OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Muhammad Sharif. Xirgoyi (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMuhammad Sharif
Asar nomiXirgoyi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Muhammad Sharif
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm24KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 10-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Xirgoyi (hikoya)
Muhammad Sharif

Oʻsha kuni shomga yaqin goh kuchayib, goh sekinlab yogʻayotgan shigʻaloq qor ilkis izchil maromga kirib, mayin shitir-shitiri ila borliqni mungli ohangga toʻldirdi. Chol va kampir shom namozi uchun tahorat oladigan palla edi. Bola toʻsin va siniq shiferlari tutundan qoraygan, devorlari is bosib ketgan tandirxonadagi pastak loyoʻchoqda gʻoʻzapoya yoqib, qumgʻonda suv qaynatdi, qaynoq suvni obdastaga quyib sovuq suv bilan chovushtirdi, keyin kaftiga quyib koʻrdi: bobosi aytganidek, obi-tobida. Obdastani sal naridagi ikki xonali uyning dahliziga eltib qoʻygach, gʻoʻzapoyaning lovullab-charsillab turgan choʻgʻini olovkurakka soldi-da, shoshilinch ichkari uyga eltar ekan, shigʻaloq qor zarralari choʻgʻlarga tushib chirsillar, olov lax-lax qizarib, qor yonayotgandek tuyulardi. Osmonning tund chehrasida, chor-atrofning oqlikka jadal burkanib borishida ham haybatli bir marom va tugallik borday edi. Bola qip-qizil choʻgʻni sandalga solib, ustiga eski kulni tortib qoʻydi-da, oʻzini koʻrpa ostiga urdi. Mazza! Boshqa qiladigan ishi yoʻq, issiq sandalda olovga toblanib yotadi endi.

...U odam qosh qoraya boshlagan mahalda keldi.

Kampir bir tutam isiriqni sandal tagida limillab turgan choʻgʻ ustiga tashlagach, qalin qora satin kamzulining choʻntagidan jimitdek kalit chiqarib, tiqir-tiqir urina-urina mehrobdagi javonni ochib, lash-lushlarni titkilay boshlagan payt edi. Eski gazmollar, qalampirmunchoq va yana allanarsalarning zaif islari isiriqning oʻtkir hidiga qorishib ketgandi. Chol esa jildiga oq surp tortilgan, sargʻayib, titilib ketgan ba’zi sahifalariga qogʻozdan yamoq solingan katta bir kitobni derazadan tushayotgan gʻira-shira yorugʻlikka tutib, shomgacha yana bir-ikki bet oʻqib qolish ilinjida, tashqari allaqachon oqlikka burkanib ulgurgani uchun qosh qoraysa-da, atrof qor yorugʻi bilan yorishgan edi.

Ha, u odam ana shu pallada kirib keldi. Avval yogʻoch darvozaning boʻgʻiq gʻiyqillagani, keyin gʻarch-gʻurch qor bosib kelayotgan qadam tovushlari eshitildi. Dahlizning ostonasiga kelganda telpagidagi qorni qoqdi, qisqa-qisqa yoʻtalib oldi. Nihoyat, ichkari eshik ochilganida pastakkina xonadagi quyuq tutun gup tashqariga urildi. Isiriq tutuni chiqib ketmasin deb, kelguvchi eshikni oshigʻich yopdi, soʻng chol va kampir bilan quyuq soʻrashib, sandalning poygak tomoniga choʻkkalab oʻtirdi, cholning qistovidan keyingina sovqotgan oyoqlarini sandal ichiga oldi. Kampir javondan qand-qurs olib dasturxonga qoʻydi, sandal ustiga yopilgan koʻrpa tagidan qalampir gulli xitoyi choynakni olib, choy quyib uzatdi.

Mehmon tortina-tortina, sekin va sokin ovozda kelishidan maqsadini bayon qildi: "Katta ota, shu desangiz, chamamda uch oylarmi avval, qaydan keldi, nimadan boʻldi, bilmaymanu, ammo menga bir yomon dard yopishdi. Shu deng, dard qurmagʻur kundan-kun zoʻrayib boryapti..."

