OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Muhammad Salom. Qarz (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMuhammad Salom
Asar nomiQarz (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Muhammad Salom
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm26KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/11/11
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qarz (hikoya)
Muhammad Salom

Hayit aka ishdan horib, hafsalasiz qaytdi. Ish ogʻir emas, ammo yolgon va’dalar uni charchatib, asabiylashtirdi. Shunga qaramay, oʻzini bosiq tutib, tiliga erk bermadi, dardini ichiga yutdi: «Keyingi safar uch oylik maoshni qoʻshib olaman, bir talay boʻladi», deya oʻzini ovuntirdi. Faqat ayoli xarxasha qilmasa, bas.

Qiziq, Nilufar xola eshikni nim tabassum ila ochdiyu eriga sirli:
— Mehmon bor, — dedi sekingina.
— Mehmon? Kim? — Ensasi qotib soʻradi er. Axir hamyon quruq boʻlsa, nochorgana dasturxon bilan mehmon kutish koʻngilga sigʻadimi? Nilufarning chehrasiga qaraganda nozikroq, balki kerakli mehmonga oʻxshaydi.
— Sovchilar, — shivirladi xotini erining koʻnglidagini sezib.
— Hm... — deb qoʻydi Hayit aka qoshlarini koʻtargancha, sal ochildi: «Zoʻrroq dasturxonga hojat yoʻq». Biroq shu ondayoq darhol tundlashdi: — Ularning javobini beruvdik-ku!
— Sekinroq gapiring... — ayol erini turtdi. — Bular boshqacharoq. Bama’ni odamlarga oʻxshaydi. Yigitning ota-onasiykan. Oʻzlari kelibdilar.
— Bari bir emasmi? Biz hozir qiz chiqazolmaymiz. Axir bitimizga toʻy qilamizmi?
— Avval koʻring, gaplashing, keyin bir nima deng-da, otasi, — Nilufar xola erib ketib, erining yelkasidan silagan boʻldi. — Bunaqada uyimizga hech kim kelmay qoʻyadi. Qiz bolaning ishi qursin. Kiraqoling, otasi, mahtal boʻlishdi.

Hayit aka qoʻliyu yuzini chayib, oʻzga uyga kirgan kabi sal begonasirab, mehmonlar oʻtirgan xonaga qadam qoʻydi. Sovchilar boʻlmish er-xotin darhol oʻrinlaridan turib, mezbon bilan soʻrashishdi. Oʻrta yoshlardagi, bejirim kiyingan, ochiq chehrali juftlik bir qarashdayoq ziyoli odamlar ekanini aniq sezdirib turardi. Bu holat Hayit akaning vujudiga allaqanday nur yoʻnaltirdiyu toʻsatdan koʻngli yorishib ketdi.
— Aybga buyurmaysiz, akaxon, — dedi oʻngʻaysizlikka barham berib, erkak mehmon, — biz ogohlantirmasdan, shunchaki tanishish uchun, norasman keldik.
— Zarari yoʻq, — deb qoʻydi Hayit aka va endigana yoyilgan, buxanka nonu likobchada arzon qogʻozli konfetdan boʻlak hech narsa yoʻq dasturxonga koʻz qirini tashladi. Soʻng nafasi ichiga tushgan kabi: — xush kelibsizlar, — dedi.
— Agar fikrimiz bir yerdan chiqsa, keyin rasman sovchi yuboramiz.
— Yaxshi oʻylabsiz, — dedi Hayit aka sal mulohazadan soʻng ochiq tan berib. — Ammo qizimiz hali oʻqiyapti. Yana uch yil oʻqishi kerak.
— Oʻqishni davom ettiraveradi, — shoshqin gapga aralashdi ayol mehmon. — Xudoga shukr, kelinni oʻqitishga qurbimiz yetadi. Ikkalovining yulduzi mos tushsa, bas. Qiziz haqida yaxshi gaplar eshitganmiz.

