OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMuhammad Sharif
Asar nomiSomon yoʻli (birinchi hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Muhammad Sharif
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm24KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Somon yoʻli (birinchi hikoya)
Muhammad Sharif

Koʻkdan tillarang somon yogʻilardi.

Yoqa-engingdan kirib borsa, jiqqa terlagan badanga yopishib, achitib-qichitadigan mayda somon zarralari, qiltiriqlari, qiltanoqlari...

Ahyonda bir oʻynoqilagan epkin chang va gʻubor orasidan somon talqonini koʻkka koʻtarib chiqadi-da, botayotgan quyosh nurlariga tutadi. Quyosh nuri oltin zarralarga qorishgancha bir lahza muallaq qotib, soʻng chil-chil sochila boshlaydi. Yiltiragan somon zarralari yana pastga tushib, quyuq changga qoʻshiladi va borliqni gʻubor chulgʻab oladi.

Tuproq, somon va yovvoyi oʻtlarning omuxtasidan iborat erinchoq chang qishloq ichidan chiqib ketishni istamaydi. Yoʻl-yoʻlakay saratondan majoli qurib, shalpayib qolgan yaproqlar ustiga qoʻnadi. Behining maydatuk, barqutsimon yaproqlari changni boshqalardan ikki hissa koʻp tutib qoladi. Qishloqni quyuq tumandek chulgʻagan gʻubor orasidan mirzateraklarning uchigina koʻzga tashlanadi.

Qalin chang ostida quloqni qomatga keltiruvchi motorning tarillagan ovozi tinmaydi. Botir doʻxtir Nikolay poshshoning zambaragini yodga soluvchi qoʻlbola kombaynda bugʻdoy yanchadi. Bu matoh boshoqdan bugʻdoyni ajratish uchun emas, kesak va somon chaynab, changini atrofga purkash uchun ishlayotgandek.

Yuziga saqich boylab ketgan chit durra tutgan doʻxtir «zambarak» ogʻziga toʻxtovsiz dastalab bugʻdoy tiqadi. «Zambarak»ning egasi boshqa mijozlarga ham ulgurish uchun doʻxtirni tinimsiz tezlaydi va oʻzi ham jon halak somon tortadi. Botir doʻxtirning ikki boʻysara qizi va kenjatoyi bugʻdoy bogʻlarini peshma-pesh yetkazib turibdi. Ularning yuzidan quyilayotgan ter gupillab urilayotgan changga qoʻshilib, loyqaga aylanadi. Botir peshonasidan koʻziga oqib tushayotgan terni artib olishga imkoni boʻlmaganidan koʻzini qayta-qayta yumib ochar, shunda shoʻr loyqa koʻzyoshlari izidan pastga qarab sizar, lekin yoʻl-yoʻlakay hovur-haroratda qurib, egnida yupqa loysuvoqqa aylanishga ulgurardi. U kombaynning ogʻzidan toʻkilayotgan donni elas-elas koʻrib qolar va gʻayratiga gʻayrat qoʻshilardi. Kombaynning yonboshiga oʻrnatilgan parrak bugʻdoyning puchagini uchirib, shamol pudab turardi.

Aslida, oddiy bir oʻtkinchi bu manzarani ilgʻashi qiyin, uning nazarida Botir va bolalar adirda koʻtarilgan quyun ichida adashib chopib yurgan sharpalardek tuyulardi.

Qishloqda bu kech qoʻlbola kombaynlardan bir emas, ikki-uchtasi ishlab turgani bois qaysi koʻchadan kirilmasin, quyuq changga duch kelinishi tayin. Bugʻdoy chiqarish mavsumi hali biror hafta davom etar? Qoʻlbola kombaynlarga navbatda turganlarning roʻyxati ham uzun. Eringanlar oʻtgan-ketgan mashinami, ot-ulov yanchib oʻtsin deb bugʻdoyni shundoq yoʻl oʻrtasiga yoyib qoʻygan.