"Obbo!" dedi sandal koʻrpasi ostida mazza qilib yotgan bolakay: yana bir kasal keldi. Endi bobosi uzundan-uzun duo oʻqib, dam soladi. Toza zerikadigan boʻldim-da, deb mehmondan yuz oʻgirib, shipga termuldi. Shipdagi yoriqlar, lak surilgan fanerning butoq koʻzlari atrofidagi taram-taram ajin-chiziqlarga qarab, oʻzicha allaqanday shakllarni izladi. Bir qarashda parvozga shay qushga, goh shoxdor soqolli echkiga, goh esa qamishzor ichidan moʻralab turgan qanaqadir sharpaga oʻxshatdi. Shu yumush uning sevimli ovunchogʻiga aylangan edi. Yana yangi shakllar izlamoqchi boʻldi, lekin uchqur xayoliga tunov kungi kishi keldi. Sassiq, vajohatli boʻlsa ham oʻsha odam bunisidan koʻra zoʻrroq edi, deb oʻyladi bola. Kunduzlari «eshak oʻldirar» oftob charaqlagan, kechalari qora sovuq turib, kimsasiz koʻchalarda izgʻirin kezayotgan kunlar edi. Onasi uchovlonga kechki ovqatni yedirgach, idish-tovogʻini yigʻishtirib, narigi hovliga chiqib ketgan, bular esa yotish tadorigida ekan, lop etib chiroq yongan, hamma xursand edi. Bir ozdan soʻng koʻchada mashinaning ogʻir toʻxtagani, taraqa-turuq qilib motori oʻchgani eshitildi, zum oʻtmay, suvsar telpak kiygan, pochapoʻstini dogʻ-dugʻ, yuzi qorachadan kelgan bir kishi kirib keldi. U kirishi bilan xonada teri, yogʻqovurdoq, achchiq va oʻtkir tamaki hidi anqidi. Chol bilan qoʻshqoʻllab, kampirga yelka tutib koʻrishgan bu kishi xom yogʻ surtilaverib yaltillab ketgan etigining qoʻnjidan katta dandon sopli pichogʻini chiqarib, sandal ustiga "toʻp" etkizib tashladi:
– Katta ota, mana siz oqsoqollar suv yetti yumalasa, pichoq uch marta yerga suqilsa halol boʻladi deysizlar. Toʻgʻrimi shu gap!? – dedi harsillab. – Agar shu gap toʻgʻri boʻlsa, kitob qarab, isbotini topib bering deb keldim!

Bobosi uning vajohatiga e’tibor bermay: "Shermat bolam, avval bu shashtingdan tush, oʻzingni bos, bir piyola choy ich, keyin nima boʻlganiga quloq tutarmiz», dedi.
– Katta ota, meni har koʻrganingizda el-ulusga qoʻshilib yur, odamlar bilan osh-qatiq boʻl, qoʻni-qoʻshnilarning issiq-sovugʻiga aralash, savobi koʻp deysiz, – dedi Shermat. – Shu bugun gapingizni qulogʻimga olib, Mahmudboyning sabzi qirdisiga bordim. Bilasiz, erta sahar kenjasiga osh beryapti. Borsam uy toʻla odam, dahlizda yoshlar sabzi qiryapti, ichkarida kattalar toʻgʻrayapti, gangir-gungur avjida. El qatori ichkariga kirib, turtinib-surtinib poygakka oʻtirdim, pichogʻimni chiqarib bitta sabzini qoʻlga olganimni bilaman, toʻrda yonboshlab olgan Hakim hisobchi boʻynini choʻzib qoldi. Nima dedi, bilasizmi? "Hoʻy, Shermat, bu pichogʻing bilan tulkining terisini shilgani keldingmi yo elga beriladigan oshga sabzi toʻgʻraganimi?" desa boʻladimi!? El-yurt, katta-kichik oldida lavlagim chiqdi. Dayusni ustiga bostirib borib ta’zirini bermoqchi edim, harqalay yoshi ulugʻ, sizdan ancha kichik boʻlsa ham oqsoqollar davrasiga kirib qolgan, deb indolmadim. Shartta oʻrnimdan turib, bir ulov topib yoningizga kelib turgan joyim edi. Shu, pichoq uch marta yerga sanchilsa halol degan joyini topsangiz, men bilan borib, el oldida shu gapni kitobdagi isboti bilan aytsangiz, deb keldim. Koʻchada moshina tayyor.