Mezbonlarga javob ma’qul tushdi. Ammo bir nafas oʻyga tolishdi.
— Biz hali qiz chiqarmoqchi emasdik, — erini tushunib, gap qoʻshdi Nilufar xola. — Tayyorligimiz ham yoʻgʻidi. Zamon oʻzgarib ketdi.
— Harakatlarimiz boshlanganidan keyin tayyorgarlik ham oʻz-oʻzidan bitib ketadi, xolajon, tashvishlanmang.
— Bizga hech nima kerak emas, opajon, — erkak mehmon dangaliga koʻchdi. — Bizga yaxshi odam, yaxshi kelin kerak. Zamonga qarab ish tutaveramiz.
— Aytasiz-da, ukajon, — dedi oʻylanqirab Nilufar xola. Koʻnglidan esa: «Rozilik olguncha shunday deyishadi. Nagʻmalar keyin boshlanadi», degan oʻy oʻtdi.
— Agar ma’qul topsangizlar, dam olish kuni qizlaringiz bilan Yoqubjonni uchrashtiraylik, shoyad bir-birlarini yoqtirishsa, — dedi nogoh ayol mehmon.

Mezbonlar bir-birlariga qarab olishdi. Hayit akaning ichidan bir nima uzilib tushganday, boʻshashibroq koʻzini yerga suzdi. Ayoli esa oʻzini yoʻqotmay:
— Oʻylab koʻraylik, maslahatlashaylik, — dedi.
— Ha, toʻgʻri, — jonlandi Hayit aka. — Fikrimizni keyin aytamiz.

Oʻsha kecha er-xotin deyarli uxlashmadi. Goh «qudalar»ni maqtashdi, goh ulardan ayb izlashdi, goho bahslashib, qattiq-qurum gaplarga ham borishdi.
— Oʻziga toʻq, badavlat boʻlgani tuzuk, ammo oʻzimizga oʻxshagan musofir ekani yanada yaxshi, — dedi nihoyat Hayit aka.
— Ha-ya, — ma’qulladi xotini, — tengi chiqsa, tekin ber, deptilar.

Hayit aka xoxolab kuldiyu darhol tinib, ayolini kesatdi:
— Ol-a, tengi emish. Oʻzlarini koʻtarib yubormadilarmi ishqilib?
— Kulmang. Men koʻrpamga qarab oyoq uzataman.

Hayit aka bilan xotini qoʻshni ikki viloyatdan poytaxtga kelib qolishgan. Ikkalasi ham oʻqishga kirish uchun toʻqimachilik kombinatida ishlagan. Oʻsha yerda tanishib, turmush qurishgan. Ikki qizlarini toshkentchasiga turmushga chiqarishgan: xilma-xil sarupolar, mebellar, antiqa sovgʻalar ayalmagan. Yetti yillik tanaffusdan keyin tugʻilgan Nozimaga navbat yetganda vaziyat oʻzgarib, orzu-havaslar yoʻli torayib ketdi. Er-xotinning bahsi koʻpincha shunga borib taqaladi.
— Oʻz odatimizni qilaveramiz-da, otasi, — dedi nihoyat pastroqqa tushib, Nilufar xola. — Qalin puli soʻramaymiz. Shunga qarab, mebel ham olmaymiz.
— Nozimang oʻksimaydimi? Opalarimdan qaerim kam demaydimi?
— Desa der, iloj qancha. Qiz bolani ortiq tutib boʻlmasa... Yana shunaqa sovchilarga duch kelamizmi, yoʻqmi, xudo biladi.
— Gaping toʻgʻriyu... — Hayit aka jimib, xayolga toldi. Soʻng toʻsatdan jonlandi. — Nozimani kamsitib qoʻymaylik. Mayli, uchrashtiringlar, bolaniyam yaxshilab surishtiringlar.
— Biror najot yoʻli topiladiganmi, otasi?
— Qarz olamiz. Qishloqdan, u yoq-bu yoqdan aylanib kelarman balki.
— Ha-ya, boyvachcha ogʻaynilariz bor. Bir tomonni koʻtarishsa...

Uchrashuvlar, «oʻrganish»lar masalani tezda bir yoqlik qildi: ikki oydan soʻng toʻy. Hayit aka vaqtni boy bermay ham toʻyga xabar, ham qarz koʻtarish ilinjida poezdga oʻtirdi. Yurtdoshlari, qarindosh-urugʻlari orasida bir necha yil boʻlmagan edi, gina-kuduratlar ila qarshilashdi. Yana u aniq sezdiki, odamlar ancha oʻzgargan: avvallardagiday ezmalanib oʻtirishlar, chuqurroq soʻrashuvlar yoʻqolganday. Hamma oʻzi bilan oʻzi ovoraday. Bekorchixoʻjalar esa birovga qayrilib boqishga, soʻrashishga erinadiganday. Goʻyoki begonalashuv jarligi tobora kengayib, chuqurlashib borayotganday, yirik-yirik darz ketishlar roʻy berayotganday.

