OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMuhammad Shodiy
Asar nomiAjab dunyo (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Muhammad Shodiy
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm15KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ajab dunyo (hikoya)
Muhammad Shodiy

— Jaloliddin!
— Kiravering, — dedi uy egasi, — darvoza ochiq.

Eshikni jur’atsizlik bilan ochib, qoʻlida hassa, kirib kelar ekan: — Xayriyat, shu yerda ekansan, — dedi Nazar bobo, peshvoz chiqayotgan uy egasini koʻrib.
— E, muallim, oʻzingizmisiz? — Jaloliddinning chehrasi yorishgandek boʻldi.
— Ha, men, — deya kulib qoʻydi bobo, — kutmagan boʻlsang kerak-a?
— Yoʻgʻ-e, nega? Keling, salomatmisiz?

Qoʻl berib, hol-ahvol soʻradilar.
— Qani, ichkariga.
— Kim bor?
— Bir oʻzim.
— Xoʻp, lekin koʻp oʻtirmayman.

Kirib borayotgan bobo, gʻayriixtiyor, atrofga razm solib, naqshinkor ayvonga bir qarab: — Zoʻr imoratlar solibsan, — dedi xayolomuz, — nasib etsin. Ancha boʻldimi?
— Oʻn besh yil boʻlyapti.
— Oʻn besh yil? Qara-ya, men endi koʻryapman. Ajab zamonalar. Hamma oʻz tashvishi bilan band. Bir qishloqdamiz, lekin bordi-keldi hisobi bilan. Oqibatsiz boʻlib ketyapmiz. Bu dargohga oxirgi marta qachon kelganim, hatto, esimda yoʻq.

«Lekin mening esimda, — koʻnglidan oʻtkazdi Jaloliddin: birdaniga a’zoyi badanida gʻalati bir iztirob paydo boʻldi, — otam qazo qilgan kun... Unutib boʻlarkanmi?» lekin nafasini ichiga yutib: — Qani, yuqoriga, — ehtirom koʻrsatdi uy egasi.

Hassasini ustunga suyab, kalishlarini yechib, «bismillohi...» deya toʻrga qadam qoʻydi bobo, yana bismillo deb koʻrpacha ustiga oʻtirdi.
— Qani, omin...
— Xush kepsiz. Men hozir...
— Nima qilmoqchisan?
— Dasturxon yozay desam...
— E, nima deyapsan? Mohi sharifda-ya? Bir oyat oʻqing, de, — deya oʻrnidan turgan Jaloliddinning qoʻlidan tortib, yoniga oʻtirgʻizdi bobo.
— Uzr, muallim.

Bir «u-hum» deya, oʻtirgan joyida bir qimirlab va koʻzlarini yumganday boʻlib, bobo oyat oʻqiy boshladi:
— A’uzu...

* * *

— Usto-o-z, otaday ulugʻ, degan gap bor, ukajon.
— Xizmat boʻlsa, muallimjon, bexijolat...
— Iltimos, muallim dema.
— Axir... muallim edingiz.
— Shunday-ku, lekin... Muallimlik allaqachon oʻtgan, oʻtib ketgan. Hozir domlaman. Imom yoʻqligida masjidimizda domla-imomlik ham qilib turaman. Xabaring bordir?

Bir paytlar maktabda ishlardi Nazar bobo. Xoʻjalik mudiri edi. Oʻqituvchi yetishmasdi. Shundan gohida darslarga ham kirib turar, qishloqdagilar unga ham «muallim» deya murojaat qilishardi.
— Xoʻp, ustoz, aytganingiz boʻlsin. Domlajon, qulogʻim sizda.
— Bir iltimos bilan keluvdim.
— Xoʻsh?
— Kitob kerak boʻlib qoldi.
— Kitob? Qanaqa kitob?
— Otangning eski kitoblari. Mullo edilar, rahmatli, mavlono edilar. Koʻp kitoblari bor edi. Bironta qolganmi, yoʻqmi?

Jaloliddin gʻalati boʻlib ketdi. «Kitob... otamning kitoblari...»

