emas, u meni ta’qib etishga kirishgandi. Diqqinafas xonaning havosini tozalash ilinjida qoʻsh tabaqali derazani ochsam kuzgi bogʻdan men tomon oʻnlab, yuzlab qoʻshchiroqdek sovuq yonguvchi koʻzlar tikilib turgandek boʻlar, dahshatli koʻlankalar gʻimirsilanib qolardi. Menga sirli suhbatdoshimdan vasvasaga tushish kasali yuqqandi, oʻzimni idora etishim, hayotga quvonch koʻzi bilan qarashim susayib borardi. Inson gʻayritabiiy narsa ta’siriga bir tushmasin, tushgandan keyin sir-sinoatiga yetishmasdan tinchimas ekan, men zoʻr berib tezroq tong otishini kutardim.

6

– Qaniydi gumashta Gregor Zamza (Frans Kafkaning «Evrilish» hikoyasi qahramoni) singari evrilib qolsam, oʻz qadr-qimmatingni baholash, insoniyat, jumladan, oʻzing naqadar jirkanch mavjudot ekanligingni anglashning bundan qulayroq imkoniyati bormi, faraz qiling, bahaybat tasqara – hashoratga aylanib, atrofimdagilarni, masalan, sizni kuzatayapman, tabiiyki, dastlab ijirgʻanganingizni hisobga olmaganda befarq qaraysiz, qandaydir soʻxtasi sovuq, isqirt maxluqdir-da deysiz. Shu holat takrorlanavergani sayin jigʻingizga tegaman: nega har kun, har soat ishtahamni boʻgʻib, oyogʻim ostida oʻralashasiz. Oxir-oqibat meni jisman yoʻq qilishning payiga tushasiz va niyatingizga yetasiz, shu jarayonda men nafaqat zohiran, balki botinan turlanishingizni kuzatib, hordiq olaman, maza-ya?

– Meni koʻpincha mol-dunyosiga ega boʻlish maqsadida Zagreyni oʻz joniga qasd etishga koʻndirgan Patris Merso (Alʼber Kamyuning «Baxtli oʻlim» romani qahramonlari) haqmidi, nohaqmidi degan savol qiynaydi, toʻgʻrisi, majruh Zagreyning odamlarga zarracha foydasi tegmaydi, bundaylarni ikkilanmasdan jamiyat husniga dogʻ boʻlib tushgan soʻgal atash oʻrinli, tasqara, yarimjon kishilar oʻzgalarning hayotga muhabbatini, goʻzallikdan zavqlanishini soʻndirishdan oʻzga hech narsaga yaramaydi, demak, Zagreyning fayzini yoʻqotgan hayoti keraksiz, bemalol yoʻqlik sari uloqtirish mumkin. Biroq u jisman zaif, qusurli boʻlasa-da – odam, uni ham qaysidir gunohkor ota-ona dunyoga keltirgan, yashashga haqli. Oʻylab koʻrsam baribir toshbagʻir Merso boʻlolmas ekanman, Merso boʻlish oson emas, siz nima deysiz?

– Ayting-chi, Dostoevskiy «Jinoyat va jazo» romanidagi Raskolnikovni sevadimi yoki undan nafratlanadimi, axir, yorqin boʻyoq shu ikki holatdagina tugʻiladi, menimcha muhabbati oʻlmas qahramonni vujudga keltirgan.

– Kitobxoʻrga qiyin, kitobxoʻrga azob, u hayotga oʻz sevgan, qalban intilgan, dildan sigʻingan qahramonlari nuqtai-nazari bilan qaraydi, uning saodati va fojeasi shundan iboratki, hayot hech qachon sira-sira kitob boʻlolmaydi va u hayotdan, odamlardan butkul ajralib qoladi, mana men, gap-soʻzim, oʻzimni tutishimda oddiy, odatiy odamlarga xos biror belgi bormi? ..

U har gal qisqa gurunglarimizni (aksar hollarda yolgʻiz oʻzi gapirib, oʻzi nihoyalaydigan bunday muloqotlarimizni gurung atab boʻlsa) yuqoridagiday uzuq-yuluq, men mazmun mohiyatiga yetolmaydigan jumlalar bilan boshlar, navbatdagi luqmasi qanday ta’sir etayotganini anglash uchun qiyofa oʻzgarishimni kuzatar, uni tushunish oʻriniga suvdan zoʻravonlik bilan tortib olingan baliqdek ogʻzimni ochib oʻtirganimni koʻrib, sadqai gapim ketsin qabilida menga ham, borliqqa ham hafsalasiz qoʻl siltardi. Shu bilan suhbatimiz poyoniga yetardi. Menda uning koʻhna ochunda oʻzini anglaydigan, darddosh boʻla oladigan, charxi dun yuklarini koʻtarishda yelkadoshlik qiladigan kimsani izlayotgan yoʻlovchi ekaniga ishonchim ortib borardi, xullas, gʻalati tanishim oʻz taqdirini uzundan-uzun hikoya tizimiga tizmagunicha na bir-birimizni tushundik, na uchrashuvlarimizda fayz boʻldi.

