OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMuhammad Sharif
Asar nomiSomon yoʻli (uchinchi hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Muhammad Sharif
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm28KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Somon yoʻli (uchinchi hikoya)
Muhammad Sharif

Odamlar bir necha kundan buyon intiq, muhim bir yangilik yuz berishini kutib taraddudda edi. Vaqt oʻtgani sayin hayajon taranglashib borardi. Turli uydirmayu mish-mishlarga qulogʻi ding, biror kun chanqovbosti xabar topilmasa, qirgʻoqqa chiqib qolgan baliqdek nafasi qistaydigan odamlar soʻfi azon aytmasidan avval katta yoʻl boʻyiga chiqib olib, choʻnqayib olgancha uyquli koʻzlarini tinimsiz ishqalab, goho xomuza tortib, bir nimalarni erinchoq muhokama qilishardi. Tong qorongʻusida gungur-gungur qilib bomdod namoziga ketayotganlar esa bularga qarab "Kallai saharlab otti poʻqidek toʻplanib qopti bular? Anjon nosi juma sahar kelardi shekilli..?" deb bir-birlariga imlab qoʻyadi.

Kun boʻyi hech bir xabar kelmadi. Oldi-qochdi gaplardan oʻzini uzoq tutadigan qishloqning siporoq kishilari ham shomga yaqin katta yoʻl boʻyidagi doʻkon atrofida uymalashib qoldi. Qishloqda norasmiy mayxona vazifasini oʻtaydigan bu doʻkonda hamisha uch-toʻrt chogʻli ulfat ichib oʻtiradi. Odatda aroqdan hazar qiladiganlar bu ulfatlarga yuzini ters qilib oʻtadi, lekin bir gap boʻlsa bexabar qolib ketmayin degan ilinjdami, bugun ular ancha yumshab qolgan. Ulfatlarga yaqin kelmasa-da, hazil-huzul gaplariga uzoqdan yengil kulib, bosiqlik bilan javob qaytarib qoʻyadi. Doʻkon atrofida odamlar soni koʻpaygan sari, quvlamachoq oʻynagan, velosiped mingan bolalar ham shu atrofda yigʻila boshlaydi. Qosh qorayib, osmonda koʻrshapalaklar gʻiz-gʻiz uchadi, pastda esa gʻala-gʻovur, olomonga kelib qoʻshilayotgan koʻngillilar soni ortib boradi. Ob-havo, ekin-tikin, mol-qoʻy, sabzi-piyoz narxidan boshlangan suhbat aylanib-aylanib yana Botir doʻxtirga kelib taqaladi. Botir oʻzi feldsher boʻlsa ham uquvi va mehnatkashligi tufayli xalq orasida doʻxtir degan nom olgandi. Doʻxtir qandoq ulov minib kelar ekan, rangiyu rusumi qanaqa boʻladi, degan mavzuda bahs ketadi. Oʻzi doʻxtirning haydovchilik guvohnomasi bormidi, deb kimdir soʻraydi. Chust doʻppi kiysa qoʻziqoringa oʻxshab qoladigan boʻyi bir qarich doʻxtir "Lasetti"mi yoki "Neksiya" minib kelsa, tepkiga oyogʻi, yoʻlni koʻrishga boʻyi yetarmikin, deya bosh qashiydi boshqasi biroz gʻashlanib. Tagiga yostiq qoʻyib oladi-da, deydi kimdir va gurros kulgi koʻtariladi. Odamlar turli tusmollar va taxminlardan charchaganda, oʻzi er kishiga omad yetti marta kulib boqadi, shulardan bittasini ushlab qolsang qolding, boʻlmasa piyozni achchiq chaynab qolaversan kabi purma’no "hikmat"larga navbat keladi.

- Omad kelsa shu-da, hech kutilmagan joyda, kutilmagan paytda ishing oʻnglanib ketadi, mana-man degan doʻxtirlar yetolmagan martabaga bitta feldsher yetishib turibdi-ku!
- Omad har kimga ham kelavermaydi, omadi borga keladi-da!
- Eng muhimi, berar joyidan qismasa boʻldi, shunda har kimning ham omadi chopaveradi, - doʻkon ichidan kimdir shirakayf ovozda tashqarida turganlarga xitob qiladi, ortidan "Ha, otangga balli!" degan tasannolar va pishanglar eshitiladi.

Olomon orasida goh yoshlarga xos havasmandlik kayfiyati hukmronlik qilsa, goho hasad aralash aytilgan gap-soʻzlar, gohida esa moʻysafidlarga xos dono oʻgitlar eshitiladi. Shunda hovliqqanroq birovning "Eh, hayot xuddi kinoga oʻxshaydi-ya!" degan hayajonli ovozi yangraydi.

