OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMuhammad Sharif
Asar nomiSomon yoʻli (ikkinchi hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Muhammad Sharif
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm20KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Somon yoʻli (ikkinchi hikoya)
Muhammad Sharif

Botir doʻxtir ishdan qaytaturib Shahobning doʻkoniga kirdi. Qishloqda «tijorat»nomini olgan, yoʻl boʻyida chust doʻppidek qoʻqqayib turgan doʻkon kezi kelganda mayxona vazifasini oʻtardi. Shu kunga qadar birov bu deparada choyxona yuritib, biri ikki boʻlmagan. Buning sababini hech kim bilmaydi. Kasod boʻlgan choyxonachilarning oʻzlari ham buni goh nasiyachilardan koʻrsa, goh soliqchilarga yopishtiradi. Qolaversa, zamona tezkor, doʻkonga birrov bosh suqqan hamqishloqlar uchun ichimlik ham, gazak ham shu yerning oʻzida muhayyo, oʻrikdan boʻshagan shatmoq yashiklar bir zumda kursiga, koʻcha gazetasi dasturxonga aylanadi.

Hozir ham toʻrt ulfat doʻkonning chetida teshikkulchadan boʻshagan qogʻoz qutini oʻrtaga qoʻyib, qoʻr toʻkib oʻtiribdi. Oʻrtada ikkita labi uchgan piyola, piyoz poʻstidek yupqa kesilgan uch-toʻrt boʻltam kolbasa, uch dona paxtaolma bor. Doʻkon devorlariga naridan beri ohak surilgan, toʻrda shildiroq yelimqogʻozli surat osilgan, unda xitoy qizi soxta jilmayib turibdi, ikkinchi suratda savat toʻla subtropik mevalar. Ranglari shunchalar tiniqki, qizgina yutinsa, tomogʻidan yutumi koʻrinadigandek, bu yoqda esa kivining har bir tukigacha dikkayib turibdi. Kivini umrida koʻrmagan, lekin har safar bu mevani tukli kartoshkaga oʻxshatib mutoyiba qiladigan ulfatlarning suhbati qizgʻin.
– «Bunyodkor»ga braziliyalik trener kepti. Turkiyaning «Fenerbaxcha»siga trenerlik qilardi-ku, oʻsha!
– «Bunyodkor»mi, shu avvalgi «Quruvchi»-da?
– Ha-da, yaqinda Braziliyadan bir oʻyinchi ham sotib oldi-ku.
– Turkiya braziliyalik trenerni qaytarib olmoqchi emish, qancha soʻrasa beramiz debdi, shu rostmi?
– Biznikilar osonlikcha qaytarib bermasa kerak.
– E, ota-bobosi pul-da, kim koʻp toʻlasa, oʻshanga ketaveradi-da.

Botir doʻxtirning eshik gʻiyqillashiga monand salomi suhbatni boʻldi.
– Keling, doʻxtir. Piyoz qalay? – dedi doʻkonchi. – Bu yil endi «Neksiya»ning rangini olay dedimi?!

Sarxush ulfatlarga qiya qarash qilib olgan doʻxtir bu gapdan boʻynini ichiga tortdi, jikkakkina gavdasi yana bir qarich choʻkib ketgandek boʻldi. Ulfatlar yalt etib doʻxtirga qaradi. Birma-bir bosh irgʻab, salomlashildi.
– «Neksiya»ning rasmini chizib qoʻyganmiz, lekin rang kirmayapti, eski «Moskvich»ga qarab tortadimi, deyman... shira yeb bitiryapti-ku, dori sepishim kerak edi, borolmayapman, – dedi uf tortib doʻxtir.
– Xavotir olmang, doʻxtir, doriyam topiladi, zaharchiyam keladi oʻzi qidirib, xudoning buyurgan soatida. Birorta boshi aylangani kep qolar, u dorini sepgandan keyin bu «dori»ni qimasa boʻmaydi. Ungacha biz bilan...– Saidali quvlik bilan chap koʻzini qisib, peshtaxtadagi shishalarga imo qildi.
– Doʻxtir, zaharchi kemasa, piyozingizga dorini oʻzim sepib beraman. Apparat topsak boʻldi, keling, siz ham bir odamga oʻxshab dam oling. Biror minut tin oling-da endi, doʻxtir. Oling bitta shishani, keling! – Boʻriboy Botirni qistay boshladi.
–Oʻzi shundogʻam tomogʻimdan hech narsa oʻtmayapti, Boʻriboy.

