OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMuhabbat Hamidova
Asar nomiOʻrganib ketadi (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Muhabbat Hamidova
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm8KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Oʻrganib ketadi (hajviya)
Muhabbat Hamidova

Angrendan, toʻydan qaytyapman. Biroq, kayfiyatim toʻycha emas. Negaki, kutilmaganda havo aynib, chelaklab yomgʻir qoʻydi. Mashinamning suvsidirgichi yaxshi ishlamaydi. Buyogʻi oʻzingizga ma’lum. Shuncha kundan buyon tuzatib olaman yoki almashtiraman, deb yuraveribman. Oldingi gʻildiraklar ham chananing oyogʻidek sip-silliq. Yoʻl esa uzoq. Noiloj u yer — bu yerda toʻxtab mashinaning peshonasini silab-siypayman.

Osmon borgan sari qovoq uyadi. Koʻngil ham shunga qarab. Andishani chiqargandan oʻrgildim-da. Nima zaril edi, yerning kindigiga toʻyga borib. Na 50 gramm anavidan ololdim, na kechqurungi bazmga qololdim! Ha mayli, ishqilib uyga, bola-chaqam oldiga eson-omon yetib olsam boʻlgani. Bu fikr mashina gʻildiragiga qoʻshilib xayolimda pildiraydi.

Ming xavotir, hadik ichida «Rohat»dan oʻtib shaharga kirdim.

Toʻsatdan yangragan «qadrdon» xushtak ovozi xayolimga ham tormoz berdi. «Shuni kutayotgandim», — toʻngʻillaganimcha «egov»imni chetga oldim. Hali eshikni ochib ulgurmasimdan qarshimda «xushtak egasi» koʻndalang boʻldi.
— Kichik leytenant Komilov shahrimizga kirib kelganingiz bilan qutlaydi. Xush kelibsiz birodar, — dedi u ming yillik qadrdonini kutib olganday quvonch bilan. — Suvsidirgichingizni almashtirishingiz kerak ekan. Sizni toza qiynagan koʻrinadi.
— Ha, nimasini aytasiz, xunob boʻlib ketdim, — dedim xoʻrsinib.
— Mabodo, otvertkangiz yoʻqmi, — dedi u menga hamdard ohangda. Shundoq oyogʻim ostidagi sumkachani ochib otvertkani oldim.
— Menga bering-chi, siz mashinadan tushib ovora boʻlmang. Yomgʻir qattiq yogʻyapti, shamollab qolasiz. Men oʻzim bir zumda, — u qoʻlimdan otvertkani oldi. Keyin yomgʻirpoʻshining besoʻnaqay choʻntagidan ikkita vint chiqardi. — Mana hozir, — u chaqqonlik bilan mashina oldiga oʻtdi. Biroz kuymalangach, buyurdi, — qani murvatini burangchi...

Suvsidirgich yoqimli tovush chiqarib likillagancha oynani artishga tushdi.
— Ana boʻldi, bemalol uyga yetib olasiz. Yaponlarning vinti bu, uncha-bunchaga buzilmaydi. Endi oq yoʻl. Oʻzingiz bilasiz, yoʻllarimiz serqatnov. Qattiq yogʻingarchilikdan ancha sirpanchiq boʻlib qolgan. Buning uchun uzr. Iltimos, shoshilmasdan, tezlikni oshirmasdan ehtiyot boʻlib keting. Kelgusi safar, quyoshli kunlarda sogʻ-omon koʻrishaylik, — dedi Komilov hujjat ushlagan qoʻlimni mahkam siqib. Keyin qoʻshib qoʻydi, — kelin ayam palovxontoʻrani damlab kutib oʻtirgandirlar.

Men esa koʻzoynakli echki koʻrganday baqrayib qolgan, tilim kalimaga kelmasdi. Negaki, oʻn yillik haydovchilik tajribam haqqi qasam ichib aytamanki, DAN noziridan bunchalik muomala koʻrish qahratonda polizda qovun pishganday gap! Ayniqsa, mana bunday «shalagʻ arava»da-ya! Moʻ‘jiza-ku, bu axir. Yo men tush koʻrayapmanmi? Yoʻq tovushimni eshitib turibman. Demak oʻngim! Agar oʻngim boʻlsa, buni shunday qoldirib boʻlmaydi. Buni taqdirlash, ommalashtirish kerak. Tavba, «nogiron» mashina egasi boʻla turib otangdan eshitmagan shirin gap, yana kimdan, yoʻl harakati nazoratchisidan birinchi marta bunaqangi «asal» DANchini uchratganimgami yoki DANchilarning barchasini bir xil qiyofa, bir xil holda koʻraverganimdanmi bu moʻ‘jizadan koʻnglim buzilib ketdi. Lobavoydan yomgʻir tomchilari qanday quyilayotgan boʻlsa, mening koʻzlarimdan ham yosh tomchilari shunday duvillab toʻkilardi.

Birorta haydovchiga aytsam, oʻlay agar ishonmaydi. Ertagayoq... nega endi yaxshi ishni ertaga qoldirishim kerak. Yaxshisi, hoziroq shahar DAN boshqarmasiga kirib oʻtaman. Yoʻlimda-ku axir. Ham rahbariyatga, ham Komilov ukamizga rahmatnoma yozib qoldiraman. Bu qarordan yuragim motordek urib ketdi...

