OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMuhammad Sharif
Asar nomiYashil alanga (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Muhammad Sharif
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/05/21
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yashil alanga (hikoya)
Muhammad Sharif

Oʻzbekning polvoni Tursun Ali Muhammadga

Shamol qari burgutni bulutlar uyuriga qoʻshib haydab ketishiga sagʻal qoldi. U goh yuqorilab, goh pastlab, shamolga qarshi ucha-ucha amal-taqal Teshiktosh qoyaga yetib, choʻqqi ustiga ogʻir qoʻndi. Shu qoʻnganicha uch kun qilt etmadi. Uchinchi kun tongda qari burgutni yana oʻz oʻrnida koʻrgan tasqaralarning koʻnglidagi shubha-gumon kurtak otib, badniyatlari sovuq boʻy koʻrsatdi: oldidan ortgan sarqitiga qanoat qilib yurganlar, bugun uning oʻziga koʻz tikib, bu magʻrur turgan muazzam gavdaning tap etib yiqilishini kuta boshladilar. Kecha ular quyiroqdagi qoya ustida kun boʻyi qanotlarini beoʻxshov qoqib, chugʻurlashib, betoqat boʻlishdi.

Bugun esa tap tortmay qari burgutning yuz yillik qoʻnalgʻasi boʻlmish Teshiktosh qoyaning yonginasidagi ulkan yassi tosh ustiga kelib qoʻnishdi. Shu paytgacha qush zoti bu chegarani buzishga haddi sigʻgan emasdi. Tasqaralar boʻlgʻusi bazmga tayyorgarlik koʻrayotgandek qaysidir oʻlimtikning shilimshiq goʻshti yopishib qolgan tumshuqlarini goh panjalariga urib, goh toshga surkab namoyishkorona tozalamoqda edilar. Faqat quyida yashab, togʻ ustiga kamdan-kam koʻtariluvchi gʻajirlar ham bugun ertalabdan tasqaralarning tadorikka tushib qolganidan darak beruvchi tovushlarni eshitib, allaqachon yuqorilab kelishga ulgurishgandi.

Bu anchayin beodoblik sanalsa-da, qari burgut aslo parvo qilmadi, boʻynidan boshlanib, koʻksida oppoq dogʻ hosil qilgan patlari ustiga tumshugʻini qoʻyib, hurpayib oʻtiraverdi. Shu tobda u ertalabki quyoshning mayin qitiqlovchi nurlari ogʻushida miriqayotgandir yoki huv ufqdagi bir toʻda irkit bulutlarni kuzatayotgandir. Harqalay, shu hafta ichi unda qandaydir tushuniksiz oʻzgarishlar yuz berdi. U shundan alagʻda boʻlib, atrofda yuz berayotgan narsalarga e’tiborsiz qaradi.

Qoʻqqis tasqaralardan biri havoladi, aftidan yoshroq boʻlsa kerak, koʻksidagi patlari qorayishga ulgurmabdi. Bir-ikki aylana yasab, soʻng toʻppa-toʻgʻri burgut oʻtirgan qoya tomon uchib kelaverdi. Qoyatoshning bir chetiga kelib qoʻndi. Burgut ilkis unga oʻgirilgan edi, koʻzlarida yashil alanga lovillab ketdi. Qoʻrqib ketgan tasqara kelgan iziga qarab urra qochdi. Oʻlaksaxoʻrlar bir bezovtalanib olishdi.