Botir shu kunlarda oʻzi haqida qishloqda tarqalgan gap bu yerda ham chaynalib, davrada ermak boʻlishdan choʻchidi. Darhol doʻkonchiga yuzlanib, yarim kilo shakar, bir kilo makaron tortishni soʻradi. Bularni qarz-nasiya daftariga yozdirib qoʻyib, keyin yogʻ qachon kelishini surishtirdi-da, doʻkonchidan oʻpkalandi:
– Oʻtgan gal zavudyogʻ keganda biznikilar ololmapti-ku.

Doʻkonchi oʻzini oqladi:
– Aka, roʻyxat bilan tarqatsak ham yetmay yotibdi. Roʻyxatni mahalla raisi tuzyapti-ku, – dedi.

Shu payt ulfatlar orasida doʻxtir xavotir olgan mavzuda qochirim boʻldi.
– Doʻxtir! Biz tomonlarda gʻalati-gʻalati qushlar paydo boʻptimi? Odamlar shunday deyapti. Siz ham bittasini koʻribsizmi-ey, shu rostmi?
– E, battol...Sen ham eshitdingmi? – doʻxtir avval tishi orasidan zoʻrma-zoʻraki iljaydi, biroq ushlab turolmadi, boʻlari boʻldi qabilida rostakamiga kulib yubordi.

Doʻkonchi bu gapdan bexabar ekanmi yoki atayin talmovsiradi:
– Qanaqa qush ekan? Koʻlga qoʻngan qashqaldoqlarmi? Shaharliklar kelib otib ketishyapti ekan.
– Doʻxtir koʻrgan qushni otib boʻmasmish, qandaydir xosiyati bor ekanmi, keyin u hammaga ham koʻrinish bermas ekan.

Botirning kulgusidan dadillashgan ulfatlar payrovni ilib ketdi.

Doʻxtir uch kun avval kasalxonadan qaytishda qoʻshni qishloqlik dorichining uyiga kirgan, adirdagi piyozini dorilatish uchun u bilan kelishgan, dorichi «zahar sepsang sahar sep, kun qizigandan keyin boshim ogʻrib ketyapti» deb noligach, bular ertasi tongda paykal boshida uchrashishga kelishib, tarqalgandi.

Ittifoqo, doʻxtir uyiga kelayotib koʻchasida ikki gʻildirakli qoʻlbola kombaynni mahalla bolalariga sudratib ketayotgan tegirmonchini koʻrib qoldi. Doʻxtir eshigi tagiga toʻkib qoʻyilgan yuz ellik bogʻ bugʻdoyni yanchitishga tegirmonchini bir amallab koʻndirdi, ayni mavsum payti, tegirmonchi bir ketsa qaytib bu tomonlarga yana qachon keladi?! Ular yarim tunda bugʻdoyni kombayndan oʻtkazib boʻlishdi. Horgan-tolgan doʻxtir ertasi tong sahar adirga ketar ekan, Abdusalom domlaning hovlisi tepasidagi daraxtzorga yetganda bir qushning tovushi qulogʻiga chalindi. Doʻxtir bu qushni koʻrmaganiga, ehtimolki, unutganiga, oʻzining aytishicha, yigirma yildan koʻp boʻlibdi. Ne boʻlibdiki, doʻxtir tong pallasida bu qushning tovushiga mahliyo boʻlib, uni bir koʻrish ishtiyoqida dardi-dunyosini unutibdi-da, yaqin tushgacha chakalak ichida qolib ketibdi.

