OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMuhammad Ismoil
Asar nomiKechikkan maktub (badia)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Muhammad Ismoil
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Badialar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/07
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Kechikkan maktub (badia)
Muhammad Ismoil

Meni Hindiston elchixonasiga chaqirishayotganini aytishdi. Bosh konsul doʻstim edi. Darhol uning qiyofasi koʻz oldimda namoyon boʻlib yuzimga tabassum yugurdi. Biz u bilan bir varakayiga toʻrtta tilda oʻzbekcha, hindcha, ruscha, inglizcha, aralash-quralash gaplashar, rasmiy suhbatimiz askiya aytish bilan yakunlanar, uning samimiyligimi, soʻzamolligimi hush kayfiyat uygʻotar, gohida qotib-qotib kulishardik.

Ammo bu safar unday boʻlmadi. U qoʻlimga tashrif qogʻozini uzatarkan, qogʻoz ustiga yozilgan yozuvni oʻqib bir zum joyimda turib qoldim. Unda katta-katta harflar bilan «Alisher Hamroevga» degan soʻzlar bitilgandi.

Alisher Hamroev.


Men bu aktyor bilan 1998 yilda tanishgan edim. «Yangi oy chiqqan kecha» filmiga bosh qahramon izlayotgandim. Menga mard, tanti, hatto noxush hatti-harakatlari ham kechirib yuborilaveradigan, odamlar bir koʻrganda yoqtirib qoladigan, sumbati kelishgan, dramatik qiyofaga ega yigit kerak edi. Kinosinovga kelganlar orasida Alisher yaqqol koʻzga tashlanib turar edi.

Tasvirga olish jarayonlarida uning intilishlarini koʻrib u kino uchun tugʻilganini, butun hayot-mamoti kinoda rol oʻynashga qaratilganligini, u hayotda kinodan boshqa hech narsani hech qachon oʻylamaganini, qaddi-qomatini ham, yuzini ham aktyor boʻlish uchun parvarishlaganini anglab yetdim. U hatto qadam tashlaganda ham qaysidir mashhur aktyorga taqlid qilar, suhbat chogʻlarida ham kinodagi dialoglardan parcha keltirib odamlarni kuldirardi. Mabodo rejisser uning tasvirga olish jarayonlaridagi mahoratini maqtab qolsa quvonar «Professional debua» deya iljayar, «Yo tavba, bu kim Innokentiy Smoktunovskiymi yo Bondarchukning oʻzimi?!» – deya oppoq tishlarini koʻrsatib, ogʻzi qulogʻida irshayardi. «Shox saroyida tartibsizliklar qilishingizga yoʻl qoʻymayman» deya ba’zida oʻdagʻaylab qolardi rejissyor.

«Atrofimda malikalar girdikapalak boʻlishdi, lekin sizga hech qachon xiyonat qilmadim, Marfa Vasilevna!» – deya tiz choʻkardi Alisher.

Gohida u kinoga suratga tushgan joylarga borib qolaman. Qiziq, mana u suyangan daraxt, u ochgan eshik joyida, u ushlagan qilich ham bus-butun. Faqat nega u yoʻq?!

Nega uning yuz qiyofasi koʻz oldimda namoyon boʻlaveradi. Nega uning oʻzi yoʻq? U hali yosh yigit edi-ku. U ham yashashi kerak edi-ku? Uning hamma tengdoshlari, doʻstlari hali yashayapti-ku? Esimda bir kun bir qizcha: «Alisher Hamroevni qattiq sevib qolgandim. U kishi meni tanimasalarda, hayolan u kishi bilan suhbatlashardim, yuragimdagi hamma gaplarni u kishiga aytardim. U kishini oʻlganlarini eshitganimda yetti kun hushimga kelmadim. Hatto tugʻishgan akam oʻlganlarida ham bu qadar iztirob chekmagandim. Aktyor sifatida u mening butun borligʻimni sehrlab olgan edi. Uni har bir soʻzini, har bir hatti-harakatini sevardim. U mening jonu-jahonim edi. Ayting, nega aynan men sevgan, aynan men muhabbat qoʻygan inson oʻlib qoldi. Endi toʻgʻrisini aytsam birovni yaxshi koʻrib qolishdan qoʻrqib qoldim. Qizchani gapi negadir xayolimga qattiq oʻrnashib qolgan. Uning savollariga javob topolmayman.

Alisher kinoda oʻynagan bir sahna bor. Unda Alisher uydan chiqib ketish sahnasini oʻynaydi.

«Qosimxon: - Kechirmasang yoʻqol bu yerdan.

Malika: - Kerak boʻlsa siz yoʻqolasiz bu yerdan.

Qosimxon: - Agar sen men bilan tenglashmoqchi boʻlsang xato qilasan. Bilib qoʻy, er kishi adashsa ayol hamma vaqt kechiradi. Lekin ayol adashsa erkak hech qachon kechirmaydi.

Malika: - Menda endi sizni kechiradigan sabru-toqat ham, rahm-shavqat ham qolmagan.

Qosimxon: - Hali shunaqami?

Malika: - Shunaqa!