Qishloqning chang bosgan mevasi va uzumlari kuz kelib, yomgʻirlar boshlangandan keyingina yuviladi. Ana oʻshanda behilar ham tillarang boʻlib tovlanadi. Lekin hali ungacha ancha bor. Hozir esa tun yarimlab qoldi. Kombaynlar ham tinchidi. Egalari ularni simyogʻochdan uzib, navbatdagi xonadon eshigi tagiga sudrab eltdi va oʻzlari anhorga choʻmilgani tushib ketdi.

Botir doʻxtir bolalari bilan bugʻdoyni qoplab, ichkariga tashib qoʻygandan soʻng, anhor boʻyiga tushdi, choʻmilib chiqqach, tegirmonchi bilan bir shisha vinoni boʻlishdi. Sharob uning yogʻochdek qotgan barmoqlarini yumshatib, tom bitgan quloqlaridagi shovqinni tarqatib yuborgandan keyin suvning sharqirashiyu teraklarning shovullashini eshitdi, tungi salqinni tuydi va jim qoldi. Uzoq sukut saqladi va birdan oʻrnidan turdi-da, tegirmonchiga hech nima demay joʻnab qoldi.

«Hoʻv doʻxtir, nima boʻldi, qayga shoshyapsiz?» uning ortidan baqirdi hayron qolgan tegirmonchi.

«Sahar piyozga dori septirishim kerak,» dedi u.

Botir adirda ekilgan piyozini dorilatish uchun bugun ishdan kelishda qoʻshni qishloqdagi zaharchining uyiga oʻtgandi. Agar piyoz shu kunlarda doridan qolsa, hosilni bit yeb bitiradi. Bu oʻydan uning oyoqlari oʻz-oʻzidan ildamlab ketdi.

Chang qishloq uzra qoʻnib-oʻtirib boʻldi. Somon zarralari derazalardan uylarga kirib bordi, kimningdir toʻntarilmay qolib ketgan qozonini bosdi, tokka osilgan solmadagi suti yuzini qopladi. Qishloqning shakli-shamoyili endi bor boʻyicha koʻrindi. Bodrab chiqqan yulduzlar qishloq koʻchalari va katta asfalt yoʻlni qoplagan somonlarda jilvalandi.

Tongga yaqin havo musaffolandi va yengil shabada turdi. Changga terisi yupqalarning tungi achchiq-achchiq chuchkiriklari ham tinib, yozning orombaxsh va salqin tongi ota boshladi.

Katta yoʻldan mashinalar gʻizillab oʻta boshlagan payt Botir adirga otlandi. U koʻcha tomonga emas, hovli tepasidagi dalaga yurdi. Shu tariqa adirga eltadigan yoʻlga kesib chiqish mumkin. Yomgʻirlarda yuvilib, quyoshda tullab, oʻrkachga oʻxshab qolgan paxsadan oshib oʻtdi, keyin qoʻshnilarning devori boʻylab yurdi. Qishloq cheti boʻlgani uchun koʻplar devor olmay, daraxt va butalarni tigʻiz ekib qoʻra qilgan, baland baqateraklardan tortib, pastak doʻlanayu na’mataklar dalani qishloqdan ajratib turardi.

Botir daraxtlar oralab ketar ekan, ilkis tonggi sokinlikni buzib yangragan qush sayrogʻini eshitdi. Kutilmaganda taralgan bu sas uning hali toʻla uygʻonmagan sezgilarini hushyor torttirdi. Qushning tovushida daraxtzorning sehrli sadosi ham bor edi. Botir bu ohangni eshitmaganiga yuz yillar boʻldiyov.

Hali tong oqarib ulgurmadi, tongi mayinlik va sokinlik aro yangragan tovush uni yerga mixlab qoʻygandek boʻldi. Botir shu qotganicha bir qancha payt turib qoldi. Tovush ikkinchi marta takrorlangandan keyin yana oʻziga kelib, atrofga zor alangladi.

«Nahotki yana shunday qushlar biz tomonlarga qaytib kelgan boʻlsa?!»

U quloqlariga ishonqiramay, daraxtlarni bir-bir koʻzdan kechira boshladi. Enkayib daraxtlar oralab yurdi. Qush yana ovoz berdi. U choʻkkaladi. Ortidagi qayragʻochga suyanib, koʻzini yumdi va oʻzini allanechuk sarxush his qildi.