Oʻ-oʻ... burgutning vazminligi, u bu surbetlikni koʻrmagandek yana sokin oʻtiraverdi. Faqat endi poyida yastanib yotgan tekisliklarni kuzata boshladi. Oradan chorak soat oʻtgach, koʻkdan toʻqayzor etagidagi oʻtloqqa toshdek otilgan qarchigʻayni koʻrib qoldi. Toshlar ostiga yashirinishga ulgurmagan kaklik qanotlarini patillatib yerga urgancha, qarchigʻayning changaliga tushdi. Qarchigʻay oʻljasini koʻtarib uchdi va yalanglikdagi qoʻngʻir tosh ustiga qoʻndi. Changalidagi kaklik jon holatda tipirchiladi. Qarchigʻay kaklikning boʻyniga changal solib siqdi. Uning payraxaday sargʻish tili otilib chiqqanida bir choʻqib uzib oldi va liq etib yutdi. Shundan soʻng kallasini uzib olib, uzun ichaklarini osiltirgancha, oʻljasini bamaylixotir choʻqilay boshladi. Burgut issiq, koʻpirib turgan qon hidini tuydi. Suqlanib tikildi. Yoʻq! Oʻljaga emas. Gʻoliblik nashidasi surilayotgan oʻsha lahzaga, oʻsha manzaraga suqlandi.

Bir paytlari uning baquvvat qanotlari boʻronni ham pisand etmasdi, toshni changallasa uqalanib ketardi.

Bir paytlari chiyaboʻrining sagʻrisi ila boʻyniga changal solib, bir siltaganda, shoʻrlik saydning umurtqasi qarsillab sinib ketardi. Shu qarsillash uning shijoati, kuch-qudrati va mahobatini namoyish etuvchi gʻoliblik sadosi boʻlib yangrardi. Osmon enkayib, togʻlar bir qarich choʻkib, daryo bir toʻxtab olardi oʻsha lahza.

U kezlar burgut oʻljasini qoyaga koʻtarib chiqar va issiq qon koʻpirib turgan jasaddan bir-ikki luqma totinib koʻrardi, xolos. Loshning qolgan-qutganini hozir uning oʻlimiga koʻz tikib turgan anavi oʻlaksaxoʻrlar talashib-tortishib yeb bitirishardi. Ular burgutdan qattiq hayiqishar, qorasi oʻchgach, sarqitiga quyundek yopirilardi. Hozir esa oʻshanda muruvvat tilab, yaltoqlanib yiltiragan shilpiq koʻzlar uning qarshisida sovuq yonib turibdi. Biroq qari burgut jasadi bu qasangʻilarga yem boʻlmasligini biladi. Hali zamon quyosh tigʻga kelganda u koʻkka koʻtariladi, soʻnggi ovga chiqadi.

Bir qultum qon, bir luqma goʻsht uning qanotiga kuch boʻladi. Soʻng huv yuksakdagi qorli choʻqqilar tomon uchib ketadi. Ikki yil muqaddam qari burgutning jufti shu tomonlarga uchib ketgan. Muz qoya uzra uchavergan, uchavergan, uchavergan. Kecha-yu kunduz uchgan. Tanasidan qon qochib, bulutlar hoʻllagan qanotlari muzga aylanganida ham uchavergan. Toki abadiy muz parchasiga aylanmagunga qadar uchgan. Qush zoti borki uchayotib muz qotadi, qoʻnib turganida har qanday sovuqqa dosh beradi. Shu tariqa mangu muzqoyaliklar orasida yangi, qanotlarini yelpigʻichdek yoygan burgutqoya paydo boʻlgan. Oʻsha burgut shaklidagi muzqoya uni oʻzi tomon chorlamoqda.

Quyosh tikkaga kelib, togʻ etagidagi qir-adirlarni beayov qizdira boshladi. Burgut ogʻir qoʻzgʻalib, qanotlarini bir-ikki silkidi, soʻng keng yoyib pastga ena boshladi. Yon-atrofdagi qoyalarda tizilishib oʻtirgan oʻlaksaxoʻrlar bezovtalanib, uning ortidan chagʻir koʻzlarini qadab qolishdi. Burgut boʻz tuproqli adirlarga yetib borgach, qanot qoqmay, osuda aylana boshladi. U jon koyitmay havolashning hadisini olgan, tandirdek qizigan adirdan koʻtarilayotgan issiq havo uni hech qanday qiyinchiliksiz osmon toqiga chiqarib qoʻyardi. Avvallari issiq havo oqimi koʻmagida koʻtarilish ermak boʻlgan esa, hozir ehtiyojga aylangan edi. Keksa vujudi bu beminnat yordamga muhtojlik sezmoqda. Biror soatlardan soʻng u koʻz zoʻrgʻa ilgʻaydigan qora nuqtaga aylandi.