Nimalardir esiga tushib, etlari junjikib, yuragi gursillab urayotgan boʻlsa-da, biroz oʻyga choʻmib, kulimsirab:
— Faqat bitta kitob qolgan, — dedi, — jon deb berardim-u...

Uy egasining xiyol boʻzlangan rangiga e’tibor bermay: — Berasan, — dedi Nazar bobo, — bittagina boʻlsa-da, berasan, ukajon.

Biroz sukut saqlab, soʻradi:
— Aytganday, mening Mansurim bilan birga oʻqirding-a?

— Ha, domla, Mansuringiz bilan bir sinfda oʻqirdik. Joʻra edik, — dediyu lekin u yogʻini aytmadi...

* * *

Uning dardi yangilandi. Domlasiga ochiq oshkora aytmasa-da, koʻzlariga boqib-boqib xayolidan oʻtkazdi: «Ha, domla, joʻra edik. Lekin nimadir boʻlib, bir narsani talashibmi, yoqalashib qolganmiz. Kimdir yelkamga bir musht tushirdi. Qarasam — siz.
— Itvachcha! — deya qattiq tortdingiz qulogʻimdan, — zoʻr boʻlib ketibsan-ku, ruhoniy, xalq dushmanining oʻgʻli!

Bu ham kamlik qilganday, tarsaki tushirmoqchi boʻlib, qoʻl koʻtaruvdingiz, «hay-hay!» degan iztirobli ovoz eshitildi-da, qaerdandir yetib kelgan oyim oʻrtaga tushdilar. Men yigʻladim. Umrimda bunaqa tahqirni, bunaqa musht zarbini totib koʻrmaganim uchunmi, oyimni koʻrib, birdan xoʻrligim kelib, oʻksib yigʻlay boshladim.
— Bir musht yetarli emasmidiki, yana qoʻl koʻtaryapsiz, domla? — dedilar oyim, — erkangizni esa... Bola sizga aziz boʻlsa, boshqalarga ham aziz. Aytgan gapingizga qarang — ruhoniy, xalq dushmani. Xalq dushmani kim?
— Ho-o, shunaqa degin, — dedingiz zaharhandalik bilan, «birovning azizi» deb, bezorilik, mushtumzoʻrlik qilsayam qarab turish kerak ekan-da, a? «Xalq dushmani» kim emish... Kim boʻlardi, jalojin, senlar!
— Hoy, ogʻzingizga qarab gapiring. Oʻylab gapiring...
— E, kimsan oʻzing menga doʻq uradigan? Kimga orqa qilyapsan? Eringgami? Uning gapi gap boʻlgan zamon oʻtib boʻlgan, nahotki bilmasang?
— Muallim degan nomingiz bor, oʻzingizni bosing.
— Nima qilarding, ruhoniy? — dedingiz tahqirona ohangda, — qoʻlingdan bir nima kelarmidi? — Lekin men, — deya dagʻdagʻa qildingiz koʻkragingizga mushtlab, — koʻp ishlarga qodirman, hali tomosha qilasan.

Toʻgʻri aytgan ekansiz, domlajon, koʻp oʻtmay nimalarga «qodirligingiz»ni isbotladingiz ham...

* * *

— Ruhoniy dedi, xalq dushmani dedi, — deya koʻz yoshi bilan arz qildilar oyim. Dadam taskin berdilar:
— Xafa boʻlma, nima desa, uning ogʻzi. Janjal paytida, jahl ustida, odam nimalar demaydi.

Keyin nasihatomuz davom etdilar:
— Jalolni urgan boʻlsa, mayib boʻlmapti. Bir musht-ikki musht bilan oʻlib qolmaydi, pishadi. Aralashmasliging lozim edi — oʻzidayam ayb bor.

Oyim e’tiroz bildirdilar.

* * *

Oʻsha voqeadan keyin, domlajon, meni yomon koʻrib qoldingiz. Ramazon oyi edi, hammasi esimda. Katta tanaffus payti, maktab hovlisiga chiqishimni bilaman, uch-toʻrt bola kelib, qoʻlimdan, bilagimdan ushladi.
— Ketdik, domla chaqiryapti.
— Qoʻyvorlaring, — dedim, — domla chaqirayotgan boʻlsa, oʻzim boraveraman.

