OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMuhabbat Hamidova
Asar nomiOdamning oʻrni (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Muhabbat Hamidova
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm13KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Odamning oʻrni (hikoya)
Muhabbat Hamidova

Chol qishloq chekkasidagi chogʻroqqina hovlida yolgʻiz kampiri bilan yashardi. Buvimning aytishicha, ular qishlogʻimizga «musofir» ekan. Lekin qachon va qaerdan kelib qolishgani hanuzgacha menga qorongʻu. Har holda, esimni taniganimdan buyon ular shu yerda edi.

Tundligidanmi yoki toʻy-hashamlarga kam aralashganidanmi, chol odamlar nazaridan chetda qolgandi. Uylarida biron — bir ma’raka qilinganini eslolmayman. Cholning toʻyi ham, farzandi, oshna-ogʻaynisi ham oʻz chorbogʻi edi. Negaki bu bogʻ kichkina «jannat» edi. Bogʻda ertapishar gilosdan tortib, mazasi bolni dogʻda qoldiradigan zargʻaldoq shaftoli-yu qrimning til yorar olmasi, noyob qora anjir, ta’mini koʻpchilik unutib yuborgan nashvatigacha pishib yotar, bu yerga mazaxoʻrak chugʻurchuqlar kabi biz ham kech kuzgacha parvona boʻlardik.

Kampir cholning butunlay teskarisi: serharakat, jikkakkina, rahmdil ayol edi. Bu ayolni butun mahalla yaxshi koʻrardi, chunki u odamlar orasida tabibligi bilan anchagina mashhur edi-da. Qaysi oʻsimlik qanday dardga davo ekanligini yaxshi bilardi...

Bir marta, yetti yoshlarda boʻlsam kerak, chechak bilan qattiq ogʻridim, hatto koʻzim yumilib qoldi. Oyim yigʻlab borib, shu kampirni boshlab chiqdilar.
—Voy, oʻzimning polvon bolam-ku bu. Men ataylab bir qultum suv olib keldim, shuni ichsa Alpomishday boʻlib ketadi, koʻzi kunduzi yulduzni koʻradigan boʻladi.

Men kampir ogʻzimga quygan suvni ichib yubordimu, achchiqligi alam qilib, yigʻladim, kampirni soʻkdim. Lekin kechga borib issigʻim tushdi, koʻzim ham ochildi. Keyin bilsam, u menga chuvalchangni ezib ichirgan ekan.

Kampir bizni bogʻida, daraxt tepasida koʻrsa ham koʻrmaganga solar, cholining sharpasini sezgan zahoti «chugʻurchuqlar»ni haydab, bizni ogohlantirardi. U chugʻurchuqlarni koyishi bilan biz daraxtdan tushib, ura qochardik. Bir gal qiziq boʻlgandi. Akrom, Islom, Ikrom, Odiljon mollarimizni soyaga solgach, Tolariqda maza qilib choʻmildik. Tolariq — qishlogʻimiz etagidan oʻtadigan kattagina soy. Soyning har ikkala qirgʻogʻidagi azamat qoratollar suvga tangadek oftob tushirmaydi. Suv hatto qoq tushda ham muzday boʻladi. Balki shuning uchun soyni «Tolariq» deb atashgandir. Tolariqning chap qirgʻogʻi «Changal ota» mozori bilan tutashib ketgan. Mozorga kiraverishda, shunday soy boʻyida ikki xonali masjid joylashgan. Masjid atrofi gir aylana bogʻ. Har kuni bogʻda kuymalanib, goh daraxtlarni butab, goh oʻt oʻrib yuradigan masjid qorovuli, goʻrkov Qurol amaki ovqatlangani uyga ketganmi yoki issiqdan qochib ichkarida uxlab yotibdimi, koʻrinmadi. Masjid sahniga soya solib turgan ishkomdagi kishmishlar qop-qorayib pishgan. Mozor haqida har xil vahimali gaplarni eshitganimizdan, qornimiz oʻlguday och boʻlishiga qaramay, u tomonga oʻtishga yuragimiz betlamaydi.
—Yaxshisi uyga ketamiz. Shundoq bugʻdoyzorni kesib oʻtsak, Jumavoy cholning bogʻidan chiqamiz. Yaltiroq oʻrigi shigʻil pishib yotibdi, - dedi Ikrom.

