OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMuhammad Rajab
Asar nomiMalakali muhabbat (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Muhammad Rajab
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm12KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/12
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Malakali muhabbat (hikoya)
Muhammad Rajab

Abdurahmonning hayoti algʻov-dalgʻov boʻlib ketdi. Qaerdanam malaka oshirishga bordi-ya. Borishga-ku bordi, qaerdanam qoʻqonlik doʻndiq qizchaga yordam berdi. Jimgina oʻz yoʻliga ketabersa boʻlmasmidi? Yoʻq. Hamma jim ketsa ketadi-ku, Abdurahmon indamasdan ketolmasdi. Uning tabiati shunaqa, oqkoʻngil. Birovning koʻngliga ozor yetkazgisi kelmaydi. Birovni nohaq xoʻrlashsa, indamay ketolmaydi. Oʻshanda qoʻqonlik doʻndiqqina qizchani shilqim taksichidan qutqarib oldiyu unga qattiq bogʻlanib qoldi. Bir oy oʻqish davomida bir kun ham koʻzdan qochirmadi. Abdurahmon dunyoda hali goʻzal, mehribon, oqkoʻngil qizlar yoʻqolib bitmaganiga iqror boʻldi. Umrida ilk bor koʻnglining tub-tubida oʻz hayotiga qarshi isyonmi, norozilikmi hissini tuydi: «Xudoyimning men uchun yaratgan bandasi bu yoqda ekan-ku, men qayoqlarda yuribman».

Abdurahmon qizni sevib qoldi deyishimiz qiyin. U muhabbatni ilohiy tushuncha deb hisoblaydi. Buning ustiga oilali yigit. Quyib qoʻygandek oʻziga oʻxshash bir yashar oʻgʻilchasi bor. Abdurahmon dunyoda hammadan koʻra koʻproq oʻgʻlini sevadi. Hatto malaka oshirishga borganda oʻgʻlining suratini ham olib ketgandi. Oʻsha qoʻqonlik qizchaga uning suratini koʻrsatgandi ham. «Vuy, muncha shirin bu kichkintoy, Rahmonjon, iloyim baxtli boʻlsin», degandi u qiz suratni mehr bilan silab.

Abdurahmon malakasini oshirib keldiyu u qizni, uning gaplarini qoʻmsaydigan boʻlib qoldi.

Mana, hozir ham koʻrpani koʻkragigacha tortib, yulduz toʻla osmonga boqib xayol surib yotibdi. «Iloyim baxtli boʻlsin».

Umuman, baxt oʻzi nima?!

Oʻz uying, koʻkrakkacha tortilgan koʻrpang, yoningda beozorgina uxlayotgan xotining, beshikda pishillab uxlayotgan bolangning tovushini eshitib yotish, osmon toʻla yulduzlarni koʻrish, onda-sonda hurayotgan itlarni, bemahal qichqirgan xoʻrozlarni, katta yoʻldan oʻtayotgan mashinalar ovozini eshitib, tomirlaringda oqayotgan qonni his etib, jimgina xayol surib yotish baxt emasmi?

Qoʻradagi ikki qoʻyu bir echking, hovli adogʻiga bogʻlangan, yomonligidan dumi choʻltoq oʻgʻri sigiringning borligi, kassadagi bir yuzu yigirma toʻrt soʻm puling baxtmi?!

Qisqasi, Abdurahmon u qizni tez-tez eslaydigan boʻlib qoldi. Ayniqsa, uning xayrlashuvdan oldin aytgan bir ogʻiz soʻzini umrining oxirigacha yodidan chiqarmasa kerak. «Siz baribir yaxshi odamsiz, Rahmonjon aka».

Shu bir ogʻiz soʻzda mehr, hurmat, achinish, minnatdorlik, yaqinlik, yana qandaydir anglab boʻlmas tuygʻularni ifodalovchi ohang borligini mana endi anglab turibdi Abdurahmon. Hali hech kim Abdurahmonga yaxshi odamligini bunday ohangda aytmagandi. Toʻgʻri, uning yaxshiligini tez-tez ta’kidlab turishardi. Lekin hech kim, hech qachon bir ogʻiz soʻz bilan bunday ohangda aytmagandi. Hatto xotini ham.

Darvoqe, xotini. Abdurahmon xotinini sevadimi? Xotini-chi?

