OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Muhammad Ismoil. Qoraqurt (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMuhammad Ismoil
Asar nomiQoraqurt (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Muhammad Ismoil
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm31KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/07
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qoraqurt (hikoya)
Muhammad Ismoil

«
Sizni sevib qolib, boʻldim aybdor,
Endi shu ishq uchun toʻlayin qarzim.
Toki, jon berguncha boʻlay vafodor,
Toki, jon chiqquncha qilayin ta’zim!

She’rdan
»

Xudoning ishlari jumboq ekan. Molga xashak solib yurgan Marvarid opani qoraqurt chaqdi-yu, dod deyishga ulgurmay jonini haqqa topshirdi. Aksiga olib bolalari maktabga ketgan, eri Bekmurod ishda edi. hovli etagiga kelib, qoʻshnilarni chaqirdi.Ogʻriq kuchaygandan kuchaydi. Jon talvasasida oʻzini har tomonga otdi. Kimdir «Tez yordam»ga qoʻngʻiroq qildi. Kimdir suv sepdi. Kimdir boldiridan siqib bogʻladi. Lekin hech qaysisi kor qilmadi. Ogʻriq zoʻraygandan zoʻrayaverdi. Bir yildan buyon yurak qon tomirlari torayib, yurishga qiynalardi. Ustiga ustak yaqinda tumovlanib mazasi qochib qoldi. Hamma dard bir boʻlib yoqasidan oldi. Agar Marvaridning oʻziga qolsa, bunday dardlarning yuztasini yengardi. Biroq, tepada ajal oʻljasini poylab turar ekan, kimga ham arz-dod qila oladi. Shifoxonaga yetmay jon berdi. Na xoʻjayini Bekmurodga bir ogʻiz soʻz ayta oldi, na farzandlari Bektosh bilan Bekjonga xayr-xoʻsh. Qizi Marjonoy qoʻshni tumanga uzatilib ketgan boʻlsa ham, onasining bu holga tushganini bilsa, bir zumda yetib kelardi. Biroq qoraqurt zahri Marvarid oʻylagandan kuchli ekan, bir zumda a’zoyi badanini qoraytirib, qaqshatib yubordi. Jon talvasasida oʻylamagan oʻyi, koʻz oldiga keltirmagan odami qolmadi. Kimlarga nimalar dedi, ichida aytdi. Kimlardan uzr soʻradi, kimlardan yozgʻirdi, kimlarga nimalarnidir tayinladi, dardi ichida qoldi. Farzandlarini uylantirmoqchi edi, koʻz ostiga olib qoʻygan qizlar bor edi, nasib qilmagan ekan, hamma ish ochiq-sochiq, tugallanmay qolib ketdi. Marvaridning umr yoʻli shu yerga kelganda uzildi, kengroq nuqtai-nazar bilan qaraydigan boʻlsak, tugʻilmasidanoq peshonasiga bitilgan taqdirni va bu dunyoda zimmasiga qoʻyilgan barcha ishni bekamu-koʻst nihoyasiga yetqazdi. Qoraqurtni koʻp urintirmadi. Shunday shirin hayotni nega tashlab ketar ekanman deb, quyushqondan chiqmadi. Vaqt oʻtib, boshqa ayol eriga xotin boʻlib kelishini, bolalariga onalik da’vo qilishini, u obod qilgan hovliga egalik qilib yurishini xayoliga keltirmadi. Albatta, xayoliga keltirganida, bu xayol unga qoraqurt zahridan azobliroq ta’sir qilgan boʻlar edi. Balki u qoraqurt zahrini yengishga bundan oʻn barobar qattiqroq urinardi. Lekin inson oʻzi oʻylagandan oʻn barobar, balki yuz barobar ojizroq ekanini tan olmaydi. Hammasini ogʻilxonaga borgani-yu, qoraqurt chaqqaniga, «tez yordam» tezda yetib kelmaganiga, aksiga olib shamollaganiga, yuragi xastalanganiga toʻnkab qoʻya qoladi. Eri endi uningsiz qiynalishiga, kechalari koʻrpa ochiq qolib shamollashiga, yopib qoʻyadigan odam endi yoʻqligiga, boshqalar endi uningdek, ya’ni erining koʻnglidagidek choy damlolmasligiga, eri xonada ovqatlarni, qay tartibda pishirilgandagina xush koʻrib yeyishi, qanaqa ovqatlarni, qanaqa qilib pishirganda mutlaqo yemasligini, qaysi soʻzlar eriga yoqishi-yu, qaysi gaplar gapirilganda eri tutoqib ketishini oʻylab, bu sirlarni faqat mengina bilaman, boshqa hech kim bilmaydi, to bilguncha yigirma yil kerak deya oʻylagan va yashash uchun oʻn barobar qattiqroq kurashgan boʻlar edi. Mabodo, oʻlimi oldidan bolalariga kimdir oʻgaylik bilan kamsitib, zahar-zaqqumini sochib turgani koʻz oldiga kelsa, oʻlmaslikka shay boʻlib turardi. Lekin, Marvaridning qoʻlidan nima kelardi. Hukm oʻqilgan, ijro amalga oshgan edi.

