OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMuhammad Rajab
Asar nomiZumrad poshsho (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Muhammad Rajab
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm8KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Zumrad poshsho (hikoya)
Muhammad Rajab

— Yer yutgur Asqad, yergina yutgur Asqad! — Ulusliklar bu tong odatdagiday xoʻrozlarning qichqirigʻidan emas, Zumrad kampirning yurakni larzaga soluvchi chinqirigʻidan uygʻonib ketishdi.

Ma’lum boʻlishicha, yer yutgur Asqad onasyning oxiratini kuydirib, ukalarining rizqini qiyib, yetmish soʻmning hammasini oʻgʻirlab, shaharga ketib qolibdi. Endi Zumrad kampir nima qiladi? Bo-shida eri boʻlmasa, bolalarini qanday boqadi? Ha yer yutgur Asqad, yergina yutgur Nortoev. Zumrad kampir necha marta xudoning zorini qildi:
— Asqadjonga ish topib bering, akajonisi. Shaharga ish izlab ketsammi, deb yuribdi. Mabodo ketib qolsa, men shoʻrlik nima qilaman?

Uyidagi olti birday gul yetimni qanday boqaman? — dedi shoʻrlik zorlanib.
— Ish yoʻq,— dedi yer yutgur gum-gursday boʻlib,— mening oʻrnimdan boshqa ish yoʻq. Chiqing, kampir, xonani boʻshatib qoʻying!

Zumrad kampir xonadan lom-mim demay chiqdi, albatta. Xonadan chiqdi-yu, yoʻlakda ovozini vang qoʻyib shangʻilladi:
— Ha yer yutgur, gov kalla! Boy-boyga boqar, suv soyga oqar zamon ekan-da. Sening ogʻaynilaringga ish bor, mening Asqadjonimga ish yoʻq ekan-da? Qarab tur, senginaning bir koʻzingni oʻymasam yurgan ekanman Zumrad poshsho boʻlib.

Zumrad kampir yoʻl-yoʻlakay Nortoevning «koʻzini oʻyib», uchraganga dardini doston qilib ketdi.
— Kechagina malimlikni bitirib kegan kuyovingni rabochkom qilib qoʻyding, maktab koʻrmagan qaysinglingni qishloq Sovetiga rais qilib qoʻyding, singlingni bogʻchaga mudira, xotiningni singlingning bogʻchasiga oshpaz qilib olding, togʻdagi jiyanlaringni bitta qoldirmay bugʻaltir, doʻxtir qilib olib kelding, sen zolimning dastingdan shoʻring qurgʻur ulusliklar kun koʻradimi, yoʻqmi?! Sening jilovingni tortib qoʻyadigan erkak Ulusda qolmagan boʻlsa, mana, men — Zumrad poshsho endi enangni yetti qoʻrgʻondan koʻrsataman!

Zumrad kampir vaysay-vaysay toʻgʻri kuyovi Xaliljonnikiga yoʻl oldi. Ulus qanchalik katta qishloq boʻlmasin, Nortoev toʻgʻrisida aytilgan ignaday gap shu daqiqada uning qulogʻiga yetib borardi.

Zumrad kampir Xaliljonnikiga yetar-etmasdan, Nortoevning kotibasi bogʻchaga ketdi.

U yoqda Zumrad kampir kuyovi bilan tortishayotgan bir paytda, Nortoev oʻz ishxonasida Zumrad kampirning xolavachchasi Xolida bilan bir qarorga kelishib olishdi.

Xolida xolasini izlab Xaliljonlarnikiga kelganda, Zumrad kampir kuyoviga hamon zugʻum qilayotgandi:
— Yoz, nima, sening qoʻlingni ke-sib olisharmidi?.. Koʻksingdagi yurakmi, poʻstak?.. Ikkita gapni eplab yozolmaysanmi? Unda nimaga olti yil shaharda oʻqiding?.. Yuraging yorilsa mening nomimdan yoz, yer yutgur! Olsa, farroshligini oladi... Qasam ichib kelyapman, yoz!