«Nahotki yashash uchun kurash kishilarni shunchalar tez oʻzgartiripti, — dedi oʻziga oʻzi Hayit aka. — Bozor siyosati shunaqa kecharmikan, a?»

Ikkinchi kuni kechqurun yolgʻiz kolishganda Hayit aka fermer ukasiga koʻnglini yordi:
— Tayyorgarliksiz toʻy boshlab qoʻydik, uka.
— Qanaqa toʻy, aka? — Nechundir xavotir aralash talmovsirab soʻradi uka.
— Jiyaning Nozimani uzatayotibmiz.
— E, muborak boʻlsin! Boʻyi yetib qoldimi, a? Amakilab, yelkamga yopishardi, qoʻltigʻidan tutib, tepaga otardim. Yana-yana deb, meni charchatardi. Xuddi kechagiday.
— Ha, yillar ot choptirib oʻtayopti. Bormaganinggayam ancha boʻldi.
— Oʻzingiz-chi? Esizdan chiqay depmiz, — uka ginani choʻzmay, oʻzi qiziqqan savolni berdi. — Qudalariz oʻzimiz tomon odamlaridanmi?
— Oʻzimiz tarafdan emasu... — Hayit aka chaynaldi, — lekin oʻzimizday musofir, qiyinchiliklarni boshdan kechirgan kishilar...
— Xay, bunisi tuzuk ekan. Unda katta tayergarlikning nima keragi bor, aka? Avvalgi ikki jiyanda rosa shilingansiz. Endi bunday qilmang-da, aka, zamonga qarab ish tuting: yumaloq-yastiq qilib, joʻnating, yuboring-da.
— Oʻylab gapirayopsanmi? Nozimaning boshqalardan qaeri kam?
— Ha, endi imkoniz boʻlsa... — uka gapini tugatmay yerga qaradi.
— Fermang meni quvontirdi, — dedi Hayit aka ukasidan durustroq taklif chiqishini koʻzlagancha. — Boʻrdoqilaring semiz, sigirlaring gavmish...
— E, akajon, bularning har biri olamcha tashvish, ming bir gʻalva. Hali davlatdan olgan qarzimdan qutilganim yoʻq. Boshqalardan ham qarzim bor. Buning ustiga boyvachchalar qatoriga qoʻshib, yulqiydiganlar koʻp.
— Hm... Sengayam oson emas ekan.
— Qiyin, aka, juda qiyin. Oriyat degan tuygʻu boʻlmaganda, tashlardim-ketardim. Oʻzimni savdogami, boshqa ishlargami urardim.

Hayit aka oʻylay-oʻylay ukasidan qarz soʻrab, suxani sinishini fahmlab, bu xususda endi ogʻiz ochmaslikni lozim topdi. Yaxshisi, hozir tumandagina emas, butun viloyatda tilga tushgan, sobiq maktabdoshi Vahob Tadbirga yoʻliqish. Puli achib-bijgʻib yotibdi, deyishadi. Yoʻq demaydi, karzini qistamaydi ham. Mard odam. Shuni oʻyladi-da, Hayit aka ukasiga tasalli bermoq niyatida:
— Savdoyam sen oʻylaganday oson emas. Manaman degan savdogarlar ham sinib, barmoq tishlab qolayotgan emish. Fermani tashlama, unda kelajak bor, — dedi.

Bu maslahatda ham qandaydir ishora borday edi.
— Toʻgʻriyu... — uka yana nolimoqchi boʻldi. Aka esa choʻzmay muddaoga oʻtdi:
— Ertalab mashinangda, aytgancha, u koʻrinmayoptimi, — aka ayvon sari qaragancha soʻzini davom ettirdi, — meni Vahob oshnamnikiga oborib qoʻysang.
— Yaxshi oʻylabsiz, aka, — ukasi quvonchini yashirolmadi. — Toʻyingizni bir tomonini koʻtarib yuborishi hech gap emas. Menda boʻlganida sizdan ayarmidim?
— Sendan mashina soʻradim, xolos.
— Mirzayor joʻramga aytaman, sizni oborib qoʻyadi.
— Oʻzing-chi? Birga mehmon boʻlardik.
— Xafa boʻlmang, aka, ishim juda koʻp. Hozir borib, Mirzayorga aytaman.

