OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMuhammad Sharif
Asar nomiQushlar bayrami (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Muhammad Sharif
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm15KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/05/21
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qushlar bayrami (hikoya)
Muhammad Sharif

Bolaligimizning bayramlari koʻp boʻlardi. Lekin ular orasida biz uchun eng quvonchlisi Qushlar bayrami kuni edi. Oʻsha kuni kallai saharlab maktab darvozasi oldida yigʻilardik. Birov dakang, birov oʻzi bir qarichu dumi oʻn qarich yapon xoʻrozini, yana birov chipor tovugʻini qoʻltiqlab kelar, otasining sayroqi bedanasi yoki kakligini oʻgʻirlab kelganlar kechqurun orqasiga hoʻl gavron shivillab tushganida oʻynab-kulgani burnidan chiqishini xayoliga-da keltirmay, oʻz qushlarini maqtab, oʻrtoqlariga gap bermasdi. Kaptarlarni aytmaysizmi?! Tojdor deysizmi, paypoqdor deysizmi, boʻqoq kaptarmi, hamma turidan bor. Tuni bilan uxlamay tomma-tom chopib, chumchuq, olaqanot, zagʻizgʻon – duch kelgan qushni tutib kelaverganlarning sanogʻiga yetmaysiz. Hech ilojini topmagani bobosi kunchivoqda mudrab oʻtirib tutib bergan musichaga boʻyoq chaplab chiqqan.

Bolalarning qiy-chuvi, parrandalarning chugʻur-chugʻuri ayni avjiga chiqqanida usti ochiq, orqasidagi suyanchiqlari qiyshaygan moshin baayni urushdan chiqib kelayotgandek «poʻr-poʻrlab» yetib kelardi. Darvozaning yoniga kelgach tutunquvuridan «paq-q!» tovush chiqarib oʻtakamizni yorar, soʻng joni uzilgan tovuqdek «gʻiyq» etib uni oʻchardi-qolardi. Haydovchining yonidan boʻyni va oyoqlari uzunligidan tuyaqush singari loʻkillab odimlaydigan zoologiya domlamiz tushib, allaqachon moshinga tarmasha boshlagan bolalarni qaytarish uchun behuda baqirib-chaqirardi. Shunda xoʻroz va tovuq koʻtarib kelganlarning shoʻriga shoʻrva toʻkilardi. Chunki, domla ular orasidan ikki yo uchtasini, oʻzining aytishicha, xislatlisini tanlab olardi. Domlamiz parrandaning xislatini qanday aniqlaydi, bunisi menga qorongʻu, ammo biz moshinga chiqqach ortimizdan koʻzlarida yosh, moʻltirab qolayotgan tengqurlarimni koʻrib ichim achirdi.

Moshin katta yoʻlga tushib, gʻizillagancha shahar tomon yelganida bor qaygʻu-alam unut boʻlardi. Oʻrnimizdan turib atrofni tomosha qilib ketgimiz, yoʻl chetida koʻrinib qolgan odamlarga baqirib-chaqirgimiz kelar, lekin haydovchidan choʻchirdik. Ergash toʻpalon deb nom chiqargan bu odam xoʻp alomat haydovchi edi-da! Bizni paxta terimiga olib ketayotganida moshin chambaragini oyogʻi bilan boshqarib, oʻzi kabinadan orqa kuzovga yaqin beligacha chiqib, «oʻtirib ket» deya turib olganlarga vajohat qilar va qaytib joyiga kirib olardi. Bu vaqt ichida moshin yoʻnalishini bir enlik ham oʻzgartirmasdi, desam ishonavering.