Chol miyigʻida kuldi. Shermat bu holdan battar betoqat boʻlib, boʻzardi.
– Shermat bolam, toʻy-ma’rakada ogʻir-engil, hazil-huzul gaplar boʻpturadi. Azaldan el ichida yurganingda bunaqa gaplarga koʻnikarding. Ertaga xalqqa osh berayotgan Mahmudboyning laqabi nimaligini bilasanmi oʻzi? – deb, Shermatga tikildi chol. U hanuz qovogʻi soliq, bosh chayqadi.
– Xalq Mahmudboyning urugʻ-aymogʻiga «tulki» deb laqab qoʻygan. Kirib borishingdan avval davrada bir payrov ketgandirki, Hakim sening bahonangda uni davom ettirgandir? Oʻrningda boshqa odam boʻlganida Hakimga qarab "bir gazanda tulkilarning qonini soʻrib, terisini ustixoniga yopishtirib qoʻyibdi, pichogʻim suyagiga qadalib sindi, boshqasini olib kelaverdim», degan boʻlardi. Boisi, Hakim hisobchining laqabi «kana». El oldida uning ogʻzini yopgan boʻlarding, keyingi gal sen bilan oʻylab gaplashardi. Endi esa bu gaplarga parvo qilma, uyingga borib, qoʻlingga oshpichoq olgin-da, toʻyga qayt, hech narsa boʻlmagandek elga aralashib ketaver. Gapi qattiq botganini sezsa Hakim erta-indin uzrini soʻrab qoʻyar, soʻramasa, yonimga kelganida oʻzim bir nima derman. Sovuqqa chiqsam oyogʻim ogʻriydi, ma’rakalarga bormay qoʻyganman, – dedi chol, shu bilan gap tamom degandek.

Cholning nasihatidan koʻngli toʻlmagani yuz-koʻzidan sezilib turgan Shermat pichogʻini etigining qoʻnjiga tiqib, "mayli, katta ota, aytganingizni qulogʻimga olaman, lekin mavridi kelganda Hakimboyning ham ta’zirini beraman», deb chiqib ketdi.

Chol nevarasiga eshikni ochib uyni shamollatishni buyurdi, keyin kampiriga qarab, "hazilida ham, chinida ham Hakimboy haq», deb qoʻydi.

Bolakay koʻzi sovuq yiltiraydigan, yuzida shiddatli bir ifoda qotib qolgan bu odamni ilk marta yaqindan koʻrganidan hayajonda edi. Shermat bularning hovlisidan ikki koʻcha narida yashar, allaqaerda qorovul boʻlib ishlashidan tashqari ovchilik ham qilardi. Bir qarasa tulki, bir qarasa bedana yoki baliq ovlar edi. Ovlaydigan narsa qolmasa, olaqanotmi, chumchuqmi, yovvoyi kaptarmi, otib kelaverardi. Uyida tozi, ba’zan qopagʻon qozoqi itlar boʻlardi. Odamlar, ayniqsa bolalar eshigining tagidan yurak yutib, oyoq uchida oʻtishardi. Oʻzi koʻchalarda kam koʻrinar, har zamon labining bir chetida allaqachon oʻchib qolgan tamakisini tishlab, yelkasiga qoʻshotarini ilib, eski "Ij" mototsiklini tarillatgancha qishloq koʻchalarida paydo boʻlib qolardi. Kamgapu badqovoq, koʻpchilikka aralashmasdi. Lekin qishloqda kamdan-kam odam kirib chiqadigan hovlisi, yoki oʻsha qoʻrqinchli hovlida uning nimalar bilan mashgʻulligi bolalarni qoʻrqa-pisa devor osha moʻralashdan tiyib turolmasdi. Mahmudboy toʻy bergan kunlari qishloqda chiroq ham yonib qolgan, Shermatning suvsar telpagi, moʻynali yoqasi yorugʻda yal-yal tovlanib, salobatini oshirib turardi.