Akasi ogʻringanday boʻlganini sezib, uka:
— Mashinani telejkali traktorga almashtirganimga ancha boʻldi-ku, aka, — dedi. — Eshitmagan ekansiz-da.
— Esiz...
— Achinmiyman. Traktor ikki-uch hissa koʻproq yordam beradi menga. Unda yer haydayman, yem-xashak, oʻt-beda tashiyman, bozorga qatnayman. Shunda mollarning nurisini ortib, sotaman.
— A? — Hayit aka ukasiga agʻrayib qaradi. — Molni boʻ...ini sotasanmi?
— Ajablanmang, aka, bu zamonda evini qilsangiz — hamma narsa pul. Hatto yaxshi maslahat ham pulga sotiladi...

Hayit aka tuni bilan oʻylab, uxlolmay chiqdi. Antiqa zamon, unga qarab oʻzgarayotgan odamlar, moslasholmay dovdirab yurgan kimsalar haqida bosh qotirdi. Mirzayor haqida ham oʻyladi. Negadir uning kelishiga ishonmadi. Mashina moyi palon pul, ishdan qolish... Yoʻq, har qalay, Mirzayor koʻp kuttirmadi: kun koʻtarilmasdan darvoza oldida uning eski «aravasi» «bi-bip»ladi. Sal oʻtmay, Mirzayorning ochiq chehrali, gʻoʻla qiyofasi Akaxon roʻparasida paydo boʻldi:
— Tayyormisiz, aka? — soʻrashuvdan soʻng surishtirdi u.
— Tayyormanu ammo sizni ovora qilayotganimdan xijolat chekib turibman.
— Xijolat chekmang, aka, qanday boʻlib, ishingiz tushibdi, xudoga shukur, imkon bor ekan, taysallasak, uyat boʻladi.
— Rahmat, gʻildiragingiz doimo aylanib tursin.

Mirzayor jilmayib qoʻydi.
— Haliyam duradgorlik qilyapsizmi? — Ancha yoʻl bosganlaridan soʻng haydovchidan soʻradi Hayit aka.
— Ba’zan-ba’zan, buyurtma chiqib qolganlarda boraman.
— Ishqilib, tirikchilik yukini tortadimi?

Mirzayor bir nafas sukut saqladi. Soʻng tortingannamo ohangda:
— Sizdan yashiradigan sir yoʻq, aka, — deya Hayit akaga qarab oldi. — Asosiy yukimizni mana shu qirchangʻi tortib turibdi. Xudoga shukur, nolimayman, bizani shu boqayopti.

Bunaqa gaplar Hayit aka uchun yangilik emas. Rosti, hozir hamma yoqda kirakashlar tiqilib yotibdi: istalgan vaqtda istalgan tarafga ulov topiladi. Juda qimmat ham soʻrashmaydi — raqobat hukmron. Mirzayor ham shundaylardan biri-da.
— Harakatda barakat bor deganlar, — Hayit aka Mirzayorni ragʻbatlantirdi.
— Buning uyatli joyi yoʻq. Endi, ukajon, agar oshnamni topsam, meni qoldirib qaytasiz. Agar olisroqqa ketgan boʻlsa, birga qaytamiz.
— U kishi behudaga bir qadam ham siljimaydilar. Hamma ishni oʻtirgan yerlarida, tilponda boshqaradilar.
— Toʻgʻri, oshnam vaqtning qadriga yetadi. Toʻgʻri qiladi.

Hayit aka ikki oshiyonli, hashamatli, gʻishtin bino oʻrtasida oʻrnatilgan naqshli darvoza yonida mashinadan tushdi. Shu zahoti ichkaridan qop-qora bir yigit qoʻl qovushtirib chiqdi.
— Xoʻjayin bormilar? — Mirzayor undan soʻradi.
— Hokimiyatga ketuvdila. Yarim soatda qaytsalar kerak, — yigit gapirgan koʻyi mehmon bilan koʻrishdi. — Ichkari kiring, togʻa. Men sizni tanidim.
— Shunaqami? Rahmat! — Hayit aka yigitning yelkasiga koʻl urib qoʻydi-da, ortiga qaytib, mashina tumshugʻida oʻralashgan Mirzayorning koʻylak choʻntagiga ikkita ikki yuz soʻmlik yap-yangi pulni tiqib qoʻydi. — Rahmat sizga!

Mirzayor choʻgʻday qizargancha Hayit akaning bilagidan shoshqin tutdi-da, haligi pulni yoʻlovchisining kostyumi kissasiga qayta solarkan:
— Hali odamgarchilikni yoʻqotganimiz yoʻq, aka, — dedi. — Odamni uyaltirmang.
— Roʻzgʻordor odamsiz. Men chin koʻnglimdan chiqardim buni.
— Xayolizgayam keltirmang, — Mirzayor ortiga tez burilib, mashinaga oʻtirdi. — Qachon kelay, aka?