Bekmurod Marvaridning barcha ma’rakalarini bekami-koʻst oʻtkazdi. Xatmi Qur’on oʻqitib, elga osh tarqatdi. Marvarid hayotdan koʻz yumgan ondayoq, hayot yelkasiga ikki barobar yuk bilan oʻtirganini va bu zil-zambil yuk uni uncha-muncha qiynamasligini, qiynaganda ham to hiqildogʻiga tiqilguncha parmalab azoblanishini sezdi. Lekin, hayotda kimning kuni toʻxtab qolibdi-ki, Bekmurodniki toʻxtasin. Kunlar oʻtib u ham hayot oʻzanida yana oqib keta boshladi. Endi u oʻzidan koʻra bolalarini koʻproq oʻylardi. Biroq...

Qahraton qish kunlarining birida, Bektoshni uylantiraman deb yurgan Bekmurod, muzda toygʻonib, oyogʻi sindi-yu, shifoxonada qarovsiz yotib, Bektosh emas, oʻzi uylanishi kerakligini tushundi. Ming oʻylaganda ham Marvarid endi qaytib kelmasdi. Oʻgʻillari Bektosh ham, Bekjon ham oʻz nomlari bilan oʻgʻil edi. Hovli hech qachon toza supurilmasdi, qozon-tovoq hech qachon toza yuvilmasdi, koʻrpa-toʻshaklar poyintar soyintar boʻlib hech qachon risoladagidek yigʻishtirilmasdi. Bekmurod bora-bora bularga koʻnikdi. Kelin tushsa hammasi joy-joyiga keladi deb oʻylagandi. Lekin shifoxonaga tushdi-yu, xotinga muhtoj eng avvalo oʻzi ekanligini yanada chuqurroq anglab yetdi. Mana shunday ojiz va tang qolgan kezlari hayolida negadir Marvarid emas, Gulruxsor gavdalanardi va hoʻrsinardi…

Gulruxsor yana hayolida, hayotiga kirib kelayotganida, uni oʻylayotganidan „dushman» bilan yana yuzma-yuz kelayotganday, qachonlardir lov-lov yongan gulxan, bugungacha choʻgʻ boʻlib turgan dard yana boshlanganidan esankirab, oʻzini undan olib qochishga tirishardi…

Gohida shu oyogʻim tuzaldi nima-yu, tuzalmadi nima, derdi. Gohida bugun oʻldim nima, ertaga oʻldim, nima farqi bor deya oʻylanardi. Ertaga ham yashashning nima keragi bor oʻzi?! Gohida nega shuncha koʻp yugurganiga, oʻzini oʻtga-choʻqqa urganiga, tinim bilmay ishlaganiga, hayron qolar, nima keragi bor ekan, shuncha hatti-harakatning, deya oʻylanardi. Gulruxsor bilan yoʻllari ayro tushgach, uni butunlay unitishga harakat qildi.Harakatiga yarasha, Xudo, odamni nima bilandir andarmon qilib qoʻyarkan. Arzimas bir ish bilan ovora boʻlib yuraverar ekansan, yuraverar ekansan va bir kuni hayoting oʻtib ketganini, dunyodagi eng qimmatli narsa, umringni behudaga sarflab yuborganingni, endi bu umrni hech qachon hech kimdan qaytarib ololmasligingni, naqadar ojizligingni, naqadar bechoraligingni anglab yetarkansan. Xudo oʻzining suygan bandalarini, maqsadlariga bir zumda yetkazib qoʻyar, sen yillar, oʻn yillar uringan narsalaringga kimlardir, bir kunda, bir haftada, bir yilda yetarkan. Gulruxsor bilan tanishgan kezlari mashhur aktyor boʻlaman deya orzu qilardi. Yodgor Sa’dievning har bir hatti-harakatini oʻzlashtirgan, aytgan soʻzlarini yodlagan, qilgan qiliqlarini oʻz-oʻzicha tinimsiz qaytargan, takrorlagan, taqlid qilgan u emasmidi? Gulruxsor esa Gulchehra Jamilova qiyofasida uning qoʻliga suv quygan! Oʻshanda ular bor-yoʻgʻi yettinchi yo sakkizinchi sinfda oʻqishardi. Qarang, oradan oʻttiz yilga yaqin vaqt oʻtibdi-yu, hammasi xuddi kechagina boʻlib oʻtganday. Qiziq, hozir koʻziga jimitdaygina boʻlib koʻrinadigan bolakaylar ham, kimgadir koʻngil qoʻyganmikan. Kechalari uxlamay kimnidir oʻylarmikan. Kimnidir sogʻinib, hamma uxlagan payti koʻchalarda tentirab yurarmikan. Oʻn toʻrt yoshli bolakaylar hali ogʻzilaridan ona suti ketmagan bolalarga oʻxshaydi yo koʻziga shunday koʻrinayaptimikan? Balki ularning ham oʻz olami, oʻz dunyoqarashi bordir? Bugun xayollarini, qalblarini toʻldirgan tuygʻular bir umrga yuraklariga muhrlanib qolishini bilganlarida edi, oʻzlariga jiddiyroq qaragan, oʻzlarini asrashgan boʻlishardi. Bekmurod ham bolaligida hech narsani tushunmagan ekan. Unda aktyor boʻlish tuygʻusi, mana shu Gulruxsorga koʻngil qoʻygandan, uzoq-uzoqdan qarab yurganidan keyin tugʻilgan ekan. Uni oʻziga qaratish uchun, uni yaxshi koʻrish uchun, mashhur inson sifatida unga yoqish, uni oʻziga jalb etish va nihoyat unga sevimli boʻlish uchun aktyor boʻlishni orzu qilgan ekan. Bu maqsadiga bir muncha erishdi ham. Keyinchalik ataylab kechalar uyushtirar, turli xil yigʻinlarda uni chorlar, unga rol berar, repititsiyalarda birga boʻlishar, bu uning hayotida eng baxtiyor kunlar edi. Oʻsha paytlar baxt ekanligi bilinmagan, begʻubor va oʻt alangaga toʻla kunlar edi. Bekmurod Gulruxsorga oʻz munosabatini ochiqdan-ochiq bildirolmasdi. Uyalardi. Oshiqcha bir gap aytib yuborishdan tortinardi. Aksincha uni jigʻiga tegishni yaxshi koʻrar, kalaka qilar, uni kamsitar, nimanidir pisanda qilar, xullas hol-joniga qoʻymasdi. Gulruxsor ham oʻz munosabatini bildirmas, gohida ataylab oʻgʻil bolalar bilan gaplashib turar, payti kelganda boshqa bolalarni maqtar, u haqda esa lom-mim demas, goʻyo u bilan shunchaki, uzoq tanishi bilan nogahon koʻrishib qolganday gaplashar, ichidagini sirtiga chiqarmas hatto arazlashmasdi. Bunday paytlarda Bekmurodning tomogʻiga zirhli temir tiqilib qolganday boʻlar, na yuta olar, na tuflab, chiqarib tashlay olardi. Gohida unga qaerdan yoʻliqdim deb, koʻkragiga mushtlardi. Bir kun juda qiziq voqea boʻldi.

