OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Muhammad Ochil. Shaftoli (hajviya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMuhammad Ochil
Asar nomiShaftoli (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Muhammad Ochil
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm6KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Shaftoli (hajviya)
Muhammad Ochil

Qurbon qassob xastaxona palatasida bilagiga boshini qoʻyganicha mudrayotgandi, mushuk tirnagandek eshik qitirladi. Bemor hushyor tortdi. «Kim koʻrgani keldiykin? Kattasi boʻlsa, shartta ochib.. Yoki supraqoqdisimikin? Kim kelsa ham durust boʻldi. Qorin ochib tatalayotgandi...»
— Kim u? Kir-kiraver...

Eshik tabaqasi qiya ochilib, oldin qiyshiq gardishli shlyapa, soʻng ikki yonogʻi qip-qizil bashara koʻzga tashlandi.

Qassob «kelgan kishi»ni koʻrib taajjublandi.
— Ibi... Qurim-m... Qulmurodmisan?! Baxay... Qanday shamol uchirdi?

Qulmurod qurumsoq beparvo tarzda palataga koʻz yugurtirdi, nigohi bir zumda deraza raxidagi dori-darmon qutilari, tumbochka ustidagi choynak-piyola, devorda osigʻliq manzarali suvrat va nihoyat, xona burchagida turgan qogʻoz xalta... uzra suzib chiqdi. Shundan soʻng ostona hatladi. Qoʻlidagi tugunchani oyoqlari orasiga qoʻyarkan, krovatning chetiga omonatgina oʻtirib, hol-ahvol soʻrashga tutindi.
— Hm-m... Qassob! Qalaysan, joʻra? Tuzalib qoldingmi?

Sening kasaling, bilsam-bilmasam, suqdan! Pichogʻing doim yogʻ ustida boʻlgandan soʻng, suqlanasan-da! Bu doʻxtirlar suyaksiz lahm soʻrab garang qilayotgandir?

Qurbon qassob miyigʻida kulgancha, joʻrasi olib kelgan «Tuguncha»ga koʻz qirini tashladi.
— Ha, endi dorbozniki dordan, morbozniki mordan...

Oʻzingdan gapir. Nimalar koʻtarib, tashvish-tadorik qilib yuribsan? Quruq kesang ham... Menga qara, kasalxonaga tushganimdan qanday xabar topding?

Qulmurod qurumsoq oʻz navbatida xona burchagidagi qogʻoz xaltadan koʻz uzmay javobga yuzlandi.
— Shu desang, kenja oʻgʻildan xabarlashay deb past qishloqqa oralagandim. Hovlisini koʻrsang, meva toʻkilib yer bilan bitta boʻlib yotibdi. Gapning ochigʻi, xafa boʻldim. Oʻz pushti kamaringdan boʻlgan bola manzirat uchun ham: «Otavoy, hech boʻlmasa mana bu chumchuq choʻqilaganidan yeng!» demadi-ya! Qaytaga sogʻ boshimga saqich yopishtirdi. «Keliningiz bachcha topgan! Darmonga inishi uchun qoʻy goʻshtidan shoʻrva kerak. Qani, pensiya pulidan choʻzing!» dedi-ya! Eh, farzand noqobil boʻlsayam jigarning jazillama joyidan boʻlarkan. Shoshma, dedim, Qurbon qassob oftobda qatiq, salqinda saryogʻ yalashgan joʻram boʻlsa... Bolalikda somon oʻgʻirlikda, kolxoz bogʻidan meva oʻmarishga birga borib, mazasini ham, azobini ham baham koʻrganmiz! Shunday ekan, bir safar-ikki safarga bir kilo, ikki kilo... goʻshtni shunnay tekiniga «padarka» qivoradi, deb seni yoʻqlagandim. Borsam, doʻkoningda qoʻzining kallasidek qulf! Haligi, alkash kuyoving bor-ku... Oʻsha ikkita ulfati bilan... Xullas, adresingni olib bu yoqqa qarab yoʻrtdim. Uf-f, obed payti ham boʻp qoldi-ya! Menga qara, kasaling ogʻirmasmi, ishtahang qanday?

Qurbon qassobning yuziga qon yugurdi.
— Ha-a, endi bizdi kasal bor-yoʻgʻi belangida! Oshqozonga aloqasi yoʻq. Ishtaham, senga aytsam, boʻrdoqiga boqilayotgan buqanikiday...

