OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Muhammad Sharif. Otamakon (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMuhammad Sharif
Asar nomiOtamakon (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Muhammad Sharif
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm18KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/05/21
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Otamakon (hikoya)
Muhammad Sharif

«
Assalom alaykum, kattamning yurti,
Assalom alaykum, kirpichli beshik.
Necha yil olisda bemakon yurdim –
Va qaytdim bosh bukib, ochilmas eshik!

Iqbol
»

Uning koʻz oldida oʻsha qishloq namoyon boʻlaverdi. Qishloqning moviy osmonida baliqlar toʻdasi sokin suzishardi.

U qishloqning shovullab turgan osmonoʻpar teraklarini, paxsa devorlaru loysuvoq tomlarini, koʻcha boshidagi keksa yongʻoq, baqqolning doʻkonini, hushtakchi cholning ustaxonasini, chaqaloqligida tark etgan hovlisini, loysupa ustiga chodirdek shoxlarini tashlagan marvardak tutni, bari-barini koʻrdi, tanidi. Qishloq xuddi otasi ta’riflab berganidek bor boʻyi bilan shaffof oynada aks etgandi. Otasi qishloq haqida oq harir parda ortida ukpar bolishni quchganicha xayol surayotgan navnihol kelinchak toʻgʻrisida soʻzlayotgandek gapirardi. Aqlini taniganidan beri qayta-qayta eshitavergani bois, otasining qishloq haqidagi hikoyasi unga yod boʻlib ketgandi.

Isitmasini oʻlchash uchun kirib kelgan moviy koʻz hamshira uning quvvai hofizida bir-bir tiklanayotgan goʻzal manzarani shifoxonaning zaxdan sargʻish tusga kirgan devoriga qorishtirib yubordi. Hamshira hammasi joyida degandek, ma’noli bosh irgʻab ketganidan soʻng u yuz bergan voqeani batafsilroq eslab koʻrishga urindi. U hamon tirik qolganiga oʻzini ishontirolmay qiynalardi.

Kemaning osthujrasi tuynukdan shiddat bilan otilib kirayotgan suvga toʻlganida uning ongu shuurini quyuq qora tuman qoplab, bu siqiq zulumot jonini qisti-bastiga olayotgandi. Judayam uzoq davom etgan jon azobidagi toʻlgʻonishdan soʻng u tars-tars yorilishga hozirlangan tomirlariga behol bir halovat yugurib, boʻgʻziga qoʻl suqib yuragini changallagan koʻyi sugʻurib olmoqchi boʻlgan qora sharpa chekinganini his qildi. Endi u havosizlikdan qiynalmasdi. Jonim chiqib ulgurdi, shekilli, deb oʻyladi u. Lekin ruhiyatida tananing zalvorini sezib, bir harakat ilinjida toʻlgʻonganida barmoqlari bemajol qimirladi. Shunda u boshini koʻtarib jilolanayotgan qizil yogʻduni koʻrdi va bu quloqlarimdan otilib chiqqan qon boʻlsa kerak, deb oʻyladi. U ortiga oʻgirilib, falokatdan darak beruvchi qizil chiroq yonib turganligini koʻrdi va shu asnoda mudhish manzaraning guvohi boʻldi.

Hujrada haligina jon talvasasida tuynuk tomon talpingan dengizchi askarlarning yarim-yalangʻoch jasadlari choyshab va yostiqlar orasida ayqashib yotar, tepalarida siyohi chaplanib ulgurmagan maktub parchalari, yostiq ostida saqlanib kelingan aziz kishilarining suvratlari va yana allambalolar suzib yurardi. U dahshatdan dong qotib turar ekan ilkis tanish nigohga duch keldi va oʻsha tomonga talpinib, kimnidir chorlamoqchi boʻlganida ogʻzi suvga toʻlib, oʻqchib yubordi. Soʻng oxirgi kuchini jamlab yuqoriga suzdi, oʻzining harakatidan toʻlqinlangan suvda tobora uzoqlashib borayotgan suvratni zoʻrgʻa tutdi. Ivigan suvrat uning hayajondan qaltirayotgan barmoqlari orasida beixtiyor gʻijimlanib ketdi, suvratni tekislamoqchi boʻlganida otasining siymosi koʻz oʻngida parchalanib, laxtak-laxtak qogʻoz boʻlaklariga aylandi.