7

– Bu koʻhna dunyoda alloh irodasi bilan yaratilgan eng tilsim mavjudot inson qoʻsh koʻzi tuproqqa toʻymaguncha razillik qilishni qoʻymaydi. Odam juda ayyor va bardoshli, istagan narsasiga erishishi, chap berishi, eng mudhish qismat – ajaldan ham vaqtincha qochib qutulishi, yoʻqsillik domidan bosh olib chiqishi, tubanlik botqogʻiga botishi mumkin, – u hikoyasini qoʻlidagi tutab turgan papirosni asabiy oʻynagancha, olis-olislarga koʻz tashlab, kitobiy soʻzlardan tuzilgan muqaddima bilan boshladi. – Ammo u hech qachon, qancha urinmasin, talvasaga tushmasin, qora boshini qaerga urmasin oʻz yozgʻitidan qochib qutulolmaydi, taqdiru azalda peshonasiga zarb etilmishi har bir bandasini ta’qib etib yuradi, turmush soʻqmoqlarini oʻzgartirishdan asrab oʻz chizigʻiga soladi, bagʻriga olib, soʻng manzil sari yetaklaydi, hatto umri davomida oʻzida mujassamlashtirgan, yaxshi va yomon fazilatlari ham insonning tugʻma yozgʻitidir, mashoyixlar behuda keng tutganga keng dunyo, tor tutganga tor dunyo deb bashorat etishmagan, modomiki shunday ekan, bir muddat koʻnglingizni keng tutasiz, besabrlik betadbirlikdir. Men odamlar orasida yolgʻizlanib, hatto oʻz uyimda ham begonasiratishganini ang¬lagach, soʻnggi ilinjda bu mujdaga osilgandim, zulmat ichra nur, halokat, yolgʻizlik azobidan asrab qolguvchi najot deb oʻylagandim uni, erta chiqargan xulosamga shu darajada berilgandimki, bu najotkor mujda meni sira chalgʻitmaydi, oʻzidanda ortiqroq e’zozlaydi degan komil ishonch vujudimni, fikru yodimni batamom egallab olgandi, olamda tanho shu mujda, ilohiy tuygʻu borligi yashash uchun kifoya, har holda kimgadir, nimagadir talpinayapman, demak, dilim gʻuborlari arishi shubhasiz, u meni har qanday vaziyatda tark etmaydi deb oʻylardim.

U kutilmaganda jim qolib xomushlandi:

– Yoʻq, kechirasiz, chiqmadi, oʻtlab ketdim shekilli, agar koʻnglingizga olmasangiz hikoyamni boshqacha boshlasam, axir men kitobiy odamman.

Uzundan-uzun muqaddima sirli musiqa singari meni rom etib olgan, qarshimdagi hali boʻyogʻi qurib ulgurmagan kitob sahifasida jodu kuchi bilan roʻyobga chiqqan qahramonga monand kishini lol qolib kuzatardim, peshonasiga saf tort¬gan ajinlar, boʻrtib turgan tomirlar tong gʻira-shirasida uni yanada sirliroq koʻrsatardi. Soʻnggi murojaati meni xayolot arshidan voqelikka qaytardi.

– Maylingiz, – beixtiyor nima uchun zarurligini ham oʻylamay ruxsat berib yubordim, u esa oʻzini ogʻir savashga chogʻlayotgandek hushyor tortdi, koʻkrak qafasini papiros tutuniga toʻldirdi.

– Ey birodar, mana bunisi jarangdorroq chiqdi, ha-ha, aynan shunday boshlasam boʻladi, – u oʻz kashfiyotidan mamnunligini yashirmadi, qaytaga ovozini yanada balandroq koʻtardi. – Ey birodar, jasoratingizga ming bora tasanno, mendek mijgʻov kimsaning suhbatini olishga qaror qilibsizmi, xudo sabr-bardoshingizni bersin, inoyatini ayamasin.