Qulmurod qurumsoq xursand boʻlib ketdi, kaftlarini bir-biriga ishqaladi.
— Oʻh-oʻ! Unda bir mazza qilarkanmiz-da... Yogʻli ovqat ham-a?
— Yeyaberamiz...
— Qatiqlisini-chi?
— Unisida ham nushxoʻrt chiqarmaymiz...

Shundan soʻng ikki joʻra dastlab bir-birlariga moʻltirab tikilishdi, soʻng qassob tugunchaga, qurumsoq esa qogʻoz xaltaga qarab tamshanishdi. Oradan bir piyola choy sovigulik fursat oʻtdi. Ogʻir sukunatni yana Qulmurod qurumsoq buzdi.
— Bu haligi... Shunaqa qilib.., men yaxshi koʻradigan shaftoliga ta’bing qalay?

Qassob endi turib oʻtirdi.
— Yogʻli ovqatdan koʻra-ku, meva-cheva ham durust! Rahmat, joʻra...

Tashvish chekib-a?

Qulmurod qurumsoq qoʻl siltadi.
— Qiziqmisan, taom yeyish ham tashvish boʻldi-yu! Senga aytsam, mevalaring shohi shu — shaftoli! Sen oʻzi shaftolini qanday yeyishni bilasanmi, ogʻayni?

Qurbon qassob qilq qilib yutindi.
— Ha, endi... Shaftolixurlikka oʻgʻirlikka borganimizni eslay debsan-da,a...

Qulmurod qurumsoq lablarini chalpillatdi.
— Bolalikni qoʻy, sen shaftolidan gapir! Ey-y, umri suyak gʻajish bilan oʻtgan odamga xayf! Mana quloq sol... Shaftolini yeyish uchun hech qachon suvda yuvma, ta’mi qochadi. Oldin tuklari sidiriladi, soʻng poʻsti ohista, avaylabgina shilinadi... Iye, tupuging soqolinga toʻkildimi?
— Oh-oh-oh!, — deb yubordi Qurbon qassob. — Ishtahani ham oʻchoq qilib yubording-ku, joʻrajon!
— Hovliqma! — Qulmurod qurumsoq ham ikki-uch yutinib olgach, koʻzini yumib oldi. — Shaftolining poʻsti archilgach, bir toʻyib chuqur nafas olasan-da, ogʻzingga olib borasan...
— Oh-oh-oh!
— Ogʻzingga olib borgach, sekingina tiling bilan tanglayingga bosasan...
— Voh-voh-voh!!!
— Ammo lekin, men senga aytsam, shaftoli yeganingdan soʻng, hech qachon xom suv ichma...
— Ichmayman! Ichmayman!! — jon holatda baqirdi Qurbon qassob. — Jon joʻra, boʻldi... Bu yogʻiga sabrim chidamaydi. Ol, oʻsha shaftolingni!

Qulmurod qurumsoqning yumuq koʻzlari charaqlab ochildi.
— Qanaqa... shaftoli?
— Qanaqa boʻlardi? — Qurbon qassob joʻrasining oyoqlari orasidagi tugunchaga imo qildi. — Anovi olib kelgan, yarim soatdan buyon maqtayotgan matohingnida! Qani, bu yoqqa uzat-chi...

Qulmurod qurumsoq tutilinqiradi.
— Men... haligi.. Sen kasal boʻlsang... Seni koʻrgani ul-bul narsa olib kelishgan boʻlsa... Tagʻin isrof boʻlmasin, birga baham koʻrarmiz, deb kelgandim... Menga qara joʻra, huv anavi qogʻoz xaltangda nima bor?
— Ha-a... Umi? Qotgan -qutgan non boʻlaklari. Uydagilar kelishsa olib ketishadi, tovuq-movuqqa ivitib berishadi. Menga qara, joʻra... Gapni alahsitma! Tuguningda nima bor oʻzi? Qulmurod qurumsoq hafsalasi pir boʻlgandek oʻrnidan qoʻzgʻaldi.
— Nima boʻlardi... Boʻsh banka! Tumbochkang toʻlib-toshib, ovqating ortib-mortib yotgan boʻlsa, olib ketarman desam... He, yana bu kishi ogʻayni emish. Eplasang, kasal boʻlda...

Palata eshigi taraqlab yopildi. Qurbon qassob oʻzini behol sezdi...