Oʻzi voqeaning boshlanishi yetti kun avval, Botir doʻxtir tong qorongʻusida turib, bir togʻora somon yuvib turgan payt yuz berdi. Bir novvos va uchta qoʻyning qarovini doʻxtir koʻpam bolalariga ishonmaydi, ishga ketishidan avval oxurlarini yemga toʻldirib qoʻyadi. Hozir ham somonni yuvib, kepak sepib, yaxshilab tert qordi, qoʻliga ilashgan mayda tosh-kesakmi, shisha siniqlarimi, hafsala bilan terib tashladi. Shu payt darvoza taraqlab, kimdir bezovta chaqirib qoldi. Bemahalda kelgan kim boʻldi ekan? Doʻxtir somon va kepak yuqi qoʻllarini koʻylagi etagiga nari-beri artib eshikka yoʻnaldi. Oppoq sutga chayilgandek qimmatbaho ulov darvozaga taqalib turardi. Betoqat turgan poʻrim yigit doʻxtir bilan qoʻshqoʻllab soʻrashdi.
- Assalomu alaykum, doʻxtir aka! Tanidingizmi..? Ha, ha, oʻsha kishining oʻgʻillariman. Uzr, tong saharlab behuzur qildim. Dadamlar sizni soʻrayaptilar. Kecha kechqurun kasalxonada yotmayman deb injiqlik qildilar. Uyga olib keldik. Bugun azondan sizni yoʻqlab qoldilar, tez yetkazib kelinglar, deb mani joʻnatdilar. Hovlingizni soʻrab-soʻrab zoʻrgʻa topib keldim. Bormasangiz boʻlmaydi endi, doʻxtir aka.

Doʻxtir oʻylab ham oʻtirmay "hozir, oʻn minutda chiqaman" deb uyiga kirib ketadi.

Oʻsha kuni ertalab bor-yoʻq boʻlgan voqea shu edi. Lekin qishloqqa kirgan "Malibu" rusumli bu ulovni koʻrganlar koʻp edi. Ulov kimning uyiga kelgani, kimni olib ketgani tayin gap. Biroq...

Shaharga tushganlar tushdan keyin yangi-yangi gap topib keldi. Ulov tumandagi eng boy kishi hisoblanmish Abdurahimboyga tegishli ekan. Qoʻsha-qoʻsha imoratlari, qavat-qavat doʻkonlari, turnaqator ulovlari bor bu eski savdogar kishini tanimagan odam deyarli yoʻq edi. Abdurahimboy anchadan buyon xastalikka chalingan, farzandlari Toshkentda bir necha marta davolatib kelsa-da nafi tegmaganidan yoshi yetmishdan oshgan chol endi hech qaerga borishni istamasdi. Shu hafta boshida ogʻirlab qolganda, qoʻyarda-qoʻymay uni tuman kasalxonasiga, reanimatsiyaga yotqizishibdi. Botir doʻxtir navbatchilikda turgan kunlari Abdurahimboyga qaragan ekan. Tungi navbatchiligida kasal tepasida mijja qoqmay chiqadigan, oʻziyam qoʻli yengil, soʻzi malham boʻlgan doʻxtirga cholning mehri tushib qopti. Kecha kasalxonada boshqa turmayman, Botir doʻxtirni uyimga olib kelinglar, menga oʻsha qarasin, debdi. Odamlar topib kelgan gap shu edi.

Doʻxtirning uyiga kelgan ulov ta’rifi bir kun oʻzaro suhbatlarga mavzu boʻldi. Nikelli yaltiroq quyma gʻildiragi, yon koʻzgularining avtomat tarzda buralishi, tomidagi qoraytirilgan oynasining oʻzi ochilib-yopilishi, gaz bosganda yoqimli guvillashi, yurganda shuvillashi rosa gap boʻldi. Shu tariqa doʻxtir va Abdurahimboy mavzusi bir hafta odamlar ogʻzida chaynaldi. Axiyri kimdir "Kimsan Abdurahimboy dunyoning yarmini soʻrab kelgan odam, qolgan yarmini farzandlari soʻrab yotibdi, endi bu doʻxtirga shunchalik mehri tushgan ekan, xizmatini oʻz obroʻsiga yarasha taqdirlasa kerak," degan tusmolli gap chiqardi. "Keksayganda odam koʻngli yumshab sermehr boʻlib qoladi, Abdurahimboy mehri tovlanib turgan boʻlsa, doʻxtirning hayotini obod qilib yuborishi hech gap emas," dedi birov. "Nihoyat, doʻxtirning toʻriga tilla baliq tushdi," deganlar ham boʻldi.

Odamzotga oʻzi nima kerak!? Bugun "tilla baliq"dan kim nima soʻragan boʻlardi? Qishloqning koʻplab xonadonlarida har kech dasturxon atrofida shu mavzuda bahs boshlandi. Yoshlar oʻz yoʻliga, koʻcha-koʻyda koʻrishib qolgan chollar, qatiqqa oqliq soʻrab chiqqan xotinlar ham bundan chetda qolmadi. Koʻpchilikning nazarida bugungi zamon odamining eng katta orzusi hammaning koʻzini olovdek kuydiradigan poʻrim, yaraqlagan ulov minib yurish edi.