Xaliljon zoʻr berib oʻzini olib qochardi:
— Qoʻying, opa, shu gʻovgʻalarni boshlamay turing. O’zi zoʻrgʻa ikki yilda qoʻy berib, echki berib, kasbim adabiyotchi boʻlsa-da, mehnatdan dars berishga rozi boʻlib maktabga ilindim. Bir-ikki yil tinchgina ishlai.
— Sen bu yoqda tinchingni oʻylab, yelkangni qisib yur, Asqading u yoqda tinchini oʻylab, qochib yursin, Nortoev Ulusda oshna-ogʻaynilari bilan davrini sursin. Biz bechoralarning dardini soʻrovchi mardu mardum bormi oʻzi bu dunyoda, yer yutgurlar! — Zumrad kampir hamon kuyoviga zahrini sochardi. Shu payt eshik ochilib, Zumrad kampirning qizi Saltanat boshini suqdi.
— Opa, sizni Xolida xola izlab keldi,— dedi shivirlab. Zumrad kampirning yuragi hapriqib ketdi. «Shipiyon», degan oʻy oʻtdi koʻnglidan. Birdan yuzi yorishib kuyoviga gap qotdi:
— Yoz, aylanay Xaliljon, hech boʻlmasa manavi konvert oʻlgurning ustiga O’zbekistonning eng kattasiga deb yozib ber!

Xaliljon shuni yozsam qutula-manmi deganday, katta-katta harflar bilan shosha-pisha «Toshkent shahri, O’zbekiston KP MK bosh sekretariga», deb yozdi. Zumrad kampir kuyovining qoʻlidan konvertni olarkan, qiziga qarab sirli shivirladi: «Chaqir yer yutgur-ni!».

Xolida xonaga kirganda Zumrad kampir soʻlakayini oqizgancha konvertni yelimlayotgandi. Ishini tugatgach, xatni dasturxonning koʻrinarli joyiga tashlab oʻrnidan turdi. Xolavachchasi bilan quyuq koʻrishdi. Xolidani konvertning naq roʻparasiga, undagi yozuvlar aniq-tiniq koʻrinadigan joyga oʻtqazdi. O’zaro mulozamatdan soʻng Xolida xolasidan hol soʻragan kishi boʻldi:
— Tinchlikmi, xolajon, xotinlardan eshitdim, Asqad shaharga ketib qolibdi. Zumrad xolang kimnidir qargʻay-qargʻay kuyovinikiga oʻtib ketdi deyishdi, ishqilib tinchlikmi, xolajon? — deya kuyunib soʻradi Xolida. Zumrad kampirning yuzi birdan ma’yus tus oldi, mungli ovozda hasrat qila ketdi:
— Goʻrdami, aylanay, Asqad boʻlang men shoʻrlikni qon qaqshatib ketib qolgani rost. Men anavu yer yutgur gov kallaga necha marta xudoning zorini qildim, bolamga tayinli ish topib bering, deb. Yoʻq, deydi yer yutgur. Mana oqibati, boʻlang xolangni qon qaqshatib ketib qoldi. Men shoʻrlik nima qilay? Qariganda gunohga botib, shikoyat yozib oʻtiribman. Baxtimga Xaliljon bor ekan, men aytib turdim, u bitta-bittalab yozib berdi. Menday mushtipar onaizorning holini tushunadigan birorta halol boshliq bordir bu shoʻro hukumatida!

