OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMuhammad Halim Yorqin
Asar nomiBoburmi, Babarmi yo Bobir?
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Muhammad Halim Yorqin
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Ochiq xatlar va maktublar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm7KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Oʻzbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2005 yil 7-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Boburmi, Babarmi yo Bobir?
Muhammad Halim Yorqin

Hijriy qamariy 888 yili muharram oyining oltinchisida Fargʻona shohi Umarshayx mirzo haramida Qutluqnigorxonim batnidan bir oʻgʻil tugʻildi. «Tarixi Rashidiy» muallifi Mirzo Haydar Dugʻlotning yozishicha, «mutabahhir olimlardan biri mavlono Mir Margʻiloniydan... ot qoʻyish iltimos qilindi va u kishi Zahiriddin Muhammad (maqoladagi barcha ta’kidlar muallifniki — red.) xitobi bilan musharraf etdilar». Demak, tugʻilgan bolaning asl ismi Zahiriddin Muhammad boʻlgan. Biroq, u butun hayoti davridan hozirgacha «Bobur» nomi bilan atalib kelinmoqda.

Bobur nomi qanday berilganligi borasida yana Mirzo Haydar Dugʻlot shunday yozadi: «U zamonda chigʻatoy barcha turk boʻlib... ularning tilida Zahiriddin Muhammadni talaffuz qilish qiyin edi. Shu bois uni Bobur deb atadilar. Xutbalar va farmonlarda Zahiriddin Muhammad Bobur deb yozardilar. Biroq, Boburpodshoh nomi bilan mashhur boʻldi...»

Taniqli ingliz olimi Uilyam Erskin ham oʻzining «Eron va Bobur» nomli tarixiy romanida aynan shu dalilni zikr etadi. Biroq bu otni bolaga uning buvisi (Esondavlat begim) qoʻygan, deb yozadi.

Xullas, barcha ilmiy va tarixiy manbalarda u zot Zahiriddin Muhammad Boburshoh deb berilgan.

Shuni ham eslash lozimki, Bobur oti temuriylar orasida ilgari ham mavjud boʻlgan. Chunonchi, Sulton Husayn mirzo Boyqaro va Mir Alisher Navoiyga yoshliklarida homiylik qilgan Mashhad hukmdori Abulqosim Bobur mirzo ibni Boysunqur mirzo ibni Shohrux mirzo ibni Amir Temur sohibqiron nomi barchaga ma’lum va tanish.

Endi bevosita ushbu soʻzning talaffuzi va ma’nosiga kelsak. Ayrim yozuvchi va muarrixlar, jumladan, «Hind tarixi» (Ollohobod, 1923, 306-bet) asarining muallifi Ishvar Prasad va yana bir tarixchi Jeyms H.Hens («Hind tarixi», London, 1954, 15-bet) bu soʻzni «Babar» shaklida yozganlar. U.Erskin «Boburnoma»ning inglizcha tarjimasida ushbu soʻzning ma’nosi tigar — yoʻlbars, deydi va forschada goʻyo «Babar» yirtqich bir jonivordir, deb ta’kidlaydi. (A.Habibiy, Zahiriddin Muhammad Boburshoh. Kobul, 1351 hijriy, 2-bet). Bu jonivor deyarli barcha forscha soʻzliklarda «babr» shaklida yozilgan va doktor Muhammad Mu’in ham oʻzining «Farhangi forsiy» lugʻatida «babr» soʻzini pahlaviycha soʻz deb koʻrsatgan va yoʻlbarsdir, degan. Biroq odamlarning ismi sifatida bu soʻz mohir jangchi, botir va qoʻrqmas, pahlavon va oʻktam koʻchma ma’nolarini bildiradi.

Muhammad Gʻiyosiddin ibni Jaloliddin Rompuriy oʻzining «Gʻiyos ul-lugʻot» asarida bu soʻzni «Bobur» shaklida bergan.

Quyidagi forscha baytda esa, bu soʻz «dur» soʻzi bilan qofiya boʻlib kelgan va shu bois Bobur shaklida talaffuz etilishi kerak.

Xidevi komroni partavi dur,
Malozi mulku davlat shoh Bobur.

Bundan tashqari, «Matla’ us-sa’dayn» asarining muallifi Kamoliddin Abdurazzoq Samarqandiyning akasi Mavlono Abdulqodir Abulqosim Bobur mirzoning vafoti ta’rixi uchun quyidagi baytlarni yozib, unda «pur», «dur», «xur» soʻzlarini Boburga qofiyadosh qilib ishlatgan:

Oftobi mulk Bobur xud namond,
Kay chunin xurshid pinhon darxur ast.
Dar rabi’ us-soniyi fasli rabi’,
Lolaro sogʻar zi xuni dilpur ast.
Charxro guftam jigarho chok chist?
Diydaho purashku doman purdur ast.
In chi hol astu chi torix ast? Guft:
Favti shah sulton muyayid Bobur ast.