Yoʻlga tushdik. Oftob naq peshonadan olov sochadi. Dala oʻrtasidagi bahorda kallaklangan tutlarning yangi chiqqan novdalari yerga soya tashlashga ojiz. Bugʻdoyzorning doni oʻrilib, somoni yigʻishtirilib, oʻrni yoqib yuborilgan. Gir atrofimizdagi zamin qop-qorayib dilga gʻashlik soladi. Qilt etgan shabada yoʻq. Bir yoqda qornimiz ochib, ichlarimiz quldiraydi, tomogʻimiz tashnalikdan quriydi. Oyogʻimni arang sudrab bosayotganim uchun yoʻl unmaydi. Birortamizning gapirgimiz kelmaydi. Hamma tezroq oʻziga ohanraboday chorlayotgan Jumavoy cholning bogʻiga yetib olishni oʻylaydi.

Nihoyat, bogʻ etagidagi omonatgina paxsa devor qarshisidamiz. Devor mol-hol kirib ketmasligi uchun nomigagina qoʻqqaytirib qoʻyilgan. Beldan keladi, bir sakrab, oshib oʻtsa boʻladi.
— Vuy, anavuyoqqa qaranglar, - pichirladi Ismoil, - chol-kampir qish boʻyi olma qoqi shimadi shekilli. Oʻsha yoqqa oʻgirildik. Devor chetidagi supa ustiga toʻshalgan boʻyraga olma, pomidor qoqi yoyib qoʻyishibdi. Ogʻzimning suvi qochdi.
— Qishni kutib oʻtirishga vaqtim yoʻq, men uni hoziroq yeb qoʻya qolaman, - devorga tirmashdi Odil.

Koʻz ochib yumguncha supa oldida paydo boʻldik. Olmani uch-toʻrt kun oldin yoyishgan shekilli, tuppa-tuzuk qoqiga aylanibdi. Ammo, pomidor endigina soʻliy boshlagan, mazasi koʻngilni aynitadi.

Bogʻ ichi jimjit. Boyagi doʻzax azobidan soʻng bu yerdagi salqinlik, jambil-rayhonlarning xush boʻyidan koʻnglim yayradimi, tanam boʻshashib, supa chetiga sekin oʻtirib oldim. Allaqaerdan suvning shildirashi eshitildi...
—Oʻldik, chol anjirlariga suv quygan ekan, hozir kelib qoladi, - vahima qildi Ismoil. Ammo, hech kim uning gapiga parvo qilmadi. Chunki Ikrom ham, Odil ham, Akrom ham allaqachon daraxt tepasiga chiqib olishgandi. Men esa shu yerda uxlashga tayyor edim.

Shu dam uzoqdan kampirning «chugʻurchuqlar»ni haydagani eshitildi. Men «atas» dedimu, bir siqim olma qoqini changallagancha qochib qoldim. Bolalar ham daraxtdan gup-gup tashlab, orqamdan yugurishdi. Ammo, baqaloq Akrom ulgurolmadi. U koʻzini chirt yumganicha joyida turaverdi.
— Ha, qoʻlga tushdingmi, quyon,- jahl bilan unga yaqinlashdi chol. Shu chogʻ, yetib kelgan kampir joniga oro kirdi.
— Akromjon, boʻldi bolam, baraka top. Buyogʻini buvang ikkalamiz yigʻishtirib olamiz, - Akromga koʻzini qisdi kampir, keyin choliga yuzlandi, - Akromjonni oʻrtoqlari bilan yordamga chaqirgandim. Ammo oʻrtoqlarining vaqti yoʻq ekan. Bir oʻzi boʻlsa ham kelaveribdi, baraka topgur. Anavi qirmizi olmangiz oʻlgur toʻkilib ketayapti, oʻziyam boshini yeb solgan ekan. Men tepaga chiqolmasam, shu bola bilan ikki chelak terib, qoqi qilib qoʻydik, - deb Akromning qoʻliga toʻrtta olma tutqazdi.
— Hamma ayb sen valatida, oʻgʻlingning ham doim yoniga tusharding, mana yuz oʻgirib ketdi, - chol shunday deb kampiriga oʻdagʻaylayotganida Akrom joʻnavoribdi.