Shunday qilib, bizni shaharning ichidagi eng koʻrkam boqqa olib borishardi, chamamda. Eh-he, bundagi tomoshani... Bogʻning oʻrtasidagi marmar taroshlab yotqizilgan yoʻl kaftdek tekis va silliq, bordiyu igna tushib ketsa, qoʻshnimiz Sharofat momo koʻzoynagini qidirguncha ignani topib oladi. Ana oʻsha yoʻlning ikki chetida tumonat oʻquvchi yigʻilgan. Boshlari uzra bolalar va qushlarning doʻstligi haqida bitilgan alvon shiorlar hilpillab turibdi. Sinfimizdagi eng a’lochi Bahrom ham bu shiorlarni kechgacha zoʻrgʻa oʻqib tugatsa kerak. Koʻrgazmaga qoʻyilgan narsalar ichida turli parranda-churrandaning suvratiyu ichiga somon tiqilgan tulupidan tortib, jonlisigacha bor. Qushlarga yasalgan inlarning bejirimligini koʻrib hech qursa bir olashaqshaq boʻlib tugʻilmaganiga odam achinib ketadi. Gʻala-gʻovur, toʻs-toʻpolon avjida. Hakamlarning kelishiga hali vaqt bor shekilli, domlalar huv chetda xoʻroz urishtirishni tomosha qilish bilan band. Biz esa Anvar ikkovimiz Boʻriboy boʻyagan musicha qumriga oʻxshaganmi yoʻqmi, muhokama qilardik.

«Qulquntoyning xuddi oʻzginasiya,»- derdi Anvar.

«Oʻzingsan qulquntoy. Qulquntoy boʻlishi uchun bunga yana bir quloch tumshuq kerak,» derdim Anvarning oʻxshatishidan jigʻibiyron boʻlib.

«Bir quloch tumshuqni hoziroq qaerdan topamiz?» kapalagi uchdi Boʻriboyning. «Kelinglar, yaxshisi buni zargʻaldoq deb koʻrsatamiz».

«Ha oʻl-a, agar buning koʻkqargʻa polaponidan boshqasiga oʻxshasa, turgan joyimda til tortmay oʻlay».

Ilkis tepamizga kelib bizni kuzatib turgan qizni koʻrib biz angrayib qoldik. Bunday ajabtovur kiyingan, yoqimtoy qizni umrimda birinchi marotaba koʻrib turishim edi. Oppoq koʻylak, oppoq fartuk, oppoq paypoq kiygan, hatto tim qora sochlariga-da oppoq lenta taqilgan, shu turishida u bogʻimizdagi pechakgullarga qoʻnib oʻynaydigan oq kapalakdan sira farq qilmasdi. U bir aft-angorimizga, bir qushlarga ajablanib qarar, qoʻngʻir koʻzlarida samimiy uchqun yiltirab, bizdan begonasiramayotgani sezilib turardi. Qoʻqqis shu paytgacha qoʻynimda tinch yotgan qarqunoq tipirchilab qoldi. Koʻylagim tugmasini yechib, qushni chiqarganimda qiz «vuy-y, buncha chiroyli!» deya quvonch bilan chapak chalib yubordi. Soʻng...

«Maylimi bir ushlab koʻrsam, choʻqimaydimi?» deb soʻradi.

U qarqunoqni hadik bilan qoʻliga olib boshini silamoqchi boʻlganida qush uchib uning yelkasiga qoʻnib oldi. Ana endi qush uning oppoq koʻylagiga chaksa qilsa rasvo boʻlaman, degan xavotirda qarqunoqni ushlamoqchi boʻlib qoʻl choʻzdim.

«Yoʻq, yoʻq, turaversin, voy muncha zoʻr-a?!» qiqirlab kulardi bu qiz.

Qarqunoq uzun dumini silkitib «qix-x, qix-x» sayrab qoʻyganida qiz shoʻrlikning koʻzlari quvonchdan porillab ketdi. Uning kumush qoʻngʻiroqdek yoqimli ovozi, shirin jilmayishi menga daqiqa sayin qadrdon boʻlib borayotgandi. Biz tanishib ham oldik. Uning ismini soʻrayotganimda ovozim qaltirab, yuzim olovdek yonganidan yerga qarab oldim va koʻzim yagʻiri chiqqan yengimga tushib, darrov qoʻllarimni ortimga yashirdim.

«Bizning maktabda ham qushlar koʻp, faqat hammasi qafasda yashaydi. Menga esa yovvoyi, erkin uchib yuradigan qushlar yoqadi, ularni rosayam yaxshi koʻraman, sen-chi?»

«Men ham!» dedim hayajonim hamon toʻxtamay. «Men ham...men ham» ortimdan qichqirdi Anvar bilan Boʻriboy.