Velosiped haydab ketayotganda uni yoʻlda koʻrib qoldi. Koʻrishish uchun toʻxtagandi, Gulruxsor, velosipedingni bir minay deb soʻradi. Avval haydaganmisan deb soʻragandi, Gulruxsor «ha» dedi. Bekmurod bu yolgʻondan xursand boʻldi. Gulruxsor velosipedni ozgina haydadi-da, sayxonlik kelganda, pedalni joni boricha bosa boshladi. Bekmurod orqa oʻrindiqda oʻtirardi, uchib ketayotgan velosipedda oʻzida yoʻq shodlanib baqirar, shodon kular, Gulruxsor ham, oʻzida yoʻq qiyqirib kulardi. Lekin ozgina qaltis harakat qilsa, har ikkisi ham, pastlikka agʻanab ketar, qoʻl-oyoqlari sinishi turgan gap edi. Pastga qarab uchib ketayotgan velosiped pedallarini Gulruxsor tobora qattiqroq va tezroq aylantirar, qoʻrquv va hayratdan har ikkisi ovozlari boricha baqirishardi. Hartugul sayxonlik tugagach velosipedni toʻxtatishdi. Oʻshanda Bekmurod ataydan Gulruxsorning ra’yini qaytarmagan, uchib ketayotgan velosipedda, yiqilsam Gulruxsor uchun yiqilaman, Gulruxsor bilan birga yiqilaman, Gulruxsorning istagini bajarmagandan mayib boʻlgan afzal deb oʻylagan va „toʻxtat» deb aytishga jur’at qilolmagan, ammo oʻsha kun Gulruxsor nega shunday qilganini keyinchalik tushungandi: Gulruxsor unga jur’atli, mard boʻl, qoʻrqoq boʻlma, nega men bilan boʻlganingda hech narsadan tap tortmay yurolmaysan qabilida ish tutgan ekan. Nega u hayotda Gulruxsor qilgan ishni qilolmadi. Bu jur’atsizligi unga keyinchalik koʻp bora pand berdi. Maktabni bitirgach Toshkentga oʻqishga borib kirolmadi. Keyin harbiy xizmatga ketdi. Ketar oldi, Gulruxsorga tayinli bir gap aytolmadi. Yozgan xatlarida ham qat’iy bir gap yoʻq edi. U paytlar Gulruxsorni yaxshi koʻrib yurgan boʻlsa ham, negadir uylanish haqida hech oʻylamagan ekan. Yo idroki yetmas, yo juda yosh boʻlgan yoki avval biror maqsadimga erishib olay deb oʻylagan. Xullas, u xizmatdan qaytganda Gulruxsorni uzatib yuborishgan edi. Bu xabar xuddi ilon singari uning yuragini, uning yuragidagi javharni eng oʻtkir zahar bilan chaqdi. Ogʻriqdin yerga yuztuban yiqildi. Yer shari teskari aylanib chirpirak boʻlib ketdi. U minglab sevishganlar ichida faqat bizning muhabbatimizgina haqiqiy deb oʻylardi. Mana shu haqiqiy muhabbat ham zavol topdi. Gulruxsorni uzatib yuborishibdi. Uzatganda ham oʻzining yaqin oʻrtogʻiga uzatishgan ekan. Bir kun, yarim kechasi Bekmurod tarang mast edi, Gulruxsor kelin boʻlib tushgan derazani taqillatdi. Avvaliga hech kim koʻrinmadi. U derazani qarsillatib ura boshlagach, Gulruxsorning eri, Iskandar parda ortidan moʻraladi. «Chiq bu yoqqa» deya baqirdi Bekmurod. To Iskandar chiqquncha atrofda qoʻni-qoʻshnilar paydo boʻldi. «Gulruxsorni men yaxshi koʻrishimni bilarding-ku, uni men bilan yurganini bilarding-ku, unga men uylanmoqchi edim, sen razil qoʻllaringni unga tekizib, qoʻyningda olib yotibsanmi, iflos!». Bu baqiriqlarni u Iskandar chiqquncha jar solib boʻlgandi. Iskandar chiqqanda, uning yuziga qarab turishga, unga gapirishga toqati qolmagan edi. Choʻntagidagi pichoqni oldi-yu, uning yuziga qarab sermadi. Ammo, Iskandar hushyor edi, oʻzini olib qochdi, Bekmurod munkib ketganda, qoʻliga qarab tepdi. Pichoq qaygadir uchib ketdi. Bekmurod chap qoʻl bilan zarba berganda Iskandar yerga agʻanadi. Odamlar pichoqni koʻrib, orqaga tisarilar, ajratish uchun oʻrtaga tushishga betlolmasdi. Shunda, qiziq voqea yuz berdi. Gulruxsor yerda yotgan pichoqni oldi. Yerda yotgan Iskandar ham, koʻzi qonga toʻlgan Bekmurod ham bir-birlarini oʻldirishga shay turishardi. Shunda Gulruxsor pichoqni Bekmurodga tutdi: «Ma, oʻldir buni» deya hukm qildi. Bekmurod pichoqni olganda, Iskandar qochib ketgan edi. Bekmurod oʻshanda bu uydan Gulruxsorni olib chiqib ketishga jur’ati yetmadi. Aksincha, ertasi kuni oʻzi qishloqdan bosh olib chiqib ketdi. Shu bilan muhabbat ham, buyuk aktyorlik orzusi ham armonga aylandi. Bekmurod bu ikki tuygʻudan qochib yashadi. Marvarid oʻlgach Gulruxsor haqidagi orzu yana tiklandi.

