OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMuhammad Ochil
Asar nomiShahar koʻrgan Shodiqul (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Muhammad Ochil
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm4KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Shahar koʻrgan Shodiqul (hajviya)
Muhammad Ochil

Mulla Moyliboyning kenjasi Shodiqul shaharda yashaydi. Oʻqitgan oʻqituvchilari: «Bu bola odam boʻlmaydi, gʻirt chalasavod!» deyishardi. Yoʻq, binoyiday... Hafta-oʻn kunda, ayniqsa bayram, hayit kunlari «inomarka» mashinasini «bip-bip»latib kelib, qishloqdoshlarning koʻzini oʻynatib ketadi. «Nima ish qilasan shaharda?» deb soʻraganlarga koʻkrak kerib: «Biznes!» deydi-qoʻyadi.

Shodiqul bu safar katta akasining: «Boboyning kasali qoʻziladi... Dori-pori obke!» degan mujdasini eshitiboq yoʻlga chiqdi. Kelsa, aldashmabdi — «Boboy» chorpoyada inqillab yotibdi, yonida esa qoʻshni qishloqlik «frontovoy» joʻrasi Bolta baqiroq shangʻillagancha hol-ahvol soʻrayapti:
— Ha, buytib, butti kerib, uzala tushib qopsan, mulla? Kontujing yana qoʻziladimi?
— Baqirma-e! — Moyli bobo yostiqning gʻilofidan uvada paxta olib qulogʻiga tiqdi. — Hali devdayman! Otamni bilasan-a, yuz yoshida nima qilgan...
— Bilaman, bilaman! — yana shangʻilladi Bolta bova. — Otang Jovli bova oshning tagida qolgan zigʻir yogʻga choy qoʻshmasdan ichgan, oʻlishidan yarim soat oldin enangga bir qozon kesgan osh qildirib, orqasidan oltita moyakni xomlay...
— Ha-a, ana! — Mulla Moyliboy kaftini chorpoya qirrasiga tirab, oʻmganini koʻtardi. — Ana shu nafsi buzuqlik, joʻrajon, menga ham otamdan oʻtgan. Kasal boʻlishimga sabab, kecha Gʻaybulla gʻujala bor-ku... Eski «aktiv»lardan! Qadrdon-da endi... Oʻshaning nevarasimi-evarasimi, ishqilib bir churvaqasi armiyadan kelgan ekan. Ey-y... hozirgi zamonning jigitlariga nima boʻlgan-a?! Bir doshqozon palovning yarmi, mantining toʻrt-besh qasqoni, ikki tovoqcha yaxna... shundaygina qoʻl urilmasdan qob ketsa boʻlama! Oʻlay agar, shu jigitlarni qoʻshga qoʻshsang oʻn metr yurmay buti shishib qoladi-yov. Lekin, bir yashik haligi «shaytonning suvi» bor-ku, oʻshandan tomchi ham qolmadi!
— Nima? — baqirib yubordi Bolta baqiroq. — Mulla boʻla turib, sen ham yutdingmi?

Mulla Moyliboy oʻzini qayta yostiqqa tashlab, behol bosh chayqadi.
— Tomchi qolmagan boʻlsa, baloni yutamanmi? Qaytaga isrof boʻlmasin deb, Gʻaybulla gʻujala bilan qolgan osh, manti, yaxnani... quruq tushiraveribmiz, lappa-lappa yutaveribmiz...

Bemorning xastaligi esiga tushib ketdimi, bu safar koʻzini yumgancha inqilladi.
— Voy-y, jonim-ay! Voy, enajon-ay... Gʻaybulla gʻujala gʻirromlik qildimi yo oʻsha kunlari mazam yoʻqmikan, ishqilib, chatogʻim chiqib qoldi-da, joʻrajon! Davleniyam koʻtarildi... Nechavo... Mana, shahardan Shodiqulim keldi, oʻzi tuzatadi! Akang aytgan dorini obkeldingmi, toychoq?

«Toychoq» — toʻrt bolalik shaharlik oʻgʻil Shodiqul kissa kavladi.
— Mana, oʻziyam importniysi.

Bolta bobo Shodiqulning yelkasiga qoqdi.
— Barakalla! Mulla, shu uling senga koʻp mehribonda-a? Bir marta meni ham moshinada istansagacha chiqarib qoʻygan. Qani, Shodiqul otangga dorini ichir... Bizdi gurungimiz keyin qiziydi.

Shodiqul olib kelgan dorisining «yorligʻi»ni oʻqib, ichirishga tadorik koʻra boshladi.
— Ota... Bu shishachadagi suyuqlikni ovqatdan yarim soat oldin ichish kerak ekan. Retseptida shunday yozishgan. Shoʻrvayam pishib qoldi. Xoʻsh-sh, osh qoshiqda... Bolta bova, anovi alyumin qoshiqni uzatvoring... Ota, endi ogʻizni katta oching! Yoʻq, shoshmay turing. Bu yerda yozilishicha... Bolta bova qoshiqni ushlab turingchi...

Shodiqul egilib otasining yelkasidan tutgancha uch marotaba qattiq-qattiq silkiladi. Mulla Moylining boshidagi qalpogʻi uchib gilamga tushdi. Ogʻzi lang ochilib qolgan Bolta baqiroq shosha-pisha Shodiqulning bilagiga tirmashdi.

— E-e-e! Esing joyidami, sen bachchani! Kasal odamni-ya?

Shodiqul Bolta bovaga ta’nali boqdi.
— Soddasiz-da otaxon, kerak boʻlgandan keyin silkilayman-da!.. Mana, dorining qogʻoziga otning kallasiday qilib yozib qoʻyishibdi: «Ichishdan oldin uch-toʻrt marotaba silkitilsin!» deb. Endi tushungandirsiz?! Qani ota, ogʻizni oching...

Mulla Moyli dorini ichgach, oʻgʻliga mehr bilan qarab qoʻydi. Bolta bova ham qoyil qolganini yashirolmadi.

— Ha-a... Bejizga shahar koʻrmaganda-a!..