Uning qalbi boʻlaklanib ketgandek edi. U uzoq, oʻksib-oʻksib yigʻladi. Koʻzlariga toʻlib qolgan dengiz suvi yosh tomchilari kabi tuyuldi.

Kema suv ostiga ogʻir qoʻnganida moviy dengiz qa’rini boʻgʻiq qarsillash larzaga keltirdi. Kemaning motor qismi gumbillab portladi. U allaqanday ashqol-dashqollar bilan birga ochiq dengizga qa’riga otildi...

Uni harbiy kema halokatga uchragach, oʻn olti soatdan soʻng toʻlqinlar ogʻushidan topib olishganini hamshira qizdan eshitdi. «Toʻrt kun tinimsiz alahsirab, mana bugun sal oʻzingizga kelib qoldingiz,» dedi u mayin tabassum qilib.

Biroq u men hozir ham alahsirayapman, degan fikrda edi. Chunki, hamshira qizning moviy koʻzlarida firuza koʻl jilolanar, u koʻlda suzayotgan qayiqni va undagi ota-bolani koʻrayotgan edi. Qayiqdagi bola oʻzi, eshkak eshayotgan kimsa esa otasi edi.

Otasi uni ilk marta koʻlga qachon olib kelganini eslay olmaydi, aqlini endi taniyotgan yosh bola edi oʻsha paytlar. Biroq osmon gumbazidek shaffof va ulkan moviy koʻlning jimirlashi, yovvoyi oʻrdaklarning potirlab uchishi va otasining toʻxtovsiz nimalar haqidadir parishonxotir soʻylashi xotirida oʻchmas muhr boʻlib qolgan. Oʻsha kezlar u otasining gaplariga parvo qilmas, eshkak eshayotganda boʻrtib chiqayotgan yelkalarini, ajin bosgan peshonasi va quyoshda qoraygan horgʻin chehrasini kuzatishdan zeriksa, qoʻlini suvga solib, barmoqlari yasayotgan izlarni tomosha qilardi. Oradan shamoldek shoshqaloq yillarning ancha-munchasi oʻtib ketgach, endi ahvol oʻzgargan, uning kuchga toʻlib borayotgan bilagidagi tomirlari oʻynoqlab eshkak eshar, otasi nursizlanib borayotgan koʻzlarini olisdagi oʻrkach bulutlardan uzmay eski hikoyani soʻylardi. Oʻz nazdida, ota biror narsani unutib qoldirmas, oʻgʻliga bir paytlar mana shu koʻlning ostida uchta qishloq boʻlgani, ularni oralab shoshqin daryo oqib oʻtgani, soʻlim va farovon bogʻchalariyu har qadamda uchraydigan zilol buloqlarini, odamlarning mehr-oqibatini, bari-barini gapirib bergandi. Farxunda va osuda kunlarning birida qishloqda shahardan kelgan odamlar paydo boʻldi. Yelkalariga ajabtovur asbob-anjomlarni osgan koʻyi tevarakdagi qir-adirlarni kezib, temir qoziqlar qoqib chiqishdi. Birov ha deb soʻraguncha boʻlmay, u odamlar qanday kelgan boʻlsa shunday tez gʻoyib boʻldi. Goʻrga kirgandek izsiz ketishdi. Shundan soʻng uch yil oʻtar-oʻtmas qoʻqqisdan vodiy aholisini shoshilinch koʻchira boshlashdi. Odamlar koʻch-koʻronini zoʻrgʻa yigʻishtirib oldi. Mol-qoʻylarini boshqa qishloqdan kelganlar arzon-garovga sotib oldi. Ular boradigan joyda qoʻy tugul tovuq saqlashning ham imkoni yoʻq ekan. Qishloq ahlini yigirma chaqirim naridagi sahroga qurilgan temir-metin uylarga joylashtirishdi. Choʻntagi koʻtarganlari yangi manzil qidirib har tomonga tarqab ketdi, yoshlar qopchigʻini yelkaga tashlab katta shaharlarga qarab yoʻl oldi. Qolganlarga sahroda qurilgan zavoddan ish berishdi. Butun bir el ari uyasidek toʻzgʻib, nom-nishonsiz ketdi. Suv omborining chor-atrofiga dam olish uylari qurildi, yoz boʻldi deguncha yarim-yalangʻoch erkagu ayol moʻru malaxdek bosib ketadi. Ota-bobolarining muqaddas xoklari ustida lablari koʻkarib, koʻzlari qizarguncha choʻmiladi, yana ne hunarlarni qilmaydi deysan, bu inson zoti...