Men qizni qoyil qoldirish uchun antiqa parrandalar borki, barini qishlogʻimiz teraklariga qoʻndira boshladim. Anvar bilan Boʻriboy unutganimlarni eslatib turdi. Agar gapimizga birov ishonsa, Afrika tabiati ham hech gap emas ekanda, deyishi tayin edi. Biroq Boʻriboy tuyaqushlar ham bor, deb chatoq qildi. Qiz yolgʻon gapirayotganimizni sezib qoldi chamamda, shashti tushdi. Lekin qishlogʻimizda hamma biladigan Bahor lofchining toʻqigani – paxtaga dori sepayotgan samolyotning qanotini burgut qanday qilib tepib sindirganini aytib berganimda, uning avvalgi quvnoqligi qaytdi. Tabiiyki, endi yirtqich qushlar haqida gapirib berarkanman, hali amalga oshmagan orzumni ham qoʻshib ketdim:

«Menda qoʻlga oʻrgatilgan kuyka ham bor,» dedim kiprik qoqmay yolgʻon gapirib.

«Rostdanmi, nima u kuyka?» soʻradi qiz.

«Qirgʻiydan kichikroq, lekin unga oʻxshash poʻpang emas, lochinga oʻxshash epchil,» dedim.

«Menga koʻrsatasanmi!?»

Daf’atan, «kelishyapti» degan hayqiriqlar yangrab qoldi va domlalar bolalarni bir safga tiza boshladi.

«Voy, men borishim kerak, sen...sen...»

«Yanagi bayramga kelasanmi?»

«Oʻsha qushni olib kelasanmi? Seni albatta qidirib kelaman,» u shunday deya qarqunoqni avaylab ushlab menga uzatdi. Qushni olayotib bexos uning paxtadek yumshoq qoʻliga tegib ketdim. Qiz duv qizardi, keyin ortiga oʻgirilmay, chopqillab ketdi. Chamasi, men mast edim. Oʻrtoqlarim qarqunogʻimni uchib ketganini aytganida oʻzimga keldim. Ha, hali qoʻlga toʻla oʻrganmagan qarqunogʻim uchib ketibdi.

Kapalak ham uchib ketdi... Koʻrikdan soʻng bogʻning shunday toʻs-toʻpoloni chiqib ketdiki, men u qizni boshqa uchratmadim.

Yana yangi bayramlarni kutib maktabga qatnay boshladik. Orada gʻoʻza yaganasi, chopiq, paxta terimi chiqib, sinfxonalardan bezigan paytimizda jonimizga ora kirardi. Shunga qaramay kapalakmonand shaharlik qiz sira koʻz oldimdan ketmasdi. Umri egatlarda paxtaga ishlov berish, soy boʻyida mol boqish, koʻchalarda yoqavayron mushtlashish bilan oʻtadigan bir bola farishta yangligʻ oppoq libosga burkangan shaharlik qiz bilan tanishib qoladi-yu, buni unutib boʻlar ekanmi!?

Derazadan quvalashib uchib oʻtayotgan kapalaklarni koʻrib qolsam ichimda bir nima entikib ketar, hech kimga sezdirmay kulib qoʻyardim-da, yuzimni partaga bosib shirin xayollarga berilardim. Shunday kezlarda domla qoʻlidagi boʻr bilan tushirib qolardi. Men ikkiga boʻlinib ketgan boʻrni domlaga berayotganimda aybimga pushaymon boʻlgandek koʻzim yer chizar, lekin urib qolsa qochishga ulgurish uchun qoʻliga qiya qarash qilib turardim. Haytovur, domla «mulla» boʻlib turganimni koʻrib indamay darsini davom ettirardi. Asta joyimga borib oʻtirar ekanman, darsga quloq solish qayoqda, xayol qurgʻur yana olib qochaveradi. Bu kezlar faqat menda emas, butun sinfimizda gʻalati oʻzgarishlar yuz berayotgandi.

Bir kuni domlalardan biri bayram munosabati qizlar oʻgʻil bolalarga yozgan tabrik qogʻozini topib olibdi. Qizlarni sinfdan tashqariga chiqarib yuborgan gumbazdek domla chap qoʻlini iyagiga tirab, oʻng qoʻlining koʻrsatkich barmogʻini qulogʻiga tiqib, huzur bilan kovlashtirdi, soʻng gursillatib stolga musht soldi.

