OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMuhabbat Sharafiddinova
Asar nomiMarkiza (esse)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Muhabbat Sharafiddinova
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Esselar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm17KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/12
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Markiza (esse)
Muhabbat Sharafiddinova

«
Dadam Ozod Sharafiddinov va
ukam Farhod Sharafiddinov
xotiralariga bagʻishlayman
»

Borliq, tevarak-atrof ajoyibotlarga, ibratli voqealarga boy. Faqat uni anglash, idrok qila bilish lozim. Shuning uchun moʻjizani oʻzingdan qidir, deyishsa kerak. Ayniqsa hayot tashvishlaridan ozgina chalgʻisam men uchun aziz insonlar — dadam Ozod Sharafiddinov va ukam — Farhod Sharafiddinovlarning hayoti, turmush tarzi hamda yaxshi koʻrgan narsalari bilan bogʻliq xotiralar ikir-chikirlarigacha birma-bir koʻz oldimdan oʻtaveradi.

Men oʻz sohibiga vafodor boʻlgan jonivorlar haqida koʻp eshitganman, hayotiy voqealar, rivoyatlarni koʻp oʻqiganman. Lekin ajoyibotlar haqida eshitish boshqa, uni koʻrish va kuzatish boshqa.

Uni Markiza deb atashdi. Oʻzi ham Reyzenshnauzer zotidagi itlardan edi. Uni uyga olib kelishganda, endigina olti oylik boʻlgandi. Hammayogʻi qop-qora, kichkina koʻzlari quyuq uzun jun bilan qoplangan. Markiza kundan kunga ulgʻayib borardi. Katta va bahaybat itni koʻrgan odamda qoʻrquv paydo boʻlardi. Lekin shunga qaramay, u iltifot va erkalashlarini juda yaxshi koʻrardi. Shunisi qiziqki, u oʻzining vazifalarini doim ham bajaravermas, ya’ni uyni qoʻriqlamas, boʻlar-boʻlmasga vovullayvermasdi ham. Xullas, oddiy itlarga oʻxshamasdi. Vaqt oʻtishi bilan Markiza oilamiz a’zosiday boʻlib qoldi. Hamma uni juda yaxshi koʻrar, ayniqsa ukam Farhodning unga mehri oʻzgacha edi.

Farhod oilasi bilan dadamlarning hovlisidan uncha uzoq boʻlmagan, atigi besh daqiqalik masofada — koʻp qavatli uyda istiqomat qilardi. U dadamlardan har kuni xabar olar, shu sabab boʻlsa kerak, Markiza bilan yaxshi tanish edi. U it bilan sayr qilishni xush koʻrar, ba’zan uyiga olib ketar, yosh bola bilan oʻynagandek maza qilardi. Darvoqe, uyida Markizaning foto surati ham bor edi. Bir gal Farhod uni uyga olib ketganida suratga tushirgan ekan. Markizani Farhodning oilasidagilar ham yaxshi koʻrardilar. Markiza Farhodning oilasi mehr va iltifotidan bahra olishni xush koʻrar va oʻz oʻrnida u ham mehrini ayamas edi. Farhod oilasi bilan hovli eshigini ochishdanoq, Markiza xursandligidan ularning atrofida sakrar, toʻxtamay dumini likillatar, quvonchini yashirolmay dam-badam aylanar, yugurar, butun boʻy-basti bilan orqa oyoqlarida turib, sal boʻlmasa ularni yiqitib yuborguday darajada sevinib ketardi. Bunday uchrashuvlar har kuni, to Farhod ayvonga yoki uyga kirib ketguncha davom etardi. Ularning oʻrtasida mana shunday yuksak mehr-oqibat bor edi.