Atrofga taralgan tovush daraxtlarga urilib aks-sado berar, bora-bora quyuq barglar orasida singib ketishidan avval oqarayotgan tong havosida zangor-yashil iz qoldirib ketayotgandek tuyulardi.

Botir koʻzini kirt ochib, ovchidek atrofga alangladi. Yovvoyi bir hissiyot ich-ichidan toʻlqin urib kela boshladi. Qaerdan kelmoqda edi bu tovush. Qushni hurkitib yubormaslik uchun oyoq uchida, daraxtlarni bir-bir ushlab qadam tashladi. Qushning sayrogʻi tingach, bu sehrli ohang qayta yangrashini kutib karaxt qotar va shoxlarni koʻz qiri bilan kuzatar, koʻz qorachigʻining qoʻqqis harakati ham qushni hurkitib yuborgudek edi.

Har gal sayroq yangraganda u qush turgan joyga tobora yaqinlashib qolganini his qilar va hayajoni ortardi. Subhidam, musaffo havo, sada va doʻlanayu na’mataklar, shudringda yumshagan shox-shabbalar, yovvoyi yalpiz va chuchukmiyaning oʻtkir hidi hamda qishloq chetidagi bu sokinlik, bularning bari qoʻshilib uni allaqaerlarga chorlagandek boʻlardi.

U chakalakzor orasida ancha yurdi. Orada qush uzoq vaqtgacha tovush bermadi. Lekin u har bir daraxt va butani sergaklik bilan kuzatishdan tinmadi. Va nihoyat, u yarim qurib boʻlgan qayragʻoch shoxida oʻtirgan qushni barglar orasidan ilgʻadi. U yana ham yaqinroq borib bamaylixotir kuzatmoqchi boʻldi va qurgʻab qolgan ariq ichidan qayragʻochga yaqinlasha boshladi. Ilkis uning shundoq yonidagi qoratol kovagidan chumchuq pirillab uchib chiqdiyu hurkigan qush uchdi-ketdi. Havoda toʻlqin-toʻlqin iz qoldirib, lop-lop etib gʻoyib boʻldi. Qayragʻochning quruq shoxi titragancha qoldi. Botirning koʻksidan ham bir nima potirlab chiqib, qushga ergashib ketgandek boʻldi. Nima edi u?! Nega endi uni yana tashlab ketdi? Necha zamonlar boʻldi uning yuragi bunday urmay qoʻyganiga...

Botir qoratolga yelka tiragancha sirgʻalib oʻtirdi, oyogʻi ostidagi ajriqlarni chimdib yuldi, qadoq barmoqlari yer tirnay boshlaganda qoʻliga lappakdek tosh ilindi. U toshni tozalab yaltiratmoqchidek kaftiga ishqab arta boshladi va shu alpozda xotirasi ham tiniqlasha boshlagandek boʻldi.

* * *

Oʻzi yoshligidan miqti, lekin abjir va chayir bola edi. Mahallasidagi bolalarga bosh boʻlaman deb oʻzini oʻtga-choʻqqa urar, mahalla sha’ni, qishloq sha’ni deb janjalga bosh suqishdan tap tortmas, toʻylarda kurash tushar, eshakdek chayir bu boladan bir-ikki sinf yuqorida oʻqiydigan oʻspirinlar ham hayiqib turardi. Shu sababdan u toʻylarda oʻchoq atrofida yigʻiladigan yigitlar davrasida faxrli mehmondek oʻtirardi. Doshqozon uchun kovlangan, qarsillab olov chatnab turgan yeroʻchoq atrofida oldi-qochdi suhbatlar, askiyalar, armiyadagi yarmi lof sarguzashtlar tinmasdi. Harbiy xizmatdan yangi kelgan, doʻppisini peshonasiga qoʻqqaytirib, koʻylagining oldini kindikkacha ochib, uchini belbogʻnusxa tugib yuradigan poson yigitlar bilan tengma-teng boʻylashadigan Botirga tengqurlarining havasi kelardi. Maktabda «kim boʻlsam ekan» mavzusida insho yozilganda Botir «Men armiyaga boraman. Mening ham boshqalarga aytadigan oʻz sarguzashtlarim boʻlishini xohlayman,» deb yozgandi. Botir qishloqda faqat ikki oʻrtogʻini «oshna» deb chaqirar, «oshna» deb chaqirilgan oʻsha ikki bolaga hammaning havasi kelardi. Oʻsha paytda muhabbat va doʻstlik haqidagi hind filmlari mashhur boʻlib, kimlardir undagi qoʻshiqlarga taqlid qilsa, Botir mushtlashuv sahnalarini qayta-qayta koʻrish uchun tuman markaziga qatnab charchamasdi.