Biroq, bugun kelgan odam koʻrimsiz, gaplari tushunarsiz, zerikarli edi. Tokchadagi moychiroqdan taralayotgan shu’la goho yuzida oʻynab, botiq koʻzlari yanada ayanchli tus olar, peshonasidagi ajinlari uzun-uzun soya berib qolardi. Bola shiftga qarab yotishdan zerikib, sandalning narigi chetida bobosiga bir nimalarni toʻxtovsiz gapirayotgan bu odamga qayta razm soldi.
– Nega menga keladi bu dard, katta ota? Umrim boʻyi qora mehnatdan boshi chiqmagan shoʻrpeshona boʻlsam?! Yumushim boshimdan oshib yotibdi, ikki oʻgʻil uylashim, uch qiz chiqarishim kerak hali. Sira chidayolmay qoldim bu azobga. Kelaveradi, kelaveradi, hech toʻxtatolmayman qurgʻurni. Avvallari ich-ichimdan sezilar-sezilmas kelardi. Keyin tomogʻimga, undan dimogʻimga koʻchdi, bir maromda, oʻrtab-oʻrtab kelaveradi. Ogʻir, juda ogʻir, yurak-bagʻrim ezilib ketadi, ikki qop bugʻdoyni baravariga koʻtarsam ham bunaqa ezilmayman. Kechalari oʻzimning tovushimdan oʻzim uygʻonib ketaman... kelaveradi-da, ich-ichimdan toʻlib-toshib. Shartta turib ketaman, ogʻilga boraman chiroq koʻtarib, mol-qoʻyning tagini tozalab, bilchillagan goʻngni koʻmir maydasiga aralashtirib, zuvala qilaman, guvaladek-guvaladek qilib bostirma ostiga teraman. U ish tugasa, hovliga chiqib eski oʻrani qayta kovlayman, koʻzim tushgan ishga unnab ketaveraman. Uyda ish qolmasa, kamiga qoʻshnilarning yumushini bajaraman, itdek horib uyga qaytaman, endi yotaman desam, yana kela boshlaydi oʻsha! Tong oqarganda mol yetaklab dalaga otlanaman, kun boʻyi ketmon chopib, qosh qorayganda yelkamda zambildek bir boylam oʻt, burnim yerga tekkudek boʻlib, kamiga bir sigir bilan buzoqni yetaklab uyga qaytaman, biroq oʻsha narsa dimogʻimdan sira ketmaydi. Kechqurun xotin-bola chaqa bilan oʻtirganimda ham kelaveradi... Hamma hayron. Elu yurtga qoʻshilolmay qoldim. Bular-ku, mayli, nari borsa xalq orasida jinni degan nom olarman, lekin ogʻrigʻi-chi!? Zoʻriqishdan qornim, ichaklarim ayozdagi simyogʻoch simlari kabi zirillab titraydi, koʻkraklarim qaqshab, siqilib ogʻriydi, tomogʻim shishib ketadi. Ba’zan tunlari koʻnglim ozib, oʻqchib-oʻqchib qayt qilgim keladi, ariq labiga borib rosa kuchanaman, ichim zardobga toʻla tuyulsa-da, hech vaqo chiqmaydi. Ba’zan koʻkragimni pichoq bilan yorib, shu enagʻar narsani chiqarib yuborgim keladi, lekin qani qurbim yetsa. Bir kuni shunaqa keldiki, amallab tashqari chiqarib yuboray desam, burun va quloqlarimdan qon tizillab otilib chiqdi... – U gapirish asnosida sandal qirrasiga alam bilan mushtini tiradi, mushti ustiga boshini qoʻydi.
– Ichingizdan kelgan narsa xirgoyi ekan-da, oʻgʻlim? – Cholning hamisha oʻychan va sokin chehrasidan bir xavotir qalqib oʻtgandek boʻldi. – Nimani xirgoyi qilasiz? Biror Soʻz bormi?
– Soʻz yoʻq! – u boshini ilkis koʻtardi. – Birorta soʻzi yoʻq, lekin juda-juda ogʻir bir ohang. Mungli deb ham boʻlmaydi, chunki gohida yuragimga taskin beradi, biroq tasalli uzoq davom etmaydi, aksar payt azoblaydi, dilimni tilka-pora qiladi. Goho qanaqadir gʻalati ma’nolarni ilgʻagandek boʻlaman, lekin tushunmayman. Shu azob-uqubat ichida oʻlib ketamanmi deb qoʻrqaman. Bilganim, men bu yukni koʻtaradigan odam emasman, faqat mehnatni, qora mehnatni bilaman xolos... Katta ota! Meni bu azobdan qutqaring. Dam solasizmi, xatmi qur’on qilib oʻqiysizmi, yordam bering, bolalarim yetim qolmasin! – uning nam mijjalari shu’lada yilt-yilt qildi.