2000-yil dadamning qandli diabet kasali yana xuruj qilgan payt. Oʻshanda ahvol juda tang, chaqirilgan «tez yordam» mashinasi dadamni toʻppa-toʻgʻri reanimatsiya boʻlimiga olib ketdi. Tasodifan darvoza yonida yotgan Markizaga koʻzim tushdi: boshi quyi tushgan, koʻzlari mungli edi. Odatda u dumini chiroyli likillatib, hovli boʻylab hayotdan minnatdordek yurardi. Lekin oʻsha daqiqalarda u ham tang ahvolga tushib qoldi va bu holatdan anchagacha chiqa olmadi. Dadamning ahvoli haqiqatdan ham ogʻir edi. Biz u kishiga umr tilab, Ollohdan iltijo qilardik. Ular shu ahvolda oʻzlarini bilmay oʻn kun yotdilar. Dadam hech narsa tanovul qilmas, ranglari soʻlgʻin, koʻzlari nursiz edi. Qiziq, shu kunlarda Markiza ham dadamga hamdardlik bildirgandek gʻamgin holatga tushib qolgan edi.

Xudoga shukrlar boʻlsinki, shifokorlarning muolajalari tufayli, dadam asta-sekin darmonga kirib, uyga qaytdilar. U kishining kasalxonadan qaytishlari munosabati bilan uyga yoru-birodarlari, shogirdlari, qarindosh-urugʻlarning mehmon boʻlib kelishi kutilmoqda edi. Markizani kelayotgan mehmonlarga tashlanmasligi uchun katta hovlining etagidagi uychasi oldiga bogʻlab qoʻyishdi. Dadam hovliga kirib kelganlarida, Markiza bizni yana bir bor hayron qoldirdi. U egasining takrorlanmas, oʻziga xos ovozini uzoqdan eshitdi. Keyin hovliga kirib kelayotgan dadamga koʻzi tushdi. Endi uni toʻxtatib boʻlmas, u shu tobda panjaradan hatlab oʻtish niyatida oʻzini har tomonga otardi. Nazarimda vajohatidan, dadamning yoniga yaqinlashish yoʻlida toʻsiqlik qilgan kimsani gʻajib tashlashdan ham toymasdi. Men oʻshanda bu tilsiz mavjudotning chinakam vafodorligiga qoyil qoldim. Vaqt kelsa, odamdan odamga zarracha iliqlik, yaxshilik yetmasligiga guvoh boʻlganmiz..

Oʻsha kunlarda dadamning kayfiyatlari baland, hayotdan zavqlanib, qayta tugʻilganday boʻldilar. Avvallari ham ular tabiatga oʻzgacha hayajon bilan qarar edilar. Tabiat tirik, degan sezgi ularni hech qachon tark etgan emas. Dadam ogʻir darmonsizlikdan soʻng hamma narsaga oʻzgacha mehr bilan qaray boshladilar. Ular hovlidagi har bir butachani koʻzdan kechirar, har bir daraxt bilan gaplashar, har bir gulni silardilar. Aytish kerakki, hovlidagi, dala-bogʻdagi barcha dov-daraxtlarni qalb qoʻrlari bilan parvarishlash ularga xos ibratli xususiyat edi. Ularning barchasi otamga suhbatdosh, iliq va yoqimli «soʻzlar» topib sogʻligʻidan xabar oluvchi doʻstlari edi. Olloh u kishining hayotini qaytarib berganidan soʻng, ularni qurshab turgan bu tabiat goʻzalligini kasalxonada boshlaridan kechgan azob-uqubatlar uchun berilgan tuhfa, deb bildilar dadam. Tabiiyki, ular Ollohdan mana shu goʻzallikni yana bir bor koʻrishga imkoniyat berilganidan behad minnatdor edilar. Dadam bilan boʻlgan suhbatlardan birida jurnalistlarning: «Baxt nima?» – degan savollariga javob shunday boʻldi: «Baxt, bu — tevarak-atrofingni oʻrab turgan goʻzal olamni koʻra olish, oʻz oyogʻing bilan yurish, xohlagan narsangni tanovul qilish». Dadamning kasalxonadan qaytishlari hovlimizga ham qandaydir bir yangi, jonli ovozlarni, turli qushlarning sayrashlari, daraxt va gullarning jonli shitirlashlarini olib kelgandek boʻldi. 2000-yilning bahorida uyga hayot, baxt qaytganday boʻldi.