Lekin meni kuch ishlatib, tortqilab olib borishdi.

Ramazon oyi edi, domla, lekin ogʻzingizda sigaret. Oʻttiz-oʻttiz ikki yoshda edingiz. Koʻzlaringizdan oʻt chaqnaydi.
— A-ha, mullavachcha! — oshkora adovat bilan qaradingiz menga, — roʻzamisan?
— Ha, roʻza! Roʻza! — qichqirishdi bolalar.
— Bu ilonvachchayam, aftidan, otasiga oʻxshab, mullo boʻlmoqchi!

Shunday deb maydonda oʻtirib uzum yeyayotgan mendan kattaroq bir bolaga ishora qildingiz, u shartta qoʻlimdan ushlab, pastga tortib tushirdi-da, yerga yotqizib, ogʻzimga uzum tiqa boshladi...

* * *

Koʻnglim gʻash edi. «Ogʻiz ochish» fursati ham yetdi. Dasturxon atrofidamiz. Boʻlgan voqea haqida ota-onamga gapirib berishni lozim topmadim.

Ikki-uch marta oshga qoʻl uzatdikmi, yoʻqmi, darvoza qattiq taqilladi.
— Hoy, kim bor? Ochlaring!

* * *

Jaloliddin borib eshikni ochdi.
— Qani otang. Uydami?
— Ha.

Uch kishi edilar: NKVD xodimi, qolgan ikkisi jamoa idorasidan.

Otasi oʻtirgan uyning eshigini siltab ochishdi.
— Sizga keldik, domla.

Angrayib qolgan onasi:
— Nima gap, tinchlikmi? — deb soʻradi, rang-roʻyi oʻzgarib.
— Nima gapligini keyin bilasizlar.
— Qani, oʻtinglar. Bir piyola choy...
— Vaqt yoʻq. Qani tezroq! — NKVD xodimi ovozida shiddat bor edi.
— Voy, endigina «ogʻiz ochgan» edilar-a...

Jamoa idorasi vakili otasiga olayib qarayapti: — Boʻlasizmi, yoʻqmi?
— Hozir, oʻgʻlim, hozir, — sarosimaga tushdi otasi. Ketayotib: — Men tez qaytaman, xavotir olmanglar, — dedi.

Xavotir olmay boʻlarkanmi?

Yuragi tars yorilib ketayozgan onasi oʻzini qoʻyarga joy topolmay uyoq-buyoqqa qadam tashlar, xayolidan turli gumon-shubhalar kezar, oʻziga oʻzi pichirlardi:

«Qaerga opketishdi? Nega? Oʻzing saqla, ey Xudo... Oʻzing madadkor...»

Ikki soatlardan keyin, baxtlariga, darvozaning gʻijirlagani eshitildi-da, otasi kirib keldi. Iztirobda edi, lekin labida tabassum:
— Tinchlik ekan-u...
— Tinchlik boʻlsa, nega bunday qilishadi, dadasi? Turqi sovuqlarning avzoyidan qoʻrqib ketdim.
— Eski savodi boʻlgan har odamni, nazarimda, soʻroq qilishyapti.
— Tavba, bu yangi hukumat...
— Pastroq, xotin, pastroq. Yangi hukumatga til tekkizma, zamon nozik...

Ertasi, iftordan soʻng, atrof xilvat boʻlgach:
— Turgin, bolam, — dedi otasi, — bir joyga boramiz.
— Qaerga? — hayron boʻldi Jaloliddin.

«Shu bemahalda qaerga borishlari mumkin?»

Ichi toʻla ogʻir bir xaltani olib chiqar ekan:
— Keyin bilasan, — dedi onasi, — manavini olib borishda otangga yordam ber.
— Bu nima? Ichida nima bor?
— Kitob, bolam, kitob. Eski kitoblar... Bu yerda turishi xavfli, bolajon.
— Tushundim...