Maktabni tugatish yili sinfdoshlar oxirgi marta gʻoʻza chopiqqa chiqishdi. Oldinda hali bitirish kechalari, orzu-havaslarga toʻla yangi dunyo. Sinfdosh qizlaru yigitlar bu damlar qaytib kelmasligini his qilgandek ahil tortib qolgan. Endi avvalgidek oyoq ostida toptalgan yoki nogoh chopib tashlangan gʻoʻza niholi haqida qaygʻurishlar oʻrnini boshqa tuygʻular egallagan. Egatlarda choʻkkalab olib quriladigan suhbatlarning adogʻi yoʻq, nigohlar, qarashlar allanechuk sirli va ma’noli.

«Istalin» laqabi bilan mashhur tuman maorif boʻlimi mudiri oʻsha paytlar katta bir yigʻinda «Kosonsoyda quyosh nuri birinchi boʻlib Goʻrmironga tushadi, biroq bu qishloqdagi maktab oʻquvchilari dalaga nima sababdan hammadan kech chiqadi?!» deb oʻshqirgandi. Maktab direktori va oʻqituvchilar esa yigit-qizlarni oqshom payti daladan qaytarolmay halak edi.

Lekin Botir hamon oʻsha-oʻsha, uning chapani fe’lida gʻurur va oriyatdan oʻzgasi yoʻq edi. Qizlar haqida esa ularni himoya qilish zarurati tugʻilgandagina oʻylardi. Kuzatuvchan odam borliqda soat sayin oʻsish-oʻzgarishni ilgʻaydigan seravj may kunlarining birida Botir dalaning uvatiga tushdi. Egatlar tutqatorning tagida boʻlgani uchun ajriq va gʻumayga toʻla edi. Sinfdoshlari ancha ildamlab ketib, oʻqariqqa yaqinlashib qolgandi. U goh toshloqda kemshik boʻlgan ketmonchasini toshga qoʻyib teradi, goh ajriqlarni yulqilaydi, lekin ishda tinim ham yoʻq, unum ham yoʻq. Lekin u ortda qolib ketganiga sira parvo qilmaydi, chunki odatda qizlar ish oxirida hashar qilib, egatini qaytarib kelishini biladi.

Kun qizigandan qizib borar, yerdan koʻtarilgan hovurda oʻqariq tomondagi sinfdoshlar jimirlab koʻrinardi. Teparoqda qizlardan biri yomgʻirpoʻshini tutning shoxiga ilib ketibdi. Botir oʻsha zangor, chumchuq galasidek kutilmaganda bir koʻtariladigan issiq yelda hilpirab qoʻyayotgan yomgʻirpoʻshni marra belgilab, unga yetguncha bosh koʻtarmaslikka ahd qildi. Hadeb egat oxiriga qarayversa, xuddi oldinga emas, orqaga qarab ketayotgandek tuyuladi.

Botir pakkaga yetib kelganini boshi yomgʻirpoʻshga tekkanida sezdi. Nafas rostlash uchun boshini koʻtarmoqchi edi, shoxga ilingan silliq libos uning yuz-koʻzidan sirgʻalib oʻtdi. Botir ketmonchasini yerga urgan koʻyi qotib qoldi. Uning butun vujudi yoqimli bir hisdan seskanib ketdi va beixtiyor yerga oʻtirdi. U sarmast edi. Birozdan soʻng oʻziga hech kim qaramayotganiga ishonch hosil qilgach, boshini yana bir marta koʻtarib, yuzini yomgʻirpoʻshga qaytadan tegizdi...