Hayit aka nechundir kalovlanib, qora yigitga birrov nazar soldi. Buni oʻzicha tushungan yigit:
— Mehmon endi ustoz ixtiyorlarida, — deya kulimsiradi.

Hayit aka oshnasining yangi hovlisiga avval kelmagan edi. Xizmatkorning qistoviga qaramay, uyga kirmay u bilan birgalikda hovlini, ajib va shinam bogʻni koʻzdan kechirdi. Tadbirkor oshnasining dadilligiga, didiyu farosatiga qoyil qoldi. Darvozadan kiraverishdagi xilma-xil gullar kamalagi tashrif buyurguvchida gullar peshvoz chiqayotganday taassurot uygʻotadi.

Tashqarida mashina tovushi hamda Vahob Tadbirning kimgadir topshiriq bergan ovozi eshitildi. Koʻp oʻtmay, yengi kalta, yap-yangi, zargʻaldoq shoyi koʻylak, boshiga somon shlyapa kiygan, oltmish yoshlar koʻrinishidagi choʻzinchoq yuzli, bugʻdoy rang Vahob Tadbirning tanish siymosi koʻrindiyu Hayit aka beixtiyor oldinga intildi.
— E, keling, keling, Hayitvoy aka, — Tadbirkor qadamini tezlatib, mehmonga peshvoz yurdi. Garchi, mehmon yoshroq esa-da, oʻzi hurmatlaydigan kimsalarni bu odam «aka» sifati bilan chaqirishga odatlangan. — Koʻrinmay ketdingiz?

Ikkala oshna quchoqlashib koʻrishdilar. Darhol mehmon kutiladigan uzunchoq, ayni paytda kenggina, baland, naqshinkor xonaga kirdilar. Stol usti allaqachon turfa mevalarga, ma’dan suvlaru shirinliklrga toʻlatib tashlangan edi. Ha demay, idishlarda suzma, salatlar, koʻkatu suyuq ovqatlar birin-ketin kela boshladi.
— Xoʻsh, Hayitvoy aka, yuzta-yuzta qilamizmi?
— Oʻzingiz-chi? — Kulib soʻradi mehmon. Chunki u oshnasining ichkilikka hushi yoʻkligini yaxshi bilardi.
— Mehmon boʻlib kelibsiz, ichmasak boʻlmas, — koʻzini qisib dedi mezbon. Vahob Tadbirning ichish usuli mehmonga sir emas: alyorlar aytiladi, qadahlar toʻqnashadi, mehmonga avval ichkaziladi, soʻng bu odam kadahni labiga tekkizib, biror idish panasiga qoʻyadi.
— Biz ham ichishni tashlaganmiz, aka, — dedi dangal Hayit aka.
— Yoʻgʻ-e, hazillashmang, — mezbon «Toshkent oqshomi» degan ajib suratli shishani ochishga urindi. — Bitta olasiz endi.
— Yoʻ-yoʻq, rosti, Vahobjon aka, — mehmon shishaga tarmashdi. — Ancha boʻldi, ichmayapman. Bas-da endi shuncha gunohlarga botganimiz. Gaplashib oʻtiraylik.

Fikr ma’qul tushdi. Suhbat qizidi. Uy egasi ulardan xabar olib turgan xizmatkor orqali har xil koʻrsatmalar berdi, oʻzi bilan olib yuradigan jajji, hozirjavob apparatdan kimlargadir javoblar qaytardi.

Nihoyat mehmonni ilhaq etgan muddaoga oʻtish mavridi ham yetdi:
— Kenja qizimizni uzatayopmiz, aka. Sizni toʻyga aytgani keldim.
— Toʻy qachon?
— Avgustning oxirgi shanbasida. Nahorga osh berishni moʻljallayapman.
— Yaxshi, muborak boʻlsin! Hali vaqt koʻp ekan, nasib qilsa, borarmiz.
— Siz bormasangiz boʻlmaydi, aka.
— Xudo xohlasa, boramiz.
— Shu, deng, aka, — mehmon tortingancha mulozamatni uzoqdan boshladi, — avvalgi ikki qizimizga bor orzu-havasni qilgan ekanmiz, bor-yoʻq bisotni ishlatibmiz.