Oʻzimni yaqinroq tanishtirishim shart emas, qiziqsinib oʻtirmang, bundan haligacha na oʻzim, na meni bilganlar naf topishgan, ikki orada oʻz asablarini egovlashgani qolgan, toʻgʻrisi, ba’zan oʻzimning rostakamiga yashab yurganimga ham ishongim kelmaydi. Bir jasadda ikki ruh joy tutganini hech eshitganmisiz, men yagona qiyofadagi biri ikkinchisini inkor etguvchi juft odamman, men qoʻsh qalb iskanjasidaman, jismim bu ogʻirlikni koʻtara olmay qiynaladi, ezgʻilanadi, parchalanadi, balki gʻijimlab tashlangan qogʻozga monand qiyofam horgʻinligimni oshkor etib turgandir. Odamlarga havasim bisyor, ularning qoʻl yetmas olis manzillarda qolgan bolalik yillari haqida ehtiros bilan soʻzlanadigan xotiralarni tinglaganimda oʻz hayotim sahifalarini titkilash ishtiyoqi tugʻiladi. Bilmadim, negadir dilim yayrab gapiradigan hodisa topolmayman, aslida mening bolaligim boʻlmagandir, ehtimol, ruhan oqsoch, qiyofa jihatdan goʻdak boʻlib tavallud topgandirman. Sizga yuragimda asrab kelayotganim – bir sirni ochay, men jinniman, ishonavering, gʻirt jinniman, savdoyilik belgilarini turqimdan emas qalbimdan izlang, uning qat-qatlariga yashiringan dardlarimni ayovsiz kovlang, mayli, koʻrichakni topolmagan noʻnoq jarroh bemor ichak-chavogʻini bamaylixotir agʻdarib tashlaganday, qudratli traktor koʻhna zamin ingranishlariga quloq tutmay oʻtkir poʻlat zirhlarini sanchib shudgorlayotganday titkilayvering, men chidayman, chidash uchun tugʻilgan bandaman, tagʻin ustimdan arz etar, ruhiyatimni, jismimni tajriba maydoniga aylantirmoqchi boʻldi degan aybnomani qoʻyar deb hayiqmang, buni sizdan oʻzim talab etayapman, zora dardlarimni toʻkib-sochsam mogʻor bosgan qalbimdan gʻuborlar arisa, qolaversa, bunga sizning yuz foiz haqqingiz bor, negaki, kerakli-keraksiz koʻnglingiz tusagan yumushlarga sarflashingiz mumkin boʻlgan vaqtingizning bir boʻlagini, garchi bu yerda imkoniyatlaringiz cheklangan boʻlsa-da, mening diydiyomni tinglashga qurbon berayapsiz-ku. Gapning loʻndasi, bolaligimdanoq jinni boʻlgan ekanman, kulmang – kitob jinnisi, xoʻp deyavering, savdoyilikning shunday koʻrinishi ham uchrab turadi, hali maktab ostonasini hatlab ulgurmasimdanoq oʻqish-yozishni bilib, kitobga mukkasidan ketgan xumkallamni erta boʻlar-boʻlmas axborotlarga toʻldirib tashlagan ekanman, rahmatli buvim: «Yosh bolaning koʻp kitob oʻqishi bexosiyat boʻladi, buginani oʻqimaydigan qilinglar», deya tinimsiz javrashi ham behuda ketarkan. Tengdoshlarim kunni koʻcha changitib oʻtkazishsa, men kimsasiz ovloqda kitob titkilashga sarflardim, onam bechora bilim urgan savdoyi bolasini dasturxon boshida oʻtirgʻizish uchun goh oʻzim kashf etgan kimsasiz goʻshalardan, goh yoshini yashab, oshini oshagan, endilikda orqasini qaro yerga qoʻyib bironta tili burro yosh-yalangga kitob oʻqitib tinglashni ermak qilgan keksalar huzuridan toptirib kelar ekan, hayronman, balki men umrimni teskarisiga yashayotgandirman, Raymond Moudini oʻqiganmisiz? Oʻzga olam, oʻlimdan keyingi hayot roʻyo boʻlmasa umrni teskari yashash nima degan gap, bemalol ishonish mumkin, axir, inson tetapoyani toʻrt oyoqlab boshlaganidek, odimlarini ham oʻrmalab tashlaydi-ku. Gohida ilk bor uchratgan kishingizni, suqlanib tikilgan maskaningizni, gʻayrioddiy tabiat hodisasini ilgari ham gʻira-shira koʻrgandek boʻlasizmi? Menda shunday holat koʻp takrorlanadi, bilmadim, hozirgisi hayotga nechanchi bor qayta kelishim, tengdoshlarimga qaraganda keksalar bilan tez til topishib ketishim ehtimol shundandir, dunyo gʻaroyibotlari siriga kim yetganki, biz yetsak. Mavzudan bir oz chalgʻidim shekilli, ming bora uzr, boshqa takrorlanmaydi. Xullas, kitoblar olamida oʻtgan bolalik menda oʻjarlik va yolgʻondan hazar tuygʻularini erta uygʻotdi, qat'iy fazilatga oʻgirdi, tilidan bol tomib, aslida dilini mogʻor bosgan kimsalarni (afsuski bundaylar koʻp, juda koʻp) uchratganimda, ularning shaxsiy manfaat qobigʻiga oʻralib sodir etayotgan noinsoniy gʻayurliklari guvohi boʻlganimda boʻgʻilib ketardim.

Tamaki-odam oʻzidan qoʻlansa hid taratib tinimsiz gapirar, men esa mavzu tezroq dilimga orom bermayotgan «nur yoʻlakchasi»ga burilishini besabrlik bilan kutardim...

8

– Har bir inson hayot sahnasidagi oʻziga ajratilgan rolni sabr-toqat bilan ijro etayotgan aktyor, hech kimga oʻzi istaganicha, botinidagi «men» buyurganicha yashash nasib etmagan, etmaydi ham. Oʻziga ajratilgan rolni oʻrinlatolmagan kishini jamiyat osongina supurib tashlaydi. Ehtimol, turmush tarzimizni muvofiqlashtiruvchi, ijtimoiy, huquqiy himoyalovchi qonunlar bor-ku, deya e’tiroz bildirarsiz, oʻzingizni ham, meni ham aldashga chogʻlanmang, hammasi kulgili moddiyun, xoʻp deyavering.

Turmush sir-sinoati, inson zoti intilishi sabablarini aniqlaganim sayin tegramdagi borliq, voqelik meni qiziqtirmay borar, umrimni matonat bilan yashash uchun oʻzimni majburlashdan oʻzga choram qolmagandi. Oʻtkinchi, hamma narsa oʻtkinchi, haq soʻzga intilganing, qabohat qa’riga botganing, shohona liboslar, toʻkin va notoʻkin dasturxonlar, hoyu havas yoʻlida burning bilan tezak yumalatayotganing, bir burda nonga zor oʻtgan damlaring – hamma-hammasi oʻtkinchi. Umr – sinov maydoni, u hech kimga qayta-qayta taqdim etilavermaydi, har kim oʻziga buyurilganini, ato qilinganini yeydi, kiyadi, yashaydi.

Men inson turlanishini chuqurroq tadqiqot etganim sayin kitob va hayot batamom qarama-qarshi ikki qutbligiga tobora yaqqol koʻz yetkazardim, ammo turmush tarzimni oʻzgartirishga na oʻzimda xohish, na imkoniyat topardim. Kitobni istagan payting qayta varaqlash, zavqlanish mumkin, hayotni-chi?.. Men kun sayin surbetlashib borardim, har qanday kishidan qusur izlash, topish va orani ochdi qilish kundalik ehtiyojimga oʻgirildi, sovuq munosabatim oqibatimi yoxud turmush soʻqmoqlarida uchratgan odamlarim ham oʻz qarashlari, nuqtai-nazaridan kelib chiqibmi, mendan tezgina uzoqlashardi. Ba’zan kimlardir qoʻlini bigiz qilganicha ustimdan kulayotganini, anavi kitob urgan ahmoqni qarang, deb oshkora gapirayotganini aniq-tiniq koʻrganman.

