OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMuhammad Ali Jamolzoda
Asar nomiNasihatgoʻy (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Fors adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Muhammad Ali Jamolzoda
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonIlhom Zoyir (Rus tilidan)
Hajm19KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Nasihatgoʻy (hikoya)
Muhammad Ali Jamolzoda

Uning odob-axloq borasidagi ma’ruzalarini tinglagan kishilar unga «Nasihatgoʻy» degan taxallusni berishgan. Janob Nasihatgoʻy mamlakatdagi eng nufuzli erkaklardan biri boʻlib, uni hamma birdek hurmat qilar va hukumat doirasidagi kishi deb bilardi. Unga yaxshigina meros qolgan va u bu merosni tezda koʻpaytirib olgan (qanday koʻpaytirganini faqat Olloh biladi, xolos).

Yordam soʻrab keluvchilarga, ishbilarmonlarga va boshqa mehmonlarga uning eshigi doimo ochiq. Vazirlarni mansabga tayinlash, parlamentga nomzod koʻrsatish kabi yuzlab muhim masalalar faqat uning uyida va koʻmagida hal boʻladi. Juda muhim shartnomalar, qarorlar ham xuddi vazirlikdagidek uning uyida qabul qilinadi. Bu kabi ishlar unga shon-sharaf va obroʻ-e’tibor olib kelish bilan birga boyligiga boylik qoʻshadi.

Albatta, uni bekorga Nasihatgoʻy deyishmaydi. U «odob» soʻzini bekorga tilga olmaydi, qaysi mavzuda suhbat qurmasin, bu soʻzni tilga oladi va bu soʻzni ta’kidlashdan charchamaydi, chunki koʻpgina jamiyatlar odob-axloq asosiga qurilganini u juda yaxshi biladi. Har bir dinning mazmun-mohiyatini ham odob-axloq tashkil etadi-da.

U bir necha mumtoz shoirlarning odob-axloqqa bagʻishlangan she’rlarini yodlab olgan va mavzuga toʻgʻri keladimi-yoʻqmi, sharillatib aytaveradi. Ayniqsa, Sa’diyning: «Diyonat – xalqqa xizmat qilishdan boshqa narsa emas», degan gapini mudom takrorlab turadi. Namoz oʻqish oʻrniga bir bayt she’r aytishni afzal koʻrgani uchun ba’zi bir hazilkashlar uning orqasidan kulib yuradi.

Uning darvozasi peshtoqiga «Yashash – yaxshilik qilish demakdir!» degan soʻzlar bosma harflar bilan yozib qoʻyilgan. Ichkaridagi eshik va devorlarga esa Qur’oni karim suralari va taniqli shoirlarning hikmatga aylangan satrlari chiroyli chorchoʻplarga solib, osib qoʻyilgan. Bu yozuvlarning bari odob-axloq qonun-qoidalariga mos tushadi:

«Insoniylik hamma narsadan ustun turadi»;

«Yaxshilik qil va uni tezda unut»;

«Chumoliga ham ozor berma»...

Yaxshi eslayman, janob Nasihatgoʻyning uyiga mehmonga borganimda, uning oʻn-oʻn bir yoshlardagi oʻgʻilchasi biz oʻtirgan xonaga kirib, xizmatkor bilan kinoga borib-kelishini soʻraganida, u mehmonlarni ham unutib, chuqur oʻyga botgancha:
– Koʻradigan filmlaring odob-axloq qoidalariga toʻgʻri keladimi? – deb soʻragan.
– Albatta, otajon, – degan oʻgʻil, – aytishlaricha, film voqealari boshdan-oyoq odob-axloq asosida yaratilgan ekan.

Xizmatkorlaridan biri Nasihatgoʻyning nasihatlaridan toʻyib, «Janob, men bu yerga ishlagani kelganman. Agar nasihat eshitadigan boʻlsam, toʻgʻri machitga borgan boʻlardim», degan ekan.