Insonga tuk bitgani sari u qaygʻuni teran anglay boradi va bu moʻylarning oqaruvi bilan yakunlanadi. Endi u otasining dili ne hasratda dogʻlanayotganini tushunib qolgan, zeriksa ilgarigidek injiqlik qilmas, otasi «ketamiz» demaguncha miq etmasdi. Goho otasini ovuntirish uchun, men qishloqqa tushib chiqaman, deb suv ostiga shoʻngʻir, uzoq muddat gʻoyib boʻlardi. Oʻgʻlining haziliga tushunib tursa-da, ota bechoraning yuragi hayajondan potirlab ketar, xuddi ortidan oʻzi ham suvga sakramoqchidek bir taraddud ichra qiynalardi. Suv ostidan otilib chiqib, hansirab nafas olayotgan oʻgʻlini koʻrgach, otaning qalbi gʻururga toʻlardi. Oʻgʻli koʻpqavatli umumyotoqning tor va badboʻy, nimqorongʻu yoʻlaklarida voyaga yetayotgan qoʻshni bolalarga oʻxshamas, zabardast va navqiron edi. «Xudoga beadad shukur», oʻylardi ota, «oʻn sakkiz yildan buyon har yakshanba uni bu koʻlga olib kelganlarim besamar ketmabdi.»

Avvallari otasi sohilga qarab qishloqning qaysi oʻrtada joylashganini tusmollardi. Endi u ham otasi kabi moʻljalni bexato oladi. Koʻcha boshiga kelganda qayiqni sekinlatadi, otasi shoshilmay, baqqol bormi, hushtakchi cholmi bormi, hammasini urugʻ-aymogʻigacha aytib chiqar, imoratini solgan ustani-da unutmasdi. Oʻz uylari ustida suzayotganliklarini u tabiiy savq bilan sezar va eshkaklarni suvdan koʻtarardi, otasi esa ishtiyoq bilan soʻylashga tushardi:
— Devorimiz uch paxsa edi, rahmatli Nurdin paxsakash urgan, oʻzim loy uzatib turganman. Har qoʻllari bor ediki, bir lagan palovni bir oshamiga sigʻdirardi. Belkurakda uzatgan loyim kaftining yarmini ham toʻlgʻazmasdi, unga loy yetkazib beraman deb yaqin belangi boʻlganman. Darvozamiz qoratolning yogʻochidan qilingan, ochilganda gʻiyqillab choʻziq nola qilardi. Boʻz yigitligimda uyga kech qaytardim, onam eshikning tungi xonishini eshitgandan keyin soʻng bexavotir uyquga ketardi. Uyimiz dahliz-ichkariyu oldi ayvonli boʻlardi, yonidan chogʻroqqina mehmonxona tushgandi. Yoz kunlari shamol tomga gʻarq pishgan olmalarni doʻpirlatib toʻkar, men etagimni toʻlatib terib tushardim.

Hovlimizning oʻrtasida qarib qolgan marvardak tut, uning ostida esa uch-toʻrt kishi davra qurib oʻtirsa boʻladigan loysupa boʻlardi. Supaga tangadek oftob tushmas, yomgʻir yogʻganida ham bamaylixotir oʻtirsa boʻlardi. Tutni katta otamiz oʻtqazgan ekan. Urush yillaridagi qahatchilikda tut qariyb qishloqni boqqan, onamning kuni tuttalqon qilish bilan oʻtardi. Tutga otamning belanchagi osilgan, meni ham shu tut tebratib katta qilgan. Sen yangi tugʻilganingda kunlar soviy boshlagan edi, lekin irim qilib belanchagingni tutga osganmiz. Hech yodimdan chiqmaydi, qattiq shamol turib za’faron xazonlarni shitirlatgancha osmonu falakka koʻtargan, tutning shoxlari uvvos solib yigʻlayotgandek rosa chayqalgan. Sen sargʻish tut yaproqlari ostida koʻmilib ketganding. Onang shoʻrlik, bu yaxshilikka emas deya, der zor-zor yigʻlagan. Men uni otam nevarasini suyganidan shunday qilyapti, deb zoʻrgʻa yupatganman. Biz tutda otamning ruhi bor deya hisoblardik, bunga oʻz nazdimizda asosimiz ham bor edi.