* * *

Doʻxtir Abdurahmonboy haqida koʻp eshitgan, lekin uning oʻzini ilk bor kasalxonada, bemajol, rangi roʻyi somondek sargʻaygan holda koʻrdi. Bugun uning hovlisiga tong saharda kirib kelar ekan, ulkan naqshinkor temir darvozayu yoʻlakda qator terilib turgan ulovlar, gird aylanasiga imorat solingan hayhotdek katta hovlini koʻrib sir bosdi. Oʻrtada favvorali marmar hovuz, atrofida koʻzni tindiradigan yam-yashil maysazor, uch-toʻrt tup durkun archa va shamshod koʻchatlari yashnab turibdi. Hovlining aylanasiga baland qilib temir quvurdan ishkom solingan. Quvurlar oqqa boʻyalgan, ishkom ustunlaridagi quyma naqshlarga zarhal rangi behol yugurtirilgan. Uzumtoklar yaxshi kuzalgan, koʻrinishidan yaqinda yayratib xomtok qilingan, uzum gʻujumlari sargʻayishga boshlabdi. Hovliga toʻq jigarrang tosh bir tekis yotqizilgan, goʻyo yurganda kishining oyogʻi qolib, tuflisi maza qilayotgandek. Doʻxtir Abdurahimboyning kenja oʻgʻli ortidan ergashib kahrabo marmar yotqizilgan zinapoyadan koʻtarilib, keng va yorugʻ xonaga kirdi. Derazaga yaqin joyga karavot qoʻyilib, unda Abdurahimboy oppoq choyshab-toʻshakka choʻkib yotardi. Xonaning toʻrida serhasham, uch tabaqali oynavand javon qad rostlab turibdi. Bir tomonda charm qoplangan yumshoq oromkursilar. Abdurahimboy doʻxtirni koʻrib, siniq jilmaydi. - Doʻxtir bolam, keldingizmi!? Kattalik qildi demang, kasalxonada bitta menga emas, boshqalarga ham qilgan muomalangizni koʻrib sizga mehrim tushdi. Malol kelmasa, uch-toʻrt kun yonimda oʻzingiz tursangiz degandim.
- Sirayam maloli yoʻq, otaxon. Sizdek oqsoqollarga xizmat qilish biz uchun ham farz, ham qarz, - dedi doʻxtir biroz soʻzamollik qilib.

Abdurahimboyning yana ikki oʻgʻli ham shu yerda ekan, birin-ketin xonaga kirib kelishdi, doʻxtir bilan qoʻshqoʻllab soʻrashgach, kattasi ogʻiz ochdi:
- Doʻxtir, kasalxonani glavrachiga aytilgan, sizda progul boʻmaydi. Bu yerdagi xizmatingiz ham ish hisobiga oʻtadi, siz xavotir olmang, oʻzingiz bilan yana alohida rachchoʻt qilamiz, otaga yaxshi qarasangiz boʻldi, - dedi.

Oʻgʻillari chiqib ketayotganda Abdurahimboy kenjasini qayta chorladi:
- Doʻxtir bolamning uyiga bir qop kartishka, bir qop piyoz, bir xalta guruch, oʻn kilo zavoʻdyogʻ, uch kilo goʻsht eltib bergin, - dedi.

Abdurahimboy yotgan xonaning yonboshidagi kichik mehmonxona doʻxtirning yotogʻiga aylandi. Tushdan keyin kasalxonaning bosh shifokori kelib cholning qon bosimini oʻlchab koʻrdi, doʻxtirga koʻrsatmalar berdi. Tomchi ukolga qoʻshiladigan suyuqliklarni yozib qoʻliga tutqazdi. Doʻxtirning qiladigan ishi koʻproq chol bilan suhbatlashib oʻtirish boʻldi. Osma ukoldan keyin ba’zan cholning oyoq-qoʻllarini uqalaydi, keyin asta yonboshlatib, bir mushtini kuragiga qoʻyib, ikkinchi mushti bilan ohista uradi. Chol silkinib-silkinib ketadi.
- Otaxon, sal chidaysizda endi. Shunday qilmasam, qon aylanmay qoladi, - deydi.
- Balli, doʻxtir bolam, balli, - deb qoʻyadi chol.