Yoshi bir joyga borib qolgan otasi bilan qishloq chetidagi Kaftaguzar togʻi etagiga yoʻl olishdi. Atrof-tevarak zim-ziyo, yoʻl yurish mushkul, yuklari ogʻir, dillarda tahlika...

Kichik bir gʻor ichiga Sa’diyu Hofizni, Rumiyu Fuzuliyni, Navoiy, Uvaysiylarni... «koʻmdilar»da, ortga qaytdilar.

Onasi peshvoz chiqdi:
— Omonmisizlar? Xayolim qaerlarga bormadi.

Oyoqlarini zoʻrgʻa sudrab bosib, uyga kirarkan:
— Endi koʻnglimiz tinch, — zoʻrma-zoʻraki jilmaydi otasi.

Lekin «notinchliklar» hali oldinda ekan. Moʻysafid kasal boʻlib qoldi, issigʻi baland. Unga yana kelishdi.
— Turing, domla.

Eshikning taraqlab ochilishi bilan qalbi larzaga tushgan, a’zoyi badanini sovuq ter qoplagan onasi xuddi birov tomogʻiga pichoq tiraganday:
— Yana nima xohlaysizlar? — deya titroq ovoz chiqardi.

Dovdirab qolgan Jaloliddinning yuragi ham xapqirdi. Qaqqayib, goh ota-onasiga qaraydi, goh chaqirilmagan mehmonlarga.
— Qarab turibmiz, domla, turasizmi, yoʻqmi?

Bu dagʻdagʻadan onasi biroz qizishdi:
— Turmaydilar. Qanaqa odamsizlar? Bu ahvolda, qanday boradilar?
— Qoʻy, xotin, borish shart boʻlsa, bir ilojini qilarman, — majolsiz ovoz chiqardi ota, — janjal koʻtarma.

Shunday deya, oʻrnidan zoʻrgʻa turmoqchi boʻlayotuvdi: — Qimirlamang! — toʻxtatdi onasi va «mehmonlar»ga yuzlandi: — Bormaydilar. Hech qayoqqa!

Shopmoʻylov norozi ohangda:
— Yomon xotin ekan-ku, — dedi sheriklariga.

Onasi, koʻzlari moʻltirab, moʻylovliga qaradi: — Bular-ku begona, sen tushungin, Zohir, uzoqroq boʻlsa-da, qarindoshmiz-a.

Lekin iltijo unga kor qilmadi.
— Xoʻsh, qarindosh, — dedi u xirillab, — seni deb hukumatga xiyonat qilaymi? Tushingni borib suvga ayt!

Umidi puchga chiqishini sezgan onasi:
— Shunday degin, hukumat farzandi, — dedi mahzun jilmayib, soʻng najot soʻrab novcha «mehmon»ga yuzlandi: — Ukajonlar, rahm qilinglar. Xudo xayringizni bersin. Musulmonsiz-a, erta-indin hayit, shu ulugʻ ayyomda...

Shopmoʻylov xoxoladi:
— Hah-ha! Hayitmish... Hayitingga hukumatning ne ishi bor? Oboramiz!
— Kasal bir cholni... Yostiqdan bosh koʻtarishga kuchi yetmaydi-ku, bu bechorani? — onasining ovozi boʻgʻilib qoldi.

Jaloliddin yigʻlay boshladi. Lekin «mehmon»larning parvoyi falak...
— Xola, foytun bor tashqarida. Chiqishlariga yordamlashamiz. Kelishdan bosh tortdi deb aytolmaymiz-ku.
— Shunaqami? — onasi boshqa chidolmay, eshik oldidagi tayoqni qoʻliga oldi.
— Qani, tuyogʻingni shiqillat! Tezroq!!

Ona gʻazablangan arslonga oʻxshardi shu tobda.
— Yoʻqollaring!!!
— Hoʻy, jalojin, — dedi kutilmagan holdan qoʻrqib ketgan shopmoʻylov, — hali hukumat bilan oʻynashasanmi? Biz-ku, ketamiz, lekin yana kelishadi. Domla borishga, javob berishga majburlar, ustlaridan shikoyat tushgan...