Nogahon hayotimda u paydo boʻldi-yu, zimiston qalbim yorishdi, umr daftarimda yangi, yorqin sahifa ochildi. Ochigʻi, ming izlamang, ayol zotiga men singari befarq qaraydigan erkakni topolmasangiz kerak. Necha asrlarki, shoirlar kim oʻzarga bahs boylagandek lablaridan bol tomib madh etayotgan ojizalar menda ortiqcha qiziqish uygʻotmas, ilk tashlagan odimiyoq Odam-Atoni jannatdan quv¬gʻin boʻlishdek ayanchli qismatga duchor etgan ayol zotiga shaytoniy amallar doyasi sifatida noxush munosabatda boʻlardim.

Ehtimol, shu oromgoh kayfiyatimdagi bu noxush munosabatni mustahkamlashga xizmat qilgandir. Hali «hordiq» muddatini tugatib ahli-jamoaga qaytganingizda qarashlaringiz mutloq oʻzgarganini anglaysiz, irodangiz moʻrt boʻlsa sizdan hokisor, sizdan oyogʻosti odam topilmaydi yoxud aksincha kundalik tashvishlar sizni zarracha qiziqtirmaydi, ikir-chikirlardan ustuvor yashashga intilasiz, yolgʻizlik domiga tortayotganini sezsangiz-da, oʻz bilganingizdan qolmaysiz, oʻzgalar tanbehi chivin chaqqanchalik ta’sir qilmaydi. Men zarracha ikkilanishlarsiz ikkinchi yoʻlni tanlagandim, oʻz dil dun¬yo¬yimga birovni yoʻlatmaslik uchun qat'iy ahd etgan chogʻimda u soʻroqsiz, istagimni inobatga olmay qalbimga bostirib kirdi. Dastlab noyob topilmadan karaxtlanib qoldim, nahot u mening baxtim boʻlsa, yana kim bilsin, fano-manzilda duch kelganim navbatdagi kulfatimdir. Agar oʻzi qulay fursat topib, dabdurustdan savolga tutmaganida unga befarq qarashim davom etaverishi shubhasiz edi.

– Nega oʻzingizni odamlardan chetga tortasiz?

Афтидан бундай «тасодифий» учрашувларда мен ва эски танишим гапдонликка тушиб кетишимиз туфайли унинг суҳбатга аралашишини фараз этолмас, учинчи даврадошимизга хонадаги буюмлардан биридек қарардим.

– Sizga shunday tuyulgandir, – sir boy bermay mujmal javob qaytardim.

– Yashirmang, davralarga qoʻshila olmayotganingiz, hadeb bahona izlashingiz, oʻn savolga zoʻr-bazoʻr bir javob qaytarishingiz, onda-sonda sarxush damlarda sergap boʻlishingizni koʻrib yuribman, nega bunchalik odamovisiz?

Himoyaning oson uslubi qarshi hujum, men ushbu hayotiy aqidaga amal qildim:

– Mana siz mayda-chuyda, zoʻraki gap – gurungdan boshlanib kimlarningdir ustiga magʻzava agʻdarish bilan yakunlanadigan davralardan nima olayapsiz?

Uning tutashib ketgan quyuq, kamon qoshlari chimirildi, charos koʻzlari ma’yus tortdi, oʻz-oʻzi bilan gaplashayotgandek gʻudrandi:

– Meni shu davralarga ishqibozlikdan kirayapti deb oʻylaysizmi, odamlardan oʻzingni chetga olsang, seni nimalarga chiqarishmaydi, qolaversa, imillagan vaqtni ham nimagadir sarflash kerak-ku...

Shu tobda u gunoh ustida ushlangan bolakayga mengzandi, beixtiyor qoʻpolligim uchun nadomat chekib vaziyatni yumshatish niyatida maslahat bergan boʻldim:

– Vaqtni oʻtkazish ham muammo boʻlibdimi, sayohatga chiqing, kinoga tushing, kitob oʻqing.

– Tagʻin ayol zotiga shahvat koʻzi bilan qaraydigan, bir lahzalik lazzat uchun hamma narsadan voz kechishga tayyor, his-hayajon, musaffo tuygʻularga begona kimsalar bilanmi? Kino, kitob haqida esa gapirmay qoʻya qoling, bir-ikkisini hisobga olmaganda aksariyati yasama, joʻn narsalar, Tolʼstoy yoki Qodiriyni oʻqigandan soʻng oʻrnini bosadiganini topolmaysan.

Yangi tanishim mulohazalarini tinglar ekanman, birdan irgʻishlagim, shart bagʻrimga bosib topdim deb hayqirgim keldi...

9

– Uni topdim-u, tumtaraqay tushlar mendan begonalashdi, tor dunyom kenga¬yib ketgandek boʻldi, yangi tanishim bilan olis-olislarga, qoʻl yetmas, gap yetmas manzillarga ketishni orzuladim.