Hayot oʻsha hayot, ogʻrimagan bosh bormi, tashvishsiz kalla bormi? Roʻzgʻor gʻori, turmush mushti, mol-holga qarash, bolalar gʻishavasi, xotinning xarxashasi, bularning bari erkakning gardanida. Oʻzi yigit kishi qirqqa kirganda bir aynib oladi. Boʻlmasa, qizi boʻyiga yetib qolgan kappa-katta odamga balo bormi qushning ketidan quvib. Doʻxtiri tushmagur zax ariqning ichida oʻtirgancha, oʻz xayollari bilan andarmon boʻlib, bu dunyoga nimaga keldiyu nimalar qildi, ne huzur topdiyu ne jabr koʻrdi, degan boʻlmagʻur xayollarni miyasidan quvib chiqarguncha quyosh naqd tikkaga kelibdi. Dorichi adirda doʻxtirni uzoq kutib, keyin soʻkina-soʻkina ketvoribdi. Doʻxtir nima uchun adirga borolmaganini hech kimga aytmagan esa-da, kechqurun baribir xotiniga yorilgan ekan.

Ertasi xotini qoʻshnisiga shikoyat qilibdi:

«Qanday odam ediki, adirda piyozini shira bosib yotgan boʻlsayu, nahot bu kishim yosh boladek qushlarning ketidan yuraversa, bu ketishda qachon kosasi oqaradi, bilmadim... oʻzi necha yillardan beri piyoz ekib, hali bir narsani doʻndirgan emasdi», deya figʻoni chiqibdi. Ustiga ustak oʻsha kuni zaharchi oʻlip qopti deb hazil qilganiyu bugun rostdan ham oʻsha odamga janoza oʻqilganini aytib, yoqasiga tuflabdi.

Bu gap qishloqqa yashin tezligida tarqaydi. Qoʻshib bichiladi.

Oʻsha qush aslida ajina ekan, doʻxtirni yoʻldan ozdirmoqchi boʻlganmish, oʻsha yerda eski sadaqayragʻoch boʻlib, unda insu jinslar makon qurganmish. Bechora doʻxtirni ajina ozgʻirdi, deb ayrimlar bolalarini uyiga qamab oʻtiribdi. Abdusalom domlaning enasi oʻsha sadaqayragʻoch tagida chiroq yoqib, is chiqarguvchi edi, kampir dunyodan oʻtgandan keyin bu joy zavol boʻlib, ajinalar makon qurgani aniq. Bunday yaxshi doʻxtir bu olamda bitta edi, kechayu kunduz odamlarning hojatini chiqarardi, ajina ham kelib-kelib bizning doʻxtirga yoʻliqadimi, deb koʻpchilik afsus chekibdi.

Boshqalari esa oʻsha qush aslida ajina emas, farishta boʻlgani, zaharchining oʻlimi yaqinlashganini doʻxtirning koʻngliga solgani, zero zaharchi baribir oʻlar ekan, doʻxtirning piyoziga zahar sepib oʻldi, degan gapdan soddadil va joʻmard doʻxtir bir umr aziyat chekib yurishi mumkin edi, deyishibdi. Ba’zilar doʻxtir endi avliyo boʻlib ketsa kerak, hammaga ukol qilib, dori yozib berib yurardi, endi bir nazar tashlaganda har qanday kasal tuzalib ketsa ajabmas, nahotki, bizning qishloqdan ham avliyo chiqsa, axir qishloqning nomi bejiz Goʻrmiron – goʻri miron emas, ya’nikim, mirlar qabristoni, eh-he, bu yerda qancha-qancha aziz avliyolar yotibdi, deb quvongan ham emish.

Boshqalar bunday gap aytgan odamlarni jerkib tashlabdi. Ajinaga balo bormi shunday zamonda? Kecha tuxumidan chiqqani ham kompyuter nimaligini bilsa, sigirini dalaga haydab ketayotgani ham qulogʻiga Em Pe uchmi, toʻrtmi tutib olgan boʻlsa, tomga gʻoʻzapoya irgʻitayotib bu yogʻi Rossiya, u yogʻi Koreyada ishlab yurgan akasimi yo ukasi bilan telefonda gaplashsa, shunday zamonda ajina qoladimi, debdi.