«Oʻgʻirlik tuxumdan boshlanadi, anovinaqa...» domla tabrik qogʻozini qoʻliga olib, allaqayoqqa ma’noli ishora qildi. «Oʻshanaqa ishlar manovinaqa xatlar yozishdan boshlanadi. Eshit!!! Olim, nega boʻyningni choʻzib Nizomni qulogʻiga pichirlaysan?»

Domla tabrik qogʻozini yirtib, derazadan tashqariga uloqtirdi. Biz yerga qarab jim qoldik. Biroq nazarimda, hamma yer ostidan bir-biriga qarab, «domla nimani ham tushunardi» degandek boʻlardi.

Yana bir kuni sinfdosh qizlardan biri onasidan «shahlo koʻz qanday boʻladi?» deb soʻrabdi. Qizining qoʻqqis savolidan hushi boshidan hurkak qushdek uchgan onasi qizini zimdan kuzatib yurib, kitobi orasidan ichiga quritilgan binafsha (biologiya darsi uchun gerbariy sifatida qilingan boʻlsa kerak) solingan maktub topib olgan. Ana oʻsha maktubda «shahlo koʻzlaringga bir boqishga zor...» deyilgan ekan. Qizning onasi maktubni koʻtarib, toʻppa-toʻgʻri direktorning xonasiga kirib kelibdi. Direktor darrov majlis chaqirib, muallimlarni koyiy ketgan. Jismoniy tarbiya domlasi bizning sinf rahbarimiz edi. U majlisga hammadan oxirida kirib kelgan va yonidagi domladan nima voqea yuz berganini soʻrab bilgach, xunob boʻlib «obbo, ahmoq falonchi, haligacha shahlo koʻz bilan pista koʻzning farqiga bormabdimi-a» deb yuborgan-u, yonib turgan olovga moy sepgan. Shikoyat qilib kelgan ayol «nega meni qizimni pista koʻz deysan» deb sinf rahbarimizning yoqasiga yopishgan. Shundan soʻng kunora boʻladigan ota-onalar va sinf majlislarini koʻrsangiz edi...biroq bahorgi suv toshqinini toʻsib boʻlar ekanmi!?

Men esa tushlarimda faqat oq kapalaklarni koʻrardim. Ha deguncha boʻlmay, qish oʻtib bahor ham keldi. Ertaga qushlar bayrami degan kuni men terimga sigʻmay quvonardim. Maktab ustaxonasi gavjum, kim qushlarga in yasayotgan, kim devoriy gazeta chiqarayotgan, kim qamishdan parrandalarning rasmini solayotgan. Bu kecha qushlarga ham, bolalarga ham uyqu harom, tuni bilan tomma-tom chopadi. Ayniqsa, Mahkam buvaga qiyin. Uning eski chordogʻi va tomiga gʻoʻzapoya bosilgan ogʻilxonasida qushlarning ini gʻij-gʻij. U bugun narvonini ogʻilxona ichiga yashiradi, uzun hoʻl novdadan gavron tayyorlab ostonasiga qoʻyadi, oʻzi esa tong otguncha qush uyquda yotadi. Akram bedanavoz ertaga saharda, balki bugun kechqurunoq oʻgʻlini somonxonaga qamab qoʻyadi. Chunki oʻtgan yilgi bayramda uning eng zoʻr sayroqi bedanasi qattiq choʻchigan ekan, haligacha churq etmagan. Men esa kechqurun oʻrtoqlarim bilan kaptarjarga borishga tayyorgarlik koʻraman.

Kelishilgan vaqtda Anvar bilan Boʻriboy chaqirib keldi. Birgalishb Salimning uyiga bordik. Salim non kavshab chiqar ekan, havoning avzoyiga qarab olib, ovoziga sirli tus berdi:

«Bolalar, negadir oyogʻim tortmayapti, boya chap qoshim ham rosa uchuvdi. Kelinglar, bormaylik.»

«Irim-sirimlarga kampirlar ishonadi. Senlar bormasang oʻzim ham ketaveraman,» dedim boshqalar ham aynib qolishidan choʻchib. Anvarning ori tez keladi, Salimga oʻshqirib berdi.