Bir hafta davomida yemaksiz qolgan qari burgut uchun havoda muallaq turib oʻtkazayotgan daqiqalari yillardek uzoq tuyulmasin, u soyalar qaytguniga qadar koʻkda kezib yurishga majbur edi. Bu vaqtda toʻqaydagi jonivorlar pana-pastqam, sersoya inlaridan chiqmay, tillarini zaxga bosib, hansirab yotishadi. Quyosh nayzasi choʻqqilarga sanchilib, sarin shabboda gʻirillab esa boshlaganda jonivorlar gʻimirlab, tirikchilik tashvishiga tushib qoladi.

Joʻrttaga qilgandek, sira oʻrnidan jilmayotgan quyosh, nihoyat tangrining amri ila pastga qarab gʻildiradi. Burgut havoda aylana yasab, pastlay boshladi. Yer hali juda-juda uzoq edi. Bu orada toʻs-toʻpolon bilan osmonga koʻtarilgan tasqara va gʻajirlar togʻdagi daralarni bir qur koʻzdan kechirib chiqib, toʻqay bilan daryo oraligʻidagi yalanglik uzra izgʻiy boshlashdi. Yemak qidirishga kirishgan toʻqay jonivorlari koʻk yuzidagi qora koʻlankalardan choʻchib, oʻzlarini qayta inga urishdi. Axiyri, oʻlaksaxoʻrlar kechki sayrni tugatgandek yoqimsiz qiyqillashlari bilan togʻu toshni larzaga solib qoyalarga qoʻndilar. Ushbu kechki sayr huv yuksakdagi burgut uchun hayot-mamot masalasi boʻlgan gʻanimat damlarni «bir necha yil» nariga surib yuborgan edi.

Yalanglikda toʻngʻiz paydo boʻldi. U toʻqaydagi yagona soʻqmoq oralab chiqib keldi, tumshugʻi bilan yer titib, pishqirib daryo tomon yurdi. Toʻngʻizning beparvoligi bejiz emas, odam hidi kamdan-kam paydo boʻladigan bu makonda unga tahdid soluvchi yov yoʻq edi. Lekin ehtiyoti shart, u har zamon toʻxtab, havo iskab, hid olardi.

Toʻqaydan pildirab chiqqan toʻngʻizni koʻrib, burgutning koʻzida olov chaqnadi. Biroq savqi ta’biiysi uni ikkilantirdi. Jonzot borki, oʻz kushandasi kimu yemagi nimadan iborat yaxshi biladi. Tabiatning oʻzi bergan sezgisi, salohiyati buni aytib turadi. Lekin birda ikkida oʻz fe’l-xoʻyiga nomuvofiq harakat qilib turish ham tirik jonga xos narsa. Qari burgut koʻpni koʻrgan esa-da, toʻngʻizni qoʻldan chiqarishni istamadi, qolaversa, bu soʻnggi imkoniyat boʻlishi mumkin, hademay quyosh botadi. Oʻlaksaxoʻrlar qolgan mayda jonivorlarni choʻchitib qoʻydi, ular hali-beri qorasini koʻrsatmaydi. Toʻngʻiz suv boʻyiga yaqinlashganda burgut hamlaga chogʻlanib, moʻljal oldi. Toʻngʻiz chanqogʻini qondirsa, kuchiga kuch qoʻshiladi. Shunda uni yengish ogʻir kechadi. Burgut qanotlarini yigʻib, bir soniya muallaq qoldi, soʻng oʻqdek pastga otildi.