Aslida, doʻxtir oʻsha qushni bolalikdagi doʻsti, oʻqishdan keyin shaharda qolib ketgan oʻrtogʻiga tutib bermoqchi boʻlganmish. Chunki bular bolaligida qushman degan jon borki xoh yerda, xoh osmonda boʻlsin, tinchlik bermagan, hatto qish qattiq kelgan uzoq bir yili simyogʻochda ochlik va sovuqdan kunishib oʻtirgan qirgʻiyni kun boʻyi dov-daraxtga qoʻndirmay, qirma-qir quvib, oxiri holdan toydirib ushlab olgan ekan. Bu qushni koʻrgani kelgan qishloq bolalarining har biriga qirgʻiyga yemak uchun sichqon soligʻi solganini ham eslabdi odamlar. Oʻshandan buyon tengqurlar biror voqeani eslashmoqchi boʻlsa, «sichqon soligʻi» solingan yildan ikki yil keyin boʻluvdi bu voqea, deb gapiradi.

Boshqasi, qoʻysalaring-chi, otam zamonidan beri tinim bilmay mehnat qiladigan doʻxtir nima jin uribdiyu, oʻsha kuni salqin daraxtzorda, zax ariqning ichida bir miriqib uxlab olgan ekan, qovugʻini shamollatibdi, hozir oʻzi davolanayotgan emish, shira yeb yotgan piyozi bilan ham ishi yoʻqmish, debdi. Yana birovi, ehtimol, doʻxtir chiroq yoqilgan sadaqayragʻoch tagiga siyib-netgandir, dardi shundan boʻlishi ham mumkin, debdi.

Garchand doʻxtir bu gaplarning hammasidan boxabar boʻlmasa-da, turli uydirmalar tarqalganini bilar, bu gaplar oʻziga nash’a qilsa-da, kap-katta odamning haqiqatan ham bir qushga alagʻda boʻlib, avvalo, hayot-mamotdek dolzarb bir ishdan qolgani uni koʻp xijolatga qoʻysa, ikkinchi jihatdan zaharchi «oʻlibdi» deb xotiniga aytganiyu ertasi kechga bormay hazili rost boʻlib chiqqanidan ortiq iztirobda edi.

«Nafasimni yel uchirsa boʻlmasmidi, koʻpni koʻrgan odamlar bejiz hazil harom deyishmagan», deb ich-ichidan kuyinardi doʻxtir. Lekin bu iztiroblarini birovga bildirmay yurgandi. Mana bugun Boʻriboy bu haqda gap ochib qoldi.

Doʻxtir endi noiloj qolganini sezib, ulfatlar tepasiga keldi, Boʻriboy dorini oʻzim sepib beraman dedi-ku, piyozni shu kunlarda dorilatmasa, bu yilgi mehnatiga kuyib qolaveradi. Yerning ijara pulini choʻntagidan toʻlaydimi keyin? Maoshi yoʻlkiradan zoʻrgʻa oshib-oshmasa. Xotinga esa xudo beradi, qishi bilan yoʻqchilikdan nolib, quloq-miyasini qoqib qoʻliga beradi.
– Qani boʻlmasa, sal surilinglar-chi, – deb doʻxtir Boʻriboyning yoniga choʻkdi. Ikkita piyola besh kishiga betoʻxtov navbat bilan aylantirildi. Doʻkonchi kolbasadan ikki yuz gramm kesib, koʻk yelimidishga parraklab, uzatdi. Ulfatlar doʻxtirning xomush va horgʻin ruhiyatini yana choʻktirmaslik uchun qushni eslamay, gapni boshqa tomonga burib yuborishdi.
– Doʻxtir, siz qaysi urugʻdan ekkansiz, gibridmi, xarsidonmi?
– Gibrid.