Kechqurunlari qizlaru nevaralar yigʻilib kelib, hovli toʻyxonaga oʻxshab ketadi. Qoʻsha-qoʻsha tilla uzuk taqqan, ikki betlari qip-qizil, yaltir-yultur libos kiygan qizlar otasi tepasida bir-bir koʻz yoshi qilib chiqib ketgandan soʻng, derazalari lang ochiq yonbosh xonalarda dunyoning ishlari, tilla narxi, yangi chiqqan gazmollar, oxirgi rusumdagi ulovlaru "Ayfon" degan qoʻl telefonlari haqida baralla va qizgʻin suhbatlar boshlanadi. Bu dabdabayu as’asalardan doʻxtir hangu mang edi.
- Bolam, aybga buyurmasangiz bir narsa soʻrasam, - deb qoldi chol bir kuni. - Uch-toʻrt marta shifer haqida telefonda kuyinib gapirganingizni eshitib qoldim. Nima gap, doʻxtir bolam?

Doʻxtir xijolat boʻldi. Keyin oʻtgan yili otasidan qolgan eski uy yonidan yangi imorat solgani, bu yil qish kirmay shu chala imoratning tomini yopib qoʻyish rejasi borligini aytdi. "Bir doʻkonchiga oʻttizta shifer aytib quyuvdim, har gal siniq shiferlarni roʻpara qiladi", dedi xafa boʻlib. Chol, ha shunaqami, deb qoʻydi. Kechqurun kenja oʻgʻli kelganida doʻxtirning uyiga oʻttizta shifer eltib berishni buyurdi. Doʻxtir koʻp xijolat chekdi. Keyin menga endi boshqa hech narsa kerak emas, xizmatim oxirida ham rozi qilaman deb yurmanglar, qattiq xafa boʻlaman, dedi.

Otaxonni koʻrgani kelib-ketuvchi koʻp. Ba’zan kun boʻyi odam uzilmaydi. Bunday kezlarda doʻxtir cholning farzandlarini chaqirib, ovoziga zalvor qoʻshib, "Ota charchab qolyaptilar, bugunga boʻldi, kelganlarni mehmonxonadan kuzatib qoʻyaveringlar," deb uqtiradi. Uchovlon farzand qoʻllari koʻksida, "Bir ogʻiz gapingiz-da, doʻxtir," deb chiqib ketishadi. Doʻxtir esa tomchi ukolni ulab qoʻyib, oʻz oʻy-xayollariga choʻmgancha oʻtiradi.
- Doʻxtir bolam, bir gap soʻrasam koʻnglingizga ogʻir olmaysizmi? - dedi chol bir kuni xokisor ovozda. Doʻxtir "bosh ustiga, xafa boʻlgan oʻris", dedi kulib.
- Qishlogʻingizda bir qushni koʻrganingiz haqida haligacha gap aylanarmish, kasalxonada yotganimda ham shu gap qulogʻimga chalingandek boʻluvdi. Nima boʻlgandi, qanday qush edi u?
- Ha, umi... - doʻxtir ishshayib kulib yubordi. Peshonasida doim tarang yigʻilib turguvchi boʻrtiq ajinlari yoyilib, yayrab ketdi. - Xoʻjaning fe’li tushdan keyin ayniydi, deyishardi, paqirniki ertalabdanoq aynir ekanmi... shuni orqasidan bir tasodif hodisa bolalikda boʻlgan voqealarga ulandi, keyin bunga hazil-huzul gaplar aralashdi. Lekin aytishga arzimaydigan bir gap.
- Nega arzimaydi, doʻxtir bolam? Bu dunyoda har bir narsa, hatto anovi devorga qoqib qoʻyilgan mix ham bejiz emas. Uning ham oʻziga yarasha, arzirli tarixi bor. Kim, nega qoqdi uni? Ha, bir maqsadni koʻzlab qoqqan boʻlsa, nega eplab bolgʻa urmadi. Evi boʻlganida devorga darz tushirmagan boʻlardi. Demak evi yoʻq odam mix urgan, ehtimol bolgʻa ushlashni ham tuzuk-quruq bilmas. Surishtirsangiz, nega usta odam emas, evsiz bir kishi mix urgani sababini ham topasiz. Shunaqa, gapirsangiz gapdan gap chiqadi. Ayting bolam, ayting!
- Oʻzingizdan qolar gap yoʻq, tirikchilik deb odamning keti yer iskashga vaqt topolmay qoladigan damlar boʻladi, - doʻxtir salmoqlab soʻz boshladi. - Bu yoqda kasalxonadagi ish, u yoqda roʻzgʻor, bir tomonda dalaga piyoz ekib qoʻyganman, dorilatish kerak, tomorqadan oʻrilgan bugʻdoyni yanchish kerak. Shunaqa kunlar edi. Kechasi bugʻdoy chiqarib, tong sahar adirga otlandim. Zaharchi bilan shira bosib yotgan piyozni dorilatishga bir kun oldin kelishib qoʻygan edim. Qishloqdan chiqishda chakalakzor bor, shuni oralab ketib borardim. Tong endi oqarib kelayotgan, havo nazarimda yogʻi olinmagan quyuq sutdek, doʻxtirlar tili bilan aytganda kislorodga rosa toʻyingan edi. Shu payt bir qush ovoz berib qoldi. Uning har sayrogʻi goʻyo quyuq havoda iz qoldirib ketardi. Men taqqa toʻxtadim. Dastlab miyamga birov yigirmatalik igna sanchdi-yu keyin butun dunyo oʻzgarib ketdi. Yigirma yildan ham koʻproq boʻlgan ekan shu qushning sayrogʻini eshitmaganimga - doʻxtir zavq-shavqqa toʻlib soʻzlay boshladi. Bu qushni oʻzini koʻrish uchun chakalak oralab tentiragani, biroq qushni hurkitib, koʻrolmay qolganidan alamga botgani haqida gapirdi.
- Qush lop etib uchdiyu ketdi. Ammo yuragimni oʻrtab ketdi. Bir kaft nosni til tagiga tashladim-da, oʻtiraverdim. Bolaligim, maktab, men kezgan koʻchalar, men choʻmilgan ariqlar, soylar, sinfdoshlarim, ilk marta koʻngil bergan paytlarim, bari-bari koʻz oldimdan kino lentasidek gʻizillab oʻta boshladi. Lof boʻlmasa, otaxon, nosni kuchimi yoki boshqa narsami, ba’zi joylarini xuddi kino lentasidek orqaga qaytarib, qayta-qayta koʻraman, sekinlatib ham koʻraman. Xotiram hech bunaqa tiniq ishlamagan edi oʻziyam. Birov kulmasa, xotira ham ba’zan qoʻlda ushlab koʻrsa, bir chetda gʻijimlanib yotgan qogʻoz parchasini olib tekislagandek, kaftga qoʻyib tomosha qilsa boʻladigan bir narsa degan boʻlardim, - doʻxtir gapida davom etar ekan, eshityaptimi-yoʻqmi, cholga birrov nazar tashlab olardi. Orada biroz sukut saqlab qolsa chol "gapiravering, eshityapman, doʻxtir" deb qoʻyardi. Doʻxtir oʻsha kuni, undan keyin ham piyozga dori septira olmagani oʻziga, ayniqsa xotiniga qattiq alam qilgani, erta bahordan boshlagan mehnatiyu qarz-qavola qilib sarflagan sarmoyasining taqdiri hal boʻlar pallada bitta qushni deb hamma ishi chappa aylanganini aytdi. Oqibatda piyozning zarari bilan foydasi uchma-uch boʻlib, doʻxtir qarzlardan zoʻrgʻa qutulib olgani, ustiga-ustak dori sepadigan yigit oʻsha kuni adirda uzoq mahtal boʻlganiyu ertasiga qaerdadir dori sepayotib zaharlanib oʻlganini eshitgan chol, attang, degandek boshini sarak-sarak chayqamoqchi edi, majoli kelmadi. Qishloqda bu qush bilan bogʻliq voqea toʻqilib-bichilib, birov doʻxtirni avliyoga, birov jin chalib ketgan ovsarga chiqarganini eshitib kulmoqchi ham boʻldi, lekin kuch topa olmay yengil xirillab qoʻydi.