Uylanganiga uch yil boʻlibdi-yu, bu haqda jiddiyroq oʻylab koʻrmabdi. Malaka oshirishga borib kelgach bir narsani angladi, xotinining unga koʻngli yoʻq. Azbaroyi yaxshi odam boʻlganligi uchun ham birga yashab kelmoqda. Abdurahmon buni angladi-yu, oʻsha qizchani tez-tez eslaydigan, hatto tushlarida ham koʻradigan boʻldi. Doimo bir xil alpozda tushiga kiradi: oyogʻida ixchamgina koʻkish etik, egnida yoqasiz kulrang palto. Yalangbosh. Sochlari kitoblarda yozilganday tim qo-ra, bilakday emas, yelkadan kesilgan. Shamolda mayin-mayin oʻynaydi. Mehribon koʻzlari jigarga moyil, quralay. Ingichka terilgan qoshlari beozor chimirilgan. Hech yerida xoli ham, dogʻi ham boʻlmagan tarang yuzlari oppoq va silliq. Yelkasiga osib olgan koʻkish sumkasining bogʻichidan chap qoʻli bilan mahkam ushlab olgan. Oʻng qoʻlida Abdurahmonning qiqirlab kulayotgan qip-yalangʻoch oʻgʻilchasi. Oʻgʻilchasini Abdurahmonga tutar ekan, koʻzlarida gʻilt-gʻilt yosh aylanib, kulib turib shunday deydi: «Siz baribir yaxshi odamsiz, Rahmon-jon aka». Shunday deydi-yu, gʻoyib boʻladi. Havoda muallaq qotgan, chinqirib yigʻlayotgan chaqaloq qo-ladi. Abdurahmon choʻchib uygʻonadi. Uygʻonadi-yu, yonida pishillab uxlayotgan xotinini, beshikda bigʻillab yigʻlayotgan oʻgʻlini koʻradi. Sekingina xotinining oyoq tomonidan aylanib oʻtib beshikni tebratadi. Beshikni tebrata turib xayol suradi. Muhabbat nima?

Jufti haloling boʻla turib, tushingda nomahramni koʻrish muhabbatmi?

Shiringina uxlayotgan xotiningni uygʻotishni koʻzing qiymasdan, yarim tunda turib bu dunyoda yolgʻiz suyganing — Oʻz farzandingning beshigini tebratish muhabbat emasmi?!

Nahotki bir paytlar oʻzi darsdan haydab chiqargan oʻquvchisi haq boʻlib chiqsa. «Muhabbat bu — romantik tuygʻu, real narsa. Faqat yuragida jasoratga jur'ati yoʻq kimsalar uni ilohiy tushuncha, deb oʻylashadi. Muhabbat real. U insonni oʻzligini anglashga undovchi oliy tuygʻu», deb darsda Abdurahmon muallimning gaplarini inkor etgandi usta Madiyorning oʻjar ken-jasi. Abdurahmon oʻsha oʻjar oʻquvchisining gaplarini tez-tez eslaydigan boʻldi. Umuman, Abdurahmon malaka oshirishga borib keldi-yu, koʻnglida nimadir gʻalayon roʻy berdi. Goh oʻzicha uzoq-uzoq xayol surib qoladi. Goh koʻnglida kechayotgan oʻylarini she’rga solgisi keladi. Qiynaladi. Shunda umri bino boʻlib biror marta she’r yozmaganligiga afsuslanadi...

Hatto bir marta oʻsha oʻjar oʻquvchisini oʻqituvchilar xonasiga chaqirib ochiqchasiga gaplashdi. Baribir natijasi Abdurahmonni qoniqtirmadi.