Vahob Tadbir sezgir odam, gap paynovini ilgʻab:
— U davrlar oʻtdi, — dedi kulgancha. — Har kim oʻz koʻmachini oʻzi ichadi. Otang bozor, onang bozor deydilar.
— Toʻgʻriyu... shu keliniz... — mehmon chaynaldi.
— Bilaman, Toshkanda qiz chiqarish qursin. Eshitganman: toshkanlik uch qiz chiqarsa, soʻroqsiz jannatga kirarmish.
— Kamina ham toshkanlik boʻlmasak-da, jannatga nomzodmiz, — siniq kuldi u.

Vahob Tadbir tishining oqini koʻrsatdi va:
— Eslatmabsiz-da, shu yoqdan tuzukroq quda topardik, — dedi hazillashib.
— Oʻshanda ham qarab oʻtirarmidik. Oʻrgangan koʻngil deymizmi, tarki odat amri mahol deymizmi...
— Xoʻsh, nima qilmoqchisiz?
— Sizga yukinib keldim, aka.
— Xaa... — Tadbirkor oʻylanib qoldi. — Koʻki bilan hisoblaganda sizga biror ming kerak-da.

Hayit aka pul hamyonga naqd kirgan kabi quvonib ketdi.
— Topdingiz, aka, yashang! — deb yubordi beixtiyor u. — Bir yilda qarzni uzaman.
— Hayitvoy aka, gap bunday, — mezbon gapni choʻzgisi kelmadi. — Toʻgʻri, bunday qaraganda — boyman. Rosti ham shunday. Katta bogʻim, chorvogʻim bor, chorvam bor. Paxtam ham bor. Har yili ipak qurti boqaman.
— Bundan-da ziyoda boʻling, aka.
— Lekin qarz berolmiyman-da.
— Nega? — Anqaydi mehmon. Goʻyo u chanqoq ediyu kosadagi muzday obihayotga qoʻl choʻzganida barmoqlari titrab, qaltirab, kosa agʻanadi, suv toʻkildi. — Ishonmaysizmi? Hissasini chiqarib...
— Unday demang, men foiz oladigan sudxoʻr emasman. Ammo biror kimsaga ham qarz bermaslikka qasam ichganman.
— Qasam? — Bu soʻz la’nat yopishgan kosani endi chil-chil sindirdiyu ichidagi soʻngga tomchilar ham sochilib ketdi.
— Xafa boʻlmaysiz, aka, shunday qasam ichishga hayot majbur qildi.
— Haa...
— Birovga qarz berasizki, hojatini chiqarsin, ishini bitirsin, oʻzini oʻnglasin, deysiz. Lekin yaxshilik ba’zan yomonlikka aylanib ketadi.
— Har xil odamlar bor, — mingʻirladi mehmon.
— Ikki yaqin odamim pand berdi menga. Taniysiz. Kimligini aytmiyman.
— Qarz soʻrashuvdimi?
— Bittasi uch ming, ikkinchisi besh ming koʻkidan oluvdi. Ikkoviyam bir oyda qaytarishga soʻz beruvdi. Mana, ikki yildan oshdiki, meni koʻrsa, oʻzini panaga uradi, men bor yerdan qochishadi. Xuddi men Azroil ular uchun.
— Qiziq, — deya Hayit aka oʻsha odamlarning ahvolini koʻz oldiga keltirdi. — Xatoga yoʻl qoʻyib, puldan ajralishgandiru endi xijolat chekishayotgandir balki.

Vahob Tadbirga bu mulohaza yokmadi chogʻi, peshonasi tirishdi. Soʻng:
— Hech boʻlmaganda oldimdan oʻtishi, salom-alikni yoʻkotmasligi mumkinmidi? Xullas, ham ikki yaqin odamimdan, ham boyligimdan ayrildim, — dedi. — Endi toʻy masalasi... — u bosh qashidi, — toʻyga boraman. Ammo qarz bermiyman. Ortiqcha pulim ham yoʻq. Qirq-ellik odam ishlataman. Ularning tirikchiligi — zimmamda. Boshqa xoʻjaliklarda odamlar yillab ish haqi ololmayotgan holda men xizmatchilarim bilan oyma-oy hisob-kitob qilib boraman.
— Sizni bilaman-ku, bu borada tengiz yoʻq...
— Toʻyga meva-cheva, ellik-oltmish ming soʻm toʻyana bilan borarman.
— Shunisigayam rahmat, aka... Boshqa birovdan qarz koʻtararman.