– Esiz, ispanes degani chiqibdi, oʻshandan ekmabsiz-da, dahshat hosil berarmish, tarozini ham zoʻr bosarmish. Mana, oʻtgan yili qoʻqimboylik bittasi ekkan ekan, dalani oʻzida talamon qilib ketibdi xaridorlar. Shartta bitta «Neksiya» olibdi, gʻizillatib haydab yuribdi, uyini ham remont qipti, oppoq, katta temir darvoza oʻrnatibdi. Bu darvozadan «Kamaz» ham kirib ketaverar ekan. Qolgan pulga ukasiga bitta «Tiko» oberibdi.
– E, taniyman, qishloqqa kirib borishdagi zapravka qani, oʻshandan keyingi koʻchada turadi.
– Ha, xuddi oʻsha.
– Lekin chetdan kelayotgan bu urugʻlarning bari bir yildan keyin ayniydi, oʻzidan urugʻ olish qiyin, har yili yangitdan urugʻ sotib olishing kerak. Pul qani unga. Oʻzimizning ota-bobomiz ekib kelgan qoratol yaxshi, jaydari, zahar ham koʻp kerakmas.
– Doʻxtir eshitdingizmi, yangi germanski dori chiqibdi. Piyozga dorini qalin qilib sepilar ekan. Dori yerning betini yupqa yelimqogʻozga oʻxshab yopib qoʻyarkan, shunda piyozdan boshqa bitta ham oʻt chiqmas ekan, ana, piyozoʻtoq ham shart emas, – dedi ulfatlardan biri va paxtaolmadan bir boʻlak karsillatib tishladi.

Lekin Boʻriboy uni oshigʻich toʻxtatdi, olmaning orasidan chiqib kelgan oppoq qurtni barmogʻining uchi bilan olib tashlamoqchi edi, qurt pastga, piyolaning ichidagi aroqqa tushdi.

Boʻriboy gapni davom ettirdi:
– Hoʻv oʻrtoq, begona oʻt chiqmaydi emas, chiqadi. Piyozga oʻxshagan ignabargli oʻt borki, hammasi chiqadi. Faqat piyozni oʻt bosishi kamroq boʻladi, lekin bu dori qurgʻur ham qimmat-da! – Boʻriboy gap asnosida koʻrsatkich barmogʻining uchi bilan aroqning betidagi qurtni piyolaning labiga surib chiqardi, keyin chertib yubordi.
– Piyozni bitiga qarshi Xitoyni «karate»si ham yaxshi ish bermay qoʻydi, undan oʻzimizda chiqqan «delta fors» tuzuk koʻrinadi.
– E, yoʻq, xitoyning zahari kuchli baribir. Asosiysi, arzon.
– Zarari-chi, zarari? Oʻldiradi-ku odamni!

Gap ayni qizib turgan payt doʻkonga moldoʻxtir Ibrat kirib keldi. Ibrat ikki-uch davrada gap yegani uchun serulfat odam edi. Lekin hozir ulfatlarning qistoviga qaramay, adirga qoʻtir boʻlgan molni koʻrishga ketayotgani, molning egasi koʻchada mashinasida kutib turganini aytdi. U tezda xaridini qilib, eshikka yoʻnalgan edi, Boʻriboy uzilib qolgan suhbatni nainki davom ettirish, bunga qadar aytilgan gaplarga bir dalil va tirik guvoh ham keltirish ilinjida uning diqqatini tortdi:

– Mana, uzoqqa bormaylik. Mana, sherigimning bojasi, ikki kun avval shundoq piyozga zahar sepib chiqqan-da, shundoq egatning tepasida oʻlgan-qolgan.
– Yoʻgʻ-e, u piyozga sepmagan, – endi ostonaga qadam qoʻygan Ibrat toʻxtab, ortiga oʻgirildi: – u bodringga sepgan.
– Shu, zahar oʻldirgan-da?!