Mana shu voqeadan soʻng Markiza oʻziga bir odat chiqarib oldi. Dadamning ahvoli yaxshiligiga ishonch hosil qilish uchun ularning yotogʻiga kirib chiqadigan boʻldi. Buning uchun oyim gohida uni muloyim urishardi. Chunki u otamni yuvintirishga, nonushta qilishga xalaqit berardi. Oyim qanchalik bu jonivorga mehr bilan munosabatda boʻlmasinlar, bari-bir uni xonadan chiqarib yuborishga majbur boʻlardilar. Nima boʻlgandayam oyim dadamga qarayotganlarida itning turishi albatta nooʻrin edi. Mehribonlik oʻz yoʻliga, lekin kasal oyoqni parvarishlash juda muhim edi. Bunday paytlarda dadam doim Markizaning yonini olardilar. «Bu bekorga kirayotgani yoʻq, mendan xavotirda, meni yoʻqlab, xotirjamligimni koʻrib ketmoqchi», — derdilar. Aslida ham, u dadam bilan oyimni qoʻriqlar edi. Dadamning ahvollarini sezganday boʻlardi. Sogʻliqlari kundankunga yomonlashgan paytda esa Markiza ularning eshigi tagidan ketmasdi.

Otam, salomatligining qandayligi haqidagi savollarni yoqtirmas, bu suhbat uchun mavzu emas, deb bilardilar. «Saksonga yaqinlashib qolgan odamning sogʻligʻi qanday boʻlishi mumkin?» — deb, savolga savol bilan murojaat qilardilar. Tabiiyki, buning javobini bilish uchun ularni diqqat bilan kuzatish kerak boʻlardi. Bunda ham Markizaning munosabati bexato boʻlib, menga juda qoʻl kelardi.

Bahaybat it boʻlganligiga qaramasdan, chaqmoq va momaqaldiroqdan qoʻrqib, uyga kirib olardi. Bir kuni tunda kuchli momaqaldiroq boʻlib, Markiza otam yotogʻining eshigiga yugurib kelgan. Tabiiyki, kechasi boʻlganligi bois eshik qulflangan. U oyoqlari bilan avval eshikni, javob boʻlmagach, oynani taqillata boshlagan. Kun davomida otam bilan ovora boʻlgan oyim qattiq uyquga ketib, bu taqillashlarni eshitmaganlar. Otam oynaga yaqin yotganliklari uchun shovqinni eshitib, aravachalariga oʻtirib, Markizani xonaga kiritganlar. Erta tongda uygʻongan oyim otamning karavoti yonidagi qandaydir qora narsaga koʻzi tushib, bu nima ekan? — deb hayron boʻlganlar. Ne koʻz bilan koʻrsalarki, bu Markiza ekan. Shundan soʻng otam itni kiritganliklarini va u shu yerda tunaganini tushuntirganlar.

Oyim hamisha Markizaning ovqatlanishini nazorat qilardilar. Oʻz vaqtida ovqat berilishiga jon kuydirardilar. Axir u «men ochman», deb ayta olmaydi, u haqida qaygʻurishimiz kerak, savob boʻladi», — derdilar. Oyimning bunday xatti-harakatlaridan uydagilar: «ozgina och qolsa hech narsa qilmaydi, balki shunisi yaxshidir, sal jahldor, uyni qoʻriqlaydigan va umuman, oʻzining itlik vazifalarini bajaradigan boʻlardi», — deb qoʻyishardi. Lekin masalaning mohiyati shunda ediki, oyim ham, dadam ham Markizaga itga emas, odamga qaraganday munosabatda boʻlishardi. Farhod esa uni hatto «qora qizim» deb erkalar va oʻta aqlli it ekanligini qayta-qayta ta’kidlardi: «Itlar har bir kasalning davosini biladi, agar Markizaning ham tili boʻlganda, qaysi kasalga qaysi oʻsimlikning foydasi tegishini aytib berardi», - deb qoʻyardi.