Iskandar esa oʻzini oʻldirish uchun pichoq tutgan xotin bilan bir umr yashadi. Buni bir umr yodida saqladi. Gulruxsordan bir umr oʻchini oldi, bir umr uni kaltaklab oʻtdi.

Bekmurod Gulruxsorni qaytib koʻrmadi. Bu voqeaga ham yigirma yildan oshiq vaqt oʻtdi. Lekin, Bekmurod mana shu yigirma yil ichida bir lahza boʻlsin Gulruxsorni unutmadi. Unutmagani uchun Gulruxsorni qayta koʻrolmadi, uni oldiga borolmadi, shunchaki boʻlsin uzoqdan bir koʻrib oʻtsa, u yashaydigan koʻchaga bir marta boʻlsin boʻylasa boʻlardi. Lekin, yuragidagi ogʻriq abadiy muhrini bosgan ediki, uning yoniga borishga yoʻl qoʻymas, hech boʻlmasa Iskandar bilan koʻrisholmasdi. Toʻy-ma’rakalarda Iskandar bilan nogahon koʻrishib qolsa, shunchaki qoʻl choʻzar, bir ogʻiz qandaysan deyishga tili aylanmasdi. Iskandarning ham, uni koʻrganda gʻazablanib ketishidan bilardiki, u ham unutmagan, u ham hamma voqealarni xuddi kecha boʻlib oʻtganday yaqqol tasavvur qilar, qoʻyniga solib yotgan xotini uni emas, boshqa odamni sevishini har kun his qilar, xotini oʻziniki ekaniga har kuni shubhalanar, u non bergan, u choy bergan, topgan-tutgani bilan roʻzgʻor tebratib yurgan, pullarini keltirib bergan xotini, unga farzandlar tuqqan, uning hayotini, umrini, qismatini yarmini tashkil etgan xotini uniki emas, unga jon-jahonini bagʻishlamaydi, uni oʻylamaydi, uni sevmaydi, qalbini unga bermaydi, yurak-yuragining tub-tubida uni emas, Bekmurodni oʻylaydi, uni emas, Bekmurodni afzal deb biladi, haqiqiy erkak deb, uni emas Bekmurodni biladi. Bekmurod bilan yashaganimda bundan koʻra yaxshiroq yashardim, bundan koʻra baxtliroq, bundan koʻra sevimliroq boʻlardim. Iskandar mening hayotimga zomin boʻldi, deb oʻylaydi. Mening unga bergan hamma mehrim, muhabbatim, quchib ardoqlashim, erkalab yotishim, sevishim, jonimni berishim, butun vujudim bilan uning taniga quyilishim hamma-hammasi behuda, oʻrtadagi farzandlarimiz ham bizni bogʻlolmaydi, mol-davlatimiz ham, nikohimiz ham, hech narsa bogʻlolmaydi, mening har bir ishimda, u mening oʻzimni emas, Bekmurodni koʻradi, Bekmurodni tasavvur qiladi, Bekmurodni oʻylaydi, Bekmurod nima qilayotgan ekan deb, uning tashvishini qiladi, sirtiga buni hech qachon chiqazmasada, ichida u baribir uniki, xayolida uniki, jismi men bilan oʻtiradi-yu, mening uyimni supurib sidiradi-yu, lekin oʻzi uniki, menga begona, unga qondosh, unga jondosh, xuddi qoʻynimda xotinim emas, xotinim qiyofasidagi ilon va men bu ilon bilan bir umr yashashga mahkumman, deya oʻylaydi va mana shunday oʻylagani, mana shuni bilgani uchun ham hali-hamon Bekmurodni koʻrganda gʻazab va alamdan titrab ketadi, shuning uchun chaqirishga tili bormaydi, shuning uchun otishga oʻqi, koʻrishga koʻzi yoʻq. Agar mana shunday oʻylamaganda, koʻrishgan, xotirjam gaplashgan, oʻtgan-ketgandan valaqlashgan, bolalik xotiralarini eslashgan, bugungi qiyinchilik zamonlar haqida, molu-davlat, xizmatchilik, yurib turgan siyosat, havoning issiq-sovuqligi, bu yilgi hosilning kami-koʻpligi va umuman yana nimalardir haqida gaplashgan boʻlardi-ki, bu narsalar oʻtgan voqealar xotira sifatida qolganidan, uning bugungi hayotga dahli yoʻqligidan dalolat berardi. Ammo, Iskandar u kunlarni unutmagani uchun Bekmurod xursand. Chunki uning muhabbati hali-hamon barhayot. Hali hamon yuraklarda yashamoqda. Hali hamon hammani xavfu-xatarga, tahlikaga solib turibdi.