Ibrat eshikdan tashqari moʻralab, mol egasiga baqirib biroz kutib turishni soʻradi, ortiga qaytib, davraga qoʻshildi:
– Sen quloq solib turgin, bu shanba kuni boʻlgan. Men bir kun avval, juma kuni piyozga dorini sepib chiqqanman bojamning apparatida. Oʻzi piyozim oʻn ikki soʻtix yerda, ikkita egat qolganda apparat buzilib qoldi, rosa damlayman, lekin sepmaydi-da, ogʻzidan dori chuldirab oqib turaveradi sunnat qilinmagan bolaning peshobiga oʻxshab. Haligi ichidagi kolsosi bor-ku, uzukni singari, oʻshanisi ketgan ekan. Ertasiga, shanba kuni boʻlgan bu, bojamning oldiga buzuq apparatni koʻtarib bordim. Avval jahli chiqdi, «ming rahmat sizlarga, kecha bir hamqishlogʻingiz devor ushlatib ketuvdi, bugun siz apparatimni rasvo qibsiz», dedi.

Ibratning bu gapidan keyin ulfatlar doʻxtirga zimdan qarab oldi, doʻxtir yerga qarab iljaydi. Ibrat gapida davom etdi:
– Bojam bilan biz avaldan kuch sinashib yurardik. Bu gapidan keyin shartta belidan qisib, bir koʻtargan edim, dod dedi, jon aka, dedi. Keyin qoʻyib yubordim. Birga choyxonada tushlik qildik hazil-huzul bilan. Keyin oʻsha yerda uch-toʻrtta bola shaxmat oʻynab oʻtirgan ekan. Men ham oʻynadim. Hammasini yutdim, keyin birma-bir peshonasiga chertib chiqdim. Bojam ularni mazax qilib rosa kuldi, yotvolib kuldi. Shunda soat uch yoki toʻrt boʻlgandi. Shunda bittasi apparat koʻtarib oʻtdi-da! Endi bojam kechki bodring ekib qoʻygan-ku. Bodring mana shundoq boʻlib, koʻm-koʻk yashnab turibdi, shishani singari... – Ibrat bir tamshanib oldi.

Unga darrov piyola tutqazishdi. U shoshilinch piyolani boʻshatib gapida davom etdi:
– Bojam haligi apparat koʻtarib oʻtganga hazil-huzul bilan, bodringni koʻrdingmi, yashnab yotibdi, hali oqpalak boʻlmasidan dori sepib qoʻyaylik, meni apparatimni mana bu akang buzibdi, seniki qachon boʻshaydi, deb soʻradi. Desa aytdiki, Batka dedi, Batka derdi-da bojamni.
– Ha, toʻgʻri, uni Batka deyishardi.
–Soat beshlarda boʻshaydi, men hozir bir joyda dorini sepib qoʻyay, keyin boʻshaydi, dedi haligi apparat koʻtargan. Shunda soat toʻrt yarimmi beshlarmi? Shunda men haligi joydan turib, boʻpti boja, deb ketdim. Uyga keldim, yotdim. Ertasiga bozor. Sen quy, juft boʻlsin.
– Ha, quy-da Ibratga, doʻxtirga ham.
– Ertasi bozor. Bozorga ketdim. Bozorga borsam, ukamni koʻrib qoldim. Bojangiz kasalxonada ekan, xabar oldingizmi, dedi. Nega, kecha otdek edi-ku, desam, ishonmaysizmi, reanimatsiyada yotibdi ekan, dedi. Shu kechqurun ichvolib yiqilib-piqilib tushgandir-da degan xayol bilan haligi joyda reanimatsiyaga keldim. Reanimatsiyaga kelsam, akasi turibdi eshikning tagida. U bilan biroz gaplashib turdik, haligi joyda yarim soatcha gaplashdik. Keyin gapning orasida Batka tuzukmi desam, he, Batka oʻlgan, dedi. Hayron boʻldim. Yoʻgʻ-e, desam, ha, dedi. Endi shu yerda gaplashib turgan boʻlsak, ana shu eshikning orqasidagi yoʻlakka kirgizib qoʻyibdi haligi aravachada. Men bilmayman-ku, qayda desam, ana, dedi. Shundoq borsam ... Batka! Shundoq kulib qarab yotibdi-da... – Ibrat bir zum tin oldi. – Oʻshanda unga apparatni olib kelib bergan soat beshlarda. Haligi joyda dorini sepgan, oqpalakka, bitta zapravkada. Ikkinchi zapravkani qilgan, haligi apparatga suvni, dorini quygandan keyin nima xayol bilanki shundoq apparatning ogʻziga enkayib qaragan-da. Haligi joyda dorining hidi dimogʻiga gup urib, nafas yoʻlini gʻip yopgan. Bojam poʻrt tashlavorgan oʻzini. Ha-ha bilan kasalxonaga olib kelishgan. Qonini yuvgan, boshqa qilgan, lekin baribir boʻmagan. Jigari shishib, nafas organlari ketib boʻlgan. Boʻmadi. Oʻldi. – Ibrat shu gapni aytdi-da, keyin dik oʻrnidan turib, doʻkondan chiqib ketdi.
– Joyi jannatda boʻlsin, oʻziyam hech qanday zahardan tap tortmasdi. – Botir doʻxtir xoʻrsindi.
– Anovi-chi, Akromning ukasi, piyozga zahar sepaverib tomi ketib qoldi-ku, – ulfatlardan biri gap qoʻshdi.