Markizaning ziyrak ekanligiga yana bir misol. Bir kuni hovliga dadamni koʻrgani taniqli shoir Erkin Vohidov, olimlar Umarali Normatov, Abdugʻafur Rasulovlar kirib kelishdi. Dadamning sogʻliqlari aytarli darajada emas, demak, Markiza doimgidek, ularning eshigi tagida, shogirdlar domlaning oldiga kirishlari kerak. Ming koʻz oʻrgangan boʻlsa ham, eshik tagida bahaybat it. Shunda Erkin aka: «Markiza, biz domlamizning oldilariga kirib, xabar olaylik », — deganlarida, Markiza dik etib turib, dumini likillatganicha hovli etagiga ketib, mehmonlarni hayratga solgan edi. Shu damlarda bu vafodor jonivorning xayolidan nimalar kechgan ekan...

Markizadan oʻn toʻrtta bir-biriga oʻxshagan chiroyli, koʻzlari qop-qora kuchukchalar tugʻildi. «Kuchukchalardan uch-toʻrtta baquvvatini olib qolib, qolganini choʻktirib yuborish kerak, onasi hammasini katta qilolmaydi», — deganlar ham boʻldi. Haqiqatan ham , ular juda kichkinaligida ona suti yetib turdi, lekin bir muncha vaqt oʻtib, oʻn toʻrtta kuchukchaga sut yetmay qolib, muammoga aylandi. Shunda echki suti sotib olib, kuchukchalarni butilka orqali ovqatlantirishga toʻgʻri keldi.

Koʻp oʻtmay, kuchuk bolalari bemalol yura oladigan, savatidan chiqib, hovli boʻylab tarqaladigan boʻlishdi. Kuni bilan charchagan Markiza (bolalarining ovqatlanishini ta’minlar, tili bilan ularni yuvintirar, nimjonroqlarini koʻzi ostidan qochirmay, doimo oʻzining oldida olib yurar edi) uxlab qolibdi. Kuchukchalar esa hovlida sayr qilishni xush koʻrishar va ularning eng katta dushmani – hovlidagi hovuz edi. Hech narsadan xabari yoʻq kuchukchalar unga tushib ketishdi. Ular yurishniku endi oʻrgangan, suzishni esa umuman bilishmasdi. Shu bois choʻka boshlashdi. Markiza darrov ularga yordamga kelib, hovuz atrofida girdikapalak boʻlar, ammo suvga tushmasdi. Chunki Markizaga bu hovuzda faqat odamlar choʻmilishi mumkinligi tushuntirilgan. Bolalarining hayoti esa xavf ostida ekanligiga qaramay, suvga sakrashga jur'at etolmadi u. Kech boʻlishiga qaramay, uning baxtiga hovlida kattalar ham, bolalar ham bor edi. Ular birgalashib kuchuk bolalarini qutqarib, hammasini savatga tiqishdi. Bu paytda allaqachon qorongʻu tushib ulgurgan edi. Baxtga qarshi bolalari orasidagi eng baquvvatining vazni ogʻirlik qilib, choʻkib ketganini, qorongʻu kechada hech kim sezmadi. Erta tongda esa «Bek»ni (unga shunday nom berishgandi) hovuz chekkasiga qalqib chiqqanini koʻrishdi. Shunday qilib, ularning soni bittaga kamaydi. Kuchuk bolalari ancha katta boʻlib qolishdi, endi ularni tarqatishdan boshqa iloj yoʻq edi. Soʻraganlarga berildi. Shunday qilib, Markiza yana bir oʻzi qoldi. Oila u uchun dadam, oyim va Farhod edi.

