OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMuhammad Sharif
Asar nomiErtakning yarmi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Muhammad Sharif
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm4KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/05/21
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ertakning yarmi (hikoya)
Muhammad Sharif

«
Tun yarim, dil yarim...
»

Yarimlab qolgan tamakini chuqur tortasan, pagʻa-pagʻa koʻkimtir tutun burqsib chiqadi. Parishon dud ogʻushida qarshingdagi Qiz gʻoyib boʻlgandek, ruhing yengil tortgandek boʻladi.

Tutun tarqalgach, Qizning koʻz uzmay turganini koʻrasan.

Xona achchiq tutunga toʻlib ketadi. Qizning koʻzlari achishib, namlanadi, biroq bu azoblar hech narsa emas degandek, intizor boqadi. Qiz ostonada hukmingʻni kutib turgan choʻridek, sening bir ogʻiz soʻzingga mahtal. Sen ustivorligingdan, hukmfarmoligingdan huzur qilib, miyigʻingda kulasan. Kulasanu yuragingni koʻrinmas bir qoʻl shafqatsiz gʻijimlaydi. «Oh, Uning eshigida bir umr qul boʻlib oʻtishga ham rozi boʻlardim»-— ichingdan alamli nido chiqadi.
— Nega kulyapsiz?— soʻraydi Qiz.
— O’zim shunday,— deysan sen.
— Mening ustimdan kulyapsizmi?—deydi u gunohkor ovozda.
— Yoʻq, oʻzimning ustimdan kulyapman.

Sening rost gapingga Qiz oʻzini ishongandek qilib koʻrsatadi, ishonolmaganyni yashiradi.

Tun yarimlab qolgan, baxt ham...

Tashqaridan shamolning uvillashi eshitiladi. Bu sas derazaning tirqishidan emas, sening boʻm-boʻsh, huvillagan qalbingdan kelayotgandek, qayon qochishni bilmay qolasan. — Tizzangizga bosh qoʻysam maylimi?—soʻraysan Qizdan. Sen uchun jonidan ham kechishga tayyor turgan qizdan shuni ham soʻrab oʻtirish haqoratdek tuyuladi uning uchun. Qizning tizzasiga bosh qoʻyib, koʻzlaringni yumasan. Qiz nozik va haroratsiz tuyulgan barmoqlari bilan sochingni silaganida, bu dunyoda baxtsizlik ne ekanini anglab yetasan. Qiz halovatingni buzib qoʻyishdan choʻchib, ohista soʻraydi:
— Aytmaysizmi?
— Nimani?
— Bir gap aytaman, degandingiz.
— Kelganingizdan buyon necha gaplar aytdim, shulardan bittasidir-da.
— Yoʻq... Ayting.
— Nimani aytay?
— Nega boshqa qizlarning emas, mening tizzamga bosh qoʻyyapsiz, shuki ayting. Xohlasangiz...
— Chunki...— «Sen oʻzing kelding» deya olmaysan, gapingning qolganini yutib yuborasan. Qizning entikib, mayin titrab ketganini his qilasan.— Bilmadim, ehtimol shuni xohlagandirman.
— Nega xohladingiz, shuni ayting,— dadillashadi Qiz.
— Bilmadim...

Qiz mushtoqlik bilan sendan soʻz kutadi. Yoʻq, oʻzingni alday olmaysan, Qizni ham, Bu soʻz dunyoda yagona bir qizga atalgan edi, afsus... Tun yarim, armon ham...
— Ertak aytib beraymi?— soʻraysan Qizdan. Qiz nedandir umidvor boʻlib sergaklanadi. Yana bitta tamaki tutatasan.
— Bor ekanu yoʻq ekan, och ekanu toʻq ekan, bir yigit boʻlgan ekan. Olganu oldirmagan, yengganu yengilmagan, oʻzganu toʻzimagan, xullas, yigit boʻlib hali sazasi oʻlmagan ekan. Bilagida kuchi, yuragida oʻti joʻsh urgan yigit banogoh Quyoshga oshiqu beqaror boʻlibdi. Yoʻtalsam osmon guldiraydi, qoqilsam yer qaldiraydi, nahot shu Quyoshga yetisha olmasam, debdi yigit. Yigit Quyoshni moʻljallab sopqon otibdi. Otibdi-yu, oʻqi Quyoshga emas, Oyga tushibdi. Endi yigit qoʻlida Oy, gʻussaga botganicha Quyoshga qarab boʻzlar emish.

Alqissa, quyoshga qarab sopqon otsang, oyga tusharmish. Sen uzoq sukut saqlaysan.
— Shu xolosmi?— ajablanib soʻraydi Qiz.
— Shu xolos,— xoʻrsinasan sen.
— Keyin-chi, yigit nima qilibdi?

«Darhaqiqat, yigit endi nima qiladi?», oʻylaysan ertakni qanday davom ettirishni bilmay. Va nihoyat...
— Qolganini keyin aytaman,— deysan ogʻrinib, Yarimlab qolgan tamakini kuldonda uzoq ezgʻilaysan. Tun zada, koʻngil zada...

«Sharq yulduzi» jurnali, 1992 yil 7-son.