Chol uzoq sukutda qoldi. Bolakay bobosini hali bunday gʻussaga botgan holda koʻrmagan edi. Bobosi odatda oʻyga choʻmsa, koʻkragiga tushib turgan oppoq soqolini tutamlab olardi. Hozir esa boshini quyi solib juda uzoq oʻy surib qoldi.

Tashqarida hamon qor boʻralab yogʻar, tun oppoq, butun borliqni kuchli bir ohang egallab, deraza oynasini chertib turgandek edi. Kampir esa jonsarak, nima qilarini bilmay, nevarasiga engashib, boshini silaydi.

Nihoyat, chol nigohini yerdan oldi:
– Kattalardan eshitganim bor ediki, avval ham odamlar shunday dardga yoʻliqishgan ekan. Aytishlaricha, bu dard odamlar boshiga baxt yoki aksincha, kulfat keltirarmish. Elchibek bolam, aytar gapim shuki, senga dam solib, yordam berolmayman. Lekin haqingga har kuni duo qilaman, Xudodan oʻzingni, bolalaringni omonligini tilayman. Joning omon boʻlsin!

Elchibek ingrab yuborgandek boʻldi. Kampirga jonsarak moʻltiradi. Kampir chidab turolmadi, choliga qarab: "Emi-damini qilib qoʻysammikin, nafi tegib qolar?" dedi jonhalak.
– Ha, jon ena, emi-damini qiling, – Elchibek ostonaga emaklab borib, eshikni ochdi, boʻsagʻaga boshini qoʻyib yotib oldi. Kampir hadik bilan choliga qaradi, chol rozilik ishorasida bosh irgʻadi-yu, lekin foydasi yoʻq degan ma’noda ters oʻgirildi. Bolakay qishloqning yigʻloqi goʻdaklari bu ostonada qanday emlanganini koʻp koʻrgan, chinqirab yigʻlab kelganlari burnini shilq-shilq tortgancha onalari qoʻlida miq etmay ketganiga guvoh boʻlgan, lekin kap-katta odamning emlanishi haqiqiy tomosha edi. Kampir eski amirkon kovushini uchidan ushlab, tovonini uch marta yerga urdi, soʻng xuddi shunday harakat bilan Elchibekning ogʻziga ham uch marta urdi, dimogʻida nimalarnidir pichirlab, suf-suf, tuf-tuf, deb qoʻydi. "Tomogʻimga ham uring, ena, tomogʻimga!" deb yolvorardi Elchibek.

* * *

Uchovlon Elchibekni oʻshanda oxirgi marta koʻrishdi. Chol-kampirning yoniga ming bir hasrat bilan keluvchilar Elchibek haqida turli gap-soʻzlarni betoʻxtov yetkazib turishardi. Elchibek endi oʻzini ogʻir mehnat bilan ovutmas, atrofidagi voqealardan, xoh shodiyona, xoh fojia boʻlsin, ajablanmas, xirgoyi qilishini bir lahza boʻlsa-da qoʻymas ekan. Koʻklam kelib, kirchil qor tagida gʻujanak yotgan oʻt-oʻlanlar yashillanib boʻy chiqardi. Tor va biqiq xonalar, chiroqsiz tunlardan bezor boʻlgan odamlar toza bahor havosidan koʻksilarini toʻldirib nafas oldilar. Issiq-sovuq ma’rakalarda Elchibekning yonida turib qolganlar beixtiyor unga qoʻshilayotgani, ba’zan bir uy odam yelkama-elka turib unga joʻr boʻlayotgani haqida mish-mishlar kelardi.