Uning isfahonlik bir xizmatkori bor edi. Men qachon Nasihatgoʻynikiga borsam, u meni oʻziga yaqin olib, xizmatimni qilar, botinkamni artar, hassa tutar, yelkamga qoqib qoʻyar, issiq-issiq choy tutardi. Oʻttiz yoshlardagi kelishgan bu yigit oʻta ziyrak va kamtar edi. Uning husnini faqat qandaydir yaradan qolgan chandiq buzib turardi, xolos. (Nazarimda, oʻsha chandiq ham unga zeb berib turardi). Ismi Gʻulom Ali. Unga boshqa xizmatkorlar koʻp tegishar, isfahonligi uchun ustidan kulishardi. U bilan suhbatlashish menga huzur bagʻishlardi.

Bir kuni Nasihatgoʻyning uyiga taksida boribman-u, hamyonimni uyda unutib qoldiribman. Shunda Gʻulom Alidan qarz olishimga toʻgʻri keldi. U darrov choʻntagidan uchta besh tumanlik pul chiqarib berarkan:
– Oling, qaytarish haqida oʻylamang, – dedi. – Bizning shaharlarga yoʻlingiz tushsa – berarsiz...
– Esimdan chiqib ketsa-chi? – dedim hazillashib.
– Hechqisi yoʻq, – deya kuldi u ham. – Bu gapirishga arzimaydi. Sizga yordamim tekkanidan xursandman.

Toʻgʻrisi, u meni shunchalar toʻlqinlantirib yubordiki, Nasihat-goʻyning uyi devoridagi baytlarni oʻqib ham bunchalik zavq olmaganman.

Bu yaqin orada janob Nasihatgoʻynikiga yoʻlim tushmay qoldi. Avvaliga qarzni birovdan berib yubormoqchi edim, keyin bu fikrimdan qaytdim. Oʻzim olib borib, unga rahmat ham demoqchi boʻldim. Va bir kuni janob Nasihatgoʻy sakkizinchi imom maqbarasi ziyoratiga borib, tobi qochib kelganini eshitib qoldim. Shunda uni koʻrgani borib, bir yoʻla qarzni ham berib qaytmoqchi boʻlib yoʻlga tushdim.

Baxtga qarshi, eshikni boshqa xizmatkor ochdi. Men qabulxonada oʻtirganimda, u menga choy berdi, ketar chogʻimda, undan soʻradim:
– Gʻulom Ali koʻrinmaydi?

Xizmatkor qoʻrquv bilan atrofga alangladi va hech kim yoʻqligiga ishonch hosil qilgach, sekin shipshidi:
– Uni qamashdi.
– Nima uchun? – deb soʻradim hayratim oshib.
– Yolgʻiz Olloh biladi.
– Sen-chi?
– Sizga nima desam ekan? – kalovlandi u.
– Ehtimol, xoʻjayinga yoqmaydigan biror ish qilgandir?
– Anigʻini Olloh biladi.
– Qaysi qamoqxonada u?
– «Qasr» qamoqxonasida boʻlsa kerak, yana Olloh bilguvchidir.

Bildimki, u bahor shabadasida titrayotgan yaproqdek qaltiramoqda, zoʻrlab ham undan boshqa gap olib boʻlmaydi.

Ertasiga Gʻulom Ali haqida bilish uchun toʻgʻri qamoqxonaga bordim. Barcha rasmiyatchilikdan keyin u bilan uchrashuvga ruxsat berishdi. Yigitning qay ahvolga tushib qolganini aytib oʻtirmay. Gapirsam, yurak urishdan toʻxtaydi.
– Qaysi aybing uchun bu yerga tushib qolding? – deb soʻradim undan.
– Nasihatgoʻyning jazosini Xudoning oʻzi bersin, – dedi Gʻulom Ali yigʻlamsirab. – Hatto vahshiy hayvon ham bunday qilmaydi. Meni bu yerga kim tashladi, endi hech kim mendan xabar olmayapti ham. Olloh mening tilimni kesib olsin-ku, lekin qani uning mehribonligi, qani adolat?.. Toʻgʻrisi, bu dunyoning xoʻjayini yoʻq ekan! Birovning birov bilan ishi ham yoʻq ekan!..
– Olloh guvoh, – deya uni yupatdim, – bu yerdaligingni bugun bildim. Bilsam, seni bu koʻyga tashlab qoʻyarmidim? Tushuntirib ber axir, nima boʻldi oʻzi? Ehtimol, biror yordamim tegar?
– Olloh umringizni ziyoda qilsin! Men kim boʻlibmanki, sizning mehribonchiligingizga arzisam. E, xudo, men sizga arz-dod qilgandan koʻra, oʻlganim yaxshi emasmi!.. Yoʻq... Yoʻq...