Chol bu qadar gʻamgin, ayni paytda quvnoq va begʻubor hikoyani sira eshitmagan edi. Bir qush, nari borsa chumchuqdan katta, kaptardan kichkina bir jonzot kishi hayotida bu qadar oʻrin tutadi deb kim ham oʻylabdi axir. Chol shu xayollar bilan uyquga ketdi. Ertasiga muolajalardan keyin doʻxtirdan yoniga oʻtirishni soʻradi.
- Bilasizmi? Bolaligimdan nima yodimda qolgan... bir soʻmlik, uch soʻmlik, oʻn soʻmlik ezilgan, buklangan, yogʻ bosgan pullar. Otam kechqurun doʻkondan qaytganidan soʻng tanga-soʻm aralash bir sumka pulni uyning oʻrtasiga toʻkardi. Keyin onam keltirgan qaynoq mastavaga bosim murch sepib, ustidan qatiq qoʻshib, yogʻoch qoshiqda yaxshilab ekalab olgandan soʻng peshonasidan marjon-marjon ter oqizib ichardi. Onam ikkovimiz esa pullarni saralar edik. Otam mastavani ichib boʻlgach, yuqiga choy quyib, kosani hafsala bilan uch-toʻrt marta aylantirib chaygach, bir koʻtarishda sipqorardi. Keyin peshonasidagi terlarni belbogʻi bilan artib, oʻng yonboshiga bolish qistirgancha bir soʻz demay bizni kuzatib oʻtirardi. Oʻn soʻmlik qizil pullar kamdan-kam chiqar, chiqib qolsa, onam dazmol bosib, bukilgan belini toʻgʻrilar, soʻng tokchadagi chinni choynak ichiga solib qoʻyardi. Oʻn soʻmlikdan keyingi eng qadrlisi koʻkimtir besh soʻmlik edi. Uch soʻmlik va bir soʻmlik dastalangan pullarni otam kassaga topshirish uchun ertasiga olib ketardi. Hovuch-hovuch tangalar uyda qolardi. Oʻsha paytlar oʻn besh tiyinga bitta pirajka bilan shakarli choy berardi. Yigirma tiyinga yarimta lagʻmon yesa boʻlardi. Tangalar men va singillarim uchun katta boylik edi. Onam yirik pullarni bodring tuzlanadigan bonkaga solib, ogʻzini mahkamlagach, omborxonaga koʻmib, ustidan sholcha tashlab qoʻyardi. Shu tariqa men pul sanab katta boʻldim. Keyinchalik men topgan pullarni bu deparada uncha-muncha odam topolgan emas...