Vahob Tadbir oshnasiga gʻalati qaradi: «Kulogʻinggʻa tambur chertdimmi, oshna? Mendanki bir nima chiqmagach, senga kim shuncha mikdorda qarz beradi?» Oʻtirishning ham, suhbatning ham qoʻri oʻchdi. Hayit aka endi bu yerda ortiqcha qolishni ep bilmadi, ketishga izn soʻradi. Tadbirkorning ishi oshib-toshib yotardi, e’tiroz bildirmadi:
— Bilaman, sizga hozir qiyin: ish koʻp; chop-chop. Bu kecha qolsangiz boʻlardi, ammo ahvolizni koʻrib turibman. Koʻpam ezilmang, toʻy oʻtadi-ketadi, sogʻliq kerak.
— Rahmat... — boʻshashibgina xayrlashdi mehmon.

Ikki kun ichida Hayit aka yana ikki boyvachcha oshnasining oldidan oʻtdi. Biroq ulardan ham tayinli va’da olmagach, tushkunlikka tushib, gʻaribona kayfiyatda uyiga qaytdi. Uning aft-angoriyu holatini koʻrib, xotini ham, qizi ham vaziyatni tushunishdi. Shu bois qarz-qurz xususida gap ochilmadi.

«Betimning qalini — jonimning huzuri», deb indamay bosh egib oʻtirishdan oʻzga chora qolmadi», deya u oʻziga tasalli berdi poytaxtlik tanishlaridan ham natija chiqmagach. — Bir hisobda shunisiyam ma’quldir. Qarzdan qutilish dardiyam bor-ku axir. Mayli, Nozima ta’nalarga chidar... Eh...»

Ammo shu orada kutilmagan tarafdan oftob chiqib, sovuq tanaga goʻyo otash purkadi. Xudo koʻngliga soldimi, Hayit akaning qiynalib yurganini orqavorotdan eshitdimi, kuda boʻlmish er-xotin favqulodda sim qoqishdiyu sal oʻtmay ularning oʻzlari ham tashrif buyurishdi.
— Avvalo, qudajon, — deya soʻz boshladi erkak quda bir oz oʻtirishganidan keyin, — men boshda aytdim: mebel-sebellar, u-bular kerak emas, dedim.
— Ha, aytdiz, — dedi Hayit aka shuursiz ovozda. — Oʻzi shunaqa zamon keldi.
— Lekin sezib yuribman: orzu-xavas harakatidasiz. El oldida...
— Ha, albatta, orzusiz odam bormi?
— Orzungizni bemalol amalga oshiravering, qudajon. Men qarz berib turaman.
— Qanday boʻlarkin? — Kizarinqiradi Hayit aka.
— Sizga qancha kerak oʻzi?
— E, soʻramang, — Hayit aka raqamni aytishga botinolmay yerga qaradi. — Oʻzi toʻyga tayyorgarligimiz yoʻgʻidi-da.
— I-hm... — Oʻylandi quda. — Ikki ming bilan bitadimi ishingiz?
— Qaniydi! — deb yubordi uy egasi beixtiyor.

Quda tayyorlab kelgan ekan chogʻi, oppoqqina, yupqagina kostyumining ichki choʻntagidan yigirmata 100 raqami yozilgan suratli, koʻkish qogʻozni olib, Hayit akaning roʻparasiga qoʻydi:
— Ana, oling, tortinmay ishlatavering. Faqat sifati past narsa olakoʻrmang. Yetishmasa, yana beraman. Qimmat boʻlsayam asl narsa yaxshi-da, kudajon.
— E, odamni uyaltirdiz... — choʻgʻday qizardi Hayit aka.
— Uyalmang, qudajon, qaddizni aslo bukmang. Endi biz qarindoshmiz. Qoʻynidan toʻkilsa, qoʻnjiga debdurlar. Xoʻp, bizga ruxsat, — quda qoʻzgʻaldi.
— Yoʻ-oʻq, ovqat qilyapti qudangiz.
— Ovqat qilganlariga qoʻymadim, — deya ichkari kirdi ayol quda. — Vaqtimiz ziq, qudajon.