Va parvoz qilayotgandek boʻldi. U paxta dalasi uzra uchardi, boshlariga oq durra tangʻib olgan qizlar, koʻylagini boshiga yopingʻich qilgan bolalar pastda yer tatalab yotar, u esa tobora balandroq uchar, koʻm-koʻk osmonda lochin kabi qanot kerar, soʻng kamon oʻqidek pastga shoʻngʻir, keyin qaldirgʻochdek yer bagʻirlab uchar, bora-bora oʻzini pechakgulga qoʻnayotgan kapalakdek his qilardi. Nogoh uning nazarida bahor osmoni bulut toʻplab, momaqaldiroq turdi, yashin chatnab, sharros yomgʻir quydi. Yuz-koʻziga tasirlab urilayotgan muzdek tomchilardan seskanib, vahm aralash yovvoyi qutqu ichida telbalardek qichqirib, ich-ichidan koʻkrak qafasiga potirlab urilayotgan tilsim qushni uchirib yuborgandek boʻldi goʻyo.

Goʻyo birdan yomgʻir tindiyu atrof charogʻon boʻldi, u hali koʻrmagan turfa ranglar, sezmagan hidlar orasida kalovlanib oʻtirar ekan, bu serjilo olamda unga nimadir, kimdir tanish edi. Sinfdoshi Zamira, uning yomgʻirpoʻshi, hidi, kumush qoʻngʻiroqdek jarangdor va yoqimli ovozi...

Botir shu alpozda ancha vaqt qolib ketdi. Yuragi gupillab urar, kallasida jarqaldirgʻochdek charx urayotgan fikrlar ketidan quvib yetolmasdi. U koʻzini yumgancha egat ichiga yotib oldi. Ancha vaqtdan keyin koʻzini ochdi. Endi u dunyoga boshqacha nigoh tashlardi. Xuddi bir umr chang boylab yotgan deraza oynalarini kimdir yaraqlatib yuvib qoʻyganu tashqarida u shu paytga qadar sezmagan hayot toʻq va boy ranglarda joʻshqin davom etardi.

U nimalarnidir endi tushungandek boʻldi. Anhordagi suvning shovullashi, tolkoʻprikning gʻiychillashi, qushlarning chugʻur-chugʻuri, qizlarning yuk mashinada dalaga qoʻshiq aytib kelishiyu qoʻshiq tugagandan soʻng bir-birlariga urilib-surilib, qiqirlab kulishlari, bari-bari quloqlari tagida jaranglay boshladi. Bu tovush-ovozlarda u avvallari ilgʻamagan ma’no, yoʻq-yoʻq, hech kimga koʻrsatib yoki aytib boʻlmaydigan sir borligini anglagandek edi. Navbatchi qiz pishiradigan makaron boʻtqayu bakda chala qaynagan va mumqogʻoz hidi kelib turadigan choy nega xushta’mligini endi ilgʻagandek. Sharros jala quyib yuborganda qizlaru bolalar bir tup chinor tagidan panoh topganiyu yelka-tirsaklari bir-birlariga nogoh tegib ketgandagi orziqish-seskanishlar, ter va namdan taralgan hidlar, bularning bari-barida endi ma’no bor edi.

U xuddi shunga oʻxshash, lekin bundan anchayin kuchsiz, yoki agar hidlarda rang boʻlgandaydi, shu hidning ochroq rangini qachonlardir bir koʻrgandek edi. Oʻtgan yili qishda institutda oʻqiydigan opasi ikki toliba dugonasini olib kelgandi. Oʻsha kuni qishloqda toʻy edi. Toliba qizlar yasan-tusan qilib, atir-upa surib toʻyga chiqib ketishgach, Botirning koʻzi sandal ustida qolgan «Yoshlik» degan jurnalga tushdi. U jurnalni qoʻliga olgach, undan juda yoqimli, lekin begona bir hidni tuydi. Oʻshandan buyon bu xush boʻy toliba qizlaru yoshlik haqidagi jurnallar bilan bogʻliq boʻlib xotirasiga oʻrnashib qolgandi.