Mazkur misoldan ham ma’lum boʻladiki, oʻsha zamonda temuriylar poytaxti boʻlgan Hirotda bu soʻz Bobur shaklida talaffuz etilarkan.

Ayrimlar oʻzbek tilida ba’zi soʻzlardagi «u» harfi «i» shaklida talaffuz qilinishini nazarda tutib, bu soʻzning Bobur shaklida yozilishi va talaffuz etilishiga qoʻshilmay, uni Bobir shaklida talaffuz qilish toʻgʻri, deb hisoblaydilar. Ular bunda Temur soʻzini misol keltirib, xalq orasida umuman Temir shaklida talaffuz etilishiga e’tiborni qaratadilar. «Mir Temir», «temirchi» singari soʻzlarni, yo «Temirni qizigʻida bos» maqolini uqtiradilar.

Toʻgʻri, xalq orasida yuqorida keltirilgan misollarga oʻxshash soʻzlarni koʻp uchratamiz, biroq ushbu maqola mavzuiga kelganimizda, ayniqsa, tarix va adabiyotimizda yuksak oʻrin egallab, porloq iz qoldirgan siymo Zahiriddin Muhammad Boburning ismini adabiy shaklda ishonchli va moʻ‘tabar manbalarga suyangan holda toʻgʻri talaffuz qilishimiz va yozishimiz kerak.

Bizningcha, bu oʻrinda ot egasining oʻzi yozib qoldirgan imlo shakli barcha manbalaru yozuvchilar koʻrsatgan imlo shakllaridan ishonchli va e’tiborli boʻlib, barcha chalkashliklar va xilma-xilliklarga chek qoʻyadi. Harchand «Boburnoma»da bu haqda hech qanday ishora yoki ma’lumot boʻlmasa-da, biroq Boburshohning qoʻlga kiritilgan yangi maktublaridan birida biz izlagan fakt mavjud. Bu kichik ishqiy maktub quyidagi chiroyli toʻrtlik bilan boshlanadi:

Firoq dashtida yitgan gʻamu tafakkurdin,
Asiri dilshuda, ya’ni faqir Boburdin.
Duoyu qulluq angakim, janobu qadri oning,
Balandu oliy erur vahm ila tasavvurdin.
(H.Yorqin, Boburning yangi nomalari, «Tafakkur» jurnali, 2001/4.)

Koʻrib turganimizdek, bu she’rda tafakkur, Bobur, tasavvur soʻzlari qofiya boʻlib kelgan. Demak, Zahiriddin Muhammad Boburning oʻzi otini Bobur shaklida yozgan va shu boisdan Babar, Bobir va Babir imlo shakllarini toʻgʻri deb boʻlmaydi.

Shu oʻrinda yana bir narsani ham eslab oʻtishni lozim deb bilamiz. Bobur Fargʻona toju taxtidan ajralib Kobulni egallagach, u yerda oʻzini podshoh deb e’lon qiladi. Bu haqda «Boburnoma»dan oʻqiymiz: «Ushbu tarixqacha Temurbekning avlodini bovujudi saltanat mirzo derlar edi, ushbu navbat buyurdumkim, meni podshoh degaylar» («Boburnoma», 2002, 160-bet). Yana, Bobur tushida Xoja Ubaydullohiy Ahror uni Boburpodshoh deganini ham yozadi (oʻsha kitob, 100-bet).

Koʻplab tarixiy va ilmiy manbalarda u «Zahiriddin Muhammad Boburshoh» deb yozilgan. Shu bois Afgʻoniston, Turkiya, Eron va boshqa yurtlarning olimlari uni Boburpodshoh yoki Boburshoh deb aytadilar va yozadilar. Chunonchi, Afgʻonistonda koʻp tilga olinadigan «Boburshoh bogʻi» yo «Boburshoh qabri» kabi soʻzlarni misol uchun eslash mumkin. Biroq Oʻzbekistonda bu zotni koʻpincha Zahiriddin Muhammad Bobur mirzo yoki, umuman, Bobur mirzo yo Mirzo Bobur, deb aytiladi va yoziladi. Bizningcha, bu odat sovet zamonida dinu davlatga tegishli ayrim soʻzlarni (Xudo, podshoh...) qoʻllash ma’qullanmagan sharoitda paydo boʻlib, hozirgacha saqlanib qolgan boʻlsa kerak...

Binobarin, u zotning otlariga «mirzo» soʻzi oʻrniga «podshoh» yo «shoh» soʻzini qoʻshib aytish va yozish ikki nuqtai nazardan oʻrinlidir:

  • birinchidan, shunday yoʻl tutsak, ul zotning irodasini hurmat qilgan va farmoniga rioya etgan boʻlamiz;
  • ikkinchidan, uni qadim manbalarda Bobur mirzo tarzida mashhur boʻlgan Abulqosim Bobur mirzo bilan chalkashtirilmay, xatolar yuz berishining oldi olinadi...