Otamdan qoraxat kelganida men besh-olti yoshlar chamasidagi bola edim. Onam bu koʻrgulikdan oʻzini oldirib qoʻygan, dalaga chiqib ishlolmas, oshpazlik qilib, tushlik payti yobondagi xotin-xalajga yovgʻon shoʻrvami yoxud shunga oʻxshash, neki topilsa oʻshani olib borardi. Bir kuni onam dalaga tushlik olib ketganidan soʻng men toʻkilib yotgan marvardak tutlarga qanoat qilmay, choldek munkayib qolgan tutning tepasiga chiqdim. Eng yuqori kallagiga chiqqanimda yuragimda vahm qoʻpdi, ehtiyotsizlik qilib noboproq butoqqa oyoq qoʻygan ekanman, pastga kalla qildim. Endi oʻldim deb oʻylab jon holatda qichqirdim, shu tushib borishimda yerparchin boʻlishim tayin edi. Tuyqus kimningdir muloyim, lekin kuchli qoʻllari meni tutib qolib, asta yerga qoʻydi. Qattiq qoʻrqib ketganimdan koʻzimni chirt yumib olgandim, bir ozdan soʻng hayrat va hadik toʻla koʻzlarimni ochganimda yon-atrofimda biror sharpa yoʻq edi. Menga shunday tuyuldimi, desam hech qaerimda ogʻriq yoʻq. Shu payt qoʻshnimiz Sharofat ena kelib qoldi, kampir qichqirigʻimni eshitiboq bir palakat boʻldi-yov, deganicha biznikiga chopibdi. Uni koʻrib lablarimga tabassum yugurdi, tutdan kalla qilib ham sogʻ qolganim oʻzimga nash’a qilib, yuz bergan gʻalati voqeani unutgandim. Meni tirjayib turganimni koʻrib Sharofat ena hassasini oʻqtalganicha sannab ketdi-yu...

Onam kelgach voqeani eshitib, rosa koʻz yoshi toʻkdi. Soʻng meni otin kampirni chaqirib kelishga yuborib, oʻzi otamning ruhi uchun chiroq yoqishga tayyorgarlik koʻra boshladi.

Yana bir safar gʻira-shira qorongʻulik choʻkkan paytda onam tashqariga chiqdi-yu, darrov rangi bir ahvolda qaytib kirib, eshik kesakasiga suyanib qoldi. Toʻxtovsiz yoqasiga tuflarkan, «Voy, oʻgʻlim tutning tagida kimdir turibdi, xuddi otangga oʻxshaydi, nega kelmayapti ekan-a?! Yurchi, chiqib koʻraylikchi», deb meni yetakladi. Dagʻ-dagʻ qaltirayotgan onamning qoʻllari muzdek edi. Darhaqiqat, tutning tagida qora sharpa turardi. Biz uning yuzini aniq koʻrolmasak-da, qomati xuddi otamnikiga oʻxshardi, urushga ketayotganda kiygan kiyimi ham xuddi oʻsha-oʻsha. Biz otamni chaqirmoqchi boʻlganimizda u tutga imo qilgandek boʻldi va uning ortiga oʻtib gʻoyib boʻldi. Onam ikkovimiz bir-birimizning pinjimizga kirib, ming hayajon bilan tutning atrofini aylanib chiqdik, biroq hech kimni uchratmadik. Otam goʻyo qorongʻulikka singib ketgan edi. Oʻsha kecha Sharofat enani chaqirib chiqib, birga yotganmiz. Tutning tanasidagi katta yoriq onam qazo qilganida paydo boʻlgandi.