Lekin bugungi ifor....

Botir butunlay oʻzgardi. Endi Zamiraning har bir harakatiyu soʻzidan oʻzgacha bir ma’no topardi. Qiz nimaiki demasin, nimaiki qilmasin, uning uchun yoqimli tuyulardi. «Zamira» degan ism ma’no kasb etdi, Zamiraning koʻchasi sarishtaroq, darvozasi yonida oʻsgan shotuti qadrdonroq koʻrinadigan boʻldi. U ana shunday xushxayollar ogʻushida yurgan kezlarda tasodifan Zamira bilan yonma-yon egatga tushib qoldi. Ular ishlayotgan dala chetida bir tashlandiq bogʻ boʻlardi, koʻp daraxtlari qurib ketgan, gʻoʻzadan oshib chiqqan perob suvdan ichib qolganlari yashnab turardi. Bogʻ qarovsiz boʻlishiga qaramay, bahor va yozda gʻoʻzaga ishlov berishga kelgan maktab oʻquvchilariyu kolxozchilarga soya berardi.

Botir va Zamira boshqalardan ortda qolish uchun ketmonchalarini yerga yengil urar va tez-tez suhbat qurib, egat ichida uzoq oʻtirib qolardi. Oʻshanda ularning suhbatini buzib bogʻdan bir qushning ajib sayrogʻi eshitildi. Nogahon yangragan bu ohang ketmonlarning chaqir-chuqur toshloq yerga urilishidan chiqqan tovushni bir lahza boʻlsa-da, bosib ketdi. Botir toshdek qotdi, Zamira hayrat ila alangladi. Ular bu qush haqida koʻp eshitgan, biroq oʻzini hech qachon uchratmagandi. Botir qushlar haqida bilganlarini gapira ketdi. Aslida u bu gaplarni bir sinf pastda oʻqiydigan, hamma «qush jinnisi» deb ataydigan boladan eshitgan, koʻp martalab qushlar uyalaydigan jarlarga birga borgandi.

Ular azbaroyi qiziqishdan boqqa kirishdi. Qushni hurkitib yubormaslik uchun oyoq uchida qadam tashlashdi. Daraxt va butalar quyuqlashgan joyda Botir baland yongʻoqning shoxlari orasida oʻtirgan bir qushning duminigina koʻra oldi. U Zamirani soʻzsiz oʻzi tomon imladi. Zamira unga shu qadar yaqin keldiki, Botir uning gupillab urayotgan yurak tovushini, iliq nafasini sezdi va ixtiyorsiz holda uning yanogʻidan shartta oʻpich oldi. Zamira «voy» dediyu hurkib, sapchib qochib ketdi. Qush ham pirr etdiyu uchdi ketdi. Botirning yuragi esa tipirchilab qoldi. Zamira tomonga qarashga botinolmay, koʻzi lop-lop uchib borayotgan qush ortidan ergashdi.

Botir armiyada ikki yil xizmat qilib kelgandan keyin Zamiraga uylandi. Xizmatdan avval bir yil tibbiy bilim yurtida oʻqigandi, harbiyda feldsher boʻlib ishladi. Qaytib kelganida koʻp narsalar oʻzgarib ketdi... Shoʻro Ittifoqi quladi, gʻoyalar oʻzgardi, odamlarning hayotga qarashlari yangilandi, hayotning tashvishlari-da yangi qiyofa topdi, yetti uxlab tushga kirmagan voqealar paydo boʻldi.

Onasi yoshligida oʻtib ketgan, otasi kasalmand boʻlgani uchun Botir tengqurlaridan koʻra ertaroq uylandi. Oʻqishni davom ettirish uchun ikki yil tibbiy universitetga hujjat topshirdi. Kirolmagach, umid uzdi-da tuman markazidagi shifoxonada ishladi.