Manzilga yetib kelganimda havo ochilib, quyosh charaqlagan, osmonda kamalak jilva qilardi. Barmogʻimda kalitni aylantirib xirgoyi qilganimcha uchinchi qavatga yugurib chiqdim. Peshonasiga kompyuterda qop-qora harflar bilan «Yosh mutaxassislar bilan ishlash boʻlimi», deb yozilgan eshikni shartta ochib ichkariga kirdim. Toʻrda toʻladan kelgan, qoʻngʻiroq sochli bir mayor savlat toʻkib oʻtiribdi. U chap qulogʻiga qalam qistirib olgan, yana bitta qalamni qoʻlida tutgancha «AIF»dan boshqotirma yechyapti, shekilli, nihoyatda jiddiy.
—Oʻrtoq mayor, mumkinmi, — dedim hayajondan ovozim qaltirab.
— Nima balo, ichganmisiz, namuncha qizarib ketibsiz, — dedi u boshini koʻtarib, bezovta qilganim malol kelganini sezdiruvchi ohangda.
— Yoʻgʻ-e, oʻrtoq mayor, axir ichgan boʻlsam jonimdan toʻyibmanmi, sizga roʻpara kelib, — dedim.
— Darvoqe, — kulib yubordi, mayor. —Unda...
— Ikki ogʻiz gapirishga ruxsat bering oʻrtoq mayor, — dedim dadillanib.
— Ruxsat beraman, faqat bir shart bilan, manavi skanvordni yechishga koʻmaklashib yuborsangiz.
— Gap boʻlishi mumkin emas, albatta, yechishaman. Skanvord yechish mening ham jonu dilim. Lekin oʻrtoq mayor, men sizga, yoʻq Komilovga, yoʻgʻ-e sizga va Komilovga minnatdorchilik bildirish uchun keldim. Iltimos, menga «Taklif va mulohazalar» daftarini bersangiz. Bilsangiz, men jurnalistman. Ertagayoq bu voqeani ya’ni tashabbusni ommalashtiraman. Yaxshilik qanot yoyishi kerak.
— E-ha, hali jurnalistman deng. Tushunarli, nechogʻli boshqotirma yechishingizni bilmadimu ammo boshni qotirishga ustaligingiz bor gap. Biroq, sizdaqa hovliqma jurnalistni birinchi marta koʻrishim. Tushuntiribroq gapiring. Oʻzi nima gap? Bu yer restoran yoki gastronom emaski «Taklif-mulohaza» daftari tutilsa, qulogʻidagi qalamni ham qoʻliga oldi mayor.
— Nega endi boshingizni qotirarkanman, qotirmayman. Ha, aytgancha bu yerga nega kelganligim haqida. — Oʻzimni bosib olib yoʻldagi hodisani va maqsadimni bayon qildim. — Qaniydi, uzukkun rulga yopishib, serqatnov koʻchalarda asabi buzilgan haydovchilarni koʻnglini koʻtaradigan Komilovga oʻxshaganlar ya’ni Komilovchi inspektorlar safi kengaysa. Ana unda har qanday qoidabuzar haydovchi ham hushyor tortgan, oʻziga nisbatan boʻlgan hurmat va e’tibordan toʻgʻri xulosa chiqargan boʻlardi. Yoʻl qoidalariga hamma rioya qilardi.
— Obbo jurnalistlar-ey ja gapga gaz berasizlar-a! Bir muddat tormozni bosay demaysiz-a. Sizni tushundim. Biroq, gap hammaga ham toʻgʻri kelavermaydi, yaxshi gap, yaxshi muomala yosh bolalarga yarashadi. Haydovchiga emas. Ularni erkalatsang, ishonamanki, taltayib, oʻzini yoʻqotib qoʻyadi. Qanot chiqarib mashina-pashinasi bilan uchib ketishdan ham toymaydi. DAN xodimi esa davlatning odami. Davlat maynavozchilikni yoqtirmaydi. Nazoratchi qancha jiddiy boʻlsa, shuncha salobatli koʻrinadi. Sizlarga qolsa balki nazoratchi bilan askiya ham aytisharsizlar. Marhamat, faqat ish paytidamas. Boʻsh paytlarda, — jilmaydi mayor. — Mana men hozir siz bilan hazillashishim, turli mavzuda suhbatlashishim mumkin. Chunki ish payti tugadi.
— Aytmoqchi, inspektorning familiyasini kim dedingiz Qodirovmi?
— Yoʻq, Komilov yoshgina, kelishgan yigit, ismi Qobiljon Moʻminovich...
— Tak, tak, Komilov, Komilov... esladim. «Xuroson» koʻchasida emasmi, — Xuroson, Xuroson, — u qoʻlidagi qalamlardan birini stolga tashlab, ikkinchisi bilan qogʻozga allanimalar chizdi.
— Xuroson, xuddi oʻsha, — sevinib ketdim.
— Tushunarli oʻrtoq jurnalist-haydovchi. Hayajoningiz sababini endi angladim. Komilov yaqinda kursni tugatgan. Hali «obxodka»dan chiqmagan. Yaqinda unga murabbiy biriktiramiz. Ana unda Komilov ham oʻz kasbining sirlarini puxta oʻzlashtirib oladi. Demoqchimanki, chinakam DANchiga aylanadi. Juda qobiliyatli bola, mana koʻrasiz, — u joyiga borib oʻtirdi-da, skanvord yechishga tushdi.

Men esa mix kirib, yorilgan ballondek damim chiqib, eshikni yopdim.