Mehmonlarni pastgacha kuzatib qaytarkan, Hayit aka xotiniga:
— Xudo qizimizning baxtini berganga oʻxshaydi, — dedi.
— Aytganiz kelsin, otasi, — deya onaizor ham quvonchini yashirolmadi. Chindan-da, ota-onayu qizning ham orzusi ushaldi. Nozimaning yegani oldida, yemagani orqasida: bunaqa kiyinishlarni hatto opalari ham tushlarida koʻrmaganlar; dorilfununga avvalgiday avtobuslarda emas, kuyov bolaning saqichday qop-qora «Mersedes»ida qatnaydi.

Vaqt daryosi esa shiddatli oqar, haftalaru oylarni qaritardi. Ha demay, Nozima homilador boʻlib, hammani quvontirdi. Lekin hayot faqat quvonchlardan iborat emas. Nozimaning ota uyiga navbatdagi tashrifi chogʻida Hayit aka buni yaqqol his etdi. U qizini parishonroq holda koʻrib, hol soʻradi:
— Ha, qizim, nima boʻldi? Tobing yoʻqqa oʻxshaydimi?
— Yoʻgʻ-e, tuzukman... — Nozima sekin xoʻrsindi.
— Yoqubjonni ishlari joyidami? — Xavotirlanib soʻradi onasi.
— Bilmasam, ishlari chatoqroq chogʻi. Chet elda yomon tushganlar. Koʻp narsalardan ayrilibmiz...
— A-xa... — yuragi zirqiraganday boʻldi Hayit akaning. Koʻz oʻngidan sakkiz oy muqaddam roʻparasiga qoʻyilgan koʻk qogʻozlar gʻirillab oʻtdi. Ajabo, esidan chiqqanmidi? Sirayam-da. Lekin uni qaytarish yoʻllarini oʻylab koʻrmagan ekan. Xuddiki, yoʻllar berkday koʻringan. — Qarzni soʻrashmadimi ishqilib?
— Yoʻq, — qiz otasini ayashga urindi: oʻtgan gap-soʻzni silliqroq tushuntirdi goʻyo. — Faqat qaynanam: «Qudamlarni ishlari yurishayoptimi?», deb soʻradilar.
— Ha, ana, harakatlaringni qilinglar, debdilar-da, — dedi Nilufar xola achchigʻlanib. — Uyalmay-netmay... Axir hammasi oʻzlariga sarflandi-ku!
— Unday dema, — eri uning soʻzini kesdi. — Biz qarz olganmiz, qarz!
— Ja zor qolishmagandir, shoshiltirmasalar ham boʻlardi.
— Shoshiltirishgani yoʻq, oyi, — dedi Nozima oqarinqirab.
— Eslatganlari yaxshi boʻlibdi, — deya Hayit aka oʻrnidan turdi. Pastga tushib, atrofni kezdi. Oyoqlari arang koʻtarilib, ogʻir tushar, navbatdagi koʻtarilishda yer goʻyoki oʻziga qarab tortar — egasining yelkasidagi zilday yuk uni qapishtirmoqchiga oʻxshardi. Shu bois Hayit aka koʻp yurolmay, yuragi siqilib, tez qaytdi. Qizi otasi bilan xayrlashmay ketgani uchun uzr soʻrabdi.
— Qarzdan tezroq qutulish kerak, xotin, — dedi Hayit aka xontaxta roʻparasiga ogʻir choʻkib. — Qarzdorlik yomon: odamni tili qisiq, boshni egik kiladi.
— Ozmuncha boʻlmasa bu sabil... Nima qilamiz?
— Oʻyladim: juma kuni maosh bilan birga nafaqani olaman.
— Oʻylab gapirobsizmi, otasi? Ikkalasi yigirma dollirgayam yetmaydi-ku?
— Qirqqa yaqin boradi. Uch oylik maosh ham bor. Har qalay...
— Xoʻp?.. — Siniq, ajabtavur kuldi xotin.
— Umrimda qilmagan ishni qilishga majburman.

Ayol koʻzlarini javdiratib, eriga qaradi: «Nima qilasiz?»
— Bor pulga xom pista keltiraman, qovurib berasan. Yana qurut-purut, saqich deganday. Yaqinimizda maktab, bogʻcha bor. Bolalar bularga oʻch.
— Voy oʻlmasam, hazillashobsizmi?
— Hazil koʻngilga sigʻadimi, xotin? Ishdan qaytgunimcha oʻzing eplab turasan... Saryogʻ, shakar yeyishni hozircha toʻxtataylik. Qarzdormiz-a... Uyat -oʻlimdan yomon...

Oradan bir haftacha vaqt oʻtib, pista sotuvchilar safiga yangi raqib qoʻshildi.