Hamma darsga kirib ketganda X-«A» sinfida oʻqiyotgan usta Madiyorning kenja bolasini Abdurahmon muallim oʻqituvchilar xonasiga chaqirib keldi, Nima ayb qilganligini anglayolmagan oʻquvchi muallimiga jim — hayrat toʻla koʻzlarini tikib jimgina oʻtirar edi. Gapni boshlay olmayotgan muallim oʻquvchisiga bir stakan choy quyib berdi. Stakanga ikki chaqmoq qand solib, kumush qoshiqcha bilan yaxshilab aralashtirgach, mehribonlik bilan oʻquvchisiga tutdi: «Ich, doʻstim». Bunday mulozamatni kutmagan oʻquvchi ochilib-sochilib, joylashib oʻtirdi. Suhbat oʻz-oʻzidan qovushib, undan-bundan gaplashishgach, Abdurahmon sekin maqsadga yaqinlashdi:
— Mana, sen she’r yozib turasan, shoirsan, — dedi Abdurahmon oʻquvchisiga xushomad ohangida. Yigitcha oʻqituvchisini yaxshi koʻrib ketdi. Shu paytgacha hech kim uni shoir demagandi. Uyalib koʻzini yerga olib qochdi. Abdurahmon esa maqsadga yaqinlashgan sayin ovozi mayinlashib borardi:
— Sendan bir narsani iltimos qilsam yoʻq demaysanmi, — dedi Abdurahmon oʻquvchisiga yoqish uchun iltijo bilan. — Mening koʻnglimda bir she’rning gʻoyasi yuribdi. Hech tinchlik bermaydi. She’rga solay deyman-u, baribir chiqmayapti. Sen shuni she’r qilib bermaysanmi, doʻstim?
— Mayli, agar qoʻlimdan kelsa. Qani, ayting-chi gʻoyangizni, — dedi oʻquvchi oʻqituvchisiga astoydil yordam bergisi kelib.
— Rahmat, — dedi Abdurahmon oʻquvchisiga yana choy quyib uzatarkan. — Oʻsha she’rning soʻzlari taxminan shunday boʻladi. — Abdurahmon koʻzini devorga osigʻliq dunyo xaritasiga tikib gap boshladi: Abdurahmonning koʻzlari xuddi koʻpdan buyon kutib yurgan kishisini koʻrib turgandek quvonch bilan porlardi. Ovoziga sogʻinch, mung, quvonch ohanglari aralashib dona-dona soʻzlardi: — Qaerdasan, e, meni qiynayotgan kuch? Nega meni qiynaysan, nega qalbimga azob so-lasan? Nega oromimni oʻgʻirlaysan? Sen qanday roʻyosanki, seni izlay-izlay topganimda yana yoʻqotdim? Seni izlay-izlay shu narsaga amin boʻldimki, men oʻzimni topdim. En-di seni topish uchun nima qilish kerak. Menga yoʻl koʻrsat, e, meni qiynayotgan roʻyokor kuch!

Abdurahmon chuqur xoʻrsinib oʻquvchisiga qaradi. Yigitcha ichdan qaynab kelayotgan kulgusini yashirish uchun zoʻr berib choy hoʻplardi. Burnining usti terlab ketgan, gʻalaba nashidasini surayotgani koʻzida oʻynayotgan quv tabassumidan yaqqol sezilib turardi. Stakanni qoʻyar ekan, oshkora tabassum bilan soʻradi:
— Sarlavhasi muhabbat boʻlsinmi?
— Nega endi muhabbat? — deb astoydil ranjidi muallim.— Bu yerda muhabbat haqida soʻz yoʻq-ku?
— Baribir,— dedi yigitcha ishonch bilan.— Oʻsha sizni qiynayotgan roʻyo — romantik kayfiyat bor, eng muhimi, sizni olgʻa undovchi kuch — real kuch bor. Muhabbat esa insonni olgʻa undovchi oliy tuygʻudir,— Usta Madiyorning oʻjar kenjasi bir paytlar oʻzini darsdan haydalishiga sababchi boʻlgan fikrlarini muallimiga takrorlash imkoniyatidan foydalanib qoldi. Hozir u bahslashadigan kayfiyatdamasdi.