Chol biroz toʻxtab nafas rostladi. Doʻxtir yarim piyola suv tutdi. Chol ichmadi, lablarini hoʻllab oldi xolos.
- ...Bilasizmi, doʻxtir bolam? Otam rahmatli yurak xurujidan vafot etgan. Doʻkonniyam, uyniyam revizor bosaverib yuragini oldirib boʻlgan edi. Oxirgi tekshiruvlarni koʻtara olmadi. U kishi oʻtganlaridan keyin onam bor pullarni tillaga aylantirdi. Albatta, meni oʻqishimu ish boshlashim uchun ajratilgan sarmoya alohida edi. Singillarimga ham bir sidra tilla taqinchoqlar hadya qildi. Biroq keksayganlarida vos-vos boʻlib, bir xalta tillani hali yostiq tagiga, hali taxmondagi koʻrpa orasiga yashirib kun oʻtkazdi. Qoʻsha-qoʻsha zanjirlar, bilaguzugu sirgʻalar, yoqut koʻzli uzuklar toʻla xaltaning jarang-jurungi haligacha qulogʻim ostida turadi. Shu tariqa onamning esi kirdi-chiqdi boʻlib olamdan oʻtdi, xudo rahmat qilsin. Men ota-onamdan farqli, koʻp va katta davra koʻrdim, chet ellarga chiqdim, endi zamon ham oʻzgargan edi. Shundan xulosa chiqarib, qariganimda boylikka vos-vos boʻlib qolmayin deb mol-mulkimni erta kunda farzandlarimga teng taqsimlab berdim, qoʻlimda mol qoldirmadim. Bolalarim men kabi otasi pulning dastidan bevaqt oʻlib ketishini koʻrmasin dedim. Keksayganimda nevaralar bilan ovunib, xotirjam hayot kechirmoqchi boʻldim. Bu oson boʻlmadi. Hozir qoʻyadimi, yoʻqmi, bilmadim, bir paytlar "Qirol Lir" degan kino boʻlardi. Mulkini qizlariga boʻlib berib, oʻzi koʻchada qoladi qirol bechora. Oʻshanga oʻxshab qolmaymanmi, degan gap ham oʻtdi koʻngildan. Keyin hartugul, bizda musulmonchilik, el-yurt istiholasi bor deb oʻyladim. Oʻylaganim toʻgʻri chiqdi, farzandlardan nolimayman, garchand onasi erta oʻtib ketgan boʻlsa ham, bolalarimga yaxshi tarbiya bera oldim nazarimda. Bir qarashda niyatim ham amalga oshganday boʻldi...

Cholning gapi boʻlindi. Uzun-qisqa boʻlib hovliga toʻrt nafar keksa kishi kirib keldi. Barchasi birdek ohorli oq yaktak-ishton kiygan, faqat ayrimlarining boshida chust doʻppi boʻlsa, ba’zilarida oq "hoji doʻppi". Biri patak soqol, boshqasi moshkichiri, qolgan ikkisi koʻsa. Chollarning yagona oʻxshash jihati yuz terilarining birdek tiniqligi, hatto endi pishib kelayotgan qirmizak olma kabi jindek qizilligi ham borligida edi. Doʻxtirning yodiga rahmatli otasining zahil yuzi yodiga tushib, yuragi bir achishib oldi. Chollar bemorning atrofida oʻtirib, uzoq suhbat qilishdi, oʻtgan-ketgan, yaqin-yiroq gaplardan gapirishdi. Soʻngida otaxonga dalda berib, qur’ondan bir pora tushirgach, uzundan-uzun duolar qilishdi. Tilovatimiz "xatmi qur’on" oʻrnida oʻtsin, deb iltijo qilindi. Mehmonlar ketgandan soʻng chol mijjalari nam, uzoq jim qoldi.
- Eski qadrdon ogʻaynilar, - dedi u doʻxtir eshityaptimi, yoʻqmi, e’tibor bermay. - Navqironlik paytlarimiz kim koʻp pul qilyapti, kim zoʻr imorat solyapti, kim eng zoʻr ulov sotib oldi deb raqobat qilardik. Ba’zida doʻst, ba’zida hamkor, kezi kelsa raqib edik. Endi boʻlsa har yili qurbonlik oyida bozorga tushib, xalq koʻzida tanlab-tanlab, semiz-semiz qoʻy olib, kimoʻzarga soʻyamiz. Oxir dunyoda Pulsirotdan minib oʻtaman deb umid qilgan qoʻyimiz qancha goʻsht, qancha yogʻ berganini kishi bilmas ovoza qildiramiz. Sizlarni bu hashamlaringizga oxir dunyoda Pulsirot emas, temir-beton koʻprik kerak, deydigan mard yoʻq. Hozir ham ostona hatlab ulgurmay bular men ketib, oʻzlari qolayotganidan yengil tortishdi. Oʻzlarining tetikligi, mendan uzoqroq yashashlarini oʻylab quvonib ketishdi. Buni ular xonada oʻtirishganida koʻzlari aytib turgandi.