* * *

«Yana kelishadi...»

Oʻsha behalovat tunda uyqusi qochgan edi. Xayoli parishon. Yana kelishlariga amin edi. «Nega bunday qilishadi, nega? Dadajonimda nima ayb? Sihat boʻlganlaridayam mayli edi...»

Qani edi andakkina mizgʻib olsa. Azonda turishi kerak. Lekin koʻzini yumsa, allambalo qoʻrqinchli tushlar...

Saharga yaqin koʻzi ilinibdi.
— Bolajonim...

Koʻzini ochib, onasining yoshli koʻzlarini koʻrib, titrab, boshini shahd koʻtardi:
— Kelishdimi, oyijon? Ular kelishdimi?
— Yoʻq, otang...
— Otamga nima boʻldi?
— Mard boʻl, oʻgʻlim, — deya ona uning boshini titroq koʻkragiga bosdi, — otang... qazo qildilar.
— Nima?..

* * *

Ta’ziyaga koʻp odam keldi.
— Eh, qanaqa odam edilar-a, domla...
— Qarilik chogʻida bazoʻr-bazoʻr topgan farzandining rohatini koʻrmay oʻtdilar, bechora.
— Esiz banda...

Kimdir Jaloliddining yelkasini olib, alam-qaygʻusiga sherik boʻlar, birov yuragi qon yigʻlayotgan onasiga sabr-bardosh tilar, hamma gʻamgin, hamma iztirobda edi.

Ajab dunyo! Mullolarni koʻrolmaydigan, «xalq dushmani» deb ustlaridan yozadigan odamning oʻzi, falakning aylanishi bilan, endi mullolikka da’vogar. Qoʻliga kitob olmoqchi, diniy kitoblar. Kitoblar...

* * *

... Jaloliddin hayajonini bosib, sekin oʻrnidan turdi-da, ichkariga kirib, roʻparadagi oynavand javondan otasidan qolgan tabarruk kitobni qoʻliga oldi, labiga oborib, qayta-qayta oʻpdi, koʻziga surdi-da, Nazar muallimning oldiga chiqdi.
— Otamdan qolgan tabarruk kitob...

Jaloliddin Saidning fan doktori boʻlganigayam yigirma yil boʻlyapti. Shaharlik, lekin bir oyogʻi qishloqda. Bir javon emas, ikki xonasi kitobga toʻla! Oʻzi ham bir nechta kitob yozdi. Ha, u kitobga boy, lekin... Lekin otadan qolgan bir dona kitob... barcha kitoblardan unga azizroq, bebaho yodgorlik. Ana, oʻsha yodgorlikni berib yuboryapti. Kimga — otasi ustidan yozgan odamga!

* * *

— E, barakallo! Otamdan qolgan yodgorlik, degin? Yaxshi, yaxshi. Lekin zoʻr mullo edilar, rahmatli, butun vodiy u kishini tan olar, hurmat qilardi. Kitoblariyam koʻp edi? Shugina qolibdi xolos-da, a?
— Oʻqiy olasizmi?
— Anchadan buyon mashq qilyapman. Bu, deyman... — bobo muqovadagi yozuvga sinchiklab qaradi, — «Chahor kitob»,a?
— Yoʻq, «Fiqhi kaydoni»-ku.
— E-ha, «Fiqhi kaydoni». Koʻzoynak olmaganimni qara... Aytganday... — bobo kissasini kovlaganday boʻldi, — soʻrashning aybi yoʻq, qancha berishim kerak?
— Nima?
— Kitobning bahosini soʻrayapman. Aslida, diniy kitobga narx qoʻyish, savdolash ham joiz emas-u...

Jaloliddin Saidning ichi yonayapti-yu, lekin labida tabassum:
— Bu kitob, domlajon, bizdan sizga hadya.
— Rahmat, ukajon, otangga ham rahmat. Lekin... faqat bitta qolgan ekan-da, a? Hay, shunisigayam shukur.

* * *
«Toʻgʻri ish qildimmikin, aziz otajon? Siz nima deysiz, onajonginam?»