Bekmurod bosh shifokorning uylanish haqidagi gaplarini eshitar ekan, xuddi yosh bolaga zoʻrlab ovqat ichirishganday, oʻzini qayoqqa olib qochishini bilmasdi. Bosh shifokor oʻttiz yoshlardagi hamshira qizning nomini aytdi. «Mana koʻrib turibsiz, kelishgan, mehribon, shirinsoʻz qiz. Hali turmush qurmagan. Oyogʻingizni davolaydi. Endi bundan keyin sizga shifokor hamisha kerak boʻladi. Jigaringizda ham, oʻt pufagingizda ham salbiy oʻzgarishlar bor. Hali yoshsiz. Endigina qirqdan xatlabsiz. Xudo nasib qilsa, yana farzandlar koʻrasiz. Uyda uylanmagan oʻgʻillaringiz bor ekan, toʻy-hashamga albatta bir ayol kerak. Erkak kishi toʻyni bir oʻzi oʻtkazolmaydi. Oʻylab koʻring. Bu mening sizga eng yaxshi tavsiyam» — dedi. Bekmurod hamshirani tanirdi. Haqiqatdan risoladagiday edi. Lekin, uylanish toʻgʻrisidagi fikr yuragida hech bir iliqlik uygʻotmasdi. Yuragini qizdirmas, alanga olmas, qish kunlaridagi bulutlar orasida qolgan oyday sovuq, haroratsiz edi. Qayta yana bir ayol bilan bir yostiqqa bosh qoʻyish istagi erish tuyular, xonadoniga yana bir Marvaridni keltirishni istamasdi.

Gulruxsor voqeasidan keyin u boshqa shaharga bosh olib chiqib ketdi. Endi u oʻsha oʻzi tugʻilib oʻsgan joyda, oʻzi katta boʻlgan, hamma qarindosh urugʻlari yashaydigan shaharchada yasholmas, Gulruxsor va Iskandar borligi uchun ham yasholmasdi. Keyin uni uylantirishdi. Kimga uylanishning farqi yoʻq edi. Shu qadar telba ekanki, kelinni toʻy kuni koʻrdi. Oʻzining butun umri bogʻlanadigan, unga farzandlar tugʻib beradigan, u bilan oila quradigan, kunlari, oylari, yillari birga oʻtadigan juftini toʻy kuni koʻrdi.

Baxtiga kelin soppa-sogʻ, aqli-hushi joyida chiqdi. U bilan yigirma yildan ortiqroq vaqt yashadi. Shu yigirma yildan ortiqroq vaqt hayotdagi turmushdagi hamma narsa haqida gaplashdi-yu, lekin koʻngil haqida har ikkisi ham bir ogʻiz soʻz ochmadi. Yo bunga ehtiyoj boʻlmadi, yoinki koʻngil oila tegirmonida mutlaqo keraksiz narsa edi. Bekmurod Gulruxsor bilan koʻngil haqida soatlab gaplashar, vaqt qanchalik tez oʻtib ketganini bilmasdi. Gulruxsor Bekmurodni, Bekmurodning oʻzidan ham yaxshiroq bilardi. qachonlardir, Gulruxsor Bekmurodga, «hech kim sizga menchalik fidoyi boʻlolmaydi» — degandi. Bekmurod bu gapga oʻsha paytlar e’tibor bermagandi, lekin qulogʻiga qattiq quyulib qolgan ekan, butun umr yuragining zarbi bilan birga aks-sado berib turdi bu soʻz. Bu soʻzni u koʻp bora unga fidoyilik qilgan eng yaqin insoni Marvaridga nisbatan qoʻllab koʻrdi va bildiki Marvarid unga emas, boshqa odamga turmushga chiqqanda ham, toʻy kuni uni emas, boshqa odamni koʻrib, mening xasmim, boʻlgʻusi turmush oʻrtogʻim mana shu ekan, deb oʻylagan, unga oʻshanday, ya’ni Bekmurodga qilganday fidoyilik qilib ketar, oʻzini bagʻishlar, uyini supurar, kirlarini yuvar, farzandlar tugʻib berar, yaxshi gapini ayamas, unga moslashib, uning bir qismiga aylanib ketardi. Agar u emas, Bekmurod oʻlib, biron yaxshiroq joydan sovchilar kelib, farzandlaringni toʻyini qilaman, oʻzingga boshpana boʻlaman, otalikni boʻynimga olaman, desa undan, ya’ni Bekmuroddan qolgan hamma dov-doskani unga topshirib, balki tegib ketgan boʻlardi. Buning uchun balki Marvaridni ayblab boʻlmasdi. Lekin inson nima uchun sevadi, nima uchun unga qalb berilgan, nima uchun dunyoda muhabbat degan eng buyuk qudratli kuch bor!

