OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMuhammad Ochil
Asar nomiQari bilganni... (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Muhammad Ochil
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm4KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qari bilganni... (hajviya)
Muhammad Ochil

Chori choʻponning ogʻzi qulogʻida. Axir nega xursand boʻlmasin? Bu yilgi bahorning nash’u navosi oʻzgacha boʻlayapti-da! Koʻm-koʻk qirlarga qarab koʻzing toʻymaydi. Ishqilib qurgʻoqchilikdan asrasin, yil yaxshi kelsa... Ana havoda yoqimli hidlar, osmonda toʻrgʻaylar, sayxonlikda turnalar, anovi soʻqmoq yoʻlda esa...

Mashina signalidan choʻpon sergak tortdi. Sinchiklab qarasa, direktorning tanish «UAZ»i...

Mashinadan 3-4 kishi tushdi. Direktor Chori choʻponni chekkaga imladi.
— Shahri-azimdan mehmon bor! Katta olim... Ekologiya masalalari bilan... Xullas, bu gaplar sizga ortiqcha. Sizning qiladigan yumushingiz, har galgidek... Huv, anovi doʻnglikka toʻshanchi toʻshaysiz, choʻpon kabobni oʻxshatasiz, qolgan mayda-chuydani shofyordan olasiz.
— Xoʻp, xoʻp... — Chori choʻpon bosh irgʻadi. — Mehmonni bergan, rizqini ham beradi. Qani, marhamat...

... Shahri-azimdan kelgan mehmon ancha sergap chiqib qoldi. Ogʻzi goʻsht chaynash barobarida gapdan ham boʻshamasdi.
— Oh-oh-oh! — dedi u kattakon soʻngakning iligini kaftiga urib qoqarkan. — Ana tabiatu, mana tabiat! Havoning tozaligi... Bay-bay... «Ekologicheskiy chisto!» deganlari mana shu-da! Men sizlarga aytsam, amerikalikmi, yaponiyalikmi olimlarning aytishicha «Tabiat goʻzalliklaridan bebahra inson, ona koʻkragidan benasib goʻdakka» oʻxsharkan! Mana biz ham ana shunday chaqaloqlar sirasiga kiramiz. Shu... qani direktor bova, «qultimissin»dan yana bir oʻz qoʻlingiz bilan...

Mehmon ogʻzidagi luqmani yutib, toza havodan toʻyib-toʻyib simirgach, yana falsafa soʻqdi.
— Bizning shaharda toza havo defitsit! Toʻrt tomonimizni koʻmir zavod, tsement zavod, asfalt zavod va yana bir-balo zavodlar oʻrab turadi. Yaqinda deng, uyqum qochib, tashqariga chiqib, katta bir jinoyatning... shohidi boʻldim!

Davradagilarning dami ichiga tushdi. Direktorgina botinmay soʻradi:
— Nima birortasini boʻgʻizlab...
— E, yoʻq, — qoʻl siltadi mehmon. — Kriminal mening sohamga kirmaydi. Men guvoh boʻlgan voqea ham ekologiyaga bogʻliq. Shu narsani aniq sezdimki, yonimizdagi zavod kunduzi bilan chang va gazini yigʻib, tunda hamma uxlaganda sekin havoga qoʻyvorarkan! Axir bu jinoyat emasmi?! Sizlarda esa toza havo! Ajoyib... Hiq-q!

Toʻsatdan kutilmagan hodisa roʻy berdi. Mehmon ikki marta hiqilladi-yu, koʻzlari suzilgancha yonboshiga qiyshaya boshladi.
— Nima balo, kayfi oshdimi?! — direktor hushyor tortdi. — Ichgani ikki piyola-yu...

Davrada oʻtirgan «moldoʻxtir» yigit mehmonning tomir urishi-yu, avzoyiga qarab rangi qumdek oqardi.
— Direktor bova! Buningiz nafas olmayaptimi?! Suv sepinglar, suv...

Shoshib qolishganidan kimdir «Bonoquva», kimdir «Koka-kola», hatto bittasi «Bulungʻur» konyagidan ham sepib yubordi. Lekin bu «sepishlar»ning foydasi boʻlmadi. Mehmonning nafas olishi tobora sekinlashib borardi. Direktor «vetvrach»ga buyruq qildi.
— Qanaqa doʻxtirsan! Bir davosini topsang-chi...
— Aka! — yigʻlagudek hiqilladi «vetvrach». — Meniki mol doʻxtir, axir! Buningiz qoʻchqor yoki xoʻkiz boʻlsaykan...
— Qani, shoshmanglar-chi! — davraga ohista odim otgancha Chori choʻpon kirib keldi. — Mehmon jigit hali «zovut-povut», chang-gaz... devdima?! Demak, tushunarli... Buyam, bir gapi-da. Chiqmagan jondan umid... Qani, direktor, buyruq bering, hoy anovi «UAZ»ingizni bu yoqqa haydasin!

Topshiriq darhol bajarildi. Qoʻmondonlikni qoʻlga olgan Chori choʻpon galdagi koʻrsatmani berdi:
— Hoy, shopir bola... Moshinni oʻchirmay tur! Endi mehmon jigitni koʻtaramiz... Bunday jengil, nima balo, faqat manniy kasha yeb oʻsganmi? Endi, ogʻaynilar, mehmonning burnini moshinning tutun chiqadigan trubasiga yaqin olib boramiz... Ha, balli, ana shunnay...

Toʻsatdan moʻ‘jiza roʻy berdi. Mashina dudburunidan oʻrlayotgan achqimtil tutundan mehmon asta-sekin oʻziga kela boshladi. Nihoyat, oldin bir koʻzini, soʻng ikkinchisini ohista ochdi. Tanasiga jon kirgan zahoti oʻrnidan irgʻib turgancha yolvorishga tushdi:
— Jon akalar! Tezroq meni shaharga eltinglar! Zavod-fabrikasi bor joyga... Faqat tezroq! He, oʻsha toza havolaringdan oʻrgildim...

Direktor yengil tin oldi. Chori choʻponning yelkasiga qoqdi.
— Barakalla! Qari bilganni... deganlaricha bor ekan. Mushkul ahvoldan qutqazganligingiz uchun sizga mukofot... Biz esa, bu yerdan tezroq joʻnadik. Boʻlmasa...

Chori choʻpon ularning ortidan kulgancha qolaverdi.