...Biroq ularning xirgoyisida soʻz paydo boʻlgani haqida hali xabarlar yoʻq edi.

Yozning chillasiga yetganda qishloqning ancha-muncha yigitlari Elchibekning dardiga chalingani haqida xavotirli gaplar tarqaldi. Kasallik daragi qishloqdan qishloqqa koʻchib allaqachon shaharga ham yetib borgandi. Bir kuni qishloq noziri yordamchilari bilan Elchibekni oldilariga solgancha shaharga haydab ketgani haqida xabar keldi. Shaharda uni markazdan kelgan olim-shifokorlar koʻrar emish. Biroq ertasiga qishloqda kutilmagan yangilik tarqaldi: Elchibekni shifoxonadan toʻppa-toʻgʻri ruhiy bemorlar kasalxonasiga olib ketishayotganda u bir amallab qochib qopti. Elchibekning kasali xavfli va yuqumli boʻlib, epidemiyaga aylanib ketishi mumkin ekan. Shu sababli yalpi qidiruv e’lon qilinibdi. Qidiruvchilar qishloqning tit-pitisini chiqarib tashlashdi, keyin atrofdagi qiru adirlar, soy boʻyidagi chakalakzorlar oralab qidirishdi. Shermatning kuni tugʻdi, u koʻngilli izquvar boʻlib qidiruvchilarning oldiga tushib, yelkasiga qoʻshotarini ilgancha koʻchalarda dadil qadam tashlab borardi. Biroq, Elchibekning oʻzi tugul iziyam yoʻq edi.

Qidiruv goh susayib, goh kuchayib davom etayotgan kunlarning birida chol, kampir va nevara ayvonda oʻtirishardi. Kampir eski paxtani mitalab oʻtirar, chol peshonasi va boʻynida marjondek tizilgan ter tomchilarini belbogʻi bilan arta-arta kitob oʻqir, qariyalarning yumushini bajarishga shay bolakay esa hozir shatmoq oyogʻiga qoʻngan pashshalarni haydash bilan ovora edi. Darvoza taraqlab ochilib, hassaga tayangancha oh-voh qilib Hakimboy kirib keldi. Kela solib hay-hay deguncha boʻlmay cholga oʻzini tashlab, hoʻngrab yigʻlab yubordi. Yuzi momataloq boʻlib shishib ketgan edi. Chol Hakimboyni zoʻrgʻa yupatdi, keyin "Shermatning ishimi bu?" deb soʻradi xoʻrsinib. Hakimboy zoʻrgʻa oʻzini bosib, hiqillab soʻz boshladi:
– Xonu moningga oʻt tushgur Shermat kecha toʻrttasini ergashtirib hovlimga toʻs-toʻpolon bilan kirib keldi, kelinim, nevaralarim oldida urib-tepkiladi, beobroʻ qilib soʻkdi. Elchibekni shu yashirgan, bular avvaldan osh-qatiq edi deb anovilarni chippa-chin ishontirib yubordi. Topib bermasang, qaerdaligini aytmasang oʻgʻlingni qamoqda chiritaman, kelining tul oʻtadi, nevaralaring tirik yetim boʻladi, deb rosa qoʻrqitdi. Axiyri boqib qoʻygan hoʻkizimni berib qutuldim, – deb yigʻlar edi Hakimboy. Chol uni uzoq yupatdi, koʻpga kelgan dard, bu kunlar ham oʻtib ketadi, Shermat ham jazosini topadi, haromdan kelgani haromga ketadi, dedi. Keyin jildiga oq surp tortilgan kitobidan baytlar oʻqib, qosh qorayguncha Hakimboyni ovutib oʻtirdi:

...Haqni topqon tufroq boʻlib yoʻlda yotar,
Tufroq sifat olam ani bosib oʻtar,
Manmanliklar boshin bosib, tepib ketar,
Bosh koʻtarib anga suxan qilgʻoni yoʻq.
Qul Xoʻja Ahmad, harna boʻlsang faqir boʻlgʻil,
Qayda borsang, boʻyning qisib, haqir boʻlgʻil,
Oshiq boʻlsang, ishq ilgida asir boʻlgil,
Asir boʻlmay hech kim murod tobqoni yoʻq.