U qisqa fursatda hayotim farahi, charxi dundagi yagona ovunchim ham sevinchimga aylanib ulgurgandi. Bir gal ilkis harakat etib egilganida yoqasi chokidan begʻuborlikda oppoq siynabandini ham mot qilishga qodir sutga chayilgandek gard yuqmagan siynasini koʻrib qoldim. Bizning kunlarda ochiq siynalarni koʻz qamashguncha tomosha etish imkoni bor, koʻchada, ishxonada chorpahil siynaband himoyasiga ishonilgan lorsildoq koʻkraklarni istagancha koʻrish mumkin. Kechagina zugʻum ostida qisilib-qimtinib paranjisini uloqtirgan muslimalar bugun yarim-yalongʻoch kiyinishda nasroniy dugonalarini ham bir choʻqishda qochiradigan boʻlib qolishdi. Ammo bu siyna daxlsiz va musaffo edi. Bir lahza koʻz oʻngimda tovlangan roʻyo qonimni koʻpirtirdi, lak-lak lashkar tortib dilimga xuruj boshlagan hirsni jilovlash ilinjida titroq kirgan qoʻllarimni choʻzib, nozik barmoqlarini ushladim, ularni omburdek kaftim orasiga olib ozor yetkazadigan darajada ezgʻiladim. Hatto, bir oz qoʻpol chiqqan shu harakatim ham qalbimning tub-tubida avaylanayotgan, sir tutilayotgan tuygʻularimni izhor etishga shoshilardi. Keyinchalik eng suygan, ardoqlagan, tez-tez qoʻmsab amal qiladigan ermagim barmoqlarini birma-bir ezgʻilash boʻldi. Men shu yoʻl bilan unga boʻlgan cheksiz muhabbatimni izhor etardim. Bilasizmi, inson zoti aslida yolgʻonchi dunyoga bir kam endirilar, erkak va ayol biri ikkinchisi kamini toʻldirar ekan, ehtimol bu qusur alloh Odam-Ato qovurgʻasidan Havo Enani yaratganidan qolgandir, kishi oʻziga bagʻishlangan chaqindek umri mobaynida oʻz yarmini izlab izgʻir, biroq uni topish imkoni erkagu ayolga yagona marotaba in'om etar, shu imkondan qay darajada foydalanish esa bandasining ishi ekan. Men umrim davomida zir yugurib izlagan oʻz yarmimni uchratgandim, biroq bungacha bir butun boʻlish imkoni boy berilgandi, endi unga erishish uchun xiyonat qilishim lozim edi. Men hayotim kuzagida ma’shum xatoga yoʻl qoʻygandim, oʻzim istamagan holda uni (ehtimol u meni) dilim dunyosiga boshlab kirgandim. Biz qachonlardir bir butun boʻlgan, keyinchalik ilohiy qudrat kuchi bilan teng taqsimlanib ikki jasaddan joy olgan, endilikda tun-kun zoʻr berib birlashish yoʻlini izlayotgan yagona muqaddas ruhga oʻxshardik. Ammo vaqt atalmish bosh hakam izmimizga boʻysunmas, u bizni chorak asr muqaddam bir-birimizdan olisga irgʻitgan, shu fursatda birlashish imkoni boy berilgan edi. Oradagi toʻsiq kundan-kunga bolalab mayda-mayda toʻsiqchalar hosil etar, ojizlik mening ruhimni qanchalik azoblasa, unikini ham parchalayotganini his etib turardim.

Kimgadir chin dildan bogʻlanib qolgan odam begʻaraz bolaga oʻxshaydi, men sevibgina qolmasdan sevikli boʻlishga ham ulgurgandim, gohida soatlab undan nigohimni uzolmas, vujudim tinmay unga talpinar, suhbatlarimiz ham kun sayin tuygʻularimizga boʻysunib borardi:

– Nahot biron chorasi boʻlmasa? – soʻraydi u titrab-qaqshab.

– Chorasi yagona, bu yerdan ketish, – deyman men. – Inson zoti oyogʻi tegmagan manzillarga ketish.

– Yoʻq, kimningdir baxtsizligi evaziga erishiladigan baxtdan firoq alangasi yaxshiroq.

– Boʻlmasa sen ket, nega ertayu-kech koʻz oʻngimda oʻralashaverasan, balki seni yoʻqotsam taqdirga tan berib, koʻnikib qolarman.

Men unga, u menga zahar sochib ovunamiz, u istamaygina tark etadi xonamni, bilaman eshikni tars yopishga koʻngli qoʻymaydi, chorlashimni kutadi.

– Ertaga kelasanmi?

– Kelaymi? – burilib soʻraydi u, yuzida nur jilvalanib.

– Kel. Men seni umrimning poyonigacha kutaman, kutaveraman, – deyman shosha-pisha.

Beixtiyor oʻzimga ham, unga ham achinaman, men uni qalbimdan sitib chiqarolmaganim kabi, u mening dilimni ogʻritolmaydi, biz bir-birimizga qay darajada shafqatsiz boʻlsak, undan-da yuksakroq mehribon – ikki oʻt orasidagi odamlar edik. Azob! Yolgʻonchi yagona kimsaga, qoʻl yetmas manzildagi insonga talpinib yashash, u bilan bogʻlangan orzularing sarobdan oʻzga narsa emasligini har soniyada anglab turish azob. Lekin baribir olamda shunday mujda borligi dilimizga farah bagʻishlardi. Men quvvai hofizamda takror-takror oʻlchab, uning qay kundir nadomat bilan aytgan quyidagi soʻzlari ma’nosini yecholdim:

– Inson qalbi ulkan gʻor ekan.

Bilsam, u, seni qalbim tubiga yashirdim, undan hech kim, har qanday kuch haydab chiqarolmaydi, demoqchi ekan, biz bir-birovimiz uchun yaratilgan boʻlsak-da, taqdir soʻqmoqlaridagi muhabbat bekatiga kechikib kelgandik. Soʻnggi uchrashuv kuni u negadir tungi bazmga boshdan-oyoq qop-qora libos kiyib chiqqandi. Yoshgina xonanda ajnabiy musiqa sadolariga moslab qoʻshiq aytar, bebosh yosh-yalanglar davraning toʻs-toʻpolonini chiqarib, telba-teskari raqs tushardi. Hamma maza-matrasiz davraning faol ishtirokchisi boʻlishga intilayotgan bir vaqtda men shishadagi ogʻudek achchiq sharobdan ochkoʻzlik bilan simirgancha zimdan uni kuzatardim. Gʻala-gʻovur davrada mendan oʻzga biron kimsa dastlab yuz ifodalari oʻzgarib, his-hayajonsiz kimsaga doʻnib borganini, soʻngra esa jussasi ham tun zulmatida yulduzsiz samoga havolab ketganini sezmay qoldi. Uni yoʻqotdimu ruhimni gʻaroyib karaxtlik egalladi, oxir-oqibat uyquga zoʻr berdim, keyin esa kiprigim ilinishi bilan jismimga ajib iliqlik bagʻishlab «nur yoʻlakchasi» aralashayotganini ilgʻadim.