Zumrad kampir quyilib kelgan koʻz yoshlarini artish uchun gapdan toʻxtadi. Xolida xolasining dardiga sherik boʻlayotgandek, hasratli ohangda pishang bera ketdi:
— Yozing, xola, sizday yetti yetimning onasi, oddiy farrosh xotinning gapiga quloq solmasa kimning kuniga yaraydi bu hoʻkimat. Yozing haromini, suruv-suruv mollari davlatning tekin xashagini yeb semirayotganini ham, ulusliklarning haqidan urib, ikki oʻgʻliga shahardan ikkita dangʻillama uy olib berganini ham qoʻshib yozing! Ular yana anchagacha hasratlashib oʻtirishdi. Ketishida Xolida xolasiga yana bir bor mehribonlik koʻrsatdi.
— Voy oʻlmasam, men ishga boray, ancha oʻtirib qopman,— dedi oʻrnidan turayotib.— Siz koʻpam kuyinavermang, boʻlam baribir qaytib keladi, kindik qoni tomgan joydan bezib qaerga ham borardi,— dedi taskin berib. Xayrlashishda: — Xatingizni bering, yoʻlda pochtaga tashlab ketaman,— dedi xolasiga mehribon ovozda.
— Yoʻq aylanay,— dedi Zumrad kampir ostonada konvertini mahkam ushlab.—: Agar menga chindan yaxshilik qilmoqchi boʻlsang, yuz soʻm qarz ber. Ertaga Asqadni izlab Toshkan boraman. Ana shunda shaxsan oʻzim topshiraman bu xatni. Bu yerlarda Nortoevning aginti koʻp, pochtada ushlab qolishadi. Bu xat — juda muhim xat!
— Mayli, xola, agar kuyovingiz bugun oylik olib kelsa, ertaga picha pul olib chiqarman,— deb omonlashib chiqib ketdi Xolida.

Ertasiga ertalab, ulusliklar odatdagiday xoʻrozlarning qichqirigʻidan emas, Zumrad kampirning darvozasi oldida choʻzib-choʻzib signal berayotgan Nortoevning mashinasi ovozidan uygʻonib ketishdi. Zumrad kampir uydan chiqqanda, Nortoevning shofyori uning qoʻliga bir parcha qogʻoz tutdi:
— Bu Hoshimjonga yoʻllanma,— dedi yonidan yana bir parcha qogʻoz chiqarib uzatarkan,— bunisi esa boqcha uchun buyurilgan muhrning ishonch qogʻozi. Muhrni olib kelarkan. Bir yoʻla Asqadbekni ham olib kelsin. Kelgach, qogʻozlarni rasmiylashtirib sovxoz kassasidan yoʻl kirasini oladi,— dedi hissiz ovozda. Qogʻozlarni bergach, Zumrad kampirga biroz gina qildi: —Yanga, Asqadbek shaharga ish izlab ketibdi, kecha borganda xoʻjayinga munday tushuntirib aytmabsiz. Uluslik yoshlarning har joyda ish izlab daydib yurishi Nurxon Nortoevdek direktor uchun

minus boʻladi. Eshitgan quloqqa uyat. Asqadbek uchun xoʻjayin rayondagilar bilan talashib-tortishib boqchaga eliktiriklik undirdi.
— Rahmat,— dedi Zumrad kampir yuzi yorishib astoydil.— Iloyim oʻrtoq Nortoevning marta-basini bersin.
— Bugun Nurxon aka rayonga majlisga boradi, mabodo Asqadbekka xat-pat yozgan boʻlsangiz berar ekansiz, xoʻjayin oʻzi shu yoqdan tashlab yuborar ekan,— dedi ma-yin ovozda shofyor. Zumrad kampir shosha-pisha uyiga yoʻl oldi. Bir payt qoʻlida konvert bilan chiqdi. Lekin uni Nortoevning shofyoriga bermay, undan ham koʻra muloyimroq ovozda shunday de-di:— Nurxonjonga aytsangiz, ovora boʻlib yurmasin, Asqadjon kelib ishga kirgach, oʻqib koʻrar.

Shofyor lom-mim demay mashinasiga qarab yurdi. Kechikkan xoʻrozlar choʻzib-choʻzib qichqirishdi. Mashriqda qip-qizil quyosh bosh koʻtardi. Ulusda yana bir tong otdi.

«Yoshlik» jurnalining 1990-yil, 6-sonidan olindi.