...Shermatvoy tanlab-tanlab, qarchigʻaydek changal solib shoʻrini quritgan oilalar soni tobora ortib boraverdi.

* * *

Kech kuz edi. Chol tashqariga tahorat olgani chiqqanida suyaklarining zirqillashidan yomgʻir kelayotganini sezdi. Bir necha kun davomida koʻkda bulutlar yigʻilib, osmon bir xilda kulrang tus oldi, shanba kuniga kelib mayda va sovuq yomgʻir savalab yogʻa boshladi. "Juma yogʻsa shanba tinar, shanba yogʻsa qachon tinar?" deyishadi odamlar bunday kezlarda. Darhaqiqat, yomgʻir bir necha kungacha tinmadi. Paxsayu guvala devorlar tagidan zax urib, koʻp joylarda quladi, ayrimlari yuvilib, yer bagʻirladi. Koʻchalar chilp-chilp loy. Dalalarda yigʻishtirib ulgurilmagan ekinlar, daraxtlaru kuzgi oʻt-oʻlanlar, xazonrezgi bogʻlar ivib, jiqqa hoʻl boʻldi. Yomgʻir esa bir tekis yogʻishda davom etardi. Atrof-javonib yogʻin tovushlariga toʻlgan, qushlar sayramay qoʻyganiga goʻyo koʻp boʻlgan, odamlar esa betoqat, qishloq uzra yomgʻir bilan birga hazin, mungli kuy ham yogʻilayotgandek, tashqari chiqolmay tutoqqan odamlar mana shu kuyga joʻr boʻlishga shaydek edi.

Nevarasi tahorat uchun iliq suv keltirishini kutib ayvonda oʻtirgan chol yomgʻir tomchilarining bir maromdagi sasiga quloq tutar ekan, Elchibekning dardga yoʻliqqaniga ham rosa bir yil toʻlayotganini oʻyladi. Rutubatli tun kirib kelayotganiga qaramay oʻzini yengil sezdi, dilida osoyishtalik tuydi.

Ayni paytda, ikki koʻcha naridagi hovlining eng chetki xonasida loysuvoq devorga qator ilingan tulki terilarini kuyaga qarshi dorilayotgan Shermat ham ilkis ishidan toʻxtadi, savqi tabiiy ila nimanidir sezgandek boʻldi. Uzoq davom etgan yogʻingarchilik va sukunatdan zax tortib ketgan sezgi tomirlari qoʻqqis jonlandi: shoshib tashqari chiqdi, yoniga chopib kelgan tozi itlarining hoʻl boshlarini silagancha, namchil havoni sergaklik ila hidladi. Shalabbo tevarakni koʻzdan kechirgach, uyiga shoshib kirdi, temir javonni ochib, yakkaotar miltigʻini oldi, kuya teshgan junpoʻstakka oʻtirib, milini hafsala bilan tozaladi, soʻng qachonlardir toʻngʻiz otish uchun tayyorlab qoʻygan oʻqini barmoqlarida aylantirib oʻynagancha tun yarimlashini kutdi.