Abdurahmon oʻquvchisining sha’masini ilgʻadi. Shunday boʻlsa-da, necha yillardan beri toʻtiday takrorlab, oʻquvchilarning qulogʻiga quyib kelayotgan, oʻzi ham bir paytlar qaysidir oʻqituvchisidan eshitgan falsafani takrorlashdan oʻzini tiyolmadi:
— Adabiyot — bu hayot. Sovet adabiyotining asosiy yoʻnalishi sotsialistik realizmdir. Har qanday romantika ikkilamchidir.
— Baribir men siz aytgan gʻoya boʻyicha she’r yozsam, sarlavhasini «Muhabbat» deb qoʻyar edim.— Oʻjarlik bilan takrorladi yigitcha Abdurahmon oʻquvchisiga javob berar ekan, shu narsani ta’kidlab iltimos qildi:
— Men seni shoir, koʻp narsani tushunadi, deb koʻngil sirimni izhor etdim. Endi biz doʻst boʻlib qoldik, senga ishonsam boʻladi-ya?!
— Albatta, malim. Menga ishona bering, sizdagi holat menda tez-tez boʻlib turadi. Bu yaxshilik alomati. Mana koʻrasiz, hammasi yaxshi boʻlib ketadi. Men esa baribir sizga she’r yozib kelib beraman,— dedi mahmadona oʻquvchi oʻqituvchisiga xayrxohlik bildirib.

Usta Madiyorning oʻjar bolasi va’dasiga vafo qilib ertasiga Abdurahmonga she’r yozib kelib berdi. She’rning sarlavhasi «Muhabbat» edi. Tabiiyki, bu she’r Abdurahmonga yoqmadi. Abdurahmonning boshi qotdi. Oʻylay-oʻylay, oxiri malaka oshirishda oʻqib yurganida uchrashuvga borgan qorachadan kelgan, loʻliga oʻxshash shoirga xat yozishga qaror qildi. Abdurahmonga bu shoir yoqib qolgandi. Oʻsha uchrashuvda Abdurahmon qoʻqonlik qizcha bilan eng oldingi qatorga oʻtirgandi. Uchrashuvda qoʻqonlik qiz shoirning beshta she’rini yoddan oʻqib bergandi. Shunda shoir bir dasta gul bilan sahnadan tushib kelib, qizning qoʻlini qisib, samimiyat bilan shunday degan edi:
— Rahmat sizga singlim. Xalqimizning sizday nozikta’b qizlari bor ekan, oʻzbek xalqi hech qachon shoirga zor boʻlmaydi.

Keyin qizning yonidagi Abdurah-monning qoʻlini ham olib:— Sizga ham rahmat, doʻstim. Sizday bahodir yigitlarning vazifasi shunday goʻzal qizlarni koʻz qorachigʻiday asrash, qadriga yetish,— degandi doʻstona ohangda.

Abdurahmon dangalchiligi uchun yoqtirib qolgan oʻsha shoirga quyidagi mazmunda xat yozib yubordi.

«Salom, hurmatli Muhammad Yusuf. Sizga xat yozayotgan olis Ulus qishlogʻidan adabiyot oʻqituvchisi Abdurahmon Pratov boʻlaman. Siz balki meni eslarsiz. Esingizda boʻlsa shu yil bahorda oʻqituvchilarning bir oylik malaka oshirish kursiga uchrashuvga borganingizda sizning she’rlaringizni yoddan oʻqib berib, hammani qoyil qoldirgan chiroyli qiz bor ediki, shu kishining yonida oʻtirgan yigit men edim. Bu gaplarni shunchaki yozayapman. Sizga xat yozishdan maqsad, meni qiynayotgan ikkita savolga javob topishda yordam berarsiz, degan umiddaman.

Yaqinda, adabiyot darsida, erkin temada bir oʻquvchim bilan tortishib qoldim. U oʻquvchi ham she’r-pe’r yozib turadi. Men: «Muhabbat ilohiy tushuncha», desam, u zumrasha: «Yoʻq, malim, muhabbat real kuch, u insonni oʻzligini anglashga undovchi oliy tuygʻu», deydi.

Umuman, muhabbat oʻzi nima? Oilalik kishi boshqa birovni sevib qolishga ma’naviy haqqi bormi? Siz bunga nima deysiz, hurmatli Muhammad Yusuf aka?! Iltimosimni yerda qoldirmasligingizga ishongim keladi. Ishonchimni oqlasangiz , sodiq muxlisingizning qalbiga quvonch ulashgan boʻlar edingiz.

Sizga hurmat saqlab, maktubiga javob kutuvchi uluslik Abdurahmon Pratov».

Oradan oʻn besh kun oʻtib, Abdurahmon Toshkentdan maktub oldi. Konvert ustiga shunday yozilgan edi: SHOIR ABDURAHMON PRATOVga.

»Yoshlik» jurnalining 1990-yil, 6-sonidan olindi.