Bekmurod Marvariddan hech xafa joyi, undan gina qiladigan, uni yomon koʻradigan, undan nafratlanadigan, umrimni zomin qilding deydigan joyi yoʻq. Agar Marvarid tirik boʻlganida u bilan umrini oxirigacha birga yashagan boʻlardi. Agar Gulruxsorga uylanganda baxtli yashagan, u bilan maktab davrlarida birgalikda orzu qilgan maqsadlariga albatta erishgan, mana shu orzular ortidan bir umr kurashib yashagan va bugunga kelib nimalargadir erishgan boʻlardi. Gulruxsor uni hamisha ruhlantirar, qoʻllab-quvvatlar, yuksakka chorlar va uning benihoya katta talanti borligiga ishontirar va faqat sevgan odamdagina boʻladigan xayrixohlik, mehribonlik, qalb torlarining eng mayda iplarigacha bogʻlanib ketgan his-tuygʻular bilan uni yaxshi koʻrar, unga ishonar va albatta bu ishonch Bekmurodni oʻzi istaganday buyuk odam boʻlishiga undar, orzular sari da’vat etar va albatta shiddatli intilishlarini roʻyobga chiqarmay qoʻymasdi.

Bekmurod hamshira qizga koʻngil qoʻyishga harakat qilib koʻrdi. Lekin koʻngil qoʻyish, karra-karra jadvali boʻlsa ekan-ki yodlab, yoʻl-yoʻrigʻini oʻrganib olsa, qaysi sonni qaysi songa koʻpaytirsa, qoʻshsa yoki ayirsa falon son kelib chiqishini bilib olganday, qaysi soʻzni aytgandan keyin, nima javob kelishini, qaysi harakatdan keyin, qaysi munosib javob kelishini bilish va shu bilan muhabbat munosabatlari oʻrnatilishini oʻrganib boʻlsa. Albatta, muhabbatning hech qanday qonun-qoidasi yoʻq. Koʻngilga oʻrgatib boʻlmaydi. Buyruq ham berib boʻlmaydi. Oʻzingni majburlab birovni sevolmaysan. Yoki sevgisini qozonolmaysan. Bunga dunyoning hamma boyliklari ojizlik qiladi. Albatta boylik katta yordam berishi, oʻrnatilayotgan muhabbatni qoʻllab-quvvatlashi mumkin, lekin muhabbatning oʻzini yaratolmaydi. Agar shunday boʻlganda hamma boylar muhabbat bilan yashayotgan, hamma kambagʻallar esa muhabbatsiz boʻlishardi.

U kunlardan bir kun Gulruxsor bilan kechirgan damlaridagi orzusi, buyuk aktyor boʻla olmagani alamiga shahar oʻrtasida ulkan kinoteatr qurdi va uning peshtoqiga katta-katta harflar bilan «Gulruxsor» nomini yozib qoʻydi.