Qosimxon: - Shunaqa boʻlsa, endi oʻzingga boshqa er topib ol.

Qosimxon kostyumini yelkasiga ildi-da, eshikni taraqlatib chiqib ketdi».

Bu sahnani necha bor takror-takror suratga tushirgan edik. Alisher kostyumini yelkasiga ilib eshikni taraqlatgancha chiqib ketar, rejissyor «Boʻldi stop!» degandan soʻng xonaga iljayib kirib kelar, Malikadan «Qattiq turtib yubormadimmi?», deya uzr soʻrardi. Va mendan muhabbat sahnasini koʻproq yozib berishimni, shunday sahna koʻproq boʻlishini iltimos qilardi. Oʻzi ham tabiatan hind kinolarinnig shaydosi edi. Bilasizmi derdi u, hindlarga juda koʻp oʻxshash tomonlarimiz bor. Fidoyilikda, sadoqatda, muhabbatda hindlardan qolishmaymiz. Balki ulardan ham oʻtkazib yuboramiz. Bizda faqat izhor etish san’ati yetishmaydi. Sevgimizni boʻlsa boʻldi, boʻlmasa yoʻq deganday dangal aytib qoʻya qolamiz. Kimnidir bir umr sevamiz-u, sevgan odamimizga bir ogʻiz aytmay yuraveramiz. Bir umr kimgadir fidoyi boʻlib oʻtamiz-u, lekin buni hech kim bilmaydi. Sadoqatimizni hammadan yashiramiz, hammamizdagi mana shu javohir fazilatlarni, muhabbatni, mardlikni, jasoratni olamga yoyish bu yozuvchilarning ishi. Sizlar yozinglar, biz aktyorlar qoyilmaqom qilib oʻynaylik. Biz oʻzbeklar oʻzbek kinosi dovrugʻini hind kinosiday olamga taratmas ekanmiz, xalqimiz oldida qarzdor boʻlib qolaveramiz.

Alisher Akshay Kumarga oʻxshab ketadi. Gavdasi, yuz tuzilishi, sochlari, kulishlari. Mobodo u Bombeyda tugʻilgan boʻlganida edi, albatta u Bollivud choʻqqisini zabt etgan boʻlardi. Men buni faqat tashqaridan turib bir oʻzbek ziyolisi sifatida emas, Bollivuddagi bir qancha kinotasivrga tushirish maydonchalarida boʻlgan va kinoga olish jarayonlarida aktyorlarimizni qobiliyati qay darajada namoyon boʻlishini bilgan kishi sifatida aytayapman. Men Bobbi Deol, Priyanka Chopralarning kinoga tushish jarayonlarida ishtirok etganman va favqulodda ayricha bir iste’dodni koʻrmay hayron boʻlganman. Koʻpincha Akshay Kumar oʻynagan filmlarni koʻrib Alisher ham mana shunday oʻynay olarmidi deya hayolan har ikkisini taqqoslab koʻraman va taqqoslay turib ularni ikkalasini bir-biridan adashtirib yuboraman. Kinoda Akshay Kumar oʻynayotgan boʻlsa, koʻz oldimda Alisher namoyon boʻlaveradi yoki Alisherni filmlarini koʻrib turib, qarshimda Akshay Kumar paydo boʻlaveradi.

Hindistonga safarlarimdan birida Alisher tushgan filmlarni, uning suratlarini ingliz tilidagi biografiyasi yozilgan disketni oʻzim bilan birga olib ketdim. Maqsadim hind kinolarida unga rol oʻynatish edi. Dastlab bu orzuim xom hayoldek tuyulgan edi. Lekin Bollivudda Amerika, Yevropa, Osiyo davlatlaridan, Afrikadan kelgan koʻplab aktyorlarni uchratish mumkin.

Uning rasmiy hujjatlarini, fotoalbomini Bollivud ma’muriyatiga topshirganimda menda hech qanday ishonch yoʻq edi. Minglab odamlarning hujjatlari orasida qumga tushgan tilladek yoʻqolib ketsa kerak deb oʻylagandim. Lekin qaytganimda bu shubhalarni Alisherga bildirmagan, javobini kutaylikchi Deya gapni qisqa qilgandim. Aslini olganda uning yuragida ham mening yuragimda ham umid uchqunlari miltirab turardi. «Men u yerga tayyor stsenariy bilan boraman. Menga shunday bir stsenariy yozib beringki, u buyuk va adabiy mavzu, muhabbat haqida boʻlsin. Men oʻzbekning yuragi naqadar ulugʻ ekanligini jahonga koʻrsatay. Undan sevgi bizda kecha ham bor edi, bugun ham bor, ertaga ham boʻladi. Faqat nega bugun yozuvchilarimiz buni yozmayapti, axir kecha »Layli va Majnun», «Farhod va Shirin»lar haqida yozilgandi.

