OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMuhammad Sharif
Asar nomiMuqaddima (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Muhammad Sharif
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm7KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/05/21
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Muqaddima (hikoya)
Muhammad Sharif

Nosir u haqda juda yomon gap aytdi.

Ra’no maktabdagi eng chiroyli, eng suluv qiz edi.

Ilhom gʻazabdan qizarib ketdi, buni sezdirmaslik uchun boshini egib, koʻm-koʻk ajriqlarni chimdib yula boshladi.

Ilhom qizni yaxshi koʻrishini hammadan yashirardi. Bu uning hech kimga oshkor etib boʻlmaydigan siri boʻlib, ma’lum qilib qoʻyishlaridan qattiq choʻchir edi. Nosir esa ana shu malagini haqoratladi, garchi oʻzi ham Ra’noning oldida ogʻzidan bol tomib-etti bukilib, tursa-da, atayin shu gapni aytdi. Nainki, Ra’no unga roʻyxushlik bermay buni yoqtirsa...

Ilhom bilan Nosir hammaning koʻziga doʻstga oʻxshab koʻrinsa ham, toʻqnashib qolishdan doim qochishadi. Yoʻq, Ilhom qoʻrqoq emas, lekin Nosirning shum niyatligidan choʻchiydi, hamisha u haqda oʻylamaslikka tirishadi, esiga tushib qolsa, koʻngli gʻash boʻlib, dunyo koʻziga qorongʻu koʻrinib ketaveradi. Ba’zan hammasiga qoʻl siltamoqchi boʻladi-yu, lekin...

U Ra’noni yaxshi koʻradi.

Ra’no esa maktabdagi eng suluv qiz.

Hozir ham Ilhom Nosirning pastkashligidan jirkandi, Ra’no haqida aytgan gapi xoʻrligini keltirdi, lekin bir soʻz demadi, siri oshkor boʻlishini istamadi. Shu payt Orif Nosirni qoʻllab uyatli bir soʻz aytdi. Ilhom endi chiday olmadi:
— Oldida itdek yaltoqlanasan-u, ortidan bunday gap qilasanmi?
— Ie, anovini, achchigʻing kelsa, burningni tishla. Yo Ra’noni yaxshi koʻrasanmi?!— Orif bopladimmi, degandek Nosirga qarab oldi. Ilhom gʻazabdan qaltirab ketdi, shartta oʻrnidan turib, Orifning yoqasiga chang soldi:
— Tur oʻrningdan. Urishasanmi? Orif dovdirab, bazoʻr chiyilladi:
— Nima, kuchim koʻp deb maqtanaverasanmi?

Ilhomning kulgisi qistadi:
— He, qoʻrqoq!

Oraga sukunat choʻkdi. Bundan foydalangan Faxriddin gapni boshqa tomonga burdi:
— O’zing shunchalik qoʻrqmas ekansan, Kulolning yoʻlini toʻsa olasanmi?
— Toʻsaman.
— Koʻl berib soʻrashasan hammi?
— Soʻrashaman ham!—Ilhomning koʻngliga mudhish bir narsa soya solib oʻtdi-yu, sezdirmadi...

Kulol qishloq chetida, qabriston yonidagi tashlandiq, qaysidir zamonlarda shoʻro idorasi vazifasini oʻtagan, oʻsha kezlari devorlari oqlanaverib, yomgʻirlarda yuvilaverib ola-chalpoq holga kelgan uyda yolgʻiz yashar edi. Uning bu qishloqqa koʻchib kelganiga bir yil boʻlgan esa-da, kimligi va qaerdan kelganligi hamon noma’lum. Shu muddat ichida uning qishloqdagi biror kimsa bilan gaplashganini, hech qursa salom-alik qilganini birov koʻrgan emas. Uni kunda ikki bor — tong qorongʻusida ishga ketayotganidayu shom qorongʻusida ishdan qaytayotganida uchratish mumkin. Kulolxonasi ham qishloqdan bir chaqirim narida, gʻishtxona yonida boʻlib, u yerdagilariing hammasi shahardan yoki boshqa qishloqlardan kelib ishlashar edi. Odamlar avvaliga uning bu hunari bilan qanday tirikchilik qilayotganiga hayron boʻlishdi. Keyin bu qiziqish oʻrnini shubha va hadik egalladi. Goʻyo u bu dunyoning odami emas, haet tarzi ham qandaydir sir-asrorli... Bolalar ham undan choʻchib qolishgan, qorasi koʻrindi deguncha yoʻlda hech kim qolmas edi. Uning aft-angorini ham biror kimsa aytib berolmasdi. O’ziny ham qishloq chekkasidagi yoʻlda boshini oldinga sal egib, bir maromda qadam tashlab kelayotgan holdagina koʻrish mumkin, xolos. U bir sharpa yoxud soya misoli edi.