Darhaqiqat, u juda qattiqqoʻl boʻlib, biror marta ham kulganini koʻrmaganmiz. U ham kampirdek miqti, oʻrta boʻy, kichik koʻzlari atrofga ziyrak boqadigan, yozda ham toʻn kiyib, etaklarini qiyigʻiga qaytarib qoʻyadigan sersoqol chol edi. Qulogʻiga esa hamisha rayhon qistirib yurardi. Mening oʻsha rayhonga ham rahmim kelar, nazarimda bechora qaltirab ketayotganday tuyulaverardi. Balki chol hamisha ham tund yurmagandir. Biroq har gal uni eslaganimda koʻz oldimda shu qiyofada gavdalanadi.
— Hoy tirrancha, tishingda danak chaqma, kemshik boʻlib qolasan.
— Nega daraxtga osilasan. Koʻylagingni yirtding-ku, darmoyad!
— Oʻq tekkan qargʻaday namuncha qagʻillading, quloqni teshvording-ku!
— Tuproq kechmasang-chi, shoʻrlik oyoq Xudoga nima yozibdi?
— Mashina yoʻlga tosh tashlama betamiz, gʻildirakka tegsa qaytib oʻzingga sapchiydi!
— Tepishga boshqa narsa qurib ketganmi, nega papkani tepasan, kitob uvol-ku! - kabi dagʻdagʻa va poʻpisalarini deyarli har kuni eshitaverib, yodlab olgandik. Bu gaplar jahlimizni chiqarib, oʻchakishtirar, ataylab cholning jigʻiga tegadigan ishlar qilardik.

Mahalla bolalari uni orqadan «Jumavoy xarxasha», deb chaqirardik. Nega «magʻzava» deganimizni hanuzgacha ham tushunmayman. Balki, hadeb bir xil tanbeh beravergani uchundir. Aslida bu doʻq-poʻpisalar zamirida bizga nisbatan otalarcha mehr, ardoq borligiga bolalik shuurimiz yetmagan ekan. Cholning uyidan sal berida qishloq dorixonasi, bolalar bogʻchasi joylashgandi. Binolar arofidagi dov-daraxtlarni, bogʻcha hovlisidagi toklarni ham shu chol ekkan, deyishardi.

Har tong maktabga oʻtayotganimda u bogʻcha atrofini supurayotgan yoki qoʻlidagi tok qaychisi bilan hali gulzor, hali ishkom orasida gʻimirlab yurgan boʻlardi. Balki, ana shu ishlar bilan oʻralashib tengqurlari bilan gurunglasholmas, choyxonaga esa hech qachon kirmasdi. Har zamonda kampiri damlab chiqqan yapaloq choynakdagi choyni shopirib-shopirib ichib, boʻyniga tashlangan qiyigʻiga yuz koʻzlaridagi terni artayotganiga koʻzim tushardi. Nazarimda, uning ishi hamisha qistov edi.

Koʻklam paytlari. Hozirgina dadamga kavlatib olgan nok va chinor koʻchatlarini koʻtarib maktabga ketayotgandim, chol toʻxtatib qoldi. Bu gal u qoʻlimga qarab turib: «Barakalla, bolam, yaxshi oʻylabsan, bularni maktabga olib boryapsanmi?» , - deb soʻradi. Undan birinchi marta shirin soʻsh eshitayotganim uchun angrayib qoldim.
—Daraxt ekkan odam oʻz umriga umr qoʻshadi, - davom etdi u, - xoʻp desang, chinoringni mana bu yerga oʻtqazsak, a labbay? Yoʻl usti, ikki-uch yilda binoyiday oʻsib, atrofiga soya tashlab qoladi. Nokni, mayli, maktab bogʻiga ekaver. Faqat nishonasini menga olib kelasan, kelishdikmi?

Men ikkilanib qoldim. Axir oʻqituvchimiz ikki tupdan koʻchat keltirishni buyurgandilar-da... Ketvoray desam...

Chol oʻylanib qolganimni koʻrdi-da, belidan nosqovogʻini olib, tilining tagiga nos tashladi. Keyin meni qoʻli bilan oʻtirishga ishora qilib, soqovlanib gap boshladi: — Men senga bir hikoyat aytib beraman.