...Bekmurod Marvarid oʻlganidan oʻn yil oʻtib,ellik yoshga kirgani kechasida alagʻda-jalagʻda tushlar koʻrdi: Tushida odamlar uni oʻrtaga olib, ta’na toshlari yogʻdirayotgan, hayqirishib, nega uylanmayapsan, nega uylanmayapsan deya, qoʻl silkishib baqirayotgan, yolgʻizlik yolgʻiz Xudoga yarashadi, uylanishga qodir erkakning uylanmay yurishi elni buzadi, oramizda sendaqa soʻqqaboshga oʻrin yoʻq, uylansang ham uylanasan, uylanmasang ham uylanasan, sigirga boʻlsa ham seni uylantirib qoʻyamiz, sendan badboʻy hid kelayapti, sen xotinlarimizni aynitib yubording, bevalarimizni besaranjom qilib, tinchini buzayapsan, hammasi talvasaga tushib, koʻylaklarini yirtishayapti, yetim bolalari ota kerak deb, simyogʻochlarni urib yiqitayapti, ogʻilxonalarga oʻt qoʻyayapti, koʻchada oʻtgan mashinaga tosh otayapti, erkak kishini koʻrsa uyga kir deb tortqilayapti, sen esa doʻzaxda yarming sogʻ, yarming yonib yotibsan, shaytonlar seni bizga oʻrnak qilib koʻrsatishayapti, yelkangga esa toʻrtta shayton oʻtirib olgan, miyangni qoʻllariga olib, sehru-jodu qilishayapti, qilich bilan qiymalab, seni garang qilishayapti, oʻzgalarni yetoviga tushib olgansan — deya baqirishayotgan, u esa oyoq-yalang boʻlib, qayoqlargadir bosh olib ketayotgan, uchib yurib-yurib, bir sayhonlikka borib qolgan, sayhonlik shu qadar katta, oʻzi shu qadar kichik emishki, shuncha kichkina boshim bilan nima gʻovgʻa koʻtarib yuribman dermish, keyin bahaybat togʻlar orasiga borib qolganmish, katta-katta qoyalar tagida, tirnoqday turganmish-u, bularning orasida men kimman oʻzi dermish, zarrachaman-u, ertaga yoʻq boʻlib ketaman-u, nimaga dunyoga jar solib turibman, bu abadiy turuvchi koinot ustunlari orasida oʻziga bino qoʻygan zarrachaday nega buncha hovliqmasam, nimani tuzatishni istab yuribman, nimani da’vo qilaman dermish, shu payt yuqoridan gulduros solib harsang toshlar yumalab kela boshlabdi. U esa bitta kavakni sotib olish uchun, kissasidan ming tanga chiqaribdi, kavakka kirib olib, osmonga qarasa yulduzlar nur taratib turgan, har bitta nur odamlarning qismati bitilgan yoʻl emishki, million-million odamlarning har birining ustidan bitta nur turib boshqarayotgan, nur qayoqqa borsa, odamlar ham oʻsha yoqqa borayotgan, qiynalib, kasal boʻlib, oʻlim talvasasiga tushib qolganlar, nurga qarab, yur boshqa yoqqa boramiz, meni baxtliroq qil, sogʻlomroq qil, men istaganday yur, men hohlagan tomonga boramiz desa, ohu-nolasi, yulduzlarga eshitilmas, yulduzlar juda olisda, million-million chaqirim yuqorida ekanki, odamlarning dod-voylari faqat oʻzigagina, faqat atrofidagilargagina eshitilar ekan. Koʻchki tingach, Bekmurod bekinib olgan kavagidan chiqibdi-da, boshi oqqan tomonga yugurib ketibdi. Yugurib-yugurib bir chamanzordan chiqibdi. Uning oʻrtasida Gulruxsor yurganmish-u, Gulruxsor qayoqqa yursa, chamanzor ham oʻsha yoqqa yurar, gullar tag-tomiri bilan sugʻurilib, uning orqasidan ergashar, qushlar sayrashib unga parvona emish. Muattar hidlar bulut kabi uning atrofida uymalashgan, hushboʻy hidlarni tutunni purkaganday purkab turarmish. Bekmurod Gulruxsorning yoniga borsa, uning koʻzi koʻkargan, yelkalari momataloq, xuddi toʻqson yoshli kampirday bujmayib, tishlari toʻkilib, sochlari oqarib qolganmish. Bekmurod uning qoʻlini ushlagan edi, qoʻli to bilagigacha xuddi oʻn yetti yoshli qizning qoʻliday oppoq, durkun va nozik holatga kelibdi.
— Yuzingiz nega qorayib ketdi, Gulruxsor, — desa,
— Erim oʻttiz yildan beri yuzimga tinimsiz urganidan, — dermish Gulruxsor. Bekmurod uning yuzini silagan ekan, uning yuzi xuddi oʻn yetti yoshli qizaloqning yuziday tarsillagan, oppoq, qon tolalari koʻrinib turgan, jozibali, maftunkor chehraga aylanibdi.
— Yelkalaringiz nega yagʻir boʻlib ketdi, Gulruxsor, — desa,
— Erim yelkamga minib, meni eshakday ishlatar, oʻttiz yil ichida loaqal bir marta silamagan dermish.
— Oyoqlaringizga nima qildi, Gulruxsor-desa,
— Erim itday ishlatar, itday daydib, sanqilanib roʻzgʻor tashvishida yugurardim, topganimda baraka boʻlmas, boradigan joyimning tayini yoʻq edi, -dermish. Bekmurod uning yelkalarini, oyoqlarini, yuragiga qoʻl solib, savalangan goʻshtday ilma teshik boʻlib ketgan yuragini koʻkragidan chiqarib, xullas boshdan oyoq hamma joyini bir-bir ushlab silagan ekan, Gulruxsor dunyoda tenggi yoʻq goʻzallik malikasiga aylanibdi. Oʻn yetti yosh qizaloqday kular, kulganida har tarafga duru-gavharlar sochilar, yurgan yoʻllarida koʻm-koʻk maysalar ochilar, u ushlagan daraxtlarda kurtaklar yaproq yozib, oltin mevalar tugarkan. Keyin, Gulruxsor Bekmurodga qarabdi. Uning nigohlari yogʻdu taratib, nurlar Bekmurodning badaniga singib ketibdi. Bekmurod ham oʻn sakkiz yashar, badanlari toshday qattiq, mushaklari chayir, qaddi tik, barvasta, koʻzlaridan shijoat yoqilib turgan, koʻkragiga mushtlasang qoʻling ogʻriydigan yigitga aylanibdi. Bekmurod yerdagi katta xarsangni qoʻliga olib uloqtirgan ekan, harsang togʻlar osha uchib ketibdi va ancha vaqtdan keyin togʻlar ortidan harsangning yerga tushgandagi gumburlagan ovozi eshitilibdi. Bekmurod gullardan shu qadar katta maydon yasabdiki, balandligi togʻlardan baland, kengligi esa, poyonsizligidan oxiri koʻrinmas emish. Bekmurod mana shu gulu-chechaklardan bino qilingan maydonning qoq oʻrtasiga, osmonday cheki-chegarasi yoʻq gullar vodiysiga Gulruxsorni yetaklab boribdi. Har ikkisi ham muattar gullar hididan mast boʻlib, bir-biriga termulishar, bir-biridan koʻzlarini uzolmas emish. «Hech kim mening qoʻllarimni bu qadar kuchli harorat bilan ushlamagan, qoʻllaringiz xuddi bir botmon choʻgʻday, butun a’zoyi-badanim titrab, lovullab ketayapti, erim chuvalchangga oʻxshardi, siz esa haqiqiy muhabbat sohibqironisiz, hozir shudringday, sizning quchogʻingizda yoʻq boʻlib ketaman, — dermish. Bekmurod uni quchogʻiga olarmish. Uni erkalab bagʻriga bosar, yutoqib oʻpar, uning ichiga kirib ketar, uning ichiga kirib, bir yil, ikki yil, uch yil behush yotar, ellik yildan keyin kayf-safodan oʻziga kelar, bir kechada oʻttiz marta Gulruxsor bilan qoʻshilar, Gulruxsor bir kechaning oʻzida yana oʻttiz marta qizga aylanar, Bekmurod oʻttiz marta ham charchoq nimaligini bilmas, kuch-qayrati tobora oshib borar, oʻttiz martadan keyin yana hushidan ketib sarmast boʻlib, mastu-mustagʻriqlik ishratida yana bir yil, ikki yil, uch yil kezib yurar, ellik yildan keyin hushiga kelar va dunyoda Gulruxsordan ham latofatliroq, jozibadorroq, goʻzalroq qiz yoʻqligiga yana ming bora iqror boʻlardi.