Biroz sukutdan keyin Boʻriboy yana gapga kirdi:
– Ha, zahar bilan hazillashib boʻlarkanmi? Lekin zahar bilan hazillashmoqchi boʻlsang, bilgin, bir yil yoki ikki yil. Undan ortigʻiga dori hazilni koʻtarmaydi. Men vaqtida toʻxtatdim. Sherigim Adham Rossiyaga ketib qutuldi. Biz ikkovimiz zahar sepmagan dov-daraxt qolgani yoʻq bu deparada. Lekin Adham chatoq edi. Bitta shishani urib olib, issiqmi-sovuqmi, dorini changitib sepaverardi. – U sarxush boshini silkitdi. – Ammo lekin, huzurini apparatning egasi koʻrdi. Uyiga yongʻoqdan naqshinkor darvoza qurganini koʻrdinglarmi, oʻsha bizzi mehnat-da. U paytda hozirgi «vertolyot» apparatlar chiqmagandi. Endi-chi, bir shisha benzinni quyasan-da, patillatib bir gektarga bir zumda sepib tashlaysan. Ammo-lekin, doʻxtir, siz xavotir olmang. Men «vertolyot»i bor bir odamni bilaman, sizni piyozingizga oʻshanda dori sepamiz. Ertagayoq!

Botir doʻxtir doʻkondan chiqib uyiga yoʻl olganda tungi salqin tushib qolgan, osmonda yulduzlar bodroqdek potragan, anhorda qurbaqalarning qurillashi quloqni qomatga keltirardi. Uzoqdan qoʻlbola kombaynning tarillagan ovozi eshitilar, chang, somon va yana allaqanday yovvoyi oʻtlarning hidi kelardi.

Botir bugʻdoyini chiqarib, yelpib, sandiqqa ham toʻkib qoʻyganini, bu yilgi eng ogʻir mehnatlardan biri ortda qolganini eslab, yulduzlarga mamnun tikilib borardi. Ayniqsa, koʻkdagi somon yoʻli yarqirab, sirli jivir-jivir qilardi. Xudoga shukr qilish kerak, derdi u. Mana, nimasi yomon, hamma narsa joyida, ertaga piyozga ham dori sepiladi. Xudo xohlasa, kuzda piyoz bir boʻlib bersa, balki chala yotgan uyi ham bitib ketar, ehtimolki, «Neksiya», balki «Matiz», juda boʻlmay qolsa, «Moskvich» sotib olar. «Moskvich» tuzuk, baribir dehqonning mashinasida...