Sening belanchagingni tutga osganimizda onangning yuragiga gʻulgʻula behuda tushmabdi. Ayol kishining qalbi sezgir boʻlar ekan – tut bezovta boʻlib chayqalganda otamning ruhi bizni falokatdan ogoh etmoqchi boʻlgani keyin ayon boʻldi.Oʻsha yili qishda onangni buyragi shamollab vafot etdi, bahorda esa bizni qishlogʻimizdan quvgʻin qilishdi.

Otasi gapini tugatgach, uzoq muddat suvga tikilgancha tek qotardi. «Endi qabristonga hayda, onangni ziyorat qilamiz» derdi koʻz yoshlarini sezdirmay artar ekan. U padarining xayolini buzishni istamas, eshkakni shaloplatmay asta eshar, mozorga yetib kelganlaridan soʻng yana eshkaklarni suvdan koʻtarardi. Otasi bobokalonlari, enasi va volidasi haqida uzoq soʻzlar, soʻng suyaklari suv ostida chiriyotgan barcha hamqishloqlari ruhiga atab duo oʻqigach, behishtdagi kavsar labida turgandek ixlos bilan hovuchini suvga toʻldirib, yuz-koʻzlarini yuvardi. U ham otasining harakatlarini aynan takrorlagach, yuzida iliq harorat, ruhida yorugʻlik his etardi.

Ular ortiga qaytishar ekan, otasi hech qachon haqiqatga aylanmaydigan xayoliy orzusini, ehtimol, minginchi bor takrorlardi. «Pulimiz koʻpaysa, gʻavvoslar kiyimini sotib olamiz, oʻshanda koʻlning ostiga tushib, qishlogʻimizni sayr qilamiz. Men senga aytganlarimni oʻz koʻzing bilan koʻrasan, qabristonni ziyorat qilamiz,» derdi. U otasining roʻzgʻordan bir tiyin ham orttirolmasligini, gʻavvoslar kiyimini esa umrida koʻrmagan, faqat u haqda birovlardan eshitganini bilardi.

Sohilga chiqishgach qayiqlarni ijaraga beruvchi chol ularga oʻdagʻaylab ketardi. «Yana tushgacha deb shomgacha yurdilaring, endi mendan oʻylashibroq qayiq olasanlar» deya shovqin solardi. Shunda otasi ijara haqini ikki barobar toʻlashga majbur boʻlardi. Chol pulni ikki buklab choʻntagiga tiqar ekan, ota-bola savdoyilarning ortidan taajjub ila boqardi. U insonni shu kuyga tushiradigan qandaydir dard borligini bilmas, ehtimol unutib yuborgandi.

Ostonada paydo boʻlgan moviy koʻz hamshiraning qoʻngʻiroqdek jarangdor ovozi uni xotiralar ummonidan qirgʻoqqa itqitib yubordi. Hamshira uzr soʻragandek gunohkorona jilmaydi.

U uf tortib, yuragini changalladi. Chunki endi hamshira qizning koʻzlarida nafaqat moviy koʻlni, balki uning ostidagi yashil qishloqni ham koʻrayotgandi. Qishloq koʻlga tikka tushayotgan quyosh nurlarida tovlanib, elas-elas koʻzga tashlanib qolardi. U hozirgi manzarani bundan qariyb uch yil muqaddam, harbiyga joʻnashidan oldin otasi bilan koʻlga soʻnggi marta borganida koʻrgan edi. Oʻshanda u har galgidek suv ostiga shoʻngʻigan, biroq bu safar juda uzoq ketgan va yashil suvoʻtlari qoplagan qishloqni ancha yuqoridan koʻrishga vosil boʻlgandi. Soʻnggi oʻsha sayr gʻayritabiiy boʻlgandi, otasi qayiqqa oʻtirganlaridan boshlab, to qaytib ketgunlariga qadar bir ogʻiz gap aytmay ogʻir sukut saqlagan edi. Biroq butun sayr davomida uning quloqlari ostida otasining soʻzlari jaranglab turgan va u otam mendan yashirincha gapirayotibdi shekilli, degan shubhaga borgandi. Oʻshanda ilk bor yuragi koʻl ostidagi qishloqqa talpingan, qaytayotganlarida otasining gʻavvoslar kiyimi haqidagi choʻpchagi haqiqatdek tuyulgan edi...