Men uni yupatgunimcha u yana ancha javradi va koʻz yoshlarini qoʻli bilan sidirib:
– Siz uning kimligini bilganingizda, uyiga yaqinlash-masdingiz, – dedi.
– Tinchlan, – dedim, – uning kimligi ma’lum. Unga ishim tushmaganida nomini ham tilga olmasdim. Buni qoʻy, sen yaxshisi, oralaringdan nima gap oʻtganini gapir.
– Yoʻq, janob, bu shaharda uning kimligini biladigan kam. U qoʻy terisini yopingan boʻri. Uning yuragida na shafqat, na oliyjanoblik bor. Bunaqa ablahlar vijdon nima, adolat nima – bilishmaydi. Bu vahshiyning qalbiga nigoh tashlasangiz, dahshatdan tosh qotib qolasiz!.. Men uni bildim va jirkanch basharasini koʻrmaslik uchun yomon boʻlsa ham boshqa joy izlamoqchi edim.

Vaqt oʻtib borar, qarasam, nazoratchi kelyapti, demak, uchrashuv tugayapti.
– Birodar, – dedim Gʻulom Aliga, – unga e’tibor berma, tezroq nima boʻlganini ayt.
– Yaxshi, – dedi Gʻulom Ali, – eshiting. Bundan oʻn bir kun oldin u meni qizining xonasiga chaqirib, suhbatimizni hech kim eshitmasligi uchun eshikni mahkam yopdi va past ovozda: «Gʻulom Ali, sen yaxshi bilasan, men odob-axloqni hamma narsadan ustun qoʻyaman...» dedi. Men indamadim. U koʻzimga qarab oldi va yoʻtalgancha davom etdi: «Ha, bu dunyoning ustuni odob-axloq, qolgani – quruq safsata...» Men yana hech narsa demadim. «Nega jimsan?» – deb soʻradi u. « Men nima deyishim mumkin? – dedim. – Oʻzingiz bilasiz, arzimagan choy-chaqa uchun bu yerda ertadan-kechgacha ishlayman. Hatto bu yerdagi xizmatkorlardan ham kam haq olaman. Qornim toʻyib ovqat yemayman. Sizning dasturxoningizda qolgan ovqatlardan menga berishmaydi. Men bundan hech nolimayman, nolisam, isfahonlik noshukr va tili uzun deb ustimdan kulishadi».

«Haqsan, – dedi xoʻjayin, – buni yaxshi bilaman, lekin seni mendek hech kim qadrlamaydi. Nazarimda, nimadandir norozisan?» – «Siz bilasiz, sakkiz oy-u oʻn uch kundan beri uyingizda ishlayman. Men toʻrt oydan beri haq olmayman. Buni bir necha marta sizga aytmoqchi boʻldim, lekin...» – «Seni oʻz oʻgʻlimday koʻraman, – gapimni boʻldi u, – sen boʻlsang allaqanday mayda-chuydalar haqida gapiryapsan». – «Agar hamma gap menda boʻlsa edi! Olloh guvoh, oʻn yetti oydirki, akam Aminullo kasal yotibdi – yanchish mashinasi ostiga tushib, oyoq-qoʻli singan. Agar u mening uyimda yotmaganida, men buni sizga aytmagan va sizni bezovta qilmagan boʻlardim...»