Ming afsuski, mehribon va odamoxun insonlaridan biri – ukam Farhod bevaqt hayotdan koʻzini yumdi. Kutilmagan bu hol oilamiz uchun katta yoʻqotish boʻldi, hammamizni larzaga soldi. Oʻlim haq, lekin inson hech qachon bunga koʻnikolmasa kerak.

Farhod — mehrli, iste’dodli, zehnli, tafakkuri keng inson edi. Uning bilmagan narsasi yoʻq. U arab tili va tarixi, oʻzbek adabiyoti tarixini juda yaxshi bilardi. Bundan tashqari mazali taom tayyorlashni, ukol qilish va turli muolajalarni, velosiped va mashina tuzatishni havas qilar darajada bajarardi. Qurilish sohasida maslahatlar berish bilan birga, musiqa san'atidan ham xabardor boʻlib, gitarani qoyilmaqom chalardi. U qaysi davrada boʻlmasin, hammani oʻziga rom qilib olardi. ota-onamiz uzoq yillar istiqomat qilgan hozirgi Тurob Тoʻla koʻchasidagi uyning yertoʻlasida Farhod bolalar uchun tekin ustaxona ochib, qoʻshni bolalardan qay birining velosipedlari buzilsa, ularni tuzatib berardi. Birinchilardan boʻlib kompyuter bilimini egallagan inson edi.

Farhodning vafotidan keyin Markizaning ahvolini tasavvur qilish qiyin emas edi. Endi u oʻzining uychasi boʻlishiga qaramay, joyini butunlay dadamning yotogʻi tagiga almashtirib oldi. Uning bu yerdan sira jilgisi yoʻq edi. Dadamning mazalari qochishi bilan uyning ichiga kirib olar va oʻzicha otamni qoʻriqlab, ularga boʻlgan mehrini shu tariqa izhor etardi. Dadam buni tushunardilar. U dadam bilan oyimga xuddi oʻzining bolalariga boʻlgan munosabatday munosabat qilardi. Uning uchun otam va onam bamisoli bola edi. Oyim tashqari eshikni ochguday boʻlsalar, chaqirmasalar ham Markiza albatta, yonlarida turardi. Undagi itlarga xos xususiyat – inson hali sezib ulgurmagan narsalarni seza bilish ustunlik qilardi.

Bir kuni men, oyim jiyanlarim bilan ayvonda oʻtirib, gʻalati voqeaning guvohi boʻldik. Markiza oʻzidan-oʻzi darvoza yaqinida oʻz atrofida aylanib, balandga sakrab, keyin sekinlik bilan biz tomonga yaqinlashdi. Markizaning bunday oʻzini tutishi koʻpincha Farhod kirib kelganida yuz berar, bunday paytda ular birga oʻynashib, uning atrofida aylanib, oʻyin qilib sakrab, shoshilmasdan biz tomonga kelishardi. Bu safar ham u oʻzini xuddi kim bilandir oʻynashgandek tutdi. Nazarimizda, Markiza endigina uyga kirib kelgan Farhodning yonida, u bilan oʻynashib, uyga taklif qilayotgandek edi. Bu biz uchun bir belgi boʻlib, Farhodning ruhi yonimizda biz bilan birga ekanligiga ishonchimiz komil edi. Goʻyo Farhod har galgidek dadam va oyimdan xabar olgani kelgandek boʻldi. Bu esa farzandidan ayrilib, koʻngli yarimta boʻlib qolgan otam-onamga dalda boʻluvchi katta kuch beruvchi, ilohiy holatni hamon unutolmaymiz.