Dahshatli chinqiriq togʻu toshni larzaga keltirib, daralar uzra uzoq aks-sado berib turdi. Qoyada tizilishib oʻtirgan tasqara va gʻajirlar sergaklandi. Tulkilar, tovushqonlar oʻzlarini qalin chakalakzor orasiga urdi. Toʻngʻizning beliga qoya agʻdarilgandek kuchli zarba kelib urildi. Sagʻrisi va kalta boʻynini tigʻdek tirnoqlar oʻyib tashladi. U jon holatda xurillab, bir munkidi, bir qalqidi...oyoqlarini chor tarafga kerib oldi...toʻpigʻigacha nam yerga botib ketdi, lekin umurtqasi sinmadi, kaltaligi ish berdi.

Koʻzi qonga toʻlgan burgut vajohat bilan chiranib, uni bukib tashlamoqchi boʻldi. Afsus...qani u qarsillatib umurtqa sindirish, qani gʻoliblik sadosi? Alamdan, nomusdan uning kuch-qudrati, shijoati avvalgilardan oʻn chandon oshsa oshdiki, aslo kamaymadi. Toʻngʻizning joni toshdan. Burgutdan xatolik oʻtdi. Xatolik oʻtdi-yu, uni tuzatishning endi iloji yoʻq edi. Burgut burgut boʻlib ushlaganini qoʻygan emas. Burgut toʻngʻizning belida chavandozdek silkindi, chirandi, koʻzlaridan tirik jonni teshib yuboradigan olov yogʻildi. Lekin...qani endi, bu jonli gʻoʻlani bukib boʻlsa?! Issiq qon koʻpirgandan koʻpirdi, favvora yangligʻ otildi. Tanasi metin toʻngʻiz pishqirib, chinqirib, quturgandan quturib borardi.

Toʻngʻiz toʻqayzorga yetib borganda burgut uning boshiga chang soldi. Toʻngʻizning chap koʻzi oʻyilib tushdi. U yoʻnalishini yoʻqotib, oʻzini qalin chakalak orasiga urdi. Tikanaklar, shox-shabbalar burgutning patlarini yula boshladi. Qari burgutning oqish-qizgʻish patlari havoda toʻzgʻib ketdi. Toʻngʻiz changalzorni tasir-tusur yorib oʻtganida burgutning yarim gavdasi qonga belangan, sinib, yonga osilib qolgan qanoti xas-xashaklarga ilashib, uni ortga tortqilardi.

Qora qonga belangan ikki raqib jon olib, jon berib olishar, taslim boʻlishni, yengilishni birovi-da xayoliga keltirmasdi. Qoyadagi gʻajirlar, tasqaralar, togʻu toshdagi, toʻqaydagi jamiki jonzot bu qonli hangomaning qanday yakun topishini sabrsizlik bilan kutardi.

Qarshisidan qalin daraxtzor chiqqanida burgut soʻnggi chorani qoʻllab, oʻljasini toʻxtatmoqchi boʻldi: yosh bir daraxtni shappa changallab oldi, tirnogʻi boricha daraxt tanasiga botib ketdi. U toʻngʻiz va daraxt orasida bir lahza tarang tortildi-yu, soʻng qoq oʻrtasidan ikkiga ayrilib ketdi. Raqibidan xalos boʻlgan toʻngʻiz bir necha odim zabt bilan chopgach, gursillab quladi. Qattiq pishqirdi, xirillab-xirillab jon berdi. Burgutning yarim gavdasi daraxtni, yarmi toʻngʻizni mahkam changallagan koʻyi qotib qolgan edi.

Oʻlaksaxoʻr va gʻajirlar qiy-chuv solib koʻkka koʻtarildi. Osmonni qora koʻlankalar qopladi. Ular toʻqay tomon enib kela boshladilar. Lekin shu kecha va ertasiga ham toʻdadan biror qush ajrab chiqib, mash’um janggohga qoʻna olmadi. Chunki burgutning ochiq koʻzlaridagi yashil alanga hali soʻnmagan edi.

«Yoshlik» jurnalining 1993 yil, 10-11 sonida chop etilgan.