Bu gapdan keyin chol jim qoldi, chuqur xoʻrsinib, nursizlanib borayotgan koʻzlarini derazadan tashqari qadadi. Hashamatli hovli suv quygandek jimib qolgan, har zamon musichaning "mu-ku-ku-ku" deb sayragani eshitiladi. Ishkomdagi uzumning issiqdan shalpaygan yaproqlari nogoh kelgan epkinda bir yelpinib qoʻyadi, shunda rangi koʻkimtirdan sargʻishga tortib, shira boylab kelayotgan uzum donalarida quyosh nurlari jilva qilib qoladi. Chol bu manzarani koʻra olyaptimi yoʻqmi, bilib boʻlmasdi. Chol yana gapirmoqqa chogʻlandi, lekin lablari quruqshab qolgan edi. Doʻxtir hoʻl doka bilan uning lablarini artib chiqdi, dokani siqib, ogʻziga bir-ikki tomchi suv tomizib qoʻydi.
- Doʻxtir bolam, hali tashqarida bir qush sayragandek boʻldimi..?
- Kukulagan musicha edi, otaxon.
- Malol kelmasa, joyimni derazaga yaqinroq surib bersangiz, - dedi chol pichirlab. Doʻxtir chaqqonlik bilan krovatning avval bosh tomoni, keyin oyoq tomonini yengil koʻtarib surdi. Krovat shundoq deraza tagiga kelib qoldi.
- Hah, musicha... Otam musichani eng noshud jonzot deb yomon koʻrardi. Hali yoʻlakda, hali ayvonda tuxumi tushib sinib yotardi. Juda omonat uy quradi oʻziyam. - Chol tashqariga suqlanib qaradi. Lekin musicha qorasini koʻrsatay demasdi. - Kulmasangiz, koʻnglimga bir tilak keldi, doʻxtir bolam... Sizga koʻrinish berib turadigan oʻsha ajabtovur qushga oʻxshamasayam, otam yomon koʻrgan boʻlsayam, oʻzi bir noshud jonivor boʻlsayam, qani endi shu musicha hozir pirr etib uchib kelib, mana shu deraza raxiga qoʻnsa... munchoqdek hayron koʻzlariga boqsam...

Chol quruq suyakka aylangan barmoqlarini qaltiratib qoʻlini deraza raxiga uzatdi. Yupqa va quruqshoq terisi ostidan boʻrtib turgan tomirlari dir-dir titrab ketdi. Soʻng hilvirab qolgan boʻyin terilarini osiltirib tashqariga talpindi. Cholning gavdasidan bir hovuch shaqillagan suyak qolgan, biroq boʻrtiq yelka suyaklari, oʻtkir qirrali jagʻi, qirra burni va koʻzining ustiga tushib turgan qalin, oʻsiq oqish qoshlari bir paytlari uning koʻrkam va kelbatli kishi boʻlganini aytib turardi.

Chol uzumtoklar orasidan koʻm-koʻk osmonga tuynuk topib, uzoq termuldi. Tuynuk qariyaning nursiz koʻzlariga durbindek qoʻl keldimi, nigohi oʻtkirlashgandek boʻldi. Osmonu falakda qanot qoqmay sokin charx urayotgan bir qush nogahon ana shu moviy tuynukdan lip etib oʻtib qoldi. Chol bir seskandi-yu qushning qorasini ilgʻab qoldi va aftidan ana shu oniy lahzalarda uning nigohi qushning qanotlari ustiga qoʻngandek boʻldi:

Pastda gugurt qutisi yangligʻ goh tartib bilan terilgan, goh betartib qalashib, bir-biriga suyanib qolgan past-baland uylar qalashib yotardi. Uylar tugagach, dalalar boshlanadi, qoʻngʻir togʻ etagidagi sargʻish yaydoq adirlar qadar choʻzilgan ekinzorlar yastanib yotibdi. Bozorlar, doʻkonlarda gʻij-gʻij olomon, odam degani dalalarga ham sochilib, tinimsiz gʻimirlab yotibdi. Shahardan qishloqqa, qishloqdan shaharga ulovlar betoʻxtov qatnaydi. Adoqsiz yoʻllar bir-biriga ulanib ketaveradi. Bir qishloq tugab-tugamay ikkinchisi boshlanadi, bugʻdoyzordan keyin paxta dalasi, paxtadan keyin piyoz paykali keladi. Bir parcha boʻsh yer yoʻq. Faqat har bir qishloq chetida devor yoki panjara bilan oʻralgan hayhotdek, taqir va qoʻngʻir ochiq maydonlar bor xolos. Jajji tuproq tepaliklarga toʻla shu joydagina harakatsizlik, sukunat bor. Yangi paydo boʻlgan, nam tuprogʻi hali qurib ulgurmagan tepalik ustiga yugurib chiqib, atrofga shoshilinch nazar solgach, qurib sargʻaygan oʻt-oʻlan va shuvoqlarni shitirlatib qochib qolgan yumronqoziqqina bu sukunatni buzib turadi xolos. Yangi tepalikni ketmonning orqa yuzi bilan tapillatib urib mustahkamlab ketgan odamlar eski temir panjarali darvozadan tashqari hatlashlari hamon yengil tortib, bu sokin goʻshaning mavjudligini-da unutishga ulgurishadi.

Chol endi chimirilgan, tund, istehzoli, shodon va gʻamgin, gʻazabnok va quvnoq chehralarni ham ilgʻay boshlaydi. Hayot goʻyo bir ulkan musobaqa, ildamlab ketganlar shodon, ortda qolganlar tashvishda, toʻxtab, chorasiz qolganlar gʻussaga botgan. Umr shundoq musobaqa bilan oʻtadi va marra oʻsha - mitti doʻngliklarga toʻla taqir maydon. Kimdir marraga yetib kelganda yana bir tuproq tepalik paydo boʻladi.

Chol oʻzining hammanikidan baland oq tunukali tomini ilgʻab qoladi. Atrofga alanglab, hayratga tushadi - manovi jajji tuproq tepaliklarga toʻla yaydoq makon uyiga bu qadar yaqinligini shu paytgacha sezmagan ekan. Manzil shunchalik yaqinmidi, deb oʻylaydi chol yuksakda turib. Yerda gʻimirlayotgan qora-quralar orasida faqat bir kichik jussagina boshqalardan farqli, ba’zan gʻimirlashdan toʻxtab, osmonga, sokin parvoz qilayotgan qushga tikilgancha, uzoq oʻyga choʻmib qoladi, goʻyo shu odamgina cholni tushunib turgandek. Chol bu kimsani tanigandek boʻladi, pastlaydi, va yana pastlaydi. Axir bu odamni men taniymanku, deb oʻylaydi...
- Doʻxtir bolam, bu sizmisiz!? - Cholning yuziga mamnuniyat ifodasi balqib chiqdi.

Qariyaning gapidan doʻxtir bexos choʻchib tushdi, alahsiradi degan oʻyga bordi, biroq uning chuvak yuzidagi baxtiyorlikni koʻrib hayron qoldi.

* * *

Doʻxtir xotiniga telefon qilib, bu kech uyga qaytyapman deb aytgan ekan, qishloq oʻsha soatdayoq bundan xabar topgan edi. Katta yoʻl boʻyidagi pakkaga aylangan doʻkon atrofidan ketolmay qolgan odamlar bahsi tobora qizib borardi. Ha, bugungi kun odamining eng katta orzusi - ulov. Hammaning koʻzini olovdek kuydiradigan, yaraqlagan, moyi artilmagan ulov. Abdurahimboydek dunyoning bir chetini yeb yotgan odam uchun bitta ulov "karnaychidan bir puf" degandek gap.

Bir mahal sutga chayilgandek oppoq mashina tigʻdek oʻtkir chiroqlari bilan tun qorongʻusini chok-chokidan soʻkib kelib, doʻkon yonida toʻxtadi. Ulovdan Botir doʻxtir hech narsa boʻlmagandek irshayib tushib keldi. Koʻzlari nurdan qamashgan odamlar hangu mang edi. Oppoq ulov motorini yoqimli vizillatgancha ortiga qaytib ketganda, doʻxtir esa doʻkonga kirib, bir kilo shakar, ikki kilo makaron xarid qilib, buni nasiya daftariga yozdirib qoʻyganida ularning hayrati oʻn, ehtimol yuz chandon oshgan edi.

- Kim aytdi hayot kinoga oʻxshaydi deb? - kimdir zarda aralash toʻngʻilladi.