10

Hikoyaning zalvori, oʻziga mahliyo etish kuchi ortib borardi, sherigim goʻyoki mening mavjudligimni, oʻzi gapirayotganini unutib qoʻygandek edi, goʻzal bir san'at asari yaratayotgan ijodkorga sahnada oʻz roli ijrosiga butkul berilib atrofdagilarni koʻrmay qolgan, ularning his-hayajoni bilan hisoblashgisi kelmayotgan aktyorga mengzardi, galdagi sahna yorqin yoki soʻlgʻin boʻlishini uning qiyofasiga qarab baholash mumkin edi. «Nur yoʻlakchasi» haqida gapira boshlashi bilan u astoydil tinglayotganimni bir bor sinovdan oʻtkazmoqchi boʻldimi yoki oʻtmishni xotirlash ogʻirlik qilayotganmidi, har holda chuqur xoʻrsinib, odatdagidan uzoqroq tin oldi, biz oʻtirgan ovloq shunchalik osoyishta ediki, men yuragi betoqat dupurini aniq-tiniq eshitib turardim. Har ikkalamiz quruq jussaga evrilib, ruhimiz allaqachon oʻzga manzillarda qanot qoqayotgandi. Men imkon qadar chalgʻimaslikka, soʻzlarini eshitmay qolish, tugal birorta harakat, qiyofa oʻzgarishini koʻzdan qochirmaslikka tirishardim.

11

– Sevish – ojizlik, aytish mumkinki, u insonga yagona marta inoyat etiladigan tuhfadir. Lekin hamma birdek bu baxtdan bahramand boʻlavermaydi, oʻzga jins vakilini faqat toʻshakda tasavvur etishga odatlanganlar soni nechta va muhabbat sharobini totganlar butun borliqqa qoʻl siltaydi, oʻzgalar otayotgan malomat toshlari ham koʻzlariga koʻrinmaydi. Muhabbat insondagi qat'iyatlilikni oʻldiradi, buni goh oʻzimga boʻysunib, goh pand beradigan idrokim evaziga angladim. Agar shu «nur yoʻlakchasi» tunlari ojizlikdan zir qaqshagan miyamni, horgʻin tortgan jismimni ma’lum darajada emlamaganida hayot men uchun mislsiz azobga aylanishi shubhasiz edi. Men qandaydir notabiiy oʻzgarishni, evrilishni kutib yashardim. «Nur yoʻlakchasi»ni shakl-shamoyilini koʻrishga koʻz, tasvirlashga qalam ojizlik qiladigan koʻrinmas mavjudot boshlab kelar, ikkinchi uchinchi jussamga tutashtirishi bilan zim gʻoyib boʻlardi. Bu notabiiy juftlikning har tashrifidan soʻng uyqudan koʻz ochganimda jismimni zil-zambil yuk bosayotganini his etar, anchagacha toʻshakka mixlanib tashlangandek oʻrnimdan qoʻzgʻala olmasdim, derazamni ohista chertayotgan novdalarni ham shamol emas, meni ta’qib etayotgan nimadir tebratayotganga oʻxshardi, vujudim boʻm-boʻsh mayitdek issiqdan boʻgʻriqar, nafasim qaytar, jismim lohaslashardi. Ammo tong otishi bilan hammasini unutib betoqatlanardim, tezroq koʻrshapalaklar gʻujgʻon oʻynaydigan tun kirishini istab, ilgari u bilan uchrashuvga qanchalik intiqlanib oshiqsam, endi «nur yoʻlakchasi» tashrifini ham shunchalik orziqib kutadigan odat chiqardim. Men chinakamiga tun fuqarosiga aylangandim, qorongʻida arang koʻzga tashlanadigan sharpalar ham nechundir goʻzal va fusunkor tuyulardi.

– Yaxshilab razm sol, kimni va nimani koʻryapsan?

Navbatdagi bogʻlanish chogʻida yangragan momaqaldiroqdek tovushdan seskanib tushdim.

– Koʻrdingmi, – endi bir oz mayinroq ovozda gapirdi suhbatdoshim, – men «nur yoʻlakchasi» boshlovchisiman, yuragingga qoʻl qoʻy, har holda senga yomonlik istamayman, xayolingni jamlab yoʻlakcha tugash joyiga qara.

Hayajonimni jilovlab, itoatkor qul misol buyruqni bajardim, bajardim-u, vo-oh deb baqirdim.

Yoʻlakcha koʻz ilgʻamas olislikni yoritar, yam-yashil oʻtloq, soʻlim tabiat qoʻynida tim-qora sochlarini yoyib, ma’sum koʻzlarini menga tikkancha u shirin jilmayib turar, koʻz imosi bilan meni oʻz yoniga chorlardi.

– Ha, adashmading, fano sinovlariga dosh berolganingiz uchun sizlarni bir butun qilish niyatida uni ikkinchi iqlimga olib chiqqandik, endi navbat seniki, uning huzuriga borishga tayyormisan?

– Qani edi, ammo shuncha yuksaklikka qanday koʻtarilaman?

– Bu qiyin emas, yoʻlakcha istagingga yetkazadi.

– Men tayyorman.

– Buning oʻzi kifoya boʻlmaydi, hali oldinda asosiy sinovlar turibdi, eng muhimi har qanday vaziyatda hayajonlanmasliging, qoʻrqmasliging shart.

– Nega?

– Oʻz tuygʻularingni jilovlay olmasang tubsiz chohga yiqilib tushasan.

– Angladim.

– Boʻlmasa yoʻlga chiqdik.

Jismim qushdek yengil tortganini, asta-sekin havoga koʻtarilganimni his qildim.

– Ayting, men kimman oʻzi, kimman?