Ular hayotimizda bugun ham bor, faqat adabiyotimizda ularning obrazi yoʻq. Nega? Nega shunday asarlar yozilmayapti? Siz shunday bir asar yozib beringki, oʻzbekning muhabbati, sadoqati, buyukligi tillarda doston boʻlsin. Dunyoda shunday bir xalq borligidan dune ahli faxrlansin. Agar yozolmasangiz yuring Buxoroga. Men muhabbat uchun jonini qurbon qilgan yigitlarning qabriga olib boraman. Muhabbat uchun oʻzini daryoga tashlagan qizlarning qabrini koʻrsataman. Nahotki muhabbatni oʻz hayotlaridan ustun qoʻygan odamlarning qabri ham yozishingiz uchun kafolat boʻlolmasa?! Urush tugaganiga 60 yil boʻlayotgan boʻlsada, oʻz turmush oʻrtoqlarini kutayotgan momolarning fidoyiligi ilhom berolmasa. Bir-birlarini oʻn yillab, yigirma yillab kutgan, soʻngra topishib turmush qurib baxtli yashayotgan Farhodni jasoratini, Majnunni devonaligini takrorlaganlar minglab topiladi. Biz bularni yozishimiz shart. Bu bizning qarzimiz, boʻynimizdagi bajarishimiz farz boʻlgan qarzimiz, deya butun vujudi titrab gapirardi u.

Elchixonadan shalvirab chiqar ekanman, Bollivuddan kelgan tashrif qogʻozini oʻqib koʻzimdan yosh sizib chiqardi. «Sohib» Alisher Hamroev deya yoziladi xatda. Sizning qisqacha bigorafiyangiz bilan tanishib chiqdik. Oʻzbek va hind kino san’ati bir necha oʻn yillardan buyon davom etib kelardi. Ana shu an’ana yanada mustahkamlanishi tarafdorimiz. Yoʻl harajatlarini barchasini zimmamizga olgan holda yaqin kunlar ichida Mumbay shahri, Bollivud kino shaharchasiga tashrif buyurishingizni soʻrab qolamiz. Tegishli ma’lumotlarni Hindistonni Oʻzbekistondagi elchixonasidan olishingiz mumkin.

Hurmat bilan Manabendra Mukerdji.

«Alisherjon, ayt bugun endi seni qaerdan topay? Endi men bu xatni kimga oʻqib beraman? Endi Hindistonga kim boradi? Alisherjon endi bu xatni qabring tepasiga olib boraymi? Bu xatni yozishga qanday qoʻlim boradi? Yuzim qanday chidaydi? Seni kutayotganlarning umidi istiqlol sharofati bilan olamga boʻy choʻzayotgan millatimdan umid qilayotganlar emasmi?

Nega millatimning sendayin otashqalb kishisi qora tuproqqa yoʻl oldik. Nega yorugʻ nur boʻldingu, sening nuringga intilganlarning umidini soʻndirding. Bu xat qoʻlimni kuydirmoqda. Bu xat qalbimni kul qilmoqda. Agar, sen bugun hayot boʻlganingda, qanot chiqarib uchmasmiding, seni quchoq-quchoq gullar bilan kuzatmasmidim. Ishonaman, seni shoda-shoda moychechaklar oʻrami bilan kutib olishib, boʻyningga tashlashardi. Ishonaman, sen Bollivudning erkasi boʻlarding. Ishonaman, seni kutib olganlar orasida Akshay Kumar ham boʻlardi. «Iya, menga oʻxshash odam yana bitta bor ekan-ku, kel aka-uka tutinamiz» – degan boʻlardi.

Ammo, sen endi qaerdasan, Alisherjon!»

Oʻsha kuni xatni yon choʻntagimga solib butun Toshkentni piyoda kezib chiqdim. Odamlarning qiyofasiga razm solaman. Xuddi qarshimdan Alisher chiqib qoladiganday. Hammaga birma-bir sinchiklab qarayman. Yuzlarini koʻrolmay oʻtib ketganlarning ortidan chopib borib yuzlariga tikilaman. Ba’zilari menga telbaga qaragandek qarashadi. Men ham ularga qayta qarayman va Alisherga oʻxshatolmay nari ketaman.

Uyga yarim kechasi kirib bordim. Choʻntagimda xat. Shu koʻyi oʻzimni karavotga tashlab uxlab qolibman. Tushimda »Yangi oy chiqqan kecha» filmidagi Alisher oʻynagan sahna kiribdi: «Malika derazadan oyga mahliyo boʻlib turar ekan, eshik qoʻngʻirogʻi jiringlaganidan choʻchib tushdi. Kim ekan? Onasimi, Maryammi, Shuxrat Ahadovichmi, hayoliga hech bir yomon fikr kelmay yugurib borib eshik zulfini boʻshatdi. Tashqarida Qosimxon turardi.

Malika esankirab ortga chekindi.
— Keling.
— Mana, men keldim! – Qosmxonning qoʻlida Amir Olimxon

davridan qolgan qilich yaltirardi. U ichkariga kirib eshikni berkitdi…

Tush boʻlsada, men uning koʻzlarini xuddi oʻngimda

turgandek yaqqol koʻrardim. Xuddi mening uyimga kirib

kelganday, turib unga joy koʻrsatmoqchi, xatni qoʻliga topshirmoqchi boʻlaman.

Ha, Alisher Hamroev bugun ham tirik. U oʻzbek kino san’atida mangu qolajak.