«Eshit, birodar, – dedi xoʻjayin, – men nimani oʻyladim. Men seni yaxshi koʻraman va seni baxtli, bekamu koʻst hayot kechirishingni xohlayman». – «Davlatingiz ziyoda boʻlsin», – deb alqadim va oʻzimcha oʻyladim: «Bu nega menga aridek yopishib oldi?» – «Sen bilsang, – davom etdi xoʻjayin, – bu dunyoda men yaxshilik deb yashayman», – keyin yuzta qasr qurishdan koʻra, oʻzingdan yaxshi nom qoldirishni madh etuvchi bir bayt aytdi. Xullas, u Gulsumga uylanishimni soʻradi.
– Qaysi Gulsum? – soʻradim men.
– Choʻriga, oʻn toʻrt-oʻn besh yoshli qishloq qiziga. Uning xoʻjayindan homilador ekanligini hamma biladi. U oʻz gunohlarini boʻynimga, qizni menga yopishtirmoqchi.
– A-ha! Sen unga nima deding? – qiziqsinib soʻradim.
– Avvaliga hayron boʻldim, nima deyishimni bilmadim. Keyin: «Albatta, janob, siz nima desangiz – shu, lekin men oʻzimni zoʻrgʻa boqaman, uylanishga yoʻl boʻlsin». – «Bu tomonini oʻylama, – dedi u. – Senda hamma narsa boʻladi: ovqat, kiyim, uy». U meni koʻndirishga urindi. Shunda jahlim chiqib, baqirib yubordim: «Meni oʻldirishingiz mumkin, lekin sizning gunohingizni boʻynimga ololmayman!..» – deya xonadan chiqib ketdim.
– Keyin nima boʻldi? – qiziqishim yanada ortdi.
– Oradan ikki soat oʻtmay, eshigimni ikkita mirshab taqillatdi va oʻzlari bilan mahkamaga borishimni soʻrashdi. Ma’lum boʻlishicha, xoʻjayin tahorat olayotganda hovuz boʻyida tilla soatini qoldirib ketgan ekan-u, soat yoʻqolib qolibdi, shuni mendan koʻrishibdi. Qancha yalinmay, xudoni oʻrtaga qoʻyib qasam ichmay, gapimga quloq solishmadi. Ular aybni boʻynimga qoʻyish uchun rosa kaltaklashdi. Qarasalarki, boʻynimga olmayapman, soʻng meni bu yerga olib kelib tiqishdi. Endi umidim Ollohdan ...

Gʻulom Alini qancha tinchlantirmay, unga hech qanday yordam berolmadim. Koʻz yoshlari shashqator oqib, yuzini yuvardi. Mirshab kelib, uchrashuv vaqti tugaganini aytdi. Men zoʻrgʻa:
– Noumid boʻlma! Seni bu yerdan chiqarib olish uchun qoʻlimdan kelganicha harakat qilaman, – degan gapni aytishga ulgurdim.

Uyga kelib oʻyga choʻmdim: «Xudo koʻtarsin bu dunyoni! Ming marta parchalanib ketsin bu la’nati yer, shunda u yaxshi boʻlar. Shunaqa odamlar ham boʻladimi? Bu zamin yirtqich hayvonlar va odamxoʻrlar yashaydigan toʻqayzorga aylangan... Hatto bu vijdonsiz Nasihatgoʻy bilan qanday til topishishni bilmaysan. U boy, undan hamma qoʻrqadi. U bilan kurashish oson emas, hatto xavfli ham; boshingni qaysi devorga urma – befoyda». Bir necha marta guvohi boʻlganman, inson adolatsizlik va zoʻravonlikka chiday olmaydi.

Kechasi bilan mijja qoqmadim. Koʻz oldimga koʻz yoshlari shashqator yigit, nohaq xoʻrlangan inson kelaverdi, men aziz avliyolardan unga madad soʻradim.

Ertasi kuni ertalab toʻgʻri mahkamaga bordim. Ularning men bilan gaplashgilari ham kelmadi. Toʻgʻridan-toʻgʻri: «Janob Nasihatgoʻyning yolgʻon gapirmasligi hammaga ma’lum. Uning odob-axloq masalasida injiqligini butun shahar biladi. U hatto chumoliga ham ozor bermaydi», deyishdi.

Men toʻpolon qilishga harakat qildim, lekin quloq solishmadi, bari befoyda ekanligini aytishdi. Boshqa eshiklarni ham taqillatdim – ochilmadi. Nasihatgoʻyning ismini eshitgan borki, kar va soqovga aylanaverdi. «U bilan yuzma-yuz gaplashsammikan», dedim va shu zahoti bu fikrimdan qaytdim. Unga yalinish – boʻridan shafqat tilaganday gap. Gʻulom Aliga qiladigan yordamim – undan xabar olib turishim, koʻnglini koʻtarib, kelajakka umid uygʻotishim mumkin.

Har kuni bu mamlakatdagi zoʻrlik va boylikka qarshi kurashdim, ursalar ham, soʻksalar ham oʻz maqsadimdan qaytmadim.