Kaptarjarga qishlogʻimizdagi eng uzun terakning ham boʻyi yetmaydi. Bu yer haqiqiy qushlar bozori. Hozir mart oyi, qirgʻiy, kuykalar tuxum bosadigan davr. Qirgʻiy jarda yashamaydi, lekin kuyka daraxtmi, jardagi kovakmi, tanlab oʻtirmay in quraveradi. Bolalar jarning tepasiga chiqishdi, men pastda qoldim. Qoʻlim bilan ishora qilgach, ular gursillatib yer tepa boshladi. Yuzlab kovaklardan qushlar gurillab uchib chiqdi, oxirida kuyka koʻrindi. U chiqqan teshikni men zoʻrgʻa ilgʻab qololdim. Tepada bolalar ham qiyqirdi:

«Koʻroldingmi, qaerdan chiqdi?»

«Chaproqqa yur, yana, ha yana ozgina yur,» men pastdan turib ularga moʻljal berdim, ular kerakli joyga belgi qoʻyib pastga tushishdi. Biz qorongʻu tushishini kutib, arqonlarni bir-biriga ulay boshladik. Qushlarning chugʻur-chugʻuri quloqlarni qomatga keltirdi.

Tez orada koʻrshapalaklar uchib, biz tepaga koʻtarildik. Bolalar arqonni bellariga bogʻlab, oyoqlarini yerga tirab oʻtirib olishdi. Men yo bismillo, deb arqonga osilib pastga tushaverdim. Jarning labidan besh quloch tushganda kuykaning iniga yetdim. Kovakka qoʻl suqqanimda ichkarida kuyka potillab qoldi. Hech tutqich bermaydi, jonivor. Qoʻlimni sugʻursam, barmoqlarimni tilib, qonatib tashlabdi. Boshimdagi doʻppini olib, uni shu bilan tutmoqchi boʻldim. Ilkis qulogʻimga «chirt» etgan tovush eshitildi. Qoʻlimga chippa yopishgan arqonning ayrim joylari mol peshobidan chirib ulgurgan ekan. Chap qoʻlimdagi doʻppini irgʻitib, arqonning yuqoriroq, chirimagan joyidan ushlamoqchi boʻldim-u, lekin ulgurmadim, chinqirgancha pastga qarab uchdim. Koʻzimni ochganimda tuproqqa belangan holda yotar, ogʻzimda kesak ta’mi, a’zoyi badanim, ayniqsa, oʻng oyogʻimning toʻpigʻi zirqiratib ogʻrirdi. Hay-haylashib yetib kelgan bolalar atrofimda girdikapalak, rangi paxtadek oqarib ketgan Salim tinmasdan «aytmadimmi, koʻnglim sezgandi» deb bidirlardi. Ogʻriqdan koʻra uning shu gaplari menga koʻproq alam qilardi. Lekin tilimning uchida turgan gapni Anvar aytib yubordi.

«He, seni koʻnglingga....»

Ularning yalinib-yolvorishiga qaramay, velosipedimni bir oyoqlab oʻzim minib ketdim. Uyga yetib kelguncha gʻarq terga botib, isitmam koʻtarilib ketdi.

Oʻng oyogʻim toʻpigʻidan chiqqan ekan. Ertasiga qushlar bayramiga bora olmadim. Kelasi yili ham bormadim. Suyaksurar kampir oyogʻimni qiyshiq solgan ekan, choʻloqlanib yurganimdan koʻnglim oʻksirdi.

Bayram kuni kaptarjarga bordim. Quyosh botib, zamharir shabboda turgunicha jarning labida oʻtirib, qushlar galasining havoda charx urishini tomosha qildim. Lekin kapalak monand qizning chehrasi koʻz oldimdan ketmasdi. Uni «seni albatta qidirib kelaman,» deb aytgan gapi qulogʻim ostida jaranglardi. Keyin, u qiz seni allaqachon unutib yuborgan-ku, deb oʻzimning ustimdan kular, yuzimni koʻm-koʻk maysalarga bosib toʻyib-toʻyib yigʻlagim kelardi...

Boshim uzra esa qushlar figʻon koʻtarardi, goʻyo «sen qidirib bor» degandek.

1994 yili «Vatan» gazetasida e’lon qilingan.