Bolalar bugun mollarini har kungidan kechroq yetovga olishdi. Ular kulol oʻtadigan yoʻl boʻyiga yaqinlashishganida, qoʻyosh togʻ choʻqqilari osha soʻnggi marta moʻralayotgan edi. Bolalar yoʻldan biroz narida toʻxtashdi. Ilhom yolgʻiz oʻzi yoʻl boʻyiga keldi va chetroqdagi tosh ustiga oʻtirib, kuta boshladi. Quyosh togʻlar ortiga juda tez yashirindi, ufq lolarang tusda tovlandi. G’ira-shira qorongʻulik tushib, chigirtkalarning chirillashi quloqni qomatga keltirdi. Qoʻnalgʻasiga kechikkan bir gala qushlar potirlab uchib oʻtdi. Begona va sirli bir hadik Ilhomni iskanjaga oldi. U betoqatlanib kulolni kutardi. Nihoyat, olisda qora sharpa koʻrindi. Ilhom shoshib bolalar tomonga koʻz tashlab oldi. Yuragi gupillab ura boshladi. Nazarida, oradan koʻp vaqt oʻtganiga qaramay masofa hamon oʻsha-oʻsha edi. Uning nigohi toliqdi, ilkis atrofga zim-ziyo tun choʻkkandek, hech narsani koʻrmay qoldi. Koʻzlarini bir yumib ochgan edi, kulolning munkaygan gavdasini yaqinginasida koʻrdi. U dahshatli va mudhish daqiqalarni qisqartirish uchun kulolga qarshi yura boshladi. Oralarida oʻn qadamcha masofa qoldi. Kulol hamon boshini egib kelar va qarshisidagi bolani koʻrmasdi. Ana, besh qadam qoldi. Toʻrt qadam.

Uch...

Ikki...

...Va qoʻqqis koʻzlar toʻqnashdi. Avvaliga Ilhom kulolning koʻzlari oʻrnida qop-qora boʻshliq va cheksizlikni kurib hayratdan tosh qotdi. Soʻng esa... Quloqlari ostida shamolning zuvillashini eshitdi, uchayotganini his etdi. Qaysidir lahzada u kulolning koʻzlariga oʻzining singib borayotganini anglab qoldi. U juda ham tez ucha boshladi. Beadad cheksizliklar uzra chirpirak boʻlib aylandi. Qoʻqqis yonida shamoldan hosil boʻlgan girdobni koʻrdi. Bu ulkan girdob ichida togʻlar, daryolar, ummonlar, baland-baland imoratlar, shaharlar, odamlar olomoni, qushlar, ilonlar va boshqa shu qadar koʻp narsalar bor ediki, hammasi aralash-quralash boʻlib, goh oqish aylana chiziqlarga yoʻgʻrilib ketar, goh yarq etib bir lahza koʻzga tashlanib qolardi. U kimsasiz, xarob boʻlgan qishloqni, juda ham uzun yoʻl va bu yoʻlda ketayotgan yoshgina yigitni koʻrdi. Yigitni kimgadir oʻxshatdi va endi eslamoqchi boʻlganida, u gʻoyib boʻldi. Shu zahoti oʻrnida soch-soqoli oppoq nuroniy chol koʻrindi. Yosh, suluv bir qizni, soʻngra esa, umrida koʻrmagan, lekin juda tanish, qadrdon, biroq kimligini yodidan chiqazib yuborgan odamlarni koʻrdi. Bularning ichida bir juvon ham boʻlib, u boyagina koʻrgan yosh qizga oʻxshardi. Qandaydir alamlar, dardu firoqlar va xoʻrliklarni tuydi. Xuddi birov yuragiga pichoq suqib olgandek dahshatli ogʻriq sezdi, shu zahoti ogʻriq ham yuqolib, ta’riflab boʻlmas bir huzur topdi. Soʻng koʻrgan-bilganlari yana bir-biriga shunday qorishib ketdiki, alal-oqibat bularning bari tush boʻlsa kerak, deb oʻyladi. Va shu ondayoq qop-qora zulmat qoʻyniga tushib qoldi. Qanchadir muddat — bir daqiqami, yuz yilmi, — Oʻtib, quloqlari ostidagi zuvillash tinib koʻzini ochgan edi, oʻzini yoʻlning oʻrtasida choʻk tushgan holda koʻrdi. Kulolning uzoqlashib borayotgan sharpasi esa qorongʻulik ichiga singib ketdi.

Halloslab chopib kelgan bolalar undan ne voqea yuz berganini, nega kulolning qarshisiga kelib choʻkkalab olganini soʻray boshlashdi. Nosir esa bir chetda unga istehzo bilan qarab turardi. Ilhom uni koʻrgach, bolalarga «hech narsa» dedi-yu, shu tobda Nosirning raqibligi ham, oʻrtadagi adovat ham bema’ni va bachkana koʻrinib ketdi.

Yuz bergan voqeadan soʻng kulol koʻchib ketdi. Odamlar^uni tezda unutib ham ulgurishdi. Faqat Ilhomgina bu kimsani bot-bot eslar va tinimsiz qaerlargadir oshiqar edi.

Ra’no esa maktabdagi eng suluv qiz edi.

«Sharq yulduzi» jurnali, 1992 yil 7-son.