Farhodning vafotidan roppa-rosa besh oydan keyin otamdan ham ayrildik. Oxirgi yillarda bir necha jarrohlik operatsiyalarini boshidan kechirgan va ularni koʻtara olgan, yana hayotga qaytgan, ruhan choʻkmagan inson, farzand dogʻini koʻtaraolmadi. Aytishlaricha, jannat eshiklari ochiladigan kun, bu muborak Ramazon oyining ilk kuni ekan. Dadamning jonlari aynan Ramazon oyining birinchi kuni uzildi. Ahil oilamiz oʻzining ikki yaqin insonidan — ota va oʻgʻildan, tayanch va umididan ayrildi. Ular bilan hayot butunlay oʻzgacha edi. Ayniqsa, bolalar ulardan koʻp narsa olishga harakat qilardilar. Farzandlar, nabiralar biror bir tantana, bayram, tugʻilgan kun munosabati bilan bizga tamoshalar uyushtirishardi. Ularning har biri ma’lum ma’noda iste’dodli edi. Bu tomoshalardan bolalarni aqlini peshlaydigan viktorinalar ham oʻrin olgan boʻlib, dadam boshchiligida unga savollar tayyorlardik. Savollar ham bolalar uchun, ham kattalar uchun moʻljallangan boʻlardi. Afsuski, yaqinlarimizni vafoti munosabati bilan bularning hammasi toʻxtab qoldi (vaqtincha boʻlsa ajab emas). Bu yoʻqotishlar, albatta Markizaga ham ta’sir qilmasdan qolmadi. Endi bu uyda uning eng yaqin insoni — oyim edi. Markiza endi oyimga bogʻlanib qoldi. Oyim ham oʻz navbatida unga juda yaxshi muomala qilardilar. Oyim Markizani oʻzlarining yaqin insonlari bilan bogʻlab turishiga, u orqali yaqinlarini koʻrishga ishonchlari komil edi. Uni ovqatlantirish va yuvinishini oʻz nazoratlariga oldilar. Uning barcha qiliqlariyu-shoʻxliklaridan xabardor edilar. U haligacha yosh boladek chaqmoq chaqishi va momaqaldiroq boʻlishidan qoʻrqar, yugurib oyimning xonalariga kirib olar, xuddi kichkina bola singari titrogʻini bosolmasdi. Biror bir zarurat bilan oyim uyda boʻlmay qolsalar, albatta Markizadan koʻz-quloq boʻlib turishni tayinlardilar. Ba’zan yuraklari toʻlib ketgan kezlari Markiza, ularning suhbatdoshiga aylanardi.

Otamning vafotlaridan keyin oradan bir yildan ortiqroq vaqt oʻtdi. Kunlarning birida Markiza oyim bilan oʻynashib, keyin bir oz quyoshda toblanib yotdi, oyimga erkalik qilib, hamma qiliqlarini koʻrsatdi. Shu kunlari uyda ustalar ishlayotgan va ular nimanidir olib kelib, nimanidir olib chiqib ketishar, xullas, kirib-chiqib yurishardi. Oyim itning uydan chiqib ketish ehtimoli borligini va shuning uchun eshikni hamisha berkitib yurishni ularga tayinlardilar. Oʻsha mash'um kun eshik «lang» ochiq qolgan, Markiza esa sekin-asta koʻcha tomon odimlab, keyin umuman koʻzdan gʻoyib boʻlgan. U boshqa qaytib kelmadi. Keyinroq qoʻshnilar uni Farhod yashagan uyning hovlisida koʻrishganini va shu boʻyi uni hech kim uchratmaganini aytishdi. Oyim Markizaning qaytishiga ishonardilar va uni har kuni kutardilar. har safar koʻcha eshigi taqillaganda, xuddi Markiza qaytib kelganday tuyulardi. Bir kuni oyimni ahvolini kuzatib yurgan Alisher ukam xuddi shu zotdan boʻlgan kichkinagina yangi kuchuk bolasini olib keldi. Ammo bu endi butunlay boshqa it boʻlib, Markizaning oʻrnini aslo bosa olmasdi.

»Gulxan»dan