Goho asov soydek pishqirib, ba’zan toshbaqadek sudralib oʻtayotgan umringiz mobaynida qulogʻingizga chalingan savollar silsilasida bundan koʻra mavhum va betayini ehtimol uchramas, bu savol ogʻrigʻini soʻroqqa tutguvchidan oʻzga kim ham bilsin. Binoyidek gurung berib oʻtirgan suhbatdoshim xotima tariqasida jazavaga tushib baqirishi har qanday odamni hayratlantirishi, yurakka gʻulu solishi, «aqli joyida emas» degan qat'iy qarorga kelish uchun asos boʻlishi mumkin edi. Faqat mengagina bunday hadik-xavotirlar allaqachon begonalashgan, men uning kayfiyati, qiyofasidagi zigʻirdek oʻzgarishni ham ilgʻashga qodir edim, boisi, soʻnggi bir necha kundirki, suhbatdoshim dil daftarini gʻaroyib kitob yangligʻ zoriqish, zerikish neligini bilmay varaqlayotgandim. Egilish, bukilish, vaziyatga muvofiqlashish yoʻlini qidirmay, koʻksidagi yolgʻizlik atalmish xudo quliga aylanib yashayotgan bu kimsa emranishlarini tinglar ekanman, oʻzim ojiz, notavon banda ekanligimga tobora iymon keltirdim.

– Bilmadim, – gʻulduragancha javob qaytardim.

Ukkinikidek chuqur botib chaqchaygan koʻzlar jussamga sanchilib, qalbimni parchin etdi, misoli bir qop etga doʻndim, jismimni sovuq ter qoplab junjikdim, tegramda qimirlagan jonzot yoʻqligini, gadoy topmas ovloqda oʻtirganimizni bilsam-da, baxtli tasodifdan umidlanib, kimdandir najot kutgandek chor tarafga olazarak nazar tashladim.

– Afsus, men kimga sir inondim, sizlarda his-hayajon nima qilsin, – dedi u afsuslangannamo, hatto vaqtini behudaga sarflagani uchun oʻzidan nafratlanayotganini anglatadigan ohangda. – Nahot shunchalik kaltafahmman, axir, bor-yoʻq tashvishingiz qorin boʻlib qolganini bilardim-ku, hayf-ey inson degan nom.

Vajohatidan basharamga musht tushiradiganga mengzardi, tilim tanglayimga yopishdi, bir yumalab rostakamiga u choʻtlayotgan behis, behayajon kimsaga aylanishni jon-dilim bilan orzuladim, hammasiga oʻzim, koʻpincha oʻzimga ham boʻysunmas sinchiligim sabab, uning oʻzgalarnikiga oʻxshamas xatti-harakatini mendan boshqa ilgʻagan banda yoʻqmidi, yuvilmagan qoshiqdek har narsaga tumshuq tiqquncha befarqqina yuravermaymanmi, quyushqondan chiqqan qiziquvchanligim tufayli ilgari biror marotaba yaxshilik qozonganmidim.

Suhbatdoshim qah-qah otib kulishi (balki nafratini shunday ifodalagandir), soʻngra hoʻngrab yigʻlashi dilimda oʻrmalagan hadigu xavotirlar qatini toʻzgʻitib, botinimda rahm-shafqat tuygʻularini qoʻzgʻadi, miskingina gavdasi koʻz oʻngimda yanada kichrayib, yelkalari silkinib-silikinib tushar, xastahol ovozida bir olam gʻussa jamlangan edi.

– U sarson izlardi oʻzini-oʻzi... Farang shoiri Artyur Remboda shunday misra bor – oʻqigan boʻlsangiz kerak. Bilsangiz men oʻshaman, ha, na oʻliklar, na tiriklar safida oʻrnasholgan, oʻzini-oʻzi zir qaqshab izlayotgan muallaq odam men boʻlaman...

12

– Koʻzimni ayanchli tun zulumoti chulgʻadi, ingichka ipdek choʻzilgan «nur yoʻlakchasi»dan oʻzga hech narsani koʻrmasdim, gohida tanamga qurtdek shilimshiq, ilondek sovuq allanimalar tegib ketar, qoʻrquvdan vujudimga qaltiroq aralashardi, oʻrgimchak toʻridek ipirisqi narsa oyogʻimga oʻralib pastga tortganida dahshatga tushib dodlab yuborishimga bir baxya qoldi, zoʻr berib kalima oʻgirishga kirishdim. Alloh kalomining moʻ'jizakor ta’siridanmi, bilmadim, koʻp oʻtmay tong gʻira-shirasidek atrofim yorisha boshladi, koʻz oʻngimda aftodahol qishloq, koʻrimsizgina, loysuvogʻi koʻchgan soʻqqabosh bino, chor atrofga alanglagancha oynasi singan derazasidan oʻgʻirlikka kirayotgan bola, qoʻyniga tiqib chiqqan qalingina oynoma, saboqxona rahbari xonasidagi muhokama, koʻzini loʻq qilib aybini dunyo bexabar tengdoshiga agʻdarayotgan oʻgʻri oʻquvchi, kaltafahm oʻqituvchining havoni sermab oʻtgan doʻmboqqina shapalogʻi, kutilmagan zarbadan uchib tushgan ikkinchi tolib, uning nigohida qotgan iztirob namoyon boʻldi, dilida inson turlanishiga nisbatan nafrat alangasi yongan ikkinchi oʻquvchi mening bolaligim edi.

– Bu sening shuuringda odamiyat ahli haqida dastlabki noxush taassurotning tugʻilishi, uni mustahkamlagan manzaralarni kuzat, – dedi meni betamom tizginlab olgan ovoz.