Oradan oylar oʻtdi. Bir kuni ishim oʻngidan keldi. Qarasam, eshigim oldida Gʻulom Ali turibdi. Koʻrinishi aftodahol, terisi suyagiga yopishgan. Uni quchoqlab uyga kiritdim, eski kiyimlarimni kiydirib hammomga olib bordim.

Hammomdan kelgach, u oʻz boshidan oʻtkazganlarini soʻzlab berdi.

Bir kuni Gulsum janob Nasihatgoʻyning oʻrnini yigʻishtirayotib, yostigʻi tagidan tilla soat topibdi va xursand boʻlib ketganidan uni bekaga olib borib beribdi. Uydagilar hayron. Buni, xoʻjayinning oʻzi atayin yashirgani ma’lum boʻladi. Bundan xabar topgan Nasihatgoʻy gʻazablanadi, hammani soʻkadi, xotinini shunaqangi uradiki, bechoraning qoʻli sinib kasalxonaga tushadi. Oʻz-oʻzidan ma’lumki, bu gʻavgʻoning barini Gulsumning boʻyniga qoʻyishadi. Xoʻjayin bundan foydalanadi. Avval Gulsumning narsalarini koʻchaga uloqtiradi, keyin uning qorniga tepib, uyidan haydab chiqaradi...
– Endi nima qilmoqchisan? – deb soʻradim men.
– Men u ablahning shunday ta’zirini berayki...
– Birodar, – dedim men, – kuchingni bekorga sarflama. Bu muttaham oʻzining odob-axloq haqidagi safsatalari bilan butun shaharni oʻziga qaratib olgan, uni hech bir kuch bilan yengib boʻlmaydi. Jonsiz devorga musht urishdan nima foyda, faqat qoʻlingning singani qoladi, xolos. Xudoga sol, jazosini oʻzi bersin. Gulsumning soatni topgani, sening begunohligingni isboti emasmi?
– Ha, toʻgʻri, – dedi Gʻulom Ali. – Lekin, birinchidan, qasos olaman, ikkinchidan, men undan oʻz haqimni undirib olishim kerak. U millionerga arzimas chaqamni berib qoʻymayman. Oʻz haqimni ololmasam, otamning oʻgʻli emasman!

Ertasi kuni Gʻulom Ali kiyinib, janob Nasihatgoʻynikiga yoʻl oldi. Men qiziqish bilan uning qaytishini kutdim. Peshinda u qaytib keldi va choʻntagidan bir dasta pul chiqarib koʻrsatdi.
– Men sizga aytmaganmidim, oʻz haqimni bu muttahamdan olaman, deb! – dedi Gʻulom Ali. – Endi Gulsumni topishim kerak. Bechora qiz bu shaharda yoʻqolib ketadi. Uning qarindoshlari bugʻdoy bozorida savdo qiladi. Ularning oldiga borib soʻray-chi, Gulsum haqida biror narsa bilishar.
– Sen hali quvvatga kirganing yoʻq. Bir necha kun sabr qilsang boʻlmaydimi? Kuchga kirsang, ana undan keyin uni qidirib toparsan.
– Siz haqsiz, – rozi boʻlganday boʻldi Gʻulom Ali, – lekin inson oʻzidan koʻra, oʻz birodarlari haqida koʻproq qaygʻurishi kerak. Shunday ekan, ruxsat bering, men hozirdan u baxtsiz qizni qidirib topay.
– Mayli, omadingni bersin! Bor, uni qidirib top. Bu uyning eshigi sen uchun doimo ochiq. Gulsumni topsang, uni ham bu yerga boshlab kel!

Gʻulom Ali mendan minnatdor boʻlib ketdi va tezda Gulsum bilan qaytib keldi. Uni oʻn toʻrt yoshli qizcha deyishgan edi, lekin koʻrinishidan oʻn-oʻn bir yoshdagi qizchaga oʻxshardi. Men Gulsumni ichkariga, ayollar xonasiga kiritdim.
– U hali bola-ku, – dedim men. – Homiladorlikni qanday koʻtaradi? Ehtimol, uni shifokorga koʻrsatish kerakdir?
– Ikki kun damini olsin, qolgani keyin ma’lum boʻlar, – dedi Gʻulom Ali. – Oʻzi bola, yana qoʻlida bola... uni qanday taqdir kutyapti, tasavvur qilolmayapman...
– Olloh marhamatli! Tish beribdimi, rizqini ham beradi!