Bir kishi sahroda adashib qolibdi. Jazirama issiq, tashnalik tinkasini quritibdi. U hayotdan umidini uzib, olisga, yurti tomonga termulibdi. Shu choq koʻzi uzoqda — atrofga quyuq soya tashlab turgan daraxtga tushibdi. Toʻsatdan oyoqlariga jon kirib, tomirlariga qon yuguribdi. Allaqanday kuch uni oʻsha daraxt tomon yetaklabdi. Bir amallab u yerga yetib boribdi. Salqin shabadada rohatlanib, tashnaligini ham unutibdi. Mudragan koʻyi qushlar chugʻuriga quloq tutibdi. Qushlar yalang «Daraxt ekkanga rahmat, daraxt ekkanga rahmat» - deb sayrayotganmish. Kishining xayolidan ham shu gaplar oʻtib turgan ekan-ku, lekin qushlarning bu olqishi uning hasadini qoʻzgʻabdi. Shu choqqacha biror yaxshi ish qilmadim, na bir tup daraxt ekdim, na birovga xayr-ehson berdim. Mana shu daraxt boʻlmaganida qumlar orasida benomu nishon yoʻq boʻlib ketaverardim. Endi daraxt ekishga kech, yaxshisi uni ekkan odamni topib sotib olaman, toki daraxt mening nomimga qolsin. Ana shunda parranda-yu darrandalar meni duo qiladigan boʻladi.

U shu niyatda yoʻlga tushibdi. Alqissa, soʻrab-surishtirib daraxt ekkan odamni topibdi. U qarib, munkillab qolgan, chor-nochorlikda kun kechirayotgan chol ekan. Haligi kishi cholning koʻnglini topib, koʻp sovgʻa-salomlar evaziga daraxtning oʻziniki boʻlganligi haqida xat qildiribdi, daraxt yoniga qaytib xotirjam yonboshlabdi. Shu payt qushlar xonish qila boshlashibdi. Kishi e’tibor bilan tinglasa, ular tagʻin «daraxt ekkanga rahmat, daraxt ekkanga rahmat!» deyishayotganmish. Shuncha yugurib-elgani zoe ketganini bilib peshonasiga bir uribdi-da, oʻrnidan turib ketibdi. Va shu yerda ulkan bogʻ yaratishga kirishibdi. Oʻsha bogʻ hanuzgacha bor. Uni el «Haydarbogʻ» deb ataydi, - hikoyasini tugatdi chol.

Oʻsha kuni men chinorimni shundoqqina ariq boʻyida qoldirib ketdim. Lekin yuragimda bu badqovoq cholga nisbatan iliq mehr uygʻongandi. Oradan yillar oʻtdi. Nokning nishonasini yeyish unga nasib qilmadi. U oʻsha voqeadan yil oʻtar-oʻtmas olamdan oʻtdi. Kampirni esa boshqa joyda yashaydigan oʻgʻli koʻchirib ketdi.

Cholning vafotidan keyin nazarimda qishlogʻimizdan fayz koʻtarilganday boʻldi. Bizning bor-yoʻqligimiz bilan birovning ishi boʻlmay qoldi. Dorixona atrofidagi olchalarning shoxlarini sindirib ketishdi. Ayrimlari qurib, oʻtinga aylandi. Bolalar bogʻchasi hovlisidagi gulzorning avvalgi tarovati yoʻqoldi. Yogʻ tushsa yalagudek turadigan avtobus bekati endi har xil qogʻozlar, pista poʻchoqlaridan ivirsib yotadigan boʻldi. Jumavoy cholni qargʻab yuradigan, pistafurush Roʻzi xolaning oshigʻi olchi, chunki hech kim pista sotma, deb uni urishmaydi. Xullas, qishloqning qaeriga qarama, oʻsha «xarxasha» cholni soʻroqlovchi ovoz eshitilganday boʻladi. Qaniydi, roʻparamdan u chiqib qolsa, quchoqlab, bagʻrimga bosardim, ozgʻin, qaltiroq qoʻllarini koʻzlarimga surtardim, - oʻylayman har gal avtobusdan tushib, uning hovlisi tomonga sogʻinch bilan qarakanman. Bizni oʻziga rom etgan bogʻ ham yoʻq endi, hovlining yangi egasi bogʻ oʻrniga dangʻillama imorat qurib olgan. Faqat huv oʻsha, ikkalamiz ekkan chinorgina savlat toʻkib turibdi. Men unga qarab shirin entikdim. U menga hali oq-qorani tanimagan bolaligimni, muomalaga noʻnoq, biroq qalbi pok, sodda bogʻbon cholni eslatdi. Chinor qiyofasida uni koʻrganday boʻldim. Shu chinorga, uning shabadada yengil raqs tushayotgan yaproqlariga qarab turib, oʻsha «mijgʻov» cholning odamlar qalbida, tabiat qoʻynida nechogʻlik katta oʻrni boʻlganligini his qildim.