Bir payt Gulruxsorning oʻgʻli uzoqdan koʻzga tashlanibdi. U Bekmurodga «Sen otamning umriga zomin boʻlding, hozir hammayoqqa oʻt qoʻyib yuboraman, onamni qaytarib olib ketaman» — dermish. — Iskandarning oʻzi qani, nega oʻzi kelmadi, — dermish Bekmurod. — Otam kelay degandi, yoʻl yoʻqolib qoldi, yuray degandi, oyogʻi qochib ketdi, gapiray degandi, tilini topolmay qoldi, sizning oldingizga kelishga otamning yuzi yoʻq, onamdan shu paytgacha uyalmagan otam, endi onamdan uyalib qoldi, shuning uchun oʻzim kelaverdim, hozir singlim ham kelib qolar, onamni qaytarib bering, — dermish.
— Balki, menga oʻgʻil boʻlarsan, singlingni ham qiz qilib olaman, onalaringni oldida yuraverasizlar, seni uylantiraman, singlingni uzataman, ikki oʻgʻil uylab, ancha tajriba orttirdim, endi toʻy qilish menga choʻt emas, mana onangga ham mahrini berib, nikoh oʻqittirib uylanib oldim, katta toʻy qilay desam, koʻnmadi, xalqqa osh berib qoʻya qoldik, oʻzimning rejam boʻyicha onangni oq libosga oʻrab, kelinlar kiyadigan fata kiygizmoqchi edim, onang koʻnmadi, onang toʻy kuni, bolaligimizda «Boy ila xizmatchi» spektaklida men Gʻofur, onang Jamila rolini oʻynab, chachvonda chiqar, men oq yaxtak, shoyi belbogʻda edim. Toʻy kuni Gulruxsor ana shu chachvonni kiyib chiqibdi, uning koʻngli uchun men ham oq yaxtak, shoyi belbogʻ, iroqi doʻppi kiyib oldim, toʻyimiz juda zoʻr oʻtdi, sening ham toʻyingni oʻzim oʻtkazib beraman, kel menga oʻgʻil boʻlib qoʻyaqol, qoʻy oʻsha galvars otangni, — desa, uning oʻgʻli, — Iya, men kap-katta yigit boʻlib qoldim, yosh bolamidim, qanday qilib shu yoshda sizga oʻgʻil boʻlaman, —dermish va asta-asta bosh egib, tisarila-tisarila koʻzdan gʻoyib boʻlgan emish. Gulruxsor oʻgʻlim, qaytib keladi, qizim ham kelib qoladi», dermish va Bekmurodning yuragini sugʻurib olibdi-da oʻzi ichiga kirib ketibdi.

Bekmurod yuragi gupurganidan uygʻonib ketdi. Soʻfi bomdod namoziga azon aytayotgan edi. Bekmurod koʻrgan tushlaridan hayratlanib, uch marta: La illaha illolloh, Muhammadun Rasulloh, — deya kalimai shahodat qaytardi-da, oʻng tomoniga oʻgirilib yotdi, tushida nimalar koʻrganini elas-elas xotirladi, soʻng, tushiga ta’bir izlab qoʻzgʻaldi.

Hovli etagiga yurdi. Ogʻilxona eshigini ochib, pichanlar gʻarami uyulgan chetanga nazar soldi. Qoraqurt hayotini algʻov-dalgʻov qilib tashlagan edi. Qoʻliga panshaha olib, yana qoraqurt bormikan deya, devor ziylarini titkilab koʻra boshladi. Mayda qumursqalardan, zaxqoʻngʻizlardan boshqa hech narsa yoʻq edi. Marvaridni eslab koʻziga yosh keldi. „Shoʻrlik, yashab yursa boʻlmasmidi? Osoyishta hayotimni, farovon turmushimni egasi ekan, baxtimni ham, soadatimni ham oʻzi bilan olib ketdi. Menga azobdan boshqa hech narsa qoldirmabdi. Qadriga yetmagan ekanman... Hammasi ostun-ustun boʻlib ketdi-ya...»

Bekmurod xatmi-Qur’on oʻqish uchun, Marvarid yotgan qabriston tomon yurdi.