Bir necha kundan keyin Gʻulom Ali oʻziga ish axtardi. Uyimiz yaqinida bir doʻkoncha bor edi. Oilamiz bilan unga yordam berdik, u shu doʻkonchani ijaraga olib ta’mirladi, tartibga keltirdi va sabzavot sota boshladi. Tez kunda ishi yurishib ketdi.
– Endi men oʻzimga xoʻjayinman! – dedi xursand boʻlib. – Isfahondagi akamga pul joʻnata olaman.

Bir haftadan keyin Gulsum oʻzini yaxshi his eta boshladi. Biz uni ishga joylashtirmoqchi edik, Gʻulom Ali qarshilik qildi.
– Janob, – dedi u xijolat boʻlib, – agar homilador qizni yana begonaning qoʻliga bersak, bu ishimiz Ollohga xush kelmaydi. Men uzoq oʻyladim: bu qizni taqdir qoʻliga tashlab qoʻymayman. Unga uylanmoqchiman... Xudo rahmdil, amallab bir kunimizni koʻrarmiz. Men yoshman, bir burda nonimizni toparman. Doʻkon chekkasida bir uycha bor, toʻgʻri, u qorongʻi va dim, lekin ozgina tartibga keltirilsa, yashasa boʻladi. Men hozircha oʻsha yerda yashab turarman. Agar siz Gulsumni shu yerda yashab turishiga ruxsat bersangiz, bu vaqt ichida birorta uycha topishga harakat qilaman. U yerda toʻy qilamiz. Ojiza ayolni koʻchaga tashlab qoʻyish insofdan boʻlmas.
– Ey, yigit, kel, seni bir bagʻrimga bosay! – dedim bagʻrimni ochib. – Sen meni insonlarda hali ham insof-diyonat borligiga yana ishontiryapsan. Xudoga shukr, bu mamlakatda hali mehribon va vijdonli odamlar bor ekan! Sen kabilar koʻpayaversin! Menga suyanishing mumkin. Senga ishonaman, ishing yurishib, qaddingni tik tutib olasan. Bir narsa meni oʻyga toldiradi, bola nima boʻladi? Sen Gulsum kimdan homilador boʻlganini bilasan-ku!
– Bilaman, hammasini bilaman, – dedi Gʻulom Ali ensasini qashib. – Bilaman, u ablahdan oʻz bolasiga yordam berishini soʻrasang, janjal qilishdan ham toymaydi. Men baxtsiz yetimlikdan qoʻrqaman. Bechora bolada ayb yoʻq, axir biz bir e’tiqoddagi odamlarmiz-ku! Men uni oʻz bolam deb, unga ismimni bersam, hech kim ayb qilmas. Mayli, u noqonuniy boʻlsin, axir u ham kimdandir mehr-muruvvat koʻrishi kerak emasmi? Uni oʻz urf-odatlarimizga koʻra tarbiyalayman. Shunday qilib, men Gulsumga uylanib, bolasini tarbiyalashga qaror qildim.
– Gʻulom Ali, – xitob qildim men, – agar sen oʻsha paytda bolani oʻzimniki deganingda, janob Nasihatgoʻy seni zarga oʻrardi-ku. Sen boʻlsang bunga rozi boʻlmay, qamoqni tanlading. Endi qancha sarson va azoblardan keyin nafaqat bolaga otalik qilish, balki uning onasiga ham uylanishga rozilik bildirayapsan.
– Oʻshanda, – dedi u, – bunga kuch bilan majbur qilishgan edi, lekin toʻgʻri odamni hech narsa bilan bukib boʻlmaydi...

Gulsum oʻlik bola tugʻdi va oʻzi ham tugʻish vaqtida vafot etdi. Biz uyimizda aza ochdik. Gʻulom Ali mulla yolladi, mulla kun boʻyi Gulsumning qabri tepasida Qur’on tilovat qildi.

Janob Nasihatgoʻy esa hayot va hech narsa boʻlmagandek, kundan-kunga semirib, nufuzi, boyligi oshib boryapti. Toʻgʻrisini aytsam, bu dunyoda adolat borligiga ishonmay qoʻydim.