Lekin bir maosh bilan roʻzgʻor tebratish, toʻshakka mixlangan otaga qarash, ukani uylantirishning oʻzi boʻlmadi. U yerga yopishdi. Kolxozlar tarqatilib, oʻrniga fermerlar chiqqan, mol-qoʻy boqish uchun parcha yer qolmagan. U chek yer olib shundan daromad koʻtarmoqchi boʻldi. Bir necha yil urinib tuzukroq hosil koʻrmasa-da, piyoz ekish hadisini oldi. Bu vaqt ichida odamgarchiligi va zehn-farosati tufayli oʻzi feldsher boʻlsa ham xalq orasida «doʻxtir» degan nom qozondi. Xalq birovga shunchaki nom bermaydi, buning uchun avvalo tan berishi kerak. Aslida ham Botir ancha-muncha shifokordan koʻra qoʻli yengil va tajribaliroq edi. Qishloqda unga tinim yoʻq, endi yeng shimarib ketmonga uzansa, kimdir hovliqib kelib qoladi. «Tez yuring, onamning qon bosimi koʻtarilib ketdi», yoki «oʻgʻlim tomdan yiqildi» deb keluvchilarning keti uzilmaydi. Kasallik fursat kutmaganidek, bemorlar ham vaqt kutmaydi, Botir kechasiyu kunduzi tinim bilmaydi. Shuning orasida dehqonchilik ham qiladi.

Suv qahat boʻlib chek yerdan olinadigan arzimagan daromadning ham barakasi uchdi. Endi u fermerlardan ijara yer olib, piyoz eka boshladi. Kasalxonadan keladiyu dalaga chopadi. Ijara haqini hosildan toʻlaydi. Lekin har yili posangi oʻsha: ovi yursa tovi yurmaydi, tovi yursa ovi chopmaydi, degandek. Hosil zoʻr boʻlganda piyoz arzon, piyoz qimmat boʻlganda hosilning mazasi yoʻq. Har ikkisi ham boʻlganda hosilni shira yeb bitiradi. Lekin Botir xalq orasida yuradigan gapga ishongisi keladi: dehqonning pirlari piyozni yetti yil ekish kerak, shu yetti yildan bittasida piyoz ostonangni tillodan qilib tashlaydi, degan emish. Bu yil besh yil boʻladi piyoz ekishni boshlaganiga. Ikki yil qolibdi. Keyin nima qiladi? Piyozdan boy boʻlmasa, kartoshka ekadi. Baribir mehnat qilish kerak, bolalar katta boʻlyapti.

Lekin doʻxtir zoti yerga yopishmasin ekan, oʻzi shu kasb egalariga jin-pin tekkan boʻlsa ajabmas. Qishloqdan uchta doʻxtir chiqqan. Ikkitasi hozir nafaqada, umri yer chopish bilan oʻtdi. Valijon doʻxtir qishloq etagidagi adirda yigirma yil tosh terib, qoʻriq ochdi. Ishdan keladi-da, eshakaravaga oʻtirib bogʻiga yoʻl soladi. Yoʻlda «Qaro koʻzimni» xirgoyi qiladi, avvallari mast boʻlib qolsa toʻylarda ham shu qoʻshiqni aytib hammani bezor qilardi. Endi birov bilan ishi yoʻq, ketmondan horigan paytlari bogʻining tepasidagi doʻnglikka chiqib olib, nay chaladi. Ba’zan nayning gʻamgin nolishi yarim tunga qadar tinmaydi. Bu yil suv taqchil, bogʻ qurib yotibdi, naydan chiqqan kuy ham saratonning jaziramasidek yurakni oʻrtaydi.

Rahmatilla doʻxtir ham uning yonidan bogʻ qilgan. Biroq bu doʻxtirning ichadigan odati yoʻq, nay ham chalmaydi, lekin ketmonni qoʻlidan qoʻymaydi.

Uchinchi doʻxtir bu ikkovidan ancha yosh. Hali bogʻ savdosi boshiga tushmagan. U hozir Rossiyaning tibbiy ekspeditsiyasiga qoʻshilib Qizil dengiz sohilidagi bir mamlakatda ishlab yuribdi. Oyligi hartugul yaxshi ekan uy-joyini tiklab oldi. Aylanib-aylanib oxiri u ham yerga yopishadigan koʻrinadi. Shu yozda ta’tilga kelganida qishloqdan tomorqa yer olib, terak va gilos koʻchati oʻtqazib ketdi. Keladi-da bir kun tuproq yalagani.