Yarim tunda Shermat miltigʻini qora yelimxaltaga oʻrab koʻchaga chiqdi. Qishloqni bir aylangach, soy yoʻlidagi hovli oldida toʻxtadi, paxsa devor yoqalab yurib, hovlining orqa tomoniga aylanib oʻtdi. Bu yerda ogʻilxona boʻlib, tomiga gʻoʻzapoya bosilgan edi. U mushukdek epchillik bilan namiqib, bir tepsa qulagudek zoʻrgʻa turgan devor ustiga yengil chiqib oldi, undan ogʻilxona tomiga asta koʻtarildi. Gʻoʻzapoya yomgʻirdan ivigan, chirt etgan tovush chiqarmaydi. Gʻaramning oʻrtasiga kelib yotdi, xuddi ovda tulki poylagandek, gʻoʻzapoya shoxlari bilan oʻzini pana qildi. Yotgan joyidan koʻrimsizgina pastak darvozaxona, loy koʻpchigan hovli sahni, ayvondan ichkari kiriladigan eshik kaftdagidek koʻrinib turardi. Shermat shu yotganicha qimir etmadi, tisir-tisir yomgʻir tomchilariga quloq solib, kutaverdi. Ustidagi chakmoni ivib, sovuq tomchilar ich-ichiga kirib bordi, lekin oʻljasining yaqinlashganini sezgan hassos ovchidek zarracha oʻngʻaysizlik sezmas, aksincha, qulay va issiq oʻrinda yotgandek edi u.

Yomgʻir rosa avjiga chiqqanida, yogʻoch darvoza avval qitirladi, soʻng nam tortgan oshiq-moshiqlari xunuk gʻiyqillab ochildi. Hovliga kimdir sharpaday kirib keldi. Uyga yaqinlashganida qiyofasi aniqroq koʻrindi. Elchibekning ust-boshi jiqqa hoʻl, dir-dir titrar, yomgʻir tomchilari bosh-koʻzi aralash oqar, badaniga jippa yopishgan hoʻl kiyimi ostidan suyaklari boʻrtib-boʻrtib chiqib turardi. Elchibek ayvonda biroz turib qoldi. Ayvonning bir chetida loyi qurimagan kartoshka uyib qoʻyilgan, yana bir chetida makka soʻtalari qalashib yotardi. Oʻrtaga bir etak behi ham toʻkib qoʻyilibdi. Elchibek qachonlardir oʻzi ustunga ilib ketgan, yozi bilan quyoshda kuyib, titilib ketayozgan paxtali choponiga yuzini bosdi, toʻyib-toʻyib hidladi, balki yigʻlagandir ham, lekin, yuzidagi yomgʻir tomchilarimi yoki koʻz yoshlarimi, bilib boʻlmadi. Shosha-pisha ust-boshini yechib, quruq choponga oʻrandi. Uyiga, bolalari yoniga kirishdan avval oʻzini bosib olish uchunmi yo tund osmonda nimanidir koʻrmoqchi boʻlibmi, ayvon chetiga keldi-da, xirgoyisining toʻsatdan kuchayib ketganini his qildi. Shu asnoda yomgʻir ham kuchaydi. U hovli oʻrtasigacha keldi, loyi koʻpchib turgan yerga oʻzini tashlab, tiz choʻkdi: ichidan qaynab-toshib, shiddat bilan koʻtarilib kelayotgan oʻsha dardu hasratni tashiga chiqarish uchun koʻkragini ochib tashlab, koʻkka yuz tutdi, betiga tasir-tusur yomgʻir tomchilari urilayotgan payt ogʻzini kappa ochib, hayqirmoqqa chogʻlandi... Biroq ulgurdimi yoʻqmi, oʻzi ham, nam havoda yakkaotar miltigʻi qadimgi pilta miltiqdek choʻziq va boʻgʻiq varanglab otilgan Shermat ham, uyqudaliginiyam, bedorliginiyam bilib boʻlmaydigan qishloq ahli ham sezmadi. Elchibek faqat koʻkrak qafasi tars yorilib ketganini his qildi, xolos.

* * *
Bolakay gʻoʻzapoyani tutamlab-tutamlab, jahd bilan tizzasiga qoʻyib sindirar, keyin lovullagan olovga tashlardi. Qumgʻondagi suv bilqillash arafasida edi. Biroz kutib, xavotirga tushgan chol tandirxonaga kirdi-da, nevarasining olovga termulgancha qandaydir sokin, lekin ogʻir bir kuyni xirgoyi qilayotganini koʻrdi. Asta kelib dagʻal, lekin iliq taftli kafti bilan bolaning boshini, peshanosini siladi, kaftini yuzidan sirgʻaltirib tushirdi-da, barmoqlarini ombursimon qilib, nevarasining lablarini "Jim!" degandek qilib qattiq qimtib qoʻydi.