Sinchiklab qaradimu inson ongi ixtiro etgan jamiki noxush holatlarning shohidi boʻldim, eng mudhishi gʻiybat yetkazib, mish-mish tarqatib roʻshnolik koʻrayotganlar, poraga qoʻl choʻzayotganlar, birovning xasmiga koʻz olaytirayotganlar, badanini matohdek arzon sotayotganlar, kim oʻzariga laganbardorlik musobaqasini avj oldirayotganlar... menga tanish basharalar edi. Turlanish manzaralari tugaganda «nur yoʻlakchasi» meni ikkinchi iqlimga chiqarib qoʻygandi.

– Barakalla, ilk sinovga dosh buring, – luqma tashladi oʻsha gulduros tovushning koʻrinmas sohibi meni ragʻbatlantirib. – Ammo sen manzilga kelguning¬cha yillar davomida izlaganing, turfa chigʻiriqlardan oʻtib topganing, visoliga talpinganing yana shuncha yuksaklikka koʻtarildi, uning huzuriga ikkinchi iqlim tomoshaxonalarini oralab borishing lozim, unutma, sinov davom etayapti.

13

– Koʻzimni oʻtkir yorugʻlikka oʻrgatish uchun qoʻlimni soyabon qilib, sekingina ochdim, qulogʻimga kuchli shovqin-suron chalindi:

– Gumbur-gumbur

– U-v-v, -u-v-v...

Dod-faryodlar tinmas, goʻyo butun-borliq uvvos tortib yigʻlayotgandek...

– Yo, allohim, yozugʻimiz ne edi, nega bizga bunday kulfatni ravo koʻrding?

Barala ovozda Qur'on suralarini tilovat etayotganlar barcha narsaning yaratguvchisi va oxirat kunining egasidan madad soʻrashardi.

– Haq doʻst, yo alloh, haq doʻst, yo alloh...

Darvesh-qalandarlar qoʻllarini silkitib, jazavasi tutib zikr tushishardi.

Hayratdan lol qoldim, keyingi yillarda kazo-kazolar qaytishi bahona ikki-uch kunlab «oynai jahon», ovoznigorda ruhni sindiruvchi motam musiqasi yangraganda ham fuqarolar qiyofasida bu darajadagi chorasizlik, gʻam-alam zuhur boʻlganini koʻrmagandim, men oʻzimni olis moviy dunyo hayotidan kino olinayotgan maydonchaga tushib qolganday his qildim.

– Ey birodar, bir daqiqa toʻxtasangiz-chi, nima gap oʻzi? – atrofimda zir yugurib yurganlardan biriga murojaat etdim.

U na ovozimni eshitdi, na oʻzimni payqadi, shundagina ikkinchi iqlimda chetdan kuzatuvchi ekanligimni, na ovozim, na suvratim bu yerdagilarga ta’sir qilishini angladim.

– Koʻrmayapsanmi, quyosh tutilgan-ku, – izoh berdi koʻrinmas yoʻlboshlovchim.

Илгари ахборотлардан қисилган қишлоғимизда ой тутилса, биз болаларни шундай шовқин-сурон кўтаришга ундашганини эсладим. Улар таъбирича, ой ва қуёшнинг тутилиши ёвуз кучлар дахл солиши оқибати бўлиб, кучли шовқин ёвуз кучларни қўрқитиш баробарида олову оташни тутқунликдан бўшатар экан. Бизнинг болалик ортда қолди, вақт ўтиши билан инсониятни завқланиш, ҳайратланиш, ишонч туйғулари тарк этиб бормоқда.

14

– Xiyobondan chiqishim bilan qoʻl choʻzsam yetadigan manzilda uni koʻrdim, ortda qolgan mashaqqat oʻz kuchini yoʻqotadi, uning vasliga yetish kutganimdan osonroq koʻchganga mengzadi, bir muddat oʻzimni, junbishga kelgan hissiyotlarimni tiyolmadim, yuragim dupuri kuchayib, boʻgʻzimni gʻalati hayqiriq yorib chiqdi:

– A-a-a!...

Oʻsha zahotiyoq koʻkragimdan birov bor kuchi bilan itarganini, tegram tagʻin qorongʻi zulmatga chulgʻanganini, mislsiz baland qoyadan pastga, tubsiz chohga uchib borayotganimni zoʻr-bazoʻr ilgʻadim. Men qulab tushgan choh shu oromgoh edi. Bu gʻalati sayohatdan aniqlaganim dunyoda hamma narsa oʻtkinchiligi-yu, faqat muhabbatning boqiyligi boʻldi...

Tamaki-odam hikoyasi tugagandan soʻng, hozirgina chekib tashlagan boʻlsa-da, boʻshagan qutini sermaladi, qoʻliga hech narsa ilashmagach, bor kuchini qoq suyak barmoqlariga jamlab, qutini ezgʻilab otdi va chuqur botgan koʻzlarini bir muddat olis nuqtaga qadab turdi, shu tobda u jonli odamdan koʻra koʻproq qoyadan yoʻnilgan haykalga oʻxshardi.

– Ayting, men kimman oʻzi, kimman? – jazavaga tushib baqirdi u.

Talmovsirab qolganimni koʻrib, oʻz savoliga oʻzi javob qaytardi:

– Men odamman, faqat na oʻliklar, na tiriklar safidan joy olgan muallaq odam! Meni bu olamda oʻsha malak xotirasi va hamma narsa boy berilgan taqdirda ham oldinda kelajak bor degan ilinj ushlab turibdi!..
-15-

Oradan oʻn besh yilcha vaqt oʻtdi, men hamon oʻsha uchrashuvni, voqelikdan koʻra xayolotga monand hikoyani sira unutolmayman, qulogʻim ostida esa soʻnggi jazavali soʻzlar takror va takror jaranglaydi, yana diydorlashish nasib etsa hech ikkilanmay:

– Sen odam ekansan, oʻzligini tanigan baxtli odam, qaniydi men ham senga oʻxshasam! – degan boʻlardim.

Qarshi, 2009