Nega doʻxtirlar yerga dehqondan ham qattiq yopishadi. Oppoq xalatini kiyib, egniga gard yuqtirmay yursa boʻlmasmikin? Nega oʻzini hadeb yerga uradi...tuproq titkilaydi. Balki koʻp qon, koʻp oʻlik koʻrganidandir...

Botir ariq ichida tin olib, bu xil oʻyga choʻmib qancha oʻtirganini bilmadi. Quyosh esa soʻrab-netmay terak boʻyi koʻtarilib qolibdi. Adirga yetgunicha kun qizib ketadi. Piyozga dori sepadigan zaharchi ham kutib-kutib ketib qolgan boʻlsa kerak.

U endi uyiga qaytishdan boshqa chorasi qolmaganidan ogʻir qadamlar bilan ortga qaytdi. Uyining vassajuft shiftiga termulib yotishni oʻylab yuragi siqildi. Qishloqda vassali uy deyarli qolmagan, yo fanerdan qoʻshnova qilib naqsh solingan yoki gipsqogʻozdan shakl berib, moyboʻyoq surilgan, ba’zilar shiftiga turli ranglarda shu’la taratadigan eng oxirgi rusumdagi chiroqlar oʻrnatgan. Hovliga tushib kelar ekan, otasidan qolgan uyga yonbosh solingan chala imoratga qarab, balki bugun guvala quysammi, deb ham oʻyladi.

Kecha tunda chiqarilgan somonni mallaga solib tashiyotgan xotini erining erta qaytganidan hayron boʻldi.

«Ha, ish bitdimi?! Piyozga zahar septirdiyizmi?» deb soʻradi.

U nima javob qilishni bilmay turib qoldi. Nima desin endi xotiniga?

«Men bir qushni, yoshligimdagi qushni uchratdim. Senga koʻngil qoʻyganimda, sendan ilk boʻsa olganimda uchratgan qushni. Esingdami oʻshanda... e, u paytlar sen boshqacha eding, men boshqacha edim, hayot boshqacha edi. Xullas, adirga ketayotib oʻsha qush tovushini eshitdimu, oʻzini koʻrmoqchi boʻlib piyozga bora olmadim. Shira yeb yotgan piyoz yana zaharsiz qoldi. Endi qachon kasallarimdan boʻshaymanu qachon dalaga boraman, ungacha piyozni shira yeb yotar. Manovi chaladevorning tomi yana yopilmay qoladi, qishi bilan devorlari nurab tushadi, yanagi yil yozda yana qaytadan uramiz. Bollaring maktabga yana eski kiyimlarini kiyib boradi. Sen esa qizingni sepiga tashlaydigan pombarqitni ololmaysan. Hammasi oʻsha qushni deb boʻldi, birgina qush-a. Oʻsha zormandaning boʻy-bastini toʻliq koʻra olgan boʻlsam ham boshqa gap edi!» deydimi.

Bu xotin zoti tushunadimi oʻzi? Jinni boʻlibdi, deb oʻylaydi.Undan koʻra, sassiqpopishakni koʻrsangiz yaxshi boʻlardi, deb kinoya qilishi tayin.

«Darvoqe, sassiqpopishaklar ham kelmay qoʻydi-ya biz tomonlarga,» Botir bu oʻydan keyin iljaydi va xotini koʻrib qolmasligi uchun yuzini ters oʻgirdi. Oʻ, ayol zotidan bir narsani yashirib boʻlarkanmi!?

«E qanaqa odamsiz oʻzi, nega tirjayasiz, zahar nima boʻldi, zahar,» dedi ensasi qotib.

«Zaharchi kemadi.» Xotini kulgisini sezib qolganidan jahli chiqdi uning.

«Nega kemas ekan, nima boʻpti?»

«Zaharchi zahar ichib oʻlipti.» U jahl bilan uzumtok ustunini tepgandi, kechagi chang va somon zarralari boshiga duv toʻkildi.