Uning uch yillik harbiy xizmat muddati deyarli tugab qolganini inobatga olib, gospitaldan toʻgʻri uyiga ketishiga ruxsat berishdi.

Uni besh qavatli umumyotoqning ikki xonali, boʻm-boʻsh, huvillagan tor hujrasi kutib oldi. Kalitni qoʻliga tutqazayotgan qoʻshni ayol «Otang oʻlimidan oldin senga koʻp ilhaq boʻldi. Oʻgʻlim kelsa, bir hovuch tuprogʻimni, allaqaysi koʻlniyam aytdi, nomi esimdan chiqibdi, oʻzing bilarmishsan, oʻsha koʻlning ustidan sochib yuborsin, oʻzi tez-tez ziyorat qilib tursin, deb zorlandi. Manovini ham senga qoldirdi, bir qismini koʻmish marosimiga ishlatdik» dedi va oq qiyiqqa tugilgan bir dasta pul uzatdi. U qoʻshni ayolning gapini zoʻrgʻa ilgʻadi, nazarida undan judayam olislab ketgandi. Zindondek tuyulgan hujradan kimnidir izlar ekan, devorda osigʻliq otasining suvratiga koʻzi tushdi. Bir paytlar holi-joniga qoʻymay otasini suvratxonaga yetaklab borganini esladi. U suvratni olib quchmoqchi edi. Biroq uzatilgan qoʻllari havoda muallaq qoldi. Koʻz oldida parcha-parcha boʻlib ketayotgan otasining dengiz qa’ridagi siymosi namoyon boʻldi va bir necha soniya shu alpozda qotib qoldi. Qoʻshni ayolning hirqiroq yoʻtali uni oʻziga keltirdi. Ayol undan koʻzlarini uzmas, aftidan yigitning yoqavayron boʻlib dod-faryod solmayotganidan ajablanardi.

U ayoldan otasining qabrini koʻrsatishni soʻradi. Ular qabrlar oralab uzoq yurishdi. Axiyri ayol toʻxtadi, «anovi qabr» dedi qoʻli bilan doʻmpayib turgan tuproq uyumiga ishora qilib. Qabr mozorning eng chetida, shundoqqina devorning tagida edi.

U qabrni quchganicha yotaverdi, koʻzlariga sira yosh kelmadi. Subhi sodiqqacha shu alpozda yotdi. Tong yorishganda qabrdan bir hovuch tuproq olib qiyiqqa tugdi va qabristondan chiqib ketdi.

Dengizchi askar kiyimidagi yigitni qayiqlarni ijraga beruvchi chol tanidi, yolgʻiz kelganidan ajablandi ham, biroq sababini surishtirib oʻtirmadi. U qayiqqa oʻtirgach, shahd bilan eshkak esha boshladi. Endi sohilga qarab tusmollashning keragi yoʻq edi, yuragining oʻzi yoʻl koʻrsatib borardi unga. Qishloq ustida toʻxtab, shoshilmay ust-boshini yechdi, otasining xokini koʻksida tutgancha suv ostiga shoʻngʻidi. Moviy koʻl uni oʻz domiga tortdi.

Ertasi kuni ijarachi chol egasiz qayiqni sudrab keldi. Chol yigitning choʻkib ketganiga shubha qilmadi va qutqaruvchilar boʻlinmasiga xabar qildi. Oʻlik qidiruvchilar uch kungacha murda suv yuzasiga koʻtariladi deb koʻlni aylanishdi. Lekin jasad topilmadi. Ijarachi chol esa barchani hayratga solib tinimsiz yigʻlardi. Uning yigʻlaganini hech kim koʻrmagandi. Umuman, qartayib qolgan bir cholning yigʻlashi mudhish bir hol edi. Chol choʻkib ketgan yigitga achinib yigʻlamas, qazo vaqti yaqinlashgan sayin u yoshligini tiniq xotirlay boshlagandi, ehtimol.

«Oʻzbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 1992 yil 44-sonida chop etilgan. Keyinchalik muallif tomonidan ayrim qisqartmalar qilingan.